O‘zbek adabiyoti tarixida ko‘p g‘alati mashhur hodisalar bor. Misol uchun, hazrat Navoyi taxallusi “Navoiy” emas, asli “Navoyi” ekanligi haqida dastlab Hamid Sulaymon, so‘ngra Nusratullo Jumaxo‘ja domla ko‘p yozgan. Shuningdek, “Amir Temir” qachon “Temur”ga, “Bobir” “Bobur”ga aylangani, asli qaysi to‘g‘ri ekanligi ham puxta o‘rganishga muhtoj.
Shunday hodisalardan yana biri Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda payti go‘yo Andijondan (Farg‘onadan) keltirilgan qovunni yeb, Vatan sog‘inchi ta’sirida yig‘lagani haqidagi gap. O‘tgan asr 80-yillarida o‘quvchilik paytim adabiyot muallimimizdan eshitganman ilk bor. Hatto maktab darsliklariga ham kiritilgan bu haqdagi rivoyat (“Hidi, tilimi va mazasidan”, 4-sinf o‘qish kitobi. Mualliflar: S.Matchonov, A.Shojalilov, X.G‘ulomova, Sh.Sariyev, Z.Dolimov, 2017, 182-183-betlar). Bu rivoyat haqiqatan xalq og‘zaki ijodi mahsulimi yoki darslik mualliflari qalamiga mansubmi – bu ham o‘rganilishi zarur. Chunki tili xalq og‘zaki ijodi tiliga mos emas, juda tahrirtalab. Bir misol: “ – Aldagan bo‘lsam, bilganingizni qiling, shohim. Bu qovun “Bog‘i Boburiy”da bitgan, – debdi bog‘bon so‘zidan qaytmay”. Bog‘bonning shunday jasoratga ega bo‘lishi ishonarli emas.
Hatto taniqli adabiyotshunos Sultonmurod Olim ham, e’tiborsizlik sababmi, bu g‘alati mashhur rivoyatnamo to‘qima gap ta’sirida yozadi: “Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonga yurish qilishidan bosh maqsadi ham, kuch to‘plab, qaytib kelib, qo‘ldan boy berilgan Vatanni egallash edi. Vatan – bir butun tushuncha. Lekin yurt sog‘inchini uning lazzatli qovuni-yu uzumi xumori bilan ham ifodalash mumkin: “Bizning ehtimomimiz ul (ya’ni Movarounnahr – S.O.) sorilar bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hindiston ishlari ham bir nav’ somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topqay. Bu ish zabtidin so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjih bo‘lg‘umdur (yuzlanaman, qaytib boraman – S.O.). Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay?! Alalxusus, mundoq toyib va torik bo‘lg‘onda qovun va uzumdek mashru’ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqargay?!” (“Sultonmurod Olim ijodi” telegram kanali, 2024 yil 9 aprel).
“Karvonli” telegram kanalida 20 may kuni o‘tkazilgan so‘rovda “Bobur mirzo “Boburnoma”da 1528 yil voqealari bayonida “Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay… Bu fursatta bir qovun kelturub edilar, kesib yegach, g‘arib ta’sir qildi. Tamom yig‘lab edim…” degan. Savol: Qovun qayerdan keltirilgan?” degan savolga 442 o‘quvchi javob bergan: Andijon – 300, Samarqand – 86, Kobul – 56. Endi “Boburnoma”dan ayni hodisa keltirilgan o‘rinni o‘qiymiz: “Yana ba’zi kayfiyat Xoja Kalong‘a bitilgan xattin ma’lum bo‘lur uchun o‘shal xatning savodini betafovut bitildi: Xoja Kalong‘a salom degach, so‘z ulkim, Shamsiddin Muhammad Ita’vag‘a keldi. Kayfiyatlar ma’lum bo‘ldi. Bizning ehtimomimiz ul sarilar bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hindiston ishlari ham bir nav’ somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqdurkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topg‘ay. Bu ish zabtidin so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjih bo‘lg‘umdur. Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay. Alalxusus mundoq toyib va torik bo‘lg‘anda qovun va uzumdek mashru’ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqarg‘ay. Bu fursatta bir qovun kelturub edilar, kesib yegach, g‘arib ta’sir qildi. Tamom yig‘lab edim. Kobulning nomarbutlug‘ini bitilib edi, ul bobta andisha qilib, oxir xotir munga qaror toptikim, yetti-sakkiz hokim bir viloyatta bo‘lsa, ne tavr marbut va mazbut bo‘lg‘usidur. Bu vajhdin egachimni va haramlarni Hindustong‘a tiladim. Jami’ Kobul viloyati va quroyotini xolisa qildim. Humoyung‘a va Komrong‘a ham bu mazmunni mashruh bitidim” (“Boburnoma”, T., Sharq, 2002. Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev va Eyji Mano (Yaponiya) nashrlari asosida qayta nashrga tayyorlovchi: Saidbek Hasanov, 249-bet).
Shamsiddin Muhammad – Xoja Kalonning navkari Ita’vaga Bobur podshoh huzuriga kelgani bayoni Xoja Kalonga bitilgan xatdan sal oldin bayon etilgan: “Kemada edimki, Sulton Muhammad baxshi Xoja Kalonning navkari Shamsiddin Muhammadni olib keldi. Xatlaridin va taqriridin Kobuldag‘i kayfiyat va holat mushaxxas va ma’lum bo‘ldi”.
Bobur mirzo Hindistonni 1526 yili fath etgan. Ikki yildan buyon bu yerda saltanat taxtini mustahkamlash ishlari bilan band edi. Kobuldek xushhavo joylardan “xeyli issiq” Hindistonga taqdir taqozosi bilan kelgan “xeyli el bodi samumning ta’siridin har zamonda yiqilib-yiqilib, o‘la kirishtilar. Bu jihatlardin aksar beklar va o‘bdon-o‘bdon yigitlar ko‘ngul solib edilar. Hindustonda turmoqqa rozi emas edilar, balki ketarga yuz qo‘yub edilar” (211-bet). Ana shunday vaziyatda “ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay?” deganda Bobur podshoh Kobulni nazarda tutgan. Hindiston tabiati, hayvonot va nabotot olami, geografiyasi va h.k. masalalarni yoritayotganda ham “bizning viloyatlarg‘a” (201-bet), “Kobulg‘a” (202), “bizning viloyatning” (204), “ul viloyatlarda” (207), “ul yerlarning” (231), “Kobul toshi bila”, “Kobulning yarim seri” (245) deya Kobul bilan solishtirgan. Mana bu o‘rinda ham “vatandin” deganda Kobul nazarda tutilgan: “Cherik eli ba’zi xeyli mutaraddid va mutavahhim edilar. Taraddud va tavahhum betaqribdur. Nekim azalda Tengri taqdir qilibtur, ondin o‘zga bo‘lmas. Agarchi alarni ham ayb qilib bo‘lmas, haq alar jonibi edi. Ne uchunkim, vatandin ikki-uch oychaliq yo‘l kelilib edi. G‘arib qavme bila elning ishi tushub edi. Ne biz alarning tillarini bilur edik, ne alar bizning tilimizni” (192-bet).
Xullas, qovun voqeasi Hindiston fath etilganiga 2 yil, Kobul egallanganiga 25 yil bo‘lganida ro‘y bermoqda. “Bizning ehtimomimiz ul sarilar bormoqqa behad va beg‘oyattur” gapida “ul sarilar” deganda Kobul nazarda tutilmoqda, Movarounnahr yoki Farg‘ona (Andijon) emas. Bobur mirzoning Kobulga mehri bo‘lakcha ekanligining bir sababi Humoyunga bitgan maktubida bayon etilgan: “Yana muncha fath va zafarlar Kobulda ekanda bo‘ldi, Kobulni shugun tutubturmen, ani xolisa qildim. Hech qaysingiz ta’ma qilmag‘aysiz” (244).
Endi qovun voqeasiga Andijon (Farg‘ona), Movarounnahr qanday bog‘lanib qolgani masalasiga kelsak, bu savolning aniq javobi topilmadi. Hatto, Sultonmurod Olimdek zukko adabiyotshunos olim ham bu to‘qima, g‘alati mashhur qarash ta’siriga tushib qolganligini inobatga olsak, buning ildizi chuqurga o‘xshaydi. Zahiriddin Muhammad Boburni zo‘r berib “andijoniylashtirish” (qarang: “G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, anda jonidur…”, Tohirjon Qozoqov, “Ma’rifat”, 2023 yil 4 oktyabr; “Boburshunoslikka haqli tanqidiy munosabat”, Nusratullo Jumaxo‘ja, “Ma’rifat”, 2023 yil 1 noyabr, “Matnni matnshunos buzsa…”, Nusratullo Jumaxo‘ja, “Ma’rifat”, 2023 yil 1 noyabr; “Boburning vatani bir Andijonmi?”, Zuhriddin Isomiddinov, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 2023 yil 9 iyun)ga urinish hodisasi bilan bog‘liqdir balki.
Bobur hech qachon Andijon yo Samarqand, yoki Kobul bilangina chegaralanib qoladigan hukmdor bo‘lmagan. O‘z ta’biri bilan aytganda, “dag‘dag‘a”si, iddaosi juda baland bo‘lgan: “Chun hamisha Hinduston olmoq xotirda edi, bu bir necha viloyatlarkim, Bhira va Xushob va Chanob va Chanut bo‘lg‘ay, necha mahal turk tasarrufida edi, bularni xud mulkimizdek tasavvur qilur eduk” (166). Ya’ni, bir paytlar ulug‘ bobosi Temurbek tasarrufida bo‘lgan hududlarni qayta egallash niyati hamisha bo‘lgan. Jumladan, Movarounnahrni ham. Demak, Andijon, Samarqand, Kobul, Hirot, Dehli hududlari, Bobur so‘zlari bilan aytganda, “Temurbekning yurti” edi. Xullas, keltirilgan qovun Andijon yo Kobuldan bo‘lsin, “Temurbekning yurti”dan edi. Xulosa shulki, asli ajdodi Shahrisabzdan bo‘lgan, Andijonda tug‘ilgan, Samarqand taxtiga intilgan, Kobulda kuchli davlat tuzgan, Hindistonni fath etgan buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur birgina viloyat bilan bog‘lab, “mahalliylashtirish”dan juda yuksak turadigan betakror Shaxsdir.