O‘lik jonlar” (N.V.Gogol) va “Eski arava” (Shoyim Bo‘tayev) asarlari misolida
“Yo parvardigoro, naqadar motamsaro bizning Rusiya!”
A.S.Pushkin
O‘zbek adabiyotshunosligida kinoyaviy-parodiya asarlar shu paytgacha o‘rganilmagan. Vaholanki, hozirgi o‘zbek prozasi va she’riyatida parodiya asarlarning namunalarini istalgancha topish mumkin. Avvalo, “Parodiya nima?” – shu savolga javob bersak. Parodiya – yunoncha so‘z bo‘lib, “teskari qilib kuylash” ma’nosini beradi. Parodiyaga adabiyotshunoslik lug‘atlarida “biron bir asar, ijodkor, ijodiy uslub, janr kabilar ustidan kulib yozish” deyiladi[1]. Har holda rus-evropa adabiyotshunosligida mazkur ilmiy masala yuzasidan anchagina tadqiqotlar olib borilgan[2]. Dunyo adabiyotshunoslarining e’tirof etishicha, adabiy parodiya ilk bor antik yunon adabiyotida yaratilgan. Xususan, olimlar Gomerning “Iliada” asariga Batraxomiomaxiyaning “Sichqon va qurbaqaning urushi” asarini “ilk parodiya” namunasi sifatida ko‘rsatishadi. Xayolimizga parodiya asar deyilgan zahoti Servantesning “Don Kixot” hajviy romani keladi. “Don Kixot” ritsarlik romanlariga qarshi parodiya tarzida yozilgan beqiyos, buyuk asardir. Umuman, dunyo adabiyotida Saltikov Щedrin, Moler, D.Defo, J.Svift, Bayron, V.Skott, Geyne ijodida parodiyaning turfa ko‘rinishlari uchrashini xorijlik olimlar tadqiq etishgan.
Parodiya qachon tug‘iladi? Parodiya eskilik bilan yangilik o‘rtasida kurash kuchaygan paytda, biron bir jiddiy muammo ustidan achchiq kulish maqsadida, jamiyatdagi yomon illatlarni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qattiq kirishilgan paytda eng mohir, iste’dodli yozuvchi-shoirlar tomonidan parodiya asar yaratishga zaruriyat tug‘iladi.
Parodiyaning muhim adabiy-nazariy kanonlari sifatida rus adabiyotshunoslari quyidagilarni ko‘rsatishadi:
- Muallif uslubiga taqlidiy parodiya;
- Tanqidiy yo‘nalish;
- Yumor;
- Poetik mahorat.
Mazkur faslda o‘zbek adabiyotida “parodiya”ning genezislari va uning namoyondalari xususida to‘xtalmaymiz. Bu alohida, jiddiy mavzu. Biz hozirgi o‘zbek nasrida o‘nlab qissalar yaratgan Shoyim Bo‘tayevning “Eski arava” parodiya-qissasiga to‘xtalamiz. Shoyim Bo‘tayev shu kunga qadar “Shamol o‘yini”, “Eski arava”, “Muyulishdagi uy”, “Sho‘rodan qolgan odamlar”, “Shohona sovg‘a”, “Bir kunlik mehmon”, “Kayvonining mangu makoni”, “Yulduzlarga eltar yo‘l”, “Kunbotardagi bog‘”, “Kutubxonachi qiz” kabi o‘nga yaqin qissalar yozdi. Sanalgan qissalar orasida “Eski arava” o‘zining parodiyaviy badiiy modusi bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Adabiyotshunos A.Rasulov mazkur qissa haqida shunday yozadi: “Shoyimning Gogol ijodiga bo‘lgan alohida hurmati “Eski arava” qissasida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Asarning asosiy qahramoni Pavel Ivanovich Chichikov – “O‘lik jonlar” asaridagi ustasi farang, ilonning yog‘ini yalagan odam. “Eski arava”ga Chichikov o‘z malayi Selifan, otboqari Petrushka, oldi-sotdi masalalari bo‘yicha muloqotga kirishgan Sobakevich, Manilov, Plyushkin, Koshkarevlar bilan kirib keladi. Shoyim Bo‘tayev Chichikovning ma’naviy “olami”ni rosa o‘rgangan.
…Shoyim Bo‘tayev “O‘lik jonlar”ni chuqur anglab yetadi yoxud hazrat Gogol bolining mazasidan huzur qiladi”[3]. Domla nihoyatda chiroyli ta’riflar beradi, Gogolga ergashgan Shoyim Bo‘tayevning “Eski arava” qissasiga odilona baho beradi.
Nima uchun Shoyim Bo‘tayev 80-yillar oxiriga kelib, Gogol uslubiga, binobarin, muallifning mashhur “O‘lik jonlar” asariga parodiya asar yaratdi? – degan savol tug‘iladi. Bizningcha, yuqorida xorijlik olimlar o‘rganganlaridek, qachonki, jamiyatda eskilik bilan yangilik o‘rtasida ayovsiz ruhoniy kurash avjiga chiqqanida “parodiya asar” paydo bo‘ladi. Shoyim Bo‘tayev sho‘ro tizimidagi eskirgan rahbariyat, yakkahokimlik, laganbardorlik, xushomadgo‘ylik, fikrsizlik avj olgan pallada Gogolga suyanadi. Gogolning satirik uslubi yozuvchiga qo‘l keladi. Gogoldan kimlar ta’sirlanmadi, deysiz? Abdulla Qahhor bir maqolasida “Mening birinchi ustozim Gogol” deb e’tirof etadi. Gogolning o‘tkir, kinoyali, zaharli qahqahasi nafaqat Rossiyani zir titratdi, butun dunyoni larzaga soldi. Uning zaharxanda satirasidan kishilik jamiyati ma’naviy ozuqa oldi. Shu jumladan, Nikolay Vasilevich Gogolning “O‘lik jonlar” asari qahramonlarini Shoyim Bo‘tayev “Eski arava” qissasida qaytadan tiriltiradi. Rossiyaning “O‘lik jonlar”iga O‘zbekistonda ehtiyoj seziladi. Yozuvchi Gogolning o‘tkir qalami bilan hajv tig‘i ostiga olingan qahramonlarga ehtiyoj sezadi. “O‘lik jonlar” obrazi orqali Shoyim Bo‘tayev jamiyatdagi butun noqisliklar ustidan boplab kulish yo‘lini topadi. “Eski arava”ning ilk sahifalarini o‘qiy boshlashingiz bilan yuzingizda nim tabassum paydo bo‘ladi. Bu janob Gogolning hajviy qalamimi, yoki Shoyim Bo‘tayevning o‘ziga xos taqlidiy parodiyasimi? Nazarimizda, “Eski arava” qissasida Gogol yaratgan obrazlar, ya’ni Chichikov, Selifan, Petrushka, Sobakevich, Koshkaryov, Manilovlarning transformatsiyasi yuz beradi. “Eski arava”da muallifning o‘ziga xos fantasmagoriyasi, satirik salbiy tiplar Chichikov, Selifan, Petrushka, Koshkarev va boshqalarning transformatsiyasi natijasida mavjud jamiyatdagi byurokratizm, ijtimoiy-ma’naviy inqiroz holatiga kinoya qilinadi.
Ba’zi bir tadqiqotchilar “Eski arava” qissasini anglab-anglamay tadqiqotlariga ob’ekt sifatida tanlab, “o‘rganishdi”. Aslida, ular bu asarni yetarlicha o‘rgana olishdimikan? Kuzatib turganimizdek, qissaning badiiy mohiyati ochilmagan qopqoqqa o‘xshab, ochilmay, mahkam yopishib yotibdi.
Shu o‘rinda Gogolning “O‘lik jonlar” asari mohiyati va uning ijodiy biografiyasiga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Muallif “O‘lik jonlar” asari janrini “poema” deb belgilagan. Ijodkorning rejasiga ko‘ra bu poema uch jilddan iborat bo‘lishi kerak edi. 1842 yilda asarning birinchi jildi nashr etiladi. Ikkinchi jildi yozilgan, ammo yo‘qolgan, qo‘lyozma qoralamalarda saqlanib qolgan. Yozuvchining vafotidan so‘ng, “O‘lik jonlar” romanining ikkinchi jildi topilib, nashr etiladi. Poemaning uchinchi jildi yozib boshlanmagan, shunchaki ba’zi bir eskizlar yozuvchining shaxsiy arxivida saqlanib qolgan. Gogolning kundaliklaridagi yozuvlarda qayd qilinishicha, “O‘lik jonlar” asarining syujetini Pushkin unga 1834 yilda gapirib beradi. “O‘lik jonlar” g‘oyasini A. S. Pushkinning o‘zi bergan, Kishinyovga surgun qilinganda shu voqeaga duch kelgan. Aytishlaricha, Pushkinga Rossiyaga qo‘shilgan vaqtdan boshlab polkovnik Liprandi ham tasdiqlagan. Gap shundaki, XIX asr boshlarida Rossiya imperiyasining markaziy guberniyalaridan ko‘plab dehqonlar Bessarabiyaga qochishgan. Politsiya qochoqlarni aniqlashi kerak edi, ammo aniqlosholmasdi, chunki qochoqlar o‘lgan odamlarning ismlarini olishardi. Natijada, Benderada bir necha yillar daomida birorta o‘lim qayd etilmagan. Rasmiy tergov boshlangan va uning natijalariga ko‘ra o‘lganlarning ismlari hujjati bo‘lmagan qochoq dehqonlarga berilishi aniqlangan. Bir necha yil o‘tib, shunga o‘xshash voqeani Pushkin ijodiy o‘zgartirib, Gogolga aytib bergan. Badiiy asar biografiyasiga doir hujjatlarga ko‘ra, 1835 yilning 7 oktyabrida boshlanadi. Shu sana qo‘yilgan, Pushkinga yo‘llagan xatida Gogol ilk bora “O‘lik jonlar”ni tilga oladi”[4]
Ma’lumotlarga qaraganda, Gogol “O‘lik jonlar” romani nashr etilmasdan oldin, undan parchalarni o‘z zamondoshlariga o‘qib eshittiradi. Masalan, A.S.Pushkin, Aleksandra Smirnova, Karamzin, A.Turgeneev, V.Jukovskiy va boshqa zamondoshlariga asarning ma’lum bir qismlarini ularning uylarida o‘qib beradi. Bu asar kitob holida nashr etilmasdan turib, dvoryan aslzodalar va rus intellegentsiyasi orasida “shedevr” asar sifatida tan olinadi. Rus olimi, N.V.Gogol asarlarining tadqiqotchisi N.Onufriyevning o‘rganishicha, “O‘lik jonlar”ning ba’zi bir boblarini Gogol Pushkinga o‘qib berganida shunday holat yuz berganini yozadi: “Men o‘lik jonlarning dastlabki boblarini Pushkinga o‘qib bera boshlaganimda, ilgari men asarimni o‘qiganda hamma vaqt kuladigan Pushkinning (u kulishni yaxshi ko‘rardi) bu safar qosh-qovog‘i solina boshladi va nihoyat, uning qiyofasi butunlay tund bo‘lib qoldi. Men boblarni o‘qib bo‘lgach, u qayg‘uli bir ohang bilan: “Yo parvardigor, bizning Rusiya naqadar motamsaro!” dedi”[5]. Qisqasi, “O‘lik jonlar” asari hali kitob holida nashr etilmasdan ilgariroq, jamoatchilik orasida shov-shuvlarga sabab bo‘lib, u haqdagi fikrlar turlicha kechdi. Jumladan, yana bir rus olimi S.T.Aksakov bu asarning jamoatchilik orasidagi bahosi haqida shunday yozadi: “Kitobxonlarni uch qismga bo‘lish mumkin edi. O‘qimishli yoshlarning hammasini va Gogolning yuksak fazilatini tushuna olgan kishilarni o‘z ichiga olgan birinchi qismi uni zo‘r xursandlik bilan qabul qildi. Ikkinchi qismi esa, chunonchi, hayratda qolgan kishilardan edi, ilgari Gogolning asarlarini ermak qilib yurishga odatlanib qolgan bu kishilar uning poemasining chuqur va jiddiy ahamiyatini tushunaolmadilar; ular bu poemada karikatura ko‘p deb bildilar va mayda-chuyda nuqsonlarga asoslanib ko‘p joylarni noto‘g‘ri va haqiqatdan uzoq deb hisobladilar… Kitobxonlarning uchinchi qismi Gogoldan g‘azablandi: bu qismdan bo‘lgan kishilar poemaning turli shaxslarini o‘zlariga o‘xshatdilar va butun Rusiya haqorat qilinibdi deb faryod ko‘tara boshladilar”[6].
Rus adabiyotshunoslarining talqiniga ko‘ra, “O‘lik jonlar” asari Italyan adibi Aliger Dantening “Ilohiy komediya” asaridan ta’sirlanib yaratilgan. Muallif Dante kabi “O‘lik jonlar” asarining birinchi qismini “Do‘zax”, ikkinchi qismini “Arosat”, uchinchi qismini “Jannat” deb atashni, shu tipda “Poema” yaratishni maqsad qiladi. Dunyo adabiyotshunosligida “O‘lik jonlar” asarining tugallanmay qolishi va tugallangan 2 qismi haqida turli xil gipotezalar va taxminlar yuradi. Masalan, zamondoshlari “O‘lik jonlar”ni “Shedevr” deb baholashiga qaramasdan, Gogol asarning ikkinchi qismi qo‘lyozmalarini yoqib yuboradi. Mashhur rus rassomi Repin “Gogolning “O‘lik jonlar” asari qo‘lyozmalarini yoqishi” lavhasini kartina qilib chizgan. Muallif o‘z asarining 1 qismini tugatib, “Rus jamiyati va Rossiya mamlakati naqadar chirkinlikka botib ketganidan” dahshatga tushadi. Asarning ijodiy biografiyasidan tortib, mualif ruhiyati va uning keyingi qismlari haqidagi “afsonaviy” gap-so‘zlar hamon tadqiqotchilar va dunyo adiblarini qiziqtirib keladi. Jumladan, Ukrainaning Kiyev shahrida tug‘ilgan, juda erta vafot etgan (44 yoshida olamdan ko‘z yumgan – izoh bizniki. M.Q) Mixail Bulgakov ham Gogolning “O‘lik jonlar” asaridan ta’sirlanib, “Chichikov sarguzashtlari” (1922 yil) feletonini yozgan. Shundan so‘ng, muallif “Chichikov sarguzashtlari yoxud O‘lik jonlar” (1930 yil) sahna asarini ham yaratadi. Bu dramatik asar o‘z vaqtida Moskva teatri sahnalarida qo‘yilgan. M.Bulgakov Chichikov obrazini o‘z ijodiy laboratoriyasida qayta tiriltirishi va uning sabablari haqida Vikpediya lug‘atidan quyidagilarni oldik: “Gogol qahramonlari transformatsiyasi, ularni turdosh ot ma’nosida qo‘llash (bu Saltikov-Shchedrin ijodiga ham xos) Bulgakovga o‘z satirasining ta’sir kuchini byurokratizm, egasizlik, tartibsizlikka qarshi kuchaytirish, asl kamchiliklarni fosh qiluvchi aql bovar qilmas manzarani yaratish imkonini beradi”[7]. Mixail Bulgakov qayta tiriltirgan salbiy tip Chichikov XX asrning 20-yillariga qaytib keladi va milliarderga aylanadi.
M.Bulgakov singari Shoyim Bo‘tayev ham Gogolning satirik obrazi Chichikovni XX asrning 80-yillari oxirida qayta tiriltiradi. Demak, bundan xulosa chiqarishimiz mumkin, Gogolning katta iste’dodi bilan yaratilgan Chichikov asrlar bilan yuzlashib yurgan o‘lmas satirik obraz sanaladi. Sh.Bo‘tayev qalami bilan Chichikov obrazi o‘zbek milliy nasrida qayta yaraldi. Bu orqali muallif Gogol dunyoga keltirgan Chichikov va unga o‘xshash kishilarning XX asr boshida ham, XX asr oxirida ham hamon yashovchanligiga ishora qiladi. “O‘lik jonlar” qahramonlarining birortasida ijobiy xislat yo‘q. Masalan, asarning bosh qahramoni Pavel Ivanovich Chichikov – firibgar, tovlamachi, boylik to‘plashni oliy maqsad deb biladi. Hatto qonunga xilof bo‘lgan har qanday razil ishlardan ham qaytmaydi. U o‘lib ketgan mujik dehqonlarning ro‘yxatini pomeshchik egalaridan arzon-garovga sotib olib, ularning nomiga davlatdan pul undirishni rejalashtiradi, shu “beqiyos rejasi” ortidan pomeshchiklar bilan bitim tuzadi. Sobakevich, Korobochka, Nozdrev, Manilov, Plyushkin kabi salbiy tiplarning barchasiga xos xususiyat – ular mol-dunyo to‘plash bilan ovora, xasis, zulmkor pomeshchik, mumsik odamlar. Mana shunday mol-dunyoga mukkasidan ketgan, shuncha davlati bo‘lishiga qaramasdan na o‘ziga, na jamiyatga foydasi tegmaydigan o‘lik jonlar obrazini Shoyim Bo‘tayev “Eski arava” qissasiga mahorat bilan ko‘chiradi. Tabiiyki, qissadagi gogolona obrazlar transformatsiyasi nihoyatda bilib maqsadli ravishda ishlangan.
Sh.Bo‘tayevning “Eski arava” qissasida Gogol qahramonlari janob Pavel Ivanovich Chichikov xizmatkorlari Selifan, otboqari Petrushka bilan eski aravada O‘zbekistonga yo‘l olishadi. To‘g‘rirog‘i, ular jahannamdan tirilib, yorug‘ dunyoga qaytib kelishadi. Eski zamonning o‘lik jonlari nega O‘zbekistonga kerak bo‘lib qoldi? – degan savol tug‘iladi. Chunki, O‘zbekistonda ham “O‘lik jonlar”ning qavmlari Nishonboy Hurzamonovich, Koshkaryov, Manilov, Sobakevichlar bor edi. Shoyim Bo‘tayev Gogolning “O‘lik jonlari” bilan o‘zi yaratgan yangi “O‘lik jonlar”ni uchrashtiradi. Natijada qissada kutilmagan, ko‘rilmagan, shu paytgacha his etilmagan yangi adabiy janrdagi asar vujudga keladi.
Chichikov, Selifan, Petrushka eski aravada O‘zbekiston ko‘chalaridan ketishar ekan, har qadamda uchraydigan hodisa va tafsilotlar “Markazdan beriladigan buyruqbozlik”, “Yot madaniyatga sajda”, “Xushomadgo‘ylik”, “fikrsizlik”, “qarsakbozlik”, “ofarinbozlik”, “Markazdan kelgan (Moskva) rahbarga sajda qilish” singari illatlar zimdan kinoya qilinadi. Muallif Gogol qahramonlari timsolida jamiyatda yomon ildiz otgan illatlarga bolta uradi. Bizningcha, “Eski arava” – o‘tmish, eski dunyo, eski tartibot, eski tuzum, eskirgan tartibotlar Sotsialistik tuzum timsoli bo‘lsa, “Eski arava” ichidagilar Pavel Ivanovich Chichikov, Petrushka, Selifanlar zamondan orqada qolgan, dunyoqarashi chirigan, yangi dunyo tutimiga dosh berolmaydigan, jamiyatga foydasi tegmaydigan “o‘lik jonlar”ning ramziy timsollaridir. Nishonboy Hurzamonovich esa har qanday buyruqlarni o‘ylamay-netmay bajaraveradigan bajaruvchi, itoatkor qul timsolidir. Aslida, uning familiyasida “erkin zamon” so‘zi bor. Ammo uning qilmishlari teskari, u biron bir ishni erkin va mustaqil bajara olmaydi. Demak, yozuvchi qahramon ismiga ham teskari ma’no yuklaydi. Muallif ismga parodoviy badiiy ma’no bag‘ishlaydi. U tobe’, itoatkor, buyruqni bajaruvchi robotga o‘xshaydi. Chichikov bilan Hurzamonovich o‘rtasidagi suhbat va muloqotlar bunga yaqqol misol.
Asl ildizi Gogolning “O‘lik jonlar”idan o‘sib chiqqan Shoyim Bo‘tayevning Koshkaryovi Chichikovga o‘zining yangi rejalari haqida mana nima deydi: “ – Ovrupo tuproqlari bilan Osiyo tuproqlarini aralashtirib, yangi serunum tuproq hosil qilish rejasi kechayu kunduz meni birday bezovta qiladi. Mayli, bu bo‘ladigan ish ham deylik, chunki Ovrupo kechagi Ovrupa emas, tayyoragohlar, temir izlar uning ixtiyorida. Uning sharofatidan Osiyo gullab-yashnadi, yetti uxlab tushiga kirmagan texnikaviy inqilobga ham osonlikcha erishdi-qo‘ydi-ki, kishining havasini keltiradi. Endilikda yangi dehqonlar balet va operadan xabardor bo‘lishlari shart”[8]. Kuzatib turganimizdek, muallif gogolona transformatsiyaga uchragan Koshkarev timsolida ilm-fanda qandaydir yangilik yarataman, deb chiranadigan, ammo qilgan kashfiyotlarining hech kimga, hech qanday jamiyatga nafi tegmaydigan axmoqona fikrlar va g‘oyalar olamida yashaydigan odamlarning salbiy kinoyaviy tipini yaratadi. O‘zbek dehqoni uchun opera va balet ne qadar ahamiyatga ega? Balet tomosha qilish, opera kuylay olish yuksak madaniyat belgisi emas-ku? Yoki mana “zamonaviy bilimga ega” Koshkaryovning quyidagi fikrlariga diqqat qilsak: “Koshkaryov Nishonboy Hurzamonovichga qaraganicha paxtakorlarning ishlari ko‘ngildagidek emasligini, ayollar nazokatu nafosatni bilmasliklarini, dalaga lozim bilan chiqayotganliklarini, erkaklar tasviriy san’at haqida kitoblarni o‘qimayotganliklarini kuyunib gapira boshladi. Chunonchi, hosildorlikning kamligini dehqonlar dalaga olmoncha sholvor kiyib chiqmayotganlariga yo‘ydi. Kiyim-bosh dehqonning ustki ziynati ekan, buning ahamiyatiga teng keladigan boshqa narsa yo‘q ekan. Agar dehqonlarga olmoncha sholvoru amriqocha poyabzal kiydirilmas ekan, juda katta rejalar o‘lda-jo‘lda qolib ketar ekan”[9]. Shoyim Bo‘tayev gogolona Koshkaryov obrazini “Eski arava” qissasiga ko‘chirish orqali “osmoniy g‘oyalar”, “puch gaplar” og‘ushida yashaydigan zamonoshlarimiz ustidan qahqaha urib kuladi. Zero, dehqonning paxta dalasiga olmoncha sholvoru, amerikacha poyafzal kiyishi nimani ham o‘zgartirardi. Muallif sho‘ro davridagi O‘zbekistonda kechayotgan paxta yakkahokimligi, paxta quliga aylangan o‘zbek dehqonining fojeaviy holatini kinoya qiladi. Yozuvchi asarda Koshkaryov kabi milliy mentalitetga mos kelmaydigan keraksiz g‘oyalarni olabayroq qilib ko‘tarib yuruvchi sho‘ro davri rahbarlarini kinoya ostiga oladi.
Shu o‘rinda Gogol tasviridagi Koshkaryov obrazi tasvirlangan bobga (sahifaga) e’tibor qaratamiz. Koshkaryov asliyatda shunday badiiy aks ettiriladi: “Chichikov kirganda, polkovnik tishida pat qalam, baland yozuv stolining pupitiri yonida o‘tirgan edi. Chichikovni u juda mehribonlik bilan qarshi oldi. Ko‘rinishidan u juda xushfe’l, xushmuomala kishiga o‘xshardi. U darhol Chichikovga yer-mulkini hozir yuksak darajaga yetkazish uchun qancha mehnat sarf qilganini so‘zlab berdi: insonga yuksak orzularni, ma’rifatli zeb-ziynat, san’at va badiiyat berishni mujikka tushuntirishning qiyinligidan zorlandi, ayollarni hozirgacha korsat bog‘lashga majbur etolmaganidan shikoyat qildi, holbuki o‘n to‘rtinchi yilda polyak bilan Germaniyada turganimda hatto tegirmonchining qizi fortepiano chalganini ko‘rganman, dedi; ammo nodonlar nechog‘liq qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, men albatta o‘z aytganimni qildiraman: qishlog‘imning har bir mujigini plug haydash bilan ayni bir vaqtda Franklinning yashil zarbini qaytarish haqidagi kitobini, yoki Virgiliyning “Georgiklar” degan asarini, yoyinki, “Tuproqni kimyoviy tekshirish”ni o‘qiydigan qilaman.
“O‘qiydigan qilib bo‘psan!” – dedi Chichikov ichida. – Menday odam haligacha “Grafinya Lavaler”ni o‘qib tamom qilolganim yo‘q-ku: o‘qishga sira vaqt topolmayman.
Polkovnik qanday qilib mujiklarning turmushini yaxshilash haqida yana ko‘p gapirdi. Bu jihatdan kiyim-libos masalasiga katta ahamiyat berdi. Agar rus mujiklarining faqat yarmisiga nemischa chalvor kiygizilsa, ilm-fan taraqqiy qilib ketadi, savdo-sotiq yuksalardi va Rossiyada oltin davr boshlanardi, deb qasamyod qildi u”[10]. Kuzatib turganimizdek, Shoyim Bo‘tayev asliyatdagi Koshkaryovning telbanamo ruhi, uning dunyoqarashi va gapirish manerasini o‘zining parodiya-qissasiga katta mahorat bilan ko‘chirgan. Parodiya asarning mohiyati ham shu aslida. Koshkaryov singari Chichikov, Selifan, Petrushka, Manilov, Sobakevich kabi asliyatdagi salbiy satirik obrazlar Shoyim Bo‘tayevning “Eski arava” qissasiga o‘z ruhlari va dunyoqarashi, xarakteri bilan to‘laqonli olib kirilgan.
Qissadagi Zamzam to‘ra obrazi esa Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar” asarida tasvirlangan eskicha bilimi bilan allada aziz bo‘lib yuradigan mulla odamlarning qondoshi bo‘lib, u “Eski arava ”qissa sahifalarida Koshkaryovni “Ilmlari ziyoda bo‘lsin” deya tushunsa-tushunmasa alqaydiyu, pinakka ketadi. Sh.Bo‘tayev qissada jamiyat, ya’ni sho‘ro hukumati (sobiq O‘zbekiston Sovet sotsialistik davlatida) mana shunday befoyda ishlar bilan mashg‘ul befarosat, ilmsiz, mute’, ochko‘z, xasis, xudbin kishilarning (Nishonboy Hurzamonovich, Zamzam to‘ra, Koshkaryov, Sobakevich, Manilov) qo‘lida qolganligiga ramziy ishora beradi.
“O‘lik jonlar”dagi Sobakevich obrazi Gogol tomonidan o‘ta darajada ochko‘z, tovlamachi, mushtumzo‘r, beso‘naqay (uni Gogol ayiqqa o‘xshatadi. – Izoh bizniki. M.Q.) qilib tasvirlanadi. Binobarin, olim bu obraz haqida shunday yozadi: “Ayiqsimon Sobakevich Manilovga o‘xshamaydi, u tevarak-atrofdagi kishilarning hammasini tovlamachi, o‘g‘ri deb ataydi. Lekin uning o‘zi ham o‘ta ketgan tovlamachidir. Uning mushtumzo‘rlik xulq-odati ham hamma kirdkorlarida, odamlarga bo‘lgan munosabatida, hayotga qarashida yaqqol ko‘rinib turadi. U odamlarga o‘jarlik, qo‘pollik qiladi, lekin o‘z manfaatini juda yaxshi biladi”[11]. Asliyatda Sobakevich obrazi janob Chichikov nigohi bilan hamda muallif bayonida shunday chiziladi: “Chichikov ko‘z qiri bilan Sobakevichga qaradi; bu safar Sobakevich unga o‘rtacha kattalikdagi ayiqqa o‘xshab ko‘rindi. Egnidagi fragi xuddi ayiq rangida bo‘lgani uchun bu o‘xshashlik yana ham mukammalashgan edi; yenglari, shimi uzun bo‘lib, u lapanglab yurar va hamisha birovning oyog‘ini bosib olar edi. Yuzlari bir mirilik mis chaqaday qip-qizil a cho‘g‘day lovillab turar edi. … Sobakevichning beo‘xshov va ajoyib-g‘aroyib qilib yasalgan shakl-shamoyili ana shunaqa edi; u gavdasini tikka tutolmas, sal egilib yurar, bo‘ynini sira burolmas edi, shuning uchun biron kishi bilan so‘zlashganda, unga qarayolmas, hamisha pechkaning burchi yoki eshikka qarab gapirardi. … Chichikov ko‘z qiri bilan unga yana bir qarab qo‘ydi: xuddi ayiq! Ayiqning o‘zginasi! Shunday g‘alati o‘xshashlik bo‘ladimi axir?”[12].
Shoyim Bo‘tayev “O‘lik jonlar” poemasidagi mazkur beso‘naqay obrazni “Eski arava” qissasiga olib kirar ekan, gogolona tashbehlar va sifatlashlarni nazardan chetda qoldirmaydi. Gogol Sobakevichning uyini tasvirlashda uy-jihozlariga alohida e’tibor qaratadi. Sobakevichning uyidagi barcha jihozlar xuddi uning kabi bahaybat va beso‘naqay shaklda tasvirlanadi. Go‘yoki, Sobakevichning uyidagi bahaybat, ulkan jihozlar “Men egamga o‘xshayman” – deyayotgan bo‘ladi. Bu Gogolning o‘ziga xos tasviri. Shoyim Bo‘tayev “O‘lik jonlar”dagi Sobakevichning uy tasviri va qahramonning o‘ziga xos xarakterini asliyatdagidek ko‘chirish maqsadida “Eski arava” qissasida uni katta oshxonada, bahaybat stolda bo‘kkunicha ovqat yeb o‘tirgan holatda tasvirlaydi. Masalan, “Pavel Ivanovich oshxona ostonasidan ichkariga qadam qo‘yarkan, og‘zi lang ochilib qoldi. U bunaqa katta oshxonani hech qayerda ko‘rmagandi. Bunday katta oshxonani biron joyda uchratib qolguday bo‘lsa ham o‘rtadagi ellik-oltmish kishi bemalol sig‘ishadigan bahaybat eman stolni uchratish dushvor edi. Boringki, ovqat desa o‘zini tomdan tashlaydigan Sobakevich bu yerga is olib keldi, deya faraz qilingan taqdirda ham uning yonida bosh tebratib o‘tirgan Manilov kishini hayratga solmay iloji yo‘q edi”[13]. Shoyim Bo‘tayev Sobakevichning ochko‘z va badnafligini qissada alohida yoritadi: “Yolg‘iz Sobakevichgina jim edi. U ko‘z qiri bilan dasturxon o‘rtasida turgan, turli ziravorlar solib pishirilgan qo‘y soniga qarab-qarab qo‘yar, bu mazali taom taqsimchalarga bo‘linmasdan o‘ziniki qilib olishni mo‘ljallardi. Odatdagidek, boshqa mayda-chuyda taomlarga nazar ham solmas, ularga o‘zini ovora qilib o‘tirishni istamasdi.
Mehmonlar avvaliga ikki qadahdan aroqni urishtirib ichib olganlaridan so‘ng, ovqat yeyishga tutinishdi. Sobakevich hech narsa yemay, to‘ygan qo‘ziday picha mo‘ltirab o‘tirdi-da, hech kim hech kimga e’tibor bermayotganini ko‘rgach, qo‘y sonini tovoq-povog‘i bilan asta oldiga surdi. Qo‘y soni juda hilvirab pishgan ekan, sanchiqini sanchishi bilanoq katta-katta bo‘laklar ajralib chiqaveradi. Mehmonlar yana bir qadahdan aroq ichib, so‘zlashi turgan paytlari, ayniqsa, Sobakevichga qo‘l keldi. U o‘zining arog‘ini shosha-pisha yutib yuborib, yana mashg‘ulotda davom etdi”[14]. Yozuvchi “O‘lik jonlar”dagi Chichikov bilan Sobakevich o‘rtasida bo‘lgan majorali (Elizaveta Vorobey) voqeaga ham imo-ishora qiladi[15].
Qissada Pavel Ivanovich Chichikovning manfur ishi uning tushi orqali eslanadi: “Ayni zamonda u Chichikovning tushiga kirayotgandi. Tushga nimalar kirmaydi, axir. Pavel Ivanovichning tushida Nishonbboy Hurzamonovichning boshi o‘rnida sarimsoqpiyoz bor emishu, u allaqanday yig‘ilgan o‘liklarni taxlashga bosh-qosh bo‘lib turganmish, uning ortida saf tortishganlarning barchasi o‘likfurush emish, Nishonboy Hurzamonovichni o‘rtaga qo‘yib o‘zlari qayoqdandir arzon-garovga keltirishgan o‘liklarni Chichikovga qimmatga pullab yuborishni mo‘ljallashayotgan emish”[16]. Demak, Nishonboy Hurzamonovich obrazi Chichikovning qondoshi. Chichikovning miyasida manfur rejalar charx uradi. U Gogol tasvirida krepostnoylik tuzumida o‘z yeri va mablag‘ini ko‘paytirish uchun o‘lib ketgan mujik dehqonlar ro‘yxatini pomeshchiklardan sotib olish bilan shug‘ullanadi. Shoyim Bo‘tayev bu manfur, pul-mol dunyosini ko‘paytirish uchun har qanday razillikdan qaytmaydigan firibgar Chichikov obrazini 80-yillarga qaytarib kelish orqali, jamiyatda urchib ketgan boshboldoqlik, boshqaruv sistemasidagi ofarinbozlik, milliy zamindan uzilgan rahbarlarni, dardini ichiga yutib yashayotgan qora xalq haqida ramziy-ironik parodiviy asar yaratadi. Yozuvchi ham Gogol uslubiga taqlid qiladi, ham uning qahramonlarini o‘z qissasiga olib kirish orqali obrazlarni transformatsiya qiladi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, Chichikov obrazi juda ko‘pchilik yozuvchilar tomonidan qayta transformatsiya qilingan. Masalan, yuqorida eslaganimizdek, Mixail Bulgakov “Chichikov sarguzashtlari” feletoni, so‘ngra “Chichikov sarguzashtlari yoxud O‘lik jonlar” pesasida Chichikov obrazini tiriltiradi. Shuningdek, yana mashhur yozuvchi Saltikov Щedrin ham Gogolning “O‘lik jonlar”idan ta’sirlanib, gogol an’analarini “Janob Golovyovlar” satirik romanida, publitsistikasida mahorat bilan qo‘llaydi. Binobarin, “O‘lik jonlar”dagi xasis va ziqna Plyushkin obrazi Saltikov Щedrin tomonidan janob Golovyov qiyofasida yanada maromiga yetkazib tasvirlandi. Aytish mumkin, Plyushkin obrazi Golovyov obrazi uchun badiiy eskiz vazifasini o‘tadi. Har ikki yozuvchi ijodida o‘tkir satira, xalqonalik, tabiiylik, kulgi, karikatura, grotesk, kinoya, kesatiq, istehzolar bo‘rtib ko‘rinadi. Tabiiyki, mazkur badiiy xususiyatlar Shoyim Bo‘tayev ijodiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Gogolning bir qator satirik tiplari “Eski arava” qissasida transformatsiyaga uchraydi.
Gogol ijodiga xos o‘tkir satira, kulgi, yumor elementlari XX asr zamonaviy va bugungi kun yozuvchilariga bitmas-tuganmas ilhom chashmasi bo‘lib beminnat xizmat qilib kelmoqda. Gogolona tashbehlar, sifatlashlar, gogolona batafsil tasviriylik, gogolona epik ko‘lam, gogolona achchiq zaharxanda kulgi Shoyim Bo‘tayevni ham chetlab o‘tmadi. Gogol o‘z davrida Rus jamiyati va inqirozga yuz tutgan krepostnoylik tuzumi haqida katta epik polotnoda “O‘lik jonlar”dek asarni yozishga kirishdi va uni oxiriga yetkaza olmadi. Ammo uning yaratishga ulgurgan “O‘lik jonlar” poemasining 2-jildida Rusiyaning naqadar razil jamiyat ekanligi qora fonda tanqidiy ruh bilan badiiy talqin qilinadi. Gogol yaratgan “O‘lik jonlar”ni ulkan dengizga qiyoslasak, Shoyim Bo‘tayev yaratgan “Eski arava” o‘sha Gogol ummonidan atigi bir tomchi xolos. Ammo masalaga biz boshqacha nekbin nigoh bilan ko‘z tashlasak, tomchida ham quyosh nuri aks etishini inobatga oladigan bo‘lsak, Shoyim Bo‘tayev Gogol badiiy dunyosidan nimalarnidir o‘rganib, ta’sirlanib, hozirgi o‘zbek nasrida yangilanish qila oldi.
Haqiqatan ham Shoyim Bo‘tayev Gogol ijodiy mahoratini juda chuqur o‘zlashtirgan. Bu holat “Eski arava” va “O‘lik jonlar” ketma-ketlikda o‘qib-tanishib chiqilgach, aniq-tiniq seziladi. Yozuvchi Gogolning salbiy tiplari va o‘ziga xos syujetlarini qissada nihoyatda katta mahorat bilan payvandlay olgan. Ammo Pavel Ivanovich Chichikov, Petrushka, Selifan, Sobakevich, Koshkaryov, Manilov kabi obrazlarni qissa matniga olib kirishdan yozuvchining ko‘zlagan maqsadi bo‘lishi shart va zarur. Zero, parodiya asardan kutilayotgan natija ham shu. Maqsad esa aniq, 80-yillar oxiriga kelib, sotsialistik jamiyatning inqirozga yuz tutganini anglagan Shoyim Bo‘tayev Gogolning mashhur “O‘lik jonlar”ini tiriltirish orqali, gogolona satirik salbiy tiplarni transformatsiya qilish orqali mavjud jamiyat ustidan “rahbarlarga laganbardonlik qilish”, “Markazdan kelgan har qanday kishini Ollohning inoyati sifatida qabul qilish”, “Omilik” ustidan zaharxanda kulgi qiladi. Mazkur qissani o‘rgangan D.Xoldorov shunday yozadi: “Sh.Bo‘tayevning “Eski arava” qissasi ham ijodkor fantaziyasining mahsuli hisoblanadi. Qissada kitobxonga yaxshi tanish bo‘lgan N.V.Gogolning “O‘lik jonlar” asaridagi Chichikov va uning malaylari Selifan, Petrushka, hamtovoqlari bilan O‘zbekistonga kelishi, o‘sha davrdagi amaldorlarning ularga ko‘rsatgan laganbardorligi tasvirlanadi. 80-yillar o‘rtalaridagi O‘zbekiston sobiq rahbarlarining markazdan “halollik o‘rnatish uchun rahbar kadrlar” so‘rashi natijasida yurtimizga kelib qolgan har xil toifadagi odamlar xarakteri va kirdikorlari adibning ramziy-ironik uslubi orqali ochib beriladi”[17]. Tadqiqotchi qissa tahlilida badiiy matn kontekstidan biroz chiqadi. Chichikov ikki xizmatkori Selifan, Petrushka bilan jahannamdan tirilib, O‘zbekistonga keladi. Uning hamtovoqlari bo‘lgan Sobakevich, Koshkaryov, Manilov bilan Chichikov O‘zbek diyorida uchrashadi. Ular bir-birini taniydi. Ammo bir-birini sotmaydi. Bu bilan yozuvchi Chichikov va uning hamtovoqlari Sobakevich, Manilov, Koshkaryovlar hamon tirik, degan badiiy falsafaga ishora beradi. Ular nima uchun bir-birini sotmaydi? Chunki, ularning tuprog‘i bir joydan olingan. Ularning hammasi bir xil fikrlaydi. Halol qora mehnat qilmasdan boylik orttirishni rejalashtirishadi. Asrlar qa’ridan tirilib kelgan salbiy qahramon Chichikovning hamtovoqlari bilan uchrashib turishi tabiiyki, badiiy to‘qima. Bu esa Shoyim Bo‘tayevning o‘ziga xos fantasmagoriyasi hisoblanadi.
Umuman, qissadagi zamzam to‘ra, pichirlashib bir-biri gaplashayotgan olomon, xalq obrazlari ham alohida ramzlarga, alohida voqealarga ishora beradi. Qissa so‘nggida Chichikov tun qorong‘isida xizmatkorlari Selifan va Petrushka bilan eski aravasiga minib, zulmat bag‘riga kirib g‘oyib bo‘lishadi. Nazarimizda, qissaning badiiy yechimi ham yaxshi topilgan. Bu orqali yozuvchi sotsialistik jamiyatning umri tugab bo‘lgani va Chichikov va uning gumashtalariga bu yerda ham o‘rin yo‘qligiga ramziy ishora beradi.
Eng muhimi, “O‘lik jonlar”da ham, “Eski arava”da ham jamiyatda ongli, aqliy salohiyati yetuk, halol, ma’rifatli, bilimli odam qolmagani o‘tkir kinoya qilinadi. Jumladan, Gogol tasviridagi xizmatkor Petrushka shunday tasvirlanadi: “… Petrushka jigar rang keng syurtuk kiyib yurardi, bu syurtuk unga xo‘jayinidan tekkan edi… O‘z fe’liga yarasha kamgap, ko‘p gapirishga hushi yo‘q edi; hatto ma’rifatga, ya’ni kitob o‘qishga intilish kabi olijanob odati bor, lekin o‘qiydigan kitoblarining mazmuni bilan ishi yo‘q, unga qanaqa kitob bo‘lsa baribir edi. Biron oshiqning sarguzashtlarimi, alifbe kitobimi yoki duonomami – hammasini qiziqib o‘qiyverardi. Unga kitobda nima yozilganini bilishdan ko‘ra ko‘proq kitob o‘qishning o‘zi, yoki aniqroq qilib aytganda, o‘qish jarayonining o‘zi yoqardi; chunonchi xatga qarab tursa, harflardan qandaydir so‘z paydo bo‘lar, ba’zan bu so‘zning ma’nosini hatto shayton ham bilmas edi. Kitobni u ko‘pincha dahlizdagi karavotda uzala tushib yotib o‘qirdi va bunday yotib o‘qishdan karavot ustidagi to‘shak bosilib-ezilib chalpakdek yupqa bo‘lib qolgan edi”[18].
Gogol tasviridagi Petrushka qo‘liga matematika kitob tushadimi, ximiya kitobimi o‘qiyveradi. U ko‘r qoriga o‘xshab, ongsiz ravishda harflarni xatm qilaveradi. Shoyim Bo‘tayev Petrushkaning “kitobparastligi”dan unumli foydalanib, qissa yakunida daraxt ostida kitob varaqlab o‘tirgan Petrushkani tasvirlaydi. “Chichikov negadir hademay tong otib qolishidan cho‘chidi. Hammayoqqa alang-jalang nazar tashlab xizmatkorlarini izladi. Xayriyat, ikki-uch odim naridagi Chichikov bo‘lsa tepadan qaragancha muqovaning o‘rtasidagi o‘qlovday-o‘qlovday yozuvga ko‘zi tushdi: “O‘lik jonlar”[19].
O‘zi haqida butun boshli asar yozilganini bilgan Pavel Chichikov uch otli aravasiga chiqib, zulmat qo‘yniga singishib, yo‘q bo‘lib ketadi. “O‘lik jonlar”dagi Manilov ham bir kitobni bor-yo‘g‘i 14 sahifasini 15 yildan beri o‘qiydi. Shu varag‘iga xatcho‘p tiqib qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Gogol tasviridagi qahramonlar ham, Shoyim Bo‘tayev tasviridagi qahramonlarda ham chuqur bilim olishga, ma’nili va halol hayot kechirishga ishtiyoq yo‘q. Xullas, har ikki asardagi qahramonlar jamiyatda o‘lik jonlar kabi hayot kechirib, yangilik qilishga, biror bir o‘zgarishlar qilishga qodir bo‘lmagan odamlardir. Soddagina qilib aytsak, ular hech kimga foyda keltirmaydi. Foydasiz ishlar bilan shug‘ullanib, bo‘lmag‘ur g‘oyalar qurshovida o‘zlarini ham va boshqalarni ham aldab yashaydi.
Xulosa shuki, Shoyim Bo‘tayev “Eski arava” qissasida totalitar tuzumga qarshi kinoyaviy munosabatda bo‘lib, Gogolniing “O‘lik jonlar” poemasiga taqlidiy asar bitadi, gogolona satira adib asarida achchiq ironiyaga evriladi, shuningdek, mashhur adib satirik yozuvchilar N.V.Gogoldan tashqari, Saltikov Щedrin, M.Bulgakov an’analarini ham davom ettiradi;
Adib “Eski arava” qissasida parodiyaning uch xil uslubini qo‘llaydi, ya’ni yozuvchi uslubiga taqlid qiladi; asarda Gogol qahramonlari Chichikov, Selifan, Petrushka, Sobakevich, Koshkaryov, Manilov kabi obrazlarni qayta transformatsiya qilish orqali asarda yengil yumor va zaharxanda ironiyani hosil qiladi;
Qissa 80-yillar oxirida yaratilgan bo‘lib, iste’dodli yozuvchi Shoyim Bo‘tayev parodiyaviy badiiy shartli vosita orqali sotsialistik tuzum va “o‘likfurushlik” va “O‘lik jonlar”ga to‘lib ketgan tuzum, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy muammolarni zaharxanda kinoya vositada fosh etadi;
O‘zbek adabiyotshunosligida xorijda “metajanr” sifatida o‘rganib kelinayotgan taqlidiy parodiya shu kunga qadar o‘rganilmay keladi, Shoyim Bo‘tayevning o‘nlab qissalari orasida “Eski arava”gina parodiya qissa bo‘lib, yozuvchi bu asarni gogolona tashbehlar, sifatlashlar, yengil kulgi, ironik zaharxanda badiiy uslub bilan bezaydi, natijada hozirgi o‘zbek nasrida ilk bor original parodiya qissa yarata olishga muvaffaq bo‘lindi.
Marhabo Qo‘chqorova,
filologiya fanlari nomzodi
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi
_____________________
[1] Quronov D., va boshqalar. Adabiyotshunoslik lug‘ati. Toshkent: Akademnashr, 2010. – B. 217.
[2] Baxtin M.M. Voprosы literaturы i estetiki. M.: Xudojestvennaya literatura, 1975. 504 s; Freydenberg O.M. Proisxojdeniya parodii // Russkaya literatura XX veka v zerkale parodii: Antologiya. M.: Vыsshaya shkola, 1993; Novikov V.I. Kniga o parodii. M.: Sovetskiy pisatel, 1989. 544 s; Sыsoyeva O.A. Literaturnaya parodiya: problema janra // Vestnik Nijegordskogo universiteta im. N,I,Lobachevskogo, 2013. №5. – S. 330-335.
[3] Rasulov A. Tavallud topayotgan ko‘ngil mujdalari / Bo‘tayev Sh. Hayot. Toshkent: Sharq, 2000. – B. 436.
[4] ru.wikipedia.org/wiki/myortvыe_dushi
[5] Gogol N.V. N.V.Gogolning “O‘lik jonlar” poemasi haqida / Gogol N.V. O‘lik jonlar. (Tarjimon: Rustam Abdurahmonov) – T.: O‘zSSR badiiy adabiyot nashriyoti, 1959. – B. 466.
[6] Onufriyev N. N.V.Gogolning “O‘lik jonlar” poemasi haqida / Gogol N.V. O‘lik jonlar. (Tarjimon: Rustam Abdurahmonov) – T.: O‘zSSR badiiy adabiyot nashriyoti, 1959. – B. 480.
[7] ru.wikipedia.org/wiki/ Poxojdeniya_Chichikova
[8] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 251.
[9] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 250.
[10] Gogol N.V. O‘lik jonlar. (Tarjimon: Rustam Abdurahmonov) – T.: O‘zSSR badiiy adabiyot nashriyoti, 1959. – B. 383-384. (Asliyatga ham qaraladi)
[11] Onufriyev N. N.V.Gogolning “O‘lik jonlar” poemasi haqida / Gogol N.V. O‘lik jonlar. (Tarjimon: Rustam Abdurahmonov) – T.: O‘zSSR badiiy adabiyot nashriyoti, 1959. – B. 468.
[12] Gogol N.V. O‘lik jonlar. (Tarjimon: Rustam Abdurahmonov) – T.: O‘zSSR badiiy adabiyot nashriyoti, 1959. – B. 111-112.
[13] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 240.
[14] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 241.
[15] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 242.
[16] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 239-240.
[17] Xoldarov D.E. Hozirgi o‘zbek qissalarida badiiy uslub muammosi (Shoyim Bo‘tayev va Nazar Eshonqul qissalari misolida): falsafa dok. (PhD)… diss… avtoref. – T.: 2017. – B. 14.
[18] Gogol N.V. O‘lik jonlar. (Tarjimon: Rustam Abdurahmonov) – T.: O‘zSSR badiiy adabiyot nashriyoti, 1959. – B. 22.
[19] Bo‘tayev Sh. Eski arava / Sho‘rodan qolgan odamlar. – T.: Ijod-press, 2019. – B. 254.