Gulnoza Odilova. Dunyo adabiyotida “taom” va “tanovul” mavzusi

Taom – inson va u yashayotgan jamiyat madaniyatining ajralmas qismi. Milliy oshxonaning o‘ziga xos xususiyatlari esa u yoki bu millat madaniyatining qadimiy ildizlarini o‘zida mujassam etgan. Qandaydir taom yoki ichimlik iste’mol qilar ekan, kishi beixtiyor ma’lum bir millat madaniyati bilan muloqotga kirishadi.

Madaniyatlararo muloqot jarayonida ovqat va tanovul o‘zgani anglash vositasi hisoblanadi. Rus olimi A.I.Kozlovning fikricha,  jamiyatda ovqat “tabiiy” va “madaniy”, “insoniy” va “ilohiy”, “o‘z” hamda “o‘zga” kabi tushunchalar orasida ramziy ma’no kasb etadi.  Ba’zan birovning “maqbul” taomdan voz kechishi, uning g‘ayrinsoniy xislati sifatida qabul qilinishi ham mumkin. Umuman olganda, oshxona va taom – “o‘zingniki”ni  “o‘zga”dan farqlash, “ular” va “o‘zimiz” oramizdagi chegarani aniqlab olish vositasidir (Kozlov A.I. Piщa lyudey. – Fryazino: Vek 2, 2005).

“Taom” tushunchasi inson hayotining turli xil jabhalarida – til, urf-odat, an’ana va madaniyatida namoyon bo‘ladi. Adabiyot esa madaniyatning ushbu ajralmas qismini taqdim etish vositasidir.

XVIII-XIX asrlar Yevropa adabiyotida gastronomik mavzuni to‘liq yoritishga o‘tildi. Biroq XI-XII asr qadimiy qo‘lyozmalaridayoq taom va ichimliklar haqidagi badiiy tasvirlar paydo bo‘la boshlagan. Yunon yozuvchisi Ksenofontning uy-ro‘zg‘or yuritish va oila iqtisodi  haqidagi “Uy ro‘zg‘or yuritish” kitobida  ro‘zg‘orni tashkil etish bilan birga dasturxon oldida o‘zini qanday tutish, ibodat kunlari qanday taomlar tanovul qilish haqida yo‘riqlar keltiriladi (Entsiklopediya pravoslavnoy kuxni. – N.Novgorod: Izd-vo Bratstva vo imya sv. Aleksandra Nevskogo, 1999). Ovqatlanish va taom Yevropa adabiyotshunosligida maxsus o‘rganiladigan yo‘nalishdir. Yevropa adabiyotshunoslarining fikricha, taom va  tanovul jarayonining badiiy adabiyotda o‘z o‘rni bor. Zero, taom – xalq madaniyati, tarixi, ijtimoiy jarayonlar haqida haqqoniy axborot bera oladigan muhim omillardan biri.

Taomni tadqiq etish  yoki “taomshunoslik” (food studies) ijtimoiy fanlar (antropologiya, sotsiologiya, tarix, madaniyatshunoslik) hamda san’at negizida shakllandi. Bu fan adabiyot, gastronomiya va kulinar tarix kabilarni o‘z ichiga oladi. Taomshunoslik ovqatga aloqador jarayonlarni: mahsulot chiqarishdan tortib, ovqatlanish jarayonining ijtimoiy hayotdagi o‘rni tahlili, ovqatlanish odat va marosimlari, tanovul uchun tanlanadigan hamrohlar (ijtimoiy tabaqalanish tahlili uchun) ni qamrab oladi. Bu jarayonni o‘rganish esa insonning jamiyatdagi o‘rni va milliy madaniyatning o‘ziga xosligini ko‘rsatib berishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda  Yevropa adabiyotshunosligida taomning badiiy adabiyotda tutgan o‘rni haqida yirik tadqiqotlar olib borilmoqda. Mazkur tadqiqotlar turlicha ilmiy yo‘nalishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Xususan – “adabiyotda taom”, “folklorshunoslik va taom”, “zamonaviy she’riyatda taom”, “ayollar adabiyotida taom”, “bolalar adabiyotida taom”, “adabiyotda tanovul, taom iste’mol qilishning badiiy tasviri” kabi ilmiy mavzu va tadqiqotlar olib borilayotganligi, ovqatlanish hamda taom mavzusining Yevropa adabiyotshunosligiga naqadar chuqur kirib borganligini ko‘rsatib turadi. Kara Killing va Skott Pollardning  ta’kidlashicha, agar taom adabiyotdagi substantsiya, madaniyat hamda  tsivilizatsiyaning tayanch nuqtasi sanalsa, u adabiyotshunoslik uchun ham fundamental tadqiqot manbai hisoblanadi. Modomiki, oziq-ovqat mahsulotlari har bir madaniyatning ajralmas qismi ekan, taom va tanovul adabiyot va san’atni anglashda asosiy vositalardan biri bo‘lib xizmat qiladi (Keeling, Kara K. and Scott T. Pollard. “Introduction: Food in Children’s Literature.” Critical Approaches to Food in Children’s Literature. Ed. Kara K. Keeling and Scott T. Pollard. New York: Routledge, 2009).

Darhaqiqat, insoniyat taraqqiy etar ekan, azaldan yegulik topish hayotiy muammolardan bo‘lgan. Har bir mumtoz asarni bir yoki bir necha qismat tarixi deb hisoblasak, unda hikoya qilinayotgan tarixiy davr taom va ovqatlanish jarayoni bilan bog‘liq qanchadan-qancha hodisalardan tarkib topganligini tasavvur qilish qiyin emas. Badiiy asarda uchrovchi “taom” kontseptini tushunishning murakkab tomonlari ham mavjud. Amerikalik olimlar Devid va K.Jonatanlarning ta’kidlashicha, ovqat va unga tegishli an’analar, jamiki narsa va hodisalar turli yozuvchilar ongida turli asotsiatsiyani paydo qiladi. Taom faqat maza va hid bilan emas, balki boshqa jihatlari orqali ham his etiladi. Ovqat haqidagi tasavvurlar adabiyotda biror millat xotirasining negizigacha singib ketgan assotsiatsiyalar manbasi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin (David, Jonathan C. Food in Literature. Gale Encyclopedia of Food&Culture.2003). Yozuvchi ongidagi o‘z millatiga xos asotsiatsiyalar taomning hidi va unga xos bo‘lgan xususiyatlar bitta shu ovqat yoki ozuqa nomini keltirish bilan ham hosil qilinadi. Ammo adabiyotshunos yoki tarjimon uchun mazkur pragmatik ta’sirchanlik – maza, ta’m va u bilan bog‘liq assotsiatsiyalarni anglab yetish uchun fon bilimlari zarur bo‘ladi. Fon bilimlari  xalq madaniyati, tarixi va urf-odatlarini o‘z ichiga olgan kontseptual bilimlar majmuidir.O‘zbek olimlaridan professor Shuhrat  Sirojiddinov mazkur istilohni ma’noviy bilimlar deb atashni taklif etadi. (Sh. Sirojiddinov. Badiiy tarjima asoslari. 2011) Darhaqiqat, ma’noviy bilimlar  bir millatning ijtimoiy ongida ko‘p asrlar davomida shakllangan ma’no va tushunchalar yig‘indisini tashkil etib, badiiy asar matnida tabiiy holatda verballashadi. Misol sifatida “Oshqovoq somsa! Oshqovoq somsa! Kambag‘allik qursin ilohim!” (Cho‘lpon, “Kecha va kunduz”) jumlasini olaylik. Agar bu gap ingliz tiliga tarjima qilinadigan bo‘lsa, avvalo, o‘zbek xalqi tabiatida go‘shtli taomlarni sevib iste’mol qilish, uyida go‘sht bo‘lishi to‘kinlik va to‘qlik nishonasi ekanligi  haqidagi ekstralingvistik ma’lumotga ehtiyoj tug‘iladi. Shuningdek, uyda go‘sht bo‘lmaganda, kartoshka yoki  qovoq solib somsa qilinishi, qovoq somsaning o‘zbek xalqi orasida, odatda, kambag‘albop pishiriq ekanligini izohda berib o‘tish lozim bo‘ladi. Sababi, cho‘ntagi ko‘tarsa-da, sabzavot solingan ovqat va pishiriqlarni xush ko‘radigan yevropaliklar uchun qovoq somsa “kambag‘allar  taomi” emas, balki ijtimoiy mavqei balandroq qatlam vakillari iste’mol qiladigan  shirinlik, ya’ni desert hisoblanadi. “Harri Potter hikmatlar toshi” asarining bosh qahramoni Harri Xogvortga yo‘l olayotib, Xogvort ekspress poyezdiga chiqadi. Yo‘lda iste’mol qilish uchun sehrgarlarning an’anaviy taomi bo‘lgan lazzatli qovoq somsalardan sotib oladi. Kichkinagina qovoq somsachalar ziravorlar solingan o‘rtacha achchiqlikda edi. U poyezdda yangi tanishgan do‘sti Ronga qovoq somsalardan beradi. Ronning oilasi shirinlikka pul bera olmas, chunki kambag‘al edi (Herbert G. Litereture, literary history and cultural memory/Guttengen.Germany. – 2005). “Somsa” so‘zi o‘zbekcha-inglizcha lug‘atlarda “pie” so‘zi bilan berilgan. Lekin ing­liz tilida pumpkin pie qovoqli pirogni anglatadi. Bu esa tayyorlanishi, ko‘rinishi va mazasi jihatdan qovoq somsaga muqobil bo‘la olmaydi. Inglizcha pasty so‘zi esa o‘rta frantsuz tilidan olingan, inglizcha pie so‘ziga ekvivalentdir. Ichiga go‘sht, sabzavot yoki pishloq solib, donalab bukiladigan, qolipga solmasdan pechda pishiriladigan taom o‘zbekcha somsani eslatadi. Bu asardan ilhomlangan ingliz pazandalari “Harri Potter somsasi” yoki “Xogvort ekspress somsasi” retseptini yaratdilar. Kitob olamshumul shuhrat qozongach, Harrining qovoq somsasi Angliyaning milliy brendiga aylandi.

Rus adabiyotida ham xorijliklarga notanish bo‘lgan glyuttonimlar (taom nomlari)  bor. Ular ba’zan rus kishilariga ham tushunarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki rus oshxonasining qadimiy an’analari o‘zgarib bormoqda. Gogolning “O‘lik jonlar” asari qahramoni Korobochka “skorodumki”, “pirojki”, “shanejki”, “pryaglы”, “blinы”, “lepeshki so vsyakimi pripekami”: “pripekoy s luchkom”, “pripekoy s makom”, “pripekoy s tvorogom”, “pripekoy so snyatochkami” kabilarni tayyorlaydi. Qadimiy rus oshxonasidan xabardor kishigina Gogolning un mahsulotidan tayyorlanadigan rus milliy taomlari nomini sanash orqali asar qahramoni Korobochkaning oshxona ishlariga erinmaydigan turli-tuman ovqatlar pishiradigan ayol portretini ochib berayotganligini sezishi mumkin. Chunki sanalgan taomlar XIX asrda nihoyatda keng tarqalgan xamirli taomlar sirasiga kirib, bugungi kunda zamonaviy rus oshxonasida vaqt tig‘izligi bois un o‘rniga boshqa mahsulotlardan foydalanilmoqda. Bu esa hatto zamonaviy rus kishisi uchun ham tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Rus kishilari uchun diniy marosim ramzlariga aylangan maslenitsaga quymoqlar, Pasxaga kulich va bo‘yalgan tuxumlar, ma’rakaga kutya, tantanali marosimga non va tuz degan tushunchalar borki, bu tushunchalar rus xalqining ko‘p asrlik diniy va tarixiy qadriyatlari mahsuli bo‘lib, tarjima jarayonida tarjimonni ko‘proq izlanishga undaydi.

Taom va tanovul mavzusi  ingliz o‘smirlar adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Bu Roeld Dalning shokolad va shirinliklar asosiy o‘rinni egallovchi “Charli va shokolad fabrikasi” asarida o‘z aksini topgan. Asarda shirinliklar og‘izning suvini qochiradigan qilib tasvirlangan. Jon bobo tomonidan Charliga shokolad fabrikasi tasvirlab berilganda, shirinlik tasviriga oid birorta so‘z nazardan chetda qolmagan: “Mister Villi Vonka binafsharang mazali zefirlar, so‘rganingda har o‘n soniyada rangi o‘zgaradigan serta’m karamellar, og‘zingda erib ketadigan pardek yengil shirinliklar, hech qachon ta’mini yo‘qotmaydigan saqichlar, igna bilan teshsanggina yoriladigan, ulkan hajmgacha puflab shishirsa bo‘ladigan shirin pufaklar, havorang qushlarning ustida olachipor dog‘lari bor tuxumlarini sirli uslubda tayyorlar edi. Agar bittasini og‘zingga solsang, u borgan sayin kichrayib ketar va tilingning tepasida turgan jajjigina shakarli qushchaga aylanib qolardi” (Tarjima bizniki– G.O.). Yosh kitobxonning ishtahasini qitiqlaydigan shirinliklar – muallifning badiiy to‘qimasi. Keyinchalik esa qandolatchilar bolalarning mazkur kitobga bo‘lgan mehridan unumli foydalandi, asarda keltirilgan shirinliklar ingliz bozorlarining xaridorgir mahsulotiga aylandi. Yevropa o‘smirlar adabiyotida taomni o‘ta lazzatli tasvirlash an’anasi mavjud. Shirinlikka o‘ch bolalarni kitobga mixlab qo‘yuvchi bunday asarlar yosh ingliz kitobxonlari orasida shuhrat qozonib, ekranlashtirish darajasiga ham yetgan. Ingliz folklori va ertaklarida esa sehr-jodu qurollari ovqatning bitmas-tuganmas manbalarini yaratadi. Bu, o‘z-o‘zidan, nozu-ne’matlarga to‘lib ketuvchi stol, sehrli bo‘tqa qaynab chiquvchi qozon kabilarda namoyon bo‘ladi (Jackson E. Food and Transformation. Toronto: Inner City Books, 1996). Ertaklarda uchrovchi sehr kuchiga ega glyuttonimlar o‘zbek xalq ertaklari (“Ochil dasturxon”, “Oltin tarvuz”, “Tilla behi” va h.) da ham keng uchraydi.

Psixoanalitik nazariyalarga ko‘ra, tanovul odatlari insonlarning shaxsiy bahosini shakllantirishda va uning oilaviy yoki ijtimoiy mavqeini ko‘rsatib berishda muhim rol o‘ynaydi. Taom va u bilan bog‘liq obrazlar  doimo adabiyotning bir qismi bo‘lib kelishiga qaramasdan, psixologik nazariyalar taom va ovqatlanish jarayonining hamma ijtimoiy sohalar ob’ekti sifatida o‘rganilishiga olib keldi (Food in literature. Twentieth Century Literary Criticism. Ed. Gale Cengage. Oxford University Press, 2006). XXI asr Yevropa adabiyotida olamshumul shuhrat qozongan va ekranlashtirilgan asar Jon Harrisning “Shokolad” romanidir. Kanadalik fantast yozuvchi De Lint Charlz “Jon Harrisning mazkur romani – haqiqiy zavq-shavq manbai! “Shokolad” xuddi qaynoq issiq shokoladdek mazali, lekin undan Lotin Amerikasi emas, Yevropa ta’mi kelib turibdi” degan fikrni aytadi. Asarning bosh qahramoni yolg‘iz ona Viyen Roshe Frantsiyadagi Laskne-su-Tann shaharchasiga ko‘chib keladi. Uning orzusi shaharchada shokolad do‘konini ochish bo‘ladi. Muqaddas Pasxa yaqinlashib kelayotgan bir paytda cherkov ruhoniysi Fransis Reyno kishilarni dunyo lazzatidan bahramand qiluvchi shokolad do‘konini ochishga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Bu masalada shahar aholisi fikri  ikkiga bo‘linadi. Tug‘ma qandolatchilik iqtidoriga ega Viyen shaharliklarga zavq, rohat va huzur ulashadi. Yozuvchi qahramoni xarakterini, oshxonadagi ijodkorligini u tayyorlayotgan shirinliklari orqali ochib beradi. Oshxonada kuymalanayotgan ayolni go‘zal yaratuvchi ayol sifatida ko‘rsatadi. Adibning aytishicha, asardagi deyarli hamma qahramonlarning prototiplari bor, u o‘zining yaqinlari va qarindoshlarida ko‘rgan taomdan lazzatlanish va huzurlanish, shu orqali hayotdan zavq tuyish hissini o‘z asarida tasvirlagan. Xususan, Viyenning qizi Anuk yozuvchi qizining prototipi bo‘lsa, asar qahramonlaridan biri Armandaning hayot haqidagi qarashlari muallifning katta buvisi fe’lida namoyon bo‘lgan. Jon Harris  “Shokolad” asarining ko‘p qismida o‘zining hayotga bo‘lgan shaxsiy munosabatini taom tayyorlash va iste’mol qilish jarayoni orqali ramziy tasvirlab beradi. Masalan, qand kasaliga chalingan Armandaning tug‘ilgan kunga tayyorgarlik vaqtidagi holati tasvirini olaylik. Unda har bir shirin luqmani og‘ziga to‘ldirib solayotgan Armanda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yayotganligini to‘la anglagan holda “Bu mening oxirgi luqmam”, deydi va yuzida tansiq taom haqida gapirgandagina paydo bo‘ladigan huzur ifodasi namoyon bo‘ladi. “Endi menyuga o‘tsak”, deydi ishtaha bilan qo‘llarini ishqalab. Garchi shirinlik yeyish qat’iy taqiqlangan bo‘lsa-da, qahramonga ovqatdan lazzatlanish baxt va huzur hadya etadi.

Asarni o‘qir ekansiz, taom tasviri nainki estetik zavq uyg‘otadi, balki ishtahani ham qitiqlaydi. San’atkorona tasvirlanayotgan glyuttonimlar Yevropa madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan g‘arb oshxonasi bilan yaqindan tanishish istagini uyg‘otadi. Asar davomida hayotning lazzatli ne’mat ekanligi tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan  shirinliklar va huzur bag‘ishlovchi tanovul jarayoni tasviri orqali ko‘rsatib beriladi.

Umuman, G‘arb adabiyotida taomni badiiy tasvirlash an’anasining o‘ziga xos jihatlari shundaki, Yevropa adabiyotida ayni tasvir shu mavzudan  zavqlanuvchi kitobsevarlar guruhi uchun emas, balki har qanday adabiy janr ixlosmandlari uchun ham san’atkorona tarzda yaratilgan. Misol qilib Artur Konan Doylning “Sherlok Xolms” asarini ham olishimiz mumkin. Asarda Xolmsning taom tanovuli tasvirlari hamda u iste’mol qiladigan taom va retseptlar Angliyada “detektiv oshxonasi” nomi bilan shuhrat qozongan. Asar muxlislarini nafaqat o‘zining ziyrakligi, balki noan’anaviy taomlari bilan hayratga solgan Sherlok Xolms tayyorlagan taomlar keyinchalik “The Sherlock Holmes Victorian Cookbook: Favorite recipes of the Great Detective and Dr.Watson” nomi ostida 1997 yilda alohida kitob holida chop etilgan. Mazkur kitobdan asarda tasvirlangan, iste’mol qilingan taom retseptlari zamonaviy kulinariya me’yorlari asosida  keltirilgan bo‘lib, har bir taom retseptiga illyustratsiyalar va asardan parchalar ilova qilinadi. Bunday kitoblarning paydo bo‘lishi, ingliz adabiyoti va oshxonasining bir-biriga chambarchas bog‘liq holda bir butun madaniy boylik sifatida qaralishini ko‘rsatadi. Zotan, “narrative kitchen” – “badiiy oshxona” istilohi ingliz adabiyotshunosligida ham, pazandachiligida ham tez-tez uchrab turadi. Bu istiloh mashhur asarlardagi badiiy tasvirlangan va kitobxonning alohida muhabbatiga sazovor bo‘lgan taomlarni ifodalaydi. Badiiy oshxona taomnomasiga kiruvchi mumtoz taomlar reytingi pazandalar va adabiyotshunoslar tomonidan ilmiy o‘rganib boriladi. “Ovqat ye, ibodat qil va sev: bir ayolning Italiya, Hindiston va Indoneziya bo‘ylab baxt izlab qilgan sayohati” asari muallifi Elizabet Hilbert quyidagilarni bayon etadi: “Birgina inson umri qanchalik ko‘p omillardan tashkil topgan! Qanchalik ko‘p qatlamlardan tarkib topganmiz, ongimiz, jismimiz, tariximiz, oilalarimiz, qalblarimiz va tushliklarimizdan keluvchi ta’sirlarni qabul qilamiz!” (Tarjima bizniki – G.O.).

Asar muallifning ichki kechinmalari hayot va jamiyat haqidagi falsafiy qarashlarini o‘zida mujassam etgan. Muallifning “ong”, “jism”, “tarix”, “oila”, “qalb” kabi yuksak tushunchalar bilan bir paradigmatik qatorda “tushlik”ni ham sanashi G‘arb kishisi tasavvurida “taom” kontseptining o‘rni qanchalik yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Sharqdagi “eyish uchun yashash emas, balki yashash uchun yeyish kerak” degan ko‘p asrlik tushuncha qon-qonimizga singib, isrofgarchilik, maishatparastlikdan kishilarni tiyib turgani boismi, adabiyotimizda taom va tanovul jarayonini yuksak darajada badiiy tasvirlashga u qadar urg‘u berilmaydi. Biroq  Yevropa adabiyotida bu alohida bir janr “food in literature” – “adabiyotda taom” bo‘lib, san’at darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Masalan, yuqoridagi asar 2006 yilda nashr etilgan va 187 hafta mobaynida “New York Times” gazetasining bestseller asarlar ro‘yxatidan tushmagan.

Asarda baxt izlagan ayolning ichki  kechinmalari tasvirlab berilgan. Yoshgina yozuvchi ayol kun kelib noto‘g‘ri hayot tarzini boshdan kechirayotganligini, ko‘pdan beri baxtni his etmayotganligini anglab yetadi, muhabbatga qurilmagan turmushidan voz kechib, Italiyaga ketadi. Italiyada yashash barobarida u o‘zligini topmoqchi bo‘ladi. U yerga o‘z rohati va ichki “men”ini izlab boradi. Buni u yerdagi oddiy taomlarni tayyorlash va iste’mol qilishda tug‘iladigan kichik rohatdan ham  topadi: “Men rohatni qanday topdim?.. Hamma narsa o‘zgardi. Hammasi mazali bo‘la boshladi… Men, men istayotgan narsa – lazzatli taomni yeyish ekanligini tushundim. Shunday ham bo‘ldi. Oktyabrning o‘rtalarida, tashqaridan qaraganda hech ahamiyatsizdek tuyulsa-da, hayotimdagi baxtga to‘la deb hisoblashga arzigulik bir necha soatlik rohatni his etdim. Taomimning yeyishligiga butunlay mahliyo bo‘lib, berilib ketganimdan so‘ng borib top-toza yog‘och polning quyosh nuri tushib turgan bir parchasiga o‘tirdim, ovqatning har bir luqmasini italyancha gazetani o‘qib chiqish jarayonida yedim. Baxt tanamning kichik zarralarigacha singib ketdi” (Tarjima bizniki – G.O.).

Muallif asarda qo‘llagan beautiful food so‘zma-so‘z o‘girilganda “chiroyli taom” ma’nosini bersa, prettiness of my meal “taomimning maftunkorligi” deb tarjima qilinadi. Eng qizig‘i shundaki, ayol go‘zalligi tasvirida ishlatiladigan sifatlarning taom tasvirida qo‘llanishi Yevropa adabiyotida taom masalasiga nihoyatda ixlos bilan munosabatda bo‘lishni ko‘rsatib turibdi. Taomdan lazzatlanish ruhiy qoniqmaslik va yolg‘izlikdan azob chekayotgan zamonaviy kishilar uchun taskin beradi va yana bir bor hayotdan zavq olish istagini uyg‘otadi. Asardagi bosh g‘oya – hayotning insonga bir marta berilganligi, taom mazasini ham his etolmay tushkunlikda yashab o‘tish yoki o‘ziga ziyon yetkazishdan ko‘ra hayotni yangidan boshlash imkonini izlash kerakligi haqida. Yozuvchi o‘z haqiqatiga ishontirishda taom va taomlanishdagi yoqimli holatlar tasviridan foydalanadi.

Margarit Artvudning “The Edible Woman” (so‘zma-so‘z tarjimasi “Eyi­ladigan ayol”) asarida esa ayol individualligining shakllanishi, gender tafovut, ijtimoiy mavqe va ayol ruhiyatida mayllar taom hamda tanovul jarayoni fonida tasvirlab beriladi.

Artvudning ta’kidlashicha, bu hikoya vaqtning uch qismidan tashkil topgan. Har bir narsa Marianning taom va tanovul jarayoniga bo‘lgan munosabatida farqlanadi. Turmush qurish bo‘sag‘asida turgan Marian o‘z hayotini go‘yo bo‘lajak eri “eyish”ga chog‘langan taomdek his eta boshlaydi. Uning butun vujudida bunga nisbatan ruhiy isyon boshlanadi. Marianning yana bir jiddiy muammosi uning ovqat yeyolmay qolishidir, oddiy sabzi ham uning uchun jonli mavjudotdek tuyuladi. Asar butunlay feministik ruhga yo‘g‘riladi. Bir gal Marian boshidagi og‘riqni tasvirlar ekan, u boshini mag‘zi qirib olingan qovun po‘chog‘iga qiyoslaydi. “Ayting-chi, po‘choqning o‘zi bilan fikrlab bo‘larmikin?” – deydi alamzada qiz. Ro‘zg‘or va turli yumushlar ayolni yemirib borar ekan, uning ruhi cho‘kib boradi, ishtahasi, hatto mayllari ham susayadi. Ayol ruhiyatiga yaqin kishi bilan yashasa, erki cheklanmaydi, jamiyatda o‘z o‘rni bo‘lsa, baxtni his etadi. Asar so‘ngida Marian normal ruhiy holatga erishadi va uni qiynayotgan hislardan xalos bo‘ladi. Asarda tanovul jarayoni qahramonlarning ruhiyatiga hamohang tasvirlanadi.

O‘zbek va qardosh xalqlar adabiyotida ham taom tasviriga boy kontekstlar ko‘plab topiladi. Garchi Yevropa adabiyotidagi kabi takomillashib, o‘ziga xos yo‘nalish darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, adabiyotimizda taom tasviri orqali personajning ijtimoiy holatiga urg‘u berish urush yillari voqealari tasvirlangan asarlarda ko‘plab uchraydi. O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, I.Sultonning “Qismat” asarlarida taom va tanovul tasvirlari bilan urush odamlarining nochor hayoti va bundan tug‘ilgan ruhiy iztiroblari bayon etiladi. Umuman, adabiyotimizdagi gastronomik olam manzarasini tahlil qilar ekanmiz, yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz –tabobat ilmining sultoni Ibn Sinoning “Ba’zilar ovqatlanish uchungina yashaydilar, men esa yashash uchun ovqatlanaman”, degan naqli qon-qonimizga singib ketishi natijasi o‘laroq, yozuvchilarimiz ijodida taom tasviriga berilib ketmaslik, uni me’yorida qo‘llashni kuzatamiz. Biroq “O‘tgan kunlar”dagi Ziyo shohi uyidagi ziyofat, “Mehrobdan chayon”dagi Ra’no tayyorlagan manti tasvirlari o‘zbek adabiyotida taomni badiiy tasvirlashning g‘arbona an’analarini ham o‘zbek romanchiligining otasi Abdulla Qodiriy boshlab berganini ko‘rsatadi. Garchi o‘zbek xalqi lazzatli taomlarni iste’mol qilishni, quyuq-suyuq ziyofat va mehmondorchiliklarni xush ko‘rsa-da, nazariy jihatdan go‘yoki taom iste’mol qilishni istash, undan lazzatlanish, adabiyotimizda negativ bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Lazzatli taom go‘yoki kambag‘al kishi yetisha olmaydigan orzu, boy kishilarning maishati, rohatlanish vositasi, boy kishining taomni iste’mol qilishi esa, uning salbiy jihatlarini kuchaytiruvchi ekspressiv ifoda sifatida badiiy adabiyotimizda ko‘p uchraydi. “Miryoqub esa mingboshining xursandlik va kayf bilan mast bo‘lgan yuzlariga tikilgan bir paytda ichkaridan bir tovoq to‘la manti chiqib, dasturxonning o‘rtasidan joy oldi. Miryoqub bu dargohda tez-tez ko‘rinib turadigan bu serqatiq, semiz va yog‘liq mantilarga qadrdon do‘stini ko‘rganday shirin bir kayf bilan tikildi, so‘ngra ko‘zlarini tovoqdan ko‘tarib, mingboshining yuzlariga qaragach, shu topda tovoqdagi manti bilan tovoqqa tomon egilgan yuz o‘rtasida hech qanday farq ko‘rmadi: ikkalasi ham shu qadar yog‘liq edi!” (Cho‘lpon, “Kecha va kunduz”).  Salbiy qahramonlarning taom iste’moli sahnalari shu darajada ishonarli tasvirlanadiki, muallif o‘z maqsadi – kitobxonning o‘sha shaxsdan nafratiga to‘laqonli erishadilar. Bunga  Solih Mahdumning ovqat kavshashi va tanovul jarayonlaridagi holati,  “Shaytanat”dagi Kesakning osh yeyishi bilan bog‘liq badiiy tasvirlarni misol qilish mumkin.

Atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qissasi qahramoni ovchilikning haqiqiy gashtini – tyulenning xom jigarini yeb ko‘rgandagina his etadi. Hikoyada kattalar bilan ovga chiqqan bolakay hissiyotlari yo‘l davomida bosqichma-bosqich tasvirlab borilgan. U quyidagi tasvirlarda chin ovchi bo‘lish gashtini tuyadi: “O, Kurng (nivxlarning oliy tangrisi) egam, yetkazganingga shukur! Ovimizning boshlanishi chakki emas! – deya u o‘zining ov pichog‘ini artib, tayyor qildi. Ovdan keyin eng muhimi – tyulenning xom jigarini shu yerning o‘zidayoq yeyish edi. O‘rxon nimtalangan nerpa to‘shi oldida cho‘nqayib o‘tirib olib, jigarni bo‘la boshladi. Ovchilar oz-moz tuz sepilgan mayin jigar burdalarini huzur qilib chalpillatib yamlab yutar edilar. Jigar juda mazali, muloyim, iliq, to‘yimli edi. Kirskning orzusi ushaldi – haqiqiy katta kishiday ovda hom jigar yedi!” Birgalikda iste’mol qilgan tyulen jigari – bolaning nazdida ovdagi teng huquqlilikni ta’minlaydi. Gastronomik kommunikatsiya bola va kattalar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, dunyo kitobxonlari tomonidan sevib o‘qilayotgan taom va tanovul mavzusi, inson ruhiyati va ichki dunyosini badiiy tasvirlashning o‘ziga xos uslubi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu mavzu tadqiqi xalqlar o‘rtasidagi madaniyatlararo muloqot o‘xshashliklari va farqlarni anglash, gastronomik olam manzarasini tushunish, inson psixologiyasini chuqurroq anglash, jahonda yuz berayotgan adabiy tendentsiyalardan boxabar bo‘lish imkonini beradi. Ovqat va uning iste’molidan hosil bo‘ladigan ruhiy holat ishonarli bo‘yoqlarda tasvirlangan G‘arb adabiyoti namunalari o‘zbek kitobxonlari uchun ham yangicha joziba kasb etishiga shubha yo‘q.  Jahon adabiyotidagi “taom” va “tanovul” mavzusida yozilgan asarlarni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish va tarjima qilish kitobxonlarimiz tomonidan jahon adabiyoti durdonalarining yangi qirralari kashf etilishiga xizmat qilishi mumkin. Kelajakda zamonaviy o‘zbek adiblari asarlarida taomni badiiy tasvirlash, uning iste’moli bilan bog‘liq ruhiy holatlarni realistik ifodalash an’analarining shakllanishi, ajabmaski, jahon kitobxonlarida milliy oshxonamizning shoh taomlarini tatib ko‘rish istagi orqali millat tabiati va yuragini bilish, o‘rganish ishtiyoqini  uyg‘otsa.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son