XVIII asr o‘rtasida dunyoga kelib, XIX asr birinchi yarmida olamdan o‘tgan Umarxo‘ja Xivaqiy hayoti va ijodi hali tadqiq etilmagan klassik shoirlarimizdan biridar. O‘zbek va fors tillarida ijod etgan bu shoirning ikki devoni bizgacha yetib kelgan. Devonlar O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi.
Shoir haqida Munis va Ogahiyning “Firdavs ul-iqbol” tarixiy asarida ham xabar berilgan. Ma’lumotimizning birinchisini esa Umarxo‘ja Xivaqiyning Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiy (1825 – 1899) qo‘lida saqlangan devonidagi Komil Xorazmiy qaydi bilan boshlasak: “Bu devon Umarxo‘ja Xivaqiynikidir. Yashirin qolmasinkim, Umarxo‘ja ilgari naqib edi. O‘ziga “Naqib” taxallus qo‘ygan edi. Shu sababli g‘azallarida “Naqib” kelgan edi. Naqiblik mansabidan tushgach, o‘ziga “Uzlat” laqab qo‘yib, shu sababli ba’zi g‘azallarida “Uzlat” taxallusini ishlatgan. Ka’baga borib, haj ziyoratiga musharraf bo‘lgach, shu sababli taxallusini “Tavfiq” deb o‘zgartirdi. Ko‘pchilik g‘azallarida “Tavfiq” kelgan.” (Naqib – qo‘shindagi harbiy lavozim, bu mansabga faqat sayyidlar avlodi tayinlangan. – I.B.)
Shundan keyin Komil Xorazmiy hazrat Navoiyning “bo‘ldimi” radifli g‘azaliga Umarxo‘ja Xivaqiy bog‘lagan muxammasni keltiradi.
“Firdavs ul-iqbol” asarining 1792 yil may oyi voqealariga bag‘ishlangan qismidan quyidagilarni keltiramiz: “Vazir, ya’ni Abdurahmonboy mehtar qatl etilgach, uning o‘g‘illari Abdulrahimboy, Pahlovonquliboy va Abduljabborboyni(ng mol-mulkini) musodara qilib, bir haftadan so‘ng otasining ketidan yubordilar. Umarxoja naqib ul voqeada ikki ta’rix topibdur… Ta’rix:
Sohiba’zmu daryodilu zul-lmajdu karam,
Hast nomash banigin “mehtar Abdurahmon”.
Dar dahai duyyo‘m mohi ramazon gashta qatl,
Raft az in g‘amkada bo se valadi oliyshon.
Zi-on jihati piri xirad voqeai qatlashro
Guft ta’rix: “dahai duyyo‘mi mohi ramazon”:
(hijriy 1206 yil 12 ramazon – melodiy 1792 yil 2 may). Tarjimasi:
A’zamat egasiyu saxovatli va karamli zot,
Uzugida nomidir “mehtar Abdurahmon”.
Ramazon oyining ikkinchi
o‘nligida qatl qilindi,
Bu g‘am uyidan uch nafar
oliy zotli o‘g‘li bilan ketdi.
Shu jihatdan aql piri
qatli voqeasida ta’rixin
Dedi: “ramazon oyining
ikkinchi o‘n kunligi”.
Shu asardagi ikkinchi ma’lumot Umarxo‘ja naqibning o‘g‘li Xo‘jajonxo‘ja haqidadir. U ham otasi kabi harbiy lavozimda bo‘lgan. Xo‘jajonxo‘janing nomi 1810 yil voqealari orasida uchraydi.
Tavfiq taxallusi bilan yozgan g‘azallaridan shoir biografiyasini ham bilib olish mumkin. Tavfiq Xiva shahrida Fozilbek va uning o‘g‘li Abdullohbek qurilishini 1790 yili boshlab, 1794 yili tamomlagan “Oq masjid”ga atab ta’rix yozgan; Umarxo‘ja haj safariga chiqib, Makkaga borgan va qaytishda Turkiya sultoni Abdulhamid bilan uchrashgan. Abdulhamidning sultonlik davri esa 1774 – 1789 yillar. Devonda shu sultonga bag‘ishlab yozilgan qasida va muammo bor.
o‘azallardan birida Umarxo‘janing Buxoro shahriga borgani ham aytiladi.
Devon muammo, qasida, ta’rix, ruboiy, masnaviy, muxammas janriga oid asarlarni o‘z ichiga olgan. Muxammas, qasidalari o‘zbek va fors tillarida yozilgan.
Umarxo‘ja naqib Muhammad Amin inoq (vafoti 1791), Avazbiy inoq (1792 – 1804), Eltuzarxon (1804 – 1806) va Muhammad Rahimxon Birinchi (vafoti 1812) davrlarida yashagan. Shunga ko‘ra, bu shoirning 1740 yili tug‘ilib, 1810 yillari vafot etganini taxmin qilish mumkin.
Yuqorida qayd etganimizdek, Umarxo‘ja Xivaqiy ijodi o‘rganilmagan, meros qoldirgan g‘azallari faqat kataloglarda qayd etilgan. Ishonamizki, yosh olimlarimiz Umarxo‘ja Xivaqiy devoni bilan tanishib, jillaqursa, maqola yoki kichik tadqiqot yaratadi va shu tariqa klassik adabiyot ixlosmandlarini uning she’riyati bilan oshno etadi.
Ismoil Bekjon, filologiya fanlari nomzodi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 44-son