Farhod Hamroyev. Gul labida baxt shabnami

Uyg‘ur shoiri Uchqun she’riyatining ayrim xususiyatlari

Hozirgi uyg‘ur adabiyoti mumtoz adabiyotning ilg‘or an’analarini izchil davom ettirmoqda. Yusuf Balasog‘un, Ahmad Yugnakiy, Novbati, Zaleli, Hirqatiy, Bilol Nozim avlodlari jahon adabiyoti karvonidagi o‘z o‘rnini saqlab qolish barobarida dunyo amaliyotida to‘plangan barcha yaxshi xususiyatlarni o‘zida jamlay oldi. U shakl va mazmun jihatidan boyidi. Ziyo Samadiy, Xizmet Abdullin, Uchqun, Xelil Hamroyev kabi uyg‘ur yozuvchilarini xorijda ham yaxshi bilishadi. Mazkur ijodkorlar ichida shoir Uchqun ijodi alohida ajralib turadi.

Shoirning tarjimai holi oddiygina. Uchqun — shoirning taxallusi bo‘lib, haqiqiy ismi esa Dolqun Yasenovdir. U 1938 yilning 25 aprelida Suydune nomli kichkina uyg‘ur shaharchasida dunyoga keldi. Ularning oilasida ziyoli muhit qaror topgan edi.

Otasining davlat tizimidagi yuqori lavozimlardan birida xizmat qilgani bo‘lajak shoirning hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Hatto keyinchalik bu hol Dolqun Yasenovning qiyin sinovlarni boshdan kechirishiga sabab bo‘ldi. Shoirning otasi Yasen Xudavedi durustgina she’rlar yozar, shakllanayotgan yangi uyg‘ur teatri sahnalarida turli rollarni bajarar edi. U madaniyat vaziri, madaniyat va adabiyot arboblari birlashmasining raisi, Sinjon Uyg‘ur avtonom respublikasi hukumatining davlat kotibi, Urumchi shahrining rahbari lavozimlarida faoliyat yuritsa-da, ijodni tark etmadi va o‘z farzandlarini ham madaniyat hamda san’atni qadrlashga o‘rgatdi.

Shoirning onasi Oyshamxonning umri esa uy ishlari va bolalar tarbiyasi bilan andarmon bo‘lib o‘tdi. Biroq u eriga nisbatan farzandlariga ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi. Yosh Dolqunni uyg‘ur xalq og‘zaki ijodi bilan ilk bora tanishtirgan, unga uyg‘ur mumtoz adabiyoti namunalaridan o‘qib bergan odam onasi edi.

Shunday ziyoli oilada ulg‘aygan Dolqun Yasenov 1953-56 yillarda Sintszyan pedagogika bilim yurtining til va adabiyot fakultetida o‘qidi. Uni tamomlagach, o‘qishini yana davom ettirish maqsadida bir guruh xitoylik yoshlar bilan Toshkentga keldi. Sobiq O‘rta Osiyo Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu vaqtga kelib unda ijodkorlik kurtaklari nish ura boshladi. Santszyanda chiquvchi “Tarim” jurnalining 1954 yilgi iyun sonida uning dastlabki she’rlari nashr etildi.

Universitetdagi ta’lim Uchqunga ko‘p narsani berdi. Bu yerda ijodiy muhit hukmron edi. G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov kabi bilimdon ustozlar talabalarda adabiyotga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish barobarida ularni ijod qilishga ham rag‘batlantirdilar. Dolqun Yasenov Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi saboqdoshlari orasiga qo‘shildi. Birin-ketin uning she’rlari rus va o‘zbek tillariga o‘girila boshlandi. Ular o‘zbekcha nashrlarda dam-badam chop etilib, “Sintszyan shoirlari” she’riy to‘plamiga kiritildi. Shu tariqa shoir ijodining yangi sahifasi ochildi. Ular keyinchalik amalga oshirilajak ulug‘ ishlarning debochasi bo‘ldi.

Toshkentdagi tahsil fursati tugagach, shoir tug‘ilgan yurtiga qaytdi. Dastlab “Tarim” jurnali nashriyotida ishladi. Gazeta va jurnallarda bir qancha she’rlarini chop ettirdi. Biroq xuddi shu davrda Xitoyda “madaniy inqilob” boshlanib qoldi. Pekin hukumati yosh shoirni revizionizmda ayblab, uni hibsga oldi. Uyg‘urlar hayotidagi og‘ir qora kunlar boshlandi.

Dolqun Yasenov 1963 yildan boshlab to 1968 yilgacha Komula shahri yaqinidagi majburiy tuzatuv xizmatida ishladi. Bu davrda uni har bir qadamda o‘lim poylab turdi. Ammo yashash nasib etgan ekan, u omon qoldi.

Qirg‘in va qo‘rquvdan bezgan Dolqun Yasenov bir amallab Qozog‘istonga qochib o‘tdi. Vatandan judolik, oiladan ayrilib yashash, ta’qib va javobgarlik shoir uchun shafqatsiz hayot darsini o‘tadi.

Uchqunning shoir sifatida kamol topishi, hayotiy va ma’naviy boyliklarni orttirishi shaxs sifatida takomillashishi bilan bog‘liq ravishda kechdi.

Hozirda Dolqun Yasenov Olmaota shahrida yashab, ijod qilayapti. U yetakchi uyg‘ur shoiri va jurnalisti, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi sovrindori, bir necha ajoyib she’r va dostonlar to‘plami muallifi. She’riy asarlari uyg‘ur maktablaridagi adabiyot fani dasturiga kiritilgan, ular turk, o‘zbek, qoraqalpoq, rus tillariga o‘girilmoqda.

Uchqun ijodi — uyg‘ur adabiyotidagi o‘ziga xoslikni namoyon etdi. Uning she’rlari milliylikning yorqin ifodasi. Bu xususiyatni qadimgi uyg‘ur mumtoz adabiyoti va xalq og‘zaki ijodining zamonaviy adabiyot yutuqlari bilan uyg‘unlashishi vujudga keltirgan. Uning ijodiga boshqa xalqlar adabiyoti, jumladan, o‘zbek adabiyoti ham o‘z hissasini qo‘shdi.

Bolqar shoiri Qaysin Quliyev shunday deb yozgan edi: “O‘ziga xos bo‘lish va cheklanish, jumladan, milliy cheklanganlik, — birlikka xos bo‘lmagan ikki narsa”. Bu haqiqat. Mana shunday haqiqat esa Uchqun ijodida o‘z aksini topdi.

Uchqun ilk asarlaridanoq uyg‘ur shoiri ekanini isbotladi. Bu xususiyati millati, yashash tarzida emas, aksincha, ijodi tufayli hosil bo‘ldi. Shoir o‘smirlik vaqtidan boshlab o‘zini, atrofida yuz berayotgan voqelikni teran anglay boshladi. Vatani va o‘zi xo‘rlanganda toptalgan milliy tuyg‘u o‘z vataniga nisbatan muhabbatni uyg‘otdi:

She’rimni yaratgan dardsan, Vatanim,
Qancha dard tortsam-da, mardsan, Vatanim.

Uchqunning 1973 yilda nashr etilgan “Toshdagi gul” nomli ilk she’riy to‘plami uyg‘ur adabiyotiga yangi ovoz kelib qo‘shilganidan darak berdi. Bu vaqtda uyg‘ur adabiyotiga o‘ziga xos ovozga ega bo‘lgan yosh shoirlarning katta bir guruhi kirib keldilar. Rahimjon Ro‘ziyev, Abdug‘ofur Qutluqov, Mo‘minjon Hamroyev, Sovudjon Mamatqulov va boshqalar ana shu guruhga mansub edi. Ular ijodi ko‘p jihatdan uyqash bo‘lsa-da, ayrim tafovutlar ham ko‘p. Uchqun she’riyatida ham taqlidchilik alomatlari seziladi. Umuman olganda, shoir ijodi o‘ziga xos va hech kim bilan adashtirib bo‘lmaydigan jihatlariga ega.

Lekin manman, kibor tutundan
Cho‘g‘ni afzal ko‘radi har kim.
Shuning uchun tutundan qochib,
Cho‘qqa ta’zim qiladi balkim.

Uchqun she’rlarining mavzusi bir qarashda oddiydek tuyuladi. Ammo teranroq nazar solinsa, shoir kundalik jarayonni yorqin bo‘yoqlar bilan chizganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ular shoirning shaxsiy hayoti orqali his etilgan tuyg‘ular tarixidir.

Men qarasam har doim senga,
Olib qochding ko‘zingni mendan.
Ko‘zing aytib tursa-da barin,
Yashirasan so‘zingni mendan.

Men qaradim yulduzga ko‘p vaqt,
Yulduz dedim sening ko‘zingni.
Oy kulganda termulib uzoq,
Shu’lasida ko‘rdim o‘zingni.

Uchqun she’rlarida iqror va istig‘for ohanglari yetakchi.

“Er o‘g‘loniman” she’rida quyidagi satrlar bor:

Men zamin o‘g‘liman, lekin mabodo
Tog‘ bo‘lsam, nur bo‘lsam, suv bo‘lsam-da men —
Erga intilishdan tolmasdim aslo
Tortish kuchi bo‘lib turarkan zamin.

Inson va uning ziddiyatli taqdiri Uchqun ijodining bosh mavzui. Uni ifodalash uchun shoir betakror va o‘ziga xos badiiy so‘z bo‘yoqlaridan foydalanadi. Shoirning lirik qahramonlari o‘quvchilarini o‘zi bilan birga dardlashishga, o‘z his-tuyg‘ularini yorqinroq tushuntirishga, insonlar orasidagi o‘zaro aloqalarning mushkul dunyosiga kirishga majbur qiladi. Uning she’riy umumlashmalari hayotiy va kelajakka intiluvchandir. Jumladan, “Cho‘qqilar” nomli she’rida shoir shunday ta’kidlaydi:

Meni maftun etmas osmon qizlari
Na sochiq yulduzlar, na to‘lishgan oy.
Ko‘ksimga naqshdir inson izlari,
Men — Odam qadami yetgan qutlug‘ joy.

Uchqun hayotni butun borlig‘icha sevadi. Shoir ijodining asosiy mavzusi ham ona yurtiga muhabbatdir. Bu mavzuga bag‘ishlab ko‘pgina samimiy va sermazmun she’rlar yaratgan, ammo ular orasidan “Ekidem” she’ri alohida ajralib turadi.

Bilol Nozim, Hirqatiy, Umar Muhammadi, Lutfulla Mutallip va boshqa uyg‘ur shoirlari Vatan haqida ko‘plab she’rlar yozishgan. Shoir Uchqun esa ularning birortasini takrorlamaydi:

Men uning qo‘ynida kulga aylanay,
Mayli, olov yonib tursin ustimda.
O‘shal yong‘indan ham kuchli bir yolqin —
Vatanim sog‘inchi yashar ko‘ksimda.

Inson ulg‘aygan sari uning barcha hayotiy tushunchalari, jumladan, Vatanga muhabbati ham oddiy va quyma shaklga kela boshlaydi:

Bir tuyg‘u mujassam e’tiqodimga,
Bu tuyg‘u mazmundir ham hayotimga.
Parvozda charchasam yo‘llar shu tuyg‘u,
Baxsh etib tugamas kuch qanotimga.
Tuyg‘um ham har doim sensan, Vatanim,
Ham jonda men bilan bir tan, Vatanim.

Shoir Vatan haqida qisqa, lo‘nda gapiradi, ammo undagi ta’sirchanlik juda yuqori. Uning she’rlaridagi har bir so‘z orasida obraz, har bir satr orasida manzara, qadrdon oila, o‘z uyining go‘zal manzarasi gavdalanadi.

Har bir shoir ijodida milliy qadr-qimmat hissiyoti qanchalik jo‘sh urmasin, baribir, unga cheklanish va millatchilik begonadir. Shoir Qozog‘istonda yashashi bois “Olatov”, “Qozog‘iston”, “Olmaota”, “Qapchig‘ay yulduzlari” kabi she’rlarida shu yurtni tarannum etgan:

Sen Abay, Mahambetning armonisan,
Do‘stlikning beg‘ubor, sof osmonisan,
Qadringni tushungan shoir dostonisan,
Tolei, baxti butun Qozog‘iston,
Shon-shuhrati, taxti butun Qozog‘iston.

Mashhur tanqidchi G.Lomidze “umuminsoniylik milliylikni bekor qilmaydi, balki keyingisi asosida yuzaga keladi” deb haqqoniy ta’kidlaydi. Darhaqiqat, milliylik va umuminsoniylik Uchqun ijodida o‘zaro uyg‘unlashgan. Bu ikki jihat shoir ijodida o‘ziga xoslikni vujudga keltirgan.

Uchqun ijodining ildizlari ko‘hna uyg‘ur she’riyatining eng buyuk an’analari va xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladi. Shu bois uning barcha she’rlari xalq ohangiga asoslangan. Donishmandlik, fikrning aniqligi dostoniy asosga ega bo‘lib, xalq ma’naviy ongini ifodalab keladi.

Milliylik, xalqchillik Uchqun she’riyatining har bir satrida, har bir obrazida mujassam. Mana shu hissiyot bilan uning ijodiyoti yo‘g‘rilgan. Buning ortida esa — o‘z xalqining madaniyati va tarixini yetarli darajada yaxshi bilishi va samimiy muhabbati yotadi. Shuning uchun ham uning uslubi erkin, yorqin va ravon. Quyidagi she’r buning yaqqol dalili:

Madhiyam — jaholatning bag‘rin yorar qo‘ng‘iroq,
Beg‘amlarga uyqu bermay kecha-kunduz chalingan.
Uning umri asrlardan, ming yillardan uzoqroq,
Odamizot yaralgan kun — hamma unga yalingan.

Nomi uning erkinlikdur,
Nomi uning istiqlol,
Hayotdan-da shirin o‘zi va bag‘oyatda qadrli,
Sardor kabi shiddatligu,
Onalardek mehribon,
Botirlardek jasoratli,
Donishmanddek sevimli.

Shoir badiiy obrazlarida fikr va his-tuyg‘uni butunligicha, o‘zining shaxsiy va shu bilan birga faqat uning o‘zigagina xos bo‘lmagan dardlarni bera oladi. Bularsiz esa san’at asarlarini tasavvur etish mumkin emas.

Shoirona idrokning o‘ziga xosligi bilan fikrning ajoyibligi va she’r yozish mahoratining zo‘rligi shoir uchun haqiqiy she’riyat shakllarini yaratishga imkon berdi. Bunday yuqori saviyada yozilgan she’rlar esa talaygina. Mana, ulardan biri:

Erga oqib tushdi ikki tomchi yosh,
Ikki dil ko‘rsatgan ikki xil tuyg‘u.
Biri — bulut to‘kkan qayg‘uga qiyos,
Biri — gul labida baxt shabnami u.

Biri — farzand ko‘rgan ona quvonchi,
Biri — farzandidan judo zot ohi.
Urush-ku kechadi. Ikki xil tomchi
Inson bugunining mudom hamrohi.

Ona yurtining manzarasi Uchqunning yorqin obrazlaridandir. Bu manzara unga qiyoslash uchun mavzu beradi. Shu bois shoir ijodida turli ko‘rinishdagi obrazlarni va uyg‘urlarga xos borliqni uchratish mumkin. Ular shoir ma’naviyati, his-tuyg‘ulari orqali ona xalqining hayotga bo‘lgan munosabatini jonlantiradi.

Shoirning qator she’rlarini oddiy bayon etish va sharhlash juda qiyin: satrlardagi aniqlik, qat’iylik, ichki jiddiylik va tub ma’nosini to‘laligicha baholash uchun ularni his etish lozim.

Uchqunning ko‘pgina she’rlari taniqli shaxslarga bag‘ishlangan. Ular orasida Alisher Navoiy, Sadir Polvon, Lutfulla Mutallip, Abdulla Ro‘ziboqiyev va boshqalar bor. Ularga atalgan she’rlarida shoir inson hayotining mohiyati va maqsadini ko‘rsatishga harakat qiladi. Jumladan, Lutfulla Mutallipga bag‘ishlangan “Isyonkor” she’rida Uchqun o‘z zamondoshiga, ustoziga qarata murojaat etadi. Lutfulla Mutallip — uyg‘ur xalqining iftixori. Zero, haqiqiy qobiliyat, haqiqiy she’r vaqt izmidan tashqarida emasmi?!

Yillar qarib borar bukchayib,
Noma’lum bir hasratni koyib.
Kuyi bilan hamsuhbat bo‘lib
Davr hatlab kelar Mutallip.

Uchqun ijodining muhim mavzularidan biri onaga bo‘lgan muhabbat sanaladi. Shoir o‘ziga hayot bag‘ishlagan inson uchun samimiy, sidqidildan yozilgan satrlarni izhor qiladi.

Uning she’riyatidagi lirik qahramon ona bilan ayriliqdan chuqur aziyat chekadi, vaholanki, shoirning o‘zi ham bularning barchasini boshidan kechiradi va uning onaga bo‘lgan muhabbati haqiqatdan ham cheklanmagan:

Go‘yo bir umrlik tabassum bo‘lib,
Sening lablaringdan agar olsam joy.
Yoki to manguga so‘lmas gul bo‘lib,
Sening ko‘z oldingda ochsam men chiroy.

Barchasi, barchasi arzimas, ona,
Quyoshdek ulug‘vor sening mehringga.
Tabiat quyoshni deydi boshpana,
Quyosh ham bosh egar iliq chehrangga.

Onaga bo‘lgan minnatdorchilik tuyg‘usi uning yuragida doimo yashaydi. Shoir tuyg‘ulari shunchalar ta’sirchan va nozikki, ularni o‘qib, kishi qalbi beixtiyor to‘lqinlanib ketadi.

Do‘stlikka bag‘ishlangan she’rlarida do‘stlikning qadr-qimmati, ayriliq azoblari kuylanadi. Shoirning do‘sti Murod Hamroyev xotirasiga bag‘ishlab yozgan “Inson qadri” nomli she’rida quyidagi misralar bor:

Men seni izlayman, qaydasan, do‘stim,
Yosh to‘ksam, yoshimni yuvadi yomg‘ir.
Sensiz butunlikdan mahrum vujudim
Sensiz miskin erur sen sevgan uyg‘ur.

Men yolg‘iz kezaman ko‘chalar bo‘ylab,
Sening izlaringni izlayman hamon.
Jo‘shqin, sho‘x kulgingni, so‘zingni eslab,
Axtarib boraman, do‘stim, sen tomon.

Kishilarga, do‘stlarga ishonch shoirda ham o‘z kuchiga ishonch tug‘diradi. Boshqa tomondan esa kishilarni mehribon bo‘lishga, ularning qadriga yetishga undaydi.

Adabiyotning olg‘a qarab rivojlanishi, hayotning yangi ijtimoiy-tarixiy sharoitlari ayrim adabiy shakl va an’analarni yo‘qola borishi muqarrar ekani va uning o‘rniga yangisining vujudga kelishini ko‘rsatadi. Lekin adabiyot rivojlanishidagi bunday tarixiy jarayonning o‘ziga xos qonun-qoidalari mavjud. Odatda adabiy janrning ayrim ko‘rinish va shakllari o‘zgaradi, xolos. U yangi mazmun bilan boyiydi, vaqti kelib o‘ziga xos zamonaviy adabiy jarayon bo‘lib shaklini o‘zgartiradi. Bu ko‘pgina janrlarga xos xususiyat bo‘lib, eng avvalo an’anaviy janrlarda yuz beradi.

Shoir Uchqun ham uyg‘ur mumtoz adabiyot an’analarini davom ettirib, shu janrda asar yaratgan. U an’anaviy shakldan foydalangan holda ayrim mumtoz obrazlarni bugungi kun nazaridan o‘zgartiradi. Uning g‘azal, muhammas, ruboiy shaklidagi asarlari ham anchagina. Shoir qadim an’analarga hurmat bilan qaraydi.

Umuman esa shoir she’riyatining janrlari turli-tuman. Lirik she’rlar bilan birga hazilomuz she’rlar, dialog va monologlar ham ko‘p uchraydi. Shoirning keyingi to‘plamlaridan biri uning ajoyib bolalar shoiri ham ekanini ko‘rsatdi.

Uchqun bolalar hayotini tasvirlar ekan, kutilmagan murakkab sarguzasht va hodisalarni o‘ylab topmaydi. Shoir ularda bizning har kungi hayotimizni ko‘rsatishga, go‘zallikni ko‘ra bilishga intiladi:

— Qahramonlik nimadir? —
— Qo‘rqmay, faqat rost so‘zlash
Kamchilikka yo‘l qo‘ysa,
Uni vaqtida tuzash.

Shuningdek, shoir keyingi yillarda yirik she’riy janrlarda barakali ijod etdi, qator ballada va dostonlar yaratdi. Bu o‘rinda shoirning 1982 yilda nashr etilgan “Yor ovozi” dostonlar kitobini alohida ta’kidlash joiz. Ushbu kitob uyg‘ur qishlog‘ining o‘tmishi, buguni va kelajagi haqidagi uch dostondan tashkil topgan. Ular orasida “Kariz qissasi” nomli doston badiiy jihatdan pishiqligi bilan kitobxonda iliq taassurot qoldiradi.

Xulosa sifatida shularni ta’kidlash joizki, Uchqunning ijodiy yutuqlari shoirning badiiy xayoloti, ijodiy dunyoqarashi rang-barang ekanini ko‘rsatadi. Hayotni, Vatanni sevish, sevgini tushunish — hayotiy nekbinlik shoir ijodining asoslari hisoblanadi. Bundan tashqari, shoir bir qadar siyosiylashgan she’rlari orqali ijtimoiy hayotda ishtirok etishni xohlaydi:

Ko‘z yosh to‘kma, mag‘rurlangin, faxrlangin, onajon,
O‘g‘ling ketdi bu dunyodan Vatanni deb, seni deb.
Umidsizlar oldida mard ko‘ksing kergin, onajon,
O‘g‘ling ketdi uyg‘urim zor, haqiqatlar qani deb.

Yig‘lamagin, haqiqatni o‘zim boshlab kelurman,
Xaloskorni yovdan emas, o‘z-o‘zimdan topganda.
Elimni shod, dushmanlarning ko‘zin yoshlab kelurman,
Shahidlarning qonlaridan qizarib tong otganda.

Albatta, shoirning barcha asarlari ham badiiy va ma’naviy jihatdan teng qimmatga hamda yuqori saviyaga ega emas. Shoirning bo‘shroq yozilgan asarlari, jo‘nroq fikrlari ham ko‘p… Ayrim she’rlari, xususan ruboiylari ancha dag‘al va sun’iyroq. Bular aslida tabiiy holat va xususiyatlardir.

Uchqun she’riyatini umumlashgan holda Ili daryosi bilan taqqoslash mumkin. Buyuk Ilining tor joylari bo‘lishiga qaramasdan, uning oqimi chuqur va go‘zaldir.

Yo‘l yurgan odamgina manzilga yetadi! Sharqda shunday gap bor… Shoir Uchqun ijodi harakatda. Ijod yo‘lida davom etayotgan karvon manzilga qadam-baqadam yaqinlashib bormoqda. Ijodining qudrati, sehri ham ana shu xususiyatda jamuljam bo‘lgan.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 3-son