Kirish so‘z o‘rnida …
Navoiy g‘azaliyotini ingliz tiliga tarjima qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqotimni endi boshlagan kezlarimda ustozim, navoiyshunos olim, professor Sh.Sirojiddinov “Navoiyni xorijliklarga taqdim etishdan avval uning jahon adabiyotiga ta’siri masalalari isbotlab berilishi kerak. Bertels o‘z asarlaridan birida G‘arb adabiyotidagi mashhur “Sarandip shohi va uning o‘g‘illari sarguzashtlari” asari Navoiyga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqidagi gipotezani aytib ketgan edi. Kekin hech kim bu haqida hali jiddiyroq tadqiqot olib bormagan. Navoiy jahon adabiyoti xaritasiga yangi kiritiladigan shoir emas, uning dunyo tamadduniga ta’siri katta bo‘lgan!” degandilar. O‘sha paytlar, albatta, yosh tadqiqotchi sifatida bu gapning to‘la mohiyatini anglab yetmagandim.
Yillar o‘tishi bilan ustozimning gaplari ma’nosini tushunib bordim. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘z faoliyatimni boshlashim bilan ko‘nglimdagi dastlabki istak o‘sha tarixning xira sahifasini yoritish va tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarish bo‘ldi. Ustozimga o‘z fikrlarimni aytganimda buni ma’qulladilar va universitetimizda mavjud Navoiy adabiy merosini o‘rganish borasidagi fundamental tadqiqotga kichik loyiham ham kiritildi.
Ko‘nglimda ming hadik va havotir bilan ishni boshladim. Oldimdagi eng katta muammo kichik loyihaning smetasidan ham qimmatroq turadigan noyob kitob — 1964 yil Nyu Yorkda nashr etilgan “Three princes of Serendip”ni xorijdan sotib olib kelish edi. Ustozimning tashabbusi bilan 2-3 hafta ichida mazkur kitob universitetimiz kutubxonasiga olib kelindi. Kitobning elektron nusxasi ham kutubxonamiz bazasiga joylashtirildi. Ingliz tilidagi mazkur kitob italyancha (asliyat) kitobning ingliz tilidagi o‘n yoki o‘n birinchi tarjimasi bo‘lib, Elizabet Jeymes Xodj tomonidan nashrga tayyorlangan.
Kitobni o‘zbek tiliga iqtidorli talabalarimiz tarjima qilishdi. Ustozimiz Shuhrat Samariddinovich boshchiligida navoiyshunos Dilnavoz Yusupova bilan hamkorlikda mazkur kitob tarjimasini Husrav Dehlaviy, Ashraf Marog‘iy, Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning “Xamsa”si hamda Firdavsiyning “Shohnoma”si bilan qiyoslab ilmiy tadqiq etdik. “Sharq sayyor syujetlarining G‘arb adabiyotiga retseptsiyasi” nomli loyihamizning ilk natijalarini hukmingizga havola etmoqchimiz. Bu maqola tadqiqotimizning bir debochasi sifatida sizning hayratingizga sabab bo‘lsa ajab emas. So‘zim avvalida menga bu g‘oyani bergan va har tomonlama qo‘llab quvvatlagan ustozim Sh.Sirojiddinovga chuqur minnatdorlik izhor etaman!
f.f.n G.K.Odilova
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri
(Mazkur maqola 8 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan “Navoiy va XXI asr” nomli Respublika ilmiy-nazariy anjumanida muhokama qilinib, keng omma hukmiga havola etildi)
Bugun jahonga mashhur ko‘plab G‘arb adabiyoti namunalarining Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan hikoyat va afsonalar, Sharq mumtoz ijodkorlari asarlarida keltirilgan syujet va motivlar ta’sirida vujudga kelganligi zamonaviy kitobxonga sir emas. Sharqning G‘arbga bevosita ta’siri haqida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar, monografiya va maqolalar yaratilgan va yaratilmoqda. Ularning aksariyatida muazzam Sharq madaniyatining G‘arb ilm-fani va san’atiga bilvosita ta’siri haqida so‘z borsa, ko‘plab tadqiqotlarda mumtoz allomalar asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi bilan bog‘liq adabiy ta’sir masalalari tadqiq qilingan.
Biz ushbu maqolamizda 1557 yilda Venetsiyada Maykl Tramezzino tomonidan “Sarandibning uch shahzodasi” nomi bilan italyan tilida bosilib chiqqan va muqaddimasida muallif tomonidan “Xristofor Armanodan eshitgan Sharq ertagim asosida yozdim” deb qayd etilgan “Sarandibning uch shahzodasi” asarining 1964 yilda Elizabet Xoda Sharq adabiyoti syujetlaridan ta’sirlanish qay tariqa amalga oshgani haqida fikr yuritmoqchimiz.
O‘zbek navoiyshunosligida “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni ziyorati” nomi bilan tanilgan mazkur asar tabrizlik arman yozuvchisi Xristofor Tabriziy qalamiga mansub deb qaraladi. Bunday qarash sho‘rolar davrida bu haqda ilk marta maqola yozgan sharqshunos olim Ye.E.Bertels fikri bilan bog‘liq. Ye.E.Bertelsning “Navoiy va Jomiy” nomli tadqiqotidan o‘rin olgan “Navoiy asarlarining G‘arbiy Yevropa tillariga qilingan qadimgi tarjimalari” nomli maqolasida Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” asari ta’sirida yaratilgan ikki asar: yuqorida tilga olganimiz “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni ziyorati” hamda gruzin yozuvchisi Sitsishvilining “Etti sayyora” asarlari haqida ma’lumot beriladi. Xususan, olim birinchi asar “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni ziyorati” asariga kengroq to‘xtalar ekan, uning muallifi sifatida Xristofor Armani Tabriziy nomini keltirib o‘tadi. Bertelsning ma’lumot berishicha, ushbu asar tarjima xarakteriga ega bo‘lib, 1557 yilda yaratilgan va 1766 yilgacha, ya’ni 209 yil ichida 11 marta qayta-qayta nashr etilgan.
1557 yilda Venetsiyada Maykl Tramezzino tomonidan italyan tilida nashr etilgan asar muqaddimasida “Sarandibning uch shahzodasi” Muallif mazkur asarni fors tilidagi ertakni italyanchada so‘zlab bergan Xristafor Armanodan eshitganlari asosida yozayotganligini aytib ta’kidlab o‘tadi.. Ammo xech qayerda Maykl Tramezzino na mualliflar nomi na uning tarjima ekanligini keltiradi. Aytish mumkinki, Maykl Tramezzino asar mullifi yohud mualliflarini yashirishi bilan birga, yuksak mahorat va yangicha g‘oyalarga yo‘g‘irilgan asari egalarining qaysi Sharq allomalari ekanligini yaxshi bilgan. Asarni butunlay o‘zlashtirib olganlikda ayblamasliklari uchunmi, nomi xech qaysi manbalarda uchramaydigan Xristofor Armano degani shaxsni kashf etadi. Amerikalik sharqshunos olim Richerd Boyla o‘zining “Sarandib shoxining uch o‘g‘li” asari haqidagi 2000 yilda nashr etilgan ilmiy tadqiqotida “Armano”degan shaxs Tramezzinoning xayoliy tasavvuri mahsuli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Binobarin, boshqa biron bir tarixiy manbalarda bu nom boshqa qayd etilmagan.
G‘arb olimlari mazkur asar Husrav Dehlaviyga tegishli deb taxmin qilsalar, Bertelsning fikricha, kitob ikki mustaqil syujetdan tashkil topgan bo‘lib, uning birinchi qismida Sarandib shohining uch o‘g‘li otalari huzurida yaxshi tarbiya topib, sayohatga otlanganliklari va ko‘p sarguzashtlarni boshdan kechirganlari haqida hikoya qilinadi. Shahzodalar yo‘qolgan tuyani o‘g‘irlaganlikda gumon qilinib, ular borib qolgan mamlakat shohi Bahrom Go‘rning huzuriga olib kelinadilar va aql-zakovatlari tufayli podshohning ishonchini qozonib, Bahromni o‘ldirishni niyat qilgan vazirdan xalos bo‘lishiga sabab bo‘ladilar. Bertels ushbu syujet Xusrav Dehlaviyning “Hasht behisht” dostonidan olinganligini ta’kidlaydi, darhaqiqat, Dehlaviy dostonidagi birinchi hikoyat voqealari asarning birinchi qismi bilan ko‘p jihatdan mos keladiki, biz bu haqda quyiroqda to‘xtalib o‘tamiz.
Asarning ikkinchi qismi bevosita Bahrom Go‘r sarguzashtlari bilan bog‘liq. Unda keltirilishicha, o‘zining yovuz niyatli vaziridan shahzodalar yordamida xalos bo‘lgan Bahrom shahzodalarni o‘z xizmatiga oladi. Sal avvalroq Bahrom o‘z sevgilisi Diloromni haydab yuborgan va uning firoqida iztirob chekib, xastalanib qolgan edi. Tabiblar uni davolashda ojiz qoladilar. Shunda shahzodalarning maslahati bilan yetti qasr qurib, Bahrom tungi uyqusizligi paytida turli mamlakatlardan kelgan musofirlarning hikoyasini tinglaydi. Yettinchi tunda Dilorom haqida xabar topadi. Bertelsning maqolasida keltirilishicha, “Sharq va G‘arb” jurnalining noshiri, sharqshunos olim Benfey asarning ikkinchi qismi aynan Nizomiyning “Haft paykar” asaridan olingan degan fikrni bildiradi, zero ushbu qismning Bahrom va uning sarguzashtlari bilan bog‘liqligi uning shunday xulosaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bertels mazkur maqolasida ushbu qismning asl manbasini izlashga harakat qilgan va uning Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni bilan bog‘lanishi haqidagi ilk mulohazasini bayon qilgan. Bertelsning bu fikri keyinchalik ozarbayjon olimi G‘.Aliyev, o‘zbek olimlaridan N.Mallayev, N.Komilov, A.Hojiahmedov va boshqalar tomonidan aynan takror tarzda bayon qilindi[1].
Dastavval “Sarandibning uch shahzodasi” asarining umumiy syujetiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak:
Sarandib degan mamlakat shohi Ja’farning uch o‘g‘li bo‘lib, shoh ularning bilim yetuk inson bo‘lib yetishlari va mamlakatni boshqarish yo‘llarini yaxshi egallashlari uchun oroldagi har biri turli sohalarning ustasi bo‘lgan mashhur olimlarni ularga ustoz qilib tayinlabdi. Shahzodalar ilmu fan, san’at va adabiyot sohasida hamma bilimlarni egallab, komil shaxs bo‘lib voyaga yetibdilar. Ularning ustozlari shahzodalarning komillik cho‘qqisini zabt etganliklarini aytganda, shoh unchalik ishonmabdi. U o‘z oldiga o‘g‘illarini chaqirib, bundan buyon davlatni to‘ng‘ich o‘g‘il boshqarishi kerakligini, o‘zi esa qolgan umrini toat-ibodatda o‘tkazmoqchiligini aytadi. Katta o‘g‘il “Ota sizdagi tajriba va oqillik menda yo‘q, umringizning oxirigacha mamlakatni o‘zingiz boshqarishingiz kerak” deb kamtarlik bilan javob beradi. O‘rtancha va kenja o‘g‘illar ham akasining gapini takrorlab, shohning taklifini rad etadilar. Shoh o‘g‘illarining dono va aqlli javoblaridan ta’sirlanadi. Ko‘ngli xotirjam tortadi. Biroq ertasi kuni o‘g‘illari hayotiy tajribani ham orttirib, olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishlari uchun, ularni mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborishga qaror qiladi. O‘g‘illarini huzuriga chorlab, mamlakat qirg‘oqlarini ko‘p yillardan beri xavf solib kelayotgan ajdarlardan ozod qilish uchun sehrli she’r zarur ekanligini va ular ushbu she’rni izlab topishlari lozimligini aytib, shahzodalar 15 kun ichida mamlakatni tark etishlari haqida buyruq beradi. Shoh qarori bilan mamlakatdan chiqib ketgan shahzodalar qudratli imperator Bahrom (Bahrom Go‘r)ning mamlakatiga borib qoladilar. Yo‘lda bir tuyakashning yo‘qolgan tuyasini ko‘rmagan bo‘lsalar-da, fahmu idrok bilan uning belgilarini aytganlarida, o‘g‘rilikda gumonlanib, mamlakat podshosi Bahrom huzuriga olib kelinadilar. Bahrom bergan savollariga ziyraklik bilan javob bergan shahzodalarni o‘z saroyida mehmon bo‘lishga taklif etadi. Ziyofatdan so‘ng Bahrom ularga uning saltanatni boshqarishida yordam beradigan – kim yolg‘on gapirsa ko‘rsatib turadigan adolat oynasi bo‘lganligini, uni qo‘shni qirollikdagi bokira malika saltanatiga olib ketishganini so‘zlab beradi. Va ulardan mamlakatda adolat o‘rnatishga yordam beradigan ko‘zguni keltirib berishlarini so‘raydi. Shahzodalar buning uchun dastavval qirg‘oq sohilida paydo bo‘lib, qirollik aholisi va hayvonlarni halok qilayotgan bahaybat qo‘lni yo‘qotishlari kerak edi. Shahzodalarning aql-idroki va tadbirkorligi tufayli, qo‘l mahv etilib, malika ko‘zguni ularga hadya etadi. Shahzodalar ko‘zguni Bahromga qaytarganlarida, shoh chuqur tushkunlik kayfiyatida edi, chunki sal avvalroq Dilorom ismli sevimli kanizagini ovdagi mahoratini maqtab, unga tahsin aytmagani uchun qo‘l-oyog‘i bog‘langan holda sahroda tashlab kelgan, ertasi kuni qilgan ishidan pushaymon yeb, o‘rmonga borsa, qizdan nom-nishon topolmagan va bu holatdan qayg‘uga botib sevgilisining hajrida xastalanib qolgan edi.
Shohning dardiga chora sifatida katta o‘g‘il yetti qasr qurdirishni, mazkur qasrlarga mamlakatning yetti burchagidan ertakchilarni chaqirtirib, har kun bitta qasrda tunab, ularning hikoyalarini eshitib ko‘rishni taklif qiladi. Shoh shahzodalarning aytganini qilib, tez orada sog‘lig‘i tiklana boshlaydi. Yettinchi qasrda tunaydigan kun ertakchi unga o‘zi va Dilorom haqidagi hikoyani aytib berayotganligini fahmlab qoladi. Ertakchi shohga Dilorom Bahromning qahru g‘azabiga qaramasdan hamon uni sevishini aytadi. Bahrom ertasigayoq Diloromga chopar yuborib, uni olib keltiradi.
Shahzodalar o‘rmonda birorta iz topa olmagach, Diloromni yovvoyi hayvonlar yeb ketgan degan fikrdan voz kechib, uni kimdir olib ketgan degan taxminga borishgan, shuning uchun mamlakatning turli burchagidan sayyohlarni chaqirtirishni maslahat bergan edi. Shahzodalar o‘z yurtiga qaytib boradilar, to‘ng‘ich o‘g‘il taxtga o‘tiradi, o‘rtancha o‘g‘ilga qo‘shni qirollikdagi bokira malika turmushga chiqmoqchi ekanligini aytib, chopar yo‘llaydi va ular turmush quradilar. Bir necha yillardan keyin Bahrom qiz ko‘rganligini va qiziga kenja shahzodani kuyov qilmoqchi ekanligini aytib noma yo‘llaydi. Kenja o‘g‘il Bahromga kuyov bo‘ladi va to‘ydan keyin Bahrom vafot etgach, o‘sha davlatni boshqaradi.
Asar bilan tanishish jarayonida undagi bir qancha syujetlar Sharq mumtoz adabiyoti ta’sirida vujudga kelganligini kuzatish mumkin. Xususan, Firdavsiyning “Shohnoma”, Xusrav Dehlaviyning “Hasht behisht”, Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” asarlaridan olingan ko‘plab o‘rinlar mavjudki, biz dastavval asarning Firdavsiy dostoni bilan aloqador jihatlariga e’tibor qaratmoqchimiz. Ma’lumki, “Shohnoma” asari 100 ga yaqin kichik dostonlardan tarkib topgan bo‘lib, undagi qahramonlar keyinchalik Sharq mumtoz adabiyotida ko‘plab asarlarning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan. Biz tahlil qilayotgan asarda ham shunday ta’sirlanish ko‘zga tashlanadi. Unga ko‘ra, Bahrom xastalanib yotgan vaqtida, uning yurtidagi odamlar sarandiblik uch shahzodaga Eron yurtiga xavf solayotgan Zahak ismli uch boshli ilon haqida xabar beradilar. Aytishlaricha, bahaybat ilon Damovand tog‘idagi zindondan ozod bo‘lganmish. U bir necha yillar ilgari ajdodlar tomonidan zindonband etilgan ekan. U o‘rmonlar bo‘ylab, tog‘lar ortidan poytaxt Bishapur tomonga harakatlanib kelayotgan ekan. Aka– ukalar uning nima uchun kelayotganini so‘rashganda, bir dehqon u Bahromni qo‘lga kiritmoqchi ekanligini, shuningdek bir necha yil ilgari qo‘zg‘olon ko‘targan Kova ismli temirchining kuchini ham o‘ziga tortib olish uchun kelayotganini aytadi. Shahzodalar uni mahv etish usullari haqida so‘raganlarida, ularga shunday javob berishadi: “Uning uchta boshini ushlab turgan tirgagi bu uning uchta bo‘ynidir. Agar hamma bir yoqadan bosh chiqarsa, Zahakdan qutulish mumkin. Keyin u kuchsizlanadi va uni imperator qushi olib ketadi”[2].
Ushbu syujet va undagi qahramonlar Firdavsiyning “Shohnoma” dostonidagi “Zahhok va temirchi Kova” dostonini yodga soladi. Unga ko‘ra, arab xalqlarida hukmronlik qilgan shoh Mirdosning Zahhok ismli o‘g‘li bo‘lib, u Iblisning hiylasiga uchib, o‘z otasini o‘ldiradi va taxtga o‘tiradi. Iblis oshpaz qiyofasida uning saroyiga ishga kirib, unga taomlar tayyorlab beradi va Iblisning makri bilan Zahhokning yelkasida ilonlar o‘sib chiqadi. Iblis ular inson miyasi bilan boqilsagina, tinchlanishi va yo‘qolishi mumkinligini aytadi va shu tariqa odam nasli kamaya boradi. Bir kuni Zahhok tush ko‘radi: unga ko‘ra, uch bahodir ho‘kiz boshli gurzisi bilan Zahhokni savalayotgan ekanlar. Ulardan navqironi Zahhokning terisini shilib olib, ikki qo‘lini kesib, bog‘lab, uni Damovand tog‘i tomon sudrayotgan ekan. Uyqudan uyg‘ongan Zahhokka mu’badlar tush ta’birini aytib beradilar: Bir kun kelib, Faridun ilonlarga yem bo‘lgan otasi Otibinning xuni uchun undan qasos oladi. Darhaqiqat, shunday bo‘ladi: Zahhok qancha urinmasin, Faridunni o‘ldirishga chog‘lanmasin, taqdiridan qutula olmaydi, temirchi Kova esa o‘ldirilgan o‘g‘illarining qoni uchun Zahhokka qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi, pahlavon Faridun uni asir oladi va Damovand tog‘iga zindonband qiladi. Ko‘rinadiki, “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni” asariga kiritilgan ushbu motiv Firdavsiy dostonidagi shu qissadan olingan.
Sharqshunos olim Ye.E.Bertels o‘zining “Navoiy asarlarining G‘arbiy Yevropa tillariga qilingan qadimgi tarjimalari” nomli maqolasida “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni ziyorati” asari Amir Xusrav Dehlaviyning “Hasht behisht” (“Sakkiz jannat”) tarkibiga kiruvchi bir hikoya zaminida yozilganligini aytadi. Darhaqiqat, uning umumiy qoliplovchi syujeti Dehlaviy dostonidan olingan hikoyatni yodga soladi. Dostonda Bahrom shanba kuni qora gumbaz ostida hind malikasining hikoyatini tinglaydi. Hikoyatning qisqacha mazmunini bayon qilamiz:
Sarandib mamlakati shohining har tomonlama yetuk va barkamol uch o‘g‘li bo‘lib, podshoh ularning har birini alohida huzuriga chaqirib, o‘z taxtini taklif qilibdi. Lekin ular ota taxtiga rag‘bat bildirmabdilar. Otasi ichida bundan xursand bo‘lsa-da, lekin g‘azablangan kishi bo‘lib, o‘g‘illarini mamlakatdan haydab yuboribdi. Uch shahzoda boshlari oqqan tomonga yo‘l olibdilar. Yo‘lda tuyasini yo‘qotgan bir kishini uchratibdilar. O‘z bilimlari va ziyrakliklari tufayli tuyaning ustida bir homilador ayol va yog‘ hamda asal ortilgan xurjun borligini aytibdilar va tuya ketgan tomonga ishora qilibdilar. Tuyaning egasi bu ma’lumotlardan ularni o‘g‘ri deb gumon qilibdi va podshoh huzuriga olib boribdi. Podshoh ularni zindonga tashlabdi. Ertasi kuni tuya va ayol topilgach, shahzodalarning begunohligi ma’lum bo‘libdi va podshoh ulardan uzr so‘rab, uch-to‘rt kun saroyda mehmon bo‘lishlarini iltimos qilibdi. Mehmondorchilik asnosida shahzodalar ularga taom o‘rnida tortilgan qo‘zichoqning it suti bilan boqilganligini, sharobning qabristonda o‘sgan uzumdan tayyorlanganligini va podshohning o‘zi ham shoh o‘g‘li bo‘lmay, oshpazning farzandi ekanligini aytibdilar. Hikoyat so‘ngida shahzodalar otalari huzuriga qaytib, baxtli hayot kechiribdilar. Ko‘rinadiki, “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni” ziyorati asari uchun aynan shu hikoyat umumiy qoliplovchi syujet vazifasini o‘tagan.
Tabriziyga nisbat berilgan asarning ikkinchi qismi ko‘p jihatlari bilan “Sab’ai sayyor” dostonini yodga soladi. Bu qismning Alisher Navoiy dostoniga qay darajada aloqadorligini bilish uchun xamsanavislar: Nizomiy, Dehlaviy, Ashrafning Bahrom mavzusidagi dostonlari va Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni syujetlarining ba’zi qirralariga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Birinchi masala kanizakning ismi bilan bog‘liq. Tabriziyga nisbat berilgan asarda kanizakning ismi Dilorom. Nizomiyda Fitna, Ashrafda Bahromning oshiqligi bilan bog‘liq sahna, demak kanizak voqeasi yo‘q, Dehlaviy va Navoiyda qizning ismi Dilorom. Bu jihatdan asar Dehlaviy va Navoiy asariga yaqinlashadi. Salaflarda, ya’ni Nizomiyda ham, Dehlaviyda ham Diloromning kelib chiqishi, bolalik taqdiri tasvirlanmagan. Navoiy dostonida esa Dilorom xorazmlik sozandaga o‘zining asli Chindan ekanligini, bola ekanligida urush vaqtida asir tushib, Xoja uni o‘ziga farzand qilib, boqib olganligini, bolaligidanoq dilkash ohang bilan qo‘shiq kuylaganligini aytadi:
Ikki xon kinu razmidin taqdir,
Tifl ekanda biravga qildi asir.
Bay’ima xoja mushtari bo‘ldi,
Bandasi mehri xovariy bo‘ldi.
Garchi mundoq azizdurmen anga,
Sotqun olgan kanizdurmen anga,
Chunki yo‘q erdi xojag‘a farzand,
Misli farzand qadrim etti baland,
Chun unum dilkash erdi, lahjam xush,
Chekar zrdim taronai dilkash.
“Sarandibning uch shahzodasi” asarida ham Diloromning taqdiri Navoiy dostonidagi Diloromga yaqin turadi. Diloromni ilk bor ko‘rgan Bahrom uning o‘tmishi bilan qiziqib, uning xojasi bo‘lmish savdogardan Dilorom haqida so‘raganda, u qizni hali bolalik paytidayoq topib, boqib olganini aytadi:
“When I found the child, she was too young to speak, nor growing up, could she remember aught to tell us of her past. Only the tunes she sings suggest she may have heard in her former days some songs we never new” (Three princes of Serendip).
So‘zma-so‘z tarjima: “Men bu chaqaloqni topib olganimda u hali gapira olmasdi. O‘tmishi haqida ham hech narsani eslay olmasdi. Faqat uning hirgoyilarigina biz hech qachon bila olmaydigan o‘tmishdan bizga xabar berardi”.
Endi kanizakning ovdan keyingi taqdiri bilan bog‘liq o‘rinlarni qiyoslasak. Nizomiyda ov paytida kanizakning “mashqning natijasi” degan gaplaridan Bahrom g‘azablanib, o‘z sarkardasiga Fitnani o‘ldirishni buyuradi, lekin Fitna tadbir ishlatib omon qoladi. Dehlaviyda Bahrom Diloromni otdan tushirib yuborib, bir o‘zini sahroda qoldirib ketadi. Navoiyda esa g‘azablangan Bahromning farmoni bilan uning odamlari Diloromni uzun sochlariga bog‘lab, sahroda qoldirib ketadilar:
Mahddin oyni chiqordilar,
Bir biyobong‘a elta bordilar.
Har giyohi aning nechukkim o‘q,
Davrida necha kunchilik suv yo‘q.
Jonivar umrini qilurg‘a taboh,
Butmay anda bag‘ayri zahr giyoh.
Ikki gisusidin kamand aylab,
Tashladilar g‘ulula band aylab[3].
“Sarandibning uch shahzodasi” asarida ham Bahrom Navoiy Bahromi singari yo‘l tutadi, uni o‘rmonga haydab yuborishlarini talab qiladi:
“Take her away; take her far away…Let her be driven into the darkest forest and there be devoured by beasts” (Three princes of Serendip).
Tarjimasi:
“Uni hoziroq ko‘zimdan yo‘qoting, ko‘zimga ko‘rinmasin… Qorong‘u o‘rmonning ichkarisiga haydab yuboringlar, maxluqlarga yem bo‘lsin”.
Ertasiga mastlik tarqagach, pushaymon bo‘ladi va uni izlab sahroga keladi, biroq topa olmaydi va iztirobdan xasta bo‘lib qoladi. Tabiblar uni davolashda ojizlik qiladilar. Bu o‘rinlar har ikkala asarda yuksak pafos bilan tasvirlangan. Xususan, “Sab’ai sayyor”da
So‘rdikim: «Mohvash qayon ketmish?»
Bexabarkim, ne shoh kor etmish?
Dedilar qilg‘anin necha mahram,
Tiyra bo‘ldi anga yorug‘ olam…
Xajrdin jon chu og‘zig‘a yetti,
Qo‘pti beixtiyoru azm etti.
Ul navohig‘a tegru qildi shitob
Qi, sumanbarg‘a qilmish erdi itob
Kim, bor ersa hayoti imkoni,
Bo‘lg‘ay ul ruhg‘a fido joni.
Ulukin topsa motamin tutqay,
Un chekib navhai g‘amin tutqay.
Ko‘tarib zor sarvi cholokin,
Solibon mahd aro tani pokin,
Navhadin ko‘nglin aylasa xoli,
O‘zin o‘lturgay ustiga holi.
Yori xilvatgahig‘a xos o‘lg‘ay,
Furqatidin o‘lub xalos o‘lg‘ay.
Har necha kezdi dashtu sahroni,
Topmadi zod sarvi ra’noni…
Ne o‘luk erdi, ne tiriksoni,
Bo‘lmas erdi tirik demak oni.
Bahromning Diloromni yo‘qotgandan keyingi holati Tramezzino asarida ham chuqur iztirob bilan tasvirlangan:
“He gave commands in a voice as sharp as lightning, as urgent as thunder. To the guards of the palace and to those who had driven Deliramma away, he gave instructions. “Hurry to the north and south. Hurry to the east and west. If need be, turn my entire empire upside down, but find fair Deliramma. Even at this moment a lion may be at her throat. I cannot bear to have her suffer. I cannot bear to have gone. So the guards rode off in search. And the anxious emperor walked back and forth, back and forth, as he waited for news of his missing love. When it come time to eat, Vahram’s face was long and sorrowful. The imperial cooks had prepared all of his favorite foods; but he tasted only a little rose petal pilau and called for some pussy willow broth. Every few moments he stood up and looked out to see if anyone was coming back with Deliramma, but none of the guards could find her. The search continued for many days. Crashing through the forests on elephants and racing along the imperial roads on horses, the pursued every rumor of where she might be. Unfortunately, the rain had washed away her footprints, and each disappointment was followed by another. At last, grieving deeply, the emperor gave up hope and became ill with unhappiness. He stopped going out of doors; and because Deliramma was not there to sing, he would allow no music within his palace. Although many noted doctors came to see him and consulted daily with each other medicines seemed to improve his pitiful condition.” (Three princes of Serendip).
Tarjimasi: “Bahrom Diloromni qochirib yuborganlarga hamda saroy askarlariga yangi buyruqlar berdi: “Shimolga, Janubga shoshiling, G‘arbga, Sharqqa boring. Kerak bo‘lsa, butun imperiyani ag‘dar-to‘ntar qiling, ammo oy yuzli Diloromni toping. Ehtimol, biror yirtqich hayvonga yem bo‘lgandir. Men uning izsiz yo‘qolishiga ham, azob chekishiga ham bardosh berolmayman”.
Shunday qilib, askarlar uni qidirishga tushdilar. Tashvishlar girdobida qolgan shoh u yoqdan bu yoqqa yurar, sevgilisidan biror bir yangilikni intiqib kutardi. Ovqat mahali, Bahromning yuzi juda horg‘in va g‘amgin edi. Imperiya oshpazlari uning yoqtirgan barcha taomlarini tayyorlashgan, ammo u atirgul barglaridan qilingan ovqatdan va sho‘rvadan nari-beri tatib ko‘rdi, xolos. Har daqiqada birortasi Diloromni olib kelyaptimikan deya tashqariga nazar tashlab qo‘yardi. Ammo baxtga qarshi askarlarning hech qaysisi uni topa olishmagan edi. Uzoq izladilar. Otlarda imperiya yo‘llari bo‘ylab, fillarda o‘rmonlar orqali harakatlanayotgan askarlar u qayerda bo‘lishi mumkinligi haqida bosh qotirar edilar. Baxtga qarshi, yomg‘ir ham uning oyoq izlarini yuvib ketgan, bir ko‘ngilsizlik ketidan ikkinchisi kelar edi. Nihoyat, chuqur tushkunlikka tushgan shoh umidini uzar ekan, bu fojiaga qo‘shilib o‘zi ham betob bo‘lib qoldi. U eshikdan tashqariga chiqmay qo‘ydi. Chunki tashqarida mayin qo‘shiqlar kuylovchi Dilorom yo‘q edi. U saroy ichida qo‘shiq kuylashni man etib qo‘ydi. Ko‘pgina tabiblar uni tekshirib ko‘rib, o‘zaro maslahat qilishdi, ammo na bir giyoh va na bir dori-darmon unga kor qildi”.
“Sab’ai sayyor”da tabiblar va yetti iqlim shohi, “Sarandibning uch shahzodasi” asarida esa shahzodalar Bahromning dardiga chora bo‘lishi uchun 7 qasr qurishni maslahat beradilar. Ularning say’-harakatlari bilan tez orada 7 qasr quriladi. Bahrom haftaning yetti kunida mana shu qasrlarga kirib, 7 iqlimdan kelgan musofirlarning hikoyatlarini tinglaydi.
Nizomiyda ham, Dehlaviyda ham o‘z kanizaklarini yo‘qotgan Bahromning iztiroblari ko‘rsatilmagan. Qasr qurilishi ham Bahromning dardini yengillashtirish uchun emas. Nizomiyda Bahrom usta Simnor tomonidan Xavarnaq qasrida o‘zining 7 sayyoh davrasida tasvirlangan suratini ko‘rib, shunday qasr qurishlarini buyursa, Dehlaviyda ovga va aysh- ishratga berilib ketgan Bahromni poytaxtga qaytarish uchun 7 qasr quradilar. Nizomiyda ham, Dehlaviyda ham Bahrom Navoiy ta’biri bilan aytganda, ishqdan, dardu g‘amdan xoli tarzda tasvirlangan. Navoiyning Bahromi esa Diloromni yo‘qotgandan so‘ng ruhiy iztiroblar tufayli poklanib, chin ma’noda oshiqlik sifatlariga ega bo‘la boshlaydi. Yevropalik muallifning asarida ham Bahrom aynan mana shu sifatlarga ega qahramon sifatida tasvirlangan, shu jihatdan u Nizomiy va Dehlaviy Bahromiga emas, aynan Navoiy Bahromiga yaqin turadi.
Shuningdek, asarda keltirilgan ba’zi buyum va predmetlar ham Navoiy dostoni ta’sirida vujudga kelgan. Masalan, “Sarandibning uch shahzodasi” asarida Bahrom saroyida bir vaqtlar bir ajoyib ko‘zgu bo‘ladi. U bu haqda shahzodalarga quyidagilarni so‘zlab beradi:
“Formerly in this country evil arose less often than nowadays,” he said, “because my grandfather possessed a device called the Mirror of Justice, which had been found by philosophers of ancient times. This glass, inherited by my father and uncle, had the property of reflecting both truth and falsehood. “When two people were at difference, both were obliged to look into it. As they did so, the face of the one who had lied, immediately turned purple. The face of the one in the right, retained its own color; and so the latter one would win his case” (Three princes of Serendip).
Tarjimasi: “Ilgarilari bu yerlarda shaytoniy nayranglar hozirgidan ancha kam edi, chunki bobomda qadimgi faylasuflar tomonidan topilgan Adolat ko‘zgusi deb nomlanuvchi buyum bor edi. Keyinchalik o‘zida haqiqat va yolg‘onni aks ettiruvchi bu ko‘zgu otam va amakimga me’ros bo‘lib o‘tdi… Ikki kishining gaplari har xil bo‘lganda shu ko‘zguga qarashga majbur qilishardi. Yolg‘on gapirgan kishining yuzi tezda siyohrang tusga kirib qolardi. Haqiqatni so‘zlagan kishining yuzi bo‘lsa o‘z rangini saqlab qolardi”.
“Sab’ai sayyor” dostonidan olingan to‘rtinchi hikoyatda ham aynan shunday ko‘zgu haqida so‘z boradi. Unda keltirilishicha, bir kuni Juna ismli podshohga bir musofir bir ko‘zgu tuhfa qiladi. Bu ko‘zgu shunday mo‘jizaga ega ediki, agar kim unga boqib turib so‘zlasa, so‘zi yolg‘on bo‘lsa, yuzi qorayib ketardi va agar gapi chin bo‘lsa, yuzi aslicha saqlanib qolardi:
Tuhfa kelturmish erdi bir ko‘zgu
Kim, ani tutsa har kishi o‘tru.
Chin desa aksida safo erdi,
Desa yolg‘on yuzi qaro erdi.
Ko‘p kishi qildi ozmoyish anga,
Aytg‘ondek edi namoyish anga.
Yuqoridagilar asosida aytish mumkinki, Maykl Tramezzino yoki boshqa noma’lum shaxs Sharq mumtoz ijodkorlari Firdavsiy, Dehlaviy va Alisher Navoiy asarlarining ma’lum qo‘lyozmalari asosida (yoki ularni o‘z yurtiga olib ketib) yangi qorishma asar yaratgan. Bu asar Tramezzinoning asari sifatida uyg‘onish davrining shoh asarlari qatoridan joy olgan. Asarning jahon tamaddunidagi o‘rni haqida so‘z yuritishdan avval o‘sha davrdagi adabiy jarayonlarni ko‘zdan kechirsak. Renessansgacha bo‘lgan davr, erta Renessansda asosan arxitektura va tasviriy san’at rivojlanadi. Dunyoning geliotsentrik tizimi, neoplatonizm, sekulyarizm diniy qarashlar uyg‘unligidagi falsafiy ta’limotlar negizida faylasuflar, olimlar va ijodkorlarning ideologik g‘oyalari shakllanadi. Biroq g‘arb olimlari e’tirof etganidek haqiqiy renessans XV asr oxiri — XVI asrning 90 yillarida sodir bo‘ladi. Bu Renessansning o‘ziga xosligi shunda ediki, adabiyotda gumanizm falsafasi ilgari surila boshlaydi. Koinotning maqsadi va muddaosi inson ekanligi, inson komil zot bo‘lmog‘i, uning his- tuyg‘ulari va kechinmalari realistik olam manzarasida tasvirlana boshlaydi. Italyan shoiri Franchesko Petrarke o‘zining sohibjamol Lauraga bag‘ishlangan sonetlari orqali insonning ichki hissiy-emotsional tuyg‘ularini anglash bilan Uyg‘onish davri adabiyotida inson mavzusini boshlab bergan bo‘lsa, Djovanni Bokkacho novellalarida inson tasvirida haqqoniylik, uning yaxshi va yomon sifatlarini, hissiyotlarini oshkora dramatik tasvirlash ustunlik qildi. Servantesning «Don Kixot» ritsarlik romanslariga parodiya tariqasida dunyoga kelgan. Biroq 1557 yil Maykl Tramezzinoning mazkur asarigacha Yevropa adabiyotida komil inson tasviri, shahzodalardagi diniy va dunyoviy bilimlardan xabardor bo‘lishlari kerakligi va o‘z otalari tomonidan dunyoviy bilimlarni egallashga da’vat etilishi, shaxzodaga ta’lim beruvchi ustozlarni yollash motivlari uchramaydi. Sharqda shoirlar turkiy va forsiyni bilganlaridek, G‘arbda italyan tili ingliz tili bilan bir mavqega ega bo‘lgan. Shekspir italyan tilini yaxshi bilgan va italyan soneti asoschisi Franchesko Petrarka ijodiga nihoyatda qiziqqan. Sharqda Navoiy turkiy til mavqeini ko‘targanidek, G‘arbda Shekspir italyan soneti temir qonuniyatlarini o‘zgartirib ingliz sonetining o‘zgarmas vaznini yaratadi. 1589-1613 yillarda ijodi gurkiragan Shekspir Yevropani kezib chiqqan Tramezzinoning mashhur “asari”ni o‘qigan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Zero, sharqshunos olim Richerd Boylaning 2000 yil nashr etilgan ilmiy risolasida olim “bu kitob Yevropada usha davrda shu darajada mashhurlik qozondiki, 1584 yil kitob Venetsiyada qayta nashr etildi” deydi. Olimning ta’kidlashicha, mazkur asar Bokachchoning “Dekameron”idan kam bo‘lmagan shuhrat qozonib, butun Yevropani kezib chiqqan. Asarning ingliz tiliga tarjimasi ilk bor 1722 yilda italyanchadan frantsuz tili vositasida amalga oshirilgan.
Shekspir ijodidagi komillik fazilatlariga ega – Hamletning paydo bo‘lishi, uning shahzoda bo‘lishiga qaramay, hayot falsafasi haqida olimlardek fikr qilishi bu Tramezzinoning asaridan ruhlanish natijasi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Fransua Rablening “Gargantyua Pantagyurel” asarida esa, o‘sha davrdagi Frantsiya madaniyati, ovqatlanish tarzi, ongi, odamlarning turli jinsiy kasalliklarga chalinishi va ijtimoiy holatlar tanqidga olingan. Mazkur satirik asardagi qirol Granguzening o‘g‘li Gargantyuaning otasi tomonidan din ulamolari tarbiyasiga topshirilishi natijasida o‘g‘lining yanayam ongsiz to‘pori bo‘lib qolishi, qirolning o‘z o‘g‘liga boshqa ustoz topib, uni Parijga jo‘natib yuborishi yoki kitobning ikkinchi qismida Gargantyua Pantagyurel degan o‘g‘il ko‘rishi, o‘g‘lining turli universitetlarda tahsil olib, Parijga borib qolishi va otasiga dunyoviy bilimlarning inson hayotida o‘rni nechog‘lik muhimligi haqida xat yozib yuborishi, otasining muammolarini aql ko‘zi bilan yechib berishi, Volterning Zadig asari qahramonida ham o‘sha mashhur asardan ilhomlanish, kutilmagan tasodif va baxtsiz hodisalar chog‘ida ong va tafakkurni ishlatib, omadga erishish g‘oyasi mavjudki, g‘arb olimlari Volterning “Sarandib shohining uch o‘g‘li” asaridan ilhomlangan va adabiyotda “Sarandibiylik” yo‘nalishi paydo bo‘lganini ta’kidlashadi. O‘sha davrning ziyoli qatlami o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan mazkur asar uyg‘onish davri adabiyotiga gumanistik g‘oyalarni, yangi yo‘nalishni ham olib kirdi.
Mazkur asar ta’sirida ingliz yozuvchisi va faylasuf Xoras Volpol 1754 yilda o‘zining do‘sti Xaras Mannga yozgan maktubida yangi so‘z “serendipity” ni qo‘llaydi va unga – favqulodda holatlarda ongning yuqori ishlab ketishi natijasida kashfiyotlar qilish va kutilmaganda omadga erishish deb izohlaydi. Volpol bu so‘z ma’nosini tushunish uchun “Sarandib shoxining uch o‘g‘li asari”ni o‘qish kerak ekanligini ta’kidlaydi. Shu birgina yozishma natijasida mazkur asar Angliyada qayta qayta o‘qib chiqila boshlaydi “serendipity” so‘zi esa ingizlarning sevimli so‘zi, falsafiy tushunchasiga aylanadi. Asardagi butun falsafiy ma’noni qamrab olgan mazkur yangi so‘z Angliya va Amerikada siyosat, meditsina, rang tasvir, ta’lim, iqtisodiyot, algebraning ilm fan va ijtimoiy jarayonning hamma tarmoqlarigacha kirib boradi va fan taraqqiyotiga sababchi bo‘ladi. Ammo bu taraqqiyot negizida Sharq allomalarining zakosi yotibdi. Bu olamshumul asar haqida hamon G‘arb olimlari ilmiy tadqiqodlar olib bormoqdalar bunga Beverijd va Taton, Remer, Maykl Stoskof, Mariel Devidson, Morton va Shvendler, Kempbel Kesey va Arguetti kabi olimlarning tadqiqodlarini keltirish mumkin.
Mazkur asar syujetlaridan esa uyg‘onish davridan to hozirgacha Yevropa adabiyoti foydalanmoqda, filmlar va musiqalar, san’at asarlari yaratilmoqda.
VVS jurnali o‘tkazgan so‘nggi o‘n yillikda angliyaliklarning eng sevimli so‘zlari 10 taligida birinchi o‘rinda SERENDIPITY so‘zi turibdi. Ingliz tilli lug‘atlarda “serendiplik” – so‘ziga dunyoviy bilim va aqlning yuksak darajada rivojlanishi natijasida, muammoli vaziyatda ongning ishlab ketishi va kutilmagan joydan omadga erishish deb izoh beriladi.
Ko‘rinib turibdiki, dunyo tamadduniga salmoqli hissa qo‘shgan mazkur asarga bo‘lgan qiziqish G‘arbda hamon so‘ngani yo‘q. Asarning G‘arb uyg‘onish davriga turtki bo‘lgan sharqona falsafa va jozibasi bir qadar buyuk mutafakkir Alisher Navoiyga ham tegishli ekanligi kishi qalbini faxrga to‘ldiradi. Biz ushbu asarni ingliz tilidan tarjima qilib hukmingizga havola etmoqqa jazm etdik. Zero, G‘arbni butunlay maftun etgan Sharq allomalari – Firdavsiy, Dehlaviy va Alisher Navoiy ijodi tandemiga berilgan g‘arbona bo‘yoqlar sizni ham bee’tibor qoldirmaydi degan umiddamiz.
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR:
- Aliyev G. Temы i syujetы Nizami v literaturax narodov Vostoka. – M.: Nauka, 1986.
- Elithabeth Jamison Hodges. Three princess of Serendip (by Mikel Tramezzino. ATHENEUM 1964. New York.
- Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. 10 jildlik. J. 7: Sab’ai Sayyor. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2011.
- Abulqosim Firdavsiy. Shohnoma (saylanma). Nashrga tayyorlovchi va nasriy bayon muallifi H.Homidiy. – T.: O‘zbekiston milliy kutubxonasi nashriyoti, 2012.
Gulnoza ODILOVA
Dilnavoz YuSUPOVA
___________
[1] Bu haqda qarang: Aliyev G. Temы i syujetы Nizami v literaturax narodov Vostoka. – M.: Nauka, 1986.
[2]Elithabeth Jamison Hodges. Three princess of Serendip (by Mikel Tramezzino. ATHENEUM 1964. New York.
[3]Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. 10 jildlik. J. 7: Sab’ai Sayyor. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2011.