Ismoil Bekjon. Boburiylar madaniyatiga oid manba

Boburiylar davri madaniyatiga oid qimmatli ma’lumotlarni qamragan yozma yodgorliklardan biri Abdusattor bin Qosim Lohuriyning 1612 yili Agra shahrida yozgan “Majolisi Jahongiriy” nomli asari bo‘lib, uning yagona qo‘lyozma nusxasi 2002 yil yanvarida Lohur shahrida yashovchi Xalil ur-Rahmon ismli ziyolining shaxsiy kutubxonasidan topilgan. Qo‘lyozma lohurlik Orif Navshohiy, Mo‘in Nizomiy kabi olimlar tomonidan 2006 yili Tehrondagi “Merosi maktub” nashriyotida kirish so‘zi va zarur izohlar bilan ikki ming nusxada chop etilgan.

Mazkur olimlar yozishicha, bu nodir manbada asosan 1608 yil 24 oktyabr – 1611 yil 15 noyabr oralig‘ida Jahongir tomonidan tashkil etilgan ko‘ngilochar yig‘inlar tafsiloti hikoya qilinarkan, boburiylar davri madaniyatiga doir ana shu xabarlar asnosida Hindistonning o‘sha paytlardagi Yevropa va Movarounnahr davlatlari bilan siyosiy-diplomatik hamda madaniy aloqalari borasida ham ma’lumotlar havola etilgan.

Ayniqsa, biz uchun kitobdagi Jahongirning ota vatani Movarounnahrni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Hindiston bilan bir xilda sevgani, ota yurti tarixiga qiziqqani, o‘zbek tilini yaxshi bilgani kabi ma’lumotlar muhim bo‘lib, ayni o‘rinda shu mavzuga aloqador tafsilotlarni ko‘rsatib o‘tishni lozim topdik.

Chindan ham, o‘z tug‘ilgan vatani va ona tili mavqeini davlat, madaniy hayot maqomida tutgan Bobur vafotidan so‘ng Afg‘oniston, Hindiston kabi o‘lkalarda tug‘ilib o‘sgan keyingi boburiylar avlodida bu xislatlarning paydo bo‘lish jarayonini, bir tomondan, temuriylar sulolasining tarixiy shuhrati tufayli deb tushunib, ikkinchi jihatdan, bu holatni “Boburnoma”ning tarbiyaviy ahamiyati bilan bog‘lasak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Jahongir bin Akbar “Jahongirnoma” asarida Kobulga ziyorat uchun borgani xotiralarini bayon etish asnosida quyidagilarni yozadi:

“Kobul ta’rifi borasida hazrat firdavsmakon Bobur podshohning “Voqeot” kitobi ko‘zdan kechirildi. Bu qo‘lyozma nusxa butunligicha alarning muborak xati bilan bitilgan edi. Faqat uning Kobul ta’rifidagi to‘rt juzvini qo‘shimcha ravishda o‘z xatim bilan bitib, mazkur juzvlar oxiriga ham bu to‘rt juzvning mening ­xatim bilan yozilganini ko‘rsatib turishi uchun turkiycha tilda iboralar yozib qo‘ydim. [Chunki] Hindistonda tug‘ilib-ulg‘ayganimga qaramasdan, turkiycha so‘zlashish va yozishdan quruq qolgan emasman”.

Yana “Jahongirnoma”da yozilishicha, Totorxon laqabli Tatarbek bin Ali Muhammad Akbar podshohning saltanati oxirlarida (1605 yil) Sulton Xurram(Shohjahon bin Jahongir)ga o‘zbek tilini o‘rgatuvchi muallim etib tayinlangan. Jahongir davrida ham u saroyda til bo‘yicha muallimlik qilish barobarida boshqa katta mansab va mukofotlar bilan siylangan.

1611 yil 14 mart kungi (etmish to‘rtinchi) yig‘inda Hindistonga yangi kelgan va keyinchalik Jahongir davlatida amirlik mansabiga erishgan asli movarounnahrlik Abdurazzoqberdi o‘zbek tilida Abdullohxon Ikkinchi haqidagi bir qiziq voqeani so‘zlab ­berarkan, hikoyadan zavqlangan Jahongir yonidagi o‘zbek tilini tushunmaydigan kishilarga mehmonning bu maroqli gaplarini forschaga tarjima qilib ­beradi.

Ma’lumki, Movarounnahrda kechgan siyosiy-ijtimoiy va madaniy hayot Hindiston hukmdori Jahongir podshohni hamisha qiziqtirib kelgan. Ammo shu bilan bir qatorda Turon o‘lkasining o‘tmishiga nisbatan ham befarq bo‘lmagan. “Majolisi Jahongiriy”da yozilishicha, uning bu kabi xislati Abdurazzoqberdi singari turonliklarni hayratga solgan. 1611 yil 17 martida tashkil qilingan navbatdagi (etmish beshinchi) yig‘in Abdurazzoqberdining Agra shahri chetidagi yangi imorat va bog‘ida o‘tkazilib, amir Abdurazzoqberdi Jahongirning tashrifidan boshi osmonga yetganini quvonch bilan izhor qilarkan, “Podshoh inoyat qilgan bu imorat va bu yanglig‘ tashrif iltifoti qiyomatgacha o‘zim va farzandlarim uchun muborak bo‘lsin”, deya duo qiladi. Shunda podshoh: “Bar do‘st muborakemu bar dushman shum (Do‘stga oqibatlimizu dushmanga shum)” deydi va yonidagilarga bu misra kelgan ruboiyning qolgan misralarini ham aytishni buyuradi. Hoji Muhammad ismli amaldor bu misra oldiga “Dar razm chu ohanemu dar bazm chu mum (Urushda temirmiz go‘yo, bazmda misli mum)” so‘zlarini qo‘shadi-yu, ammo qolgan baytini ayta olmaydi. So‘ng Jahongirning o‘zi ruboiyni to‘laligicha eslab, uni quyidagi bayt bilan tugal qilib o‘qiydi:

Az hazrati mo barand insof ba Shom,
Va zi haybati mo barand zunnor ba Rum.

(Mazmuni: Adlu insofimiz xabarini eltarlar Shomga, Haybatimizdan zunnor tashlar egnidan Rum.)

[“Rum” (Ikkinchi Rum) – eramizning to‘rtinchi asridan masihiylikni qabul qilgan Rim imperatorlari tasarrufidagi Vizantiya mamlakati. Bu mamlakat XV asrda usmonli turklar qo‘liga o‘tgan davrga qadar xristianlar o‘lkasi, mag‘ribdagi unga chegaradosh Shom (Suriya) mamlakatigacha yerlar musulmonlar davlati bo‘lgan. Bu yerda ana shu chegaralanish ko‘zda tutilgan – I. B.]

Shundan so‘ng bu o‘tirishda mazkur ruboiyning o‘tmish sultonlaridan birining qaysidir podshohga yozib yuborgan asari ekani aytilib, ketidan Chingizxonning Sulton Jaloliddin Manguberdini quvlab, Sind daryosigacha borgani hikoyasi tilga olinadi.

Shunda amir Abdurazzoqberdi Jahongirning turkiy xalqlar tarixiga bunchalik qiziqishidan hayratga tushib, “Hindiston podshohini Turon tarixiga bu daraja qiziqadi deb o‘ylamagan edim. Demak, garchi zohirda Hindiston maliki bo‘lsalar-da, ammo botinda va ulug‘vorlik va meros egaligi bobida butun olam podshohi ekanlar” deydi.

Albatta, ayni ruboiyning kimga ­aloqadorligi faktini aniqlashtirish matnshunoslar ishiki, bunda, birinchi navbatda, ruboiy havola etilgan ­asarlar qo‘lyozma nusxalarini qiyosiy o‘rganish lozim bo‘ladi.

Ammo shunga qaramasdan, mantiqiy xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Majolisi Jahongiriy”da bu ruboiy keltirilgach, uning ijodkori “qaysidir sulton” ekaniga urg‘u beriladi. Shundan so‘ng Abdurazzoqberdi qurgan imorat yoki Jahongir tashrifi voqeasi bayoni bilan bog‘lanmagan holda Sulton Jaloliddin Manguberdi hikoyasi keltiriladiki, aftidan, bu sulton nomi mazkur ruboiyga mualliflik munosabati bilan tilga olingan.

Bir yuz yigirma ikkinchi majlisda (1611 yil 15 noyabr) Jahongir podshoh o‘tirganlarga quyidagi hikoyani aytib beradi: “Bir kuni hazrat arsh ostoniyga (Akbar podshoh –I.B.) marhum shahzoda (Parvez bin Jahongir – I. B.) oilasida o‘g‘il farzand tug‘ilgani xabari keladi. Shunda bolaga ism qo‘yish o‘yiga tushadilar. Chaqaloq tolesini ko‘rgan munajjimlar jadvalda bu vaqtning bosh harfi “to” ustiga to‘g‘ri kelgani uchun bolaning ismi “Temur” bo‘lishini maslahat beradilar. Bu gap qulog‘imga yetishgach, menga og‘ir botdi. Chunki bunday ulug‘vor ism menga ham, farzandlarimga ham qo‘yilmagani holda mas’uliyati juda yuksak bu nomni o‘g‘limning o‘g‘liga qo‘yish esa o‘ta o‘rinsiz edi. Xullas, saroyga borib, bu fikrimni otamga aytdim”.

Jahongirning bu hikoyasidan keyin yig‘in qatnashchisi Mahobatxon: “Insof bilan aytganda bunday ism Sizga munosib bo‘lardi” deydi. Jahongir Mahobatxonning bu gapini noto‘g‘ri deb biladi va “Men hali u yoqda turay, adolat va insof bilan aytganda, bu nom Bobur Mirzoga ham, Humoyun podshoh va Akbar podshohga ham yetmaydi. Bu ism qaysi hukmdor shu paytgacha hech kim qo‘lga kirita olmagan miqdorda yurt olsa, o‘shanga munosibdir. O‘zgaga esa harom” deydi.

Bu gapdan hamma qatori hayratga tushgan yig‘in qatnashchilaridan yana biri Diyonatxon Movarounnahr hukmdori ­Abdullohxon Ikkinchining har gal ­Xuroson yurishidan qaytib, Samarqand­ga ziyorat uchun borganida uning uchun hazrat sohibqiron taxtgohi poyida joy hozirlashlari, ammo bir gal Xurosondagi katta g‘alabadan keyin davlat ­kattalari va qozilar bu qoidani buzib, o‘tirish palosini sohibqironning muborak taxtgohi ustiga to‘shaganlari, buni ko‘rgan Abdullohxon Ikkinchi esa o‘z qo‘li bilan uni taxt ustidan tortib olib ­“sohibqiron yanglig‘ jahongirning ­taxtiga o‘tirishga munosib emasmen” ­degani hikoyasini boshlaydi.

Hikoya davomida aytilishicha, o‘shanda o‘zbek ulug‘lari “Nega endi, Movarounnahr Sizniki, mana Xurosonni ham to‘laligicha egalladingiz, Siz sohibqiron taxtida o‘tirishga loyiqsiz” ­deyishgan. Xon esa yana o‘sha gapini takror aytgan. Ammo xushomadgo‘y olim va amaldorlarning ancha dalil keltirib qilgan iltimoslaridan keyin taxtga juda yaqin yerda kigizini to‘shatib, ammo Amir Temur taxtiga chiqib emas, balki taxtga suyanibgina o‘tirgan ekan.

Xonning bunday xislati Jahongirga juda ma’qul kelib, “Ulug‘larni qadrlash faqat ulug‘ kishilarga xosdir, bunday kishilar o‘z o‘rnini juda yaxshi bilishadi” deydi va “Men Samarqandda yashayotgan bo‘lsam edi, har kun o‘sha yerga borib, sohibqiron taxti poyini o‘pgan bo‘lardim. Xudoi taolo Amir Temurga shunday maqomni ato etgan ekan, Bobur Mirzodan tortib, hech bir boburiyning bul taxt ustiga chiqib o‘tirishga haqqi yo‘qdir. Agar Abdullohxon ana shu hurmat qoidasiga rioya qilgan ekan, demak, bu bilan u o‘zining ulug‘vorlik va insoflilik xislatini ko‘rsatgan” qabilidagi so‘zlarni qo‘shib qo‘yadi.

1626 yil noyabr oyida Lohurdagi Jahongir huzuriga borib, o‘sha yerda to‘rt oy turib qaytgan Mutribiy Samarqandiy ham 1627 yil mart oyigacha Jahongir podshoh uyushtirgan yig‘inlar ishtirokchisi bo‘ladi va o‘ttizdan ortiq bunday muloqotni o‘zining “Nusxayi zeboyi Jahongir” tazkirasiga ilova qilgan xotima qismida bayon etadi. ­“Majolisi Jahongiriy”ni nashrga ­tayyorlagan olimlar Mutribiyning bu asarini Abdusattor bin Qosim Lohuriyning mazkur kitobi davomi sifatida baholaganlar.

“Majolisi Jahongiriy”da Mutribiy hikoyalarining ayrim ma’lumotlariga oydinlik kiritadigan xabarlar mavjud. Masalan, Mutribiy muloqotlardan birida Jahongir podshohning Abdullohxon va uning o‘g‘li Abdulmo‘minxon suratini ko‘rsatib, rasmning o‘zbek xonlariga o‘xshatib chizilgan yo yo‘qligini so‘raydi va Mutribiyning tushuntirishi asosida rassomga ularni to‘g‘irlab qo‘yishni buyuradi.

Mutribiy o‘z hikoyasida rassomning kimligini aytmagan. “Majolisi Jahongiriy” muallifi yigirma birinchi (1610 yil 29 iyun) majlis bayonida ­yozishicha, bu rasmlar ijodkori Usto Farrux ekan.

“Majolisi Jahongiriy”ni nashrga tayyorlagan olimlar yozishicha, asar muallifi Abdusattor bin Qosim Lohuriy haqida Jahongir podshoh o‘zining “Jahongirnoma” kitobida ma’lumot bergan bo‘lib, uning mazmuni quyidagicha: Abdusattor bin Qosim Lohuriy 1619 yil Navro‘zida Jahongirga Humoyun Mirzo qalamiga mansub asar qo‘lyozmasini ­sovg‘a sifatida taqdim qiladi. Shariat va ilmi nujum, musiqa kabi sohalar haqida so‘z yuritilgan bu kitob Humoyunning o‘z qo‘li bilan ko‘chirib yozilgan ekan. Jahongir bobosi yozuvini ko‘ziga surtib ziyorat qiladi va zavqlanib: “Hech bir sovg‘a bu tengsiz tuhfa kabi men uchun qimmatli bo‘la olmaydi” deydi.

Mutribiy “Nusxayi zeboyi ­Jahongir”da Abdullohxon Ikkinchining Buxorodagi kutubxonasida Humoyun podshohning o‘z qo‘li bilan ko‘chirib yozgan “Humoyunnoma” nomli kitobini ko‘rgani haqida yozadi. Mutribiy bu kitob tavsifi ­borasida bergan xabar aynan “Jahongirnoma” muallifi tilga olgan ta’rif bilan hamohangdir. Demak, Humoyun podshoh bu asaridan bir nechta nusxa ko‘chirib, ularni Movarounnahrga ham yuborgan ekan.

Shuningdek, “Majolisi Jahongiriy” asarining shayx Najmiddin Kubro hamda uning shogirdi shayx Majdiddin Bag‘dodiy bilan Sulton Muhammad Xorazmshoh mojarosi, Xoja Ubaydulloh Ahrorning Ulug‘bek shogirdi Ali Qushchi bilan ancha chigal kechgan munosabati, Abdullohxon Ikkinchi bilan otasi Iskandarxon o‘rtasida ro‘y bergan farzand tarbiyasiga oid voqealar, Hindistondan O‘rta Osiyo xonlari huzuriga yuborilgan elchilar faoliyati haqidagi hikoyalari ham o‘zbek kitobxoni uchun qiziqarlidir.

Ismoil Bekjon,

filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 23-sonidan olindi.