O‘zbek xalqi jahonga ne-ne zabardast allomalarni, shoiru fuzalolarni yetishtirib bermagan. Davrlar o‘zgarib, ayrim nomlar tarix sahifalari ichra yashiringan bo‘lsa, boshqalari moziy qirg‘in barotlarida butkul unutilib ketgan. Lekin yurt taraqqiyotiga ulkan xizmati singan zahmatkash insonlarning qilgan ishlari, ijodiy merosi xalq xotirasida abadiy muhrlanib, zamonlar o‘tishi bilan yana qalqib yuzaga chiqaverarkan. Abduqayyum Maxsum Xayrobod (Xarobotiy hazratlari — “Xayrobod eshon”) ham shunday ulug‘ zotlardan biri edi.
Mavlono Xarobotiy XVII asrning ikkinchi yarmida Toshkentda tavallud topgan mashhur faylasuf shoir va mutasavvuf olimdir. Uning bizgacha yetib kelgan “Kulliyot”, “Masnaviyi Xarobotiy” va “Risolai faqriyya” asarlarida shariatning fiqhga oid masalalari, tasavvufning asosiy qoidalari, odob-axloq hamda hayotga nisbatan bo‘lgan falsafiy munosabatlari masnaviy usulida bayon etilgan va komil insonni tarbiyalash yo‘lida xizmat qilgan. 1917 yilgacha Markaziy Osiyoda Xarobotiyning qo‘lyozma va bosma asarlari keng tarqalgan bo‘lsa-da, biroq, hayoti va merosi haqida hech qanday maqola e’lon qilinmagan. Toshkentda toshbosma usulda yetti marta chop etilgan kitoblarda ham, qo‘lyozma holidagi manbalarda ham shoir hayoti va faoliyati haqida hech qanday ma’lumot ilova qilinmagan. Uning tarjimai holi haqida poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Xayrobod mahallasida istiqomat qilayotgan avlodlari bayon qilgan ma’lumotlarga suyanib xulosa qilish mumkin, xolos.
Xarobotiy Toshkentdagi ilm-ma’rifat va diniy kamolot ustuni bo‘lgan Ko‘kaldosh madrasasida tahsil oladi. Mudarris maqomiga erishgach, o‘zi ham madrasada xalfalarga ustozlik qilgan. Bir necha yil faoliyat yuritgandan so‘ng muborak farzni ado etish maqsadida haj safariga otlangan. Makka va Madinani ziyorat etib, haj amallarini mukammal ado etgach, Misr mamlakatiga yo‘l oladi. U yerda nafaqat o‘sha davrning, balki islom dunyosining diniy-madaniy maskani deya e’tirof etiluvchi al-Azhar dorilfununida diniy va dunyoviy ilmlarni mukammal egallash maqsadida muttasil mutolaaga beriladi. Dorilfununning komil tolibi ilmlaridan biriga aylangan Abduqayyum Maxsum o‘z maqsadiga erishganini anglagach, 25 yildan so‘ng yurtga qaytishga qaror qiladi. Toshkentga qaytishida ularning oilasida yangi chaqaloq dunyoga keladi. Tug‘ilgan farzand Suriyaning Shom shahrida tavallud topgani uchun unga Shomusofir deb ism qo‘yishadi. Og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan rivoyatlarga ko‘ra, Xayrobod eshonni hozirgi Chinoz atrofidagi qo‘rg‘onda Toshkent hokimi kutib olib, unga o‘zi xohlagan joyni makon qilishi mumkinligini hurmat izhori sifatida aytib o‘tadi. Shunda Xarobotiy Makka-yu Madinadan cho‘kmasdan kelayotgan oq tuya qayerda cho‘ksa, o‘sha joyni tanlashga ahd etadi. Tuya yurib-yurib hozirgi Xayrobod mahallasi hududidagi tepalik yoniga cho‘kadi. Xarobotiy shu yerni o‘ziga makon tutib, takyagoh quradi. Bir qancha muddat turli madrasalarda tolibi ilmlarga ustozlik qiladi. Keyin Qozon shahriga yo‘l oladi. U yerda dinni mustahkamlash uchun bosh masjidda imom xatib lavozimida xizmat qilib, 10 yil mobaynida yuksak obro‘ va e’tirofga musharraf bo‘ladi. Ilm-ma’rifati, donishmandligi bilan dong taratib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti — Toshkentga qaytadi. Solih shogirdi Sarkorboyvachcha boshchiligidagi ellikdan ziyod oila ham ustoz yonida bo‘lmoqni sharaf bilib, Toshkentga keladi. Qozon shahridan g‘isht va boshqa binokorlik materiallari keltirilib, qozonlik ustalar maxsus chaqirtiriladi va bu yerda ham Qozon shahridagi kabi masjid, sag‘ana va bir necha xonali xonaqoh quriladi.
O‘rni kelganda bir gapni aytish joiz. Xarobotiy ijodini o‘rganish bizdan ancha avval Xitoyning Shinjon shahrida boshlangan. 1980 yilda uyg‘ur olimi Aziz Sobit tomonidan bir qancha maqolalar e’lon qilinib, 1986 yilda esa “Masnaviyi Xarobotiy”ning qisqartirilgan nusxasi kitob holida nashr etiladi. Boshqa uyg‘ur olimlarning maqolalarida esa Xarobotiy uyg‘ur shoiri sifatida talqin qilingan. 2003 yil 15 noyabrda uyg‘ur olimi Hurmatjon Abdurahmon Toshkentda “Uyg‘ur shoiri Xarobotiy va uning adabiy merosi” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini ham yoqlaydi. Olimning yozishicha, Xarobotiyning qabri Shinjonda bo‘lib, uning ismi Muhammad ibn Abdullohdir. Biroq, Xarobotiy Toshkentda yashagani va uning qabri hozirgi Qatortol ko‘chasida ekani aniq. Xarobotiy o‘zining “Masnaviyi Xarobotiy”sida ham Shosh shahrini tilga oladi. Jumladan:
O‘zini bilmagan ilmu kulldir, ey quyosh,
Tutqoysiz xush, ey mulloyi shosh, —
deb, o‘zini shoshlik mulla deb ataydi. Bu baytdan ham Xarobotiyning Toshkentda yashagani va shu yerda nash’u namo topganini anglash qiyin emas. Bundan tashqari, Xarobotiy avlodlarining qo‘lida saqlanayotgan Xarobotiy masjidiga qarashli vaqf hujjatida ham Abduqayyum Xarobotiy va uning farzandi tilga olinadi.
Yana bir bahsli masala — Hurmatjon Abdurahmon shoirning ijodini o‘rganar ekan, uning “Kulliyot” hamda “Masnaviyi Xarobotiy”si aslida bitta asar bo‘lib, keyinchalik ikkiga bo‘linib ketganini ta’kidlaydi. Aslida esa u ikkita mustaqil asardir.
O‘zbekistonda Xarobotiy ijodiga murojaat qilish 2005 yildan boshlandi. Ma’lumki, tasavvufda suhravardiya, kubraviya, qodiriya, yassaviya, chishtiya, naqshbandiya kabi tariqatlar va ularning ko‘plab oqimlari bo‘lgan. Xarobotiya ham tasavvufdagi oqimlardan biri bo‘lib, uning yo‘li va uslubi g‘oyat og‘irligidan tarafdorlari kam bo‘lgan. Xarobot so‘zining tarkibiga keladigan bo‘lsak, xarob so‘zi xaroblikni, ot esa arab tilidagi ko‘plik shaklini bildiradi. Demak, xarobot atamasi xarobalar ma’nosidadir. Istilohiy ma’nosi esa “Burhoni qoti’” lug‘atida sharobxona va bo‘zaxona ma’nolarini ifodalaydi. “G‘iyos ul-lug‘at”da ham mayxonani bildiradi, deyilgan.
Alloh ishqida mast bo‘lib, Allohdan o‘zgani o‘ylamaydigan so‘fiylar o‘zlarini xarobotiy deb bilganlar. Abduqayyum eshon xarobotiya oqimining ashaddiy targ‘ibotchisi bo‘lib, Xarobotiy laqabini olsa-da, vaqt o‘tishi bilan uning hayotida naqshbandiya tariqati ustunlik qilgan. Avvaliga u kasb bilan shug‘ullanmaslik, obodonchilikka intilishdan voz kechishga chaqirgan bo‘lsa, keyinchalik ilmga intilish, biron kasbning boshini tutish, qarindoshlarga mehribonlik qilish, olimlarni hurmatlash, ilmning fazilati, hoziq tabibning xislati, xayru ehsonning fazilatini ulug‘lash kabi naqshbandiya tariqati qoidalari uning ijodida aks eta boshlaydi. U “Risolai faqriyya”da xojagonlar tariqati va naqshbandiyaning qoidalaridan hisoblangan “Nazar dar qadam”, “Safar dar vatan”, “Xilvat dar anjuman” kabi tamoyillarga amal qilishga chaqiradi.
Yoshlikdan ilmga, badiiy so‘z nafosatiga intilib yashagan Abduqayyum Maxsum o‘z zamonasining ilm-ma’rifat tarqatuvchi sobit ziyoli ulamolaridan biri bo‘lish barobarida qalam ahli orasida ham, oddiy xalq orasida ham so‘z san’atkori sifatida birdek ardoqlangan. Xarobotiy hazratlari qalamidan yaralgan purma’no baytlarning mazmunini teran mushohada qilgan odam uning botiniy mohiyatini, tarannum etgan ezgu g‘oyalarini ichki tuyg‘u bilan ilg‘ashi mumkin. Xarobotiyning “Masnaviyi Xarobotiy” kitobini o‘qir ekanmiz, endi u tamoman mavlaviya tariqati a’zosiga aylanib qolganini ko‘ramiz. “Masnaviyi Xarobotiy”da u Jaloliddin Rumiyning ko‘plab baytlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, o‘zining bu baytlardan olgan taassurotlarini ham she’rga soladi. Natijada u xalq orasida “Mavlono Rumiyning ma’naviy farzandi” degan rutbaga sazovor bo‘ladi.
Xarobotiy asarlarida hayotning ko‘plab sohalariga oid fikrlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, “Kulliyot”ning “Solih va munofiq haqida” faslida insonlarni solih bo‘lishga chaqirar ekan, va’dasida turmaydigan, birovlarning omonatiga xiyonat qiladigan kishilardan iloji boricha qochishga da’vat etadi. “Nafsingni o‘ldir, uni qatl qil”, — deb insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi, nafsga “hiylaning ustozidur” deb baho beradi. Yana bir joyda nafsni odamlar ustidan yagona hukmron bo‘lishni istagan podshohga, qalbni esa qal’aga o‘xshatadi. Xarobotiy ilmsizlikni ham qattiq qoralab, jallodga ilm o‘rgatsang, har bir odamni dorga osadi, deb yozadi. Ma’lumki, Mansur Halloj “Anal-Haq” degan so‘zi uchun ilmi yaxshi bo‘lmagan, so‘zning ma’nosini tushunmagan kaltafahm kishilar tomonidan dorga osilgan. Xarobotiy yozadi: “Ey birodar, ogoh bo‘lginki, har narsaiki olami ulviydindur, jonni tarbiyat qilur va ul nima narsaiki olami sufliydindur, tanni tarbiyat qilur. Shu sababdan, jon aflokiy (osmoniy) va jism hokiydurki, har qaysisi o‘z aslini tarbiyat qilur. Ey birodar tanning quvvatiga mag‘rur bo‘lma, kim tanning quvvatiga mag‘rur bo‘lsa, bu dunyodin g‘urur bilan ketar”.
Oltin zanglamasligi qanchalik haqiqat bo‘lsa, yuqoridagi so‘zlar ham vaqtning beshafqat zarbalariga bardosh berib, o‘z qadrini zarracha yo‘qotmasligi shunchalar rost. Bu uyg‘oq so‘zlar, satrida dunyo mahzani yashirin qaynoq baytlar asrlar kahkashonida biz avlodlarni takror va takror yaxshi inson bo‘lishga, Vatan, jamiyat ravnaqi yo‘lida fidokorlik bilan mehnat qilishga, yor-u, birodarlarimizga mehr-muhabbatli bo‘lishga da’vat etib turaveradi.
Mahmud Hasaniy,
tarix fanlari doktori
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).