XVIII asr — olmon xalqi madaniyatining eng shon-shavkatli bir davri hisoblanadi. Xuddi shu asrda Olmoniya dunyoga adabiyot, san’at va ilmiy tafakkurning bir talay buyuk namoyandalarini berdi. Hyote, Shiller, Helderlin, Gofman, Hegel, Shellingdek daho adiblar, shoirlar, faylasuflar — mana shu asrda tug‘ilib, ijod va ilm cho‘qqilariga ko‘tarildilar.
Xuddi shu davrda olmon adabiyotida yana bir yozuvchi yashab, ijod etdi. U — Rudolf Erix Raspe. Ha, adashmadingiz! Bu yozuvchi mashhur “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” kitobining muallifi. Garchi Raspe biz yuqorida sanagan buyuk adabiy va ilmiy namoyandalarning bir qadar soyasida qolib tursa-da va XVIII asr olmon adabiyoti to‘g‘risida so‘z ochilganida Raspe eslanib-eslanmasa-da, baribir, u ham yuqorida zikr etilgan kitobi bilan o‘z nomini abadiyatga qoldirib, XVIII asr olmon madaniyatining shon-shuhratiga munosib va betakror ulushini qo‘shishga muyassar bo‘lgan adibdir. Ha, XVIII asr olmon adabiyoti “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari”dek barhayot quvnoq asar bilan ham faxrlansa arziydi! Bu asar dunyoga kelishini ana shu davr olmon adabiyotining eng yulduzli onlaridan biri, deb bemalol aytishimiz mumkin.
Bejizga Raspeni “bir kitob muallifi”, deyishmaydi. Bu fikrga qo‘shilmaslik ham, qo‘shilish ham mumkin. Ushbu fikrning bahsliligi shundaki, Raspe — tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, ancha sermahsul yozuvchi bo‘lgan. U ko‘pgina nasriy, she’riy, dramatik asarlar yozgan. San’at va boshqa mavzularda ilmiy maqolalar bitgan. Lekin hech biri vaqt sinoviga bardosh berolmagan. Endi yuqoridagi fikrga shu ma’noda qo‘shilish mumkinki, Raspe chindan ham, faqat va faqat “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” qissasi bilan dunyoga mashhur. Xuddi shu kitobi bilan u XVIII asrdan, mana, bizning XXI asrga ham dadil qadamlar bilan yetib keldi. Bu kitob dunyo bolalarining eng maroqli, eng sevimli kitoblaridan biri sifatida jo‘shqin bir hayot bilan yashab kelayapti.
Raspe to‘g‘risida yana bir-ikki og‘iz ma’lumot. U 1737 yilda Gannover shahrida tug‘ilgan. Gettingen, Leyptsig universitetlarida ta’lim olgan. U san’at, go‘zallik, antik davr va qadimshunoslikka g‘oyatda qiziqqan. Geologiya — uning eng sevimli fanlaridan biri bo‘lgan. Magistrlik diplomini olgach, 1760 yilda Angliya Qirollik kutubxonasiga ishga keladi. Bu yerda yetti yil ishlab, olimlar va adiblar orasida taniladi. Dastlabki asarlarini yozadi. 1766 yilda Raspe Kassel landgrafligidagi Buyuk Karl kollejida professor unvoniga erishadi va kollejning boy kutubxonasi xazinachisiga aylanadi.
Biroq uning yomon bir illati bor edi. Raspe huda-behudaga boshqalardan pul qarz olaverar, ammo ularni qaytarishga qurbi yetmas edi. Oqibatda, u qochoqlikka yuz tutdi. 1775 yilda qamoqqa olindi. Qamoqdan chiqqach, yana geologiya va tog‘ konchilik ishlari bilan shug‘ullanadi. Qashshoqlashgan Raspe bu sohalarni boylik orttirish manbai, deb bildi. Lekin tadbirkor odam bo‘lmaganligi oqibatida Raspening kosasi zinhor oqarmadi.
Raspe Angliyaning tog‘ va vodiylarini obdon kezib, ko‘ngli xushlagan xazinalar konini topa olmadi. Topgani esa faqat torf koni bo‘ldi. U Irlandiyaning g‘arbiy hududlarida geologik qidiruv ishlarini olib bordi. Bu yerda u tepkili terlama kasaliga yo‘liqib, 1794 yilda, ellik sakkiz yoshida vafot etdi. Qabri Irlandiya botqoqlari og‘ushida qolib ketdi.
Ha, Raspening shaxsiy qismati havas qilgulik bo‘lmadi. Lekin uning adabiy taqdiriga o‘zini bolalar adabiyoti rivojiga bag‘ishlagan dunyodagi barcha adiblar havas qilsalar arziydi.
Darvoqe, uning nomini adabiy shon-shuhratga chulg‘agan “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” kitobi qanday yaratildi? Myunxauzen kim? U adabiy to‘qima timoslimi yoki hayotda bor, yashab o‘tgan odammi?
Odamzotning necha avlodi Myunxauzenni, bu tug‘ma yolg‘onchi baronni to‘qima adabiy timsol, deb o‘ylaydi. Shu qadar ustamon yolg‘onchiki, Myunxauzen o‘zining to‘qigan sarguzashtlariga boshqa odamlarni yoqa ushlatib qoldirmay, o‘zi ham, oxir oqibatda, ularga chippa-chin, deb ishonadi.
Aslida baron Myunxauzen tarixiy shaxs. O‘zi haqida yaratilgan, ijtimoiy hayotda uni yolg‘onchi, beburd shaxs sifatida rosa sharmanda qilgan, shu boisdan g‘azab va nafratdan o‘zini qo‘yarga joy topa olmay kitob muallifini sudga bermoqchi bo‘lgan baron Myunxauzen Olmoniyaning Bodenverder degan tog‘lar etagidagi, o‘rmonzorlar og‘ushidagi shaharchada yashagan. Bu shaharda uning katta mulki — suv-eri, o‘rmoni bo‘lgan. O‘rmonda u ov bilan shug‘ullangan. Ovdan bo‘shagan paytlarida, 1763 yilda tog‘ yon bag‘rida katta ixlos bilan bunyod etgan yirik mehmonxonasi bo‘lmasida, nimkatga cho‘kib, chekib, ora-orada punsh qadahini bo‘shatib, hamisha o‘zini yo‘qlab kelib turadigan qadrdon mehmonlari davrasining guliga aylangancha, boshidan o‘tganlariga, jumladan, ov sarguzashtlariga ancha-muncha yolg‘on-yashiqlarni qo‘shib-chatib, hammani og‘ziga qaratib hikoya qilib o‘tirgan. U og‘zaki hikoyaning, badihago‘ylikning tengi yo‘q ustasi bo‘lgan.
Ana shunday gurunglardan birida 36 yoshli, Gessen-Kassel landgrafligidagi Fridrix Ikkinchi saroyi kutubxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Buyuk Karl kollejining moziy madaniyati bo‘yicha professori, yozuvchi, shoir Rudolf Erix Raspe ham ishtirok etgan. U baronning qarorgohida bir necha kun qolib ketadi. Hikoyalarini miriqib tinglaydi. Keyin o‘zi ham baron Myunxauzenning uslubida bir qator yangi sarguzashtlarni to‘qib, barondan eshitganlariga yanada o‘tkir hajviy sayqal berib, 1875 yilning kuzida Londonda, kitob noshiri M.Smit yordamida “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” nomli kitobchasini ingliz tilida nashr ettiradi. Kitob bir kundayoq sotilib ketadi. Qizig‘i shundaki, kitob muqovasida muallifining ismi-sharifi ko‘rsatilmagan edi. Oradan biroz muddat o‘tib, kitobning ikkinchi, to‘ldirilgan nashri paydo bo‘ladi. Unda ham muallif noma’lumligicha qolgan. Biroq o‘zini sir tutgan muallif kitobiga yozgan “Muqaddima”sida ushbu asarning yaratilishiga sababchi bo‘lgan Olmoniyaning ilk dvoryanlari sulolasiga mansub, ajabtovur o‘ziga xos tafakkur sohibi, haqiqiy baron Myunxauzendan behad minnatdor ekanligini izhor etgan.
Kitob 1786 yilda, o‘zini dunyoga keltirgan zamin — Olmoniyada demokrat-shoir G.A.Byurger tarjimasida chop etiladi. Byurger kitobga yana o‘zi to‘qigan bir necha hikoyalarni qo‘shgan. Ammo na Byurger, na Raspe kitobning olmoncha nashrida o‘z ism-shariflarini ko‘rsatmaganlar. Shu bois haqiqiy baron Myunxauzen kitob muallifini izlab, sudga bera olmay, holi tang bo‘lgan. Shunday qilib, Ieronim fon Myunxauzen o‘z sharmandai sharmisorchiligining haqiqiy aybdori kim ekanligini bila olmay olamdan o‘tdi.
Aslida baron Myunxauzen abadiy ishonch shuhratiga erishgan bir insonga aylandi. O‘z inon-ixtiyoridan tashqari, u nodir adabiyot sahifalariga tushdi, o‘lmas adabiy qahramon — yolg‘onchi va maqtanchoq Myunxauzenning hayotdagi adashi bo‘lib qoldi.
Myunxauzenning kurakda turmaydigan yolg‘onchiliklarini bolalar ham, kattalar ham qotib-qotib kulib o‘qiydilar. Uning sarguzashtlari asosida yaratilgan multfilmlarni miriqib tomosha qilishadi. Myunxauzen — o‘zbekistonlik bolalarning ham sevikli bobosidir. “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” o‘zbek tiliga o‘girilib, bir necha bor chop etilgan. Shu kunlarda bu asar bolalarimizning sevikli jurnali — “Gulxan”da qaytadan peshma-pesh e’lon qilinayapti. Qarangki, bu jurnal obunasi 2003 yilda 100 mingga yaqinlashibdi! Buning sababini sharhlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
Mixli Safarov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 14-sonidan olindi.