Kadzuo 1954 yilning 8 noyabr kunida tavallud topib, 1981 yildan buyon postmodern yo‘lida, ingliz tilida ijod qilib kelayotgan yozuvchidir. U asli Yaponiyaning Nagasaki shahridan. Bu shaharni hamma biladi. 1945 yil, ikkinchi jahon urushi yakuniga borib, butun dunyo uchun Ikkinchi jahon urushi ham bir bo‘ldi-yu, Xirosima bilan Nagasakidagi atom bombasining portlatilishi ham bir bo‘ldi. Isiguroning otasi okeanshunos bo‘lgan. 1960 yilda ularning oilasi Britaniyaga ko‘chib o‘tadi. Uning otasini Surreym grafligining ma’muriy markazi bo‘lgan Surrey shahrida joylashgan Milliy Okeanshunoslik institutiga ilmiy ishga taklif etishgan edi.
Kadzuo Staftondagi birinchi bosqich maktabda, keyin Surreydagi gimnaziyada o‘qiydi. Maktabni tugatgach, u AQSh va Kanadaga sayohatga chiqadi. Darhaqiqat, uning bolalikdagi musiqachi bo‘lish orzusi orzuligicha qolib ketdi, undan durust musiqachi chiqmadi.
1978 yilda u Kent universitetida ingliz tili va falsafa bakalavri diplomini oldi. 1980 yilda Sharqiy Angliya universitetida magistrlik ishini himoya qildi. Universitetda bir gal Malkolm Bredberining o‘tgan darsi unda o‘zgacha taassurot qoldiradi. U adabiyotga cheksiz qiziqish va muhabbat uyg‘otgan o‘sha saboqlarni ko‘p bor esga olishni xush ko‘radi. Isiguro 1983 yilda Angliya fuqaroligini olgan.
U jaz yo‘nalishida kuylovchi Steysi Kentning “Tramvaydagi nonushta” (2007 yil), “O‘zgaruvchan alanga”(2013 yil) nomli qo‘shiqlarining muallifi edi. U o‘zining yozgan qo‘shiq matnlari haqida xotirlar ekan, “ular o‘ziga yarasha o‘ta ehtirosli, ishonuvchanlik ruhida yozilgan, yanayam aniqrog‘i, o‘ta shaxsiy his-tuyg‘ularning in’ikosi, ularga qandaydir mavhumlik, noaniqlik xos”, deydi.
U 1986 yilda Lorn Makdugallga uylangan. U Lorn bilan hali uysizlikdan qiynalib yurgan paytlarida, Londondagi Notting Xill yetimxonasida tanishgan edi. Hozirgi vaqtda ular qizlari Naomi bilan Londonda yashashadi.
Kadzuoning adabiyotdagi parvozi 1981 yilda uning Introduction 7: Storiesby New Writers antologiyasiga kiritilgan uchta hikoyasidan keyin boshlangan. 1983 yilda uning birinchi romani bosilib chiqqach, Britaniyaning eng yosh yozuvchilaridan biri nominatsiyasi uchun nomzodi ko‘rsatiladi. U aynan shu muvaffaqiyatlari uchun 1993 yilda yana bir bor mazkur nominatsiya g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Uning 1982 yildagi “Tutun qoplagan qirlar” romanida Angliyada yashovchi yaponiyalik beva Etsukoning hayoti qalamga olingan. Qizining o‘zini o‘ldirishi uni Nagasaki fojeasini bot-bot eslashiga sabab bo‘ladi. Adibning tilga tushgan asarlaridan yana biri yapon xalqining ikkinchi jahon urushiga munosabati yoritilgan “Omonat dunyo musavviri” romani bo‘ldi. Asar qahramoni Matsui Ono rassom bo‘lib, adib uning harbiy jarayonlar bilan kechgan hayoti orqali yaponiyaliklarning urushga munosabatini, qarashlarini tadqiq qiladi. Mazkur asar Buyuk Britaniyada “Yilning eng yaxshi asari” deya tan olingan.
“Kunning qolgan qismi” deb nomlangan uchinchi romanda keksa ingliz qarolining kechmishlari qalamga olingan. Unda ham muallif yaqinlashib kelayotgan urush domiga kirib borayotgan odamlar hayoti misolida xalq hayotini xotira monolog shaklida hikoya qiladi.
Adibning ushbu romani Buker mukofotini olgan. Ajabki, uning nomzodi hay’at a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qul topilgan. Adabiy jamoatchilik mazkur asarni “Yigirmanchi asrning inglizcha eng yaxshi romani”, deya e’tirof etdi. Isiguro millati yapon bo‘la turib, bunday yuksak maqomga ega bo‘lgani albatta, e’tirofga loyiqdir. Jozef Konrad va Vladimir Nobakovlar ham o‘z millatiga mansub bo‘lmagan tillarda mumtoz asarlar yaratib nom qozonishgan edi. Mazkur roman asosida Entoni Xopkins va Emma Tompsonlar bosh rollarni ijro etgan holda film ham suratga olingan. Bu film ruschaga “Kun poyonida” deb tarjima qilingan.
1995 yilda Isiguroning uslub jihatdan anchagina murakkab bo‘lgan “Hasrat chekayotganlar” romani e’lon qilindi. Agar bundan avvalgi asarlarida voqealar o‘tmishga xos bo‘lgan bo‘lsa, bu romanda Isiguro hozirgi davrga murojaat qiladi, voqealar nomi qayd etilmagan Yevropaning markazidagi mamlakatda bo‘lib o‘tadi. 2000 yilda nashrdan chiqqan “Bizlar yetimlikda bo‘lgan davrlar” romanidagi voqealar yigirmanchi asrning birinchi yarmida Shanxayda bo‘lib o‘tadi. Roman qahramoni bundan yigirma yil muqaddam sirli ravishda yo‘qolgan ota-onasining yo‘qolishi sabablari, sirli tafsilotlarini izquvar yollagan holda o‘rgana boshlaydi. Isiguro bu romanida o‘zining sevimli uslubini qo‘llagan holda o‘tmishga sayr etadi.
Isiguro televideniye uchun ham ikkita original film yaratdi. U Qirollik adabiy jamiyatining a’zosi hisoblanadi.Uning asarlari qariyb 30 dan ortiq tillarga tarjima qilingan. “Taym” jurnali tadqiqotlariga ko‘ra, uning 2005 yilda e’lon qilgan “Meni qo‘yib yuborma” nomli romani ingliz adiblarining barcha zamonlarda yaratgan eng yaxshi romanlari yuztaligidan o‘rin olgan.
Isiguro 1989 yilda Buker mukofotini olgan, 1995 yilda Britaniya imperiyasi ordeni, 1998 yilda San’at va adabiyot ordeni bilan mukofotlangan. 2017 yilgi Norvegiya akademiklari uni adabiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofotiga munosib deb topdilar.
Kadzuo Isiguroning har bir asari adabiyotda o‘ziga xos shov-shuv bo‘lib kelayotir. Uning eng ommalashgan “Meni qo‘yib yuborma” romanida o‘ttiz yoshli Keti Xeylshemdagi imtiyozli maktabda o‘tgan hayratomuz voqeliklar, chala yarim yangiliklar-u, sirli xavf-xatarlar haqida eslaydi. U o‘zini o‘sha davrdagidek his etadi, o‘sha voqeliklarga qaytgandek hikoya qiladi. Asar oddiygina muhabbat qissasi yoki do‘stlik va xotiralar ifodasi emas, unda “hayotingni baxshida etish falsafasining muayyan darajada moddiylashuvi”ga erishilgan.
Bu asar hozirgi zamon va o‘tmishning qalbni iztirobga soluvchi voqealari haqidagi roman-hikoyatdir. Dardki, shifosi bor, biroq asarni o‘qigach, uzoq vaqt siz bilan birga qoladi…
Isiguroning “Kunning qolgan qismi” hamda “Meni qo‘yib yuborma” romanlarining adadi bir milliondan oshib ketdi. “Dafn etilgan bahodir” romani noodatiy, o‘quvchini go‘yoki sehrlab qo‘yadi. Muallif bizni o‘rta asrlardagi Angliyaga olib boradi. Urush davrlarini ko‘z oldingizga olib kelar ekan, tasavvuringizda olam taloto‘p, kurrai zaminni zulmat qoplagan, o‘tgan bir soatlik umr xuddi uzoq yil ilgari yashab o‘tilgan tong kabi tez xotiradan o‘chadi. Keksa juftlik Aksel va Beatrisa o‘z jonajon go‘shasidan chiqib o‘ta xatarli yo‘lga otlanishadi, ular ko‘p yildan buyon ko‘rmagan o‘g‘lini izlab yurt kezishadi. Mana shu sayohat jarayonida duch kelingan xotiralarning jonlanishi, urush va qasos, muhabbat va kechirish kabi insoniy holatlar talqinida bir xulosa kelib chiqadi, “mayliga, shaklga e’tibor qilmang, aslida barchamiz yolg‘iz ekanmiz…”.
“Omonat dunyo musavviri” romani qahramoni urushgacha bo‘lgan davrda Yaponiyadagi eng mashhur rassomlardan biri, o‘zining osuda hayotini kamtarlik bilan yashab, o‘z qizini orzusidagidek yigitga uzatish qayg‘usi bilan yashaydi. Ammo uning xotiralari, o‘tgan kunlariga quloq tutsangiz, eski Tokioning shovqin-suronli, sho‘x-sha’nli kvartallariga borib qolasiz, u joyda hayot juda mo‘rtdek, omonatdek, bo‘g‘iq ehtiroslarning mahzun olami, go‘zallik va kishi bilmas ehtiyojlarga duch kelasiz. Hammasi oddiy odamning ichki dunyosi tadqiqiga xos bitiklar…
Malkolm Bredberining adabiyotdan saboqlari ta’sirida ulg‘aygan Isiguroning “Kunning qolgan qismi” asari qahramoni Etsuko Angliya provintsiyasida yashaydi. Katta qizining o‘ziga suiqasd qilib vafot etishidan so‘ng uning hayoti urushdan keyingi yillardagi Nagasakida o‘tgan o‘zining o‘smirlik davri xotiralariga qorishib ketadi. Bu xotiralar uni chulg‘ab oladi go‘yo. Qashshoqlashib qolgan aristokrat xonim Satiko bilan tanishuv va bu yaqinlik bilan bog‘liq g‘alati, aytish mumkin bo‘lsa, hayratomuz voqeliklar qalamga olingan.
“Bizning yetimlik yillarimiz” romani 30-yillarning qora prozasi hamda yigirmanchi asrning oxiri – yigirma birinchi asr boshlarida urfga kirgan kulturologik nasr janrining uyg‘unligiga erishilgan.Taniqli izquvar Kristofer Benksni bolaligidan ota-onasining halok bo‘lishi sabablarini bilish orzusi qiynab keladi va nihoyat, bu ishga kirishadi. Ammo Londondan Shanxayga juda tahlikali vaqtda yo‘lga chiqqan Kris- toferning bu safari bugungi kun voqeligidan tarixga, shafqatsiz hayot realliklariga yurish yurish bo‘ladi.
2017 yilning adabiyot sohasidagi Nobel mukofoti Yaponiyaning Nagasaki shahrida tug‘ilib, o‘zining ongli hayotini Angliyada yashab kelayotgan betakror iste’dod va tafakkur sohibi bo‘lgan adib Kadzuo Isiguroga nasib etgani tasodif emas. Bu galgi tanlovda shved akademiklari adashmagan bo‘lsalar kerak!
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 10-son