Realistik roman janrining yuksalishiga katta hissa qo‘shgan mashhur frantsuz adibi, faylasuf va insoniy ehtiroslar nazariyotchisi Stendal (taxallusi, asl ism-sharifi Anri Mari Beyl) 1783 yilda 23 yanvarda Grenoblda advokat oilasida dunyoga keladi. Anri Beyl sakkiz yoshga to‘lganda onasi vafot etadi. Otasi Sheryubin Beyl yosh Anrini abbat Reyan tarbiyasiga topshiradi. 1796 yilda u Grenobl Markaziy institutiga o‘qishga kiradi. 1800-1801 yillarda Italiyada harbiy xizmat o‘taydi va kichik leytenant unvonini oladi. Keyin harbiy vazirlik xizmatiga kiradi, Napoleon I armiyasining suvoriylari safida xizmat qiladi (1806-1814). Borodino janglarining guvohi bo‘ladi. Bonapart armiyasi inqirozga uchragandan so‘ng Italiyaga kelib, u yerda mashhur ingliz adibi J.Bayron bilan uchrashadi va shundan so‘ng adabiyotga bo‘lgan qiziqishi yanada kuchayadi. Italyan romantiklarining «Conciliatore» (“Murosa”) jurnali bilan hamkorlik qiladi. 1815 yildan Stendalning dastlabki asarlari e’lon qilina boshlaydi. Bu asarlardagi respublikachilik ruhi va cherkov sha’niga aytilgan nomunosib so‘zlar Stendalga nisbatan shubha uyg‘otadi. Hayoti xavf ostida qolgan Stendal 1821 yilda Parijga qaytib, maqolalar yoza boshlaydi, romantizm haqidagi munozaralarga kirishadi va publitsistik risolalar e’lon qiladi. 1830 yil Iyul inqilobidan keyin Stendal dastlab Triyestda, so‘ngra Rim yaqinidagi bir shaharchada frantsuz konsuli lavozimida faoliyat yuritadi. Stendal hayotining bu shaharchadagi so‘nggi 10 yili qizg‘in ijod bilan kechadi. Stendal ijodi XVIII-XIX asrlarning tutash nuqtasida boshlanganiga qaramay, u imperiya halokatga uchragunga qadar havaskor yozuvchi darajasidan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. 1814 yildan Restavratsiyaning so‘ngiga qadar bo‘lgan davrda Stendalning ijtimoiy-falsafiy va adabiy-estetik qarashlari uzil-kesil shakllanadi. U shu davrda “Gaydn, Motsart va Metastazio hayoti” (1817), “Italiyadagi rang-tasvir tarixi”, “Rim, Neapol va Florentsiya” (1817), “Muhabbat to‘g‘risida” (1822), “Rossini hayoti” (1824), “Rasin va Shekspir” (1823-1825), “Rim bo‘ylab sayohat” (1829) singari publitsistik, falsafiy-psixologik, shu bilan birga, san’at haqidagi asarlari va yo‘l xotiralarini e’lon qildi.
Stendal endi yirik badiiy asarlar yozishga kirishib, “Armans” (3 jildli, 1927), “Qizil va qora” (1831), “Parma ibodatxonasi” (1939) romanlari, “Vanina Vanini” (1829) hikoyasi, “Vittoriya Akkoramboni”, “Chenchi” (1837), “Gertsoginya Palliano” (1838) va “Kastrolik abbatisa” (1839) singari yo‘l xotiralarini yaratadi. Bundan tashqari, adib shu davrda “Xudbinning xotiralari” (1832) va “Anri Bryular hayoti” (1835) nomli avtobiografik qissalari, “Lyusen Leven” (1834-1836), “Lamel” (1839-1842) romanlarini yozadi. “Lamel” romani adibning so‘nggi asari hisoblanadi. Stendal 1842 yil 23 mart kuni yurak xurujidan vafot etadi.
Tanqidiy realizmning shaxs-ga tarixiylik tamoyili asosida yondashish, voqealar va xarakterlarning haqqoniyligiga erishish, xulq-atvorlarni sinchkovlik bilan o‘rganish, ong-shuur harakatini tahlil etish haqidagi talablari Stendal realizmining asosini tashkil etadi. Stendal “Armans” romanida shu tamoyillarga amal qilishga uringan bo‘lsa-da, bu tamoyillar yozuvchining shoh asari – “Qizil va qora” romanida o‘zining mukammal ifodasini topgan. Adib nomini dunyoga mashhur qilgan bu romanidagi qizil rang “erkinlik”, “respublika” ma’nolarini anglatsa, qora rang reaktsion kuchlarni ifodalaydi. Bu asarning yaratilishiga o‘limga mahkum bir o‘spirin haqidagi kichik maqola, ayniqsa, uning o‘limi oldidan “Haqiqatni sevardim” degan so‘zlari turtki bo‘lgan. Asarda “salon hayotidan ko‘rinishlar”gina emas, balki Restavratsiya davridagi qariyb butun Frantsiyaning hayoti o‘z aksini topgan. Stendalning tugallanmay qolgan “Lyusen Leven” romanida esa Iyul monarxiyasining dastlabki yillaridagi siyosiy-ijtimoiy va xususiy hayotning keng manzarasi tasvirlangan.
Adib ijodi frantsuz adabiyotining keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi va jahon miqyosida shuhrat qozondi. Stendalning tasvirlash mahorati, jamiyat hayotini badiiy tahlil kilish san’ati romandan romanga o‘sib boradi.
Yozuvchining “Qizil va qora” romanidagi Jyulen Sorel kabi “Parma ibodatxonasi” romanining qahramonlari ham kitobxon qalbini o‘ziga rom qilish qudratiga ega. Adib asarlaridagi har bir qahramon ma’lum davr g‘oyalarini o‘zida aks ettiradi.
Stendal haqiqat izlagan adibdir. U millionlab kitobxonlar qalbiga haqiqat so‘zini olib kirgan.
Stendalning aksariyat asarlarida ishqiy sarguzashtlar hikoya qilinadi. Yozuvchi o‘z qahramonlarini ishq-muhabbat savdosining turli mojarolariga olib kiradi. Aslida bu mojarolar hayotning o‘zida turli xil ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda edi.
Mahmadiyor Asadov, Qarshi DU o‘qituvchisi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son