Hayotda nopoklik ko‘p, demoqchi emasman.
Hayot bo‘lgandan keyin, bo‘ladi-da…
Men faqat qorday oqqushlarni istayman.
Imant Ziyedonis
Xalqqa uning buyuk farzandlari orqali baho beradilar, degan edi Rasul Hamzatov. Nazarimda, shu buyuk farzandlar chekkan ozorlari orqali ham shu xalqqa, uning madaniy merosiga, davrga baho berish mumkin. Ular qiyofasida har birimiz o‘zligimizni ko‘ramiz, taniymiz.
Ko‘nglimizga noxush kechinmalar soya solganda Oybek lirikasini o‘qiymiz:
Yolg‘izmen, yolg‘izmen, shunday yolg‘izmen
Yulduzlar uzoqdir, yellar begona…
Shoirning sirdoshi samodagi oy o‘zidek mungli. U xastaligida ham eski do‘sti oyni unutmaydi, u bilan hamqadam yuradi. Shuning uchun ham bu she’riyat ko‘ngilga yaqin. Umuman, Oybek lirikasi shoirning o‘zi singari minbarbop emas. Uning ijodkor zamondoshlaridan ajralib turishining sababi ham shundadir balki. Ya’ni she’rlarining o‘zidek sof va yuksakligidir. Baxtiyor lahzalarda “Navoiy” romanidagi Nurboboning To‘g‘onbekka qarata aytgan: “Bu dunyoning zavq-safosiga nodon odam beriladi. Qadaming ostiga qara, minglarcha ko‘zlar termuladi! Sen ularni ko‘rmaysan, ammo ko‘ngilning ko‘zi ularni juda ravshan ko‘radi… bilib qo‘yki, ikkimiz bir joyga boramiz, nasibamiz bir parcha sovuq tuproq!” degan so‘zlari ko‘zni kattaroq ochib mulohaza qilishga undasa, “Oybegim mening” kitobini varaqlaganimizda Zarifaxonimning muhabbati va aqlu zakovati taskin beradi.
Oybek olami, Oybek dardlari har birimizning yuragimizga yaqin, qadrdon. Bir necha yillardirki, adibning boy ruhiy olamini anglashga urinaman. O‘zimcha nimalarnidir izlayman. Oybek men uchun hayratlar eshigi. Adibning ulkan ijodi va buyuk shaxsiyati kishini yuksakroq ko‘tarilishga undaydi, unga ruhiy bardamlik bag‘ishlaydi. Oybek o‘ttizinchi yillarda yozilgan sof lirikasining o‘zi bilanoq bashariyatning ma’naviy cho‘qqisiga olib chiquvchi zinalarning biriga aylanib ulgurgan edi.
Oybekning siymosida sirlarga to‘la cheksiz ufqqa tutashib ketgan samoviy nigohni, cho‘ng bir dardga aylangan isyonlar uchqunini, dunyo telbaliklariga hayratdan tikilgancha qotib qolgan tiyran ko‘zlarni ko‘raman. Nazarimda, ularda hali hanuz hayot bordek, Yashashga, So‘zlashga, Ijod qilishga haqqi bordek tuyuladi. Oybek mana shu holatda mening shuurimni zabt etgan. Oltmish yoshli donishmand shoir ko‘ngil xaritasini quyidagi misralarda chizadi:
Do‘stim, yomonlardan zinhor hazar qil,
Firibgar oshnolar zimdan to‘sar yo‘l.
Haqiqatni sevmas, vijdonsiz baxil.
Kuyganmen ulardan: yog‘dirgan tosh-do‘l.
Zimdan yo‘l to‘sib shoirni kuydirganlar, og‘zidagi so‘zini olib, qalamini qayirganlar kimlar edi?
Ulug‘ iste’dodlarga hamisha qiyin bo‘lgan. Chunki ularning qadri na pul, na mansab, na unvonu mukofotlar bilan o‘lchanadi. Shuning uchun ham ular oldida o‘rtamiyona kishilarning bahosi tezda belgilanadi. Iste’dod esa hamma vaqt ham tug‘ilavermaydi, lekin o‘rtamiyonalar har qadamda uchraydi. Oybekning ham dilini dog‘laganlar ana shu o‘rtamiyonalar va ularning rahnamolari edi.
O‘tgan asrning 30-yillarida boshlangan qatag‘onlar davrida bundaylar uchun davlat obro‘yi, sinfiy yoki partiyaviy obro‘y, dohiy avtoriteti bir himoya qobig‘iga aylangan edi. Dunyoni ham ular mana shu qobiq orqali ko‘rdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi hujjatlari orasida Yozuvchilar soyuzining 1937 yil 31 avgustdan 5 sentyabriga qadar davom etgan 4-plenumiga oid stenogrammani (fond r.2356, ro‘yxat 1, yig‘ma jild raqami 31) o‘qib, unda Oybekka qilingan tuhmatlarga guvoh bo‘lib, o‘ylanib qoldim. Xo‘sh, adibga tuhmat toshlarini otganlar kimlar va ularni bunga nima majbur etgan. O‘zimcha ularni tushunishga urindim: ularni majbur qilishgan, nachora, tirik jon… Hammasiga o‘sha qattol davr aybdor. Biroq bunday davrga nom topib bergan, uning qozonini qaynatganlar kimlar edi?..
Keling, o‘sha mash’um qatag‘on yillariga doir arxiv materiallarining ayrim parchalarini o‘qib, bu kabi savollarga birgalikda javob izlashga urinib ko‘raylik.
Mana, Oybek bilan tengdosh, sobiq “sovet adabiyoti”ning oqsoqollaridan hisoblangan shoirning stenogrammada qayd etilgan so‘zi: “Men Usmon Nosir va Oybek masalasida adashganman. Ularning millatchilik ijodiga chuqur baho berolmasdi, millatchilik ta’sirida deganman. Holbuki, “ta’sir” emas, millatchilik adabiyotining to‘la o‘zi edi. Oybek ajoyib ikki tarmoqli odam. Ikkita Oybek bor. Bittasi sovet she’rini yozadigan Oybek, ikkinchisi burjuaziya lirikasini yozadigan Oybek. … Men Usmonga sen kimga taqlid qilasan, deb so‘raganimda, u Oybek akaga deb javob bergan edi… Mening qo‘limga Oybekning bir kitobi tushdi. Shu she’r to‘plami bilan u sovet pozitsiyasidan chiqadi. U tabiat lirikasi niqobi ostida burjuaziya she’rini ilgari suradi. Misol uchun, “Na’matak” she’ri “san’at san’at uchun” deyishdan boshqa narsa emas. Hamidning “O‘rik gullaganda” she’rini oling. Siyosiy o‘tkirlikni, partiyaviylikni, sovet mafkurasini kuylaydi. Bu yo‘l Oybekni keyingi ijodida ham hukm suradi. “Shoir bilan suhbat” she’rida u sovet partiyasiga o‘tishini aytgan. Agar yozuvchi chindan bizning partiyamizga o‘tgan bo‘lsa, nima uchun “Ko‘klam derazamdan qarab turibdi va taloq qo‘ydim, men u bahorga” degan. Bu bilan nima demoqchi? Bu uning burjuaziyaga qarshi ekanligini bildirmaydi. Nima uchun u aynan bahorni obrazda bergan? Millatchilik g‘oyasi ostida ish ko‘ruvchilar, ochiqdan-ochiq chiqishni tashlab, niqobli yo‘lga o‘tishgan…”.
Bunday keskin tanqidga Oybek quyidagicha javob bergan: “Tan olaman, o‘ttizinchi yilgacha bo‘lgan ta’sirning qoldiqlari bor edi. Chunki 1921—22—23-yillarda O‘zbekistonda maorif sohasida tarbiya ishlarini ko‘pincha jadidlar egallab kelganlar. Men mana shu davrda o‘qiganman. Ya’ni bizning muallimlarimiz turk ziyolilari va Fitratlar edi. Biz, asosan, Turkiyada chop etilgan kitoblarni o‘qir edik… O‘shanda asosan Fitratu Cho‘lponlarning g‘oyalari menga ta’sir qilgan, ham shu vaqtda millatchi yosh shoir edim. Ko‘p vaqt ularning g‘oyasida bo‘lganman… Har qanday ijodda xalturaga qarshiman. Umuman, san’atda chuqur samimiylik bo‘lishi kerak. Keyingi ijodimga kelsak, toza lirika tematikasi bor. Lekin buni siyosiy xato deb bo‘lmaydi. Siyosiy oqlanish natijasida deyishlariga ham qarshiman. Agar shunday bo‘lganda, bu 4-5 yil ichida sezilardi. Sovet mavzuida, hayotiy mavzuda, siyosiy g‘oya tashuvchi, xalturachi bo‘lib yurardim… Hech vaqt tabiatning go‘zalligini maxtab yozish sovet pozitsiyasiga yot emas, balki sovet mavzuini kengaytirishga xizmat qiladi. Tabiat mavzusida she’r yozish hech bir millatchilikkayam olib bormaydi. So‘ngra, mening toza lirikam, tabiat ustida boradi. Tabiatning ko‘rinishlarida tabiatning buyukligini ko‘rsataman, mening o‘zbek poeziyasiga intilishim shundan…”.
Sho‘ro adabiyotining yirik vakili sifatida Hamza siymosini gavdalantirgan dramaturgning o‘sha plenumda aytgan da’volariga e’tibor qiling: “Oybek millatchilikdan qaytdim deydi. O‘zini sovet yozuvchisiman degan odam millatchilikka qarshi kurashadi, uning kirdikorlarini fosh qiladi. Oybek esa, aksincha, o‘zining millatchilik izlarini bo‘yamoqchi bo‘ladi. U faqat statistika tariqasida palon yildan palon yilgacha unday edim, keyin esa sovet pozitsiyasiga o‘tib oldim, deydi. Albatta, buning bilan hech kim qanoatlanmaydi. 1929 yilda qanday narsalar bilan o‘zingizni panturkist deb aytar edingiz, deb so‘raganimizda, u: “pessimist bo‘lganligim uchun”, deb javob beradi. Bu parishonlikning asosi qayerdan topiladi. Ruh tushkunligi bu faqat davriy norozilikdan, Stalin yo‘lidan norozilikdan iborat. Ochiqdan-ochiq aytish kerakki, u Usmon Nosirning o‘zginasi. Millatchi bo‘lishdan maqsading nima edi, deyishsa, u aytadi: “Bizlar o‘ylar edikki, o‘zbeklar o‘ziga bir davlat tuzsalar”. Bu Oybek haqidagi Uyg‘unning fikriga yetarlik javob. Oybekda samimiyat yo‘q. Moskvada, dekadadaligida “Navoiy. O‘zbek klassiklari to‘g‘risida” maqolasi chiqdi. U bunda Navoiy davrini oltin davr deb aytadi. Rus adabiyoti inqilobiy-demokratik adabiyotdan foydalanib o‘tilganini tamomila rad qiladi. Bunga qarshi Pushkin tomonidan sharq klassiklarini ko‘tarishga tarafdor bo‘lganligini, Pushkin tarjimasini g‘oya sabab qilib rus klassik adabiyotlarini emas, asosan, sharq adabiyoti degan narsani o‘rtaga qo‘ymoqchi bo‘ladi… Uning yana bir asosiy kamchiligi Usmon Nosir gapirgan gaplar haqida yaxshi bila turib, yashirib kelgan… Lavrentev kelib bu ishlarni ochganda ham mumkin qadar Usmon Nosirni saqlab qolmoqchi bo‘ladi…”.
Bu malomatlarga javoban Oybek: “Mendagi xatolarning bari, ko‘pincha xarakterimga maxsus bo‘lgan ahvollar bilan anglashiladi. Menda beparvolik, siyosiy beg‘amlik ochiq ko‘rinadi. Bu xususiyat ilgari ham bo‘lgan, hozir ham bor. Shuning uchun ham men Usmon Nosirning gaplariga shunchaki qaraganman. Moskvadaligimizda uning so‘zlariga ahamiyat bermaganman. Men uning so‘zlarida aksilinqilobiy ma’nolarni ham payqaganim yo‘q”, deydi.
Usmon Nosir ishini ko‘rgan komissiya a’zosi, shoir: “…Komissiyada besh marta chaqirib so‘raganimizda ham hech narsa demadingiz”, deganda Oybek: “Unutganman. Barcha qilgan xatolarim siyosiy ko‘rlik, hushyorsizlik, siyosiy beg‘amlik tufaylidir. Men bunga iqrorman”, deydi.
Plenumda faol qatnashgan, Oybekning tengdoshi bo‘lgan shoir: “Usmon Nosir she’rlarini o‘qigan va eshitgan ekansiz, nima uchun yoqmagan joylari haqida gapirmadingiz?” deganda Oybek: “Zarur ishim bor edi, ketib qolganman…”, deb javob bergan.
Oybek bilan Til va adabiyot institutida birga ishlagan shoir esa shunday degan: “…Oybek menga bir narsani aytdi, “Menga sovet adabiyotining dushmanlarimi, do‘stlarimi farq qilmayman. Hamma odamlaram yomon odamlarmi unga ishim yo‘q. Men siyosiy beg‘am odamman.” Shuning natijasida aksilinqilobchi qaynotasi surgundan qaytgandan keyin ham munosabatda bo‘libdi. Yana bir muncha millatchilar bilan og‘iz-burun o‘pishib yuribdi. Hammalaring Oybekni talantli shoir deysanlar, lekin u o‘zi bilan adabiyotga kirib kelgan tengdoshlaridek asarlar berayotgani yo‘q… Unda bo‘layotgan o‘zgarishlarga nisbatan G‘afurdaka hozirjavoblik yo‘q. Holbuki, uning qalamidan hech narsa qochib qutulmasligi kerak. Buning sababi nima? Oybek yaxshi asar berolmayotganining sababi, uning fikri ochilib ketmaganligida, ya’ni Oybek dunyoqarashida, ko‘zining ostida tosh yotadi. Ana shu toshning otini aytmoq kerak. Bu tosh millatchilik deb nomlanadi. Shu jihatdan Oybek ochilmasdan bo‘g‘ilib yotibdi. Men o‘ylaymanki, agar Oybek mana shu toshni samimiy ravishda otib tashlaganda ochilar edi, lekin u qilmayotipdi, hozirgacha ham qilgani yo‘q… 1934 yilda Qodiriy ijodi yuzasidan tekshirish yozadi. Nega Qodiriyni tanladingiz deganimda u markaziy figura bo‘lganligi uchun tanlaganligini aytadi. Bunday yondoshish noto‘g‘ri, chunki Julqunboy romanlari bizning roman emas. Yana Oybek aytadiki, “millatchi bo‘lsam ham aktiv millatchi bo‘lmaganman”, deydi. Men shunda, Siz ko‘zyoshi qilib, 1927 yilda Cho‘lponni shaxsiga tegmaylik, uning ijodini tekshiraylik, deb uni yoqlab maqola yozgansiz. Shu vaqtda Cho‘lpon katta millatchi edi deb aytganimda, haqiqatdan ham aktiv ish qilganini tan oldi-da, Oybek o‘ylanib qoldi…”. (Arxiv materiallaridan aynan ko‘chirildi.)
(Ushbu plenumdan so‘ng, Oybek Yozuvchilar soyuzi a’zoligidan o‘chirilib, Til va adabiyot institutidan haydaladi. Ana shu davrda u ilk romani “Qutlug‘ qon”ni yozadi. )
Yuqorida keltirilgan parchalar Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan o‘sha mash’um to‘rtinchi plenumga oid stenogrammaning uchdan bir qismi ham emas. Nachora, bu ayni haqiqat, bu haqiqat sizu bizning kechmishimiz. Axir, ko‘zim xira ko‘radi deb, uni o‘yib tashlolmaymiz-ku. Bu davrni millionlab kishilar yashab o‘tgan, minglab taqdirlar singan. Davr shovvozlarining “qahramonlik”lari ortida yuzlab mozorlarning izi bor… ShAXSlar bag‘ri yerni quchoqlaganda, bu nufuzlarning ko‘ksi ordenga to‘lgan… Zora, bular kelajak uchun saboq bo‘lsa. Biz qanchalik bo‘yab, pardoz bermaylik hech bir narsa unutilmas ekan, hech bir narsa shunchaki izsiz qolib ketmas ekan. Umuman olganda, bir nima deb hukm chiqarish, tahlil qilish bizning ishimiz emas. Hukm ham, ijrosi ham Yaratganga havola. Bizning ixtiyorimizda faqat birgina imkoniyat bor. Bu ham bo‘lsa ezgu ishlar bilan birgalikda ulkan xatolarni, og‘ir bo‘lsa-da, bir lahza ham unutmaslik, ulardan saboq chiqara bilishdir. Tokim, hech bir zot “Tosh ekan boshim, Hech yorilmadi Yog‘ildi ming tosh”, deya armonli nigohi bilan o‘tgan umriga nazar tashlamasin.
Qattol davr va uning “faol”lari Oybekning ijodiga, jismiga ta’sir qilishdi-yu, lekin uning his-tuyg‘ularini mahv etisholmadi, uning O‘zini yengisholmadi. Muhimi, uning qalbi, e’tiqodi darz ketmadi. O‘zi kuylab o‘tgan dahshatli qoya bag‘rini yorib chiqib, nafis tovlangan “vahshiy qoyalarning ajib ijodi” na’matakdek “ko‘ngilidagi har qanday chirkinliklar, dahshatlar… qirg‘inidan omon qolgan” go‘zal tuyg‘usiga, e’tiqodiga sodiq yashadi. Oybekning betakrorligi ham, ulug‘ligi ham, g‘alabasi ham mana shunda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 4-sonidan olindi.