XX asrning yirik nemis adibi. Intellektual nasr asoschilaridan biri, psixologik simvolizm ustasi. Ijodida Sharq va G‘arbning falsafiy-adabiy an’analarini sintezlashtirgan. 1946 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
German Gesse tom ma’noda kitob odami edi va o‘zini adabiyotga kitob orqali kelgan adib deb bilardi. Bu e’tirofning o‘ziga xos ma’nosi bor: adib dunyoni oldin oilaviy kutubxona orqali angladi, kitob orqali odamlarni tanidi, atrof-muhit bilan kitob orqaligina munosabatda bo‘ldi. Tabiatan odamovi bo‘lgan adib bolaligidanoq kitoblar dunyosida o‘zini erkin, qulay his qilardi. Faqat kitobgina uning ozurda, ta’sirchan ko‘ngliga yo‘l topa oldi va kitob tufayli o‘zini o‘smirlikning xavfli, xato yo‘llaridan, tutqanoq kasalligining qayta xurujidan asrab qola bildi. Boshqacha aytganda, kitob bilan u tanasidagi dardlarni va qalbini muolaja qildi. Umuman olganda, Gesselar oilasini kitobxonlar oilasi deb atash mumkin edi. Ularning kasb-kori, tanlagan yo‘li bevosita va bilvosita kitobga bog‘liq bo‘lgan. Bobosi va onasi Hindistonda – Karachida bir necha yil missionerlik bilan shug‘ullanishdi. Otasi ham shu yo‘lni tanlagani uchun qaynotasining va Mariyaning ishonchini qozondi. Butun oila kitob orqali jamiyat va odamlar bilan munosabatga kirishar, boshqalarni ham kitobga da’vat qilishar, kitob bilan, to‘g‘rirog‘i, muqaddas kitoblar bilan dunyoni, adashgan odamzodni qutqarish yo‘llarini targ‘ib etishardi. Missionerlar oilasida dunyoga kelgan bola ham ota-onasi izidan ketdi. Biroq Gesse insoniyatni ezgulikka, bashariy uyg‘unlikka boshlash uchun missionerlikni emas, adabiyotni, kitobni tanladi. Bobosining kutubxonasida nemis va Sharq faylasuflarining kitoblari juda ko‘p edi. Yosh o‘smir uchun bu tuganmas xazinadek tuyuldi. Kitob uni tengdoshlariga nisbatan tez ulg‘aytirdi. U o‘n yoshida singlisi uchun «Og‘a-ini» nomli ertak yozib berdi. Bu esa murg‘ak qalbiga adabiyot, yaratish, ijod zavqini olib kirdi va bir umr ana shu zavq mubtalosi bo‘lib qoldi. Adib esdaliklarida: «Men o‘n uch yoshimda yo shoir, yo hech kim bo‘lishimni his etdim», – deb yozgandi. Shu sababli uning aksariyat qahramonlari kitobga mukkasidan ketgan, dunyoni kitobiy tasavvur qilgan, kitobiy tasavvurlari bilan mavjud voqelik konfliktiga kirishgan kishilardir. Kitob orqali tasavvur qilingan dunyo bilan mavjud voqelik mos kelmasligi, bir-birini inkor etishi Gesse asarlari fabulasining asosiy xususiyatiga aylandi. Kitob orqali, musiqa orqali tasavvur qilingan dunyoni tarannum etish, odamzodni ana shu dunyo sari boshlash, uning og‘riq, musibat, zalolat to‘la qalbini ana shu dunyoning go‘zalligi, nafosati, orzu-xayollari bilan davolash Gesse ijodining maqsadiga, kredosiga aylandi. U tom ma’noda aynan kitob kuchi va quvvati bilan dunyoning mashhur adibiga aylana olgan ijodkordir. Chunki Gesse na kollejni bitirgan, na universitetni. Diniy seminariyani ham bir yil o‘qimasdan tashlab ketgandi. Uning topgani va o‘rgangani faqat kitob tufayli edi. Seminariyada va kollejda o‘qiy olmasligini bilgach, ota-onasi uni kitob do‘koniga shogirdlikka qo‘yishdi. Ijodkor bu kasbda ancha yillar ishladi, shu ishda suyagi qotdi, kitobsiz yasholmaydigan bo‘lib qoldi. Nihoyat, kitob sotuvchisi maqomiga ham erishdi. Uning faoliyatida adabiyotga aloqasi bo‘lmagan birdan-bir erishgan darajasi ana shu «kitob sotuvchisi» maqomi edi. Gesse kitoblar olamida o‘zini topa oldi, kitoblar orqali o‘zini va dunyoni kashf qildi, kitob quvvati bilan XX asrning ulug‘ yozuvchilari safiga ko‘tarila bildi. Maktab va kollejda o‘qishi yurishmagach, Gesse o‘zi mustaqil ma’lumot olishga kirishdi va o‘n yetti yoshidan yigirma yoshgacha «Dunyo adabiyoti kutubxonasi» ruknida o‘sha paytda nashr etilgan asarlarning deyarli yarmini o‘qib bitirdi. Shu sababli uning qahramonlari kitob, intellekt, musiqa, san’atni hayotning mazmuni deb bilishadi, ana shu narsalarga munosabatlariga qarab odamlarga baho berishadi, muomala qilishadi, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni kitob va san’at uchun kurash deb tushunishadi.
Gesse shunday degan: «Biz kitobni shunchaki vaqt o‘tkazish, zerikmaslik va ermak uchun emas, hayotimizning tirgagi, yo‘l ko‘rsatuvchisi, mayog‘i va yo‘lboshchimiz deb o‘qishimiz kerak. Biz kitobni qattiqqo‘l o‘qituvchisidan qo‘rqqani uchungina dars qiladigan maktab bolasi yoki ko‘ngilxushlik uchun ichiladigan shnaps kabi emas, Alp tog‘iga chiqayotgan cho‘qqibardor, g‘alaba uchun jangga kirgan askar sifatida yoxud kundalik hayotdan chalg‘ish uchun emas, balki uni o‘zimizning do‘stimiz, maslahatchimiz, yordamchimiz, yo‘l ko‘rsatuvchimiz deb o‘qishimiz kerak».
German Gesseni tom ma’noda G‘arbda tug‘ilgan sharqlik adib deb atash mumkin va bunday yondashuvda hech qanday mubolag‘a yo‘q. Zero, uning ijodi, dunyoqarashi, voqelikka estetik munosabati Sharq odamini va faylasufini eslatadi. Buning sabablari juda ko‘p. Shulardan biri onasi Mariya Gundertning bir necha yillar Karachi shahrida ingliz missioneri sifatida yashagani, islom, buddaviylik falsafasi bilan tanishligi, bobosining kutubxonasida ko‘plab Sharq faylasuflarining asarlari borligi bo‘lsa kerak. Ko‘plab tadqiqotchilar, hatto adibning o‘zi ham tarjimai holida olamga va insonga munosabati onasidan o‘tganligini alohida ta’kidlaydi. Ijodiy uslubidagi aynan sharqona yondashuv tufayli Gesse Yevropada juda tez tanildi, tan olindi, shu bilan birga, uning falsafiy-adabiy qarashlari Yevropa uchun «eski davr ruhida yozilgan» deya bir umr tanqid qilib kelindi. Faqat asarlari emas, shaxsi ham sharqlikka mos edi. U har narsaga, har bir harakatga, har bir ta’limotga bani bashar ko‘zi bilan qarardi, bani basharga xos fazilatlar va nazariyalar tarafida turardi. Bir davrda adabiyotga kirib kelishgan va bir paytda nemis adabiyotining yirik vakillari sifatida tan olingan bo‘lsa ham, Tomas Mann, mashhur fizik Maks Blank kabi ko‘plab ziyolilar Birinchi jahon urushi davrida militarizmni, urushni, bu qirg‘inda o‘zlari mansub davlatlar g‘olib bo‘lishini yoqlab chiqqandi. German Gesse bilan Romen Rollangina mazkur qirg‘inbarotni insoniyatga qarshi jinoyat deb qoralashdi, tinchlik va insonparvarlik tarafida turishdi, aynan shu qarashi uchun tengdoshi, maslakdoshi bo‘lgan Tomas Mann ham Gesseni patsifist sifatida tanqid ostiga olgandi. Birinchi jahon urushi davrida Gesseni butun Germaniya matbuoti «qo‘rqoq va sotqin» deya shov-shuv qildi. Bu toki 1918 yilgacha davom etdi. Gesse esa muhorabaning har ikkala tomonidan asir tushganlarga, lagerlarda yotganlarga xayriya ko‘magi ko‘rsatib turdi. Eng achinarlisi, aynan qarashlari uchun adib o‘z yaqinlari, do‘stlaridan uzoqlashdi, bir umr uzlatda, shaharlardan chetda, ovloqda yashashni ma’qul ko‘rdi.
Gesse shunday degan: «Nihoyat, 1919 yil bahorida urush men uchun ham tugadi: hammasini esdan chiqarish va hayotimni yangidan boshlash uchun Shveytsariyaga, uzlatga ketdim. Ovloqda xitoy va hind falsafasini chuqur o‘rgandim, bu faqat hikmatlarni o‘rganish emasdi, shuning barobarida Sharqning timsollar tilini va uslubini ham o‘rgandim, aynan asarlarimdagi sharqona simvolizm uchun meni «buddist» deya ayblovchilar ham bo‘ldi».
Gesse ijodida hamisha aql ustidan g‘alaba qilgan qalbning go‘zalliklari, qalbning tebranishlari va tovlanishlari bo‘rtib turadi. Asarlarining aksariyatida sovuq aql va sovuq taraqqiyot bilan botiniy kurashayotgan qahramonlarning kechinmalari, iztiroblari, uqubatlari asos qilib olinadi. Bu qahramonlar mangu go‘zallikning oshuftalari: ular musiqa, poeziya, tabiat va olam go‘zalliklari shaydolaridir. Gesse qahramonlarida Sharq shoirlariniki kabi romantik idealga, yorug‘lik va bani bashar uyg‘unligiga, vujud va olam yaxlitligiga intilish yaqqol seziladi. Aynan shu sabablarga ko‘ra G‘arb tanqidchilari Gesseni «Evropaning so‘nggi romantigi» deb ham atashadi. Asarlarida sharqona falsafa, buddizm ruhi bo‘rtib turgani bois adibni jodugarlikda ayblab qamoqqa olishgan paytlar ham bo‘ldi.
German Gesse tuyg‘u va aql, nur va soya, yorug‘lik va zulmat, go‘zallik va xunuklik, ezgulik va tubanlik o‘rtasida inson qalbini zabt etish uchun kechadigan kurashni majozlashtirgan asarlari bilan dunyo adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Unga «intellektual asarlar ustasi» deb baho berishsa-da, badiiy asarlaridan tashqari publitsistik esselari ham sovuq intellektning mahsullari emas, aksincha, nafosat va joziba bilan yozilgan, ehtiros va musiqiy ohangga belangan, ko‘ngil harorati ufurib turgan ijod namunalaridir.
German Gessening «Peter Kamentsind», «G‘ildirak ostida», «Gertruda», «Demian», «Siddxartxa», «Cho‘l bo‘risi», «Nartsiss va Goldmund», «Sharq ziyorati», «Biser o‘yini» romanlari XX asr adabiyotining ulkan yutug‘i sifatida e’tirof etilgan.
Garchi shunday qarash mavjud bo‘lsa-da, German Gesse asarlari o‘z davrining ijtimoiy hayotidan uzilgan romantizm mahsuli emas. Adib har bir asarini o‘z davrining eng dolzarb muammolariga, qarashlariga bag‘ishladi, asarlari orqali ularga o‘z munosabatini bildirdi, tahlil qildi va fosh etdi. Hatto romantik kayfiyat va yoshlikning adabiy pafosi bilinib turgan dastlabki romanlaridan biri – «G‘ildirak ostida» ham kayzer Germaniyasining yosh avlodni ma’naviy mayib-majruh qilishga asoslangan harbiylashgan ta’lim tizimini tubdan fosh etuvchi asarga aylandi. Romanda ulkan mashina g‘ildiragi ostida qolib o‘lgan bola fojiasi timsolida kayzer ta’lim tizimining mohiyati ochib tashlanadi: kayzer ta’lim tizimini shunday qurganki, bu tizim tarbiyasi urushni, qirg‘inni, bosqinchilik va dunyoga gegemonlikni targ‘ib etadi, bolaning ko‘nglidagi tabiiy va insonparvar tuyg‘ularni yo‘qotib, o‘rniga zabt etish va zo‘rvonlikni kiritib qo‘yadi. Bu ta’lim tizimi bolani bosib, halok qilgan ulkan mashinaga o‘xshatiladi. Yozuvchining mazkur asari o‘z davrida juda mashhur bo‘lib ketdi. Chunki asar chop etilgandan sal o‘tib kayzer Germaniyasi o‘z farzandlarini Birinchi jahon urushiga olib kirdi. Bu esa Gesse asarining qiymatini yanada oshirdi. Umuman, urush va qirg‘inni adib eng qabih jinoyat deb bilardi. Aynan urush va qirg‘indan, militarizm, shovinizm vasvasasiga yo‘liqqan millatdoshlaridan uzoqroq bo‘lish uchun Shveytsariyaga ko‘chib o‘tdi va bir umr urushdan uzoqda yashadi. Uning qahramonlari ham urushga nafrat bilan qarovchi, o‘zini va o‘zligini o‘zidan izlovchi qahramonlar edi. Gesse insoniyatni xalos qiladigan g‘oyalarni G‘arbdan ham, romantik ta’limotlardan ham, utopiyalardan ham, shu bilan birga, Sharqdan ham izlab ko‘rdi, bu ta’limotlar asosida inson mohiyatiga razm soldi, uni qutqaruvchi, o‘zligiga qaytaruvchi hayot mazmunini asarlari orqali izlab o‘tdi. Gesse nazarida, hayotning mazmuni uning ichida, botinida, ruhida edi. Odam o‘zini anglamas ekan, unda turli g‘oyalarning, ta’limotlarning, nazariyalarning, siyosiy mafkuralarning quli va quroli bo‘lib qoladi. O‘zini anglash esa tafakkur, qalb va san’at orqali yuz beradi. San’atsiz aql sovuq qurol, san’atga uyg‘unlashgan aql qalb va idrokning uyg‘unligi, demak, hayot va olam uyg‘unligidir. Qayerdaki qalb va aql uyg‘unligi buzilsa, o‘sha yerda o‘pirilish, urush, qirg‘in va gumanizmdan chekinish yuz beradi, shaxsiy, milliy va davlat miqyosidagi xudbinlik boshlanadi. Gesse o‘z davrining mafkuraviy manzarasini «davlat miqyosidagi xudbinlik» deb ataydi. Bir-biriga tish qayrab urushga kirgan davlatlar o‘zlaricha davlat miqyosidagi xudbinlik botqog‘iga botib qolishgan, shu tufayli ularning adashishi hali uzoq davom etadi, bunday jarayon san’atni, kitobni, musiqani, go‘zallikni o‘ldiradi.
«Cho‘l bo‘risi» romanida aynan san’atning tubanlashish jarayoni aks etadi. Go‘zallik va san’atni saqlab qolish, uni insonni xalos qiluvchi vositaga aylantirish Gesse bir umr intilgan mayoq edi. Uning qahramonlari ham asarlarida san’at va go‘zallikni saqlab qolish uchun sovuq tamaddun, hissiyotsiz, ma’naviyatsiz taraqqiyotga qarshi kurashga kirishadi. Adib o‘z qahramonlarini soxta san’atga, soxta madaniyatga, soxta gumanizmga qarama-qarshi qo‘yadi: ana shunday muhitda bu qahramonlar yolg‘iz, yakka, ajralgan, jamiyat va olomon uchun begonaligicha qoladi. Ular, bir tomondan, jamiyat ichidagi «yakka bo‘rilar» bo‘lsa, boshqa tomondan, o‘z ichidagi «bo‘ri-odam»ga qarshi kurashayotgan qahramonlardir. Mazkur qahramonlar ham muhitga, ham o‘ziga qarshi turgan, ham o‘zi, ham muhit bilan ziddiyatda. Bunday ikki tomonlama konfliktda turgan qahramonlar Gessening barcha asarlariga xos. Ular hissiyoti va instinktiga tayanadigan, tabiatning yovvoyi, betartib, ammo olam bilan uyg‘unlikni saqlab qolgan aqidalariga amal qiladigan, yakka holda yuradigan «cho‘l bo‘rilari»ga o‘xshashadi. Aynan dunyoni boshqacha ko‘rish istagida bo‘lishgani uchun ham o‘zini dunyoning va olamning ustunlari deb bilayotgan olomondan ajralib qolgan.
Adib nazarida, XX asr tamadduni tabiiy jarayonlar asosida paydo bo‘ladigan taraqqiyot emas, balki inson mohiyati va tabiatiga zid ravishda rivojlanish yo‘lidan ketyapti, ayni shuning o‘zi tamaddunni jamiki tabiiylikka va go‘zallikka qarama-qarshi qilib qo‘yadi. Ma’naviyatdan yiroq, texnikalashgan taraqqiyot inson va olamning tabiiy muvozanatiga putur yetkazadi, insonni xalos qilishi mumkin bo‘lgan go‘zallikdan mahrum etadi. Bunday yo‘ldan insoniyatni qaytarish kerak. Insoniyat go‘zallik va qalb bilan uyg‘unlashgan ravnaq yo‘lini tanlashi lozim, ana shunda u xalos bo‘ladi. «Cho‘l bo‘risi» romani oxirida Garri Gallerning so‘nib qolgan istaklariga hayot bag‘ishlash uchun yuksak adabiyot va san’at yordamga keladi, boshqacha aytganda, ma’nan o‘lgan qahramonni abadiy go‘zallik va san’at daholari Gyote va Motsart hayotga qaytarishadi: uning ko‘nglini san’atga shaydo qilib, hayotiy quvvat olib kirishadi va uni insoniyatni xalos qilish uchun xuddi qadim alplar kabi odamlar ichiga jo‘natishadi. «Cho‘l bo‘risi» romanidagi yozuvchi Garri Gallerni tadqiqotchilar ko‘p jihatdan German Gessening prototipi deb bilishadi va Garrining romandagi barcha holat, kechinmalari, qarash, tushunchalari, aslida, German Gessening o‘zinikidir deyishadi. Garchi bu qahramonlarning aksariyati mukammal ishlangan qudratli mashinaga – ommaviy xudbinlik va ommaviy soxtalikka yengilsalar-da, ularning kurash jarayonidagi ishonchlari, e’tiqodlari, tushunchalari o‘quvchida o‘ziga va aqliga, ko‘ngliga ishonch uyg‘otadi, hayot haqidagi qarashlarini go‘zallashtiradi. German Gessening asarlarida XX asrning 60-yillarigacha bo‘lgan avlodning o‘z «men»ini, o‘zligini topish yo‘lidagi izlanishi va adashishi, topishi va yo‘qotishi, taraqqiyoti va tanazzuli bor bo‘yi, manzarasi bilan namoyon. Ammo negadir o‘sha davr avlodi adib asarlarida o‘zining ma’naviy-ruhiy dunyosi, botiniy evrilishlari manzaralari mavjudligini inkor etdi. 20-yillarga kelib adabiyotda Joys, Kafka, Prust asarlaridan so‘ng boshlangan yangi ko‘tarilish davrida Gessega yarim sharqona, yarim g‘arbona ruhdagi, romantik uslubga yangicha intellektual ma’no bergan eski yozuvchi sifatida qarashlar boshlandi. 20-yillar oxiridan to 40-yillar boshigacha Gesse deyarli unutildi. Uning asarlarida bu avlod o‘zini ko‘rmadi. Urush oxiri va urushdan so‘ng birdan Gesse asarlariga intilish kuchaydi. Qirg‘inbarot dahshatlariga guvoh bo‘lgan avlod Gesse asarlari orqali izlagan ma’naviy ozuqaga ehtiyoj seza boshladi. Endi bu avlod qirg‘in va urush, zulm va zo‘rlik, taraqqiyot va aql bilan dunyoni o‘zgartirib bo‘lmasligini, inson ma’naviyatsiz taraqqiyotga qancha intilsa, shuncha tanazzulga yaqinlashib, o‘ziga va mohiyatiga begonalashib borishini his eta boshladi.
1943 yili adibning «Biser o‘yini» romani bosilib chiqdi. Bu asar Gesse ijodining cho‘qqisi va syurrealizm oqimining mukammal namunasi sanaladi. Asar badiiy romandan ko‘ra falsafiy-badiiy essega yaqinroq turadi. Adib o‘zi yashagan davrning ma’naviy-ruhiy manzarasini xayoliy-majoziy usulda tasvirlab, xulosalab beradi.
Asar uch qismdan, Kastaliya davlatining tarixi haqida risola-tahlil, bosh qahramon hayoti-faoliyati va bosh qahramon Knextning she’rlari, asarlaridan iborat. Asar roviysi kastaliyalik tarixchi. Romandagi asosiy voqea olis kelajakda, asosan, 2200 yili yuz beradi. Olis kelajakning tarixchi roviysi o‘z davridan turib bosh qahramon Knext nuqtai nazaridan kelib chiqib o‘tmish – XX asr madaniy hayoti va jamiyatini ilmiy, falsafiy-psixologik tahlil qiladi. XX asr – «feletonchilik», bugungi til bilan aytganda, ommaviy madaniyat gullab-yashnagan davr. Bu paytda odamlarni olomonchilik kayfiyati o‘z changaliga olgan. Asar roviysi mazkur kayfiyatni «feletonchilik» madaniyati deb ataydi. «Feleton» nemis tilida «ko‘ngilochar», «ermak» degan ma’nolarni beradi. Odamlar yuksak tuyg‘ular, yuksak maqsadlar qolib hayotlarini ermak va ko‘ngilochar faoliyat bilan o‘tkazishadi. Gazetalar, ommaviy matbuot, kitoblar, asarlar, san’at namunalari ana shu maqsadda yaratiladi. Adib istehzo bilan roviy tahlili orqali o‘z davrining ma’naviy fojialarini ko‘rsatib beradi. Bu davr olimlari ham haqiqiy ilm bilan emas, «Fridrix Nitsshening ayollarga munosabati», «Rossinining sevimli taomi», «Bo‘ydoq bo‘lishning o‘ziga xos fazilatlari» kabi tadqiqotlar, to‘g‘rirog‘i, oldi-qochdilar bilan shug‘ullanishadi. Omma maishat va ermakka mukkasidan ketgan. Jamiyat esa ularni eng keraksiz, hayot va go‘zallikka, insonning mohiyati va missiyasiga zid axborotlar bilan qaram, mute qilib turadi. Bu davr odamlari bo‘sh qoldi deguncha yo oldi-qochdi o‘qishadi, yo tomosha qilishadi. Olis kelajakdagi tarixchi roviyni hayratlantirib turli krossvordlar, skanvordlar va boshqa ermak o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi, san’at asari deb tomosha qiladiganlari, musiqa deb eshitadiganlari – barchasi shunchaki ermak, ko‘ngilxushlik, jazava, kun o‘tkazish vositalari, xolos. Bu o‘yinlarda insonni ma’nan boyitadigan, uni tozalaydigan, bani olam uyg‘unligiga, ruh va jism birligiga, vahdat ul-vujudga undaydigan hech narsa yo‘q. Odamlar o‘zlarini iqtisodiy va siyosiy bo‘hronlardan chalg‘itish uchun, ertangi kun oldidagi xavotir va qo‘rquvlarini yashirish, o‘zlarini aldash uchun shunday faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Gesse roviy tilidan bunday madaniyat va jamiyat tanazzulga mahkum deb xulosa chiqaradi. Ana shunday xulosaga kelgan yuksak aql egalari, intellektlar birlashib jamiyatni tanazzuldan asrab qolish yo‘llarini axtarishadi. O‘zlaricha shunday yo‘lni topishadi ham. Shu maqsadda har bir harakati, har bir tartibi, yo‘lagi, havosi ham san’at va musiqadan iborat bo‘lgan san’at, aql-idrok, musiqa boshqaradigan Kastaliya davlatini barpo etishadi. Asar ana shu mamlakatning tarixchisi tilidan o‘tmishni va Kastaliya davlati tartiblarini hikoya qilib beradi. Kastaliyada vaqt o‘z mohiyatini yo‘qotgan. Bu yerdagi aholi ermak o‘yinlarga qarama-qarshi bo‘lgan aql, tafakkur, botin va zohir uyg‘unligida paydo bo‘ladigan tasavvur o‘yini – biser o‘ynashadi. Biser o‘yini butun mamlakatda radio va matbout orqali keng yoritib turiladi. Davlatning bosh maqsadi yuksak intellekt egalarini, byurokratiya, rasmiyatchilik, zo‘rlik va zulmdan, tahdiddan xoli ozod va erkin ruhni, erkin irodani, ma’naviy komil insonni tarbiyalashdan iborat. Kastaliya maktablarida ruh o‘yini o‘ynaladi, ruhni yuksaltirish o‘yinlari orqali ta’lim-tarbiya beriladi. Bu yerda hamma o‘ynaydigan tafakkur o‘yini – din, fan, falsafa, musiqa, san’at yaxlitlashgan tarzda o‘ynaladigan biser. Masalan, Baxning kontserti matematik formula tarzida o‘ynaladi. Biser, ya’ni tafakkur o‘yinining bosh maqsadi bitta: fan, san’at, har xil mushohadalar, turlicha qaraladigan, yondashiladigan, sharhlanadigan narsalar, jismlar o‘rtasidagi uyg‘unlikni, bog‘liqlikni, umumiy rishtani ilg‘ash, ularning o‘zaro mos keladigan shakllarini va yo‘llarini izlab topish. O‘yin abstrakt fomulalarni aytish bilan boshlanadi va shu formula asosida tasavvur, intellekt kuchi bilan abstrakt tarzda davom ettiriladi. Bu yerdagi jamiki hayot abstraktga, xayolga qurilgan. O‘yinning shakli, ko‘rinishi, qiyofasi, shartlari haqida aniq ma’lumot asarda yo‘q. Ammo o‘yinning asoschilaridan biri sifatida «san’at va matematikani yaxshi ko‘rgan bazellik hazilkash» deya eslatilishiga qaraganda, Karl Yung va uning timsollar ta’limotiga asoslangan bo‘lishi mumkin. Demak, o‘yin zamirida timsol asosida fikr qilish, zavq olish, mushohada yuritish, anglash va idrok etish yotadi. Karl Yung o‘z nazariyasini «faol tasavvur» deb baholaganidan kelib chiqsak, bu o‘yin tasavvur o‘yinidir. O‘yinni Kastaliyada barcha o‘ynaydi, ularning birinchi darajali mashg‘uloti va asosiy faoliyati ham shu o‘yindir. Bu davlat tizimi Platon ilgari surgan davlat nazariyasiga tom ma’noda qarama-qarshi. Bu yerda hokimiyat olimlar, intellekt egalari qo‘lida. Ular bani olam, bani koinot uyg‘unligi, olam bilan muvozanatda yashash yo‘llarini izlashadi va bani olam uyg‘unligini orzu qilishadi. Ana shunday jamiyatning aslzodasi bo‘lgan Knext bir paytlar ma’naviy tanazzuldan qochib yaratilgan Kastaliya qonunlari ham bir yoqlamaligini, hayotdan uzilganini anglab yetadi. Kastaliyaliklar tajribadan, amaliyotdan, faol hayot tarzidan, tabiiy rivojlanishdan ongli ravishda ajratib qo‘yilgan. Xuddi XX asr madaniyati kabi bunday bir yoqlamalik ham Kastaliyani tanazzulga olib kelishi mumkin. Aslida, German Gesse ham XX asr madaniyati, ham Kastaliyaga xos hayot tarzini ko‘rsatish orqali o‘z davrining muammolarini tahlil qiladi, unga o‘z munosabatini bildiradi.
Romanning ikkinchi qismida asar qahramoni Iozif Knext oliy maqom – magistrlikdan voz kechadi. U g‘oyalar va kitoblar dunyosida ortiq yashashni istamaydi, hayotni ichdan, bor qarama-qarshiligi bilan o‘rgangisi keladi. Bu yo‘lda do‘stining o‘g‘liga ustozlik qilish uchun Kastaliyadan ketadi. Yo‘lda muz ko‘lda cho‘milib halok bo‘ladi. Shu bilan roviyning hikoyasi tugab, Knextning uchta hikoyati boshlanadi. Uchta hikoyat ham timsoliy hikmatlardir. Bu uch voqea, aslida, bitta shaxsning, bitta vujudning uch davr, uch zamon, uch vaziyat, uch sharoit, uch xil ko‘rinishda va uch xil e’tiqodda paydo bo‘lishi. Uchta qahramonning nomi ham shaklan uch xil bo‘lsa-da, bitta ma’noni – «tolib» ma’nosini anglatadi. Gesse ma’naviy inqirozlar davrida shaxsning ichki madaniyatini, ichki «men»ini, qiyofasini saqlab qolishning uchta yo‘lini majoziy-badiiy tahlil qiladi. Birinchi yo‘l – uzlatga chekinish, ijtimoiy munosabatlardan o‘zini bekitish, ikkinchisi – ijodkorlarning voqelikdan qochib, «sof san’at» yo‘lini tanlashi, uchinchisi – mangu haqiqatlar va mangu daldalar orqasiga yashirinish, shular bilan o‘zini ovutish. O‘quvchi ana shu uch hikmatni o‘qigach asarning va qahramonning oldingi qismlarda ochilmagan ko‘pgina qirralarini ochadi, Knextning yangi yo‘l tanlashi va halok bo‘lishi, aslida, ruhiy-ma’naviy qonuniyatning tabiiy bosqichi ekanini anglab yetadi. Ma’naviyatni unutish ham, uni ermak qilish ham, shuningdek, faqat ma’naviy-ruhiy hayotdan boshqasini tan olmaslik ham jamiyatni tanazzulga olib keladi. Jamiyat ma’naviy-ruhiy va siyosiy-iqtisodiy, nazariy-amaliy faoliyatlar muvozanatini saqlasagina tabiiy taraqqiyot yo‘liga kiradi. Qaysi bir sohada muvozanat buzilsa, o‘sha yerda jamiyatni tanazzul kutadi. Garchi Kastaliya insoniyatning oliy aqllari orzu qilgan jamiyat bo‘lsa-da, biroq faqat nazariya asosiga qurilgani uchun ham halokatga mahkum edi. Gesse xuddi tengdoshi Tomas Mann kabi tabiat va jamiyat qonunlarida muvozanat saqlanishi taraqqiyot asosi ekanidan insoniyatni ogohlantiradi.
«Biser o‘yini» o‘zining shakli bilangina emas, mazmuni va ko‘tarilgan, muhokama qilingan masalalari bilan urush avlodiga katta ta’sir etdi: roman birdaniga mashhur bo‘lib ketdi. Bu asar insoniyatni aql-idrokka, go‘zallikka, nazariya va amaliyot muvozanatiga chaqirgandi. Qirg‘indan charchagan va boshi berk ko‘chaga kirib qolgan avlod bu asarda o‘z boshidan kechirgan fojialarning sababu oqibatlarini, botiniy kechmishlarini ko‘rdi. Endi bu avlodga hissiyot, ko‘ngil, hamdardlik va go‘zallik, o‘zini tiklash uchun kuch-quvvat, ma’naviy ozuqa kerak edi. Ana shunda yana Gessega qaytish, uni o‘qish boshlandi. Ana shu qaytishning namoyishi o‘laroq 1946 yili German Gesse Nobel mukofotiga munosib topildi. Bu uning va targ‘ib qilgan g‘oyalarining tan olinishini bildirardi.
Dunyoning eng oliy adabiy mukofoti ham Gesseni o‘z uzlatidan tortib chiqarolmadi. Xuddi Borxes kabi umrining oxirida uning ham ko‘zlari butunlay ko‘r bo‘lib qoldi. Ammo kitobdan zavq olishdan to‘xtamadi. U butun dunyodagi ixlosmandlari, san’at fidoyilari bilan xat yozishib, turli asarlarga, san’atdagi evrilishlarga fikr bildirib turdi. Adib umri davomida turli masalada 35 mingdan oshiq xat yozgani aniqlangan. German Gesse umrining oxirigicha Shveytsariyaning Montanolla shaharchasida, tabiat va go‘zallik uyg‘unlashgan ovloq xutorda, yashadi. 1962 yili 85 yoshida vafot etdi.
O‘limidan so‘ng avval Yaponiyada, keyin AQShda yoshlar Gesseni ommaviy tarzda o‘qiy boshladilar va bu avlod uchun adib ideal yozuvchi darajasiga ko‘tarildi, o‘zlarini qiynagan savollarning javobini uning ijodidan topishdi: uning asarlari butun boshli avlodlarning dardi va ko‘ngliga malham bo‘ldi, bo‘lmoqda.
Nazar Eshonqul