Gerxard Gauptman XIX asr oxiri va XX asrning birinchi yarmida Germaniyaning eng ko‘zga ko‘ringan dramaturgi edi.
Uning ijodida o‘sha davr nemis yozuvchilarining izlanishlarini o‘zida mujassam qilgan xarakterli xususiyatlar yorqin aks etgan. Gauptmanning serqirra ijodi turli adabiy janr va yo‘nalishlarning o‘ziga xos xususiyatlarini qamrab olgan. Uning ijodiga baho berar ekan, Tomas Mann shunday deydi: “Gauptmanning hayoti davomida yaratgan ishlarida o‘sha davrning juda ko‘p adabiy-badiiy oqimlari birlashdi, naturalizm, simvolizm, neoromantizm oxir-oqibat realizmga aylandi, borliq hayotni jangovarona fosh etish poeziya bilan chirmashib ketdi”. Shu bois, Gauptman dramaturgiyasini davrlashtirish oson emas. Chunki, adabiy-badiiy oqimlar uning ijodida ketma-ket kelmaydi. Gauptman ijodining ilk davrida ko‘proq naturalistik pesalar yaratilgan. Uning birmuncha keyin yozgan asarlarida esa naturalizmning ayrim xususiyatlari epizodik tarzdagina uchraydi. Keyinchalik Gauptman pesalarining badiiy yo‘nalishlari ma’lum xronologik shaklga sig‘maydi, ular ko‘pincha bir asarda birga (hamohang) keladi. Bunga 1893 yildagi ijodi yorqin misol bo‘la oladi. O‘shanda Gauptman birin-ketin ijtimoiy mavzudagi satira – “Qunduz po‘stin”, realizm elementlari mavjud mistika – “Gannelening arshi a’loga ko‘tarilishi”dek turli xarakterdagi pesalarni yaratgan bo‘lsa, 1898 yili fantastik mazmundagi “Pastarol” va realistik pesa “Aravakash Genshel”, 1911 yilda esa “Kalamushlar” ijtimoiy dramasi, yana bir yil o‘tib simvolik-pessimistik drama “Gabriel Shillingsaning qochishi” va nihoyat 1932 yili “Hayot shomi” realistik pesasini yaratgan. 1933 yilda esa o‘rta asr syujeti asosida “Oltin arfa” mistikasini yozgan.
Gauptman umrining oxirlarida antik syujetlarga murojaat qiladi. Bu hol dramaturgning fashistlar rejimiga nisbatan o‘ziga xos noroziligi bo‘lgan. Ijodkor bu davrda zamonaviylikdan qochib, antik mavzuga murojaat etish orqali natsistlar g‘oyalarini qabul qilmasligini namoyon etgan.
Dramaturgning u yoki bu badiiy oqimlar orasida doimo ikkilanishi, og‘ishlarga yo‘l qo‘yishi adabiyotshunoslik hamda san’atshunoslikda o‘sha davr nemis ziyolilarining hayot qarama-qarshiliklarini ilg‘ash va tushunish uchun olib borgan doimiy, azobli izlanishlari bilan izohlanadi.
“Inson va muhit” muammosi Gauptman ijodining eng avvalidan boshlab mavjud bo‘lgan va u o‘zining ilk pesalarida bu masalani ayni naturalistik pozitsiyadan turib hal etgan. Unda inson o‘zini qurshab turgan shart-sharoit qurboni, uning bu holatdan qutilib chiqishga kuchi yetmaydi, shuning uchun hayot shartlariga itoatkorona bo‘ysunadi. U qiyinchiliklarga qarshi boshqacha yo‘l bilan kurashishni bilmaydi, hatto kurashishni istamaydi. Zero “sobit naturalistlarning” talabi shunday bo‘lgani sababli Gauptmanning ilk pesalaridagi obrazlar ham shunday edi.
Realistik pesalarida dramaturgning ushbu masalaga munosabati ancha o‘zgardi. Ularda qahramonlar shart-sharoit va tabiiy muhitga passiv bo‘ysunmaydilar, aksincha, ularga qarshi kurashadilar, isyon qiladilar. Bu holat inson va uni qurshab turgan dunyo o‘rtasida tig‘iz konfliktni keltirib chiqaradi. Ayni shu jihatlar Gauptman ijodining yetuk pallasi asoslarini tashkil etadi Ushbu mavzu uning impressionistik rang berilgan “G‘ariblar” pesasidan to oxirgi realistik dramasi “Hayot shomi”gacha bo‘lgan barcha pesalarida namoyon bo‘ladi. Gauptman dramaturgiyasining ijtimoiy ahamiyati ham xuddi shundadir.
Gauptman 1862 yili 15 noyabrda Sileziyaning Oberzaltsbrunn kurort shaharchasidagi mehmonxona egasi oilasida dunyoga keladi. Qishloq xo‘jaligi maktabiga kirish maqsadida gimnaziyani tark etadi. Ko‘p o‘tmay, Breslavdagi rassomlik bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Lekin bu yerda ham o‘qishni oxiriga yetkazmaydi. Shundan keyin u Ien universitetining tarix fakultetida o‘qishga muvaffaq bo‘ladi. So‘ngra Rimga borib, haykal yasash bilan mashg‘ul bo‘ladi-yu, bu faoliyati ham uzoq davom etmaydi. 1880 yilning o‘rtalarida vataniga qaytib, Berlin shahridagi turli adabiy kecha va anjumanlarda qatnasha boshlaydi. Avvaliga she’rlar, kichik hikoyalar mashq qilgan Gauptman uchun bu jarayon uning yozuvchi va dramaturg bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Endi u professor A.Forel qo‘l ostida “irsiyat nazariyasi” bilan shug‘ullana boshlaydi. Har kuni ishga qatnar ekan, to‘quv ustaxonasi yonidan o‘tayotib, dastgoh ustiga muk tushib, holdan toyguncha, chang yutib ip yigirayotgan ishchilarni kuzatar, ularga ich-ichidan rahmi kelar, lekin ularga qanday yordam berishni bilmasdi. Bu hol keyinchalik uning mashhur “To‘quvchilar” pesasining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Berlinga qaytgach, adabiyot, xususan dramaturgiya bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan. Ayniqsa, Ibsen dramaturgiyasini o‘rganish uning ijodiga katta ta’sir ko‘rsatadi. 1889 yilda Gauptmanning birinchi yirik p’esasi – “Tong oldida” e’lon qilinadi. Asar Otto Bramning “Erkin sahna” teatrida muvaffaqiyatli sahnalashtiriladi. “Tong oldida” pesasi maishiy turmush tarzini chuqur tasvir etish orqali nemis dramaturgiyasida yangi usuldagi asar paydo bo‘lganligidan darak berardi. Lekin, ushbu dramada naturalizm uslubining ojiz tomonlari ham namoyon bo‘lgan. Pesa avvalida asosiy o‘rinda turgan ijtimoiy adolatsizlik muammosi oxirida chetga surilib, o‘rnini irsiy xastalik muammosi egallagan. Oila boshlig‘i Krauzening ichkilikbozligi, badxulqligi uning xonadonini barbod qilgan. Garchi naturalizmning alohida elementlari uning oxirgi dramalariga ham xos bo‘lsa-da, Gauptman keyingi asarlarida voqelikni bunday biryoqlama, tor naturalistik kontseptsiyada ifodalash usulidan voz kechishga uringan. Bu uning keyingi “G‘ariblar” pesasidayoq namoyon bo‘ladi. Asarda qahramonning dramatik taqdiri irsiy noboplik bilan emas, balki ijtimoiy-psixologik xarakterdagi sabablar bilan izohlangan.
Gauptman qahramonlarining deyarli barchasini fojiaviy intiho kutadi. Olim Fokerat ham (“G‘ariblar”), rassom Arnold Kramer (“Mixail Kramer”, 1900) ham, qishloq qizi Roza Brend (“Roza Brend”, 1903) ham, aravakash Genshel (“Aravakash Genshel”, 1898) ham xuddi shunday. Gauptman dunyoni optimistik his etishdan yiroq bo‘lgan, chunki u o‘z davri illatlarini ko‘rgan, ammo o‘sha illatlardan qanday qutilish yo‘lini bilmay kurashgan.
Agar “G‘ariblar” ziyolilar dramasi bo‘lsa, 1892 yilda yozilgan “To‘quvchilar” pesasida ezilgan va oxir-oqibat isyon ko‘targan oddiy xalq vakillarining umumlashma obrazini yaratadi. Pesa 1893 yili O.Bramning “Erkin sahna” teatrida hamda shu yilning o‘zidayoq Frantsiyada A.Antuanning “Erkin teatr”ida sahnalashtirilib, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinadi. Lekin, inqilobiy ruh Gauptmanning ijodiga xos bo‘lmagan.
“To‘quvchilar” bilan deyarli baravar yozilgan “Hamkasb Krampton” (1891) va “Qunduz po‘stin” (1893) komediyalari ham ilg‘or ijtimoiy xarakterga ega bo‘lgan. Ularning birinchisida nemis ziyolilarining ma’naviy qashshoqlashgan qismi fosh qiluvchi kulgiga uchrasa, ikkinchisida dimog‘dor, o‘ziga bino qo‘ygan amaldorlar o‘tkir satira ostiga olingan.
Gauptman o‘z ijodiy faoliyati davomida maishiy hayotni, turmush ikir-chikirlarini tasvirlovchi naturalistik uslubdan tashqari ramziy-fantastik, afsonaviy va tarixiy obrazlarga ham murojaat qila boshlagan. “Cho‘kib ketgan qo‘ng‘iroq” (1896), “Shlyuk va Yau” (1901), “Bechora Genrix” (1902) pesalari shular jumlasidandir. “Cho‘kib ketgan qo‘ng‘iroq” falsafiy ertak pesasining qahramoni insofli, diyonatli temirchi usta Genrix. U ulkan qo‘ng‘iroq yasab, qishloq yaqinidagi baland tog‘ cho‘qqisiga o‘rnatib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Shu yo‘l bilan qishlog‘ining zerikarli, to‘pori hayotini o‘zgartirib, fayz kiritishni orzu qiladi. Lekin, qo‘ng‘iroqni tog‘ tepasiga olib chiqishayotganda, u qulab ketib, ko‘lga g‘arq bo‘ladi. Bu holatdan ta’sirlangan usta, qishloqning xudbin muhitida yasalgan qo‘ng‘iroq tog‘ning beg‘araz, beg‘ubor bag‘riga begonalik qildi, deb tushunadi. Shuning uchun ham pastga qaytib tushishni istamaydi, shu yerda farishtalar ko‘magida qaytadan, yangi qo‘ng‘iroq yasashga ahd qiladi.
Gauptman 1932 yili o‘zining eng mashhur asari “Hayot shomi” dramasini yozadi. Pesa markazida Mattias Klauzen obrazi turadi. 70 yoshli bu inson maxfiy tijorat maslahatchisi, kattakon shaharning faxriy fuqarosi, yirik kitob nashriyotining egasi. Gauptman ushbu dramasini dastlab “Yangi Lir” degan nom bilan atamoqchi bo‘lgan. Chunki, o‘z farzandlari tomonidan ta’qib ostiga olingan Klauzen tarixi unga XX asr Lirining tarixi bo‘lib ko‘ringan. Faqat bu yerda ”Qirol”ni “mol-mulkidan” zo‘ravonlik bilan mahrum etadilar xolos. Asarda voqealar rivoji bir tomondan yosh va pokiza qiz Inken Petersni sevib qolgan Klauzen, ikkinchi tomondan ota merosini qo‘ldan chiqib ketishidan tashvishga tushgan bolalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar orqali yuzaga keladi. Klauzen oilasi Gauptman uchun ichki kurashlar avj olib borayotgan o‘sha davr Germaniyasining o‘ziga xos modelidir. Muallif pesada Mattias bolalari “It, mushuk, bo‘ri va tulkilarga aylanishi”, otalarini ta’qib etib, oxir-oqibat uni “tilka-pora etishlari”ning ijtimoiy-psixologik sabablarini diqqat bilan tahlil etadi, ma’naviy qadriyatlarning, chin insoniy tuyg‘ularning bostirib kelayotgan ma’naviy tubanlik, johillik, zulm va jaholat bilan murosasiz to‘qnashuvini ko‘rsatadi. Aslida, pesa voqealari Germaniya bo‘ylab tobora yoyilib borayotgan fashizm sharpasining ayanchli oqibatlariga ishora edi.
“Hayot shomi” dramasi 1974 yili Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama) teatrida sahnalashtirilgan. (Hamid G‘ulom tarjimasi, sahnalashtiruvchi rejissyor F.Sheyn). Bosh qahramon Klauzen rolini Olim Xo‘jayev, Inken rolini esa Oydin Norboyeva ijro etgan.
Gauptman ijodining so‘nggi davrlarida mif va afsonaviy voqealar asosida qator dramatik asarlar yaratib, o‘z zamonasining dolzarb voqeliklarini ramziy ishoralar orqali namoyon etishga harakat qiladi. 1940-1944 yillarda yaratilgan “Ifegeniya Avlidada”, “Ifegeniya Delfada”, “Agomemnonning o‘limi”, “Elektra” nomli asarlar shular jumlasidandir.
Gerxard Gauptman 1946 yil 6 iyun kuni vatani Sileziyadagi Agnetendorf shaharchasida vafot etgan.
Gerxard Gauptmanning nemis adabiyoti va san’ati sohasidagi xizmatlari beqiyos. Inchunin, unga adabiyot sohasida Nobel mukofotining berilishi (1912 yil) ham bejiz emas. Uning keng miqyosli, serqirra ijodi XIX va XX asr nemis teatri taraqqiyoti yo‘lini ko‘p jihatdan belgilab berganligi bilan, umumevropa dramaturgiyasi va teatri rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Shuning uchun ham, uning sermazmun ijodi va murakkab hayot yo‘li juda ko‘p mutaxassislar tomonidan shu kungacha ham o‘rganilib, tadqiq etib kelinmoqda.
Hamidjon Ikromov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son