Odamlarni masal bilan ovuntirish haqida
Insonga uning ulug‘vorligini ta’kidlamay turib maxluqqa monandligiga ishontirish xavfli ishdir. Ammo uning pastkashlikka moyilligini aytmasdan ulug‘vorligiga ishontirish xavfi ham bundan kam emas. Yanada xavfli tomoni – insonning fe’l-atvori ikki taraflamaligini ochib tashlamaslikdir. Eng ma’quli – unga bor gapni borligicha aytish. Toki u aslida qandayligini bilib olsin.
Blez Paskal
Masalning tarixi uzun…
Masal, bu – insoniyatning jonivorlar haqidagi ilk ibtidoiy ertaklari bilan ulardan ancha keyin paydo bo‘lgan maqol, matal va zamonaviy latifalar orasidagi muhim bir ma’joziy bekatdir. Uning yoshi ming yillar bilan o‘lchanadi. Ya’ni, masal hozirgi davr tushunchasidagi tamaddunga tengdosh hisoblanadi: qisqa va ibratli ma’joziy hikoyalar ellik ming yil muqaddam paydo bo‘lgan shumerlarning mix yozuvli taxtachalarida ham uchraydi. Odamlar to‘da-to‘da bo‘lib yashashdan yuqoriroq darajadagi turmush holatiga o‘tib, shaharlar barpo qilib, davlatlar tuzishganlarida bu yangi sharoitdagi yashash tarzi qoidalarini kelishib olish zarurati tug‘iladi. Boshqacha qilib aytganda, Ikki daryo oralig‘i, Misr, Hindistonda xalqni tarbiyalash kun tartibiga qo‘yildi va bu borada ma’lum yutuqlar qo‘lga kiritildi. Masalan, Elladada eramizdan oldingi I asrda Ezop masallari shakllangan.
Qachonki buyuk va qo‘rqinchli afsonabozlik (Olimpning o‘lmas ilohlari, turli xil bahaybat maxluqlar, dahshatli qismatlar) chekinishib, teatrlarga ko‘chishgach va bu odatiy taomilga aylangach, buyuk antik davr so‘z san’ati vujudga keldi. Gomer eposi, asil falsafa va fojiaviy sahna asarlari – zodagonlarga, to‘pori ritorika, masallar va komediyalar oddiy xalqqa xizmat qila boshladi. Shunisi taajjubki, o‘ta salobatli, ko‘zlari ko‘r Gomer soz chertib, dahshatli tarixiy voqealar haqida kuyladi, Ezop esa badbashara qul bo‘lishiga qaramay, hazil-mutoyiba bilan so‘zlar, suhbatdoshini mot qilib qo‘yar, masallar aytardi, uning bu masallari keyinchalik yunon sahhoflari tomonidan bitikka tushirildi va adabiy jihatdan qayta ishlandi.
Bir o‘ylab ko‘raylik-chi, Ezop masallarining aksariyat qahramonlari nega jonivorlar? Ha, bu shunchaki savol emas, falsafiy savol.
Ko‘rinib turibdiki odamlar dastlabki davrda o‘zlarini tabiat dunyosidan alohida deb hisoblashmagan, shu boisdan ham jonivorlar ular uchun ilohiy savollarning munosib javoblari bo‘lib tuyulgan. Axir, ulug‘vor va qudratli qiyofaga, salobatli yollarga ega bo‘lgan Sher yurish-turishi, mag‘rur nigohi bilan shohlarga o‘xshamaydimi? Bo‘rilarning rahmsiz ovchilardan nima farqlari bor? Kichikroq va zaifroq bo‘lgan jonivorlarga ustamonlik va ayyorlik xislatlari xos emasmi? Chumolilar va bolarilar usta quruvchilarni eslatmaydimi? Suvda suzuvchi parandalar kema quruvchilarga suzishni ko‘rsatib ularga ilhom berishmaganmi? Itning egasiga sodiqligidan ortiqroq sodiqlik bormi dunyoda? Bularning hammasi dastlabki davrlar odamlarining aql-tafakkurlari uchun bebaho xazina emasmidi? Inson vaqti-soati kelib jonli tabiat saboqlarini o‘zlashtirib va ularni masalning ramziy tiliga o‘tkazgach, o‘zini jonivorlar olamidan ajratib oldi va o‘zini ulardan beqiyos darajada yuqoriga qo‘ydi. Turgan gapki, masaldagi jonivor faqatgina ramziy va majoziygina bo‘lib qolmay, turli xillikka ega bo‘ldi, turli qitalarda yashovchi turli xalqlar har xil jonivorlarga turlicha sifatlar berdilar.
Masalning umri XIX asrning o‘rtalariga kelib materialistik ta’limotlarning tantanasi va texnik tamaddunning keng joriy etilishi oqibatida tugadi. Darvin, Marks, Freyd va Pavlovlarning ilmiy nazariyalari, hayvonlarning yurish-turishlari sirlarini bayon etuvchi genetika, kibernetika va etologiya fanlarining vujudga kelishi jonivorlar xususidagi oldingi sodda qarashlarni chippakka chiqardi. Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Cheslav Milosh o‘zining uchinchi ming yillik bo‘sag‘asida yozgan “Ogohlantiruv” asarida “Bolalarning rasmlari bo‘yaladigan kitobchalarida odamlarday gapiradigan quyonchalar, kuchuklar, olmaxonlar, chigirtkalarni ko‘rgansiz. Ularning haqiqiy jonivorlar va hasharotlar bilan o‘xshashliklari bizning dunyo haqidagi qarashlarimizu haqiqiy dunyo o‘rtasidagi farqdan iboratdir”, degan edi.
Masal janrini “ko‘mgan” oxirgi masalchilar – qo‘pol hazillar muallifi bo‘lmish xorijlik Ambroe Birs, Rossiyada esa adabiy parodiya va laqillatish ustasi bo‘lgan to‘qima obraz – Kuzma Prutkov bo‘ldi. Shuningdek, sovet adabiy targ‘ibotchilari Demyan Bedniy, Mayakovskiy, Mixalkov va shuningdek, o‘z davrida mashhur bo‘lgan Feliks Krivinlarni ham shu qatorga qo‘shish mumkin.
Keling, biz masal janrining kelib chiqish manbalari va u erishgan cho‘qqilarni ko‘rib o‘taylik. Masal janrining asoschisi va Ezop tili deb nomlangan uslubning kashfiyotchisi bir tomondan xuddi Xo‘ja Nasriddin singari afsonaviy shaxs bo‘lib, ikkinchi tomondan, tarixchi Gerodotning guvohlik berishicha, tirik inson bo‘lgan.
To‘g‘ri, Ezop haqidagi aniq ma’lumotlar barmoq bilan sanarli darajada. Shunisi ma’lumki, u eramizdan oldingi VI asrda yashagan, Kichik Osiyoda, Yunonistonning Samos orolida dunyoga kelgan va qul qilib sotilgan badbashara habash bo‘lgan. Qullarni vahshiylar deb atagan o‘sha davr yunonlari nuqtai nazarida u ikki oyoqli uy hayvoni sanalgan. Shu sababdan uni sotib olgan xo‘jayinlarini va so‘zlarini eshitgan kishilarni Ezopning ajoyib hazil-mutoyibalari, o‘tkir aqli va o‘ta donoligi hayratga solar edi. Bu o‘ta aqllilik va donolik Ezop qarigan chog‘ida uning boshiga balolar keltiradi. U Delfa shahri odamlarining tekinxo‘rlik va badg‘arazliklarini fosh qilishga kirishadi. Bu shaharda yunonlarning muqaddas ibodatxonasi bo‘lib unda taqdirni oldindan aytib beruvchi bashoratgo‘y ayol va ko‘plab kohinlar istiqomat qilishardi.
Delfaliklarga Ezopning ularni fosh qiluvchi o‘tkir so‘zlari yoqmaydi, uning to‘rvasiga Apollon ehromidan keltirilgan tilla kosani solib qo‘yib, uni o‘g‘irlikda ayblab o‘limga hukm qiladilar va qoyadan tashlab yuboradilar. Bu voqea haqiqatdan ham shunday yuz bergan bo‘lsa, u faylasuf Suqrot va boshqalar boshiga tushgan shafqatsiz jazolarni birinchi bo‘lib tatib ko‘rgan bo‘ladi.
Ezopning yunonlarga ma’qul kelib, og‘izdan og‘izga o‘tib, xalq mulki, og‘zaki ijodiga aylangan masallar to‘qigani haqiqat. Bir necha asr o‘tgandan so‘ng bu janrda yozilgan barcha asarlar Ezopniki deb hisoblana boshlandi. Bu paytga kelib muallifning tarjimai holiga ham turlicha afsonalar, tafsilotlar qo‘shildi. Bular Ezopning haddan tashqari xunuk bo‘lgani, qullar bozorida “Kim o‘ziga xo‘jayin sotib olmoqchi bo‘lsa meni xarid qilsin”, deb qichqirib turgani, o‘zining donolarcha mulohazasi bilan Samos orolini shoh Kryoz tomonidan bosib olinishidan saqlab qolgani va bu xizmati uchun qullikdan ozod etilgani va shoh Kryozga hamda Bobil va Misr podsholariga maslahatchi sifatida xizmat qilgani, o‘sha davrning eng mashhur faylasuflari bo‘lmish yetti donishmand ziyofatida ishtirok etgani, delfaliklar oldida qanday masalni aytgani hamda ular dono masalchini qatl etganliklari uchun vaboga duchor bo‘lgani haqida edi.
Eramizdan oldingi 323 yilda Aleksandr Makedonskiyning vafotidan so‘ng qadimgi yunon dunyosi uzoq va asta-sekinlik bilan so‘nish davriga kirganida bu og‘zaki rivoyatlar qog‘ozga tushirildi va u yoki bu darajada adabiy ishlov berildi. Eramizning oxirlariga kelib Ezop haqidagi afsonalar anchagina tugal bir tusga ega bo‘ldi. Noma’lum muallifning “Ksanf faylasuf, uning quli Ezop yoxud Ezopning boshdan kechirganlari” asari bu mavzuni yakunladi. Ezop masallarining bir yarim ming yildan ortiqroq vaqt davomida Yevropa mamlakatlari va Sharqda qayta-qayta yozilib, turli tillarga tarjima qilinishi uning nomini abadiylashtirishga xizmat qildi. Ezopning tarixchi va adabiyotshunoslar tan olgan eng qadimgi va shu boisdan eng ishonchli masallar majmuasi “Ezopning asosiy to‘plami”dir. 244 hikoyadan iborat bo‘lgan bu majmua keyinchalik Lafonten va Krilovlar tomonidan davom ettirildi. Bularning barchasi Ezop olamini tashkil etadi. Bu olam qanday vujudga kelgan edi?
Masal xuddi afsonaviy Yanus singari ikki qiyofaga egadir. Ezop masallari ham shunday turli ma’no jihatlariga qurilgan. Masallarning ikki turli qiyofaga ega bo‘lishi shu bilan izohlanadiki, masal qiziq voqeani hikoya qilish orqali o‘quvchini qiziqtiradi, shu bilan birlikda, bu tasvir nasihat bilan yo‘g‘rilib ketadi. Xuddi tana bilan ruh singari ular ham turlichadir, bu esa masalga alohida joziba baxsh etadi.
Ezop bir tomondan jamiyat tubidagi xo‘rlanganlar, ezilganlarning noroziliklari ifodachisidir. Ikkinchi tomondan esa faqat buzishgina emas, yaratishga qaratilgan inson shaxsiyatini ulug‘lash tarafdoridir. U hayotga tanqidiy ko‘z va umidsizlik bilan qaraydi: dunyoni yovuzlik va adolatsizlikka asoslangan kuch boshqaradi, ko‘zga ko‘rinib turgan narsa – aldoqchi, taqdir o‘zgarib turadi, his-tuyg‘ular ham aldamchidir. Shuning uchun har kim o‘ziga ishongan holda, o‘z kuchini chamalagan holda o‘z o‘rnini bilmog‘i, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmog‘i lozim. Har bir masalning so‘nggida keladigan qissadan hissa, boshqacha qilib aytganda, tashviqot shioriga ikki taraf – oddiy odamlar va qaysi tarixiy, ijtimoiy va siyosiy tuzum bo‘lishidan qat’i nazar hukmronlarning g‘oyaviy xizmatkorlari jon-jahdlari bilan yopishib oldilar. Ezopning ko‘pchilik masallaridan kelib chiqadigan tub axloqiy xulosani ularning tarjimoni va antik davrning o‘tkir bilag‘oni Mixail Gasparov: “Hech kim mavjud ahvolni o‘zi uchun yaxshiroq bo‘lsin deb buzishni xohlamas edi, mabodo shunday qilganda ham uning uchun ahvol yaxshiroq emas, balki bundan badtarroq bo‘lardi”, deb izohlagan edi.
Yuqoridagi fikr Ezop masallarining janr sifatidagi tub mohiyatini tashkil etadi: u ijobiy namuna emas, balki nima qilmaslik kerakligini ko‘rsatib beradi, bu esa bu masallarni oilalarda va maktabda mashhur qildi hamda mana – ikki ming yildan ko‘proq vaqtdan beri o‘qib kelinishiga sabab bo‘ldi.
Gap Ezop masallarining kuchi bugun ham bemalol sevib o‘qilishidadir. Buning sababi Ezop oddiy dono nasihatgo‘y emas, ma’naviy donishmand va ramziy masallar ijodkori. Odob-axloq belgilab qo‘yilgan va buzilishi mumkin bo‘lmagan tamoyillardan iborat bo‘lsa, to‘g‘ri yurish-turish san’ati mavjud sharoitdan kelib chiqadi. Yurish-turish qoidalari odob-axloqdan o‘zining kelishuvchanligi va nisbatan yumshoqligi bilan ajralib turadi.
Masal dunyoga kelgandan beri unda ikki xil yo‘nalish mavjud bo‘lib kelmoqda. Axloqshunoslar, o‘qituvchilar, nazariyotchilar, mafkurachilar masalning birinchi vazifasi uning nasihatomuz qissadan hissasi deb bilishsa, ijodkorlar unda hikoya qilingan uyg‘un voqega e’tibor beradilar. Bu tortishuvda ko‘proq ijodkorlar yutib chiqishdi va bu janr asta-sekin bo‘lsa-da adabiy tasvirning muhimligi tomoniga o‘sib boraverdi va shu bilan Ezop masallari davri o‘z nihoyasiga yetdi.
* * *
Frantsiyada, mamlakatning Oltin asrida Lyudovik XIV davrida yashagan Lafonten haqida Ezopga qaraganda ko‘proq narsalarni bilamiz. “Quyosh-qirol” buyuk masalchini uncha xushlamasa ham, har qalay, och qo‘ymadi, hatto birmuncha kuttirib bo‘lsa ham qirq kishidan iborat bo‘lgan “Abadiylar” deb ataluvchi Frantsuz san’at va ilmlar akademiyasiga a’zo qildi. Gap Lafontenning past tabaqadan kelib chiqishida bo‘lmasa ham (bir gal uni o‘z shajarasini oshirib ko‘rsatganini payqab qolishib unga jarima solishmoqchi bo‘lishsa ham keyinchalik xizmatdagi aslzodalar darajasiga ko‘tarishgan edi) u o‘zining bemalol tutishi, serta’zim emasligidadir (bu hol mutlaq yakka hokimlik davrida unga qarshi isyondek gap edi). Lafonten o‘zining saroyga yaqinlashuviga sabab bo‘lgan o‘sha adabiy birlashmada o‘sha davr rasmiy san’at ustalari bo‘lmish klassitsizm oqimining asoschisi Bualo, fojiaviy asarlar ustasi Rasin, kulgili sahna asarlar yaratuvchi Molerlar orasida ham ola qarg‘a misoli ajralib turardi. Ular Lafontenni o‘z oralariga olishar ekan, unga “sodda oqko‘ngil” deb nom berishgan edi. Bu laqab Lafontenga oliy eshiklarga kirish uchun ruxsat qog‘ozi va himoya yorlig‘i bo‘lib xizmat qildi. Bualo oldinroq uni antik davrga mohirlik bilan taqlid qilgani uchun ko‘klarga ko‘tardi, ammo tez orada paydo bo‘lgan frantsuz masallari oldida uning bahosi tushib ketdi. Moler esa Lafonten masallarini yuqori baholadi va endilikda Frantsiyada hech qanday o‘tkir va dono so‘zlar ijodkori Lafontendan o‘zib ketolmaydi, deb hisobladi.
Jan La-Fonten Shampan viloyatida 1621 yili mahalliy “qirol o‘rmonlari va suvlari muhofazachisi” oilasida tug‘ildi va yigirma besh yoshida ana shu lavozimning egasi bo‘ldi. Ammo u otasining o‘ziga nisbatan bunday g‘amxo‘rligi va hatto o‘n besh yoshli qizga uylantirib qo‘yganligining qadriga yetmadi va unga qirol o‘rmonlarini qo‘riqlash va yosh qallig‘ining ko‘nglini olishdan ko‘ra turli jonivorlarning qiliqlarini yoxud chumoli inini kuzatish ko‘proq ma’qul keldi. U oilasiga qaramas, Parijga ketib uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketar, uyiga esa xuddi o‘zi to‘qigan “Chirilloq bilan Chumoli” (Krilov tarjimasida “Ninachi va Chumoli”) masali qahramoniga o‘xshab, o‘z mulkining qandaydir bir qismini sotib-sovurish uchungina kelar edi. Ish shu darajagacha borgan ediki, u voyaga yetib qolgan o‘z o‘g‘lini tanimay qolgani singari uni xotinining xizmatkori ham tanimay qola boshladi.
Shuni aytish kerakki, bu xildagi tayyorga ayyor bo‘lib birovning haqiga bemalol hayot kechirish yuqori martabali homiylar va buyurtmachilarsiz kun ko‘ra olmaydigan o‘sha zamon qalamkashlariga va boshqa san’at arboblariga xos holat edi. Lafonten ham bu yo‘lni obdan egallab olgan edi. Uning homiy va boquvchilari orasida kardinal Mazarinining qiz jiyani va bir necha gertsoginyalar bor edi, qudratli moliya vaziri Fuks esa Lafontenni har uch oyda bitta she’r yozib berishi uchun ming livrga yollagan edi, ammo u davlat mablag‘ini o‘zlashtirgani uchun Kolberi tomonidan qirolga chaqilishi oqibatida qamoqqa tashlangan bo‘lib, bu ismlar Aleksandr Dyuma asarlari qahramonlarinikiga o‘xshab ketardi. Lafontenning homiylari safiga keyinchalik hukumat tomonidan tazyiqqa uchragan gertsog Laroshfukoni ham qo‘shish mumkin, u qadimgi taxt vorislari avlodidan bo‘lib, Lafontenning kasbdoshi va o‘tkir aforizmlar muallifi edi. Lafonten unga “Janob Lafonten she’rga solgan Ezop masallari” deb nomlanuvchi she’riy to‘plamini sovg‘a qilgan edi. Lafonten homiylari qatorida Lyudovik XIV ham bo‘lib, Lafonten unga masallar kitobini sovg‘a qilgan edi. Lafontenga doimiy ko‘mak berib turganlar orasida mashhur masalchi keksaygan paytda unga o‘z uyidan joy bergan boy muxlisi – parlament deputati ham bo‘lib, Lafonten 1695 yilda yetmish besh yoshida uning uyida vafot etadi.
Biz Lafonten masallarining jozibasi va o‘ziga xosligini his etishimiz qiyin, illo she’r hech qachon tarjimada butun borlig‘i bilan namoyon bo‘lmaydi. Hatto eng yaxshi tarjimalar ham go‘yo xira oynada ko‘ringan narsadek uning shaklu shamoyili borasida taxminiy tasavvur hosil qiladi, xolos. Xudo haqi, aytinglar-chi, Lafonten masallarining krilovcha qayta aytilganini frantsuzchaga tarjima qilib bo‘ladimi? Yoxud, yana olaylik, bizning maxfiy qurolimizga monand Pushkin she’rlarini chet elda parchalab, yana yig‘ib bo‘larkanmi? Unda buyuk shoir Yevropa romantiklarining shunchaki taqlidchisiga aylanib qolmaydimi? Axir, shuning uchun ham biz ba’zida Petrarka yoki Bayronning ruscha tarjimalarini o‘qiganda hayron bo‘lib qolamiz.
Tushunarliroq bo‘lishi uchun shuni aytishimiz kerakki, birinchi manba bo‘lmish Ezopning masalida qahramonlar Chumoli va Go‘ng qo‘ng‘iz edi. Bulardan birinchisi – mehnatkash, tirishqoq, tejamkor mulk egasi, ikkinchisi esa tekinxo‘r, g‘oyibdan boshiga yog‘ilgan boylikni isrof etuvchidir. Lafontenda esa chumoliga Chigirtka qarama qarshi qo‘yiladi. (Frantsuz tilida turlicha hasharotlar bo‘lmish Chigirtka yoxud Chirilloq deyarli farq qilinmaydi). Aytishlaricha, Frantsiyada chirilloqlarning ishqibozlari bo‘lib, ularni sayroqi qushlarning o‘rniga maydato‘rli temir qafaslarga solib boqishar ham ekan. Krilov o‘z navbatida mustaqil ish tutib, masal qahramonlaridan birining biologik ko‘rinishini, hatto jinsini ham o‘zgartiradi va ular o‘rtasidagi qarama-qarshilikka ijtimoiy rang beradi. U mehnatkash Chumoliga yengil tabiatli tannoz va yeb to‘ymas ayol qiyofasidagi Ninachini qarama-qarshi qo‘yadi…
Siz bu masal qadimgi yunon tilidan frantsuz, keyin esa rus tiliga tarjima qilinib, misralari esa qofiyalanib, “Qara, bosib kelyapti-ya qish” singari oddiy rus xalq istioralari bilan bezalganida o‘sha frantsuz mumtoz adabiyotchilari va antik shoirlar, jumladan, Ezopning qanchalik lol qolishi mumkinligini tasavvur eta olasizmi? (Bu Rimdan Dunay ortiga surgun qilib yuborilgan shoir Ovidiyning muzlab qolgan daryoni ko‘rib hayratga tushganini eslatsa kerak).
Lafonten Ezop va boshqa qadimgi antik davr mualliflarining nasihatomuz masallarini, qadimgi hind “Panchatatra”sini, o‘rta asrga oid sho‘x hikoyalarni she’rga solish bilan cheklangan emas. U qadimgi barqaror voqeiy tizimlarni o‘zlashtirdi, poetiklashtirdi, ustalik bilan jon kirgizdi, quruq nasihatgo‘ylikdan tozaladi, frantsuzchalashtirdi, soddalashtirdi, bir so‘z bilan aytganda, ularga milliy ruh berdi. Shunday qilib bu asarlar butunlay yangicha tus oldi, bus-butun uslubga ega bo‘ldi, biroz ma’yus, biroz qitmirona va dono ruh kasb etib faqat qirollar va adabiyot qonunchilarigagina emas, oddiy xalqqa ham yetib bordi.
Frantsuz adabiyoti ta’sirida voyaga yetgan bizning Pushkinimiz frantsuz masalchisini yaxshi bilar va uni ruschasiga Vanyusha Lafonten deb atar edi. Pushkinga masal janri unchalik yoqmasdi. Unga ko‘proq Lafontenning akademik bo‘lib saylangunicha “dekameroncha” uslubda yozgan hikoyalari yoqardi (Pushkinnning “Graf Nulin”, “Kolomnadagi uy” hikoyalarida bu uslubning ta’sirini sezish mumkin). Shoir har qalay Krilovning masallarini Lafonten masallaridan yuqori ko‘rar, bu masallardagi faqat rus millatiga xos bo‘lgan “qandaydir oqilona sho‘x quvlik, piching va tasviriy holat”larni ijobiy baholar edi. Shunga qaramasdan, Pushkinning yoshligida Lafontenning “Janjal”, “Sevgi va Telbalik”, “Dub daraxti va Maysa” (Krilov tarjimasida) masallari yuqori intellektual ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, bu hol uning litseyda o‘qigan davridagina emas, surgundaligida yaratgan she’rlarida (1824 yilda yozgan “Akvilon” bunga misol bo‘la oladi) o‘z ifodasini topgan deyish mumkin.
Shuni aytish kerakki, Lafontenning o‘zi “Dub daraxti va Maysa”ni o‘zining eng yaxshi masali deb hisoblardi. Masal she’riy misralarga solinmagan holda ham juda ta’sirli chiqqan. Bunda Dub daraxtining halok bo‘lishi shunday tasvirlangan:
“…Ufqning chetidan shimolning rohimidan paydo bo‘lgan eng dahshatli farzandi uchib keldi. Daraxt tik turar, maysa esa egilib-bukilardi. Shamol kuchayib boshi osmonga, oyoqlari esa narigi dunyoning qa’rigacha yetgan daraxtni ildiz-pildizi bilan sug‘urib tashladi”.
Maysa esa shunday deydi: “Shamollar men uchun uncha qo‘rqinchli emas, men doim egilib-bukilganim uchun sinmadim”.
Bu – Ezop masalini qayta aytib berishmi yoxud Blez Paskal (u Lafontendan ikki yosh kichik bo‘lib, qirqqa kirmasdan o‘lib ketdi) bilan uning odamning yer yuzidagi mohiyati, qadri-qimmati xususidagi “ongli maysa” qabilidagi fikrlari bilan o‘zaro munozaramidi, buni bilish qiyin.
* * *
Oqilona-lirik Lafonten ko‘rsatmalar asosida faoliyat yuritadigan frantsuz klassitsizmining inkorchisi bo‘lsa, kulgi aralash dono bo‘lgan Krilov ham bir taraflama rus klassitsizmining inkorchisi edi. Shunday bo‘lmaganda masalga xos o‘xshatish bilan aytilganda, ular atigi kapalakning qurti bo‘lib qolar edilar.
Krilovning hayot va ijod yo‘li sirtmoqsimon doirani eslatadi. U 1759 yilda qashshoqlashgan armiya praporshigi oilasida, Moskvada tug‘iladi. To‘rt yoshga kirganda ularning oilasi Orenburgga borib qoladi va Pushkinning aytishicha, Pugachev g‘azabini sochib uning otasi va butun oilasini osib o‘ldirishga qasam ichganda “bema’no va beshafqat rus qo‘zg‘oloni”dan dahshatga tushadi. Ular boquvchi otalaridan ayrilib, onasi qo‘lida yoshgina yetim qolib Tverda och-yalang‘ochlikka duchor bo‘lishadi… Og‘zidan ona suti ketmagan o‘smir shimoliy poytaxtga yo‘l oladi va yigirma yoshlarga yetganda uning muqim farzandi bo‘lib qoladi.
Krilov o‘zining o‘smirlik yillarida xuddi Fonvizinga o‘xshab komediyalar yozdi, dindan qaytgan Novikovga o‘xshab hajviy jurnal nashr ettirdi, Sumorokovga o‘xshab bir necha masallar yozdi, ammo keyinchalik bu masallarni eslamaslikni lozim topdi. Ammo Yekaterina davrining zulmat bosgan so‘nggi qismi, undan keyingi badtar zulm-zalolat hamda moddiy qiyinchiliklar uning uzoq vaqt adabiyot bilan shug‘ullanishiga monelik qildi. U balodan hazar degandek viloyatlarda yashirinib yurdi va turli homiylarinikida kun ko‘rdi. Turli tabaqa vakillari bilan muloqotda bo‘lib, o‘qib-yozib, o‘sha davr adabiyoti turg‘unligidan ozod bo‘ldi va pishib-etildi. Agarda u faqat viloyatda yoki poytaxtning o‘zida yashaganda, bu hol yuz bermasligi mumkin edi. Ha, Peterburg erkasi Pushkin surgunda bo‘lmasa, poltavalik xayolparast Gogol Peterburg va Rimda yashamasa, ko‘rinmay ketishgan Lermontov va Tolstoy Kavkazsiz va Rossiyaning janubidagi urushlarsiz, tutqanoqli Dostoyevskiy katorgasiz, ziyoli Chexov Saxalinsiz va hokazo va hokazo boshqalar – kim ham bo‘lardilar? Xalq hayotining cheksiz ummonida yuz yuvgan, xalq tilini xuddi suv shimib oladigan matodek shimigan Krilov 1806 yilda buyuk masalnavis bo‘lib Peterburgdan sho‘ng‘ib chiqdi. Uning ilk masallari bosilib chiqdi, uch yildan so‘ng birinchi to‘plami nashr etildi, ikki yildan so‘ng Rossiya akademiyasiga qabul qilindi.
Asosiy gap adabiyotda rus tilida erkin va bemalol gapirishda bo‘lib, na imperiya mumtoz adabiyotchilari, na liberal ma’rifatchilar, na shirin tilli hissiyotparastlar, na almisoqdan qolgan qadimchilar va na xira-shira tasvirchi ilk romantiklar bu ishning uddasidan chiqmagan edilar.
Ha, Lomonosov, Derjavin, Karamzin, Jukovskiy va qilgan xizmatlari shoyon tahsinga sazovor bo‘lgan boshqalar bo‘lsalar-da, adabiyotni chinakam to‘la ma’noda ruscha gapirtirishga Krilov, Griboyedov, Pushkin, Gogol bilan Lermontov, Vladimir Dal va boshqalargina erisha oldilar. Gap til bilimida emas, uning ruhida – ichki topqirligida, turli uslublarni qorishtirib yangi til qonunini dunyoga keltirishda, turfa xil ifodalarni bemalol qo‘llashda, ta’rifiga so‘z ojiz bo‘lgan timsollar va boshqa xususiyatlarni ustalik bilan qo‘llay bilishdadir.
Masalan, “Chittak dengizga o‘t qo‘ymoqchi bo‘ldi, o‘tni-ku qo‘yolmadi, ammo xiyla shov-shuv tarqatdi”, degan rus maqoli Krilovning bir masali uchun homila vazifasini o‘tadi. Yoki ruslar nemislardan o‘rgangan – po‘stloqlarga chizilgan turli suratlardagi Sichqonlar Mushukni qanday dafn etganliklari tamaki qutisiga chizilgan haqiqiy tomosha emasmi? Krilovning masallari ham xuddi shunday – ijrochilari obdan tanlangan, o‘zaro kurashlari jonli, tepasida esa qo‘g‘irchoqboz ularni mohirlik bilan boshqarib turuvchi hajviy tomoshadan iboratdir. Ularning bir qismi oddiy xalq uchun o‘sha po‘stloqlarga chizilgan suratlarda tarqalib ketsa, Ivan Krilovning masallar kitobi 1830 yilda 40 ming nusxada bosildi (hozirgi o‘lchov bilan aytganda bu bir necha million nusxaga to‘g‘ri keladi).
XIX asrda rus samoderjaviyasi tarafdorlari, XX asrda esa sovet kommunistlari Krilovni o‘zlarining birozgina sodda va go‘l nasihatgo‘y qariya “bobolari” sifatida tushuncha hosil qilish uchun urindilar, unga Yozgi bog‘da haykal ham o‘rnatildi. Ammo ular o‘z maqsadlariga erisha olmadilar, erishmaydilar ham.
Krilovning masallari rus madaniyatining oltin xazinasidan joy oldi va uning asosiy poydevor toshini, gapning lo‘ndasini aytganda, uning mohiyatini tashkil etdi. Krilovni o‘qimay qo‘yib uning bebaho timsol – maqol va matallarga aylanib ketgan “yo‘l-yo‘riq”lariga amal qilmas ekansiz, ruslikdan chiqasiz. Mana o‘shalar:
“Quti esa ochilardi jo‘n”.
“Qara, filni payqamabman-a?”
“Siz-chi, aziz do‘stlarim, qanday o‘ltirmang, mashshoq bo‘la olmaysiz, ovora bo‘lmang”.
“Nachoraki, nasihat qilib bo‘lguncha, mushuk paqqos tushirdi go‘shtni to‘yguncha”.
“Mushukdan kuchliroq jonivor bormi?”
Demyanning baliq sho‘rvasini, “hatto o‘rgimchakka dadil chavt solgan chumoli”ni yoki qo‘rqmas Laychani kim bilmaydi, deysiz?
Bevosita Laychaning o‘ziga to‘xtalsak – uning tarixi uzun. Aytishlaricha, go‘yo Krilov bu voqeani o‘z eshagini qizilga bo‘yab ko‘chalarda olib yurgan va shu yo‘l bilan hammani hayratda qoldirgan bir “ahmoq” haqidagi rus tiliga tarjima qilingan nemis masalidan olgan emish. Bo‘lmagan gap. U holda Krilov “Rossiya – fillar makoni” degan kulgili doston yozgan, deyish mumkin bo‘lardi.
Mavzudan biroz chiqqanimiz uchun o‘quvchi kechirsin. XXI asrning boshlarida Boltiqbo‘yi respublikalaridan biriga “oliy ma’lumoti” bo‘lmagan bir ayol Madaniyat vaziri etib saylangan ekan va u o‘zining matbuotga bergan bayonotlaridan qaysi birida Rossiya Federatsiyasini “Evropa ittifoqi filiga qarab hurgan Laycha”ga o‘xshatibdi. Qarang, qanday beyuzlik: o‘zimizning masalimiz bilan bizning sharmandamizni chiqarmoqchi bo‘libdi! Demak, bu masalni unga o‘rta maktabda darsda o‘tishgan va u yodlab olgan – mana so‘zning qudrati, Krilov masallari timsollarining qudrati shu qadar yuksak!
Mana, oradan ikki yuz yil o‘tgach “Dehqonlar va Daryo” masali bizning davlat kapitalizmimiz va bu yo‘ldagi orqaga ketishlar haqida bugun yozilgandek, “Sherni tarbiyalash” esa Yeltsin davridagi murosasozlar va islohotchilar haqidadir.
Krilov 1843 yilda – vafotidan bir yil oldin – 200 donani tashkil qilgan masallarini 9 ta kitobga joylab chiqdi. U o‘z nuqtai nazaridan eng muhim va yaxshi chiqqan deb hisoblagan masallarini har bir kitobining boshi va oxiriga qo‘ydi, ba’zilarini esa ko‘z tegmasin deb o‘rta qismiga yashirganday bo‘ldi. O‘ttizga yaqin tarjima yoxud o‘xshatma masallarni yulduzcha bilan belgilab chiqdi. Aslida, bunday masallar ko‘proq edi, ammo ular tarjima ham, nazira ham emas edilar. Krilov ijod qilgan syujetlarning yarmidan ko‘prog‘i butunlay original, kashf etilgan bo‘lib bularga, “Trishkaning chakmoni”, “Demyanning baliq sho‘rvasi”, “Sozandalar”, “Cho‘rtan baliq”, “Oqqush, Cho‘rtan baliq va Qisqichbaqa”, “Chittak”, “Chumoli” va boshqalar misol bo‘ladi. U masallar uchun syujetlarni matbuotdan olishi (“Maymun va ko‘zoynak”), yoxud katta siyosatning qizg‘in bordi-keldilariga asoslanishi (1812 yilda yozilgan ajoyib turkumga kiruvchi (“Oshpaz va Mushuk”, “Aravalar karvoni”) bunga misol bo‘la oladi. Bonapart va Kutuzov haqidagi “Itxonaga kirib qolgan bo‘ri” deb nomlanuvchi ajoyib masal rus armiyasi boshqaruv idoralarida xuddi jangga chorlovchi varaqadek o‘qilardi. Aytishlaricha, Kutuzov masalning “Sen mug‘ombir bo‘ri bo‘lsang men – qari quvman”, degan joyini o‘qib bir muddat sukutga tushib, keyin bosh silkib tasdiqlab qo‘ygan, deyishadi. U paytdagi tsenzura o‘ttiz yil davomida Krilovning faqat ikkita masalini – ular hatto ezopcha yashirin tilda yozilganiga qaramasdan o‘tkazmagan edi, bu masallar faqat buyuk islohotlardan keyingina Krilovning masallar to‘plamlariga kiritiladigan bo‘ldi. Krilovning o‘zi og‘ziga mahkam bo‘lib, bu masallarning voqealarini qayerdan olganini bildirmasdi. U bo‘lib o‘tgan voqealarga bag‘ishlangan masallarini har bir davrda sevib o‘qiladigan asarlarga aylantira oldi. Shunday bo‘lsa ham, odamlar bu masallar kimlarga va nimalarga bag‘ishlanganini hamon bilmoqchi bo‘lishadi:
“Parnas” masali Krilovni birinchi marta saylovlardan o‘tkazmagan va faqat ikkinchi harakatida akademiklikka qabul qilgan Rossiya akademiyasi haqida bo‘lishi mumkinmikin? “Mashshoqlar” davlat kengashini isloh qilinishi to‘g‘risida bo‘lishi mumkin. “Sher tarbiyasi” – Aleksandr I haqida ekanligi to‘ppa-to‘g‘ri. “Kakku va Burgut” esa Bulgarin bilan Podshoh haqida, “Kakku va Xo‘roz” – o‘sha davrning rasmiy adabiyotchilari Bulgarin va Grech haqida bo‘lib chiqadi.
Masalchining o‘zi esa bu to‘g‘rida aslo og‘iz ochmagan yoki bu haqdagi “mish-mish” va taxminlarga “bo‘lishi mumkin”, “shunga o‘xshab ketadi”, “tasodifiy o‘xshashlik” kabi so‘zlar bilan javob qaytargandi.
Xuddi tarallabedod Lafonten singari Krilov ham hech kim bilan ishi bo‘lmagan, beg‘am, ishtahasi karnay qarilik gashtini surayotgan donishmandlikning ruscha chakmonini kiyib ko‘rgan edi. Xuddi mixga shunchaki osilgan surat tushib ketarmikin yo tushmasmikin, deb sinaganday ham edi. Ammo nigohi o‘tkir va uning masallarini sevib qolgan Gogol, Belinskiy va Ivan Turgenevlar bunday niqobning ostida kim turganini yaxshi bilishardi.
Yosh Batyushkov esa Krilovning birinchi masallari e’lon qilingandayoq “Unutish daryosi sohillarida” asarida Unutish daryosi faqat uning masallarini qaytarib beradi, deb bashorat qilgan edi. Haqiqatdan ham Krilovning boshqa asarlari o‘z sohibidan uzoq yashamadi. Krilov esa tanqidchi aytganidek, “Hayotning g‘am-tashvishlaridan to‘yib, to‘ppa-to‘g‘ri jannatga tushlik qilish uchun ravona bo‘ldi”.
Rus tilidan Muxtor Xudoyqulov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son