Gulabza Qarshiyeva. Jadid dramaturgiyasiga xos xususiyatlar

XX asr boshlarida jadid-ma’rifatparvar arboblari Turkistonda milliy taraqqiyot asoslarini har tomonlama ishlab chiqqanliklari ma’lum. Bu borada bir guruh olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni tahlil qilishning o‘zi alohida tadqiqotni taqozo etadi. Ammo, jadidshunos olimlar bu masalada shunday bir yakdil fikrga keladilar: jadid ma’rifatparvarlari milliy taraqqiyotning butunlay yangi asoslarini ishlab chiqqanlar. Bu g‘oyani birgina jadid dramaturgiyasiga nazar tashlash bilan ham anglab olish mumkin.

Mahmudxo‘ja Behbudiy «teatr — ibratxona» g‘oyasini ilgari surgach, ilg‘or fikrli jadid ma’rifatparvarlari masalaning mohiyatini tez anglab oldilar. Chunki sahna asari o‘sha davrdagi turkistonliklarning ayanchli turmush tarzini, ijtimoiy hayotdagi illatlarni insonga ko‘zgu sifatida ko‘rsatib bera olar edi. Sahna voqeligida odamlar o‘z hayotlarini ko‘rib, ilg‘or jihatlaridan suyunar va illatlaridan esa kuyinar edi. Bu teatrning o‘ziga xos ibratxona bo‘lishini anglatardi. Shu ma’noda jadid dramaturgiyasi Turkiston xalqlari madaniyatining ko‘zgusi sifatida paydo bo‘ldi, lekin uning haqiqiy ko‘zguga, chinakam ibratxonaga aylanishi uchun yangi asarlar kerak edi. E’tiborlisi shundaki, bu ehtiyoj ham to‘laqonli ravishda qondirildi.

Jadid dramaturgiyasi mazmun-mohiyat va shakl-mundarija jihatidan nafaqat o‘sha davr ijtimoiy-madaniy hayoti uchun, balki o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga ham yangi xususiyatlarni taqdim qildi. Avvalo janr malakasini olaylik. Jadid dramaturgiyasi tragediya janri bilan boshlandi. (M.Behbudiy «Padarkush»). Keyin unda komediya (Hoji Muin, A.Avloniy, Hamza) janri tarkib topdi. Nihoyat, drama janrida yozish keng urf bo‘ldi. (Fitrat, Hoji Muin, A.Avloniy, Hamza). Jadidlar umumiy ma’noda bu janrlarni «pesa» deb yuritganlar.

O‘zbek adabiyoti asrlar davomida taraqqiyot va tanazzul bosqichlarini o‘tib keldi. XX asrning boshlarida faoliyat olib borgan jadid ma’rifatparvarligi davrida o‘zbek adabiyoti, shubhasiz taraqqiy etdi. Milliy adabiyotimiz uchun mutlaqo yangi janr bo‘lgan dramaturgiyaning paydo bo‘lishi va shakllanishi bu davr adabiyotidagi katta yutuq sifatida baholanishga loyiq.

Turkistonda XX asr boshlarida yangi mazmun va shakldagi ovro‘pacha yo‘nalish kasb etgan badiiy adabiyot rivojlana boshlagani ma’lum. Qisqa fursatda roman, hikoya, barmoq vaznidagi she’r turlarining iste’dodli ijodkorlari paydo bo‘ldi. Shular qatorida XX asrning 10-yillaridan o‘zbek jadid dramaturgiyasining tajribalari kurtak yozdi.

Jadid adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodiy faoliyati, ularning asarlari, jumladan, dramaturgiyasi xususida G‘.Karimov, O.Sharafiddinov, B.Qosimov, N.Karimov, Sh.Rizayev, S.Ahmad, Sh.Turdiyev, B.Do‘stqorayev va boshqa yirik olimlar hamda bir qancha yosh tadqiqotchilar tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Mazkur maqolada biz, jadid dramaturgiyasining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida fikr yuritmoqchimiz.

Davr pesalarining mazmuni, mavzusi to‘g‘risida Miyon Buzruk Solihov shunday yozadi: “Agar biz u davrda sahnalasha borgan pesalarning mazmunlariga qarasak, jadid programmasini amaliylashtirish va ommani u maqsadga oshno qilish asosiy nuqta bo‘lganini ko‘ramiz: ya’ni, pesalarda islom dinini kapitalizm talablariga moslab islohot yaratish, tarixparastlik yo‘li bilan milliy taassubni kuchlantirish, eski isxolostik tarbiya yeriga milliy tarbiya berish va milliy burjuaziyaga ong bag‘ishlash maqsadi ancha mahkamlik bilan yoqlanadilar.”[1]

Haqiqatdan ham, jadid dramaturgiyasi “g‘oyaning amaliy ko‘rinishi” bo‘lib maydonga keldi va shu sababdan xalq tomonidan juda tez qabul qilindi. Chunki, odamlar teatr sahnasida o‘z turmush tarzidagi illatlarni jihatlarini ko‘ra boshlagan edilar.

O‘zbek xalq teatri – keng mehnatkashlar ommasining hayoti, dunyoqarashi, orzu-intilishlari va badiiy talablari asosida tashkil topgan va rivojlangan, ko‘p asrli tarixga ega bo‘lgan mazmundor san’at. U o‘z taraqqiyoti davrida xalq ommasi ijtimoiy noroziligining yorqin ifodasi bo‘lib kelgan, madaniy hayotda, xulq dunyoqarashi va tafakkurining takomillashuvida ma’lum darajada rol o‘ynagan.

Ma’lumki, jadid dramasi xalq hayoti, davr taqozosi bilan turmush tarzining illatli jihatlarini ko‘rsatish natijasida yuzaga keldi. An’anaviy xalq teatrlari jadid dramaturgiyasining tug‘ilishi, rivojlanishi, unib-o‘sishida ma’lum ma’noda zamin bo‘ldi. Asosiy ta’sir va namunani ma’rifatparvar adiblar XIX asrning 70-yillaridan Turkistonga kirib kela boshlagan rus, ozarbayjon, tatar hamda ovro‘pocha teatr shakllaridan o‘rgandilar va ijodiy o‘zlashtirdilar. Bu jadid dramaturgiyasining o‘ziga xos birinchi xususiyatidir.

Ikkinchi xususiyat, zamonaviy Osiyo tarixidagi teatr san’atining taraqqiyoti yozma dramaturgiyaning paydo bo‘lishi “masxarabozlik va qiziqchilik” san’ati tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, bu san’at turli ko‘rinishlarda to hozirgacha davom etyapti. Dramaturgiyaning jadid adabiyotida yozma namunalari paydo bo‘lguniga qadar kechgan tarixi ana shu masxaraboz va qiziqchilar teatrida ijro etib kelingan og‘zaki dra­ma ko‘rinishlaridan iborat.

Bular shunchalik uzviylashib ketgan san’at hodisalariki, ularning yaratuvchisi ham ijrochisi — targ‘ibotchisi ham masxaraboz va qiziqchilarning o‘zidir. Uzoq yillar davomida og‘zaki dramalarning yuzlab namunalari yaratildi, bir qancha ijrochilari yashab o‘tdi.

Zohiran ham, botinan ham keskin farqlari yaqqol ko‘rinib turgan an’anaviy xalq teatri o‘zbek jadid teatri va dramaturgiyasi shakllanishiga muayyan ta’sir ko‘rsatdi, uning rivojlanishi, mustahkamlanishiga o‘ziga xos hissa qo‘shdi. Tabiiyki, bu jarayonda u ba’zi umumiy jihatlar ham kasb etdi.

Jadid dramaturgiyasining o‘ziga xos uchinchi xususiyati pesalarda davr ijtimoiy hayotidagi dolzarb masalalarning ko‘tarilganligida ko‘rinadi.

Ta’kidlaganimizdek, o‘zbek jadid dramaturgiyasi hamda teatrining shakllanishi, avvalo, ijtimoiy hayot taqozosi va ehtiyoji tufayli sodir bo‘ldi. Shuning uchun ular tomonidan yaratilgan dramatik asarlarda mavzu ko‘lami jihatidan davr hayotidagi barcha ijtimoiy masalalar qamrab olingan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teyotr nadur” deb savol qo‘yadi va “Teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’ziri adabiydir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rib, kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbeh etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayonan ko‘rsatguvchidir. Hech kimni rioya qilmasdan to‘g‘ri so‘ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildurguvchidir”[2] deya javob beradi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush”, Hoji Muinning “Eski maktab va yangi maktab”, “Mazluma xotun”, “Ko‘knori”, Hoji Muin va Nusratulla Qudratullayev hamkorligida yozilgan “To‘y”, Abdulla Badriyning “Juvonmarg”, “Ahmoq”, Abdulla Avloniyning “Pinak” va boshqa bir qator dramalarda mazlum xalqning og‘ir turmushi, huquqsizlik va erksizlik, bilimsizlik va qoloqlik, maishiy turmushdagi bid’at va illatlar ro‘y-rost aks ettirilgan. Bunda aybdor bo‘lgan mavjud ijtimoiy tuzum qoralandi. Bu tuzumga barham berish, ozodlik, mustaqillikka erishish uchun barcha sohalarni isloh qilishga da’vat va ma’rifatparvarlik g‘oyalari ilgari surildi. Jadidlarning ijtimoiy faoliyati mazlum xalq taqdiri, mustaqilligi bilan mustahkam bog‘langan. Bu bilan ular o‘zlaridan keyingi avlodga mash’al bo‘ldilar.

Miyon Buzruk Solihov “fevral inqilobidan burunda eng ko‘p pesa yozgan kishi” deb ta’rif bergan Hoji Muin Shukrulloning “Ko‘knori” va “Mazluma xotin” pesalarida davrning eng dolzarb mavzulari ko‘tarilganligi va juda ta’sirchan chiqqanligi bois, 1916 yilda G.Andreev taqriz yozgan va “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qilingan. “Mazluma xotin” pesasi rus va yahudiy tillariga tarjima qilingan. Mazkur dramalarda ko‘tarilgan mavzular oradan bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham dolzarbligini yo‘qotgan emas.

To‘rtinchi xususiyat, dramalarning turli xil janrlarda yaratilganligidir.

Dramaturgiya janrlari xususida Mahmudxo‘ja Behbudiy: «Har zamonni bir usuli ehtisobi bordur. Bu zamonda teyotrxonalar ham yamon va zararlik odatlarni ehtisob va tanqid qilib yamonligini, qabihini xaloyiqqa ko‘rsatib va’z va nasihat etguvchi bir joydur. Teyotrxona sahnalarinda qo‘yulaturgon asarlar fojia, ya’ni qayg‘ulik, mazhaki, ya’ni kulgu, drama, ya’ni hangomalik bir voqea va hodisani tasvir etib, xaloyiqqa ko‘rsatilur. Ul voqeadagi yamonlik va yaxshilikni paydo bo‘lgani va sababini har kim ko‘rub, anglab, ibrat olur va yamonlikdan qochib, yaxshilikg‘a harakat qilmoqg‘a, teyotrda ko‘rsatilgon voqealar sabab bo‘lur», — deydi. Bundan anglash mumkinki, Behbudiy teatr sahnasida qo‘yiladigan asarlarni uch janrga ajratadi:

  1. “Fojia, ya’ni qayg‘ulik”;
  2. “Mazhaka, ya’ni kulgu”;
  3. «Drama, ya’ni hangomalik»[3]

«Fevral inqilobigacha yuzaga chiqqan pesalarning juda ko‘plari fojiadirlar. Ba’zi kulkilar ko‘rilsalar-da, ular bir pardalik kichik asarlar bo‘lib, fojia qo‘yilganidan so‘ngra, bir oz ovutib qo‘ymoq uchun, sahnaga qo‘yilar edilar»[4]. O‘sha davrda fojiaga bunday katta e’tibor berish ham tasodifiy hodisa emas edi. Bu davr taqozosi, ijtimoiy vaziyat, mavjud turmush tarzi talabi bilan yuzaga kelgan hodisa hisoblanadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, jadid teatr arboblari dramaturgiya nazariyasidan ham yaxshi xabardor bo‘lganliklari sabab, ushbu adabiy janr rivojida muhim o‘rin tutuvchi munaqqidlik, ya’ni dramaturgiya tanqidchiligini yo‘lga qo‘ydilar. O‘z navbatida, teatr tanqidchiligi jadid dramasi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teyotr nadur?” maqolasidan tashqari 1911 yili Abdurauf Fitrat (1884-1938)ning “Munozara” pesasiga oid “Munozara haqida” nomli maqola yozadi. Fitrat bu asarini “risola” deb ataydi, Mahmudxo‘ja Behbudiy ham “bir risola shaklinda” deb yozadi. Ta’kidlash lozimki, bu o‘rinda «risola» atamasi hozirgi tushunchadagi sof ilmiy risoladan farq qiladi. Chunki, «bir risola shaklinda» yoki «teatr risolasi» atamalari «voqelikni tahliliy tasvirlash va muayyan muammolar yechimini ko‘rsatib berish» ma’nolarida keladi. Demak, jadid ma’rifatparvarlari “teatr risolasi” deganda “mukammal sahna asari” yoki “stsenariy” ma’nosini nazarda tutadilar.

Jadid dramalarining o‘ziga xos beshinchi xususiyati, dramalarning badiiy xususiyatlari, xarakterlarning yaratilishida namoyon bo‘ladi.

Yaratilgan har bir asarda jadid obrazining kiritilishini jadid dramaturgiyasiga xos bo‘lgan oltinchi xususiyat sifatida ko‘rsatishimiz mumkin. Masalan: «Padarkush»da (Mahmudxo‘ja Behbudiy) Ziyoli, «Munozara»da (Fitrat) Farangi, «To‘y»da (Hoji Muin Shukrullo va Nusratilla Qudratilla) Mirzo, «Baxtsiz kuyov»da (Abdulla Qodiriy) Ellikboshi, «Juvonmarg»da (Abdulla Badriy) Jo‘raqul, «Eski maktab, yangi maktab»da (Hoji Muin Shukrullo) Komilboy, «Mazluma xotin»da (Hoji Muin Shukrullo) Muallim kabi obrazlar. Bu obrazlar orqali jadidlar o‘z g‘oyalarini xalq ongiga singdirish bilan birga, milliy mustaqillikka erishish, jamiyatni taraqqiyotga boshlaydigan to‘g‘ri yo‘lni anglash uchun xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, ilmli, ma’rifatli bo‘lish lozimligini uqtirganlar

Jadid dramaturgiyasi bir necha o‘ziga xos xususiyatlar bilan birga, dramaturgiyani real ijtimoiy hayotning eskizi, tasviriy oyinasi deb bilish, dramalarni yaratishda dunyoning ilg‘or ijodkorlari tajribalariga tayanish, dramaturgiya nazariyasi talablariga to‘liq javob beruvchi asarlar yaratish va sahnaga qo‘yishga intilish, sahna asarlari vositasida xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish va millatni taraqqiyotga boshlash kabi muhim jihatlarga ham egadir. Jadid dramalarida ko‘tarilgan mavzularning aksariyati bugungi kunda ham dolzarb ekanligi bilan ahamiyatlidir.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son

[1] Solihov B. O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar. T.: O‘zdavnashr. 1935. 87-bet.

[2] Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. To‘plovchi: B.Qosimov. Ma’naviyat, 1999. 174-bet.

[3] Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. To‘plovchi: B.Qosimov. Ma’naviyat, 1999. 174-bet.

[4] Solihov B. O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar. T.: O‘zdavnashr. 1935. 88-bet. «Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son