Yoxud nega bolalar adabiyotida ilmiy-fantastik asarlar kam yozilmoqda?
Sa’dullo Quronovning “Galaktikada bir kun” asariga nima uchun qiziqib qolganimni bilasizmi? Chunki tinimsiz galaktika haqidagi hikoyalar aytadigan o‘g‘lim Elshodbekning astronomiya, fizika, kimyo borasidagi savollariga javob izlashdan charchagan edim. Shu kitobni qo‘liga tutqazgan kunimdan boshlab o‘g‘limning chehrasi anchagina ochilib qoldi. Kitobga dastxat yozdirib olayotganimizda Sa’dullo Quronov: “Opa, o‘g‘lingizni nega sizlab gapirasiz, vodiylik bo‘lganingiz uchunmi?” – deb so‘rab qoldi. “Farzanding sen javobini bilmaydigan savollarni beraverganidan keyin xijolat bo‘lib sizlab yuborar ekansan-da…” – dedim. Ha, bugungi kun bolasining mehrini qozonish oson emas. Xo‘sh, unda yozuvchi koinotsevar bo‘lib borayotgan XXI asrning zukko bolalari e’tiborini qanday qilib o‘z asariga jalb eta oldi? “Ushbu savolga javob topishni istasangiz, kitob taqdimotiga kelinglar”, – dedi Sa’dullo Quronov.
Shunday qilib… Belgilangan kuni “Galaktikada bir kun” nomli ilmiy-fantastik asar taqdimotida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga o‘g‘lim Elshodbek bilan oshiqib bordik. Yaxshiyam borganimiz, taniqli olimlar, shoirlar va yozuvchilarning bolalar adabiyoti borasidagi e’tiborga molik mulohazalarini tingladik. Va taassurotlarimizni saralab gazetxonlar e’tiboriga havola etishga ahd qildik.
Vaqtdan o‘zib yashaydigan yozuvchi
– Sa’dullo Quronov eng yosh sinchilarimizdan, eng yosh fan doktorlarimizdan deb faxrlanib yurar edim, – deydi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Vaqtdan o‘zib yashaydigan bu yigit nafaqat ilmiy salohiyati, balki badiiy salohiyati bilan ham meni hayratga soldi. Faqat o‘zimizning qobig‘imiz bilan chegaralanib qolmay o‘zbek adabiy hodisalariga jahoniy ko‘z bilan qaraydigan yaxshi tadqiqotchi desam, menga qo‘ng‘iroq qilib, ilmiy-fantastik asar yozdim, deb qoldi… To‘g‘risini aytish kerak, keyingi yillarda bolalar nasri oqsab qoldi. Biz haliyam O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning daryosida suzib yuribmiz. Holbuki, bu ustoz yozuvchimiz 60 yildan beri ijod qilmoqda. Endi biz yangi bosqichga ko‘tarilishimiz kerak emasmi? Boz ustiga o‘zbek millatining qiziqish doirasi ko‘pincha “oshqozonning istaklari”, ya’ni gastronomik qiziqishlar bilan chegaralanib qolmoqda. “Galaktikada bir kun” deb nomlangan ilmiy-fantastik asarni o‘qib chiqqach, bildimki, millatimizga ma’rifiy dard ilashib, va nihoyat, dunyoni tanimoq tashvishiga tushibdi. Sa’dullo Quronov bu asari orqali mening ko‘z o‘ngimda shunchaki ilmiy-fantastikaga qiziqqan ijodkor emas, balki qo‘li kelishib qolgan iqtidorli yozuvchi sifatida namoyon bo‘ldi. Ahmadning tushi, tushdagi o‘zaro olishuvlar tasvirining realligi, 2036 yilda ham onaning ona sifatida, otaning ota sifatida o‘z o‘rnida bo‘lishi, bola ko‘plab muammolarini otasiga emas, onasiga aytishi kabi holatlar asarning o‘zimizning milliy ruhda bitilganidan darak beradi.
Tasvir chuqurlashib borgani sayin yozuvchi odamzot rivojlanishi natijasida o‘zini o‘zi halok qilmasmikan, odamzot yuksalyapman deb tubanlikka ketib qolmayaptimikan, degan umumbashariy, ko‘pchilikni o‘ylantiradigan masalalarni ham bilintirmay, sezdirmay, yalang‘ochlantirmay kitobxonga aytib keta olgan. Aytish mumkinki, Sa’dullo Quronov Hojiakbar Shayxovdan keyin tamomila to‘xtab qolgan bolalar adabiyotining ilmiy-fantastik asarlar karvonini jildira olgan. Shuning uchun yozuvchini chin dildan qutlayman.
Kamchiliklarga kelsak, asarning tiliga sal ishlov berish mumkin edi. Men yozuvchining o‘ziga ham tilni individuallashtirish, ya’ni boshqa sayyoradagi pakana odamlarning bir-biridan tili orqali farqlanishi kerakligini aytgan edim. Hamonki qo‘lga qalam olganidan keyin ijodkor har bir tasvir, voqea ishonchli va kitobxonga qiziqarli bo‘lishini ta’minlashga intilishi zarur. Keyingi asarlarida yozuvchi bu kabi mulohazalarimizni e’tiborga oladi, degan umiddaman.
“Akademnashr” da tug‘ilgan qahramonlar
“Akademnashr” nashriyoti bosh muharriri, taniqli noshir Sanjar Nazar so‘zlariga ko‘ra, “Galaktikada bir kun” asari tasodifan yaratilgan. “Jajji akademik” jurnalining bosh muharriri Sa’dulla Quronov jurnalning yangi nashrini bosmaxonaga topshirish jarayonida bir sahifa muallifi ishga kelmay qolganligidan tashvishga tushadi. Va bu sahafani uning o‘zi to‘ldirishga ahd qilib, kichik bir ilmiy-fantastik hikoya yozadi. Bo‘lim mudiri Feruza Nazarova bu hikoya yaxshi yozilganligini, iloji bo‘lsa, uni qissaga aylantirsa bolajonlar uchun qiziqarli bir asar dunyoga kelishini aytib, bosh muharrirni ijod qilishga undaydi.
– Asarni o‘qiyotgan chog‘imda sochlari jingalak mitti Sanjar Nazar qizg‘onib, rashk qilib turganini sezdim, – deydi Sanjar Nazar. – O‘zi bolaligimdan fantastik asarlarga o‘chman. Birinchi marta Tixon Semushkin degan yozuvchining “Toqqa qochgan Alitet” degan asarini o‘qib, yarim ilmiy, yarim badiiy asar bilan to‘qnash kelganimni eslayman. “Sevan bo‘ylarida” degan kitobni ham zo‘r qiziqish bilan mutolaa qilganman. Shuni aytib o‘tishim lozimki, bugungi yosh kitobxon bizdan ko‘ra ancha baxtli. Chunki ular istagan kitoblarni topish bugun juda osonlashgan. Qolaversa, “Galaktikada bir kun” kabi ilmiy-fantastik asarlar yozilayotgani ham ular uchun nihoyatda foydali deb o‘ylayman. Bu asar sof ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilganligi sababli o‘quvchi bu kitobni mutolaa qilgach, bitta qo‘shimcha fanni o‘zlashtirgan o‘quvchi darajasiga ko‘tariladi.
Noshirni men gulchiga o‘xshataman. Badiiy tafakkurning eng munosiblarini uzib kitobxonlarga taqdim etish baxti menga nasib etganidan faxrlanaman. Biz barchamiz hamkorlikda e’tiborimizni va asosiy kuchimizni bolalar ma’naviyatini rivojlantirishga qaratishimiz kerak. Bundan keyin ham eng yaxshi badiiy asarlarni qamishdan bel bog‘lab chop etishda davom etamiz.
Ahmadning koinotga safaridan so‘ng…
– Hayot va xayol – bular bolalar uchun yozilgan asarlarda qiziqarli syujet, ravon nutq, badiiy vosita orqali uyg‘unlashsagina o‘quvchilarda zavq uyg‘ota oladi, – deydi bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva. – Agar bu faoliyat fantastik asar yozishga qaratilgan bo‘lsa, unda yozuvchidan ancha bilim va mahorat talab qilinadi. Asarning bosh qahramoni Ahmad yosh ixtirochilar tanloviga o‘zining sayyoralararo uchuvchi kema chizmasini taqdim etadi. Ushbu tanlovda tomoshabinlar orasida ko‘zoynak taqqan pakana odam bor edi. U Salmir sayyorasidan kelgan Margo edi. Koinot qaroqchilarining qabih ishlari tufayli so‘nib borayotgan salmirliklar sayyorasini jonlantirish uchun Ahmad va Margo “Ko‘kkezar” kemasini qurishadi. Bu kema zamondan zamonga ko‘chib o‘ta oladigan kemadir. Ular qaroqchilar generali Obma ga qarshilik ko‘rsatishadi.
O‘smir Ahmad hayoti tushdan tushgacha bo‘lgan voqealarni qamrab olgan holda bu davr ichida butun bir sayyorani jonlantiradi. Ezgulikning g‘alaba qozonishiga erishadi, do‘stlik va birlik qanchalik katta kuch ekanligiga o‘quvchilarni ishontiradi. Asar davomida kashfiyotchi, aqlli, bilimli bolaning boshidan kechirgan sarguzashti har qanaqa holatda ham inson o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadi yo‘lidan qaytmaslikka o‘rgatadi.
Asarda bolalarga tanish bo‘lgan maishiy hayot ko‘rinishlari mo‘jizaviy holatlar uyg‘unlashadi. Ahmad Margoni oyisi pishirgan pirog bilan siylaydi. O‘zi bilan fazoga yong‘oq va turshaklar olib keladi. Do‘stlari bilan tabiiy mahsulotlarni restoranga o‘tkazishadi. Vaqt tuynugidan o‘tgan Margo Isaak Nyutonning qarilik va yoshlik davrini ko‘rsa, Ahmad Luvrdan o‘g‘irlangan Mona Liza portretini o‘z egalariga topshirmoqchi bo‘ladi. Ahmaddagi tirishqoqlik, bilimdonlik, vatanparvarlik va boshqa go‘zal insoniy fazilatlar uni kitobxon uchun qadrli qahramonga aylantiradi. Kitobxon endi yurtdoshi bo‘lgan qahramon taqdiriga beparvo qaray olmaydi. Ahmadning Mirzo Ulug‘bek- ning “Ziji Ko‘ragoniy” asarini mukammal bilishi, u haqda to‘lqinlanib gapirishi o‘quvchini hayajonga soladi. Asar davomida Ahmadning bilimdonligi turli vaziyatlardan oson chiqishlarida asqotadi. Va bu holat Margo va Droytning hayratiga sababchi bo‘ladi. Jumladan, Ahmadning “Ko‘kkezar” chizmasidan va ixtirosidan Mars qoldiqlarini tekshirib Marsda kristall bor yo‘qligini aniqlash mukinligini aniqlashadi. Xullas, qissadagi barcha voqeliklar ilmiy asoslar yordamida juda ishonrali tarzda tasvirlangan. Sa’dullo Quronov o‘z asari orqali bugugi kun yoshlari, jamiyat va koinot uchun uchun nihoyatda qiziqarli, dolzarb masalalarni o‘quvchilar hukmiga taqdim etadi. Garchi bu asar fantastik bo‘lsa-da, davr ruhini nihoyatda yorqin aks ettirgan.
Bilimi zo‘r mingni yiqar…
– Avvalo bolajonlarni bu ajoyib asar bilan tabriklayman, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi a’zosi, shoir Dilshod Rajab. – Ayni zamonamiz bolalarida ilmiy-fantastik asarlarga bo‘lgan ehtiyoj nihoyatda kuchli edi. Ana shu ehtiyojni, bo‘shliqni to‘ldirishga arziydigan yorug‘ bir kitob dunyoga kelganidan xursandman. Ustoz adiblarimizdan biri: “Bolalar adabiyoti oltin pillapoyadir”, – deya ko‘p ta’kidlar edi. Shu o‘rinda aytish mumkinki, Sa’dullo Quronovning bu asari ilmga, adabiyotga tashna bolakaylarni Galaktikaga olib chiqadigan pillapoya bo‘libdi.
Xudoyberdi To‘xaboyev yaratgan Hoshimjon obrazi orqali bolalar agar bilim bo‘lmasa insonga sehrli qalpoqcha ham yordam berolmasligini anglab yetishgan. Sa’dullo Quronov yaratgan Ahmad obrazi esa yosh kitobxonga ilmu ma’rifatga intilgan inson har qanday vaziyatlarda ham yo‘l topa olishini ko‘ratib beradi. Demak, ota-bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni… Men yozuvchiga bir qahramoni aytganidek, qo‘llaringiz orqaga qayrilmasin, qalamingiz bundan-da o‘tkir bo‘lsin, deya tilak bildiraman.
“Egizaklar paradoksi” yoki achchiq xulosa
Bugun biz kattalar kezi kelsa, oddiygina telefon funktsiyalarini tushuna olmay 6 yashar o‘g‘limizdan yordam so‘raymiz. Zamonning qanchalar o‘zgarib, texnik jihatdan yuksalib borayotganidan hayratlanib qo‘yamiz. Ha, zamon har sohada yangilikni, yuksalishni talab qilmoqda. Shukrkim, bolalar adabiyotida ana shu talablarga javob beradigan badiiy asarlarimiz ham yaratila boshladi. Mening bu mulohazalarimni miyig‘ida kulib eshitayotgan o‘g‘lim: “Ayajon, “Galaktikada bir kun” asarida vaqtning nisbiyligi haqida tushuntirilgan bir paradoks bor. Hasan Husandan 10 daqiqa oldin tug‘ilgan, xolos. Husan ilmga qiziqqani uchun olim bo‘lib yerda qoladi. Hasan koinotga qiziqqani uchun fazogir bo‘ladi. U koinot bo‘ylab olis safarga chiqib, yorug‘lik tezligida uchadi. O‘n yildan so‘ng yerga qaytib kelganida g‘alati holat ro‘y beradi. Ya’ni bu paytda Husanning yoshi 40 da, Hasanniki esa 30 da bo‘ladi. Buni olimlar “Egizaklar paradoksi” deyishadi. Agar kattalar tezroq bizning “galaktikamiz”ni, ilm-fan rivojini biz bilan birga anglab borishmasa, ya’ni bugungiday asarlar tezroq yozilmasa, sizu biz ham “Egizaklar paradoksi” ga o‘xshab bir-birimizdan farqli odamlarga aylanib qolamiz”, – dedi.
Menimcha, bundan ortiq achchiq va to‘g‘ri xulosa bo‘lmasa kerak bugungi mulohazalarimiz uchun. Nima dedingiz, aziz muxlis!
Muxtasar Tojimamatova
“Oila va jamiyat” gazetasining 2019 yil 13 noyabr soni