XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotida, jumladan, she’riyat, nasr va dramaturgiyaning rivojlanishida atoqli adiblarimiz qatorida tarjimonlarning ham o‘ziga xos hissasi bor. Bugungi kunga kelib, jahon adabiyotining ko‘plab durdona asarlari ona tilimizga tarjima qilinganini, bir qancha ulug‘ siymolarning ko‘p jildliklari ham nashr etilganini hisobga olsak, o‘zbek tarjimonlarining bir necha avlodi izchillik bilan ijod mashaqqatini tortib, nihoyatda katta ishlarni amalga oshirganiga ishonch hosil qilamiz. Ulkan shoirlarimiz, yozuvchilarimiz, dramaturglarimiz betakror ijodi bilan birga, jahon adabiyotining durdonalarini tarjima qilish jarayonida o‘zbek adabiy tilining nihoyatda teran qatlamlari ochildi, shu paytgacha yashirin qolib kelayotgan imkoniyatlari ro‘yobga chiqdi. Albatta, adabiyotimizning mumtoz siymolari badiiy tarjima jabhasida ham ibratli ijod qildilar, lekin ular qatorida tarjimonlikni o‘z umrining mazmuni deb bilgan so‘z zahmatkashlarining ham xizmatlarini unutib bo‘lmaydi. Tarjimon Vahob Ro‘zimatov shular jumlasidandir.
Vahob Ro‘zimatovning tarjimonlik faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, M.Sholoxov, K.Simonov, K.Abe, A.Konan-Doyl, J.Svift, L.Tolstoy, romanlari, A.Ostrovskiy, N.Hikmat pesalari, shuningdek, A.Pushkin, A.Chexov, F.Dostoyevskiy, M.Gorkiy, B.Polevoy, O.Gonchar, G.Sevunts, O Genri, M.Tven, R.Tagor, J.Rodari kabi mashhur adiblarning asarlaridan namunalar o‘zbek o‘quvchilariga uning ilhomi qanotlarida yetib borganini eslaymiz.
Albatta, “tarjimonning ilhomi – qanotlarida” degan ibora nojoiz tuyilmasin. Badiiy asar ilhom bilan yaratilishi qanchalik tabiiy bo‘lsa, uning tarjimasi ham ilhom bilan qayta yaratilishi shunchalik zarurdir. Ona tilimizda avlodlar osha jaranglab yashab kelayotgan eng yaxshi tarjimalar buning shahodati emasmi?!
Vahob Ro‘zimatov nasriy va dramatik asarlarni tarjima qildi. Hech shubhasiz nasr va dramaning o‘ziga xos ijodiy qirralari mavjud. Bilamizki, yagona, yaxlit adabiy til lirikada, eposda, dramada – har bir adabiy turda o‘ziga xos ravishda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, she’riy, nasriy yoki dramatik asarlarda ham adabiy tilning (masalan, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Oybek she’riyati va nasriy asarlarida) betakror jilvalanishini yaqqol his qilamiz. Muayyan adabiy turga, janrga mansub asarni tarjima qilar ekan, tarjimon bu estetik talablarni bajarmasligi mumkin emas. Buning uchun esa tarjimon badiiy ijod siru sinoatlaridan ogoh bo‘lishga, bu siru sinoatlarni o‘z iste’dodi sayqaliga aylantirishga burchli. U tarjima qilayotgan asari asl nusxada qanchalik go‘zal bo‘lsa, o‘zbek tilida ham shunchalik betakror chiqishiga mas’ul, ya’ni mutarjim o‘z ona tilini nihoyatda yaxshi bilishi, boshqa tildagi nodir asarni munosib ravishda qayta yaratishi, o‘quvchi bu asarni ona tilida yozilgan, deb qabul qilishi, tarjima ekanini unutib yuborishi – estetik ehtiyoj.
Muayyan ijodkorni yozgan yoki tarjima qilgan asarlari vositasidagina emas, balki hayotda, ish jarayonida bilish har bir kishi, xususan, yoshlar uchun ibratlidir. “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida Vahob Ro‘zimatov bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlagan yillarda uning murabbiyligidan bahramand bo‘lgan qalamkashlardan biri sifatida aytishni istardimki, o‘z ishining fidoyisi bo‘lgan bu zot biz uchun haqiqiy ustoz edi. Mavridi kelganda domla (u kishiga shunday deb murojaat qilar edik) ko‘nglida asrab yurgan hikmatli so‘zlarini mavzuga muvofiq ravishda keltirib o‘tar edi, shularning ayrimlarini eslaylik:
“Cho‘lponning tarjimalarini o‘qisangiz, oltinni baxmal bilan artib qo‘ygandagi kabi yarqirab turadi. “Boris Godunov” tarjimasi shunday”.
“G‘afur G‘ulom o‘rgatgan: “Gapirib turib yozing, gapirib turib tarjima qiling. Ana shunda asaringiz tili o‘quvchiga tez yetib boradigan darajada sodda, tabiiy chiqadi”.
“Tishimni urib sindirsangiz sindiring, tilni buzmang!”
“So‘zning uvolidan qo‘rqing”.
“So‘zning qarg‘ishi yomon bo‘ladi”.
“Qayrab, charxlab turmasangiz, pichoq ham kesmaydi”.
“Latifa og‘izni ochib-yumguncha aytib bo‘linishi kerak”.
“Yangi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va kamol topishida atoqli adiblarimiz qatorida rejissyor Mannon Uyg‘urning ham ulug‘ xizmatlari bor. U adabiy tilimizni teatr sahnasida betakror ravishda ro‘yobga chiqardi”.
“Ustozlar, do‘stlar ko‘magiga suyanish, muayyan salohiyatga ega bo‘lishdan tashqari qalam ahli uchun yana bir narsa kerak – u ham bo‘lsa turmush tajribasi… Qo‘liga qalam tutgan kishiga hayotda ko‘rgan, eshitgan har bir fakti, bir kunmas-bir kun asqotar ekan… Maqtanchoqlik bo‘lmasin, ko‘pgina tarjimalarimda 20, 30, 40 yil burun to‘qnashgan faktlar, so‘zlar, iboralar ish bergan!”
“Eslab ko‘rsam, – der edi ustozimiz M.Sholoxovning “Ochilgan qo‘riq” romanini qanday tarjima qilgani haqida gapirganida, – tarjima qilgan ba’zi asarlarimdagi ijobiy va salbiy qahramonlarni eslatuvchi shaxslarni bolalik chog‘larimda uchratgan ekanmanki, ish vaqtida o‘shalarning so‘zlari qulog‘im ostida, a’mollari ko‘z o‘ngimda jonlanardi”.
Shu o‘rinda o‘zaro suhbatlarimizda shoir va tarjimon Abdulla Sher aytgan bir fikrni ham keltiray:
“Vahob Ro‘zimatov o‘zbek tilini yaxshi biladi. Afsuski, o‘zbek tilini yaxshi bilmagan holda, o‘zbek tiliga tarjima qilishlar ham uchrab turadi. Vahob Ro‘zimatov so‘zga ma’noni to‘g‘ri yuklaydi, qisqalikka, soddalikka erishadi – bu esa oson emas. Sun’iylikka yo‘l qo‘ymaslikka intiladi, gapini chiroyli chiqaraman, deb, yaltir-yulturga yopishtirmaydi”.
Bunday natija esa osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi. Tarjimon o‘girishga chog‘langan asarni to‘la-to‘kis anglamog‘i va uni butun teranligi bilan qayta badiiy yaratmog‘i kerak. U asarning umumiy musiqasini yaxlit qabul qilishi va o‘z ona tili muhitida mukammal jaranglatmog‘i zarur. Lev Tolstoyning “Bazmdan so‘ng” hikoyasini yodga olaylik. Hikoyachining xotiralari bayoniga razm solsak, nozanin qizga maftun bo‘lgan, ko‘ngil bergan yosh yigitning tuyg‘ulari hassoslik bilan to‘lqinlanganini, chappar urib gullagan, xandon otib kulayotgan gullarga jonini fido etgudek sabo kabi yelganini fahmlab turamiz. Qiz ham yigitga o‘z maylini sezdiradi. Har ikkisining ko‘ngil maqsudi – sevgisi uyg‘unlikda barq urayotgani ularning ushbu holatida yaqqol seziladi.
Asl nusxada:
“– Tak posle ujina kadril moya? – skazal ya yey, otvodya yee k mestu.
– Razumeetsya, yesli menya ne uvezut, – skazala ona, ulыbayas.
– Ya ne dam, – skazal ya.
– Dayte je veer, – skazala ona.
– Jalko otdavat, – skazal ya, podavaya yey belыy deshevenkiy veer.
– Tak vot vam, chtob vы ne jaleli, – skazala ona, otorvala perыshko ot veera i dala mne.
Ya vzyal perыshko i tolko vzglyadom mog vыrazit ves svoy vostorg i blagodarnost. Ya bыl ne tolko vesel i dovolen, ya bыl schastliv, blajen, ya bыl dobr, ya bыl ne ya, a kakoye-to nezemnoye suщestvo, ne znayuщee zla i sposobnoye na odno dobro. Ya spryatal perыshko v perchatku i stoyal, ne v silax otoyti ot nee.”
Endi Vahob Ro‘zimatov tarjimasida o‘qiymiz:
“– Shunday qilib, ovqatdan keyingi kadril meniki-ya? – dedim men, uni joyiga kuzatib qo‘yarkanman.
– Albatta, agar meni olib ketib qolishmasa, – dedi u jilmayib.
– Men yo‘l qo‘ymayman, – dedim.
– Yelpig‘ichimni bering, – dedi u.
– Bergani ko‘zim qiymayotibdi, – dedim men, arzongina oq yelpig‘ichni uzatarkanman.
– Mana oling, achinib yurmasligingiz uchun, – dedi u, yelpig‘ichidan patcha yulib olib menga berarkan.
Men patni oldim, butun zavq-shavqim va minnatdorchiligimni nigohim bilangina izhor qilishim mumkin edi. Men xursandgina, mamnungina emas, baxtiyor, devonavor, xushko‘ngil edim, men – men emas, yomonlikdan bexabar va yaxshilikkagina qodir allaqanday samoviy jon egasi edim. Patni qo‘lqopimga yashirib, undan uzoqlashishga ojiz holda turib qoldim”.
“Jalko otdavat” muqobilida “ko‘zim qiymayotibdi” iborasi qo‘llanilganligi ayni muddao – shu bir og‘iz gap badiiy mantiqni o‘zbek o‘quvchisiga nihoyatda tabiiy ravishda yetkazadi.
Hech kutilmaganda voqealar rivoji boshqacha tusga kiradi, to‘g‘rirog‘i, charx teskari aylana boshlaydi. Qizi bilan raqsga tushganda barchaning zavq-shavqiga sabab bo‘lgan ota endi tamomila boshqa qiyofada ko‘rinadi. Polkovnikning shafqatsizligi yosh yigit ko‘nglidagi sevgi sururini, orzularini yanchib tashlaydi, shaxsini barbod etadi. Mohir tarjimon “Tatarina gonyayut za pobeg”ni “Qochgan tatarni tirqiratishayapti” deb, “Ya tebe pomaju”ni “Men senga chalg‘itishni ko‘rsatib qo‘yaman” deb o‘giradi – tub ma’noni ko‘z o‘ngimizda yaqqol gavdalantiradi.
Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin.
Binobarin, “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘lgan tarjimon va “Qandolatchalar” nomli ixcham nodir kitob muallifi – adabiyotimizda yangi janr ixtirochisi Vahob Ro‘zimatovning ilhomi qanotlarida ona tilimizda jaranglayotgan jahon adabiyoti namunalari o‘z qadrini yo‘qotmay yashayveradi, deb umid qilamiz.
Muhammadali Qo‘shmoqov
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son