Dilmurod Quronov. Ilk avval ko‘zimni ishq bilan ochdim

Sarlavhaga chiqarilgan Cho‘lpon misrasida “Anodin qay kuni tug‘dim, sening ishqing bilan yondim” deya fig‘on chekkan hijronzada Mashrab, umuman, Haq ishqini kuylab o‘tgan salaflar an’anasining ta’siri yo‘q emas. Biroq mudom “ko‘ngli yangilik qidirib” yashagan Cho‘lpon salaflari faol qo‘llagan “ishq”, “oshiq”, “yor” obrazlariga yangicha ma’no yukladi: uning talqinida “yor” yurt ozodligiyu, “oshiq” erkka tashna ko‘ngildir…

***

Shoir-da, ozroq mubolag‘a qilmasa bo‘lmaydi, dersiz? Yo‘q, uning “ilk avval ko‘zimni ishq bilan ochdim” deyishi mubolag‘a emas. Zero, tanglayi millat dardi bilan ko‘tarilgan, Taraqqiy va Istiqlol ishqi vujudiga sut bilan kirganu yurak qoniga aylangan uning. Mubolag‘aning daf’iga mubolag‘a keltirayapti, demang, asli o‘zi shunday…

…1913 yili Rusiya jadidlari rahnamosi, “Tarjumon” muharriri Ismoilbey G‘aspirali nomiga Turkistonning uezd shaharlaridan birida yashab turgan o‘n olti yoshli yigitchadan maktub boradi. Unda, jumladan, bunday deyiladi: “Andijonning ba’zi buyuklari menga derlar: “Sen “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Tarjumon”, “Vaqt” va “Iqbol” o‘qiysan, na uchun Mirzo Bedil va Xo‘ja Hofizlarni o‘qimaysan? Bu savolga javob berishga ojiz qoldim. Agar javob bor bo‘lsa, “Tarjumon”da chop etilishini qayta-qayta iltimos qilaman. Agar javob yo‘q bo‘lsa, bu “yangi adabiyot”ni suvga, otashga otib, bor vaqtimni Mirzo Bedil va Xo‘ja Hofizlar mutolaasi bilan o‘tkazayin”. Bu – o‘smir yoshidayoq jadid nash­rlari bilan yaxshigina tanishib, ulardagi g‘oyalarni ruhiga singdirgan, atrofidagilar ularning ahamiyatini anglamayotgani, qabul qilolmayotgani, qarshi turganlaridan yuragi zada Cho‘lponning ustozdan ma’naviy ko‘mak so‘rab bitgan iltijosi. Maktub ohangi­dan seziladiki, muallif qaysi yo‘ldan borish masalasini o‘zi uchun hal etib bo‘lgan, faqat yo‘l boshida turgan chog‘i dilidagi ikkilanishlar, shubha-gumonlarni yengish uchun kichik bir dalda, rag‘bat kutayapti, xolos…

… o‘ziga to‘q savdogarning yolg‘iz o‘g‘li, tahlikali yo‘lga kirish o‘rniga otasining topganini yeb yotsa yoki birini o‘n qilay deb astoydil bel bog‘lasa bo‘lmasmidi? Yo‘q, bo‘lmas edi. Chunki murg‘ak diliga ingan ishq qarshisida “Dunyoga nega kelding? Yashashdan muddaoing ne?” tarzidagi savollarni ko‘ndalang qilib qo‘ygan edi. O‘smir yoshidayoq bu qadar murakkab savollarga javob izlashga jazm etgani, taqdim etilgan yo‘llar ichidan o‘ziga taqdir etilgani – tirikchilik emas, TIRIKLIK yo‘lini tanlagani…

Bu-da bir o‘rnak.

***

…qalblar tutash bo‘lsa, muloqot uchun masofa ahamiyatsiz. Ismoilbey Bog‘chasaroyda turib g‘oyibona shogirdining holini fahm etdi. Tasodifmi, yo savqi tabiiysi bilan maktub egasining KIMligini his etganmi, hartugul, Andijondan “olganimiz ajoyib bir maktub chop etish va diqqatga loyiqdir. Sohibi maktub bizdan ancha go‘zal so‘ylaganidan yozganlarini aynan keltiramiz” deya, maktubni “Tarjumon”da e’lon qiladi. Ustoz javobida “yangi adabiyot”ni suvga, otashga otaman” deya, po‘pisa qilgan shogirdni biroz koyigach, Bedilu Hofizlar mutolaasi ham zarur, ayni chog‘da, zamona ahvolidan ogoh bo‘lish uchun “yangi adabiyot”ni o‘qish kerakligini uqtiradi. Ismoilbeyning javobi, adabiyotning ahamiyati haqidagi fikrlari Cho‘lpon muhtojlik sezgan dalda bo‘ldi, endi u o‘ylaganlari, tanlagan yo‘lining to‘g‘riligiga qanoat hosil qildi. Yarim yildan mo‘lroq o‘tgach e’lon qilingan “Adabiyot nadir?” nomli maqolasida u millat taraqqiysi uchun adabiyotning nechog‘li muhimligi, buning uchun adabiyot mas’ulligini imkoni qadar asosladi, “Adabiyot yashasa, millat yashar” degan xulosaga keladi. Bu yosh Cho‘lponning anglangan ijodiy kredosi, ijoddagi das­turulamali bo‘lib qoldiki, ilk qadamlaridanoq uni amalga oshirishga kirishdi: “Qurboni jaholat”da yurtining zabun holatini Eshmurod ko‘zi bilan ko‘rib ezildi, Muhammadiyorga qo‘shilib bu holning sabablarini qidirdi, undan chiqish yo‘llarini mulohaza qildi. Publitsistik chiqishlarida “butun dunyoda manbatlikning(hosildorlikning – D.Q.) birinchisi Amriqo bo‘lsa, bizning Turkis­ton ham ikkinchi”-yu, nega xalqimiz nochor kun kechiradi?” tarzidagi kunning o‘ta muhim muammolarini o‘rtaga tashladi, kuyinchaklik bilan yechim izladi. Cho‘lponning bexato baholash mezoni – Taraqqiy, u mavjud holatni Vatanining ertasi, taraqqiysi nuqtai nazaridan baholaydi, shunga mos munosabatda bo‘ladi. U yurtining tanazzuliga bois hollarni ko‘rib qancha ezilsa, istiqboli uchun xayrli hollarni ko‘rib shuncha quvonadi. Mana, uni quvontirgan hollardan biri: Andijon stantsiyasi qurilishini “shundog‘ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar ko‘rub, ularning qo‘liga o‘tib ketayotganiga ichlari achishgan” mahalliy ishbilarmonlardan biri pudratchi sifatida olgan. Cho‘lpon aql va tadbir bilan ish yuritadigan, o‘z foydasi bilan birga millat manfaatini ham ko‘zlaydigan ishbilarmonlarning ko‘payishi yurtini obod, ozod va ma’mur qilishiga ishonadi. Maqola yakunidagi da’vat ana shu ishonchga yo‘g‘rilgan: “Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub, Vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagiga solmasdan va bermasdan, o‘z cho‘ntakimizda olib yurmakimiz kerakdur. Bizga shundog‘ ishlarga kirishmoqg‘a vaqt!.. Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!..”. Axir, bu gaplar mustamlakachilikning jon joyiga urmaydimi?! Jur’atni qarang…

…o‘n yetti yosh – imkoniyatlaring beadad, qo‘l cho‘zsang serviqor cho‘qqilarga ham yetguday, jur’at odatiy hol bo‘lib tuyuladigan fasl. Bu pallada loaqal bir bor xayolan olamni lol qilishga chog‘lanmagan kim bor! Yosh Cho‘lponga ham, tabiiy, bu narsa yot emasdi, biroq u butun iqtidorini millat taraqqiysi maqsadiga bo‘ysundirdi. Shunchaki, yozuvchi degan nom olish, ko‘ngil xushligi, non yoki shon topish uchun qalam tebratmadi…

Bu-da bir o‘rnak.

***

… Cho‘lpon o‘z yo‘lini anglangan tarz­da tanladi, uni o‘zining qismati bilib, sobit qadam qo‘ydi:
Uzoq… og‘ir yo‘lga chiqqan yo‘lchimen,
Bu yo‘llarda qilog‘uzim yulduzdir.

Darhaqiqat, yo‘l uzoq va mashaqqatli; ko‘zlangan maqsad – Yulduz, u goh bulutlar ortida ko‘rinmay qoladi, goh ojiz miltirasa, goh charaqlab ko‘zni qamashtiradi. Bu yo‘lda bekatlar talay, faqat ularni ikki turligina atash mumkin – UMID yo UMIDSIZLIK. Umid bekatlari – 1917 yil Fevral inqilobi, Buxoro jumhuriyatining tashkil topishi, “bosmachilik” tamg‘asini olgan milliy-ozodlik harakatining kuchayishi… Umidsizlik bekatlari – Qo‘qon muxtoriyatining qonga botirilishi, Buxoro jumhuriyatining tugatilishi, milliy-ozodlik harakatining yagona kuchga birlasholmay parokanda bo‘lishi…

Joni-jahonini tikib, butun vujudi bilan Yulduzga talpingan yo‘lchining Umidsizlik bekatlaridagi ruhiy holatini tasavvur qila olasizmi? Bir bekatdan ikkinchisiga muttasil ko‘chib yurish uni necha bor o‘ldirib-tirgizganini-chi? Umrining bahori – yigitlik davrining besh-olti yili mobaynida ro‘y bergan evrilishlar, ulardan keluvchi iztiroblar necha-necha umrni xazon qilishga yetarlidek ko‘rinmaydimi? Shunda-da “bor-e, jonim sabilmi” demasa, yo‘lidan qaytmasa, uni yo‘lida sobit qilgan nima ekan?.. Cho‘lpon umidsizlik bekatlaridan birida, tushkunlikning zo‘ridan ruhi sinayozgan pallada ko‘ngliga xitob etadi:
Ko‘ngil, sen bunchalar nega
Kishanlar birla do‘stlashding…

Shoir e’tiqodiga ko‘ra, ko‘ngilning “kishanlar bilan do‘stlashmog‘i” mumkin bo‘lmagan hol, uning hurligi daxlsizdir. Cho‘lpon o‘ziga xitoban “Tiriksen, o‘lmag‘onsen, Sen-da odam, sen-da insonsen” deydi. Zero, uning nazdida inson sha’ni juda baland, tirik odam borki ko‘ngil hurligini saqlamog‘i lozim, faqat shugina uni INSON degan yuksak maqomda tutib turadi. Shu e’tiqodda mustaqiym ekani uni ezgu yo‘lda sobitqadam qildi…

… insonlik sha’nini yuksak qo‘ygani, hur tug‘ilgan inson hur bo‘lmog‘i lozim, HURLIK insonlikning javhari deb bilgani…

Bu-da bir o‘rnak.

***

…ko‘ksiga mushtlab “vatanim, xalqim” deguvchilar, minbarlardan jo‘shib-yondirib so‘zlaguvchilar, varaq-varaq she’ru doston bitguvchilar hamisha yetarli bo‘lgan. Biroq masala o‘sha vatan, o‘sha xalQ uchun nedandir – halovatdan, moldan yo jondan kechishga borib taqalsa, – g‘alvir suvdan ko‘tarildi, deyavering… Cho‘lpon bularning baridan kecha oldi. Zero, u chinakam “oshiq”, “yor”ga yetishishdan o‘zga muddaosi yo‘q. Yurt ozodligini “yor”, unga intiluvchini “oshiq” deb bilgan shoir yorga yetishmoq uchun oshiq dilining bosh­qa har nedan forig‘ bo‘lishini shart qilib qo‘yadi. Biroq, ilojimiz qancha, manfaat deganlari ham bor narsa, biz ko‘p-da nazarga ilavermaydigan, ammo har qanday ezgu niyatni g‘orat, uning tegrasidagi hamjihatlikni barbod qila oladigan kuchdir u. Axir, “bosmachilik”­ning yagona kuchga birlashib, keng ko‘lamli milliy-ozodlik harakatiga aylana olmagani, Buxoro hukumatining rahbarlari orasidagi kelishmovchiliklaru ulardan g‘animlarning ustalik bilan foydalanib qolganlari zaminida shu narsa – manfaati shaxsiya yotmaydimi? O‘zini “yurtimning pok istakli kuchimen” deya faxr etgan Cho‘lpon, afsuski, maslakdoshlarining barida ham “pok istak”ni ko‘rolmadi, shunda qalamidan “Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq”, “Angladim: sevgida har ko‘ngil buzuq!” degan iztirobu alamga to‘liq satrlar to‘kildi…

…so‘zi bilan amali, dilidagi bilan tilidagining birligi, Vatan va millat manfaatini o‘zinikidan chandon baland qo‘yolgani, tom ma’nodagi FIDOIY ekanligi…

Bu-da bir o‘rnak.
***

… darvoqe, Buxoro jumhuriyati. Cho‘lponning unga bog‘lagan umidlari katta edi. Hukumat gazetasi muharriri vazifasiga taklif etilgach, yeng shimarib ishga kirishdi: Buxoroda turib Turkis­ton ozodligi uchun kurashni davom ettirishni ko‘zladi, uni bu kurashdagi muhim platsdarm deb bildi, afsuski… Rahbarlar orasidagi kelishmovchiliklar g‘animlarga qo‘l kelgani aytildi. Oqibatda Buxoro jumhuriyati sho‘rolar bilan yaqinlashdi, siyosiy hayotda bolsheviklar ta’siri ustuvorlik qila boshladi. O‘zi muharrirlik qilayotgan gazetaning 1921 yil 3 noyabr sonida e’lon qilingan “Tarixdan” nomli she’rida Cho‘lpon yuz berayotgan voqealarga munosabatini oshkor etadi:
Qorong‘i kech…
Ko‘k yuzida yulduzlarmi otilg‘on?
Yo‘qsa elning baxtimidir
“ko‘lanka”ga sotilg‘on?

Shoir nazdida jumhuriyat hukumati olib borayotgan siyosat “el baxtini sotmoq”dan o‘zga emas, shu tufayli ham bu yerga kelganidan beri xayol ko‘kida porlagan yulduzi so‘ngan, bunda ham “qoron­g‘i kech” hukmronligi boshlangan. Xuddi shu ijtimoiy-siyosiy sharoitda Cho‘lpon kasalxonaga yotadi va shu ko‘yi gazetadagi faoliyatini ham to‘xtatadiki, buning tub sabablari she’rning yakunida o‘z ifodasini topadi:
Bu yaramas! – deya
og‘zim ochilmasdan bir buyruq:
“Mundog‘ achchig‘ fig‘onlarga
bu o‘lkada luzum yo‘q!”.
Qorong‘i kech…
Ko‘k yuzida yulduzlarmi otilg‘on?
Yo‘qsa manim “ohlarim”mi
bo‘g‘izimda tutilg‘on.

Anglash mumkinki, Cho‘lponning “Buxoro axbori”dan ketishining bosh sababi so‘z erkinligiga tajovuz qilina boshlaganidir. Bunday siqiq sharoitda gazetaga muharrir bo‘lishidan na istiqlol maqsadiga va na xalqi uchun bir naf ko‘rgan shoir iste’fo bergan…

…amal kursisini shunchaki egallab turishni, vijdoniga xilof-u, yuqoriga maqbul ish olib borishni o‘ziga ep ko‘rmagani, ezgu maqsadiga bir odim bo‘lsa-da yaqinlashtirmay o‘tgan vaqtini zoe bilgani, erkiga tajovuzni sing­dira olmagani…

Bu-da bir o‘rnak.

***

…1928 yili yozilgan bir she’rida shoir o‘zini zo‘r dengiz qo‘ynidagi somon parchaga o‘xshatadi, “Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni… Oqishning yo‘liga soldim o‘zimni” deya e’tirof etadi. Uning “bo‘yin egishi” oson kechmagan, bungacha…

…endi rostmana oyoqqa turib olgan yangi tuzum Cho‘lpon timsolida jon dushmanini ko‘rib yanglishmadi, zero, shoirning ko‘z yoshlaridan “chechaklar unishi” muqarrarligini angladi. Yo‘q, hurriyat deya maydonga chiqqan “o‘rtoqlar” shoirning hazin tortgan ovozini bo‘g‘ishni o‘zlariga ep ko‘rishmadi, sopini o‘zidan chiqarib, bu ishni o‘zlari yetishtirgan mahalliy kadrlarga qo‘yib berdilar. Cho‘lponni “ko‘k shoiri”, “ziyolilar shoiri”, o‘tmishga yuz burgan “yig‘loqi shoir” deya turtkilashlar, sondan chiqarishga harakatlar boshlandi. Shoir qalb tug‘yonlarini yurtdoshlari tushunmayotgani, tushunishni istamayotganidan ezildi, “men ko‘k shoiri emasman” deya, she’rlar bitdi, bo‘lmadi… Nachora, o‘n-o‘n besh yillar avval yoshlarning barini birdek yondirgan g‘oyalar endi o‘z o‘rnini bosh­qa – hali sarob ekanligi bilinmagan yangi g‘oyalarga bo‘shatib berayotgan, sarobga aldanganlar OLOMONga aylanayotgan palla edi bu. Shiddatli o‘zgarishlar avlodlar almashinuvini g‘oyat tezlashtirgan, “buyuk amal”iga sodiq Cho‘lpon esa hamon bir oyog‘i bilan o‘tmishda – istiqlol uchun kurash jabhasida qolgan edi…

…o‘zligini saqlagan ShAXS olomonga sig‘maydi: Cho‘lpon “yo‘qsil xalq shoiri emas” dedilar, ijodini xalq uchun zararli deb topdilar, shu xalqning “ziyoli” vakillari uni madaniyat xodimlari qurultoyidan quvib soldilar. qurultoy fatvosini olgan tanqidchilikning Cho‘lponga xurujlari kuchaygandan kuchaydi, 30-yillarning haybatli sud jarayonlarida navbat unga kelib qolgani ishora qilindi… Xullas, Cho‘lpon nochor bo‘yin egdi: qurultoy hay’atiga “E’tizor” yozib, “tushunmaslik” orqasida yo‘l qo‘ygan xatolariga, ya’ni shu el, shu yurt qayg‘usi bilan yashaganiga tavba qildi, butun kuch-quvvatini “xatolarni ishchi-dehqon ko‘nglidan ketkazish”ga sarflashga va’da berdi. Qurultoydan keyin Cho‘lpon matbuotda kam ko‘rinadi, o‘zi aytmoqchi, sozini “bir necha yil qantarib” qo‘yadi, chunki “ko‘ngil rozini aytib yig‘lamagan” she’r­ni she’rga sanamaydi. Faqat qarshisida “tuzalayotgani”ni ko‘rsatish majburiyati turganidan, ora-chira shunga mos she’r­larini e’lon qilib turish bilan cheklanadi…

…ayni ijodiy kuchga to‘lgan Cho‘lponning o‘quvchisiga aytari hali bisyor edi, u yo‘l izladi: dardlarini tarjimalari qatiga joyladi, she’rlaridagi nozik ishoralar yordamida imkon qadar bo‘shanishga intildi. Biroq shuning o‘zi uni qoniqtirolmas edi. Zero, masalaning tub mohiyatiga qaragani uchun u mavjud voqelik bilan to‘la kelisha olmas, shoirning tiyran qalb ko‘zlari kundan-kun mustahkamlanayotgan tuzumning ko‘pchilikka qorong‘u chizgilarini ilg‘ar, bu chizgilar unga elining saodatidan xayrli fol ochishga yo‘l bermas edi. Cho‘lponing millat qayg‘usida o‘tkazgan salkam yigirma yillik umri davomida ko‘rgan-kechirganlari, iztirobli o‘ylashlaridan tug‘ilgan gaplari bo‘g‘zida qotib turar, “ayt­sam o‘ldirarlar, aytmasam o‘lam” de­yi­ladigan holat yuzaga kelgandi. Shunday qaltis bir vaziyatda u o‘zining “oqqush qo‘shig‘i” – “Kecha” romaniga qo‘l urdi va… boshini kundaga qo‘ydi. Zero, Cho‘lpon unda erksiz qalami kashf etgan imkonlarni to‘la ishga solib, yaqin o‘tmishning o‘z nazdida HAQQONIY, lekin rasmiy nuqtai nazarga nomuvofiq epik manzarasini chizgan, bu bilan o‘zining zamonga haqiqiy munosabatini fosh etgan edi…

…olomon ichida ShAXSligicha qolgani, oqim bo‘ylab oqimga qarshi suza olgani, ajal qilichi ostida ham e’tiqodidan qaytmagani…

Bu-da bir o‘rnak.

***

…shunday yashagani, shunday o‘ylagani, shunday ijod qilgani – Cho‘lponning fojiasi: hayotida halovat ko‘rmagani, hassos qalbi iztirobu alamlardan bir dam forig‘ bo‘lmagani, qirchillama qirqida qirchinidan qiyilgani shundan.

…shunday yashagani, shunday o‘ylagani, shunday ijod qilgani – Cho‘lponning baxti: ko‘z o‘ngimizda Qaqnus qushday kuldan bosh ko‘targani, bugun barchaning tilida ekani, nomini tilga olganimizda ko‘ksimiz g‘ururga to‘lib, ko‘kragimiz bir ko‘tarilib tushayotgani shundan.

Bu-da bir o‘rnak.

Andijon

Dilmurod Quronov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.