Gulshan Rahim. «…Vafo uzra qilur kotib raqam»

Nuqta yanglig‘kim, vafo uzra qilur kotib raqam,
Ishq o‘tining dog‘ini ahli vafoda istangiz.
Alisher Navoiy

Insoniyat hayotida, shubhasiz, eng katta mo‘jizalardan biri kitobdir. Mobodo, bashariyat mutafakkirlarining kitob haqidagi fikrlari yig‘ilsa ham bir necha jildlik kitob hosil bo‘lishini ilm ahli yaxshi biladi. Kitobsevar millat hech qachon xor bo‘lmaydi. Shu ma’noda, boshidan turli jafolarni kechirgan ona xalqimiz ma’naviyati, madaniyati haqida gap ketsa, uning kitobga oshnoligi-yu undan yiroqligi davrlarini eslashning o‘zi kifoya. Ahli donish, mutafakkirlar, ijodkorlar tomonidan bitilgan kitoblar to hozirgi zamon nashr ishlari yuksak texnologiyasi davriga qadar murakkab yo‘lni bosib o‘tgan. Bizning yurtimizda o‘n ming­lab qo‘lyozma asarlar be­qiyos ma’naviy boylik hisoblanadi. Mahoratli kotiblar tomonidan ko‘chirilib, kitobat qilingan bunday yozma durdonalar milliy fondlarimizdan tashqari dunyoning turli mamlakatlaridagi nufuzli kutubxonalarda ham saqlanadi.

Kotiblar mehnati orqali kitobat san’ati rivojlanmaganida xalqimiz intellektual salohiyati bugungi kundagidek saqlanib qolishini tasavvur etib bo‘lmasdi.

Kitobat san’atini kotiblar boshlab bergani ham isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Ilk o‘rta asrlarda Xitoyda qog‘ozga yozilgan matnlar maxsus yog‘ochlarga bostirilib, keyin kitoblarga nusxalangan. Dastlabki bosma kitob buddaviylikka oid “Olmos sutra” 868 yilda chop etilgani aytiladi. Matbaa korxonalari paydo bo‘lganda ham kotiblar mehnatiga talab yuqori darajaga chiqqan. Gap shundaki, kotib yozib bergan matnlar avval maxsus tosh­larga tes­kari bostirilib, undan kitob varaqlariga kotib yozuvi aynan ko‘chirilgan, hozirgi til bilan aytganda, nusxa olingan. Toshbosma matbaalarda kitob chop etishda ham kotib­lik ahamiyatini saqlab qolgan.

O‘rta asrlardagi saltanatlarda, keyinchalik uch xonlik saroyi kutubxonalarida olim va shoirlar, naqqoshu musavvirlar bilan bir qatorda xattotlar ham bir joyga to‘planib ijod etganlar. Ularning ijtimoiy mavqei, moliyaviy-iqtisodiy maqomi ham ancha yuksak bo‘lgan. Masalan, Alisher Navoiy asarlarini mahorat bilan kitobat qilgan Sultonali Mashhadiy o‘z zamonida “qiblat ul-kuttob”, “sulton ul-xattotin” unvonlariga ega bo‘lgan. Nasta’liq xati ixtirochisi Mirali Tabriziyning shogirdi bo‘lgan Sultonali Mashhadiy nasta’liqning Eron, Turkiya, O‘rta Osiyo, Xuroson, Hindiston hududlariga yoyilishiga va taraqqiy etishiga sababchi bo‘lgan. U o‘zi shoir sifatida nasta’liq xati haqida manzuma yaratgan. Alisher Navoiyning shaxsiy kotibi hisoblanmish Abdujamil Kotib ham Sultonali Mashhadiy kabi xattotlik san’atida mumtoz darajaga erishgan edi. Iste’dodli xattotlar olimu shoirlar, me’moru naqqosh­lar martabasida bo‘lgan.

Asrlar davom etgan an’anaviy usuldagi qo‘lda ko‘chirib kitobat qilishdan farqli o‘laroq, litografik, ya’ni toshbosma usulda kitob tab’ etish – matnni tayyorlash va uni nashr qilish tartibi o‘zlashtirildi. Kitobat ishida yangi kasblar ko‘paydi – litografik matbaa egasi, muhrdor, noshir, nashriyot ishini moliyalashtiruvchi homiy, kitobfurush. Kitobatdagi asosiy shaxslar – kotib va sahhofning vazifasiga talab ancha o‘zgardi. Kitoblarni qo‘l­yozma holatda ko‘paytirish, aholidan hamda muqovasozlardan oldingi ta’mirlangan kitoblarni, kotiblardan yangi ko‘chirilgan nusxalarni sotib olish bilan shug‘ullangan kitobfurushlar ilgari vositachi rolida bo‘lgan esalar, litografiyalar vujudga kelgach, aholi qiziqishlarini aniqlashda, xilma-xil janr va nashrlarni belgilashda, turli qatlamdagi xalq vakillari orasida nashrlarni tarqatishda muhim mavqelarni egallay boshladilar.

Kitob ishi haqidagi adabiyotlarda aynan kitobfurushlar ish jarayonida qaysi kitob xaridorgir ekanligini, talab va taklifni yaxshi o‘zlashtirib, shunga ko‘ra, kitob sanoatini belgilab berishganini aytishadi. Chop etish jihatdan tipografiya­dan ko‘ra arzon va sodda, yozuv shakli an’anaviy ko‘rinishdagi toshbosma kitoblar (nashrga kotib matni asos bo‘lgan) kitobxonlar talabiga javob berardi.

Demak, endi kitob ishida kotiblar emas, uning o‘rniga zamon talabi bilan yuzlab kitoblar sotadigan, talabni o‘rganib, taklifni belgilaydigan kitobfurushlar bosh o‘ringa o‘tishdi. Kitob ishining asosiydek ko‘ringan ma’naviy-ma’rifiy vazifasi yonida uning moliyaviy manfaatdorlik xususiyati oldingi o‘ringa chiqdi. Asosiy masala 500-600ta kitobni sotish va undan keladigan daromad edi. Kitobfurushlar boshqa shaharlarga (Istanbul, Qozon, Boku) o‘z nashrlarini olib borib sotish ishini, ayni damda o‘sha shaharlardan turli kitob olib kelishni, umuman, hududlararo savdoni yo‘lga qo‘yishdi. “Toshbosma kitoblarning xat jihatdan chiroyli va savodli nashr etilishi, birinchi navbatda, xattotlarga bog‘liq bo‘lgan, – deb yozadi manbashunos olim M.Hakimov. – Agar xattot matnni nafis xat bilan ko‘chirsa, o‘quvchilar tomonidan tez fursatda xarid qilinib, o‘sha asarning navbatdagi nashrlariga talab va ehtiyoj tug‘ilavergan. Noshir va tojirlar esa durustgina iqtisodiy foyda ko‘rganlar”.

Kitob savdosi kitob biznesiga aylana bordi. Yuqorida aytilgandek, Turkistonda ham sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi kitobxona-shirkatlar paydo bo‘ldi. Bu shirkatga kelgan kitobxon o‘z moddiy ahvoliga ko‘ra, kitob (musulmon mamlakatlarida nashr etilgan jurnal va gazetalar) sotib olishi yoki qiroatxonada o‘tirib o‘qishi mumkin edi.

Kitob ishlab chiqarishda kotib va u yozgan matn eng asosiy omil bo‘lgani holda, o‘rta asrlardan mutlaqo farqli o‘laroq, kotib mavqei nisbatan o‘zgarishga uchradi. Albatta, maj­muaviy tashkil etilgan shirkat ishlarida qo‘lyozma usulida kitob chiqarishda eng asosiy o‘rinda bo‘lgan kotibning roli ko‘rinarli emasdek taassurot uyg‘otadi. Lekin ustoz-shogirdlik an’anasini davom ettirib kelgan XIX asr kotiblari haqida gap ketganda xuddi o‘rta asr saroylari, xon kutubxonalarida xizmat qilgan xattotlarga berilgan ta’rif takrorlanadi.

Aksariyat kotiblar hunarmand yoki madrasa ko‘rgan oilalardan chiqishgan. Arab-fors tillari va adabiyotidan yaxshi xabardor bo‘lishgan. Mirahmad Miriy Abdurahim o‘g‘li Ko‘kchada po‘stindo‘z, Shohmurod kotib bog‘dor, Azim Sodiqjon o‘g‘li naqqosh, Muhammmad Usmon kotib va Asqarali Charxiy to‘quvchilar oilasidan chiqishgan.Toshkent shahrida yirik matbaa­lar joylashgani bilan bog‘liq holda tosh­bosma nusxalar uchun kotiblar maktabi shakllangani bois boshqa joylardan ham kelib bu kasb bilan shug‘ullanishgan. Naj­middin Xo‘ja kotib Xo‘jand shahridan ko‘chib kelib, Komolon mavzesida kitobat bilan shug‘ullangan va talabalarga dars bergan. Adabiyotshunos olim, tarjimon va shoirligidan tashqari, xushnavis xattot ham bo‘lgan Almaiy tirnoqlarini xat yozishga moslashtirib o‘stirib yurgan. Alisher Navoiy asarlarining kitobati bilan shug‘ullangan Shohmurod kotib to‘quvchilarga tig‘, taroq yasab berar, shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘chirgan kitoblariga “Tig‘band”, “Shohimurod Tig‘bandiy” deb imzo chekkan. Ba’zan yozgan she’rlariga ham shu taxallusni qo‘llagan.

Kitobat jarayoni xattotning matnshunoslik nuqtai nazardan yuksak sifatli qo‘lyozmalarni kitobat uchun saralashdagi bilim va mahoratini qo‘llashda yangi imkoniyatlar eshigini ochib berardi. Toshbosma nusxa ko‘p nashr qilinishi barobarida kotibning roliga munosabat anchayin susaygani sezildi. Asrlar davomida qo‘lyozma asar matnining xati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, asarni ko‘chiruvchi kotibning kimligiga, muallif (musannif)dan keyin alohida ahamiyat berib kelingan. Aksariyat qo‘lyozmalar kolofonlarida kotib nomi keltirilishi bejiz emas.

Kotib tomonidan ko‘chirilgan har bir qo‘lyozma nashr deb hisob­lanishga loyiq bo‘lgani kabi toshbosma nashr uchun yozilgan matn nusxasi ham qo‘lyozmadir. Litografik (toshbosma) bosmaxonalar tufayli kotib yozib bergan yagona qo‘lyozma matn yagonalik xususiyatini yo‘qotib, toshbosma kitoblar deb ataladigan bo‘ldi.

Gulshan Rahim,
filologiya fanlar nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 17-son