Edgar Po 1809 yil 19 yanvarda Amerikaning Massachusets shtati, Boston shahrida tug‘ilgan. U qadimgi irlandlar avlodidan edi. Bobosi general David Edgor Poning ota-onasini yoshlik chog‘ida AQShga olib boradi. General Poning katta o‘g‘li (otasining nomi bilan atalgan) David ota-onasining tashabbusi bilan huquq idorasiga jalb etiladi. Ammo advokatlik uning kasbi emasligini tushungan David o‘zida san’atga, she’riyatga bo‘lgan kuchli ishtiyoqni sezadi. U o‘z atrofiga san’atsevar do‘stlarini yig‘ib, uyida mushoiralar uyushtirib turadi. Har hafta davom etadigan bu majlislarda qadimgi dramalar va poemalar o‘qilar, o‘sha davrda mashhur bo‘lgan pesalar ijro etilardi. San’at va dramaturgiyani benihoya sevgan David yosh va go‘zal ingliz aktrisasi Elizabet Arnoldga oshiqu beqaror bo‘lib qoladi. (Manbalarga qaraganda, dunyoviy go‘zallikka muqoyasa qilib bo‘lmaydigan bu malaksiymo qiz Atlantika okeanida, onasining Angliyadan Amerikaga qilgan safari chog‘ida dun-yoga kelgan ekan. Shu asnoda Edgar Poning qonida irland, shotland, ingliz va amerikaliklar qoni oqqan.) Bu nikohga Davidning ota-onasi qarshi chiqsa-da, nogahoniy sevgisini uchratgan David husn, iste’dod va ovozda tengsiz Elizabet bilan turmush quradi. Yosh oila teatr truppasiga qo‘shilib darbadar hayot kechira boshlaydi. Edgarning ota-onasi deyarli bir vaqtda u 2 yoshligida ko‘kyo‘taldan vafot etib, 3 bolani qoldirib ketishadi. To‘ng‘ich farzandi Vilyamni bobosi general David Po, qizaloq Rozalini shotland savdogari Makkenzi, Edgarni esa Allen ismli yana bir shotland savdogari asrab oladi. Aytishlaricha, Edgarni asrab olgan mister Allen va Rozalini asrab olgan Makkenzilar sahna yulduziga aylangan Po xonim og‘ir kasal ekanligini eshitib, uni yo‘qlab keladilar va sevimli aktrisalarini poxol to‘shakda og‘ir ahvolda uchratadilar. Uyda na kiyim-bosh, na biror yegulik bor edi. Bolalar esa yupun kiyingan, och-nahor. Ancha yil befarzandlikdan baxtlari to‘kis bo‘lmayotgan Allenning xotini mitti Edgarni asrab olishga erini ko‘ndiradi. Edgar 5 yoshga to‘lganida o‘qish, yozish va ifodali she’r o‘qishni o‘rganib olgan ediki, janob Allen asrandi o‘g‘li bilan g‘ururlanar, uydagi ziyofatlarda uning qobiliyatini ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘rardi. Edgar go‘yoki mitti shahzodani eslatardi. Po zotli oti va bir necha qo‘riqchi itlari bilan istagancha ko‘ngilxushlik qilar, cho‘ntagi hamisha pulga liq to‘la yurardi. 1815 yilda Vaterloo jangidan oldin janob Allen oilasi bilan Angliyaga jo‘nab ketadi. Tezda qaytishni rejalashtirgan savdogar sharoit taqozosi bilan Angliya-ning bor go‘zalligidan bahra olishga muvaffaq bo‘ladi. Stok-Nyuingtondagi maktabda o‘qib yurgan chog‘ida Edgarni shaharning qadimiy gotik qurilishi va hushmanzarasi butunlay o‘ziga maftun etadi. Keyinchalik u bu manzaralarni “Vilyam Vilson” hikoyasida tasvirlaydi. Yakshanba kunlari o‘smirlar daraxtzorlardan o‘tib Shekspirning do‘sti Esseks yashagan joylarga qiziqish bilan boqishar, “Robinzon Kruzo” yozilgan uyning qalin devor va derazalariga qarab o‘tishar edi. Bu yerda Edgar ilk bor ingliz, frantsuz tili va matematikani o‘rganadi. 1820 yilda janob Allen yana oilasi bilan Virjiniyaga qaytib keladi. Angliya sayohati Poning ijodiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Uning bir qator lirik she’rlarida, “Shisha idishdan topilgan manuskript”, “Farishtalar oroli” va boshqa hikoyalarida dengiz nafasi sezilib turadi. 1821–1822 yillarda Edgar Po ilk she’rlarini mashq qila boshladi. 1822 yilda Edgar maktabga joylashtiriladi. Maktabda frantsuz va lotin tillarini mukammal o‘rgangan Po tengqurlari orasida doimo ajralib turar, uning yana bir sevgan mashg‘uloti suvda suzish edi. Richmonddagi maktabda o‘qib yurgan kezlarida Edgar bir do‘stining onasi Djen Stennerdni yoqtirib qoladi. Edgarga Djen ismi yoqmagani uchun uni Yelena deb atay boshlaydi. Yelena uni ko‘p bor mehmonga chaqirar va onalarcha mehribonlik ko‘rsatar edi. Begona kishidan bunday mehribonchilikni hech ko‘rmagan yosh Edgar Yelenani bolalarcha sevib qoladi. Bir necha oydan so‘ng Yelena xastalanib, bu dunyoni tark etadi. Ilk bor ayol mehru muhabbatini tuygan yosh Edgar uchun bu chinakam fojia edi. Yelenaning vafotidan bir oz o‘tib, Edgar uning qabriga tez-tez borib turadigan odat chiqaradi. Yelenaning ruhi uning bir qator she’rlari mavzusiga aylanadi.
1826 yili Virjiniya universitetiga qabul qilingan shoir tog‘lar bilan o‘ralgan hushmanzara joylarga shaydo bo‘lib qoladi. Kumush ko‘llar, tog‘larni to‘sib turuvchi pag‘a-pag‘a bulutlar yosh ijodkorning yuragini junbushga keltiradi.
Edgar Po garchi maktabda ham, universitetda ham eng bilimli o‘quvchi hisoblansa-da, tengqurlari uni unchalik suymas edilar. Hamma Edgarning ota-onasi aktyor va aktrisa o‘tganini, yigitning keyingi hayoti esa uni asrab olgan janob Allenning himmatiga bog‘liq ekanligini yaxshi bilardi. Tengdoshlarining bunday munosabati Edgarning fe’l-atvoriga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. “Edgar o‘ziga yetkuncha o‘jar, iltifotsiz bola edi”, – deydi uning tengdoshlaridan biri o‘z esdaliklarida. Ota, garchi asrandi farzandining yutuqlaridan huzurlansa-da, unga mehr ko‘rsatmas, ular o‘rtasida ota va o‘g‘il yaqinligi emas, balki asrandi o‘g‘il hamda o‘gay ota mas’uliyati bor edi, xolos. Bo‘lg‘usi ijodkorning ruhiy ehtiyoji bilan atrofdagilarning unga bo‘lgan munosabati o‘rtasida katta tafovut bor ediki, Edgar bu munosabatdan juda qattiq aziyat chekar, ko‘pchilik orasida ham o‘zini yolg‘iz his etardi. Edgar Po tahsil olgan oliygohda talabalar erkin qo‘yilar, bu erkinlik esa talabalarning ichkilik, qimor kabi salbiy illatlarga ruju qo‘yishlariga sabab bo‘lardi. Darsdan keyin uyushtiriladigan bazmu jamshidlarda Edgar o‘zini bemalol tutar, dono, ziyrak va shirinsuxanlik bilan davrani qizdirar edi. U o‘zini va boshqa shoirlarning she’rlarini shu qadar mahorat bilan o‘qib berardiki, hammaning olqishiga sazovor bo‘lardi. Qartaga berilib ketgan Edgar qimor o‘ynab ancha-muncha qarzdor bo‘lib qoladi. Janob Allen esa o‘g‘lining qarzini to‘lashdan bosh tortadi. Bu voqea Edgarga katta zarba bo‘ladi. Uyidan bosh olib ketgan Edgar universitetdan ham haydaladi. Shundan so‘ng u ichkilikka yanada ruju qo‘yadi. Endi u chinakam yolg‘izlikka mahkum etiladi.
Birinchi muhabbati – Yelenaning vafoti Edgarning qalbida qora dog‘ bo‘lib qoladi. Keyin u o‘zidan bir necha yosh kichik amakivachchasi Virjiniya Kleymnga ko‘ngil qo‘yadi. Aytishlaricha, 13-14 yoshli qizaloq juda nozik va muloyim edi. 1876 yilda ular nikohdan o‘tishadi va Edgar mitti Virjiniya bilan dengiz bo‘yidagi uylarida o‘zini nihoyatda baxtli his eta boshlaydi. Ammo rangsiz hayotiga jindek nur bag‘ishlab turgan Virjiniya Kleymn 1847 yil 25 yoshida olamdan ko‘z yumadi. Sovuq uyda och-nahor, mushukchasini quchgancha joni uzilgan sevgilisini ko‘rib, Edgar qattiq tushkunlikka tushadi.
1848–1849 yillarda Po adabiyotshunoslik va adabiy tanqidga oid ma’ruzalar, shuningdek, “Oltin qo‘ng‘iz”, “Morg ko‘chasidagi qotillik”, “Mari Rojening siri”, “O‘g‘irlangan maktub” kabi detektiv janrdagi asarlarini yozadi. Edgar Po haqli ravishda detektiv janrining asoschisi hisoblanadi. U 1849 yilning 7 oktyabrida Baltimorda vafot etadi. Uning adabiy tanqidga oid ma’ruzalari keyinroq “She’riyat tamoyillari” nomi ostida nashr etiladi. Po vafotidan keyin o‘z ijodining bu qadar keng o‘rganilishi va turli tillarga tarjima qilinishini tasavvur ham qilmagandir?! Uning fe’lidagi melanxoliya, qismatidagi omadsizliklar, o‘zi aytgandek, tug‘ilganidayoq bitilgan baxtiqaroligi ijodi ravnaqiga xizmat qilgandir, ehtimol. Poning she’rlaridan tushkun kayfiyat ufursada, unda haqiqat va inson doim ham tan olishga botina olavermaydigan ichki hissiyotlar to‘foni mavj uradi.
Gulnoza Odilova, QarDU o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son