Erkin A’zam. Otdosh odam

http://n.ziyouz.com/images/erkin_vohidov.jpgOti bir xil otdoshlar o‘rtasida qandaydir ruhiy uyg‘unlikmi, qadrdonlikmi bo‘ladiganga o‘xshaydi, nazarimda. Aslida unday emasdir-u, kimsan Erkin Vohidovga o‘zimni yaqin tutganim uchun menga – yana bir Erkinga shunday tuyular. Bu yaqinlik, bu iliqlik maktabdan, ilk bor darslikda Erkin Vohid (aynan shunday!) degan imzoni uchratganimda boshlangandir; qarangki, men – Erkin, ukamning ismi esa Vohid edi.
Vaholanki, ismlar uyqashligi anchayin bir sirtqi alomat, kishining taqdiru hayotida hech nimani anglatmas – otdoshlik deganlari omad otiga o‘tqazib qo‘ymaydi-ku sizni. Lekin ulug‘ bir insonga loaqal ana shunday yaqinlik ham yaxshi-da, to‘g‘rimi? Deylik, menga o‘xshab, “Eng yaxshi Erkinga – eng yomon Erkindan” deya kitobingizga erkalik bilan dastxat yozib bersangiz ham bo‘laveradi.
Agar o‘zaro botiniy bir rishta bo‘lmasa, Erkin Vohidovdek dovruqli inson menga shuncha yaxshilik, adabiy taqdirimga shuncha g‘amxo‘rlik qilarmi edi deng! U kishining taklifi, u kishining sharofati ila bir emas, ikki joyda talay yil birga ishlamoq nasib etibdi: “Yoshlik” jurnali hamda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda.
Qizig‘i shundaki, har ikkala holda ham men ishdan bo‘shab, bekor yurgan edim. Yosh ijodkorlarning yigirma-o‘ttiz yillik orzusi ro‘yobga chiqib, “Yoshlik” jurnali ta’sis bo‘ldi. Bu yoshlar uchungina emas, butun adabiy O‘zbekiston miqyosida katta voqea edi. Bugun endi uch-to‘rt shovvoz gapni bir joyga qo‘yib, bemalol jurnal yoki gazeta ochishi mumkin, nashriyot tashkil qilishi mumkin. Keyin, yil o‘tib-o‘tmay ularning faoliyati taqa-taq to‘xtashi ham hech gap emas. Bu kabi yangiliklarni birov bilib, birov bilmay qoladi. Biroq u kezlarda qirq-ellik yillik gazeta-jurnal tahririyatlariga nihoyati bir kichik adabiy xodim o‘rni zarur bo‘lganda ham azza-bazza Maskovning ruxsati darkor edi.
“Yoshlik” jurnalining dunyoga kelishi naqadar shov-shuv qo‘zg‘aganini shundan ham bilsa bo‘lar. Arzanda bu nashrga barcha birday kutgan odam, sevimli shoirimiz Erkin Vohidov bosh muharrir etib tayinlangani esa yoshlarni shoyon ruhlantirib yubordi. Bizga o‘xshab “ijodiy ta’til”da yurganlarning ko‘nglida orzu g‘imirlab qoldi deng: “Men ham shu jurnalda ishlasam! Kimsan, Erkin Vohidovga shogird tushsam!” Bu kabi o‘y-xayollar kaminaning ham ko‘nglidan o‘tgani tabiiy. Lekin, bugungi ta’birni qo‘llasak, “kasting” katta edi, “sen telbaga son qayda”! Shundanmikan, kelib Erkin Vohidovga uchrasharkansiz, deb telefon qilganlarida ishonib-­ishonmay uydan chiqqanman. O‘sha vaqtda ikkitagina to‘plamim nashr etilgan, birov tanib, birov tanimas edi. Erkin aka ham g‘ira-shira bilardilar, chog‘i; otdoshligimiz tufayli yodlarida qolgan bo‘lsam kerak. (Keyin eshitishimcha, ishga taklif etilgunimga qadar uncha-muncha ma’lumotnomayu tavsiyanomalar olingan ekan.)
Yangi jurnal Yozuvchilar uyushmasining Pushkin ko‘chasi muyulishidagi binosida ish boshlagan edi. Erkin aka sanjobroq majlisxonaning to‘ridagi omonat stolda qog‘oz ko‘rib o‘tirgan ekanlar. Barchaga ma’lum xushsuxanlik, o‘zidan kichikka ham izzat-e’tibor… Bosh muharrir jurnalning bo‘lajak ijodiy qiyofasi, bu boradagi reja-mo‘ljallardan so‘zladi, nasr bo‘limiga qo‘yilajak talablarni aytdi. “Mudir kim bo‘ladi, bo‘lim mudiri?” deb so‘radim ishga joylashganimga ishonch hosil qilgach. “Siz-da, siz”, dedilar Erkin aka xuddi tushimga kirgandek.
Ish yuzasidan goho yoshlikka xos tezoblik, mahmadanagarchiliklar qilib bosh muharririmizning g‘ashiga tekkanim bor gap. Eslasam, hali-hamon yuzlarim lovullab, xijolatdan terga tushaman. O‘shanday paytlarda u kishi balki boshdagi qarorlaridan pushaymon ham bo‘lgandirlar, ammo qariyb besh yillik hamkorlik mobaynida buni biror marta sezdirganlari yo‘q.
Davlat boshiga Chernenko degani kelib, daqqi mafkurachilardan emasmi, kompartiyaning navbatdagi plenumida adabiyot jabhasidagi og‘ishlar, jumladan, hayotning chigal tomonlarini aks ettirishga ruju qo‘yilayotgani qattiq tanqid qilindi. Bu gaplar Maskov nashrlariga tegishli edi, albatta. Lekin, qoidaga ko‘ra, ittifoqchi respublikalar ham unga labbay deb javob berishi kerak. Bizning odatdagi qolip­larga moyilroq adabiyotimizda esa bunga misol yo‘q hisobi, ammo topish shart! Jurnalimizning galdagi soni rejalari muhokamasida asosiy e’tibor shunda bo‘ldi. Aksiga olgandek, o‘jarroq bir muallifning rejaga kirgan qo‘sh hikoyasidan biri “Alam”, ikkinchisi “O‘lim” deb atalar ekan, o‘qib o‘tirilmay ikkisi-da qurbon bo‘ldi. Biz, sezgir muharrirlarning taklifiga ko‘nmagani uchun jazo! Qarangki, kaminaning “Javob” degan narsasi ham shu songa mo‘ljallangan edi. “O‘zi­ngizniki nima haqda, Erkinjon?” deb so‘radi bosh muharririmiz. “O‘zimniki ham shunday…” dedim nafasim ichimga tushib.
Alam qildi, albatta. Necha kunlar qo‘l ishga bormay yurdi. Araz.
Oradan ikki oymi-uch oy o‘tib, navbatdagi songa yirikroq narsa topilmay, “Bir o‘qiylik-chi”, deb rahbarimiz mas’ul kotib orqali o‘sha qissani so‘ratdilar. Ishonchsizlik bilan eltib berdim. Ertasigayoq chaqirib, qo‘lyozmani qo‘limga tutqazdilar. Bunday qarasam, qalam urilmagan. Demak, yo qayta ishlash kerak, yo butunlay ma’qul bo‘lmagan! “Nima qilay buni?” debman beixtiyor. “Nima qilardingiz – bosmaga, naborga!” dedilar kishini hayratga solib. “Hayotning chigal tomonlari-chi?..” Erkin aka xuddi o‘zlariga o‘zlari gapirgandek dedilar: “Chigallik bo‘lmasa, dard bo‘lmasa, unday asar kimga kerak?!”
Qissani moshinkada o‘zim ko‘chirgan edim. Qaysidir sahifasining oxiridagi abzatsga ko‘ndalang chiziq tortib qo‘yilibdi – o‘chirilgan. Keyingi sahifa ham aynan shu abzats bilan boshlanardi. Takroran terilgan ekan-da. Boshqa birorta e’tiroz yo‘q…
O‘sha kezlarga oid tag‘in bir hangoma hech esdan chiqmaydi. Bunisi endi o‘zimizning markazqo‘m “mahsulot”i. Turib-turib tanqid va o‘z-o‘zini tanqidni yanada kuchaytirishga qaror qilindi. Katta-kichik tashkilotu korxonalarda yarim hazil, yarim chin “ur-yiqit” boshlanib ketgan.
Tahririyatimizda o‘tgan ana shunday tanqid majlisiga markazqo‘mdagi mafkurachi opaxonlardan biri nazoratchi vakil bo‘lib keldi. U kishi hali bu jabhada xiyla havaskor, ayrim safdoshlari singari erkakchasiga qo‘l silkiy-silkiy gapni kesib gapirolmas, ayniqsa, Erkin akaning salobati bosibmi, kecha tushgan kelinchak misol iymanibroq o‘tirar edi. Ammo baribir “yuqorining odami”! O‘yin qoidasini buzmay, hamma bir-birini yengilgina chilpib o‘tgan bo‘ldi: kelgan odam birpasdan keyin ketadi, qolib birga ishlaydigan o‘zimiz-da.
So‘z navbati menga yetdi, kelib-kelib chekimga rahbarimizni – Erkin akani tanqid qilish mushkuloti tushgan. Nima deyin, u kishidan biror-bir yomonlik ko‘rganim yo‘q, neki bo‘lsa ish yuzasidan bo‘lgan, o‘zlariga esa hurmat-e’tiqodim baland. Gapni aylantira boshlaganimni sezib, iymanchoq opadan printsipial sado chiqdi: “Siz qo‘rqmang, uka, Erkin Vohidovich akamiz tanqidni to‘g‘ri tushunadilar”. Bu daldasi ham samara bermagach, u o‘ziga kerakli javobni endi sug‘urib olmoqqa o‘tdi: ishga kech qolganingizda urishadilarmi, huda-behuda koyiydilarmi, ba’zan qo‘pollik qilib turadilarmi?.. Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Vakil qalamini tishlab o‘yga toldi: nima desak ekan-a unda? Nihoyat, zarur ifoda topilib, bloknotga bunday tushdi: “Jurnal jamoasiga munosabatda o‘ta bag‘rikeng, ishga talabchanlik o‘rniga goho ko‘ngilchanlikka boradi…”
Majlis yakunidagi yana bir gap yodda qolgan. “Zo‘r jurnal chiqaryapsizlar, Erkin Vohidovich, o‘qib turamiz, rahmat sizlarga! – dedi mas’ul xodim tanqid ruhini unutib, xushhollik bilan. – Lekin bittagina istak bor edi. Mana, deylik, yigit bilan qizni tasvirlab kelasizlar-kelasizlar-da, oxiri noaniq bo‘lib qoladi: ular birga ketadimi, yoki… Bir jumlagina gap qo‘shib, shuni aniqroq yozsa bo‘lmasmikan-a? Iltimos-da bu”.
Majlis ahli “iltimos”dan lol qolgan, kulib yubormaslik uchun hamma bazo‘r tishini tishiga bosib o‘tirar edi. Erkin akaga qaradim, u kishi aslo sir boy bermay, odatdagicha jilmayib turardilar. “Juda yaxshi, – dedilar keyin muloyimlik bilan, – juda yaxshi. Biz buni albatta hisobga olamiz. A, yigitlar? Ocherk-­pocherk yozganda-da…”
Endi o‘ylasam, o‘sha davr o‘yinlarining begunoh bir o‘ljasi, aslida soddagina, ko‘ngilchan ayol ekan u…
Murod Muhammad Do‘st “Galatepaga qaytish”ini yozgan, lekin qaysi jurnalda bostirishni bilmay boshi qotib yurgan edi. O‘qigan odam daf’atan nima demoqqa hayron – odatiy asarlardan emas edi. O‘ylay-o‘ylay bosh muharririmizga ko‘rsatadigan bo‘ldik. “Do‘stingizning yaxshi qalami bor ekan, shuning hurmati chiqaraylik. Lekin ozroq ishi bor”, dedilar Erkin aka va asarni yaxlitlashtirishga doir taklif-mulohazalarini aytdilar. Suyunchi olib muallifga yetkazdik.
Ammo u kezlar jurnal yoki nashriyotda chop etiladigan yirikroq asar jamoat muhokamasidan o‘tmog‘i shart edi. Adabiyotimizning o‘sha davrdagi ayrim “qozikalon”lari asarga butunlay qarshi, undan g‘urradek bo‘rtib turadigan biror kommunistik g‘oya qidirishar, muallifning yangicha uslubi ham ularning g‘ashini qo‘zg‘amoqda edi.
Nasr kengashi a’zolari atay xufyaroq yo‘sinda Yozuvchilar uyushmasining nomdor bir kotibi xonasiga to‘plandi. Eng katta nasrchi adibimiz ham, G‘afur G‘ulom nashriyotini o‘tqazib-turg‘izadigan opaxonu akaxonlar ham shu yerda. Ular nasrchilar yig‘inida Erkin akani ko‘rib andak taajjublanganlari, ayni choqda allanechuk sipo tortganlari kechagidek esimda. Lekin baribir qo‘lyozmani ayab o‘tirishmadi, yaroqsizga chiqarishdi-qo‘yishdi. Hammasi yosh muallifga go‘yoki achinish bilan qaraydi deng: Maskovlarda o‘qib kelgan odam ham shunaqa narsa yozadimi!..
Muhokama so‘ngida Erkin akamiz so‘z olib, barchani lol qoldirdilar: “Asar bizga ma’qul. “Yoshlik” jurnali unga xaridor. Ba’zi mulohazalarimiz asosida Murodjon qo‘lyozmani qayta ko‘rib berishga rozi. Asarga ustoz Ozod Sharafiddinov so‘zboshi yozyaptilar!”
Bu qaror-xulosani u kishi xuddi hozirgina asar yuzasidan bildirilgan nordon fikrlarni eshitmagandek, hech kim bilan munozaraga kirishmay, baayni davrani shunchaki bir xabardor qilib qo‘yayotgan kabi xolis, beozor ohangda aytdilar. Kengash ahli battar taajjubda qolib, negadir biror e’tiroz qilolmay, yelka qisa-qisa tarqaldi.
Bosh muharririmizni yolg‘onchiga chiqarib qo‘ymaslik uchun shu zahoti qo‘lyozmani ko‘tarib Ozod akanikiga chopdik. Asar domlaga ma’qul bo‘lib, so‘zboshi yozib berdilar. Endi o‘sha vahimali muhokamalar zamoni ham, boshqasi ham o‘tdi, “Galatepaga qaytish” “Yoshlik” jurnalida e’lon qilinib, adabiyotimiz o‘ziga xos bir asar bilan boyigani qoldi.
Xullas, niyatimiz yo‘ldosh bo‘lib, shu tariqa jurnal tilga tushdi, o‘sha yillardagi nashrlar orasida bayroqdorlik qila boshladi. Bugun endi sababu sirini so‘raganlarga Erkin aka mashhur “Yunost” jurnaliga rahbarlik qilgan Valentin Katayev tajribasini misol keltirib, “Muhimi – xodimlarga xalaqit bermaslik, ya’ni hadeb ularning ishiga aralashavermaslik”, deydilar. Jurnal ahli ham shu ishonchning qadriga yetardi, bosh muharrir nomiga gard yuqtirmaslikka tirishib ishlardi.
Bilasizki, bunday holat odatda uzoq davom etmaydi, albatta nimadir bo‘ladi. Bo‘ldi. Erkin akamiz ko‘tarilib ketdilar – G‘afur G‘ulom nomidagi kattakon nashriyotga bosh bo‘ldilar. Biz g‘o‘ralar esa o‘zimizcha buni tushunolmay xunob: “Yoshlik” zo‘r edi-ku, obro‘li edi-ku, u serg‘alva joyda nima bor?!
Birov bir nima degani yo‘q, Erkin akaga o‘rganib qolgan ekanmizmi, qo‘l sovib, ishni yig‘ishtirdik. Bekor o‘tirgan kunlarimizning birida choshgoh mahali uyga Xayriddin Sultonov kirib keldi. U o‘sha kezlari G‘afur G‘ulom nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari edi. Bafurja gurungga chog‘lanayotganimni ko‘rib, “Bo‘ling, sizni opketgani keldim. Ustoz so‘rayaptilar”, dedi.
Nashriyotga yetib borganimizda tushlik payti bo‘lib qolgan, direktor boshliq to‘rt-besh kishi – muovinlaru tahririyat mudirlari ikki-uch moshina bo‘lib allaqayga lag‘monxo‘rlikka otlanib turishgan ekan. Biz ham qo‘shildik. Ich qiziydi deng: nega chaqiribdilar-a? Ammo na yo‘lda, na ovqat mahali bu haqda so‘z ochildi. Tushlikdan qaytgach, kabinetlarida ikkov qolganimizdagina qarorlari ma’lum bo‘ldi: “Ishga kelasiz!” Vaj-korsonlarimni qalashtira boshlagan edim, ilgarigiga o‘xshamagan bir jiddiyatu qat’iylik bilan takrorladilar: “Kelasiz, tamom! Hammasi yaxshi bo‘ladi”.
O‘sha kuniyoq buyruq chiqdi: ko‘ptomlik nashrlar tahririyatining mudiri etib tayinlandim. Keyin bilsam, nashriyotning o‘zida ham, tashqarida ham bu lavozimni ko‘zlab yurganlar kam emas ekan.
Ustozimizning ishonchini oqladikmi-­yo‘qmi, harqalay, u kishi boshqa ishga o‘tib ketganlaridan so‘ngra ham yana uch-to‘rt yil qolib noshirlik qildik.
Erkin aka bir kuni qo‘ng‘iroq qilib qoldilar: “Farg‘onani bir aylantirib kelsam nima deysiz? Do‘stlaringiz ham borishadi – Xurshidjonlar”.
Bu dunyoning asti tugamaydigan tashvish­lari, ayniqsa, o‘sha vaqtdagi jamoat ishlari, bir yoqda jurnalga tegishli yumushlar, xullas, odatdagi tanglik-tig‘izlik – bir yoqlarga borib o‘ynab kelgani vaqt qayda deysiz! Lekin Erkin akaga yo‘q deb bo‘larmidi! Shunday taklifni rad etib, keyin pushaymon qilmaysizmi?
Alqissa, ikki Xurshidu (Do‘st va Davron) ikki Erkin – to‘rtovlon “Qaydasan, go‘zal Farg‘onam” deya yo‘lga tushdik. Safarimizga rasmiyroq tus bermasa bo‘lmasdi, Erkin Vohidov katta odam, qolganlar ham chakana emas, kimsan – deputat! Oliy o‘quv dargohlarida, ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lgan qizg‘indan-qizg‘in uchrashuvlar. Ayniqsa, Marg‘ilondagi dilkash kunlar! Qarindoshlarining to‘yi ustiga borib qolgan ekanmiz, ul ajib izdihom, ul izzat-­ikromu fayziyob mashvaratlarni ayting. Erkin akamizni Farg‘ona ahli davrasida ko‘rmoq bir bo‘lakcha edi.
Bugun o‘ylab qarasangiz, ustozimiz bizni Farg‘ona ziyoratiga bekor taklif qilmagan ekan. Dunyo tashvishlari hamon bitgani yo‘q, bitmasligi ham ma’lum, o‘shandagi Farg‘ona safari esa bir umr yoddan chiqmas xotira bo‘lib qoldi.
Keyinchalik Erkin aka bilan oliy mahkamalarda birga o‘tirish ham nasib etdi. U kishining o‘zini tutishi, minbarga chiqqanda lo‘nda-lo‘nda, barchaning ko‘nglidagini kutilmagan bir yo‘sin, bir noziklik bilan ifoda etib berish­lari bizga maktab, bizga andoza edi. Yashirib nima qildik, kattaroq amaldorni ko‘rganda uncha-munchamiz birdan kichrayib, ovozimiz ingichkalashib, ikki bukilay deb qolamiz, shunday emasmi? Eng oliy mansabdorlar bilan ro‘baro‘ kelganda ham Erkin akamizning aslo sarosimaga tushmay, teppa-teng muomalada bo‘lganlariga ko‘p bora guvohman. O‘sha kamtarinlik, o‘sha samimiyatu o‘sha xushsuxanlik – zarracha ortiq emas. Insoniy qadrini, shoirlik sha’nini yuksak tutgan odamninggina qo‘lidan keladi bu ish!
Hali-hanuz ba’zi bir vaziyatlarga duch kelinganda, Erkin aka mana shunda nima degan bo‘lardilar, nima qilgan bo‘lardilar, degandek o‘y-andishalar o‘tadi ko‘ngildan. Yo‘q, behuda, behuda. Harchand otdosh bo‘lmaylik, harchand u kishiga havas qilib, o‘zimizni maslakdosh sanamaylik, baribir boshqa-boshqa odamligimiz ayon bo‘lib qoladi. Beixtiyor ko‘ngilni bir tasalli va faxr tuyg‘usi qamraydi: mayli, Erkin akadek bo‘lolmasak-da, u kishiga intilib, u kishiga havas qilib yashash ham g‘animat-ku! Erkin aka misoli odamlar bilan zamondoshlik ham bir martaba emasmi bizga? Shunday. Xuddi shunday!

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 12-son