Karimboy Quramboyev. Alisher Navoiy va qoraqalpoq adabiyoti

Shunday shoirlar bo‘ladiki, o‘z millati doirasidan chiqib, o‘zga xalqlar va adabiyotlarning ham ardoqli farzandiga aylanadi. Umumbashariy va umuminsoniy ahamiyatga molik asarlari adabiyot muxlislarini ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashda maktab vazifasini o‘taydi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy shunday salohiyatga ega, shaxsi ham, merosi ham abadiylikka muhrlangan siymolardan biri. Sharq adabiyotida, xususan, turkiy xalqlar adabiyotida shoir ijodi yuksak qadrlanadi. Asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan turkman, tojik, qozoq, qirg‘iz va qoraqalpoq shoirlari Navoiyni o‘z ustozlari deb bilishadi. Jumladan, qoraqalpoq adabiyotida shoirga ehtirom alohida. Kunxo‘ja, Ajiniyoz, Berdaq, O‘tesh, Umar, Ayapbergan Musayev singari shoirlar, keyinroq Abbaz Dabilov, Sodiq Nurimbetov, Ibroyim Yusupovlar Navoiy ijod chashmasidan bahramand bo‘lganini ko‘p bora ta’kidlashgan. XIX asr qoraqalpoq adabiyotining yirik siymolaridan biri Berdaq Qarg‘aboy o‘g‘li “Izlar edim” she’rida yozgan edi:

Nao‘ayыdan sao‘at ashtыm,
Fizuo‘lыdan durler shashtыm,
Diluarlardы izler yedim[1].

Shoir S.Nurumbetovning “Navoiy haqida she’r”idan bo‘lsa mana bunday misralarni o‘qiymiz:

Ullы shayыr kөrkem sөzdiң ustasы,
“Lәyli-Mәjnun”, “Farhad-Shirin” nusqasы,
Sizden bizge miyras qaldы Nao‘ayы,
Qыz jigittiң suyip oqыr qыssasы.

O‘tmishda hozirgi Qoraqalpog‘iston hududida Navoiy asarlari tarqagani, madrasalarda o‘qitilgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Ma’rifatparvar mudarrislar Firdavsiy, Hofiz, Sa’diy, Fuzuliy, Bedil, Maxtumqulilar qatorida toliblarga Navoiydan ham saboq berganlar. Berdaqning “Navoiydan savod ochdim”, deb yozgani bejiz emas. Qoraqalpog‘istondagi oliy o‘quv yurtlari uchun nashr qilingan “Qoraqalpoq adabiyoti tarixi” darsligida bu fikr yanada oydinlashtirilgan. “Qaraqalpaq mekteplerinde, – deyilgan kitobda – Shыg‘ыs poeziyasыniң ullы o‘әkilleri Nao‘ayы, Hafыz, Saadiy, Fizuliy, Bedil sыyaqlы kөrkem sөz ustalarыnың shыg‘armalarы oqыtыla basladы. Bul әjayыp shыg‘armalardan tәsirlengen qaraqalpaq klassikleriniң shыg‘armalarыnda dun’yag‘a kөzqaras hәm real motivler өtkirlese basladы”[2].

Navoiy she’rlarining Berdaq lirikasiga ta’sirini janr o‘xshashligidan emas, g‘oyaviy motiv talqini, mavzu tanlash, davr muammolariga munosabatdagi faol nuqtai nazardan izlansa, to‘g‘riroq bo‘lar. Berdaq qishloqning eski maktablarida savod chiqargan. Shoirning markaziy madrasalarda tahsil olgani haqida ma’lumotlar uchramaydi. Ma’lumki, madrasalarda Sharq mumtoz adabiyotining nodir asarlari maktablarga nisbatan keng, ko‘proq mahorat aspektida o‘rgatilgan, mumtoz she’riyat nazariyasidan beriladigan bilim ham madrasa maqomi darajasida bo‘lgan. Ko‘p shoirlar bu imkoniyatdan foydalanib, mumtoz she’riy shakllarda ijod qilish qoidalarini o‘zlashtirgan. Berdaq merosida mumtoz she’riy shakl (g‘azal, muxammas, musaddas va b.) namunalari yo‘q. U barmoq vaznida yozgan. Bu holatni qoraqalpoq adabiyotshunos olimlari shoirni madrasa ta’limini olmagani bilan izohlaydi.

Lekin bu fikr Berdaq ijodining umum ahamiyatini aslo pasaytira olmaydi. Chunki shoir asarlari janri, vaznidan qat’i nazar, asrlarga tatigulik. Sharq adabiyotiga ixlos qo‘yib, undan savod ochgan shoir, garchi aruzda qalam tebratmagan bo‘lsa-da, original dostonlari, beqiyos she’riyati bilan qoraqalpoq adabiyoti tarixida yangi sahifa ochdi, uning asoschilaridan biriga aylandi.

Berdaq xalqchillik, vatanparvarlik mavzularini kuylashni ijodining bosh maqsadi deb bildi. Adolatni himoya qilib, adalotsizlikka qarshi kurashdi. Ibratli odob-axloqqa qanchalik xayrixoh bo‘lsa, ma’naviy tubanlikka shu darajada murosasiz bo‘ldi. Bu g‘oyalarga xizmat qilishda Navoiy tajribalari, ba’zi asarlarining leytmotivi Berdaq uchun ibrat bo‘lgan deb o‘ylaymiz. Berdaq ijodida xalq manfaatiga xizmat qilish asosiy yo‘nalishlardan biri. Shoirning birgina “Xalq uchun”, “Yaxshiroq” she’rlarini eslang. Har birida shoirning el-yurti, xalqi bilan bir tan-bir jon ekanligi goh nasihat, gohida da’vat, chaqiriq ohangida yangraydi.

Jigit bolsaң arыslanday tuo‘ыlg‘an,
Xыzmet yetkil udayыna xalыq ushыn…

Yoki:

Jumыs isle, tuo‘ыlg‘an soң yel ushыn,
Janыңdы ayama yelde yer ushыn,
Өlip ketkeniңshe xыzmet jaqsыraq

kabi she’riy parchalarni o‘qiganda, shoirning o‘z vatani, xalqi taqdiriga naqadar daxldor ekanligi to‘g‘risidagi fikr ko‘ngildan o‘tadi. Va bu misralar bizga beixtiyor Alisher Navoiyning:

Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami

degan mashhur baytini eslatadi. Va Berdaq ham hayotga, odamlarga munosabatda, qalami bilan xalqqa xizmat qilishda navoiyona yo‘lni tanladimikan degan fikr xayolimizga keldi. Chunki, “Navoiydan savod ochgan” shoir ko‘p masalalarda ustoziga ergashishi mumkin. Garchi, Berdaq Navoiyning she’r yozish san’ati poetikasidan biroz uzoqroq bo‘lsa-da, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy masalalar talqinidagi tajribasidan, qarashlaridan ta’sirlangan bo‘lsa ajabmas. Shoir qator dostonlar turkumini ijod etgani ma’lum. Uning “Omongeldi”, “Oydo‘sbobo”, “Ernazarbiy”, “Ravshan”, “Axmoq podsho”, “Shejere”, “Xorazm” kabi poema va dostonlari XIX asr qoraqalpoq adabiyotining go‘zal namunalari. Bu asarlar bevosita Navoiy ta’sirida yozilgan demoqchi emasmiz. Lekin Berdaq doston janriga o‘tishda,  folklordan foydalanish, ularni doston syujetiga moslashtirib, asar g‘oyasiga bo‘ysundirish, obrazlarni individual qiyofada ko‘rsatishda ozmi-ko‘pmi Navoiyning dostonchilik tajribasiga tayangan. Zero, “Navoiydan savod ochgan” shoir haqida shunday xulosa chiqarsak, mantiqsizlik bo‘lmas.

Alisher Navoiy an’analarini qoraqalpoq adabiyotida davom ettirib, mumtoz she’riy shakllarda boy adabiy meros qoldirgan shoirlardan biri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lidir. Ajiniyoz XIX asr qoraqalpoq adabiyotida lirik shoir sifatida tanildi. Uning qoraqalpoq adabiyotidagi buyuk xizmatlaridan biri, shoir o‘z adabiyotiga ilk marotaba g‘azal, muxammas janrlarini olib kirdi. Iqtidorini bu murakkab janrlar hamda vaznlarda sinab ko‘rishda Navoiy poetik tajribalaridan foydalangan degan fikrdamiz. To‘g‘ri, Ajiniyoz she’rlarida Navoiyni ustoz timsolida iqror etgan misralar uchramaydi. Lekin shoirning “Bordur” radifli she’rida mana bunday satrlar bor:

Xoja Hafыz Nao‘ayыdan sabag‘ыn,
Alan neshshe alыm, kәtibi bardы.

Shoir she’rda o‘z elini, millati va urug‘larini, qiz-yigitlari, tabiatini, bog‘u bo‘stonlarini, qishlog‘u shaharlarini ta’riflaydi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi ikki misrada Ajiniyoz: aytilganlardan tashqari, mening yurtimda Xo‘ja Hofiz, Navoiydan saboq olgan qator olimlar, kotib­lar ham bor, demoqda. Mantiqan o‘ylab qaralsa, ustoz shoirlardan saboq olganlar orasida Ajiniyoz ham bor bo‘lgan. Demak, bu fikr Ajiniyoz Navoiy ijodidan xabardor edi va undan o‘rgangan deyishga asos beradi.

Ajiniyozni Alisher Navoiy ijodiga yaqinlashtiradigan yana bir omil bor. Ma’lumki, Ajiniyoz Xiva madrasalarida tahsil olgan. Qadim mad­rasalarda Sharq adabiyoti durdonalari darslik, o‘quv qo‘llanma o‘rnida foydalanilgan. Firdavsiy, Jomiy, Sa’diy, Fuzuliy, Navoiy, Bedildek daholarning asarlari shu vazifani bajargan, toliblar uchun ham nazariy, ham amaliy ahamiyat kasb etgan. Ajiniyozda aruzda yozish malakasi madrasada shakllangan. Mumtoz she’riyatga xos ifoda unsurlari (badiiy tasvir qurollari),  she’riy san’atlarni qo‘llashda salaflarning badiiy-estetik tajribalari yordam bergan. Jumladan, Navoiy lirikasi Ajiniyoz uchun ko‘proq ulgi bo‘ldi. Shoirning “Ko‘zlarim”, “Beri kel”, “Uyg‘on”, “Chiqdi jon”, “Ay alif”, “Qiz Oraz” muxammaslarining ifoda ko‘rinishi, poetik talqin, majoziylik xususiyatlari Navoiy g‘azallarini yodga soladi. Ba’zi misollarni qiyoslab ko‘raylik. Ajiniyozning “Ko‘zlarim” radifli muxammasi quyidagi band bilan boshlanadi:

Haq meni insan jarattың nao‘ bәhәrыm kөzlerim,
Ansha bag‘lar sәyir yetken, guli o‘zarыm kөzlerim,
Maxsudum barыnsha gezdim, ыqtыyarыm kөzlerim,
Tәnnen soңыra baradur, saqla mazarыm kөzlerim,
Istegen yerge yetkergen ilgir nәzerim kөzlerim[3]

Band Navoiyning “Ko‘zim” radifidagi bir necha g‘azaliga ohangdosh. Mana, misollar:

Loladek yuzung xayolidin to‘la qondur ko‘zum,
Balki lola jomidek qon ichra pinhondir ko‘zum…

Yoki:

Yuzing g‘amidin erur abri navbahor ko‘zum,
Ne ayb, yer yuzini qilsa lolazor ko‘zum

Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi “Ko‘zum” radifli g‘azalning matla’si va maqta’si bilan tanishing:

To o‘yuldi xanjari hajring bila giryon ko‘zum,
Ul tanur o‘ldiki, zohir ayladi to‘fon ko‘zum…                      

Ey Navoiy, yo‘q hadim ul sho‘xni ko‘rmakka, lek –
Har qayon azm etsa, asror xalqdin pinhon ko‘zum.

Misollarni qiyoslashdan maqsad, Ajiniyoz “Ko‘zlarim” muxammasini aynan Navoiyning “Ko‘zum” radifli g‘azallar turkumi ta’sirida yozgan degan fikrni ilgari surish emas. Turkiy she’riyatda bu radifda g‘azallar ko‘p yozilgan. Ajiniyozga balki ular ham tanish bo‘lgandir. Lekin, bari bir, taxminimizcha, madrasa ta’limini olgan Ajiniyoz uchun boshqalardan ko‘ra Navoiyga ergashish yengilroq bo‘lgani ehtimolga juda yaqin. Shu fikrdan kelib chiqsak, Ajiniyoz lirikasidagi Navoiy g‘azallariga shakliy o‘xshashlik tasodifiy emasdek tuyuladi bizga. Biroq she’rlarning ifoda shaklidagi mushtaraklik mazmunning originalligiga xalaqit bermagan. Har birida fikr – individual, tuyg‘ular talqini ham o‘ziga xos. Ajiniyoz muxammasi soddaligi tasvirning jarangdorligi, kuy va qo‘shiqbopligi bilan ajralib turadi. Shoirning sevgi-sadoqatni xuddi shunday ohangda, o‘ta go‘zal ifodalaganiga boshqa bir muxammasidan yana bir band:

Nыspы shәm keldim qashыңa, nazlы jәnanыm oyan,
Sham-shыrag‘ yaqtыm bashыңa, nuo‘rы әno‘arыm oyan,
Kөzlerimniң rәo‘shanы, ol maxы tabanыm oyan,
Yolыnda zar әylegen, әy misli әfganыm oyan,
Men seniң, keldim qashыңg‘a rәhim yet, janыm, oyan…

Ishq-muhabbatning bunday sehrli talqini, jozibasida xohlang-xohlamang, Navoiyning “Kelmadi”, “O‘ltirgusi”, “Ayt”, “O‘n sakkiz ming olam oshubi…” kabi g‘azallaridagi lirik qahramonning ham quvonchi, ham iztirobini eslaysiz. Shunday ekan, qoraqalpoq shoirining ko‘ngil kechinmalari ifodasida navoiyona talqinga yaqinlik bor deb hisoblaymiz. Zero, Navoiydek buyuk daholar she’riyatidan bahramand bo‘lgan shoirgina muhabbatni shu xilda go‘zal, yuksak saviyada kuylay oladi.

Zamonaviy qoraqalpoq adabiyotida ham Alisher Navoiy g‘oyat qadrlanadi. Buni shoirdan ilhomlanib she’rlar, g‘azallar bitgan adiblar timsolida ko‘ramiz. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov shunday ijodkorlardan biri. U XX asrning ikkinchi yarmida ijodga kirib kelib, rang-barang asarlari bilan qoraqalpoq adabiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Sharq mumtoz so‘z san’ati, ayniqsa, Navoiy ijodi shoir qalbini sehrlagandi. She’rlaridan birida shoir merosiga ehtiromini quyidagicha ifodalagani bejiz emas.

Sahra gullarin shashayin ustiңe,
Nao‘ayыnы suygen qaraqalpaq bolыp.
Ibrayыm der, ullы ruo‘xың aldыnda,
Bas iyeyin shәkirtiң Berdaq bolыp.

Bu, shunchaki, aytilgan gap emas. I.Yusupov bu qalb haqiqatini, shoirga cheksiz hurmatini g‘azallariga yozgan naziralari orqali ham ifodaladi. “Xazoyin ul-maoniy”ning ikkinchi “Navodir ush-shabob” devonida “Uyg‘ot” radifli bir g‘azal bor. Matla’si shunday boshlanadi:

Sho‘x ikki ko‘zingni noz uyqusidan uyg‘ot
To uyqulari ketsun gulzor ichida uyg‘ot…

I.Yusupov ushbu g‘azalga nazira bog‘laydi. Nazira yetti bayt, aruz vaznida. Unda nazira bog‘lash san’ati talablari to‘la saqlangan.

Yar, oyan naz uyqыdan, taң sәhar bolыp qaldы,
Jәne Әmio‘ boyыnda nәo‘bәhәr bolыp qaldы…

Kiyikler kuralaylap Usturt shөlliginde,
Samanbay tog‘ayыnda bәhәr bolыp qaldы.

Bәhәr shыqsыn dep ayazda kөp qoydың Ayaziydi,
Endi mine Ibrayыmg‘a bәhәr bolыp qaldы[4].

G‘azallar mazmuni tubdan farq qiladi. I.Yusupov g‘azalida zamon va makon talqini konkret. U qoraqalpoq hayoti haqida. Kolorit ham shunga monand. O‘lkaning tabiati, fasllari, cho‘lu dashtlari, hayvonot olami, shaharu qishloqlari tasviri g‘azalning ichki mazmunini tashkil etadi. Bahor faslida shoir yurtida yuz beradigan har bir o‘zgarish, uyg‘onish jarayonlari chinakam milliy ruhda badiiy gavdalantiriladi. Muallif bu hayot manzarasini chizishda Navoiy g‘azali shaklidan foydalangan.

I.Yusupov “Bahor va sen” nomli g‘azallar majmuasini yaratdi. Turkum bag‘ishlov xarakterida bo‘lib, o‘n yetti g‘azaldan iborat. Har biri Hofiz, Lutfiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Nodira, Furqat kabi shoirlarga bag‘ishlangan. Shoirning “O‘zbek sozi”, “Ko‘rdim” g‘azallarida ham Navoiy she’riyatini qadrlash mazmunidagi quyma satrlar mavjud. I.Yusupov Navoiyning bir necha g‘azallarini qoraqalpoq tiliga tarjima ham qilgan.

Hozirgi qoraqalpoq adabiyotida I.Yusupovdan keyin Sharq mumtoz she’riyati ohangida, sharqona lirika ruhida, turli janrlarda eng ko‘p she’r­lar yozgan  shoir bu – Abulqosim O‘tepbergenov desam mubolag‘a bo‘lmas. Bu masalada Abulqosim bilan bellasha oladigan boshqa biror shoir borligi, ochig‘i, menga ma’lum emas. Shoirning har bir she’riy to‘plamida, aytaylik, “Mangu buloqlar”, “Agar ko‘nglimni shod etsa”, “Sharq ohanglari”da Sharq adabiyoti mashhurlari g‘azallariga bog‘langan muxammas, naziralarni o‘qib, shunday xulosaga keldim. Muallifning biror she’riy kitobi yo‘qki, unda g‘azal yoki muxammas namunasi uchramagan bo‘lsin. Hatto, shoir “Saylanmalari”ning beshinchi jildi “Shoh shoirlar bilan” deb ataladi va kitobning yarmidan ko‘pi g‘azal va muxammaslardan iborat. Mazkur “Saylanmalar”ning “Bog‘i eram bizlarda” (2015) deb nomlangan oltinchi jildiga esa shoirning faqat ruboiylari jamlangan. Ular orasida Navoiy ta’rifiga bag‘ishlanganlari ham bor. Mana, shulardan bir namuna:

“Juk ao‘ыrыn nar kөterer” degen gәp bar әzelden,
Galaktika jarattың sen dәstan menen g‘әzelden.
Shax qaznasы basыndada әy Әliysher Nao‘ayы,
“Xalqыm” deyip, o‘az keshtiң – ao‘ әyshi- әshret hәm zerden.

Abulqosim muxammas bog‘lash yoki nazira yozish uchun Sharqning donishmand shoirlarini tanlagan. Yassaviy, Nizomiy, Rumiy, Dehlaviy, Nasimiy, Jomiy, Fuzuliy, Maxtumquli g‘azallariga bog‘langan muxammaslar shular jumlasidandir. Ayniqsa, uning Navoiy, Bobur, Zebuniso, Mashrab, Ogahiy, Furqat g‘azallariga bog‘langan muxammaslari poetik ohangi, romantik pafosi, nafosati, yangi zamonga mosligi bilan diqqatga sazovor.

Aytaylik, Alisher Navoiy g‘azallariga bog‘langan muxammaslardagi badiiylik darajasi, ohorli so‘zlar qo‘llash mahorati, lirik qahramon tuyg‘ularini Navoiyga xos talant yo‘nalishida berishga intilgani muallif yutug‘idir. Bir shoirning boshqa bir shoirga muxammas bog‘lashi yoki biron g‘azaliga nazira yozishi, bu ham ijodiy bahs, musobaqaning bir ko‘rinishi. Lekin bu fikrni A.O‘tepbergenov muxammas bog‘lashda Navoiy bilan musobaqalashdi, unga tenglashdi yoki undan o‘tib ketdi, degan ma’noda qabul qilmasligingizni istardim. Adabiyot tarixida Navoiyga ijodiy ergashib naziralar, muxammaslar yozgan ijodkorlar juda ko‘p. Biroq ular orasida she’riyatda buyuk iste’dod sohibi egallagan cho‘qqiga chiqqani yo‘q hisobi. Abulqosim ham Navoiy g‘azallariga badiiy mahoratini sinash, chiniqtirish, tajriba orttirish maqsadida yondashgan. Ulug‘ shoir murojaat etgan mavzulardan, badiiy san’atlardan foydalanishda, lirik qahramonning ruhiyati iqlimlaridagi rang-baranglikni berishda Navoiy kashf etgan g‘oyaviy-estetik kontseptsiyalarga ergashgan. Ijodiy his qilib, faoliyatida foydalandi. U Navoiyning yigirmadan ortiq g‘azaliga muxammas bog‘ladi. Ba’zilarida “Abulqosim”, ayrimlarida “Jayxun”ni taxallus o‘rnida qo‘llaydi. Shoir g‘azallaridan birida yozadi:

Tәzim yet sen Әbilqasыm Әlisher Nao‘ayыg‘a,
Poeziya atlы sulыo‘dың basыnda jыg‘a yedi ol[5].

Boshqa bir g‘azali shunday yakunlanadi:

«Nao‘ayы bolmag‘anda Jayhun sen-she bolarma yediң?»
Degenlerge «haslan, haslan, yaq, yaq,» dep aytыp jurmen.

Ikki baytda ham shoirning Navoiy dahosiga ixlosi, ehtiromi, eng muhimi shoirlik taqdirida buyuk Navoiyning o‘rni mamnunlik ruhida aytilgan. Bu muxlislik, Navoiyga bir daryo mehr shoir muxammaslarida yanada go‘zal, yanada ta’sirli ifodalanadi. “Kelmadi” radifli g‘azal Navoiy lirikasining betakror namunalaridan biri. G‘azal ko‘p shoirlarga ilhom berdi. Unga o‘nlab muxammaslar bog‘landi, naziralar yozildi. Kuylar bastalanib, xonandalar repertuaridan joy oldi. Ajiniyoz bu g‘azal ta’sirida bir ajoyib she’r yozganiga yuqorida guvoh bo‘ldingiz. G‘azal Abulqosimni ham befarq qoldirmadi, g‘azalga muxammas bog‘lash istagini uyg‘otdi. Va yetti baytlik yaxshi bir muxammas yaratildi.

Jayhun ashыq bolsaң yeger, azab uqыbattan qashma,
Aңsatlыqta yar diydarы, shiyrin posa yoqdur xasla,
«Char deuan»dы qolg‘a alыp, ayralыq qosыg‘ыn basla,
Әy Nao‘ayы, sharap iship, өz keo‘liңdi өziң xoshla,
Seniң-aq, baxtыңnың bir, utыrы, payыtы. Kelmedi.

Navoiy g‘azali sevgi mavzusida. Oshiqning yor visoliga intizorligi, ma’shuqaning bevafoligidan noroziligi, shikoyat ruhi g‘azalda ustuvor. Bu g‘oya muxammasda ham yaxshi ochilgan. Muxammas misralari g‘azal baytlariga mantiqan payvandlangan. Biroq muxammasdagi kechinmalar, g‘azaldagi lirik qahramon to‘yg‘ularining takrori emas, balki ikkinchi bir lirik qahramonning hijroni, alami va iztirobidir. A.O‘tepbergenov g‘azaldagi oshiq va yor obrazlarini, ichki kechinmalarini o‘zicha yorita olgan. Navoiyning “Bo‘lmagay”, “Ko‘ring”, “Bo‘lgan emas”, “Naylayin”, “Ko‘rdim”, “Go‘zal yorga” radifli g‘azallariga yozilgan muxammaslar ham o‘quvchini qoniqtirishi mumkin. Masalan, muallifning “Bo‘lmagay” radifli muxammasida Navoiy g‘azalidagi lirik qahramonning ruhiy holati, oshiq, yor ramzlari, sevgi-sadoqat mavzusi Abulqosim qalamida individual mazmun va ohangda berilib, shoirning badiiy-estetik tafakkuri darajasida talqin etiladi.

Alisher Navoiy va qoraqalpoq adabiyoti haqida gapirganda shoir asarlarining tarjimalariga ham to‘xtab o‘tish lozim. Qoraqalpoq xalqining Navoiy merosi bilan tanisha boshlagan yillari oktyabr to‘ntarishidan ancha ilgarigi davrga to‘g‘ri keladi. Berdaqning “Navoiydan savod ochdim” deb yozganiga qaraganda yoki Ajiniyozning Navoiy lirikasi ta’sirida muxammaslar bitganini nazarda tutsak, Navoiy asarlari ancha ilgari hozirgi Qoraqalpog‘iston hududida dastlab qo‘lyozma shaklida tarqagan, eski maktab-madrasalarga shu shaklda kirib borgan. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridan e’tiboran, shoir she’rlarini rasman qoraqalpoq tilida jamoatchilikka yetkazishga kirishilgan. Qoraqalpoq olimlari bergan ma’lumotlarga asoslansak, 1937-1940 yillarda M.Dariboyev, A. Shomuratov, J.Aymirzayev, N.Japaqovlar shoirning bir necha g‘azallarini, “Farhod va Shirin” dos­tonidan parchalarni qoraqalpoq tilida matbuotda e’lon qildilar. 1968 yilda Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni qoraqalpoq sahnasida ko‘rsatilgani haqida o‘sha davrning matbuoti yozib chiqdi. 1939 yilda esa shoirning “Chor devon”idan turkum g‘azallar, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonining ba’zi boblari kitob shaklida bosildi. Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi Qoraqalpog‘istonda ham nishonlandi. Shu munosabat bilan shoirning g‘azallari, “Hayrat ul-abror” dostonidan namunalar B.Qaypnazarov tarjimasida nashr etildi.

Alisher Navoiy merosi bilan qoraqalpoq kitobxonlarini tanishtirishning keyingi bosqichi 1960-1970 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu davrda yangi tarjimonlar avlodi yetishdi. M.Matnazarov tarjimasida  “Sab’ai sayyor” dostoni bosildi. 1977 yilda Navoiyning bir dasta g‘azallarini D.Aytmurotov qoraqalpoqchalashtirdi. 1991 yilda tarjimon ushbu kitobni yangi tarjimalar bilan to‘ldirib, kayta chop ettirdi. Navoiyning bir yuz o‘ttizga yaqin g‘azallari, hikmatlaridan namunalar, shuningdek, “Hayrat-ul abror”, “Layli va Majnun” dostonlaridan boblar tarjimasi ham ushbu to‘plamga kiritilgan. “Saylanma” kitob Navoiyning hozirgacha qoraqalpoq tilida e’lon qilingan tarjimalarining nisbatan to‘liqrog‘i. 1991 yilda Toshkent nashriyotlaridan birida, shoir tavalludi munosabati bilan yana bir tarjima kitob – “Baqo guli” nashr etildi. To‘plam Navoiyning dunyoning bir necha tillariga o‘girilgan g‘azallaridan iborat. Kitobdagi shoirning o‘nta g‘azalining qoraqalpoqcha tarjimasi taniqli shoir Sh.Ayapov qalamiga mansub.

Shoir merosiga qiziqish o‘tgan asrning 20-30 yillaridan boshlangan. Taniqli olimlar, hatto shoir va yozuvchilar ham bu mavzu bilan shug‘ullangan. Maqolalari bilan matbuotda qatnashib turgan. J.Aymirzayev, A.Begimov, N. Davqarayev, M.Daribayev, N.Japaqovdek atoqli olimlar va adiblarning Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan, matbuotda bosilgan maqolalari o‘z davrida adabiyot ixlosmandlarini shoir ijodi bilan tanishtirishda ko‘prik bo‘ldi. Adabiyotshunos olimlarning keyingi avlodi ham Navoiy merosini o‘rganish an’anasini to‘xtatgani yo‘q. Turkum maqolalar, ilmiy ishlar yuzaga keldi. Biz bu o‘rinda I.Sag‘itov, A.Murtazayev, Q.Maqsetov, K.Mambetov, H.Hamidov, Q.Jarimbetov kabi olimlarning Qoraqalpog‘istonning gazeta-jurnallarida turli yillarda bosilgan maqolalari, nashriyotlarda chop etilgan risolalarini nazarda tutmoqdamiz. Hozir qoraqalpoq navoiyshunosligi alohida yo‘nalish sifatida shakllanib bormoqda desak, xato bo‘lmas. Professor K.Mambetovning Sharq adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiy ijodini qoraqalpoq adabiyoti bilan kiyosiy o‘rgangan qator maqolalari, “Navoiy va qoraqalpoq adabiyoti” (1991), “O‘zbek va qoraqalpoq adabiy aloqalari” (1992) risolalari va boshqa olimlarning tadqiqotlari shunday xulosaga kelishga asos beradi. Ushbu satrlar muallifi ham O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston matbuotida mavzuga doir bir necha ilmiy maqolalar e’lon qildi. “Ko‘ngil bermish so‘zimga” (1992) nomli monografiyamning bir bobi shu mavzu tahliliga bag‘ishlangan.

Fikrimizga xulosa qiladigan bo‘lsak, qoraqalpoq shoir va yozuvchilari, olimlari, tarjimonlari Alisher Navoiyni yuksak qadrlaydi, ijodini mehr bilan o‘rganadi, asarlarini tarjima qilishni ulkan martaba deb bilishadi. Bu an’ana asrlar osha davom etishi, shubhasiz. Chunki, qudratli she’riyati, olamshumul gumanistik g‘oyalari bilan bir emas, bir necha adabiyotlarga beqiyos hissa qo‘shgan bunday siymolargina mana shunday e’zozga munosib ko‘riladi.

 «Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-son

_____________________

[1] Berdaq. Saylandы shыg‘armalarы. – Nөkis, 1997. – B.42.

[2] Qaraqalpaq әdebiyatы tariyxы. – Nөkis, 1983. – B.101.

[3] Berdaq. Saylandы shыg‘armalarы. – Nөkis, 1997. – B.42.

[4] Qaraqalpaq әdebiyatы tariyxы. – Nөkis, 1983. – B.101.

[5] Өtepbergenov A. Shax shayыrlar menen. – Nөkis, 2014. – B.11.