Iqtidorli xalqning shoirlari, adiblari, ijodkorlari ko‘p bo‘ladi. O‘zbek — iqtidorli xalq. Uning dono, zukko va fozil farzandlari ko‘p bo‘lgan. Faqat X—XI asrlarda Xuroson va Movarounnahrda yashab o‘tgan qalam egalarining aniq sanog‘ini hech kim bilmaydi. Ularning arab tilida ijod qilgan 124 nafari haqida Abu Mansur as-Saolibiy o‘zining “Yatimat ad-dahr fi mahosin ahl al-asr” (“Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonaci”) nomli asarida ma’lumot beradi. Shunga qaramay, o‘sha davr adiblari orasida Yusuf Xos Hojib nomi yagonadir.
Uning adabiyot olamidagi, ayniqsa, turkiy adabiyot sohasidagi beqiyos xizmatlari bugun ham el ardog‘ida.
XV asrda, xususan, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida Hirot shahrining atrofida mingdan ortiq ijodkorlar istiqomat qilgan. Ammo ular orasida “eng ko‘b va xo‘b aytqon” (Zahiriddin Muhammad Bobur) Alisher Navoiy edi.
Hozirgi adabiy jarayonda ishtirok etayotgan adiblarimiz oz emas. Ularning barchasi qadim va boy adabiy an’analarimizni yangi bir tarixiy sharoitda, mustaqilligimiz ardog‘ida davom ettirmoqda. Iftixor bilan ayta olamizki, ularning soni ko‘p. Sayfi Saroyi tili bilan aytganda, «alarning ush biri» Abdulla Oripovdir.
Shubhasiz, Abdulla Oripovni bugungi she’riyatimiz ummonining dar g‘alaridan, adabiyot karvonining sorbonlaridan biri deb ayta olamiz. Bu maqtov emas, oddiy e’tirofdir.
Men shoirman,
Istasangiz shu,
O‘zimniki erur shu sozim,
Birovlardan olmadim tuyg‘u.
O‘zgaga ham bermam ovozim.
Ijodining ilk odimlaridayoq aytilgan bu misralar shoirning haqligini takror va takror tasdiqlab turibdi. Uning har bir yangi asari o‘ziniki bo‘lib, hech kimga va hech kimnikiga o‘xshamagani uchun ham yaxshidir.
Abdulla Oripovning «sirli qo‘shiq»lari undagi «o‘tli yurak»ning tepishlari natijasi. Ularda hayot haqiqati ko‘ngil da’vati bilan uyg‘un:
Tuproq qo‘zg‘almasdan o‘rnidan battar,
Solmasidan avval dahshat qatag‘on –
Er osti tinch tursin desangiz agar,
Sizlar she’r ustida so‘ylamang yolg‘on!
Ana shu aqida, nazarimizda, adib she’riyatining tayanch nuqtalaridan biridir. «She’r ustida yolg‘on so‘zlamaslik» chinakam san’atning bosh mezoni. Abdulla Oripovning millionlab ko‘ngillardagi e’tirofi, ehtimol, shu bilan bog‘liqdir. Shunga ko‘ra uning:
Bu asrning talabi oddiy va sodda:
Yuraging buyurgan har qanday gapni,
Tilaging buyurgan har qanday gapni
Hech kimdan tortinmay o‘rtaga tashla,
Bo‘g‘zingda qolmasin ovozing aslo! –
degan misralari o‘sha aqidadagi she’riy guvohdir.
Shoir ijodida mavzular hayotning o‘zi qadar rang-barang. Ularda shoirona mushohadaning qamrovi keng: ezgulik va yovuzlik, shafqat va mehrsizlik, inson va tabiat, urush va tinchlik, ajdodlar va avlodlar… tilga olinadi, tom ma’noda Olam va Odamning o‘ziga xosliklari inkishof etiladi.
Adabiyotni aslida insonshunoslik deyishadi. Abdulla Oripov hassos insonshunos sifatida odam bolasining turfa xislatlarini, boshqalar ko‘rmagan tomonlarini ilg‘aydi, ularni nihoyatda nozik va ta’sirchan badiiy ifodalaydi — o‘z tasavvur va hukmini boshqalar bilan ham o‘rtoqlashadi. Ushbu muloqot natijasida kitobxon olam-olam zavq va huzur tuyadi. Shu ma’noda Abdulla Oripov she’riyati tafakkurga quvvat, tuyg‘ularga, hislarga erk beradigan manbaga aylanadi. Shuning uchun ham adibning har bir yangi she’ri, asari bilan uchrashuv inja tuyg‘uli qalblar uchun o‘ziga xos bayramdir.
Qolaversa, Abdulla Oripov she’riyati hassos qalblar izlagan tasalli: ularda armon ham, iztirob ham, orzu-yu umidlar, hayot va tabiat hodisalari tufayli yuzaga keladigan hayrat va go‘zallik ham ta’sirchan badiiyat libosida «so‘z arusi» (Navoiy) qiyofasida namoyon bo‘ladi.
«Klassik bo‘lish har qanday ortiqchalikni qat’iy ravishda rad etish, qay darajada mahliyo etuvchi bo‘lishiga qaramay, har qanday yolg‘onni itqitib tashlab shunday ruhiy yengillikka erishishki, unda faqat haqiqat mujassam bo‘lsin, bir so‘z bilan aytganda, bu haqgo‘y bo‘lish demakdir». Frantsuz mutafakkiri Moris Barres aytgan ushbu ta’rif, nazarimizda, Abdulla Oripov ijodi uchun to‘lig‘icha xosdir.
Darhaqiqat, haqiqiy iste’dod egasi o‘z kuchini real baholashning uddasidan chiqadi. Shunga ko‘ra, ilk izlanishlaridayoq:
Shaloladek bo‘lsa she’rlarim,
Yog‘du sochsa misli alanga.
Sidqidil-la qobil o‘g‘ildek
Xizmat qilsa elga, Vatanga —
— degan shoir ijod mashaqqatlarini, hayot haqiqatini, bu haqiqatni badiiyatning talabchan mezonlari bilan o‘lchashni ham nechog‘li teran anglaganini his etish mumkin. Ana shu talabchanlik, ana shu sabot, matonat, uzluksiz mehnat, tinimsiz izlanish, kashfiyotlar zamiridagi sodda va samimiy haqiqatlardir.
Ma’lumki, Abdulla Oripov ijodida Vatan mavzui alohida mavqega ega. Birgina shu mavzu talqinidagi tadrijiylikni, ijodiy takomilni kuzatsak ham ushbu fikrlarning naqadar real hayotiy zaminga egaligiga guvoh bo‘lamiz.
«Sarob» she’rida shoirning olamga nisbatan ijtimoiy-estetik qarashlari muayyan darajada aks etgan. 1966 yili, bundan sal kam qirq yil oldin yozilgan she’rda shunday satrlarni o‘qiymiz:
Vatan! Mening bor qismatim shu
bir so‘zda hal,
Balki men ham baxsh eturman
unga jon-tanni.
Lekin,do‘stlar, rostin aytsam,
men o‘sha mahal, –
Jondan ortiq sevar edim
ona Vatanni…
Ilk she’rlaridayoq Vatan bilan iftixor qilish, shu yurt farzandi ekanligidan g‘ururlanish Abdulla Oripov she’riyatiga xos edi. «Osiyo qo‘ynida yashagan bo‘ston» — O‘zbekiston shoir qalamida mislsiz o‘xshatishlar, nodir sifatlashlar bilan ta’riflanadi. Har holda boshqa adiblar o‘z yurtiga turli xil nisbat bergan bo‘lishlari mumkin, ammo hech kim shamolni yurtimniki degan emas, «yurtim shamoli» ifodasi faqat Abdulla Oripovnikidir.
Yurt va Vatan o‘z o‘tmishi, buguni, kelajagi bilan mukammal, ajdodlari va avlodlari bilan to‘kis. Shoir she’rlarida ana shu butunlik tadrijiy ravishda tiklana borganini kuzatish maroqli:
Bobolarim yurti.
Otam maskani.
Onamning muborak qoni barqaror.
Bir farzand misoli kuylayman seni,
Ey otash zamindan yaralgan diyor.
«Men nechun sevaman O‘zbekistonni» she’ri bu turkumning avj pardalarga ko‘tarilganini bildiradi. Shoir o‘zini Vatanning bo‘lagi, qalbini esa shu muqaddas Vatan jo bo‘lgan bebaho maskan sifatida tasavvur va tasvir etadi. Ranglar anchayin quyuq, tiniq hamda aniqroq ko‘rinadi:
Xo‘sh, nechun sevaman O‘zbekistonni,
Sababini aytgin desalar menga,
Shoirona, go‘zal so‘zlardan oldin
Men ta’zim qilaman ona xalqimga.
Xalqim, tarix hukmi seni agarda
Mangu muzliklarga eltgan bo‘lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo‘lsayding,
Mehrim bermasmidim o‘sha muzlarga?
Ana shu pillapoyalar shoirni «O‘zbekiston» she’rini yozish darajasiga ko‘tardi. Shubhasiz, bu asar tom ma’nosi bilan Vatanga, yurtga bitilgan eng to‘liq qasidadir. Adib hali-hanuz «qiyosingni topmadim», deydi. Aslida unda O‘zbekistonning mutlaqo yangicha, bor bo‘y-bastini namoyon qiluvchi tasviri chizilgan edi. Adabiyotshunosligimiz bu she’rni atroflicha tahlil va talqin qilib kelmoqda. Faqat bir narsani aytish joizki, she’r yaratilgan zamon qaltis edi. Bunday oshkora, dangal, o‘tkir ifodalar uchun katta kuch, buyuk jasorat talab etilar edi. Natija tezda ko‘rindi: she’r shoirga shuhrat keltirdi; uni butun O‘zbekiston yoddan aytib yuradi deyish mumkin.
Bu she’r maktab darsliklaridan ham o‘rin oldi. Shu o‘rinda Abdulla Oripov hayoti va ijodining ta’lim bosqichlarida o‘rganilishi haqida ikki og‘iz gapirib o‘tish joiz.
Aslida o‘qituvchi bilan shoir, adib bir xil vazifani bajaradi: ularning har ikkisi ham yosh avlodni hayot pillapoyalariga tayyorlaydi, faqat buni boshqa-boshqa jabhalarda turib amalga oshiradi. Shu jihatdan adabiyotning, xususan, Abdulla Oripov she’riyatining ma’rifiy nuqtalarida qanchadan-qancha hayot hikmatlari, tarixiy fakt hamda haqiqatlar mujassam. Mashhur «O‘zbekiston» she’rining ayrim misralarini eslaylik:
Ko‘z oldimda kechar asrlar,
Ko‘z-ko‘z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika – sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali.
Dengiz ortin yoritdi ilk bor
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston – Vatanim manim.
Tarixchi, astronom, geograflar mutaxassis sifatida ushbu tarixiy faktlarni bilishi tabiiy. Ammo million-million kitobxon, jumladan, o‘quvchi yoshlar ham ushbu faktni — tarixiy haqiqatni Abdulla Oripov she’riyati tufayli bilib olganlari sir emas. “Mo‘min Mirzo”, «Suv», «Genetika», «Hamza monologi», «Afg‘oniston yoshlariga» she’rlarida ham ana shunday ma’rifiy nuqtalar ko‘zga tashlanadi.
Shubhasiz, Abdulla Oripov she’rlari o‘zining ta’sirchan tarbiyaviy kuchi bilan e’tiborlidir. Yuksak badiiyat libosidagi tafakkur mevalarining o‘zi yosh va murg‘ak ko‘ngillarga bebaho ozuqa bo‘lishi muqarrar. Ulardagi teran fikr, nozik kuzatish, falsafiy umumlashma va lo‘nda xulosalar yoshlarimiz uchun munosib saboq maktabi bo‘ladi. Muhimi, ularda insoniyatni o‘yga toldiradigan, so‘ngsiz savollarga javob bo‘la oladigan misralar oz emas.
Ushbu misralarning yana bir fazilati bor. Ularda yoshlarni faol fikrlashga undaydigan, chorlaydigan ohanglar mavjud. Mustaqil, ijodiy fikrlashni egallash, ongli maqsad yo‘lida jiddu jahd ko‘rsatishga intilish esa yosh avlod oldidagi eng muhim vazifalardan biridir («Arslon va inson», «Dialektika», «O‘tinch», «Uqtirish», «Burgut», «Tunislik bola», «Keksa muhojir», «Onajonim she’riyat», «Qo‘riqxona», «Uchinchi odam», «Tilla baliqcha»…).
Umumta’lim maktablarining beshinchi sinfida «O‘zbekiston» she’rini o‘rganish dasturda belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, shoir haqida qisqa ma’lumot berilib, qasidada ona yurt tarixini, ulug‘ ajdodlarimiz ruhining ulug‘lanishi, O‘zbekistonda yashashgina emas, bu yerda tug‘ilishning o‘zi milliy iftixor manbai ekanligi ko‘rsatilishi, she’rning badiiy xususiyatlari ochib berilishi kerak. Maqsad o‘quvchilarda ona-Vatanga, uning shonli o‘tmishiga nisbatan muhabbat hislarini tarbiyalashdan iborat.
IX sinfda esa «Sarob» («O‘ylarim»), «Bahor», «Genetika», «Bahor kunlarida», «Kuz manzaralari», «Holat», «Ketganlar yodi bu…» she’rlari asosida Abdulla Oripov lirikasining o‘ziga xos xususiyatlari, ulardagi kuchli ehtiros, tabiiylik, fikriy teranlik, poetik mukammallik, shakliy-uslubiy rang-baranglik borasida fikr yuritish taqozo etiladi. Ta’kidlash joizki, ushbu she’rlar shoir ijodiga xos bo‘lgan asosiy badiiy-estetik printsiplarni qamrab olishi bilan ajralib turadi. Ammo shu o‘rinda metodist-olimlarimizga nisbatan ozgina e’tiroz ham yo‘q emas. Ushbu she’rlar badiiy jihatdan qanchalik yuksak bo‘lmasin, IX sinf o‘quvchilari bilan ularni besh akademik soat davomida o‘rganish birmuncha qiyinlik qiladi. Umumta’lim maktabi o‘quvchisining mutaxassis-adabiyotshunos emas, balki o‘quvchi ekanligini nazardan qochirmaslik lozim.
Adib ijodida yana bir yetakchi mavzu borki, uning badiiy talqinlarini kuzatish maroqlidir. Bu tarix, tarixiy shaxslar hayoti, ijodining badiiy ifodasidir. Abdulla Oripov Alisher Navoiyga bag‘ishlangan bir turkum she’riy asarlarini yaratdi. U Navoiyni buyuk shaxs, ulkan iste’dod egasi sifatida tavsiflaydi, ta’riflaydi, Navoiy dahosi oldida bosh egadi. Ayni shu his-tuyg‘ular shunday so‘z va iboralarda ifodalanganki, bu ehtiros oqimidan yuzaga keladigan epkin kitobxonga ham ta’sir qiladi, unga ham «yuqadi». Adib Navoiiy siymosida dastlab xalqni, millatni ko‘radi:
Jahonki muqaddas neni ko‘ribdi,
Bariga onasan, ey qodir hayot.
Besh yuz yil naridan boqib turibdi,
Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.
Shu buyuk o‘g‘lingni ardoqlab dildan,
Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.
Uning nomi bilan birga bitilgan
Dunyo daftarida o‘zbek degan nom.
Navoiy dahosi ulug‘ iste’dod va komil shaxs sifatida yuksak e’tibordadir. «Zanjirband bir sherning nazmiy saroyni besh asrdan buyon titratib turishi» bilan bog‘liq tasvirlardagi asosiy nuqta mana shunda. Tarixiy shaxslar ulug‘ va bardavom iftixor manbai, o‘zni va o‘zlikni tanishning omilidir. Abdulla Oripov she’riyatidan kelib chiqadigan yana bir asosiy xulosa mana shu.
Hayotga ochiq ko‘z, sog‘lom nuqtai nazar bilan qarash Abdulla Oripov she’riyatining tamal toshlaridan. Shu boisdan ham adibning goh sho‘xchan, goh mahzun, goh ko‘tarinki, goh bosiq va o‘ychan misralari inson qalbiga yaqin. Ularda bezovta ruh, uyg‘oq tafakkur, bus-butun iymon, pokiza e’tiqod uyg‘unlashgan. Mana shu xislatlar bilan bu she’riyat zamondoshlarimiz, xususan, yoshlarimiz uchun aziz va mo‘tabar, ularning qo‘lidan tutadi, olg‘a yetaklaydi, hayotni sevishga, uning qadriga yetishga undaydi.
Adabiyot har doim an’analar silsilasida kamol topib kelgan. Ammo faqat an’ana bilan yashaydigan adabiyot zavolga mahkum. An’ana zaminida kashfiyotlar yaratish adabiyotning takomilini, uning rivojini belgilaydi. Shu jihatdan qaralsa, Abdulla Oripov she’riyati tafakkur va tuyg‘ular tovlanishining yangi-yangi namunalaridir. Buni shakl va mazmunda ham, ifoda imkonlarini izlash, uni reallikka aylantirishda ham payqash, his qilish mumkin.
Birgina misol. O‘q va yoy adabiyotimizdagi eng qadim an’anaviy obrazlardan. Biz uni yozma adabiyotimizning ilk yirik obidasi «Qutadg‘u bilig»da, og‘zaki adabiyotning bebaho durdonasi «O‘g‘uznoma»da, IX—XI asrlarga, ayrim tadqiqotchilarning ko‘rsatishiga qaraganda esa, V—VIII asrlarga oid xalq og‘zaki ijodi namunalarini qamragan «Devonu lug‘ot it-turk»da uchratamiz. Bu obrazlar zamiridagi eng keng tarqalgan talqinlardan biri ularning qad va ko‘ngilga nisbat berilishdir. Keyinroq ular kiprik va qoshga nisbat beriladigan bo‘ldi. Mumtoz adabiyotimizda uning yanada turfaroq (masalan, to‘g‘rilik va egrilik) talqinlari mavjud. Ammo hech bir zamonda, hech qaysi adib kamonni otaga, o‘qni farzandga tashbih qilganicha yo‘q. Bu Abdulla Oripov badiiy tafakkurining hosilasidir:
Nogoh entikdi-yu, egildi kamon,
O‘q uchdi belgisiz yoqlarga tomon.
Keksa otasining qaddin dol etib,
Ketib borar edi farzand shu zamon.
Shu xildagi badiiy topildiqlar, noyob kashfiyotlarsiz Abdulla Oripov she’riyati joziba, tarovat, ohor va jarangga ega bo‘lmasdi.
She’riy shakllarga o‘zgartish kiritish, ularni yangilash oson emas. Bu daho san’atkorlargagina nasib etadigan buyuk kashfiyotdir. Shu ma’noda Abdulla Oripovni yuksak didli, bosiq jur’atli ixtirochi deyish mumkin. Fikrimizni ayrim misollar bilan dalillashga urinib ko‘raylik.
Mumtoz adabiyotimizda musaddas degan janrning borligi yaxshi ma’lum. Uning har bir bandi olti misradan iborat bo‘ladi. Musaddasning qofiya tuzilishi o‘ziga xos. Odatda, birinchi bandda har olti misra qofiyalangan bo‘ladi. Keyingi bandlarning besh misrasi o‘zaro, oltinchi misrasi oldingi bir band bilan qofiyadosh bo‘ladi. Navoiy musaddaslari asosan shu usulda yaratilgan. Ayrim hollarda esa keyingi bandlarning to‘rt misrasi o‘zaro, oxirgi ikki misrasi birinchi band bilan qofiyadosh bo‘ladi. Buning eng yaxshi namunasi Furqatning «Sayding qo‘ya ber, sayyod» musaddasidir.
Abdulla Oripov mumtoz adabiyotimiz an’analarini puxta o‘rgangan. Adibning aruz vaznida bitgan talaygina dilbar she’rlari mavjud. Endi musaddasga kelganda shuni aytish joizki, shoir bu borada jiddiy yangiliklar qiladi (bunda Yevropa she’riyatining ta’sirlari ham yo‘q emas). «Sen bahorni sog‘inmadingmi?» buning yaxshi namunasidir:
Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim —
Lolazorga burdim yuzimni
Uchratmadim ammo o‘zingni
Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Musaddasning qofiyalanish tartibi a: b: a: b: b: v; g: d: g: d: d: v shakliga ega. «Kuz xayollari» esa musaddas bandlarining yana bir yangi namunasini beradi. Unda a: b: a: b: v: v shakli namoyon bo‘lgan.
Bunday yondoshuv muxammas shaklida ham kuzatiladi («Birinchi muhabbatim»).
Tasvir usullarida, so‘z qo‘llashda, poetik obraz yaratishda, shubhasiz, Abdulla Oripov mutlaqo original va takrorlanmas shoirdir:
Go‘dak uhicha ham shamol topilmas,
Butaning tagida bo‘zto‘rg‘ay hayron.
Saratonning chillasidagi cho‘l sharoitida «g‘ir» etgan shabadaning yo‘qligi, issiq va dim havo birinchi misrada naqadar aniq va hayotiy ifodasini topgan. Bu ta’sirchan tasvirni kitobxon maroq va zavq bilan o‘qiydi, ixtiyorsiz ravishda uni eslab ham qoladi. Endi quyidagi misralarni ko‘raylik:
Uvada kamzulda billur tugmaday
Bulutlar ortidan boqadi yulduz.
Har holda bu misralarni o‘qiganda uni faqat o‘zbek shoiri yozishi mumkinligiga imon keltirasan kishi. Aslida milliylik degani ham shu emasmi?!
Mumtoz adabiyotimizda sahli mumtani degan she’r turi bor. Atoulloh Husayniy: «ani aytmoq osonu yengil ko‘rinur, ammo aningdek qilib aytmoq mumkin bo‘lmas yo qiyin bo‘lur» deb yozadi. Bunday she’rlar muallifi sifatida fors-tojik adabiyotidan Abdurahmon Jomiy, turkiy adabiyotdan Alisher Navoiy nomlarini keltiradi.
Nazarimizda, Abdulla Oripov she’rlarining katta qismi sahli mumtani uslubida yozilgan. Ularning o‘qilishi ravon, misralar quyma, fikrlar teran, ifoda aniq.
Ammo bu darajaga erishish hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. Ehtimol, u qadimiy mumtoz adabiyotimiz, barhayot og‘zaki ijod an’analari, jahon adabiyotining nodir namunalarini tinimsiz o‘rganayotgan, ulardagi eng yaxshi tajribalarni uzluksiz ijodiy o‘zlashtirayotgan, bularga o‘zining tabiiy iste’dodi va salohiyatini uyg‘unlashtirib borayotgan adibimizning o‘ziga xosligidir. Har holda, adibning bu boradagi izlanishlariga xos qonuniyatlarni ochish sohasida adabiyotshunosligimiz qarzdor bo‘lib turibdi.
Navro‘z arafasida adibning o‘ziga ham, uning muxlislariga — butun yurtimiz ahliga ham shoirning o‘z tili bilan aytgan tilaklarini tilab qolamiz:
Orzum shul, o‘chmasin yongan charog‘ing,
Yulduzday nur sochsin chashming-qarog‘ing.
Magar chinor bo‘lsang, chinorday yasha,
Bevaqt uzilmasin biror yaprog‘ing.
Boqijon To‘xliyev, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 13-sonidan olindi