Jahon miqyosida kechayotgan integratsiya va globallashuv jarayonida o‘zbek tilini dunyoviy tillar darajasiga olib chiqish hayotiy zaruratlardan biri bo‘lib qoldi. Mazkur katta, mas’uliyatli, o‘ta muhim maqsadni amalga oshirishda kompyuter texnologiyalariga, xususan, kompyuter lingvistikasi (KL)ga bo‘lgan ehtiyoj yana ham ortib bormoqda. Chunki aynan KL o‘zbek tilining jahon miqyosiga olib chiqilishi, o‘zbek tilining ham dunyoviy tillardan biriga aylanishi, uni o‘rganish va o‘rgatish ishlarining takomillashuvi uchun zarur imkoniyat yaratadi.
Uning asosiy maqsadi lingvistik masalalarni yechishning kompyuter dasturlarini ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etishdir.
KL tilshunoslikning alohida mustaqil bo‘limi bo‘lib, kompyuter yordamida matnlarga ishlov berish bilan bog‘liq ko‘pgina murakkab vazifalarni bajarish uchun xizmat qiladi. Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligining kompyuter bilan bog‘liq holda hal etilishi lozim bo‘lgan quyidagi masalalarini ta’kidlab ko‘rsatish o‘rinli.
1. O‘zbek tilining o‘ziga xos kompyuter uslubini yaratish.
2. Axborot matnlaridagi qoliplilik, qisqalik, aniqlik mezonlarini ishlab chiqish.
3. O‘zbek tilida internet saytlarini yaratish me’yorlarini belgilash.
4. Kompyuter yordamida izohli va tarjima lug‘atlarini ishlab chiqish.
5. O‘zbek tili va adabiyoti darsliklarining elektron versiyalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish.
6. Kompyuterda inglizcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-inglizcha tarjima dasturlarini yaratish.
7. Yozma matnlarni kompyuterda tahrirlashning dasturlarini ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etish kabilar.
Shu o‘rinda hal qilinishi dolzarb bo‘lgan mazkur muammolarning eng ahamiyatlisiga, ya’ni o‘zbek tilining o‘ziga xos kompyuter uslubini yaratish masalasiga alohida urg‘u bermoqchimiz. Negaki, bu masala yuqorida sanalgan barcha muammolarning asosi, ya’ni muhim yechimi hisoblanadi.
Biz o‘zbek tilining barcha imkoniyatlari, ma’no boyligi, asrlar davomida shakllangan lug‘at zahirasi, uning go‘zalligi bilan Alisher Navoiy hazratlari ta’kidlaganidek, boshqa tillardan ustun jihatlaridan haqli ravishda faxrlanamiz. Ammo uslubida badiiy-tasvir vositalariga, turli nutqiy jilolar va o‘ziga xos ibora va okkazionalizmlarga o‘rin bo‘lishi mumkin emas. Bu uslub badiiy (yoki san’at) uslubi bilan parallel ravishda shakllanib, rivojlanib boraveradi, ammo ularning qo‘llanish sohasi bir-biridan farq qiladi. Har ikki uslubda (ya’ni, badiiy uslubdan va kompyuter uslubidan) turli soha vakillari foydalanishadi. Kompyuter uslubida jahon andozalari talablariga monand holda fikrlar aniq, qisqa, lo‘nda, displeyda qayta ishlashga moslashtirilgan bo‘ladi. Shunday uslubni yaratmas ekanmiz, mamlakatimizdagi turli idora va muassasalarda o‘zbek tilida to‘liq ish yuritishga o‘ta olmaymiz. Bizningcha, badiiy uslub bilan birgalikda kompyuter uslubini ham maktablarda, litsey va kollejlarda o‘qitishni boshlash zarur. Shunda o‘quvchilar ham o‘zlari uchun optimal bo‘lgan variantni tanlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar: qaysidir o‘quvchi hayotiy ehtiyojlari asosida san’at uslubi yoki badiiy uslubni, boshqa o‘quvchi esa kompyuter uslubini chuqurroq o‘rganadi. Masalan, bir qiyosiy faktga murojaat qilaylik. Toshkentda O‘zMU olimlarining tashabbusi bilan “Dunyoviy o‘zbek tili” asarining 1-kitobi bosmadan chiqdi (2003). Unda o‘zbek tilidagi bitta fe’lning (ishlamoq fe’lining) taxminan 100 000 ta shakli (leksik-gramatik paradigmalari) rus va ingliz tillariga o‘girilgan. Ingliz tilida esa har qanday fe’lning taxminan 100 ta shakli borligi hammaga ma’lum. Kompyuter uslubida ushbu 100 000 ta shakldan faqat eng zaruriy, eng maqbul (optimal) varianti tanlab olinadi, qolganlari esa imkoniyat darajasida inson xotirasida saqlanadi.
Ko‘rinadiki, o‘zbek tilining kompyuter uslubi aynan KL bo‘yicha mutaxassislar, kompyuter dasturchilari va filologlar hamkorligida yaratiladi. Uning ijobiy jihati ham aynan shunda ko‘rinadi: u filolog va kompyuter mutaxassislarining birgalikda ishlashini taqozo qiladi.
Axborot asri bo‘lgan XXI asrda oltindan qimmatroq bo‘lgan ma’lumotni, axborotni zarar yetkazmay qabul qilish bilan birga (bu yo‘nalish ham juda zarurligini inkor etmaymiz), uning amaliy tomonlariga ham katta e’tibor berishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ya’ni, quruq nazariy fikrlarga to‘la tadqiqotlar bilan bir qatorda, xalqimiz uchun foyda keltiradigan kompyuter dasturlari – matnlarni tahrir qilish, avtomatik tarjima qilish, tillarga o‘rgatish kabi dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etishlari lozim, deb o‘ylaymiz. Masalan, XX asrning 30-40-yillarida bu ishni I.Kissen boshlab, o‘zbek lingvostatistikasining asoschisi, deb tan olingan edi. 60-70-yillarga kelib lingvostatistik tadqiqotlarni olib borish bilan S.Rizaev, S.Muhammadiev, S.Otamirzaeva kabi olimlar jiddiy shug‘ullandilar, O‘zRFA Til va adabiyot instituti huzurida shunday ishlarni muvofiqlashtiruvchi maxsus laboratoriya tashkil etildi. Keyinchalik bu laboratoriyaning faoliyati o‘z-o‘zidan barham topgan bo‘lsa-da, mustaqillik yillarida bu sohaga yana e’tibor berila boshlandi. Endigi vazifa ana shu ishlarni yanada jadallashtirish hamda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida kelgusida “Matematik va kompyuter lingvistikasi” sohasi bo‘yicha talabalar qabulini yo‘lga qo‘yish, magistratura, aspirantura bosqichi bilan yuqori malakali kadrlar tayyorlashni izchil amalga oshirish lozim. Zero, bu ishlarni amalga oshirishda kompyuter dasturchilari linvistik ta’minotga juda katta ehtiyoj sezadilar. Uni esa filologlar, aniqrog‘i, tilshunoslar, shu sohaning yetakchi bilimdonlari yaratib berishi zarur.
KL nafaqat o‘zbek tilini, balki boshqa tillarni, xususan rus va ingliz tillarini o‘rganishda ham asosiy vosita hisoblanadi. Shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ilmiy, badiiy, biznes va reklama bo‘yicha ixtisoslashgan tarjimonlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishda, o‘zbek tilida ingliz tilini va ingliz tilida o‘zbek tilini to‘liq o‘rgatadigan o‘quv qo‘llanmalari va kompyuter dasturlarini yaratishda ham KL bizga beminnat yordamchi bo‘la oladi.
Yuqorida sanalgan dolzarb muammolarni hal qilish, ya’ni KLni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish maqsadida O‘zMU kompyuter texnologiyalari fakultetida 2001 yildan boshlab KL laboratoriyasi tashkil etilgan edi. Laboratoriyada o‘zbek tilining matematik va kompyuter modellarini yaratish, o‘zbekcha matnlarni tahrir qilish, inglizcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-inglizcha kompyuter tarjima dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy va amaliy dasturlar asosida muayyan baza yaratilgani holda KL bo‘yicha kadrlar tayyorlashga o‘tildi.
Xuddi shunday laboratoriyalarni, “Matematik va kompyuter lingvistikasi” kafedralarini mamlakatimizning boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Chunki bunday kafedralar hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari o‘quv rejalariga kiritilgan. “Kompyuter lingvistikasi”, “Oliy matematika”, “Matnni o‘rganishning lingvostatistik metodlari”, “Lingvostatistika”, “Kompyuter leksikografiyasi” singari o‘quv predmedlari va ixtisoslik fanlaridan dars berishni, ma’ruza matnlari va o‘quv qo‘llanmalari yaratishni ham o‘z zimmasiga olgan bo‘lardi.
O‘zbekistonda KLga oid tadqiqotlar olib borilmaganligi uchun bu sohada unchalik katta tajriba to‘planmagan. Umuman, har bir filolog internetda sayt yaratish, televidenie va radio tarmoqlari orqali uzatilayotgan reklama roliklarini tayyorlash, ko‘cha va xiyobonlarda, muassasa va tashkilotlarning peshtoqiga qo‘yiladigan peshlavha, shior va transparantlar yaratish jarayonini ham o‘zlashtirishi lozim.
Ijtimoiy hayotning barcha sohalariga kirib borgan matematik usullar, kompyuter texnologiyalari filologiyada ham qo‘llanila boshlandi. Zero, rivojlanish va taraqqiyotning talabi shunday.
Bekmurod Yo‘ldoshev,
filologiya fanlari doktori, professor
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.