Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon badiiy tarjimaga yangi milliy madaniyat yaratish va uni ko‘tarishning asoslaridan biri deb qaradi va bu sohada fidokorlik bilan jon kuydirib ishladi. Ayniqsa, tarjimada badiiy uslub yaratishning juda nozik poetik yo‘llarini ochdi. Uning tarjimada badiiy uslub va til shakllarini izlash ustida olib borgan ijodiy ishlari chinakam badiiy kashfiyot darajasiga ko‘tarildi.
Tarjimada badiiy uslubni yozuvchining o‘zi kabi yaratish buyuk san’atkorlikni talab qiladi va mahorat tushunchasi, avvalo, shundan hosil bo‘ladi. Tub matndagi narsa-hodisalarni atash-nomlash, o‘quvchi tasavvuriga g‘oyat kuchli ta’sir qiluvchi ohanglar, obrazlar, poetik ifodalarni muallif ko‘zlagan badiiy maqsad darajasida tarjimada ochib ko‘rsatish ham badiiy uslubning mukammal inkishofiga xizmat qiladi. Cho‘lpon o‘z tarjimalarida bularning bariga juda katta e’tibor hamda mas’uliyat bilan qaraydi. Ta’kidlab o‘tishga arziydigan bir qiziq hol: atoqli adiblarimizdan Abdulla Qahhor Chexovga alohida bir muhabbat va ixlos bilan qaraganligi adabiyotimiz tarixidan ma’lum. U Chexovni tarjima qilishda o‘z yo‘lidan bordi: asosan uning juda o‘tkir hajviy asarlarini o‘zbekchaga o‘girdi. Ammo Chexovning ko‘zoynagini Cho‘lpondan biroz keyin taqdi va tarjimada Cho‘lpon tajribalarini hisobga oldi. Cho‘lpon tarjima uchun Chexovning ajoyib lirik-dramatik hikoyalarini tanladi. Chexov o‘tkir hajviy asarlarida qattiq kuldirib lol qilsa, lirik-dramatik asarlarida, zamondoshlarining ta’riflashlaricha, yig‘latib kuldirar, kuldirib yig‘latardi. Cho‘lponga Chexovning shunday yig‘latib kuldiradigan jozibali lirik asarlari yaqin edi. O‘zbek shoiri shunday yurakdan chiqqan asarlarni yoqtirar, o‘zi ham shunday lirik dramalar, hikoyalar yozishni sevardi. Faqat Cho‘lponning badiiy uslubida shoirona unsurlarning kuchliligi ajralib turardi.
Chexov “G‘am” degan hikoyasida keksaygan og‘ir kasal xotinini shaharga vrachga qahraton qish payti aravada olib borayotgan tokarning ichki kechinmalarini tasvirlaydi. U umr bo‘yi o‘z ayshini ko‘zlagan va mushtipar xotinini aslo odam o‘rnida ko‘rmagan, unga jabru zulmlar qilgan. “Tokar” tushunchasini Cho‘lpon o‘tgan asrning 30-yillari boshi, yigirmanchi yillari oxirida “qirmachi” deb tabdil etadi. Bu qaysi sheva, qaysi lahjadan olingan, yo Cho‘lponning o‘zi tatar-turkiy tillar asosida yangi so‘z-tushuncha yasaganmi, hali aniqlab bo‘lmadi. Lekin 20 — 30-yillarda Cho‘lpon va Qodiriy ijodida amalga kirgan yuzlab va hatto minglab noyob, ya’ni ko‘p qo‘llanmagan so‘zlar kabi “qirmachi” ham jonli so‘zlashuv tilimizda keng iste’molga kirib o‘zlashib ketmadi. O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi rivojlana borgan sari “tokar” iste’molda g‘olib chiqdi va odamlar, matbuot tilida ko‘proq qo‘llandi.
Tokar uzoq qish yo‘lida o‘ziga ham, burkanib yotgan kampiriga ham g‘o‘ldirab so‘ylanib boradi. Kasal xotindan sado chiqmaydi va Chexov-muallif shu yerda bir og‘iz tasvir tashlaydi: “Nakonets, chtob pokonchit s neizvestnostyu, on, ne oglyadivayas na staruxu, naщupivayet yee xolodnuyu ruku. Podnyataya ruka padayet kak plet”.
Cho‘lpon bu tasvirni shunday talqin qiladi: “Nihoyat, bu chuchmallikni bartaraf qilmoq uchun, u kampir tomonga burilmasdan qo‘l uzatib, uning sovuq qo‘lini ushlab ko‘rdi. Yuqori ko‘tarilgan qo‘l, gavron singari, yana pastga tushadi”. Albatta, unutmaylik, 30-yillarda O‘zbekistonda badiiy tarjima ba’zi tajribalarga qaramasdan hali tetapoya holatida edi. Sizni matnda rus tilidagi “neizvestnost” so‘zining kutilmaganda “chuchmallik” degan so‘z bilan tabdil qilingani hayratga soladi. Ammo shoshmaylik. Cho‘lpon tarjimalari tilida bunday o‘rinlar bot-bot uchraydi. Biz buni hozir, misol uchun, “tokarning fig‘oni chiqib” yoki “nima bo‘lyapti o‘zi deb orqasiga o‘girilib” singari jumlalar bilan o‘girishga urinardik. Ammo Cho‘lpon bularning hammasiga “bu chuchmallikni bartaraf qilmoq uchun…” degan o‘zi topgan o‘ziga xos birikmani loyiq ko‘ryapti. Siz, albatta, “neizvestnost” “noma’lumlik” va aslo “chuchmallik” emas, deysiz. Chuchmal shirin ham emas, taxir ham emas, shuning orasidagi maza-matrasizlik, ya’ni noma’lumlik, mujmallik. Cho‘lpon “chuchmallik” so‘zini shunday kutilmagan o‘ringa olib chiqib odatdan tashqari ma’nosini ochadi. Lekin Cho‘lpondan keyin hech kim “chuchmallik” so‘zini mujmallik ma’nosida istifoda qilmadi. Chuchmallikning noma’lumlikni anglatuvchi ma’no tovlanishi boy, rang-barang bo‘lmagani uchun yo‘qoldi. Endi bizni yana bir karra lol etgan ruscha “plet” degan so‘zning “gavron” deb talqin qilinganiga to‘xtaylik. “Plet”ni o‘zbeklar qayish yoki o‘rma qamchi deyishadi. Tokar kampirning qo‘lini ko‘tarib ko‘rganida bechoraning qo‘li o‘rma qamchiday shalvirab tushdi. Cho‘lpon qamchiday shalvirab tushdi deyishni lozim ko‘rmaydi. Axir, qahraton sovuqda kampirning qo‘li ham, o‘zi ham muzlab qotib qolgan, qotib qolgan narsa qamchiday tushmaydi. Shuning uchun so‘zlar va holatlarni o‘ta nozik idrok etadigan shoir Cho‘lpon bu tasvirda qotib qolganlikni ifodalash uchun “gavron singari”, deb olyapti. Bu chinakam konversiya, ya’ni chinakam ag‘darish, “tarjima” so‘zining asl ma’nosi ham o‘zi shu – ag‘darish, urish, yiqitish, “perevod” so‘zining ma’nosi esa — o‘tkazish, ya’ni bir tildan ikkinchi tilga o‘tkazish, ko‘chirish. Binobarin, Cho‘lpon bu yerda “o‘tkazayotgani” yo‘q, balki tom ma’noda “ag‘daryapti”. “Gavron” va tayoq so‘zlari ma’lum ma’noda sinonimlar, lekin ma’no o‘zgachaliklari ham bor. Gavron – yo‘g‘on, uncha-munchaga sinavermaydi, tayoq esa kichikroq, ingichkaroq bo‘lishi ham mumkin. “Gavron” O‘TILda yo‘g‘on novdadan qilingan podachilar tayog‘i, deb izohlangan. To‘g‘ri-yu, bitta ammosi bor: ammosi shuki, gavron novdadan qilinmaydi. Novda hali yosh, ingichka, mo‘rt bo‘ladi, shuning uchun gavron eng baquvvat yetilgan shoxdan yasaladi. Cho‘lpon gap qurilishining uslubini Chexovga qanday yaqinlashtirganiga razm solaylik. Matnda ifodalanayotgan mazmunga ko‘ra bu o‘rinda aslida “qo‘l tayoqdek tushdi” matnga ayni muvofiq kelardi. Ammo pocha-po‘stinlarga burkanib yotgan sho‘rlik kampirning jonsiz qo‘li gavrondek tushgan bo‘lsa ham ajabmas. Tub matnda gap modal so‘z bilan birga besh jumladan iborat va ular turli harakat-holat o‘zgarishlarini anglatadi. Tarjima ushbu harakat-holatlarni oqizmay-tomizmay ifodalaydi, jumlalarning ritmik manzarasini kelishtirib saqlaydi.
Badiiy uslub tasvirlanayotgan inson xarakteri xususiyatlariga ko‘ra shakllanadi. Chexovning asarlari ham bu jihatdan dunyo adabiyotida noyobdir. Cho‘lpon buni butun poetik nozikliklari bilan teran tushunadi va qayta bunyod etadi. “G‘am” hikoyasida qishning og‘ir huvillagan yo‘lida aravada kasal xotinini do‘xtirga olib borayotgan, umrida xotiniga mehr ko‘rsatmagan, yuragiga borgan sari vahima oralayotgan kimsaning sovqotgan, titroq tovushi eshitiladi. Jumlalarda aravaning ma’yus silkinishi baralla aks etadi. Chexovning tarjimoni ushbu holatni behad nozik idrok etadi. Xotinining aravada o‘lib qolganini ko‘rgan mujik shu zahoti hayot batamom barbod bo‘lganini anglaydi: “Za pyanstvom, drakami i nujdoy ne chuvstvovalos jizni. I kak nazlo, staruxa umerla kak raz v to samoye vremya, kogda on pochuvstvoval, chto jaleet yee, jit bez nee ne mojet, strashno vinovat pered ney… Jit bы sыznova, — dumayet tokar”. Cho‘lpon Chexov qahramonining o‘ylariga ergashadi: Kampir “bilan birga qirq yil umr qildi, lekin bu qirq yillik umr xuddi tumanday o‘tmadimi? Mastlik, urish-talash va muhtojliklar ichida umrning o‘tgani ham bilinmadi…”. Mana ikki mungli inson hayotining xulosasiday eshitilayotgan “ne chuvstvovalos jizni” degan fojiali bir xulosani Cho‘lpon g‘oyatda sodda va g‘oyatda o‘zbekona qilib: “muhtojliklar ichida umrning o‘tgani ham bilinmadi”, deb o‘giradi.
Bu o‘rinda ayni shu jumlaning bir qator o‘zbekona boshqa tabdillarini variant sifatida keltirib o‘tish mumkin. Aminmizki, ularning eng yaxshilari ichida ham Cho‘lponning tabdili o‘z badiiy ta’sirchanligi bilan ajralib ko‘rinadi. Chexov bir o‘rinda ustaning o‘kinchiga o‘quvchisining diqqatini qaratadi: “On dumayet, kak na etom svete vsyo bыstro delayetsya!”. Imonim komilki, juda ko‘p ustakor tarjimonlar bir zumda “bu dunyoda hammasi ko‘z ochib yumguncha ro‘y beradi-ya”, deb o‘girgan va ehtimol to‘g‘ri qilgan bo‘lardilar. Ammo Cho‘lpon: “muncha bevafo bu dunyo!”, deb ajib shoirona ibora bilan ag‘daradi. Cho‘lpon o‘z tarjimonlik uslubini shakllantirarkan, shoirona boyigan badiiy uslub yaratadi va shu shoirona badiiy tarjima uslubiga doim sodiq qalam tebratadi. U bir qarashda tub matndan go‘yo uzoq so‘zlar, iboralar, jumlalar, ifodalarni qo‘llaydi, lekin o‘ylab qaraganda, ular asliyat matniga juda yaqinligi ma’lum bo‘ladi.
Asliyat uslubini tarjimada chiqarish bu san’atning eng qiyin sohasi. Unga faqat katta san’atkorlik bilangina erishiladi. Aksincha, qaraysiz, juda to‘g‘ri tarjima. Ta’na-dashnomga aslo o‘rin yo‘qdek. Lekin bu yerda badiiyatning qon tomiri — badiiy uslub yo‘q! Tolstoyning ulug‘ asari bamisli o‘rtamiyona yozuvchining kamsuqum asariday tarjima qilingan. Tarjimaga kalit topilmagan. Endi “G‘am”dagi mujikning yana bir ayanchli xitobiga e’tibor qarataylik. Kampir o‘lib qolganini bilgach, mujik: “Pomerla, stalo bыt, komissiya!”, deb nido qiladi. Cho‘lpon buni “O‘lib qolganga o‘xshaydi. Qiyomat!”, deb o‘giradi. “Qiyomat” – “komissiya” so‘zining aynan lug‘aviy ma’no tarjimasi emas. “Komissiya” asli kelib chiqishiga ko‘ra lotincha, lug‘atga ko‘ra “topshiriq”, “vazifa” deganga o‘xshash ma’nolarni anglatadi, boshqa ma’no turlari ham bor. Lekin bizga hozir shu ko‘rsatilganlarning o‘zi kifoya qiladi. Rus klassik adabiyotida “qiyin”, sertashvish, serg‘alva, “boshog‘rig‘i ish” ma’nosida qo‘llangan. Uni tarjimada “Ana boshog‘rig‘i!”, deb o‘girsa ham matnga juda yarashardi. Lekin Cho‘lpon “qiyomat”ni tanlaydi. Mujikning holati-ahvoliga ko‘ra vaziyatni eng yaxshi anglatadigan va o‘z o‘quvchisiga ham eng tushunarli, ta’sirchan bo‘ladigan shu so‘zga to‘xtaladi. Bu yerda so‘z endi tarjima qilinmadi, balki kontekst taqozo etgan mazmunga moslab olindi. O‘zbeklar biron ahvol eng ishkal nuqtaga yetganda xuddi shunday: “Qiyomat!”, deb qo‘yadilar. Kontekst taqozosi tarjima qilishni emas, avtorda bo‘lmagan ibora yoki so‘z birliklarini kashf qilishni amr etadi. Shunda siz tekst, ya’ni tub matn haqiqatiga og‘ishmay rioya qilish zaruratini juda chuqur his etasiz. Kontekst taqozosi va tekst haqiqati nima? Bu tekstning barcha poetik va ma’no tovlanishlari, shuning barobarida uning butun badiiy xususiyatlari va ta’sir nuqtalarini saqlash, tarjima tilida muodil tarzda barkamol bayon etishdir. Kontekst taqozosi va tekst haqiqatiga to‘la rioya qilgandagina tub matnning uslubini ikkinchi begona til muhitida saqlash, to‘la yuzaga chiqarish mumkin bo‘ladi. Kontekst taqozosi va tekst haqiqati, ayniqsa, xos so‘zlar, turg‘un birikmalar, paremiologik iboralar, hikmatli birliklarni o‘girish muammolari tug‘ilganda, ayniqsa, sezilarli tus oladi. Ma’lumki, bular tub matn uslubini tarjimada bunyod etishda katta ta’sir qudratiga ega. Bu vazifani barkamol hal qilmay turib tarjimada asliyatning badiiy uslubini yaratishning iloji yo‘q.
Cho‘lponning Chexovdan tarjimalaridan bir necha misolga murojaat qilaylik. “G‘am”da mujik otini qichayapti: “…chtob tebe pusto bыlo, chert!». Cho‘lpon bu tarjima qilib bo‘lmaydigan iborani kutilmaganda: “…ey, yer tortqur, la’nati!”, deb badal keltirib to‘ldiradi. Mujik tiliga tushgan bu ibora! Yoki mujik tilida eshitilgan “Vot te krest!”, degan so‘kinishni Cho‘lpon: “Non ursin agar!” deb ajoyib badal topadi. Aslini saqlab esa hech qachon buni tarjima qilib bo‘lmaydi. Tekst taqozosi va haqiqati faqat chin ijodkorlikni talab qiladi. Cho‘lpon bu yerlarda o‘zini eng yaxshi ma’noda ijodkor tarjimon sifatida tutadi. Mujik kampiridan hech javob ololmagach, jahl ustida: “Nu i dura!”, deb kufri qo‘ziydi. Cho‘lpon buni: “Esi pastsan-da o‘zing ham!”, deb o‘giradi. Holbuki boshqalar buni bir pastda “jinni”, “ahmoq”, “tentak” va hokazo deb tarjima qilib tashlashlari hech gap emas.
Cho‘lpon turk, rus, tatar, qrimtatar, ozarboyjon, no‘g‘oy, qozoq, qirg‘iz, turkman, fors tillaridagi adabiyotlarni erkin o‘qir, o‘zbek tili shevalaridan, mumtoz adabiyotimiz tilidan mukammal xabardor edi. Shuning uchun uning asarlarining tili nihoyatda boy. Uning tarjimalarida bu til xazinalari dam-badam yuzaga qalqib chiqadi. Cho‘lpon Chexovning “Eski qo‘ra” (“Starыy dom»), “Bitayotgan avlodning so‘nggi qizi” (“Poslednыy iz mogikan”), “Bo‘yinga osilgan Anna” (“Anna na shee”), “Eger” singari hikoyalari tarjimalarida (ular ilk marta 1933 yilda alohida kitobcha holida chiqqan, shundan so‘ng 2012 yilda M.Aminov va H.Abdiyev tomonidan nashrga tayyorlangan “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti hamda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi chiqargan A.P.Chexov tanlangan hikoyalar kitobiga kiritilgan) bunday noyob so‘zlarni bot-bot qo‘llaydi. Chunonchi, kurok – kulangir, toщiy – arvak yoki arvoq, blednolitsaya – zahl (lekin bu so‘zni kontekst taqozosiga ko‘ra “oq yuzli” deb o‘girish ma’qulroq edi), zastenchivo – uyalchan, dich – ilvarsin, volnыy dux – sayoqlik savdosi, vospitatelnыy dom — go‘dakxona singari kutilmagan so‘zlar vositasida tabdil qilinganiga duch kelamiz. Hali mukammal ishlanmagan ko‘p tomli ikki tilli lug‘atlar bo‘lmagan sharoitda bunday izlanishlarni, hozir qanday notabiiy bo‘lib ko‘rinmasin, o‘sha badiiy tarjimadagi izlanishlar davri uchun xarakterli hodisalar deb bilamiz.
Aytolganlarimizdan xulosa shuki, yuksak va teran til boyligiga ega bo‘lmaguncha hech qayda mohir san’atkor tarjimon adib yo‘q. Til boyligi bo‘lgandagina tarjimaning eng qiyin qadrli ishi – tub matnning uslub mavjlarini san’atkorona gavdalantirib bermoqlik mumkin va xuddi shu shart bilangina badiiy tarjimon ijodkor va san’atkor degan nom qozonadi.
Shunga ko‘ra ulug‘ adib Cho‘lponning tarjimalari badiiy san’atkorligi bilan qadrlidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 18-son