Gulnoza Odilova. Asliyat mazmuni yoxud kimga nima qadrli?

Badiiy tarjimadan asosiy maqsad xalqlar va millatlar o‘rtasida adabiy aloqalarni o‘rnatish orqali madaniyatlararo ko‘prik vazifasini o‘tashdir. Biroq ba’zida tarjimonning mas’uliyatsizligi oqibatida tarjima qilingan asar kitobxonlar e’tirofiga emas, tanqidiga ham sazovor bo‘lishi mumkin. Atoqli tarjimon va adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov ta’biricha, shoir havaskor bo‘lishi mumkin, ammo tarjimonni havaskor deb bo‘lmaydi. Sababi tarjimonning xato qilishga haqqi yo‘q.

Agar tarjima yuzaki chiqsa nafaqat mutarjimning, balki asar muallifining mehnati ham munosib baholanmaydi. Natijada uning ijodiga ­qiziqish susayadi.

Keyingi yillarda badiiy tarjima sohasida jiddiy o‘sish-o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsatdi. Chunonchi, chet el adabiyoti namunalarini asliyatdan o‘girish bilan birga o‘zbek ijodkorlari asarlarini xorijiy tillarga ag‘darishga harakatlar bir qadar jonlandi. Ta’kidlash joizki, Yurtboshimiz tomonidan 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror badiiy tarjima rivoji uchun ham ayni muddao bo‘ldi.

Bugungi adabiy jarayonni kuzatganda ijodkorlar orasida imkon qadar tezroq o‘z asarlarini xorijiy tillarga tarjima qildirib, chet ellik adabiyot muxlislari e’tiboriga tushishga, turli she’riyat haftaliklarida qatnashishga ishtiyoqlari balandlari ham bor. Bunday harakatlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, tarjima uchun tanlangan asar saviyasini ham nazarda tutish darkor, deb o‘ylaymiz. Qanday asarni, qaysi yozuvchi yoki shoir ijodidan tarjima qilishni bilish juda muhim. Bu talab, albatta, birinchi galda yosh tarjimonlar oldiga qo‘yiladi.

Yaqinda yosh qalamkashlar bilan o‘tkazilgan bir yig‘inda hali biror-bir she’riy to‘plami chop etilmagan, mashqlari davralarda tilga tushmagan havaskor: “Men o‘zbek adabiyotini yapon kitobxonlariga taqdim etayapman”, deb qoldi. Undan: “Kimlarning asarlarini tarjima qildingiz?”, deb so‘radik. “O‘zimning she’rlarimni yapon tiliga tarjima qilish orqali o‘zbek adabiyotini yapon tiliga olib kirayapman”, dedi. Yosh qalamkashning bu qadar yuzaki fikrlayotganida faqat uning o‘zining emas, balki unga saboq berayotgan ustozlarining ham “hissasi” bor, albatta. Badiiy tarjima bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga adabiyot nazariyasi, qiyosiy adabiyotshunoslik, lingvokulturologiya kabi fanlardan yetarlicha saboq berilmas ekan, ular nimani va kimning asarini tarjima qilish masalasida uzoq vaqt adashib yurishlari mumkin. Mana, yaqinda Hindistonda o‘tkazilgan bir she’riyat haftaligi munosabati bilan “O‘zbek shoirlari ijodidan namunalar” sifatida bir necha nomlari noma’lum “shoirlar”ning she’riy mashqlari nashr etilibdi. Ingliz tiliga o‘girilgan bu she’rlarni o‘qib, o‘ylanib qoldim: nahotki bu yoshlar “o‘zbek shoirlari”, degan nomga erishish uchun, avvalo, o‘zbek kitobxoni nazariga tushish kerakligini bilmasalar. Mazkur havaskorlar mashqlarini tanqid qilish niyatim yo‘qligi bois, ularning inglizchaga o‘girilgan she’rlarini tahlilga tortmadim. Biroq aytish joizki, chop etilgan bu mashqlar tepasiga “O‘zbek shoirlari” — “Uzbek poets” deb emas, “Uzbek poetry lovers” — ”O‘zbek she’rsevarlari”, deb yozilsa maqsadga muvofiq bo‘larmidi. To‘plamdagi tarjima she’rlarning sayoz va jo‘nligi shundoq ko‘rinib turibdi. Bunday ishga jur’at qilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish — ustozlarning ishi.

Nazarimda, she’riy asarni o‘zbek tilidan ingliz tiliga o‘girishdan avval ingliz adabiy tilida qisqa esse, portret, to‘rtliklar yozishni mashq qilish maqsadga muvofiq. Zero, English language (ingliz tili) va Narrative English (ingliz adabiy tili) o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Masalan, o‘zbek tilida oqargan soch “paxtaday oq sochlar”, deb sifatlansa ingliz tiliga bu tasvirni to‘g‘ridan-to‘g‘ri “cottonlike hair”, deb ag‘darib bo‘lmaydi. Bu kabi hodisalar tilning lingvogeografik xususiyatlari bilan bog‘liq. Ingliz yozuvchisi Vol Koveylinning “How to Write Descriptions of Eyes, Faces, Hair, Skin” (”Ko‘z, yuz, soch, teri tasvirini qanday yozish mumkin” (2011) nomli kitobida ingliz adabiy tilidagi inson qiyofasi, a’zolarini to‘g‘ri ifodalaydigan badiiy so‘zlar izohi bilan keltiriladi. Jumladan, birgina “oq soch” iborasining o‘nga yaqin badiiy sinonimi berilgan. Sochga nisbatan ingliz tilida oq soch — white hair emas, gray hair — kulrang soch iborasi ishlatiladi. Ammo gray — badiiy bo‘yoqdor emas, neytral so‘z hisoblanadi. Badiiy asarlarda esa, gray like iron—temirdek kulrang, gray like silver — kumushdek kulrang sifatlashlarini qo‘llash mumkin. Yosh tarjimonlarga ingliz tilida yozilgan shunga o‘xshash kitoblardan foydalanishni tavsiya etgan bo‘lardik. Qolaversa, xorijlik kitobxonning talabini o‘rganish, qanday mavzudagi asarlar uning e’tiborini tortishini bilish ham yosh tarjimon ishining samarasini ta’minlaydi. Mavzular tanlangach, mualliflar saralanadi. Buning uchun, albatta, u o‘zbek adabiyoti haqida keng qamrovli tushunchaga ega bo‘lishi kerak.

Xorijlik kitobxonda umuminsoniy g‘oyalar tarannum etilgan asarlar ko‘proq qiziqish uyg‘otadi. Shuni nazarda tutgan holda, avvalo, qanday mavzudagi she’rlarni chet tiliga tarjima qilish kerak, degan savolga javob topish lozim bo‘ladi. Deylik, odob-axloq, pand-nasihat ruhidagi she’rlarda o‘zbek shoiri kuyunib urg‘u bergan muammo xorijlik kitobxonda mutlaqo qiziqish o‘yg‘otmasligi, bu masala ularda normal hodisa sanalishi mumkin. Nasriy asar tarjimasida muallif maqsadini anglatish uchun muxtasar izoh bilan ­kifoyalansa bo‘lar. Ammo she’riy tarjimada izohlardan bir oz qochiladi.

Yaqinda qo‘limga “Zarqalam” nashriyotida (2005) chop etilgan “Miracle on the way” nomli kitobcha tushdi. Unda shoirlardan O‘roz Haydar, Bahrom Ro‘zimuhammad va A’zam Obidovning she’lari va ularning inglizcha tarjimalari jamlangan ekan. Tarjimalar muallifi ham A’zam Obidov. To‘plamdagi A.Obidovning “Ona” nomli she’ri menga manzur bo‘ldi.

Ona eshik ochar, kirar farishta,
Mehmon kelib qolar, ehtimol,
Deya uyni qilib sarishta
Yarqiratib artib qo‘yar pol.
 
Yoshi qari, sochlari oppoq,
Og‘riganin aytmaydi belin.
Uyda esa uxlaydi uzoq
Ona bo‘lay deb qolgan kelin.

Bu she’rda onaning mudom kuymalanib yurishi va aksincha kelinning kun bo‘yi yotib uxlashi, ya’ni oiladagi bir muammo qalamga olingan. Ammo bizning turmushimizda uchraydigan, e’tiborni talab etadigan shu muammo ingliz kishisi uchun qiziqmi? She’rda talqin etilgan masala unga tushunarli va tanishmi? G‘arbcha turmush tarzida bu oddiy, normal hol sanalishi tayin. Masalan, ingliz yoshlarini oladigan bo‘lsak, aksariyati ota-onasidan alohida mustaqil yashashadi. Birga yashagan holda ham homilador kelinning kuymalanib yurgan qaynonasiga qarashmay “uzoq uxlashi” ular uchun ayb yoki hurmatsizlik sanalmaydi. Modomiki, biz uchun muammo, ingliz kishisi uchun oddiy, odatdagi hol bo‘lgan mavzudagi she’rni tarjima qilish shartmidi?

Tarjimani o‘qiymiz:

The door is opened early morning,
Maybe comes, as angels, a guest
Mother, cleaning room, is worrying:
“I need to brighten all the rest.”
 
She is so old, her hairs- white,
Pain in waste she doesn’t say.
Still asleep- but- in the quite-
Waits a child her fiance.

So‘zma-so‘z tarjimasi: Ertalab eshik ochiladi, Balkim farishtadek bo‘lib mehmonlar kelar. Ona uylarni tozalar ekan tashvishlanadi: Qolganlarini ham yarqiratib qo‘yishim kerak. U juda qari, sochlari oq, Belidagi og‘riqni aytmaydi. Haliyam uxlab yotar lekin ancha Bola kutadi uning qallig‘i.

Tarjimadagi fiance so‘ziga Makmillan lug‘atida (http://www.macmillandictionary.com/thesaurus/british/fiance): your fiance is the man you are engaged to and are going to get married to — sening qallig‘ing, sen unashtirilgan va turmush qurayotgan erkak kishing, deya izoh berilgan. Bu so‘z lotincha fidera so‘zidan olingan bo‘lib, qadimgi frantsuz tilida fiance, keyinchalik fiancer va 19 asr o‘rtalarida fiance tarzida ingliz tiliga kirib kelgan. Frantsuz tilining ta’siridan fiance+e – fiancee tarzida bir harf qo‘shilishi bilan ayol qalliqni ham anglatishi mumkin. Ammo yuqoridagi tarjimada erkak qalliq ma’nosi anglashilmoqda, sababi qo‘shimcha ye harfi yo‘q. Balki bu texnik xatodir, she’rda ayol qalliq tilga olingan, deb tasavvur qilib o‘qib ko‘raylik. Anglashilayotgan ma’no madaniyatimizga qanchalik to‘g‘ri keladi? O‘zbek qizi unashtirilgach, to‘ydan oldin homilador bo‘lgan ko‘yi qaynonasining uyida uxlab yotmaydi-ku? Binobarin fiancee — rasmiy va cherkovda nikohdan o‘tmagan qalliq, degani. Ikkinchidan, her fiance — “uning qallig‘i”dagi uning (her) olmoshi onaga nisbatan ishlatilmaydi. Bo‘lajak kuyov yoki kelin bir-biri uchun her yoki his fiance (e) bo‘lishi mumkin. Masalan: Her fiance is Farhod — uning qallig‘i Farhod, his fiancee is Shirin — uning qallig‘i Shirin kabi. Tarjimon say bilan fianceni o‘zaro qofiyadosh qilaman deb, o‘zbek tilida yozgan mazmunli she’ri tarjimasida xatolikka yo‘l qo‘ygan. She’rdagi “qalliq”ni “kelin” qilib o‘zgartirib, asosiy mazmunni ingliz kishisiga tushuntirib bersangiz “Ha, nima bo‘pti shunga, uxlasa uxlabdi-da, charchagandan keyin uxlaydi, homilador bo‘lsa”, deyishi tabiiy. Kattalarga hurmat yuksak ­darajada saqlanadigan o‘zbek xonadoni uchun manzur odob-axloqqa oid bu she’r mazmuni ingliz kishisi uchun oddiy, ­odatdagi hol. Nazarimizda xorijiy tilga tarjima uchun asar tanlashga jiddiyroq yondoshgan ma’qul.

Bu jihatdan marg‘ilonlik yosh mutarjim, AQShning Indiana universiteti magistraturasini bitirgan Mahmuda Saydumarova ingliz tiliga o‘girgan o‘zbek hikoyalari to‘plami e’tiborga molik. Bugungi kunda amazon. com sayti orqali sotilayotgan mazkur to‘plam shu yil “Author-house” nashriyotida (2013) chop etilgan. Tarjima uchun M.Saydumarova eng sara o‘zbek hikoyalarini tanlagan. Kitob muqaddimasida u har bir hikoyani ingliz tilida sharhlaydi. Masalan, G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasining qisqacha mazmunini sharhlar ekan, o‘g‘rining aslida o‘g‘ri emasligini, u sharoit taqozosi bois bu “ish”ga qo‘l urmoqchi bo‘lganini yaxshilab tushuntirib beradi. Tarjimon har bir asarni, jumladan, Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” hikoyasini sharhlaganda milliy mentalitetimizga xos xususiyatlar haqida, masalan, qaynona-kelin munosabatlarini amerikalik kitobxonga qisqa-lo‘nda tushuntiradi.

To‘plamdagi yosh yozuvchi Nargiza ­G‘ulomovaning “Shaharlik kelinchak” hikoyasida kelinchak Ra’no bilan uning eri Umid o‘rtasidagi ushbu ­dialogga ­e’tibor beraylik:

“— Ra’no, sendan bir narsani ­iltimos qilsam maylimi?

Ra’no savol nazari bilan eriga qaradi.

—    Onamni “oyijon” degin.

Ra’no chuqur xo‘rsindi:

— Bilasizmi, onam mening eng yaqin dugonam, sirdoshim, maslahatchim. Ular juda ajoyib ayol. Men esa, afsuski, biror marotaba ularni “oyijon” deb atamabman.”

Shu qisqa muloqotni ingliz tiliga tushunarli tarjima qilish qanchalik mushkul. Chunki kuyovning iltimos qilayotgani “oyi” so‘ziga qo‘shiladigan “jon” erkalash suffiksining analogi ingliz tilida yo‘q. Shu bois tarjimada kuyov onasini “ona” deb chaqirishini kelindan so‘rayotir. Kelin esa hatto o‘z onasini biror marta ona deb chaqirmaganini aytayapti. Bu muloqot ingliz tilida o‘qiydigan kitobxonda biroz tushunmovchilik tug‘diradi. Nega endi kelin o‘z onasini “ona” deb chaqirmagan ekan, degan savol tug‘iladi. Shu sababdan tarjimon kuyovning so‘rovidagi (“Call my mom ‘mother’”, he said) va Ra’noning javobidagi (“…I’ve never called her ‘mother’, even once”) “oyijon” o‘rnini bosayotgan “ona” so‘zini apostrop bilan bergan. Ammo Umid va Ra’noning o‘z onalari haqidagi gaplarida bu apostrop yo‘q. Hikoya so‘ngida ­apostropdagi “ona” so‘zi qanday ma’noda kelayotgani va sababi ingliz tilida quyidagicha izohlangan: “O‘zbek tilidagi muloqotda kishilarga murojaat qilishda kishi nomi yoki “ona” va “ota” so‘ziga “jon” qo‘shimchasi qo‘shiladi. “Jon” hurmat, muhabbat va g‘amxo‘rlikni anglatadi. Biz “jon” ingliz tilidagi “dear” — qadrli so‘ziga ekvivalent bo‘ladi, deya olamiz. Shunday ekan hurmat ma’nosida inglizcha “dear mother” — o‘zbek tilida oyijon va “dear father” dadajon bo‘ladi” (inglizcha izoh tarjimasi bizniki — G.O.)

Kitob so‘ngida hikoya mualliflari haqida ma’lumotlar keltirilgan va tarjimonning bu tadbiri ham juda ma’qul. Umuman, mutarjimning mazkur to‘plamni tayyorlashda ishga alohida ixlos bilan yondashgani sezilib turibdi. Tarjimalarda asliyat mazmuni aniq-tiniq yetkazib berilgan. Bu kitobni haqli ravishda “A collection of Uzbek short stories” (O‘zbek qisqa hikoyalari to‘plami) desa bo‘ladi. Tarjimalar sifati va saviyasi haqida gapiradigan bo‘lsak, tarjima tili sodda va ravon.

Britaniyalik professor D.Kristalning ta’kidlashicha, dunyo bo‘yicha uch nafar ingliz tili vakili bo‘lmagan (none native speaker) kishiga bir ingliz tili vakili (native speaker) to‘g‘ri kelar ekan. Demak, dunyo bo‘yicha ingliz tilida so‘zlovchi ingliz tili vakili bo‘lmagan kishilar soni haqiqiy ingliz tili vakillariga qaraganda uch barobar ko‘proqni tashkil etadi. Ingliz tili vakili bo‘lmagan inglizzabonlarning ko‘pchiligi aynan o‘rtacha (intermediate) ingliz tilidagi kitoblarni mutolaa qiladilar. Shunday ekan, keng omma ­hukmiga havola etishni ixtiyor etsak, tarjimalarni aynan shu darajaga ­moslab amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, zamonaviy tarjimachilikda nimani, kimning asarini va qanday asarni tarjima qilish kerak, degan aniq savollarga ­javob topa olgan tarjimongina muayyan yutuqqa erishish imkoniga ega bo‘ladi. Buni badiiy tarjimadek murakkab, biroq sharafli ijodiy ishga bel bog‘lagan yosh ­mutarjimlar chuqur his etishlarini istardik.

Gulnoza Odilova,

O‘zMU dotsenti

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 50-sonidan olindi.