Insoniyat azaldan tabiat kuchlarining mohiyatini anglash, ularni o‘ziga bo‘ysundirish, ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tushunishga harakat qilib kelgan. Qolaversa, barcha xalqlar jamiyatda doim adolat, baxt-saodat, to‘kin-sochinlik bo‘lishini orzu qilganlar. Bu ezgu niyatlar, ayniqsa, ertaklarda turlicha ifodalangan. Ularda millat odob-axloqi, ishonch-e’tiqodi, urf-odati, psixologiyasi, o‘ziga xos tarixi va milliy koloritining badiiy aksini ko‘rish mumkini.
Ertaklar insoniyat tarixiy va hayotiy tajribasining natijasida vujudga kelgan og‘zaki ijod mahsuli bo‘lib, mahoratli va ta’sirchan ijro davomida o‘zining turli tovush tovlanishlarini namoyish etadi. Ertak ijrochilarining badihago‘ylik mahorati va an’analarini o‘rganish folklorshunoslikda muhim ahamiyatga ega. Xalq og‘zaki ijodida ijro mahoratining ahamiyati haqida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilgan. Shunga qaramay, xalq ertakchisi repertuari va ertak ijrosi an’analarini o‘rganish borasida hali ko‘p tadqiqotlar olib borilishi lozim.
Tadqiqotchi olim A.I.Nikiforov shunday yozadi: “Vizantiyada “mim”, arablarda “kussas”, Yevropada jonglyor, Turkiyada qissaxon yoki maddoh, armanlarda “ashug”, malaylarda “tog‘dagi tasalli” (penglipur-lara), Yoqutistonda “olongxosutom”[1], qozoqlarda yertekshi, tatarlarda xikeyatchi va o‘zbeklarda ertakchi nomini olgan kishilar qadimdan ertak ijrosiga jiddiy munosabatda bo‘lishgan.
O‘tmishda ertaklar asosan qish faslida ish-yumushlar kamaygan davrda, kechki paytda salohiyatli va ma’lum iqtidorga ega ijrochilar tomonidan aytilgan.
O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasida ertakchiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Ertakchi – ertak aytuvchi, hikoyachi. Repertuaridagi ertaklar xarakteri va hikoya qilish uslubiga ko‘ra ertakchilar bir-biridan farq qiladi: ular ijrochi va ijodkor ertakchilarga bo‘linadi. Birinchisi o‘zi eshitgan ertakni aynan takrorlaydi. Ijodkor ertakchilar esa o‘zi eshitgan, o‘rgangan ertaklarni orttirma-bo‘rttirma ta’sir vositalari, sifat va qiyoslar bilan ularga yangiliklar kiritadi, ertakka ijodkor sifatida yondashib, an’anani buzmagan holda, yangi motiv va epizodlar qo‘shadi, o‘z didi, aktyorlik qobiliyati bilan ertak ruhini tinglovchilar saviyasi va talabiga moslab o‘zgartiradi” (T., 2005. 10-jild, B. 261).
Xalq og‘zaki ijodining boshqa janrlariga qaraganda ertak millatning milliy koloritini ko‘proq ochib beradi. Ertakdagi milliy xususiyatlarni ochib beruvchi asosiy element bu – tildir. O‘zbek xalq ertaklarining tili jonli xalq tilidir. U maqollarga, turli qochirim va badiiy tasvir vositalariga boy. Bundan tashqari, ertaklarda o‘sha mamlakatning hayvonot va nabotot olami ham o‘z aksini topadi. Issiq mamlakatlar xalqlarining ertaklarida yo‘lbars, maymun, timsoh va fil kabi hayvonlarni, shimol xalqlari ertaklarida esa oq ayiq, bug‘u singari hayvonlarni uchratish taajjubli hol emas. Ertaklarda milliy turmush ashyolari, kiyimlari, rasm-rusmlarni ham uchratamiz. Masalan, Madagaskar ertaklari orasida qahramonlik va jangovar mavzudagi ertaklar deyarli uchramaydi, sababi ular orolda yashovchi xalq bo‘lgani uchun ularning tarixida janglar bo‘lmagan.
Har bir ertakda o‘zi yaratilgan makon va zamonning “hid”i kelib turadi. Ertaklar poetikasida ham hududlardagi o‘ziga xoslik ko‘zga tashlanadi. Masalan, Farg‘ona vodiysi ertaklarining zachin qismi so‘z o‘yiniga boyligi, so‘zlar va tovushlarning taqlidga moyilligi, jarangdorlik, musiqiylik va emotsionallik kabi xususiyatlari bilan ajralib tursa, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalarida ko‘pincha zachin juda qisqa jumlalardan tuziladi. Ertakchilar repertuarini hududiy-geografik nuqtai nazardan o‘rganishda voha hamda vodiyda ertakchilik an’analari turlicha bo‘lganini va bu o‘z navbatida qadimda ertakchilik maktablari mavjud bo‘lganini bildiradi. Buni xalq ijodkorlarini jonli jarayonlarda kuzatgan folklorshunos olim M.Murodovning quyidagi so‘zlari ham tasdiqlaydi: “O‘zbekistonning turli joylarida ertakchilarning o‘ziga xos maktablari bo‘lgan. Ularda ustoz-shogird tayyorlashdan tortib, ertakka chuqur hurmat bilan qarash, unga e’tiqodda bo‘lish, ertakni o‘rganish, aytish kabi ertak, ertakchi shaxsi va ertak aytish san’ati bilan bog‘liq bir qator masalalar ishlab chiqilgan. Bu sohadagi yutuqlar umumlashtirilib, kamchiliklar ro‘y-rost ochib tashlangan”. Shuningdek, Xorazm ertaklari genezisini o‘rgangan folklorshunos olim J.Yusupov ham ijro usuli, syujet tarkibi, motivlar tuzilishining o‘ziga xosligiga ko‘ra ertaklarni geografik hududiy tiplarga bo‘lib o‘rganish kerakligini, chunki har bir ertakchilik maktabi o‘zining ijrochilik an’analari, epik bilimi va ijtimoiy-estetik printsiplarga asoslanganini ta’kidlab o‘tgan[2].
Ertakchilik an’anasiga muvofiq, ertak eng qiziqarli nuqtasiga kelib qolganiga qaramay, tong otgan zahoti uni aytish to‘xtatilgan. Xususan, sehrli-fantastik ertaklar ijrochiligida bunga qat’iy amal qilingan. Sababi, sehrli-fantastik ertaklarda mavjud dev, pari, shayton singari qorong‘ulik olamining mavjudotlari yorug‘lik olamiga chiqib, insonlarga, ayni paytda ertak tinglovchilariga ziyon-zahmat yetkazishlari mumkin, degan e’tiqod tufayli shunday yo‘l tutilgan. Bu haqda folklorshunos olim Malik Murodov “Ijod durdonalarini izlab…” nomli kitobida shunday yozadi: “…Mahallamizda juda qartaygan bir ertakchi kampir bo‘lardi. Otini Tilla buvi deyishardi, ertak aytishga juda usta edi. Biz ko‘pchilik bo‘lib, uning uyiga borib, sandalda o‘tirib, allaqancha vaqtga qadar ertak eshitar edik. Momo ertak aytayotib dam kular, dam xirillar, dam yig‘lamsirardi. Ertakdagi devlar, parilar, makkoralarga muqoyasa qilardi. Tag‘in devlar, parilar, jodugarlar, ajdarlar kirib kelmasin, sizlarni qo‘rqitmasin, ziyon-zahmat yetkazmasin, deb o‘choqqa olov yoqib qo‘yar edi. Ertakda nomi tilga olingan dev, ajdar, parilar tutun chiqib turmagan mo‘ridan tushar emish, tutun burqsirab tursa, yovuz kuchlar uyga kira olmas emish”.
Keltirilgan iqtibosdan, ertak ijrochiligida sehrli kuch mavjud degan fikr anglashiladi. Xususan, qorong‘ulik ertaklar olamiga xos sirlilikni kuchaytiruvchi omil hisoblangan. Ertakning kechqurun aytilishi an’anasiga aslida ana shu e’tiqod asos bo‘lgan deyish mumkin. Faqat sehrli-fantastik ertaklar ijrosiga xos bu an’ana bora-bora maishiy-hayotiy ertaklar ijrochiligida ham qo‘llana boshlangan. Bu fikrni “Ming bir kecha” arab xalq ertaklarining afsonaviy ijrochisi Shahrizoda nomidan aytilgan mashhur ertaklar silsilasi ham tasdiqlaydi. Zero, Shahrizoda o‘z repertuaridagi ham sehrli, ham majoziy, ham maishiy-hayotiy ertaklar aytishni asosan kun botgach boshlab, tong otgach to‘xtatgan.
“Sharq xalqlarining muayyan turdagi qadimiy ertaklari negizida ijtimoiy marosim mavjud bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, ertak aytish vaqtidagi tabular yoki ertakdagi sehrli kuchlarga ishoradir. Seylon orolidagi singallar hozirgi vaqtda ham Vesak bayramida ibodatxonada Buddaning tug‘ilishi haqidagi hikoyalarni tinglashadi. Afrikaliklar ertakdagi magik kuchga qattiq ishonishgan. Ertak faqat tunda, uyning ichida erkaklardan iborat jamoaga aytilgan. Ayollar tashqariga chiqarib yuborilgan. Ertak aytib bo‘lingach, undagi sehrli kuchlar sharafiga maxsus jonliq – qo‘y yoki echki so‘yilgan. Agar ushbu marosim o‘tkazilmasa, ertakchining hamma oila a’zolari o‘ladi, degan e’tiqodiy qarash mavjud bo‘lgan. Yevropa xalqlari, xususan ruslarda, ertak aytishda hech qanday ijtimoiy marosim an’analari yoki magik kuchlar ta’siri sezilmaydi. Ammo ularning ba’zi bir turlari, ayniqsa miflarda, nafaqat estetik, balki ibratomuz maqsad ko‘zlangan. Keksalar diniy marosimlar paytida dunyoning yaratilishi haqidagi mif va afsonalarni so‘zlab berganlar. XVII asrda janubiy Rossiya cherkovlarida dinni targ‘ib qilish maqsadida ko‘plab mif-ertaklardan foydalanilgan”[3].
Folklorshunos N.Roshiyanuning ta’kidlashicha, ertakchilik an’analariga ko‘ra, professional ijrochi o‘zidan avvalgilar yaratib ketgan uslubiy fondan chetga chiqmasligi, millat tilidagi o‘zgarmas formulalar va stereotipli iboralarni butunligicha olishi, ularga “adabiy ishlov” bermasligi zarur. Olim shu bilan birga, aka-uka Grimmlar xalqdan yig‘ilgan materiallarga “ko‘ylak” kiydirgan bo‘lsalar-da, ularning tili xalqqa juda yaqinligini, rus folklorshunosi Afanasevning ertaklar tiliga “aralashuvi” uning “ob-havo”siga kam ta’sir qilganini qayd etib o‘tadi. Ularning ertak uslubiga “qalam urishi” dunyodagi boshqa ertak yig‘uvchilarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bizningcha, ertakchilik an’analarini o‘rganish, ertaklarni yig‘ish va ularni nashr etishda adabiy tilning ta’sirini oshirib yubormaslik kerak.
Professional ertakchilarning aksariyat qismini, xuddi doston ijrochilari kabi, erkaklar tashkil etgan. Sababi ular shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib repertuarlarini boyitib borganlar va o‘zlariga munosib shogirdlar tayyorlashgan. “Ertakchilar bozorlarda, choyxonalarda, karvonsaroylarda xurjunini ko‘tarib, biror eski kitobni ro‘moliga tugib olib, odamlarni to‘plab, kishilar biroz bo‘lsa ham gapga quloq solgan paytlarda darhol o‘rtaga tushganlar. Kishilarni goh diniy hikoyalar, goh o‘tmish voqealaridan bo‘lgan-bo‘lmagan so‘zlar aytib o‘zlariga qaratganlar” (G‘.Jahongirov, “O‘zbek bolalar folklori”, B. 36).
Usta ertakchilar ertak boshlashdan avval tinglovchilarni o‘ziga rom qilib, “sozlab” oladilar. So‘ngra ertakdagi voqealar jonlanib, personajlar harakatga kiradi, mahorat bilan qo‘llanilgan o‘xshatish, istiora, mubolag‘a va savol-javoblar ta’sirchan ohang sabab yanada kuchli joziba kasb etgan. Ertakchi ishlatgan qofiyali jumlalar, kichik she’riy parchalar ertakning ta’sir kuchini oshirgan. Zero, ertakchi voqelikni xuddi o‘zi ko‘rganday, guvoh bo‘lganday aytsagina, tinglovchini ishontira oladi. Ertakchi ijro davomida ijodkor – improvizatorga aylanadi. Undagi holatni bir aktyor teatriga qiyoslash mumkin. Tinglovchilarga ta’sir etishda ovoz, mimika, so‘z, intonatsiya va dramatik harakatlar juda muhim hisoblanadi.
Ertakchilikda ertak voqeasi bilan ohang, ijrochining harakatlari ajralmas birlikni tashkil qiladi[4]. Bir ertakchi tomonidan aytilgan ertak, boshqa bir ertakchi tomonidan to‘ldiriladi yoki qisqartiriladi, ba’zan yangi epizodlar bilan boyitiladi. Ertakchi o‘zi yashab ijod etgan sharoit va o‘zi mansub bo‘lgan ijtimoiy tabaqaning dunyoqarashini ifodalaydi. “Ertaklarning syujet va kompozitsiyasini keng va qisqa bo‘lishi ko‘proq ertakchining mohirligiga va hofizasiga ham bog‘liq. Agarda ertakchi ertakni bir necha yil davomida aytib, pishitib kelgan bo‘lsa, u ertakning syujeti va kompozitsion qurilishi puxta bo‘ladi. Ba’zi ertaklarning kompozitsiyasi bo‘sh, chunki ertakchi hali u ertakni pishiq va to‘la ravishda o‘rganib, o‘zlashtirib olmagan bo‘ladi. Yaxshi ishlangan ertaklarda butun mayda-chuyda detallar va tasvir etilgan voqealar to‘laligicha saqlangan bo‘ladi”[5].
Yuqoridagi iqtibosga misol tariqasida “Susambil” ertagidagi joy tasvirini olishimiz mumkin. Ertakda “Susambil juda ham keng, bepoyon bir joy ekan. Havosi juda tiniq, narigi yoqda ulkan tog‘ bo‘lib, uning shabadasi doim g‘irillab kelib turar ekan. Yerda ko‘m-ko‘k chaman ko‘katlar, bedalar yashnab yotibdi. Bir yoqda bug‘doy arpalar; bir yoqda qovun-tarvuzlar pishib yotibdi, bir tarafda ketgancha bog‘. Unda uzum, anjir, o‘rik, shaftoli va turli-tuman mevalar pishib, taglariga to‘kilib yotibdi. Ariqlar to‘la, oppoq sutday suvlar sharqirab oqib yotibdi” kabi tabiat tasviri batafsil bayon etilgan.
Folklorshunos olim M.Afzalov “O‘zbek xalq ertaklari haqida” nomli monografiyasida: “O‘zbek ertaklarining tili nihoyatda boy, sodda va shirali ekanligi bilan tinglovchini o‘ziga jalb etadi. Ertaklarda arabcha, forscha so‘zlar kam uchraydi. Buning sababi ertakchilarning ko‘pchiligi ertakni o‘z ustozlaridan og‘zaki yo‘l bilan o‘rganganliklaridandir. Biroq ertakchilar orasida savodlilari ham borki, ular og‘zaki yo‘l bilan o‘rganishdan tashqari, turli qissa, ertak to‘plamlarini o‘qib o‘rganish asosida o‘z repertuarlarini boyitganlar. Shuning uchun bu tipdagi ertakchilar aytgan ertaklarda arabcha, forscha va kitobiy iboralar ko‘proq uchraydi”, deya ta’kidlab o‘tgan.
Yuqoridagi fikrlardan, ertakchilik faqat erkaklar orasida keng tarqalgan, ayol ertakchilar bo‘lmagan, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Ayollar ertakchiligi mavjudligini rus folkloristi va etnografi N.E.Onchukov ta’kidlab o‘tgan[6].
Darhaqiqat, ayollar ertak, yor-yor, chiston va boshqa aytimlarning ijodchilari, ijrochilari bo‘lishgan. “Ular shaharga ish, non qidirib yoki uzoq joylarga o‘roqchilikka ketgan erlarining uyda yo‘qligini bildirmay, bir parcha non bilan bolalariga bo‘lsa yovg‘on go‘ja, bo‘lmasa jiyda, turshak yedirib, uzoq qorong‘u kechalarda, sovuq qish kunlari tanchalar, o‘choq-gulxan chetida ajoyib va g‘aroyib ertaklarni aytib ovutganlar” (G‘.Jahongirov, “Bolalar ertaklari”, T.: 1972).
To‘g‘ri, ularning repertuari unchalik ham boy emas, ammo hajman kichik ertaklarni bola ongiga yetkazishda ayollar ertakchiligi serta’sir va samarali bo‘lgan. Bunday ertakchilarining repertuarida didaktik xarakterdagi ertaklar ko‘p uchraydi. Oila ertakchilari bolalar psixologiyasini yaxshi bilganligi uchun ularga individual yondashishgan. Shuning uchun ham ular bolalarning yosh xususiyatlari, ertak aytilayotgan paytdagi sharoit va eshituvchilar talabiga qarab bir ertakni cho‘zib – kattaroq, yoki kamaytirib – kichikroq qilib aytishgan. Ta’kidlash lozimki, professional ertakchilarning yetishib chiqishida aynan uydagi ayol ertakchilarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Xalq ertakchisi Abdug‘ofur Shukurovning ona tomondan momosi ikki ko‘zi ojiz bo‘lib, juda ko‘p ertaklar, afsona, rivoyat va xalq qo‘shiqlarini bilgan. Uning onasi Saodat Ibrohim qizi ham o‘z davrining usta ertakchisi bo‘lgan. A.Shukurovning e’tiroficha, u o‘zi yaxshi bilgan 50 dan ortiq ertakni onasi va momosidan o‘rgangan. Chunki bu ikki ayolning bilgan ertaklari ko‘p bo‘lib, u bu xazinanning bir qisminigina yodida saqlagan, xolos[7].
Shuningdek, yana bir professional ertakchi Nurali Nurmatning onasi g‘ayratli, ishchan, uddaburon xotin edi. Hattoki ro‘zg‘ori ichida bir chaqaga arziydigan asboblari bo‘lmasa ham, o‘z mehnati, g‘ayrati, uddaburonligi orqasidan bolalarini voyaga yetkazgan. Bundan tashqari u xushchaqchaq, xushtabiat quvnoq bir ayol edi. Tunning uzoq kechalarida o‘z yetimlarini yoniga olib, turli yo‘llar bilan ularni ovutib, ko‘ngillarini ochish niyati bilan ota-bobolaridan eshitgan o‘tmish voqealardan hikoya qilib berar, cho‘pchak aytib berib, ularni ko‘nglini olar edi. Bolalarning orasida to‘ng‘ichi ziyrak zehnli o‘g‘li Nurali onasi aytgan hikoya cho‘pchaklarni qiziqib tinglar va ularni uqib olib chalakam-chatti bo‘lsa ham o‘z tengi bolalarni yig‘ib ularga aytib berar edi[8]. Ayollar ertakchiligi an’analarini bugungi kunda ham oilalarda kuzatish mumkin.
“Ertaklarning badiiy asar darajasiga yetishi va avloddan avlodga o‘tib kelishida nomlari bizga noma’lum bo‘lgan yuzlab xalq ertakchilarining xizmatlari katta bo‘lgan. O‘zbek xalq ertakchilaridan qo‘qonlik Hamrobibi Umarali qizi ko‘proq qahramonlik, namanganlik Hasan Xudoyberdi o‘g‘li sehrli, yangiqo‘rg‘onlik Haydar Boycha o‘g‘li hayvonlar haqidagi, qo‘qonlik Nurali Nurmat o‘g‘li maishiy, marg‘ilonlik Rasulov Husanboy sehrli sarguzasht, qashqadaryolik Shukurov Abdug‘ofir mardlik va qahramonlik mazmunidagi ertaklarni ijro etishgan” (O‘zb.mil.ents., 2005, 10-jild. B.261). Ular repertuaridagi ertaklar xalq orasida keng tarqalgan.
Har bir ertak matni uning jonli og‘zaki an’analarda yashagan “hayoti”ning bir qismidir, xolos. Zero, folklorshunos olim M.Murodov ta’kidlaganidek: “Ertak yozib olinayotganda uning ijrosi jarayonidagi ertakchining holati, badihago‘yligi, xatti-harakatlari, auditoriyaning ertak va ertakchiga munosabati, ertakdagi tovushlar tovlanishi, traditsion ranglar, musiqiylik, taqlidiy holatlar va boshqa bir qator poetik vositalar o‘z-o‘zidan tushib qolishi tabiiydir. Har qanday folklor asarida bo‘lgani kabi ertaklarning o‘ziga xos qirralari va fazilatlari aksariyat hollarda jonli an’analarda yashashida, ya’ni ijroda namoyon bo‘ladi, bamisoli jilolanadi. Yozib olinayotgan yohud nashr etilayotgan tekstlarda bunday xususiyatlarga putur yetadi”. Chunki qog‘ozga tushgan matn qanchalik zo‘r bo‘lmasin, jonli jarayon emas. Demak, unda ertakning ijodiy ijro etilayotgandagi nafosati, jozibasi, latofati, ta’sir kuchi deyarli yo‘qolib, faqat quruq matnning o‘zigina saqlanib qoladi. Vaholanki, ertak o‘z ijrosi bilangina to‘laqonli san’atdir. Shunday ekan, “ertaklarni o‘qish bilan ularning anatomiyasini o‘rganish mumkin, biroq ertaklar olamidagi jonli hayotni o‘rganib bo‘lmaydi”[9].
Keyingi yillarda mutaxassis ertakchilar bilan muomala qilish imkoni bo‘lmagani sababli bu janrning og‘zaki ijrosi va matnni o‘qish o‘rtasidagi keskin farq haqida biror asosli fikr bildirishga ojizmiz. Ammo og‘zaki ijrodagi tovush tovlanishi, ayrim so‘zlarga beriladigan mantiqiy urg‘u, ijrochining xatti-harakatlari nazarda tutilsa, ertakning og‘zaki ijrodagi afzalligi yaqqolroq namoyon bo‘laveradi. Og‘zaki ijro ayni paytda ertakning ommalashuvida ham ijobiy ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir ertak ijro etilgani zahoti tinglovchilar orasidagi ma’lum iqtidorga ega shaxs tomonidan qayta hikoya qilinishi mumkin. Qayta hikoya qilayotgan ijrochi esa ertakni og‘zaki ijro etayotgani uchun har bir so‘z, jumlani o‘zgarishsiz takrorlash lozimligidan o‘zini xoli hisoblaydi. Natijada, asarning mazmuni, g‘oyasi, qahramonlari tavsifi asosan saqlangani bilan yangi ijrochi shaxsiy hayotiy kuzatishlarini, tajribalar xulosasini ifodalash imkoniga ega bo‘ladi.
Keyingi yillardagi ijtimoiy taraqqiyot xalq ertakchilik an’analariga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Hozirgi kunda an’anaviy ertak ijrosi va ertakchilik an’analarining qadimiy shakllari deyarli so‘nib bo‘ldi.
Bugungi ertakchilik sohasida bir qator muammolar: ertakchi shaxsiyati, uning o‘ziga xos ijrochilik san’ati haqida kuzatuvlarning kamligi; matndan tashqaridagi holat, ya’ni ertak aytishga tayyorgarlik, muhit, auditoriyaning psixologik holati va ertakchining ruhiy kayfiyati kabilarni yetarlicha o‘rganmaslik; ertak aytish jarayonidagi turli xil an’analar, rasm-rusumlar va irim-sirimlarga amal qilmaslik; ertakchilik an’anasini davom ettiruvchi ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘qolib borishi; folklorshunoslik sohasida printsipial ahamiyatga ega bo‘lgan professional ertakchilarning deyarli yo‘qligi; ertaklarning og‘zaki ijrodagi tovush tovlanishlari bilan jonli kuzatish imkoniyatining yo‘qolganligi kabilar yuzaga kelgan.
Filologiya fanlari nomzodi Bahodir Rahmonov ta’kidlaganidek, XX asr, ayniqsa uning ikkinchi yarmidagi o‘zgarishlar an’anaviy folklorning jonli ijro hamda ijodni izdan chiqarib yubordi. 30-40-yillardan boshlab qishloqda mexanizatsiya vositalari kirib keldi. Bu narsa mehnat qo‘shiqlaridagi ijodiylik hamda ijrochilikka chek qo‘ydi. Qishloqlar elektrlashtirila boshlandi. Qishloq turmushiga kino, radio, va keyinroq televideniye kirib keldi. Oqibatda dostonchilik, ayniqsa ertak ijrochiligi va ijodkorligi bu narsadan ma’lum darajada zarba yedi.
Nomoddiy boylik hisoblangan ertaklarimiz hayotimizdan hamisha munosib o‘rin olishini, ertak qahramonlari-yu ertakchilar murod-maqsadlariga yetishishiga umid qilamiz.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son
_________________
[1] A.I.Nikiforov. Russkiye narodniye skazki. M.-L. 1930. S.22
[2] Yusupov J. Xorazm ertaklarining genezisi, asosiy xususiyatlari va poetikasi. Fil.f.dok.diss.T.,1999.
[3] A.I.Nikiforov. Russkiye narodniye skazki. M.-L. 1930. S. 25.
[4] O‘zbek folklori ocherklari. 2-tom T.: 1989. B.133
[5] M.I.Afzalov “O‘zbek xalq ertaklari haqida”. T.: 1964. B.116
[6] Onchukov N.E. Severnыe skazki. Zap. Geogr. obsh. Spb. 1908.
[7] Kulsa – gul, yig‘lasa – dur. T.: 1983. B.298
[8] Z.Husainova “El ardoqlagan ertakchi”. Folklor arxivi. Inv.- (qo‘shimcha manba).
[9] Nikoforov A.N. narodnaya detskaya skazka dramaticheskogo janra // Skazochnaya komissiya v 1927 godu. Izd. RGO. Otd.etnografii. M., 1928. S.61.