Gulnoza Odilova. She’riy tarjima ko‘ngil ishi

Badiiy tarjima murakkab ijodiy jarayonni o‘z ichiga qamrab oladi. Bu murakkablik, ayniqsa, she’riy asarlar tarjimasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois biz mazkur soha vakilini haqli ravishda shoir-tarjimon, deb ataymiz. Nasriy asarda syujet, kompozitsiya, voqealar rivoji va yechim bor. Bunda ustoz adib Asqad Muxtor ta’biri bilan aytganda, tarjimon — chizmakash emas, rassomdek ijod qiladi va tarjimaning turli, jumladan, metonimik, transformatsiya usullari, implitsit(yashirin) ma’nolarni eksplitsit(mufassal) bayon qilish yo‘llari orqali muallif fikrini kitobxonga aniqroq yetkazishga intiladi. Ammo to‘rt satr she’rdagi ohang va lirik kechinmani o‘quvchi qalbidan joy oladigan darajada tarjima qilish shoirona ilhom va mahoratni taqozo etadi.

She’riy asar tarjimoni tarjimaning boshqa sohalari (ilmiy-texnikaviy, sinxron, axborot-analitik materiallar tarjimasi) bilan shug‘ullanadigan, buyurtma asosida ish yuritadigan tarjimondan tubdan farq qiladi. Zero, u she’rni qalban his eta oluvchi tug‘ma iste’dod egasidir. Shu ma’noda, she’rlarni buyurtma asosida tarjima qildirish doim ham samarali natija bermasligi mumkin. Sababi, she’riy tarjima ham she’r kabi ilhom kelganda, asar tarjimonga kuchli ta’sir ko‘rsatganda dunyoga keladi. Qo‘liga buyurtma she’rni olib tarjimaga kirishgan mutarjimning ishida ijod zavqi emas, buyurtmani egasiga tezroq topshirish istagi ustuvorlik qiladi. Fikrimizga dalil sifatida ayrim tarjima asarlarni misol sifatida keltirib, tahlil qilishga urinib ko‘raylik.      

O‘zbek adabiyotidan ingliz tiliga tarjima ixlosmandlari tarjimon Qosim Ma’murovning internetdagi shaxsiy blogida (http://kosimamur.blogspot.com) ijodiy ishlari bilan tanishishlari mumkin. Ustoz tarjimon har gal uchrashganda qo‘limga yangi-yangi ijod mahsullarini tutqazadi, o‘qib chiqib fikrimni aytishimni so‘raydi. Bular, asosan, buyurtma tarjimalar bo‘ladi. Shoirlarimizning o‘z ishlarini chet ellarda ­targ‘ib qilishga bo‘lgan ishtiyoqlari yaxshi, albatta. Ammo she’r tarjimasi ko‘ngil ishi ekanini tan olmay iloj yo‘q. Zero, tarjimon ko‘ngliga mos kelgan, ruhiyatiga tushgan she’rnigina ilhom bilan qayta yaratadi. Aksincha, belgilangan muddatda tugatilishi shart qilib olingan she’riy tarjimadan mutarjim zarracha ta’sirlanmasligi ham mumkin. Natijada tarjima quruq va shirasiz chiqadi. Q.Ma’murovning ham tarjimalarida asliyat ohangi va ruhiyatini saqlab qolgan professional ishlar bilan bir qatorda, shunchaki taglamasifat chiqqan she’riy tarjimalar ham uchraydi. Ammo uning hazrat Alisher Navoiy ruboiylaridan qilgan inglizcha tarjimalarida sharqona ohang, ritm va qofiyalanish, ulug‘ shoir ijodiyotiga xos nuktapardozlik aniq aks etgan. Mana bir misol:

Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,
Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqog‘ing yaxshi,
Bir-bir ne deyin, boshdin-ayog‘ing yaxshi.

Ushbu misralarni inglizchada Q.Ma’murov tarjimasida o‘qiymiz:

Your eyes and brows are good, eyelids are good,
Your appearance and words are good, your lips are good,
Your cheeks with marks are good, chins are good,
Shall I name one by one, you are good from head to foot.

Asliyatdagi otlarning uyushib kelishi tarjimaga ham ko‘chgan. Tarjimon radifdan oldin kelgan qofiyadosh qabog‘ing, dudog‘ing, saqog‘ing, ayog‘ing so‘zlarini ingliz tilida eyelids, lips, chins so‘zlari bilan berib, o‘zaro ohangdoshlik hosil qilishga intilgan va bunga erishgan. Tarjimada ruboiy ohangi to‘liq saqlab qolingan. Ingliz poeziyasida aruz bo‘lmaganidek, o‘zbek she’riyatida ham yamb yo‘q. Bunday qaraganda, yamb bilan aruz o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bir-biridan yiroq bo‘lgan ikki she’riy sistema va an’anani uyg‘unlashtirishda tarjimon jur’at bilan qalam surgan. U ingliz yambiga asliyatdagi ixchamlik va emotsionallikni saqlay oladigan, yangi ohang beruvchi radifli qofiya kiritgan. Natijada uchinchi – ona tili va xorijiy tildagi she’riy unsurlar birikuvidan iborat nazmiy mushtaraklik yuzaga kelgan.

“O‘pay” radifli ruboiy tarjimasini ham ohang va jarangdorligi jihatidan sharqona uslubning g‘arbcha jarangi deyish mumkin:

Dedim zaqaning tutub, saqog‘ingni o‘pay,
Ko‘z-qoshingga surtubon qabog‘ingni o‘pay,
Guldek yuzung islabon dudog‘ingni o‘pay,
Yo‘q, yo‘q, yo‘q, agar desang ayog‘ingni o‘pay.

Inglizcha tarjimasi:

I said, holding by your chin your cheeks I kiss,
Licking your eyes with eyelids your brows I kiss,
Smelling your rosy cheeks your lips I kiss,
If you say: No, No, No, your foot I kiss.

Tarjima shu darajada aniq va tushunarli chiqqanki, inglizcha matndanoq Navoiy ohangi sezilib turadi. Oshiqning yor labi, yonoqlari, ko‘zu qoshlaridan o‘pish orzusi va bu orzuga erisholmasa, hech bo‘lmasa, oyog‘idan o‘pish va yor vasliga qonish ilohiy va majoziy ishq savdosi dardiga malham bo‘lishi ikkala matnda (asliyatda ham, tarjimada ham) birdek tiniq va chiroyli ifodalangan. Ruboiyda qo‘llangan savol-javob san’ati ham tarjimada qayta yaratilgan.

Men Qosim akadan qanday qilib ruboiy ritmikasini bu qadar nafis tarzda tarjimaga ko‘chira oldingiz, deb so‘raganimda ustoz Navoiy ruboiylaridan nihoyatda ta’sirlanganini aytdi. Shuningdek, Q.Ma’murovning she’riy asarni tarjima qilishda kichik bir siri ham bor ekan. “Navoiy ruboiylarini inglizchaga o‘girishda, – deydi mutarjim, — ruboiyni aruziy ohangda qoyillatib o‘qib beradigan kishilarga murojaat qilaman. Yonimdagi notiq asarni qayta-qayta o‘qirkan, men beixtiyor tarjimaga kirishib ketaman”.

Shu o‘rinda nemis tarjimoni Alfred Kurillaning Alisher Navoiy g‘azallarini nemis tiliga o‘girish uchun G‘afur G‘ulom huzuriga borib, g‘azallarni ohangi bilan o‘qib berishini iltimos qilgani haqidagi naqllar yodimga tushadi. O‘sha nemis tarjimonini ham so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy g‘azallarini olmon tiliga o‘girishga ko‘ngli undagan bo‘lsa, ne ajab.

2007 yili “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Tasbeh” (“Chetki” “Rosary”) to‘plamida taniqli shoira Farida Afro‘zning o‘zbek tilidagi uchliklari ing­liz va rus tillaridagi tarjimalari bilan birga bosilgan. Farida Afro‘z bir suhbatida uchliklarni ingliz tiliga o‘girgan Valentina Li va rus tiliga tarjima qilgan Ravilya Ablyuk bilan soatlab muloqotda bo‘lib, o‘z fikrlarini aniqroq tushuntirishga harakat qilganligini aytgandi. Shunday bo‘lsa-da, buyurtma asosida ish ko‘rgan mutarjimlarning risoladagidek tarjimasida yutuqlar bilan birga jiddiy kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadi. Mana, bir misol:

Sichqonku, iniga sig‘maydi, aniq,
Qiziq, unga g‘alvir ne kerak!?
Nahot, elab yeydi harom donini.

Ushbu uchlikni V.Li ingliz tiliga quyidagicha o‘girgan:

This mouse will not fit into the burrow,
Interesting, why does it have a sieve?
Probably it sieves and eats something stolen.

(So‘zma-so‘z tarjimasi:

Bu sichqon iniga sig‘maydi
Qiziqarli, nega unda g‘alvir bor?
Balkim u elaydi va o‘g‘irlangan nimanidir yeydi.)

Uchlikning ma’nosini to‘la anglash uchun ingliz kitobxoni “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga” maqolining mazmuni bilan tanish bo‘lishi lozim. Bizda bu maqol holiga yarasha ish qilmaydigan ochko‘z va kaltafahm kimsalarga nisbatan qo‘llanadi. Inglizlarda bu frazeologizmning analogi yo‘q. Tarjimada ushbu holat butunlay nomuvofiqlik deb ataladi. Ushbu holatda frazeologizm ma’nosi beriladi yoxud so‘zma-so‘z tarjima qilinadi. Binobarin, bu maqol syujetidan badiiy asarda foydalanilgan bo‘lsa, uning tarjimasi biroz qiyinchilik tug‘diradi. Buning birgina yo‘li “sichqon” so‘ziga iqtibosda maqol sharhini ilova qilishdir. Ammo ingliz va rus tili tarjimonlari “o‘zing top” qabilida bu izohni kitobxonlaridan darig‘ tutganlar. Uchlikda o‘zbek tilidagi harom so‘zi ikki ma’noni anglatmoqda. Ya’ni sichqon uchun g‘alvir “harom bo‘lgan” – kirlangan donni elab tozalash uchun kerakmi? Shunday bo‘lgan taqdirda ham uning doni toza bo‘larmikan, axir, don o‘g‘irlangan-ku!? Agar tarjimon bu so‘zni ingliz tilida “dirty”(kir) tarzida bersa, bunda “harom” so‘zining asosiy ma’nosi yo‘qolar edi. Shuning uchun tarjimon “stolen”– “o‘g‘irlangan” so‘zini tanlaydi. Ammo bu kompensatsiya (yo‘qotish o‘rnini qoplash) ham asliyatdagi so‘z o‘yinini to‘la ochib bera olmagan. Shuningdek, mazkur tarjimada “Qiziq” so‘zi “Interesting” deb berilgan bo‘lib, misra mazmuniga ushbu so‘z mos tushmagan. Chunki “Interesting” – qiziqarli deb tarjima qilinadi. Shoira esa “qiziq” deb aynan qiziqarlilikni nazarda tutmayapti, aksincha, o‘z-o‘ziga savol berayapti, go‘yo sichqonning “o‘zini tutishi”dan hayratlanayapti. “Qiziq” so‘zining zamirida “Qiziq, nega shunday ekan?”, degan savol yashiringan. Shu o‘rinda inglizchada “I wonder”(qiziqayapman) so‘zi qo‘llanilganda asliyat uslubi va ruhiyati tarjimada qayta yaratilar edi. Tarjimonlarning ishida shoira uslubining badiiyligini tushunmaslik sezilib turibdi.

Shoira Begoyim Xolbekovaning bugungi kunda o‘zbek shoirlari ijodidan ingliz tiliga qilayotgan tarjimalarida esa, tarjimonning mutaxassis tilchi emas, balki she’riyat nozikliklarini teran his eta oladigan shoira-tarjimon ekanligi yaqqol sezilib turadi. Uning “Qalbim sizga intiladi” (“My soul strives you”, 2011) nomli she’riy tarjimalari jamlangan to‘plamiga kiritilgan bir she’rni tahlilga tortsak. Shoira Xurshidabonu qalamiga mansub ushbu she’r tarjimasi shu qadar nafis chiqqanki, nazarimda, mutarjimga bu she’r asliyati ilhom bag‘ishlagani sezilib turadi:

Ayo dil qushlarim, qaytingiz yo‘ldan,
Va yo olib keting umidim dildan!
Bino bo‘lganman-ku, bor-yo‘g‘i gildan,
Samo quchog‘ingda nima bor menga?
 
Dunyo kulaverma hadeb holimga,
Biryon etma quloq tutmay nolamga —
O‘t qo‘yib ketaman butun olamga,
Cho‘g‘siz o‘chog‘ingda nima bor menga?

Begoyim Xolbekova tarjimasi:

Oh, my soul birds, return back please
Or take my hopes off my heart!
I was made of soil, I’m it’s piece,
What do I do, the sky tell, in your heart?
 
The world, listen to my mournful song,
Do not laugh at me –
Or shall I bind my singing tongue?
How can I live without love?

(So‘zma-so‘z tarjimasi:

Oh qalbim qushlari, qayting iltimos
Yoki umidlarimni yuragimdan olib keting!
Men tuproqdan yaralganman, men uning bo‘lagiman,
Men nima qilay samo ayt, sening yuragingda?
 
Dunyo tingla mening g‘amgin qo‘shig‘imni,
Mening ustimdan kulma —
Kuylayotgan tilimni bog‘laymi?
Sevgisiz qanday yashay olaman?)

Asliyatdagi a-a-a-b ko‘rinishidagi qofiyalanish tarjimaga a-b-a-b ko‘rinishida ko‘chgan. Tarjimon B.Xolbekova shoira Xurshidaning lirik kechinmalarini tarjimada aniq ifodalab berishga erishgan. Mutarjim she’riy ta’sirchanlikni saqlab qolishni ekvivalentlikning bosh maqsadi qilib olgan. Masalan: “Bino bo‘lganman-ku, bor-yo‘g‘i gildan”, misrasi tarjimasida mutarjim misradagi asosiy urg‘u qaratilayotgan “bor-yo‘g‘i” so‘zini inglizchada faqatgina “only”, deb berishi ham mumkin edi. U holda bu so‘z birinchi misradagi “please” so‘ziga qofiyadosh bo‘lmas edi. Shu maqsadda tarjimon ushbu misrani “I was made of soil, I’m it’s piece”, — “Men loydan yaratilganman, men uning bir bo‘lagiman”, deb tarjima qiladi. Bu usul orqali qofiyadoshlik saqlanibgina qolmay, “bor-yo‘g‘i” so‘zi bilan bog‘liq poetik ta’sirchanlik ham tarjimaga ko‘chib o‘tadi.

Ikkinchi to‘rtlikdagi: “Dunyo kulaverma hadeb holimga, Biryon etma quloq tutmay nolamga” misralarini tarjima qilar ekan mutarjim badiiy tarjimaning “antonimik tarjima” transformatsiyasini mahorat bilan qo‘llaydi:

The world, listen to my mournful song,
Do not laugh at me.

(So‘zma-so‘z tarjimasi:

Dunyo mening dardli qo‘shig‘imni tingla,
Mening ustimdan kulma.)

O‘zbekcha “dunyo kulaverma” konstruktsiyasining “The world, listen to my mournful song” — “Dunyo dard­li qo‘shig‘imni tingla”, deb antonimik o‘girilishi ingliz tilida o‘qishli, ta’sirchan chiqqan. Shuningdek, frazeologik xarakterdagi “Cho‘g‘siz o‘chog‘ingda nima bor menga?” misrasini konkretlashtirib, mazmunga zarracha putur yetkazmagan holda – “How can I live without love?” (Sevgisiz qanday yashashim mumkin), deb tarjima qiladi. Ingliz kitobxoni uchun aynan shunday yechim maqbul, albatta.

She’r tarjimasi – ko‘ngil ishi. Ba’zan o‘zim rahbarlik qilayotgan “Yosh tarjimonlar maktabi”da she’riy tarjimaga ishtiyoqi baland talaba yigit-qizlar mendan o‘zbek she’riyatidan kimning she’rlarini inglizchaga o‘girsam ma’qul, deb so‘rab qolishadi. Men ularga: ko‘nglingiz buyurgan, sizni to‘lqinlantirgan she’rni o‘giring, deb aytaman. Sababi, she’riy tarjima ilhom bilan bog‘liq. Ilhom esa ko‘ngil iyganda keladi.

Gulnoza Odilova,

filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 2-sonidan olindi.