Bugungi dorilamon kunlarda “Adabiyot yashasa – millat yashar” degan fikr ko‘pchilikning tiliga tushib, diliga jo bo‘lib, ixlosmand kitobxonlar safini kengaytirmoqda. XX asr boshlarida esa yosh adiblarni munosib tarbiyalab, ularning qo‘lidagi qalamni charxlash, adabiy asarlar yaratib, ular orqali o‘zlikni anglashga alaloqibat xalqni ma’rifat, ma’rifat vositasida esa hurriyatga chorlash jadidlarning ezgu orzusi edi.
Adabiyotshunoslar tomonidan jadid bobolar karvonboshisi, millat ozodligi yo‘lida jonini qurbon qilgan arbob, hurriyat ko‘yida noshiru muharrir, oddiy muallimlikdan-da qaytmagan, benazir adib Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining “Padarkush” asari bilan jadid dramaturgiyasi asoschisi sifatida qabul qilindi. Mazkur drama va uning sahnaga qo‘yilishi, odamlar ongiga ta’siri, uning tarixiy ahamiyati borasida qator tadqiqotlar amalga oshirildi, mazmun-mohiyati ochib berildi.
“Hikoyat va yoinki nasihat kitoblarinda ba’zi bir hodisa bayon qilingandurki, o‘qub, asarlanib (ta’sirlanib – H. S.), lazzat olinadur. Ammo teyotrg‘a maxsus bir hodisa va yo voqea va hikoyatni fe’lan qilib ko‘rsatiladurki, muning ta’siri eshitkandan ziyodadur” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Teyotr nadur // “Oyna” jurnali, 1914 yil 29-son). Mutaxassislar Behbudiyning bu fikridan odatda dramaturgiyaning ahamiyatini tushuntirishda foydalanadilar. Biroq iqtibosdagi “ta’siri eshitkandan ziyoda”ligi sabab birinchi gap doim ikkinchi planda qolib ketadi. Birinchi gapni e’tibor bilan o‘qiymiz: “Hikoyat va yoinki nasihat kitoblarinda ba’zi bir hodisa bayon qilingandurki, o‘qub, asarlanib, lazzat olinadur”. Ya’ni, hikoyaning o‘ziga xosligi shundaki, uni o‘qiganda inson ta’sirlanadi, lazzat oladi.
Fikrimizcha, o‘zbek hikoyachiligi yo‘nalishini belgilashda ham Mahmudxo‘ja Behbudiy ilk mashqi bilan yosh adiblarga namuna bo‘lgani, ularga murojaat qilgani yuqorida keltirilgan iqtibosdagi hikoyat izohi kabi ikkinchi planda qolib ketganiga tarix guvohlik bermoqda. Behbudiyning mazkur hikoyasi “Oq yelpog‘ichli chinli xotun” deb nomlanadi. Adib unga “Tasodif” degan kirish so‘zi va so‘ngso‘z o‘rnida “Intiho” deb nomlangan izoh yozgan. Behbudiyning publitsistik va muharrirlik faoliyati bilan shug‘ullanib, uning maqolalaridan ozodlikka erishish g‘oyalarini, aniqrog‘i, jiddiy, siyosiy da’vatu harakatlarni aniqlab, ta’qib va tahqirlarga qaramasdan kurashgani, hayotining ayanchli yakunidan qayg‘uga tushib yurgan kezlarimizda eski gazeta taxlamlaridan (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1909 yil, 12-son) shu ajib asarga, bizning nazdimizda, Behbudiyga xos bo‘lmagan faoliyatga duch kelib, hayratda qolgandik. O‘shanda adabiyot taratadigan nurafshon ruh, ato etadigan betakror lazzatni tuyganmiz. Asarni siz bilan birga yana bir bor o‘qigimiz keldi.
Hikoya voqea guvohi – yozuvchini tanishtirishdan boshlanadi.
“Sung‘iy mamlakati aholisidan Chung‘ichin nom zot bir adib bor edi. Bu olami fanog‘a inonmas va har zamon andin pirovoz va rihlat etmoqqa toliblik qo‘lidin kelmas edi. Oni uchun, jonini ovuntirmoq uchun xayolilar fikr va befikrg‘a xotir etkuvchi ishlarg‘a ruju’ etmoqla o‘ziga tasalli berardi. Vafotidan so‘ngra dunyoni nekbaxt va mahsudlaridan hisoblandi”.
Shu bir xatboshida muallif faylasuf-qahramonning dunyoqarashi, ta’bir joiz bo‘lsa, tiriklikka munosabati, yashashdan maqsadini tasvirlamoqda. Ya’ni “olami fanog‘a inonmas” va shu bilan birga uni tashlab ham keta olmas, lekin bu dunyo sinoatlarini tafakkur qilib “o‘ziga tasalli berardi”. Bilmaganlarini o‘rganib, shunday mavqega erishdiki, vafotidan keyin baxtiyor va havas qilsa arziydigan insonlar qatorida tarixda qoldi.
Asarning ikkinchi xatboshisida Chung‘ichin Xitoy bo‘ylab sayohatlaridan birida duch kelgan manzara tasviriga e’tibor bering.
“Havo tog‘ining etaklarinda kezar ekan, birdan o‘zini mozoristonda ko‘rdi. Oh, mozoriston – ming-ming nomuntazam tepachalar sado va nidodin xoli maxsus zamini ma’volar. U tepalar ostinda chor va nochor insonlar yotarlar edi. Ufqi jadid sari tamoman mushtag‘il (band-hikoya matnida uchraydigan qavs ichidagi izohlar maqola muallifiniki) qabrlarni ko‘rar-ko‘rmas sayyoh shu fikrg‘a botdi. Afsus, butun tiriklik hayot yo‘lini(ng) oxiri kelib yetgan joyi budur. Bu iqomatga mavt (o‘lim) va manzilga xomushona (jim) bir kirildimi yana qaytmoq mumkin yo‘q. Boq xotimai hayot na o‘ldi? Chin ahli faqat bir tiriklik bilar. U hayot, ki shu’lai shams ila munavvar, havoi sof ila ihotadur. Chin faylasufi bu fikrlarg‘a sirona qabrg‘a-da yurar ekan, libosi motam kiymish yosh bir xotung‘a rost keldi. Bu xotun yangidan tepalangan bir qabr kanorinda o‘lturub, qo‘linda yelpog‘ichi lukurni yelpiyur va ham doimiy yelpiyur”.
Qabriston tasvirlari, tiriklik va oxirat falsafasi bilan boshlangan voqealar ketma-ketligi faylasufni va tabiiyki o‘quvchini kutilmagan holat, ajablanarli manzaraga duch qiladi. Yangi qabrni yelpiyotgan juvon! Tirikligida o‘sha yaqiniga yaxshilik qila olmagan yoki juda yaxshi ko‘rgan kishisi – marhumga orom baxsh etmoqdami? Ehtirom ko‘rsatmoqdami? Yo‘g‘-e, bunchalikmasdir? Bu kabi savollar o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga undasa-da, hikoya davomini o‘qishga oshiqtiradi…
“Bu qadar ajib bir harakat sababini anglamoq shavqina tushub, sayyoh yosh bonug‘a odob-la salom berdi.
– Xonim, o, bu mozorg‘a yotgan kimdur, na uchun shu tufroqni muttasil yelpimak zahmatig‘a giriftorsiz, so‘ramog‘im mumkinmu? Mani faylasufim har ish sababini bilmoqchi, ammo sizning bu amalingiz aslo ihota tafakkurimg‘a kirmaydur, – dedi.
Bechora xotun yelpog‘ichni yelinmoqda muttasil lo-yan qat’i davom etardi. Xotun qizardi, bo‘zardi, boshini oldinga enkdi. Faylasuf behuda yerg‘a savolini takror aytdi. Motamkash xotundan javob eshitmadi va aslo quloq bermay jonining bor quvvati-la yelpog‘ichni harakatga kelturub turar edi”.
Har bir voqea mohiyatini anglashga ishtiyoqmand faylasuf savollari va javob o‘rnida motamdagi juvon harakatlari tasviri jumboqning yechimini izlashga talpintiradi o‘quvchini…
“Chung‘ichin u mahaldin mutaassufona ayrildi. Xotunning illat va sabab harakatini bilmay orzusidin hamda shiddatlik orzusidin o‘zini saxlab bilmoq edi. Shabparrak qanoti kabi mutavalli harakatlanib turmish yelpog‘ichga har zamon do‘nub eng chuqur va mutahayyirona bir fikr ila boqib bechora faylasuf aslo bir shay anglamayur edi. Asnoyi tahayyurda muqobilinda bir a’juza chiqib faylasufni bir qabr kanorig‘a imlab, shu so‘zlarni so‘yladi: “Eshitdimki, xonumdin savol so‘rdingiz, ammo javob ololmadingiz. Man orzungizni daf’ etarman. Ammo muqobili umid aylarmanki, siz ham manga bir necha pul bersangizki, borib umrumni uzun bo‘lishi uchun duoxonlardin bir tumori sehrangiz olayin”. Chung‘ichin kissasidin oqcha chiqardi va a’juza xotun ham bu mojaroni so‘yladi”.
Tilanchi so‘zlashidan avval diqqatingizni boshqa jihatga qaratmoqchimiz. Birinchisi, hikoyaning avvalida shunday fikr bor edi: “Chin ahli faqat bir tiriklik bilar. U hayot, ki shu’lai shams ila munavvar, havoi sof ila ihotadur”. Bir qarashda agar matndan shu ikki gapni chiqarib tashlasangiz hikoya mazmuni mutlaqo o‘zgarmaydi. Qayta o‘qib ko‘ring, bu gaplarsiz matn silliqlashgandek ko‘rinadi. Unda bu jumlalar nega matnga kiritilgan?.. Fikrimizcha buning tarixi bor. Mazkur hikoya 1909 yil avvalida yozilgan. Bundan bir necha oy ilgari, aniqrog‘i 1908 yilning 30 noyabrida “Turkiston viloyatining gazeti”da Behbudiyning “Ta’rix va jug‘rofiya” sarlavhali maqolasi chop etiladi. Ma’lumki, “TVG” Turkiston general gubernatoriga qarashli bo‘lib, uning asosiy maqsadi u oqposhsho siyosatini yuritish borasida mahalliy hokimu qozilarga mo‘ljallangan. Behbudiy atay o‘zbek ziyolilarigina tushunishi mumkin bo‘lgan murakkab tilda yozgan ushbu maqolasini. Tilimiz va dinimizni yaxshi bilgan makkor missioner, gazeta muharriri Nikolay Ostroumov ham maqola mohiyatini anglamay qoladi. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu publitsistik asarni Chor Oxrankasi rus tiliga tarjima qildiradi (O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi, f. 46, 1-tavsif, 942-ish). Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, hukmron mustamlakachi vakillari muallifdan tavba tariqasida izoh yozishni talab qilgan. Qisqasi, Behbudiy millat tanazzuli haqida so‘z aytib tazyiqqa uchraydi. Oxrankaning “panislomist”lar ro‘yxatiga kiritiladi. Ikki hafta o‘tgach, yana shu gazetada uning izohga hojati bo‘lmagan maqolasiga o‘zi “Tavzeh” (izoh) yozadi. To‘g‘rirog‘i “tavba” yozishga mahkum qilinadi. Shunda u adabiyotga e’tibor berish kerakligi, badiiy asar qatiga ozodlik g‘oyalarini singdirish zarurligini anglab yetadi. Hurriyat istagan, lekin bu niyatini ochiq aytib, baloga qolgan muallifning nochorlik iskanjasidagi tushkun kayfiyatini hisobga olsangiz bu hikoyaning yuqorida ajratib ko‘rsatilgan “begona gapi”dan o‘zgacha xulosalar chiqarishingiz tabiiy. Biroq siz uchun hozir tilanchi xotin so‘zlamoqchi bo‘lgan “mojaro” qiziqroq ekanligini sezib turibmiz…
“Qabr kanorinda ko‘rganingiz shu xotun Lu ismlik xonimdur. Uzun bir bemorlikdin o‘lmish To’u nominda bir adibni(ng) bevasi va u qabr o‘lgan erining qabridur. Er va xotun yaki digarini shiddatlik bir ishq va muhabbat ila sevarlardi. Hatto, oxirgi nafasinda To’u xotunidin ayrilmoq kulfatidin shikoyat etar, go‘zal bu xotinini hanuz bahor hayot va husnini sitoratlik zamonda tashlab ketmoq dardi fikrig‘a so‘zan urardi. Lekin na chora, muqtaziy qadarga tobe’ bo‘ldi, boshqa iloj yo‘q.
Bemorlik holida Lu xonim xasta To’uning boshidan hech ayrilmas, eridin so‘ngra dunyoga tirik qolmaslikni va bolin hayotg‘a ishtirokidek qarorg‘a, mamotg‘a ham sherik bo‘lushini ahd ila bayon ayladi. Lekin To’u munga javoban: “Zinhor xonim buyla ahd va yamin aytmangiz”, der edi. Xotun: “Agarda sizdin so‘ngra chirklik balosiga giriftor bo‘lub, ko‘zlaringiz yumulganidan so‘ngra shu ziyoi oftobni ko‘rmoqg‘a majbur bo‘lsam, yaxshi biling, ki boshqa birovning xotuni bo‘lmoqg‘a aslo ro‘yi rizo ko‘rsatmayman”, deb javobini berdi.
To’u: “Xonim bonu, zinhor bu fikrdan voz keching”, derdi.
To’u xonim: “Ey To’u, qo‘yingiz asru (ortiq) aytmangiz, bori besh sanag‘acha uylanmaslikka ahd etoyin”.
Lekin bu safar deya To’u: “Bonu, bunday ahd etmang, faqat mozorim ustidaki tufroq quriguncha qadar mani unutmaslikka ahd etsangiz kifoya…”
Sirtdan qaraganda hikoyani shu joyida tugatish ham mumkin edi. “O‘lsang, men ham bu hayotni tark etaman”, deya ont ichgan yosh juvonning besabrligidan mutaassir bo‘lib tugatardik hikoyaxonlikni. Unda Behbudiy ta’rifidagi hikoyani o‘qigandagi ta’sirlanish bilan birga keladigan lazzatlanish qayonda qoladi? Bu hisni hikoya davomidagi tasvirdan olasiz.
Lu xonim muni uchun mahkam ahd etdi. To’u ikkinchi ochmaslik uchun ko‘zini yumdi. Bonu kadaridin devona kabi bo‘ldi. Xumor va xitoyi ko‘zlaridin dumu’ (ko‘zyoshlari) otashin shashqator joriy, xumoi (isitma, kasallik) shadid mahdumlari kabi o‘zini shash jihata etardi bedard-bedavo.
Dunyo odati uzra har shay kechar. Bu sil g‘amum va baroi hujumda kechdi-ketdi. Oh-nolalar kechmas, faqat kelmasun – To’uning vafotidin uch kun so‘ngra Lu xonimning ko‘zi bir ma’qul sifatg‘a kirdi. Shuylaki erini shogirdlaridin bir javon (yosh yigit) ta’ziyatga keldi. Qadrdon shogirdni oh va oh ila qabul etdi. Bu javon nihoyat muzayyan (bezangan) bir chehra sohibi edi. Asnoi mukolamada bir oz To’udin va ko‘broq bonudin bahs etdi. Bekaning latofati andomidin, go‘zalligidin va ziyodasi-la xushlaganidin bayon etdi. Xonim ham andin mamnun va rozi qoldi. Javon shogird yana kelishini va’da ila vido’ etdi.
Bir vido’i umidvoriy…”
Tiriklik, o‘lim, juvonning devonasifat ahvoli va uch kun o‘tgach (motam muddati) shogirdning, balki hayotning shirinligi tasviridan siz ham lazzat oldingiz. To’uning “mozorim ustidaki tufroq quriguncha” meni unutma deganiyu “bir vido’i umidvoriy…” qabrni yelpiyotgan juvon niyatini anglatsa-da, hikoyani Behbudiy boshqa bir kulminatsiya bilan yakunlaydi. Hikoyaning davomini o‘qingda, oxirgi gapga e’tibor bering:
“Sodiq ul-va’da Lu xonim u va’dalarg‘a intizoran, ko‘rganingiz, qabr ustig‘a keldi. Kunlarni yelpog‘ich shamoli-la eri qabrining tufrog‘ini qurutub ahd etmoqg‘a vaqf etar…”
Kampir hikoyani bitirar-bitirmas faylasufingiz shu fikrg‘a botdi. Umr qisqa, yoshlik shirin, yosh xotun va erlarni zavq havolarg‘a uchirar. Har holda Lu xonim soliha bir xotun emishki, ahdini paymol etmak istamaz”.
Go‘zal hikoya! Sharqona yakun. Unga o‘zingiz ham baho bera boshladingiz…
Behbudiyni idealist deguvchilar ushbu asar orqali odamzotning real hayotdagi ehtiyojlari yoritilganligini anglagandirlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotda pragmatik bo‘lgan. Buning isbotini ushbu hikoya ostidagi “Intiho” deb atalgan so‘ngso‘zda (balki murojaatdir) ko‘rish mumkin. “Intiho”da Behbudiy hikoyani she’rga aylantirish uchun shoir Sayriyga murojaat qilgan bo‘lsa-da, unda jadid adabiyoti yo‘nalishi qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘z fikrini bildiradi.
“Ey qori, hikoyaning hosili mundin iboratdur. Adabiyoti jadidai mustaqbala (kelajak zamon)mizg‘a raqamidin yodkori xayr iltifotig‘a yetsa, xo‘jandi shoir muhtaram Sayriy afandig‘a bir tuhfadur. Mutolaasig‘a tanzil buyursalar, shoyadki, rishtai nazma chekilsa, bizu sizdin bir xotirai mustaqbala qolurdi”.
Behbudiy hikoyaga yozgan “Tasodif” deb nomlangan kirish so‘zida o‘g‘li Mas’udxo‘ja bilan turli darsliklar va boshqa badiiy adabiyotlar mutolaa qilayotganda ushbu voqeaga duch kelganini aytadi. Atoqli adabiyotshunos olim Begali Qosimov ana shu fikrlarga asosan “Behbudiy asli xitoy adabiyotidan olingan ushbu hikoyani o‘z qalbi va qalami bilan o‘zbek o‘quvchisiga taqdim etmoqchi bo‘ladi”, deb yozadi. Shundan bo‘lsa kerak, asar jadid hikoyachiligida asosiy o‘rinda tilga olinmaydi. Holbuki, xorijiy ellar, elatlarni tasvirlash usulidan jadidlar ko‘p bora foydalanishgan. Masalan, Fitratning “Sayyohi hindi” asari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Mutolaamizga xulosa tariqasida aytishimiz mumkinki, fikrimizcha, Behbudiyning “Oq yelpog‘ichli chinli xotun” hikoyasi jadid hikoyachiligining boshlanishidir.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 5-son