Ko‘p yillar Ozod Sharafiddinov bilan birga adabiy ijod ishlari bilan shug‘ullangan odamlar yaxshi bilishadi: Ozod Sharafiddinov juda sinchkov inson edi. Uning sinchkovligi tabiiy edimi yoki tug‘mamidi? O‘xud domla olam-olam kitoblar ichida aylanganligidan, olam-olam kitoblarga qiziqqanidan, ularni muk tushib o‘qiganidan, ularga olam-olam havaslar tuyganidan va o‘zi ham olam-olam kitoblar yozishni orzu qilganidan tug‘ilganmidi, paydo bo‘lganmidi? Bu savolni qo‘yish mumkinu, ammo unga javob berishga kelganda har qanday kishi va hatto Ozod Sharafiddinovning yaqinlari ham sukutga ketib o‘ylanib qolishadi. Aslida bu savolning o‘zi unchalar ham muhim emas. Usiz ham Ozod Sharafiddinov to‘g‘risidagi tasavvurlarimizni jonlantiradigan, uyg‘otadigan hodisalar yetarli. Lekin bu siymo hodisasida bizni hayratlantiradigan ko‘pgina narsalargato‘g‘ri javob topaman desangiz, albatta, sinchkovlik ustida bosh qotirishga to‘g‘ri keladi.
Sinchkovlikni har qanday odamda tug‘ma, deb olaylik. U farosat bilan egiz va hafsala bilan tug‘ishgan. Bu uch ajoyib xususiyat Ozod akada, haqiqatan, tug‘ma edi. Birlashgan edi, tutashgan edi, chatishgan edi. Bular Ozod akadagi adabiy va muallimlik talantining bosh xususiyatlarini tashkil etardi.
Piyoz nega qavat-qavat bo‘ladiyu, sarimsoq nega dona-dona bo‘ladi? Absurd savol. Lekin bu absurdlik ichida tabiat va yaratilishning hech yechib va tagiga yetib borib bo‘lmaydigan siri yashirinib yotadi. Nega bir odam juda sinchkov, juda hafsalalik, juda farosatlik? Nega xuddi ushbu inson uchun nihoyatda zarur bo‘lgan xususiyatlar boshqa ikkinchi odamda yo‘qyoki mutlaqo yetishmaydi? Loaqal mana shu narsaning o‘zi bu uch narsa va ulardan tashkil topgan talant hamisha tug‘ma ekanligini ko‘rsatadi.
Bular haqida so‘z ochdik. Nega?
Chunki ular adabiyotchi uchun, yozuvchi uchun, ijodkor, san’atkor, olim, tanqidchi uchun benihoya zarur bo‘lgan xislatlardir. Bularsiz adabiyotchi yo‘q, tanqidchi, san’atkor yo‘q. Vassalom.
Endi bu jamlangan kitobning qanday dunyoga kelganligi haqida to‘xtalaylik.
Bu kitobning boshi o‘tgan asr elliginchi yillarining avvallariga boradi. O‘sha paytlarda Ozod aka rus adabiyotidan, Dobrolyubov, Belinskiy, Gorkiy va boshqa adiblarning ijodidan namunalar tarjima qilishga kirishgandi. Agar Ozod akaning tanqidchilik uslubi, tanqidchilikka qarashlari shu kabi tarjimalarda shakllandi deb aytsak, bu o‘z o‘rniga ega gap bo‘ladi. Bu tarjimalar uning talanti tig‘ini qayradi, uning tanqidiy jumlasini o‘tkirlashtirdi va o‘ziga xos shaklga soldi.
Men ham o‘z jumlamni oltmishinchi yillar boshida Maksim Gorkiyning badiiy ijod sohasidagi behad foydali maqolalarini tarjima qilish imkoniyati tug‘ilganda, topganman. O‘shanda ham Ozod akaning maqolalarigagina emas, tarjimalariga ham havasimiz kelib qarardik. Undan ulgi olishga intilardik. Begona emas, universitetda ta’lim bergan, bizni yo‘lga boshlagan domlamiz edi-da!
Tanqid va tarjima juda tutashib ketgan hodisalar ekanmi deyman-da. Rostdan ham. Tarjima bilan shug‘ullanmagan yozuvchi yo‘q. Tanqidchi ham yo‘q. Tarjima — ijod maktabi. Fikrlar o‘t oladigan qo‘ra. Bunda jumla mumtoz jumla va mumtoz namuna vositasida charxlanadi, o‘z original shaklini topadi.
Ozod Sharafiddinovning adabiy-tanqidiy, publitsistik ijodi tarjimachilik faoliyati bilan chambarchas bog‘langan: biri-biridan quvvat oladi, ilhomlanadi, doim biri ikkinchisiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Butun ijodiy yo‘li davomida Ozod aka adabiy-tanqidiy, publitsistik va esseistik asarlarni tarjima qilishga juda katta e’tibor qaratdi. Maqolalar tarjima qilishga juda ko‘p qiziqdi. U adabiy bilimlar o‘quvchilar orasida keng tarqalishini istardi. Chamasi buni o‘zining muallimlik faoliyatining uzviy tomoni deb bilardi. U odamlarning dunyoqarashlari keng bo‘lishini xohlardi. Shu istagi uning tanqidchilik faoliyatiga ma’no va mazmun bag‘ishlardi.
Ozod aka, ayniqsa, ozodlik va mustaqillik davri boshlanganda, «Tafakkur» va «Jahon adabiyoti» jurnallarida ishlaganda, yangi tuzilgan nashriyotlarda dunyo adabiyotini o‘zbek tilida chiqarish orzulari bilan rang-barang olijanob g‘oyalar ichida qaynaganda, o‘nlab desak ozdir, yuzlab desak to‘g‘ridir, dunyo adabiyoti namoyandalarining adabiy ijod, ma’rifat, ma’naviyat, insonning ruhiy borlig‘ini ochishga bag‘ishlangan maqolalari – esselarini zavq-shavq bilan ona tilimizga o‘girdi. Qullik, mutelik ongining yashovchan asoratlaridan xalos bo‘lish yo‘lini qidirdi, dunyo adabiyoti, san’ati namoyandalarining insonparvarlik, ozodlik, tenglik, axloqiy kamolot yo‘nalishidagi eng yaxshi maqolalarini o‘zbek tiliga o‘girish bu yo‘lda eng samarali xizmat qiladi, deb ishondi va yeng shimarib ishladi. Bu asarlarni zahmatkashlarcha, fidokorlarcha shahd-shiddat bilan tarjima qildi va turli nashrlarda bostirdi. U keyin bu maqolalarni to‘plab nashr qilishni o‘ylaganmi yo‘qmi, buni aytish qiyin. Lekin o‘sha paytlarda bularning chiqishi onglarning o‘zgarishi uchun, yangi nuqtai nazarlarning shakllanishi va kengayishi uchun, shubhasiz, buyuk xizmat qiladi, deb e’tiqod qildi.
Ha, e’tiqod qildi. Chunki ushbu tarjimalarning bari e’tiqodning hosilalaridir.
O‘zuvchilar hamma narsalarni yozib tashlayvermaganlari singari, tarjimonlar ham duch kelgan asarlarni tarjima qilishga urinavermaydilar. Shunday tarjimonlar borki yoki bo‘lganki, ular faqat o‘zlariga yoqqan,o‘zlari sevgan adiblarning asarlarinigina o‘girganlar. Har qancha bo‘lmasin, boshqa tarjimalarga qo‘l urmaganlar.
Yana boshqa tarjimonlar ham bo‘ladi yoki bo‘lganki, ular faqat o‘zlarining g‘oyaviy, insoniy e’tiqodlari, qarashlariga to‘g‘ri kelgan, shunga mos va munosib kitoblarnigina tarjima qilganlar. Tolstoy Mopassanning bir hikoyasini o‘qib g‘oyatda ta’sirlanib, darhol uni tarjima qilgan.
Chingiz Aytmatovni ayting. U qalamkashlik ishlariga boshdan-oyoq sho‘ng‘igan yosh yigitlik chog‘larida «Oqqayin» va «Polk o‘g‘li» degan o‘sha paytlarda toza mashhur bo‘lgan kitoblarni hech kimdan so‘ramay o‘zicha tarjima qilgan. Keyin nashriyotga ko‘tarib borgan. Ne qulog‘i bilan eshitsinki, bu asarlar allaqachon qirg‘iz tiliga o‘girilib, chiqib ham ketgan ekan. Lekin bu ishlar beiz ketgan emas. «Polk o‘g‘li»ning ta’sirlari uzoq zamon uning asarlarida u yoki bu tarzda nafas ufurib turgan…
Qo‘ying-chi, Ozod aka ado etgan esseistik adabiyot tarjimalariga har kim ham va uncha-muncha odamlar ham jur’at qilavermaydi. Men buni chin dildan aytaman. Gap shundaki, bu tarzdagi asarlarni tarjima qilish unchalar ham oson ish emas. Badiiy adabiyot tarjimasidan farqi — bunda juda katta bilim talab qilinadi. Ikkinchidan, mutaxassislikning butun sir-asroridan xabardorlik. Terminlar, tushunchalar ichida bilimdonlik bilan mohir ixtisos egasi sifatida ishlash. Uchinchidan, rivojlantirilayotgan fikrlar va g‘oyalarning nozik tovlanishlari hamda bog‘lanishlarini anglash va tushunish. To‘rtinchidan, buyuk qunt. Qunt va sabr-toqat bilan tarjima ustida o‘tirish. Beshinchidan, qilayotgan tarjimang hech qanday moddiy manfaatdorlik keltirmasligini aniq bilish. Oltinchidan, qanday bo‘lmasin, zamondoshing yoki kelajakning kishilari bu asarlarga muhtoj, ehtiyojmand ekanliklarini to‘la ma’noda his qilish…
Ozod aka bularni va bulardan boshqa qator narsalarni ham tamom ongiga singdirgan va o‘z e’tiqodiga ko‘ra, o‘quvchisining manfaatlarini ko‘zlab, uning ongi va qarashlarini o‘stirish, estetik olamini boyitish uchun ishlardi…
Agar unda, yuqorida so‘z yuritganimiz sinchkovlik, farosat va hafsala yuksak bir tarzda shakllanmagan va jamlanmaganda edi, hech qachon bu ma’rifatchilik va muallimlik yo‘nalishidagi ishlarni ado etmagan bo‘lardi. Ozod akaning ushbu esseistik tarjimalari «Jahon adabiyoti» jurnalining poydevorini mustahkam ko‘tarib turar, uni salmoqli nomiga munosib nashr sifatida o‘quvchilarga yetkazardi.
Shularga ko‘ra, ushbu tarjima maqolalarning bariga Ozod Sharafiddinov adabiy-tanqidiy, ijtimoiy, insoniy e’tiqodining sar mevalari, deb qaramoq kerak. O‘zi shunday ham. Ozod aka o‘zi yozolmagan, aytolmagan (turli sabablarga ko‘ra) fikrlarni shu tarjimalar orqali o‘quvchisiga yetkazdi. Zero, biz uchun ozodlik va ma’naviyatga xizmat qiladigan har bir narsa qadrlidir.
Xo‘sh, bu kitobga jamlangan dunyo adabiyoti namoyandalarining adabiyot haqidagi maqolalarining bugungi kundagi foydasi nimada? Ular XXI asrning o‘ninchi yillarida yashayotgan kishilarga qanday manfaat yetkazadi?
XX asr Angliya adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri, «Forsaytlar» degan mashhur epopeyaning muallifi Jon Golsuorsi jahon adabiyoti kutubxonasi to‘g‘risida g‘oyatda qiziqarli va o‘ta original mulohazalarini yoza turib, «qanchadan qancha yozuvchilar tegirmonda hech vaqo bo‘lmasa ham, yog‘ chiqarishga urinib yotadilar», deb kinoya qiladi. Ammo Ozod Sharafiddinov tarjimasidagi bu yerda jamlangan barcha rang-barang maqolalarni o‘qiganingiz sari, o‘zbekning sodda gapi bilan aytganda, ularning ta’sirli mazasi hech tugamaydi.
Loaqal ingliz adibi Irving Stoun yozgan biografik roman yoki qissaning janr xususiyatlari to‘g‘risidagi maqolani ko‘rib o‘taylik. Irving Stoun biografik badiiy asar yaratish mashaqqatlari ustida batafsil to‘xtaladi. O‘zining ajoyib-g‘aroyib tajribalari haqida gapiradi. U biografik qissa va shuningdek, badiiy biografiya qanday yaratiladi, degan savolga javob berarkan, benihoya qiziqarli ma’lumotlar, tajribalarni hikoya qiladi. Faktlar yig‘ish, ularni o‘rganish, saralash, baholash, ularga yondashuv printsiplari qanday bo‘lishi kerakligi ustida shunchalar kutilmagan fikrlar, axborlarni o‘rtaga qo‘yadiki, odam beixtiyor faqat shu biografik janrlarda yozilgan asarlarnigina o‘qigisi kelib qoladi.
Bizda badiiy biografik janr jilla ham qo‘riq ahvolda emas. Navoiyning Jomiy, Sayid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad haqidagi go‘zal asarlari, Boburning «Vaqoye»si, «Shayboniynoma» shu janrning mumtoz namunalari. XX asr o‘zbek adabiyotida Said Ahmadning qator biografik qissalari, Yo‘ldosh Shamsharovning So‘fizoda haqidagi romani, Yashinning Hamzaga bag‘ishlangan romani, Naim Karimov, Shukur Xolmirzayev, Dadaxon Nuriyning bir qator e’tiborli asarlari biografik roman, qissa, hikoyalarning yaxshi namunalari sanaladi. Lekin shularga qaramasdan, bu janrning buyuk imkoniyatlari hali to‘la ochilgan emas. Uning janr xususiyatlari haqida tadqiqotlar juda kam yozilgan.
Shu ma’noda Irving Stoun asarini o‘qigan o‘quvchi yangi dunyo adabiyotlarida bu janrning o‘rni va ta’siri, ahamiyati qanchalar cheksiz bir maqomda ekanligiga to‘la ishonch hosil qiladi. Irving Stoun o‘z ijodiy laboratoriyasidan shunchalar ko‘p hayratomuz misollar keltiradiki, odamning xayolida badiiy tadqiqot shunchalar bepoyon va xayrli ish ekan-da, degan tasavvur mahkam o‘rnashadi. Irving Stoun biografiya bilan biografik qissaning, tarixiy asarlar bilan biografik romanlarning o‘zaro yaqinliklari va farqlanadigan jihatlarini yorqin misollar orqali ko‘rsatib o‘tadi. Shunda Ozod Sharafiddinov bizni bu maqola bilan tanishtirish orqali qanchalar ulug‘ ish qilganiga yana bir karra amin bo‘lasiz.
Herman Hesse «Jahon adabiyotiga nimalar kiradi?», degan savol atrofida juda keng mulohazalarini bayon qiladi. Uning jahon adabiyotida iz qoldirgan adiblar va ularning asarlarini tanlab olish printsiplari bilan tanishib borarkansiz, adabiyot ummoni behad ajoyib-g‘aroyib hodisalarni yaratganligi va o‘zida yo‘qotmay saqlashiga guvoh bo‘lasiz. Uning adiblar asarlarining eskirishi, o‘quvchi ularni o‘qimay qo‘yishi sabablarini ochishga urinishlari, Sharq va G‘arb adabiyotiga qarashlari, kitob mutolaa yo‘llari haqidagi mulohazalari g‘oyatda maroqlidir.
Jon Golsuorsi esa Turgenev, Mopassan, Dikkens, Tolstoy uslublari borasida shaxsiy, juda jozibador qarashlarini bayon etadi.
Aleksandr Genisning «Filologik roman» deb atalmish yangi belletristika janri va umuman hozirgi zamon adabiyotlaridagi janr izlanishlari, Sharq va G‘arb adabiyotlarining estetik qarashlari xususidagi kuzatishlari hech kimni befarqqoldirmasa kerak.
Tolstoyning Shekspir ijodi haqidagi maqolasi shu qadar o‘tkir, shu qadar qudratli tanqidiy ruh bilan to‘lib-toshib yotadiki, buni o‘xshatib tarjima qilgan Ozod Sharafiddinovning jasorati, fidokorligiga qoyil qolmay iloj yo‘q. XX asr adabiyotining tanqidiy ruhi va qudratli ma’rifiy yo‘nalishi, aytish mumkinki, Tolstoyning mana shu — kutilmagan ehtiroslar qaynab yotgan maqolasidan boshlangan edi desak, bizni ortiqcha mubolag‘a qilayotganlikda ayblamaslar, deb o‘ylaymiz.
Shekspir dunyo adabiyotida juda ulug‘hodisa. Shu ulug‘hodisa yanada ulug‘vor tanqidiy fikrlar oqimini dunyoga keltirganligi adabiyotning behad saxovatli va behad po‘rtanali, go‘zal ziddiyatli dunyo ekanligidan darak beradi. Tolstoyning bu asari tanqidiy fikr va tanqidiy yondashuvning shedevr namunasi va uning o‘zbek tiliga o‘girilganligi, albatta, izsiz ketmas.
Bu ajoyib kitobga kirgan bironta ham maqola o‘quvchini befarqqoldirmaydi. Uni to‘plagan, tayyorlagan va mehribonlik bilan nashr etayotganlarga o‘quvchi, albatta, cheksiz minnatdorchiligini bildiradi.
Ozod Sharafiddinov oramizda xuddi tirikday ishlayotgani, bu axir, mo‘jiza emasmi!
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 41-sonidan olindi.