Mixail Chexov garchand umrining o‘ttiz yetti yilini chet ellarda o‘tkazgan bo‘lsa-da, teatr san’ati sohasidagi amaliy va nazariy bilimlarini Konstantin Sergeevich Stanislavskiy kashf etgan “sistema” (uslub) asosida o‘zlashtirdi, ustoziga hurmat va e’tiqodi umrining oxiriga qadar so‘nmadi.
K.S.Stanislavskiy bilan M.Chexov tarbiya topgan muhit butkul o‘zgacha edi. Stanislavskiy o‘ziga to‘q oilada tarbiya ko‘rdi. Oila a’zolari yosh Konstantinning barcha xohishlarini muhayyo qilishar, hatto unga kichkina “oilaviy teatr” ham ochib berishgandi. Stanislavskiy Vladimir Nemirovich Danchenko bilan Moskva badiiy teatri (MXT)ni tashkil etdi. O‘z davrining yetuk artistlarini shu teatrga taklif etib, ular davrasida kamolga yetadi.
Mixail Chexov esa o‘z mehnati va qobiliyati tufayligina katta sahnaga yo‘l oladi. U 1891 yilda Sankt-Peterburgda tug‘iladi, 1907 yilda Peterburgdagi Suvorin teatr-studiyasiga o‘qishga kiradi. Peterburgdagi gastrol safari chog‘ida M.Chexov mahorati bilan tanishgan Stanislavskiy uni Moskva Badiiy teatriga ishga taklif etadi. Bu yerda u Ye.Vaxtangov bilan tanishadi. Ikki yoshni teatr san’atiga oshuftalik do‘stlashtiradi. Vaxtangov “sistema” bo‘lg‘usi aktyorlarga boshlang‘ich ta’limot sifatida zarur, ammo aktyor o‘z yo‘lini topishi kerak”, deb hisoblardi. M.Chexov ham uning qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bora-bora Moskva Badiiy teatridagi yoshlar safi kengayadi, o‘z yo‘llari, ijrochilik maktablarini yaratishga intiladilar. Yoshlardagi g‘ayrat-shijoat Stanislavskiyni “Yoshlar studiyasi”ni tashkil etishga undaydi. Bu studiya keyinchalik mashhur Vaxtangov teatriga asos bo‘ldi.
Vaxtangov va Chexov o‘z hayotiy tajribasidan emas, tasavvurdan ilg‘aydi timsolni. Qahramon qiyofasini tevarak-atrofdagilardan qidiradi. Gotstsining “Malikai Turandot” spektakli uchun Ye.Vaxtangov topgan rejissyorlik yechimi hamda ijrochilik uslubi Moskva Badiiy teatrining realistik uslubidan tubdan farq qiladi. Vaxtangov uslubiga hozirgi kunga qadar qator teatrlar, shu jumladan, O‘zbekiston yoshlar teatri barcha spektakllarida murojaat qiladi. Vaxtangovning bevaqt o‘limidan keyin M.Chexov o‘ziga hamfikr topa olmaydi. Judolik, ma’naviy yolg‘izlik uni Yevropaga yetaklaydi va o‘z nazariyalarini amaliyotga tatbiq etadi.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillariga kelib, Yevropada, ayniqsa, Rossiya teatr olamida Mixail Chexov nomi tez-tez tilga olinar, uning ijodi ko‘proq yosh rejissyorlar e’tiborini ohanraboday tortar edi. Inchunun, O‘zbekistonda Chexov shaxsiga qiziqish, uning merosini o‘rganish Ergash Masofayev ijodida yangicha ko‘rinish oldi. U aktyorlar nutqidan Stanislavskiyning mashhur “Agarda men” iborasini siqib chiqarishga, o‘rniga “Agarda u” iborasini qo‘llashga urindi.
K.Stanislavskiy “sistema”si bilan M.Chexovning “Aktyor texnikasi” o‘rtasida qanday tafovut bor? Ma’lumki, hayotiy haqiqat va badiiy haqiqat o‘rtasida sezilarli farq mavjud. Badiiy haqiqat hayotiylikning ijodkor tasavvurida qayta jonlangan ko‘rinishi. Ijodkor – rassom, kompozitor, haykaltarosh, yozuvchi, rejissyor, aktyor – borliqni istak-xohishi, oldiga qo‘ygan maqsadi, ilgari surgan g‘oyaga ko‘ra talqin etadi. Ikki ijodkor usulidagi farq shuki, K.Stanislavskiy “sistemasi”da tabiiylikka, hayotiylikka ko‘proq intilgan bo‘lsa, Mixail Chexov “maktabi”da badiiylikka intilish kuchliroq.
Stanislavskiy “Aktyorning o‘z ustida ishlashi”[1] asarida aktyordagi tug‘ma qobiliyat va uni sayqallash yo‘llarini nazariy jihatdan isbotlashga harakat qiladi. Kitobda, tabiiy hissiyot, psixotexnika, ruhiyat, tuyg‘u hamda “agarda men shunday sharoitga tushib qolsam nima qilgan bo‘lar edim?” tarzidagi savol orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin degan tavsiya beriladi. Kitobda shuningdek, maqsad, oliy maqsad va yetakchi xatti-harakat bir-biri bilan uzviy bog‘liqligi ilmiy-nazariy jihatdan isbotlanadi. Mazkur “sistema” bo‘yicha aktyor berilgan rol ustida o‘zining ichki his-tuyg‘ularini holatga va ayni paytda harakatga keltira bilishi, buning uchun ishni o‘zidan, ichki imkoniyatlarini ishga solishdan boshlashi lozim. Stanislavskiy sistemasining asosiy mohiyati “KEChINMA” va “TAQLID” bo‘lib, “Mening san’atdagi hayotim” hamda “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” kitoblari ayni shu masalaga bag‘ishlangan.
Bu haqda muallif shunday yozadi: “Mening san’atdagi hayotim” nomli nashrdan chiqqan kitobim shu asarning birinchi tomi, ya’ni muqaddimasidir. “Kechinma” ijodiy protsessida “O‘z ustida ishlash” nomli ushbu kitob esa shu asarning ikkinchi tomidir. “Yaqin orada uchinchi tomni yozishga kirishaman. Unda “Obrazga kirish” ijodiy jarayonida “o‘z ustida ishlash” haqida gap boradi. To‘rtinchi tomni “rol ustida ishlash”ga bag‘ishlayman”. (Afsuski, uchinchi va to‘rtinchi jildlarni yozish uchun muallifning umri yetmay qoladi).
Stanislavskiyning butun ijodi davomidagi oliy maqsadi – aktyor tabiatida ixtiyorsiz ijod qo‘zg‘atish yo‘llarini izlab topish edi. Mixail Chexov esa rol ustida ishlashning dastlabki onlaridanoq aktyor o‘ziga topshirilgan rolning tashqi qiyofasi, xulq-atvorini qidirishi kerak degan g‘oyani ilgari suradi. Uning fikricha, biz sahnada o‘zimizni emas, aksincha, tasavvurimizdagi qahramon timsolini yaratamiz. Chexov uchun ijodiy ilhom muhim hisoblansa, Stanislavskiy ijodiy ilhom “sistema”ni o‘zlashtirgan aktyorda o‘z-o‘zida paydo bo‘luvchi hissiyot deb sanaydi.
Stanislavskiyning 1932 yilda Berlinga qilgan safari chog‘ida M.Chexov bilan so‘nggi uchrashuvi masalaga yanada oydinlik kiritadi. Bu tarixiy uchrashuv Berlin shahridagi Kurfyurstendam qahvaxonasida kech soat beshdan ertalabki oltiga qadar davom etadi.
Uchrashuv chog‘ida Stanislavskiy hali tugallanmagan “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” kitobidan ayrim boblarni Chexovga o‘qib beradi.
Stanislavskiy aktyor hayotidagi voqea va hodisalarga diqqatini to‘plasa, kutilgan natijaga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi. M.Chexovning fikricha, haqiqiy hissiyotlar aktyor tasavvuri va fantaziyasi orqaligina paydo bo‘ladi. Aktyor boshidan kechgan-kechirganlariga kamroq nazar solsa, unda yaratish imkoniyatlari ko‘payadi. Uning qalbi shaxsiy hissiyotlardan tozalanadi va yangi hissiyotlar bilan boyiydi. Aktyor mudom shaxsiy tuyg‘ularga tayanar ekan, ko‘p o‘tmay unda asabiy zo‘riqish va nomutanosiblik kuchaya boradi.
Stanislavskiy nazariyasi bo‘yicha, “Otello” rolini ijro etayotgan aktyor hamisha o‘zini Otello tushib qolgan shart-sharoitda ko‘rishi va his qilishi lozim. Biroq Chexov fikricha, Otello rolini o‘ynayotgan aktyor o‘zligini unutishi hamda Otello vaziyatiga tushgan boshqa odamning ahvol-ruhiyati, atrofidagilarning unga munosabatini tasavvur orqali yaratishi kerak. Shundagina aktyor tasavvuri yanayam alanga oladi va ilhom bulog‘i qaynab-toshadi.
Garchand ikki suhbatdosh bir-birini kiprik qoqmay tinglagan esalar-da, har ikki teatr islohotchisi o‘z fikrida muqim qoladi.
Kezi kelganda, bir voqeani eslab o‘taylik.
MXAT teatrida “Revizor” spektaklining repetitsiyasi edi[2]. I.M.Moskvin, O.L.Kniper-Chexova hamda Mixail Chexov (Xlestakov) sahnada. Ayni repetitsiya avjiga chiqqan paytda aktyorlar so‘zini adashtirib yuboradilar. Shu tobda tomosha zalida o‘tirgan Stanislavskiy repetitsiyani to‘xtatadi va mazkur sahnani ustma-ust o‘n uch marta takrorlashni buyuradi. Aktyorlar o‘zlari ijro etayotgan parchani o‘n uch bor qaytarishga majbur bo‘ladilar. Nazariy jihatdan Stanislavskiy haq edi: aktyor muallif matnini buzishga haqqi yo‘q. Ammo… Oradan ko‘p o‘tmay Stanislavskiyning o‘zi sahnaga ko‘tariladi va hokim rolini o‘ynay boshlaydi. O‘zi sezmagan holda ustoz tasavvurga zo‘r berib, badihaga kirishib ketadi. Natijada rejissyor sifatida o‘zi talab qilayotgan holatdan o‘zi ham tashqariga chiqadi. Uning ijrosi shu qadar jozibali, ishonarli bo‘lganidan hech kim uni to‘xtatmaydi. “Revizor” spektakli sahna yuzini ko‘rgach, Stanislavskiy Chexovning sahnadagi topilmalaridan qotib-qotib kuladi.
Stanislavskiy uchun teatrda ikki dunyo, ikki muhit mavjud edi. Bu sahna va undan tashqaridagi tomoshabinlar dunyosi. Aktyor o‘z rolini ishonarli, qoyilmaqom ijro etsa, tomoshabin o‘z-o‘zidan unga ergashadi, u bilan his-xayajonga beriladi va aktyor iztiroblariga hamdard bo‘ladi.
Mixail Chexov uchun esa teatr – aktyor va tomoshabin birligi, aktyorning asosiy vazifasi – tomoshabinni qiziqtira bilish. U “Sahnadagi nimaiki bor – tomoshabin uchun!” degan aqidaga bir umr amal qilib o‘tadi. “Shundagina tomosha-teatr paydo bo‘ladi”, – deydi. M.Chexov har safar yangi rol ustida ish boshlar ekan, ishni o‘zi yaratmoqchi bo‘lgan timsolning tashqi qiyofasini, yurish-turishi, xulq-atvorini, qog‘ozda aks ettirar, so‘ng grim yordamida o‘sha qiyofani yaratishga intilardi. “Gollivud” kinostudiyasi aktyorlari hozirga qadar Mixail Chexovga “Gollivud aktyorlarini tayyorlash ustaxonasi” deya ta’rif berishlari bejiz emas.
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son
[1] Konstantin Sergeevich Stanislavskiy. Aktyorning o‘z ustida ishlashi. (T.Xo‘jayev tarjimasi). –T., 1965.
[2] Morozov A. Tragediya xudojnika. –M.: “Molodaya gvardiya”, 1971.