Tug‘ilgan ona yurt, o‘sib-ulg‘aygan jamiyat va ijtimoiy-madaniy muhit ijodkorning faqat taqdiriga emas, balki uning estetik idroki hamda ijodiga ham ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, u yoki bu qalam sohibi shaxsiyatining shakllanishi, ijodiyotidagi o‘ziga xos xususiyat va fazilatlar ham tavallud topgan jonajon diyor bilan mustahkam vobastadir. O‘zbekiston xalq shoiri, adabiyotshunos, publitsist, atoqli tarjimon Jamol Kamol Buxoro farzandi. U 1938 yilning 9 noyabrida Buxoro viloyati Shofirkon tumanining Chitkaron qishlog‘ida dunyoga kelgan. Bo‘lajak shoir uch yoshli chaqaloq ekan, otasidan ayriladi. Uni xalq dushmani deb otuvga hukm qilishadi.
O‘ttiz besh yoshida otam otildi,
Uch yoshli chaqaloq edim o‘shanda.
O‘sha tun oshimga zahar qo‘shildi,
Taqdir zarbasini yedim o‘shanda.
Yo‘q, deb qichqiraman umrim boricha,
Lekin qismat degan turmaydi ayab.
O‘ttiz besh yildirki, har yarim kecha,
Meni otishadi devorga suyab…
Taqdir bandasiga shafqatsizlik va jabr qilsa, sabr va bardoshdan o‘zga chora yo‘q. Erining hajrida shoirning onasi Xojalbegim ham o‘ttiz besh yoshda vafot etadi. Jamol buvisi va tog‘asining qo‘lida tarbiyalanib, o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatib, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga Buxoroga boradi.
“O‘ylab qarasam, – deydi Jamol Kamol, – Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kirishim hayotimda burilish nuqtasi bo‘lgan. Boshda tarixchi bo‘lishga shaylandim. Yo‘q, adabiyot meni bag‘ridan bo‘shatmadi. To‘lqin ustiga to‘lqin bo‘lib, bostirib kelaveradi:antik adabiyot, o‘rta asrlar adabiyoti, zamonaviy adabiyot… Shekspir, Bayron, Balzak, Stendal, Viktor Gyugo, Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov – mening sevimli adiblarim edi…”
Shoir to‘rtinchi kursda o‘qiyotganda Buxoroga shoira Zulfiya tashrif buyuradi va institutda katta uchrashuv bo‘ladi. She’rlarini ungacha institut gazetasida chiqarib yurgan Jamol Kamol kichik hajmli ilk dostoni “Jamila”ni o‘qib berishni shoiradan iltimos qiladi.
Bu – o‘z xalqining ozodligi va mustaqilligi uchun kurashgan jazoirlik vatanparvar qiz Jamila Buxered qissasi edi. Doston Zulfiyaga ma’qul bo‘ladi va oradan ko‘p o‘tmay u “Yosh leninchi” gazetasida bosilib chiqadi. She’riyat maydoniga endi-endi qadam bosayotgan shoir uchun bu, albatta, ijodiy g‘alaba edi. Shundan so‘ng “Sharq yulduzi” jurnalida uning she’rlari chop etiladi. Adabiy jamoatchilikka Jamol Kamolni ular kengroq tanitadi.
Inson umri ruhoniy olamdan borliq olamiga, undan yana oxirat dunyosiga muborak bir safardir. Bu moddiy olamda u boqiy qolmoq uchun emas, balki haqiqiy vatani bo‘lmish malakut olamiga qaytmoq uchun tug‘iladi. Oraliqdagi yo‘l – sinov yo‘li. O‘rtadagi “Maydon” – quvonch va qayg‘u, mehnat va mashaqqat, rost va yolg‘on, zafar va mag‘lubiyat, baxt va baxtsizlik maydoni erur. Xullas, odamning taqdiri va hayot yo‘li bir safar, bir hijrat mazmuniga egadir. Hijrat deganda ko‘pchilikning xayolida buyuk judolik, so‘ngsiz hijron, g‘am-g‘ussa, ko‘z yoshi, bir so‘z bilan aytganda, baxtsizlik gavdalanadi. Tasavvuf tilida esa hijrat – yomon va tuban fe’l-atvor, chirkin sifatlarni tark aylab, go‘zal axloq va fazilatlar yurtiga borish demak. Shoirning ichdagi yurti – aslida ana shu yurt. Ko‘zga ko‘rinmas ana shu botiniy o‘lkada nafsdan qalbga, qalbdan latiflikka, undan ruhga, ruhdan Haqqa hijrat qiladi. Va bunday tilning emas – dilning, cheklanish va torlikning emas – kenglik va so‘ngsizlikning quli, shaydosi bo‘lib yashaydi. Mana shunda ko‘ngil – olamga, olam – ko‘ngilga eshik ochib, so‘zni ilhom, tuyg‘uni zavq, fikrni dard boshqaradi. Dardli she’r hamisha sirli she’r. Buyuk ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliy yozadi: “Bilurmenki, sen dardli yaratilmishsan. Dard esa shoirlikning sarmoyasidir. She’r yozish uchun zavq va safo lozimdir dema – darddan so‘zla. Chunki so‘z musobaqasida g‘alaba qozonadigan darddir”.
Jamol Kamol ijodiyotining ham sarmoyasi Haqiqat va Hurriyat dardidir. Men uning dil dardlariga qarshi borgani, eng ulug‘ armonlariga xiyonat qilganini eslolmayman. Shuning uchun shoir she’riyatida ko‘pchilik qalamkashlarga xos ikki qiyofalik ofati ko‘zga tashlanmaydi.
Shoir so‘z aytgani kelar dunyoga,
Indamay, jim turish – shoirga o‘lim.
Qaysi toqqa boray, qaysi daryoga
Tovushlarga to‘lib ketganda ko‘nglim?
Ana shu holat – axtarish, izlanish holati. Ana shu holatdan ajralgan shoirning fikr manzili turg‘unlikdirki, undan biror yangilik kutib bo‘lmaydi. Jamol Kamol bunday holdan o‘zini asray bilgan, Haqiqat yo‘lida astoydil zahmat chekkan shoir. Uning “Faylasuf bilan suhbat”, “Suvaydo”, “Qo‘g‘irchoqlar”, “Klubatra”, “Hamlet”, “Xurofot”, “Shoirga”, “Otam” singari o‘nlab she’rlarida erk va haqiqat ishqi yonib-yolqinlanadi. Chunki u haqiqatni haqiqat o‘laroq sevgan. Yurakni tasavvurdagi haqiqatlarga emas, haqiqatning o‘ziga bag‘ishlagan.
Haqiqat, men seni sevdim,
seni xor aylasa millat.
Quyundek boshi uzra aylanur
har kun qabohatlar…
Haqiqat, men seni sevdim,
o‘zing Robbimsan, Ollohim.
Seni dermen, seni, gar kelsa
boshimga qiyomatlar…
Jamol Kamol turli she’riy shakl va janrlarda qalam tebratgan ijodkor. Uning dostonnavislikdagi singari g‘azalnavislikdagi tajribalari ham alohida diqqatga molik.
Mening bilishimcha, kuyga, musiqaga tobe so‘z – qo‘shiq. So‘zga, fikrga tobe musiqa esa – she’r. “She’r – so‘z bilan ifodalangan musiqa” degan ta’rif menga juda maqbuldir. Navoiy, Bobur, Mashrab she’rlari, eng avvalo, mana shu fikrning to‘g‘riligini isbotlaydi. Axir har bir she’r misrasi, hamma narsadan oldin mavzun, musiqiy bir jumla emasmi? She’rda hijoning soni emas, balki uning sasi, ohangi muhim-ku! Musiqa she’rning “javhari”dan yangrab yuzaga chiqadi va muvaffaqiyat vositasiga aylanadi, xoh aruz, xoh barmoq vaznida bo‘lsin, qolgan hamma ish, hamma narsa ayni shu musiqani ta’minlashga xizmat qilmog‘i zarur. Shuning uchun she’r o‘qish, she’rning ruhiy olamiga kirib mushohada qila bilish ulug‘ bir kuyni so‘z bilan tinglovchiga yetkaza olishdek alohida salohiyatdir. Xususan, aruzda bitilgan she’rlarning “notalari” ichki va tashqi ohang tovlanishlari bo‘ladiki, buni bilish uchun ohangshunoslik zarur, deb o‘ylayman.
Erkin Vohidovning aruziy she’rlari atrofidagi bahs-munozaralar adabiyot ahlining yodidan ko‘tarilmagan bo‘lishi kerak. Sho‘ro davrida Erkin Vohidovgacha ham aruzda she’rlar yozilgan. Ammo Erkin Vohidovning qasida va g‘azallari ulardan mohiyatda va ifodada butunlay farqlanadi. Shu farqlanish, ya’ni aruzni yangilash, ochiqroq aytganda, “zamonaviylashtirish” tamoyili Jamol Kamol g‘azallari va “Quyosh chashmasi” dostonida ham yorqin ko‘zga tashlanadi. Shoirning oshiqona g‘azallari xususida birov u der, birov – bu. Biroq uning ijtimoiy, falsafiy mazmundagi g‘azallariga fikri ochiq o‘quvchi sira-sira yuza qarolmaydi.
Men-ku menman, elga eldek,
Suvratu siyrat qani?
O‘tsa umri bir umr
Mehnatlanib, zahmatlanib.
Bir taraf afg‘on chekarlar
Mehnatu zahmat bilan,
Bir taraf davron surarlar,
Rohatlanib, ishratlanib.
Bir taraf aftodaholdir,
Holi kundan-kun yomon,
Bir taraf dovruq solar
Shuhratlanib, shavkatlanib.
Bir zamonda ahli davlat
El sotar, iymon sotar.
G‘ayrilar birlan mudom
Xilvatlanib, ulfatlanib…
Bu baytlar Mashrab tilidan bitilgan bo‘lsa-da, sho‘ro zulmidan joni halqumga kelib, ezilib yotgan el va nayrangboz zamon ahvolini sharhlaydi. G‘azal shaklidagi mana bunday hasrat ifodasiga men hech duch kelmaganman:
Talon bo‘lding, elim,
Zanjirga tushding, notavon bo‘lding.
Diyonatga tupurgan
Shum dayuslar ozmi tarixda?
O‘zingdan chiqqaning ham goh
O‘zingga sirmadi xanjar,
Munofiq to‘tilar, zog‘lar,
Tovuslar ozmi tarixda?
* * *
Ayrim shoirlarda his-tuyg‘u jonli-yu, mohiyat past bo‘ladi. Boshqa birlarida his, fikr joyida, ammo shaxsiyat va mahorat balandmas. Shuning uchun o‘zi so‘zidan, xoli san’atidan yuksalib ketolmaydi. Eng yomoni, Olloh ularni ruhiy iztirobdan qisgan.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron “Ko‘ksi kuyik shoir” nomli maqolasida “Jamol Kamol she’riyati, eng avvalo, ruhiy qashshoqlikka qarshi bo‘lgan yolqinli she’riyatdir… Shoirning har bir she’ri, jamiyatga ruh bermoqni istagan tafakkurdan, yuksak maqomli ilhomdan tuzilgan”, – deydi.
Adabiyotga oltmishinchi yillarda kirib kelgan adabiy avlod yangi va yangilanayotgan ijod jarayonida nimaga kuch sarflash va o‘quvchi nigohini nimaga qaratishni haqiqatda yaxshi bilishgan. Ular buyuk salaflari Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriylar bilan boshlangan milliy ruh va milliy maslakni davom toptirishga ham yo‘l izlashgan. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfilar qatori Jamol Kamol she’rlari shu jihatdan ham yoshlar ko‘ngliga o‘zgacha bir ta’sir o‘tkazgan. Shoirning ilk she’riy to‘plami “Olam kirar yuragimga” haqparastlik, erk va isyon ruhi bilan menga juda maqbul tushgan. Undagi ayrim she’rlar xuddi men uchun – mening mavhum holat va ismsiz iztiroblarimni aks ettirmoq uchun yozilganga o‘xshardi:
Nega men ba’zida ma’yus, bezabon,
Sizga bayon etsam, do‘st-hamdamlarim.
Mazmundorligini pesh aylab mudom,
Ortimdan yuradi dardu g‘amlarim…
Shoir sakkizliklari fikr uyg‘otib, mushohadaga undashi bois ular meni hamon qiziqtirib keladi.
Anavi olimmi? Eski tanish-ku,
O‘zini har kuni bozorga solar.
Manfaat savdosi bilan mashg‘ul u,
Manfaat sotar u, manfaat olar…
Ilm-fan tanazzuli, manfaat oldi-sotdisi va ko‘r-ko‘rona shaxsiy sodiqlik “malaka”si bilan ham bevosita bog‘liqdir.
Jamol Kamolning nuqtai nazari bo‘yicha, “she’r – harakatdagi hissiyot, hissiyotdagi fikr. Yoki aksincha: harakatdagi fikr, fikrdagi hissiyot”. Buning tazahhurini esa iste’dod belgilaydi. Iste’dodning asosiy uch belgisi bor. Bular “So‘z tuyg‘usi, haqiqat tuyg‘usi, nafosat tuyg‘usi. Ana shu uch tuyg‘u birlashgan joyda chinakam she’r tug‘iladi”. Jamol Kamol she’rlari – ko‘pchiligi shu uch tuyg‘u birligi va mutanosibligidan yaralgan. U so‘zni nozik his etganidek, haqiqat va go‘zallik tuyg‘usiga hamisha sodiq. Sharq mumtoz adabiyoti – Jamol Kamolga, eng avvalo, nafosat, ruhoniyat manbai va muhtasham ijod san’atxonasidir. Ruhoniyatsizlik, san’at ehtirosidan mahrumlikni u turkiy va forsiy she’riyatga mehr va ixlos tufayli ham bartaraf aylay olgan.
Sharqona ruh, hol, ma’no va tasvirlar uning she’riyatida yangicha rang, ohang va joziba bilan she’rxon ko‘nglini rom etadi. Shoirning aytarli barcha shakl va janrdagi she’rlarida hassoslik, yorqin bir latiflik yarqirab ko‘zga tashlanib turadi. U Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy kabi salaflarga izdoshlik mas’uliyatini teran his etadi. Shu bilan birga u turkiy va forsiy she’riyat orasida yangi bir muhtasham ko‘prik yaratdi. Bu ko‘prik orqali o‘zbek kitobxoni Farididdin Attor, Mavlono Rumiy, Mahmud Shabustariy, Abdurahmon Jomiy she’riyat bo‘stoniga sayr aylash va undan bahramand bo‘lish imkoniga erishdi. Mening nazarimda, Attor, Rumiy tarjimoni Jamol Kamol bilan ungacha bo‘lgan Jamol Kamolning tafakkur va ma’naviyat dunyosida sezilarli evrilish va yuksalish sodir bo‘lgan. Buni shoirning keyingi yillarda yaratilgan asarlarining nafasi, ma’no salmog‘i va ifoda usullaridan payqash qiyinmas.
Jamol Kamol sobiq sho‘ro zamonida ham qullik, qaramlik, bosqinchilik hiyla-nayranglariga qarshi she’rlar yozgan.
Mustamlakachilik istibdodi va siyosatini moziy orqali fosh etish, zamon muammolarini tarix vositasida badiiy talqin qilish oltmishinchi yillar va undan keyingi davr adabiyotimiz uchun o‘ziga xos bir yo‘l va usulga aylangan edi. Shoir arab bosqini talqiniga bag‘ishlab yozgan “Varaxsha” dostonida tarix “libosi”ga o‘rab mana nimalarni aytgandi:
Olam shohid har bir yurtga bosqinchi
Ezgulikni shior qilib kiradi.
Boshlar uzra o‘ynar ekan qilichi,
Shiorini takror etib turadi.
Mana bu nur deydi, purkaydi tutun,
Mana poklik deydi, bulg‘aydi butun.
Mana tenglik deydi, lekin qul etar,
Tarixingga o‘tlar qo‘yib, kul etar…
Zamin ketar, davlat ketar, dil ketar,
O‘zlik ketar, shavkat ketar, til ketar…
Bu tarix ko‘zgusida ikkinchi bir mash’um tarixni akslantirish jasorati emasmi? Jamol Kamolni qariyb yarim asrdan buyon bilaman. Shuncha vaqt mobaynida uning shaxsidan ko‘ra ijodiyotini, ijodiyotiga qaraganda shaxsini ko‘proq kuzatganman. Biroq na hayotda, na ijodda tubanlashib riyokorlik va o‘yinchilik qilganini payqamaganman. Buni hayotda, munosabat va amalda ko‘rganim eng noyob hodisa deb hisoblayman. Shoir bir she’rida yozadiki:
To‘ymi yo ma’raka, har holda yig‘in.
Yonib so‘z aytardi o‘rtada o‘g‘lon.
Qo‘shnim qo‘shnisiga engashib sekin,
Shivirlab dediki, hammasi yolg‘on…
Oshnam, sayrayverma, huda-behuda,
Izzatning sazasi qaytgay, qaytmagay,
Odamlar shivirlab bir-birlariga,
Hammasi yolg‘on, deb yana aytmagay…
Shundoq bir davrga yetishdikki, yolg‘on va qalloblikda bosqichma-bosqich ildamlaganlarning so‘z va nutqlarini tinglab, shivirlab emas, baralla “hammasi yolg‘on” deyilsa ham ular uyalmaydigan bo‘lishdi. Shu bois yurtda ezgu fikr, oliy tushuncha, daxlsiz haqiqatlarga ishonch nihoyatda pasayib yo turg‘unlashib ketdi. Ko‘pchilikning tilidagi g‘ayrat bilan dilidagisi, orzusidagi erkinlik bilan turmushdagisi bir-biriga muvofiq kelmaydi. Sovet davridan beri siyosiy, mafkuraviy targ‘ibotchilik bayrog‘ini qo‘ldan bermay kelayotganlarni esa omma ongidagi o‘zgarish ham, norozilik ham aytarli qiziqtirmaydi. Chunki ular ong va idrokdagi turg‘unlik hamda yalqovlikdan manfaatdor. Jamol Kamol saylanmasining ikkinchi kitobidan publitsistik maqolalar o‘rin egallagan. Ulardan biri “Fikrsizlik fojiasi” deb nomlangan. Bu maqolalarning aksariyatini fikrsizlik qabohatini yondirib, asriy zulmatini yorituvchi mash’alga qiyoslasa, g‘alat bo‘lmaydi.
“XV asrgacha dinu diyonatimizda , – deydi shoir “Surat nimayu siyrat nima?” maqolasida, – siyratparastlik ustun bo‘lgan. Mohiyatga qattiq e’tibor qilishgan. Mirzo Ulug‘bekning boshi kesilishi bilan siyratparastlikning ham boshi kesilgan. Suratparastlik davri boshlangan”. Bu davr hozirgacha davom etayotir. Lekin suratparastlikning oqibati hanuz jiddiy mulohaza etilganmas.
Navoiy saboqlari xususida ko‘p gapiriladi. Lekin mutafakkir shoir “ahli surat”ga podshohlikdan “ahli ma’ni”ga gadolikni nega ustun qo‘yganligi o‘ylanmaydi. Qanchadan-qancha axloqiy xastalik, ma’naviy illat, madaniy fojialar zohirparastlikdan tug‘ilishi umuman xayolga ham keltirilmaydi. Avom esa moddiy kuch va hukmronlikdan o‘zgasini tan olmaydi. Jamol Kamolning ko‘z nurini ayamay, Shekspir dramalarini tarjima qilgani-yu, Hazrati Ali devonini o‘zbekchalashtirgani hech bir odamni sira qiziqtirmaydi, u erkinlik “yuki”ni ko‘tarishni xohlamaydi.
Istiqloldan keyin uncha ko‘p muddat o‘tmay O‘zbekistonda ham shunga monand holat va kayfiyat yuzaga keldi. Abdulhamid Cho‘lponning “Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ulg‘onsen” chorlovi ko‘nglida aks-sado uyg‘otgan, ilm va ijod ahli ham mutelikka ko‘nib, “och qornim, tinch qulog‘im” qabilida kun kechirishga o‘tib olishdi. Bu xavfli holatga qarshi ovoz chiqarib so‘z aytganlardan biri Jamol Kamol edi. 2002 yilda yozilgan “Navoiy va biz” maqolasida u mana nima degan: “Asrlar davomida turg‘unlikda shakllangan o‘zbek mentalitetining tarkibiy bir qismi turg‘unlik psixologiyasi. Uning shiorlariga diqqat qiling: “O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y”, “Hozirni huzur bil”, “Eplabdi, qandini ursin”, “Davring keldi, sur, begim”, “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”. Bunday zehniyat bilan xalq qanday qilib taraqqiyotga erishsin? Asrlar o‘tsa hamki, bir yerda depsinib turaveradi u. Zehniyat bu – xalqning sifati demak. Toki uvadasi chiqqan zehniyatdan qutulmas ekanmiz, birimiz ikki bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi”. Turg‘unlik psixologiyasi millatning hanuz birinchi dushmani bo‘lib turibdi. Uvadasi chiqqan zehniyat, ojiz va biqiq shuurga suyanib maqtanish hanuz juda xunuk, juda yoqimsiz tuyuladi. Hamma shoiru yozuvchiga ishonavermaslik kerak. Ular safida haqiqat tuyg‘usi shakllangan, diyonat hissiga sohiblari ko‘pmas. Jamol Kamolning bir g‘oyaviy, mafkuraviy “maydon”dan ikkinchisiga sakrab o‘tmagani, bir e’tiqodni boshqasiga almashtirmaganiga tan berish kerak. Keyinchalik o‘zini maddohlik, xushomad qurboni o‘laroq his qilgan shoirga qarata u mana bunday satrlarni tizishi bejizmas:
Shoirim, o‘tasan sen ham muqarrar,
Garchi ardoqlisan, garchi suyuksan.
Shijoat tuyg‘usi bilan mukammal,
Shijoat tuyg‘usi bilan buyuksan!
Lekin sen ham agar etib nomardlik,
Sen ham o‘z-o‘zingni o‘ylasang faqat.
Demak, sob bo‘libdi, olamda mardlik,
Demak, ro‘y beribdi qora qabohat…
Bu misralar qariyb qirq yil muqaddam bitilgan. O‘shandan buyon qancha suvlar oqib o‘tmadi. Lekin Jamol Kamol shoirlik maslagi, shijoati va e’tiqodiga xiyonat qilmaganidek, moddiy va nafsoniy ehtiyojlar ilinjida turlanib-tuslanishni o‘ziga ravo ko‘rmadi. Bu katta gap, shoirlikning bosh talabi ham – shu!
Ibrohim Haqqul, filologiya fanlari doktori, professor
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-son