Ulug‘ ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir 1564 yil 23 aprelda Angliyaning Stratford shahrida dunyoga keldi. Buni qarangki, Shekspir tug‘ilishidan ikki oy muqaddam Rimda italyan Uyg‘onish davrining buyuk musavviri, Sikstin kapellasidagi g‘aroyib suratlarning muallifi, o‘z davrining daho ijodkorlaridan biri Mikelanjelo vafot etgan edi. Bu ikki sana o‘rtasidagi ilohiy bir rishtani hayrat ila kuzatish mumkin: italiyalik fojeaviy ijodkor o‘zining ijodiy tamoyillarini angliyalik ijodkorga – Otello”, “Qirol Lir” kabi fojealar muallifiga uzatganday edi go‘yo.
Oradan 52 yil o‘tib, Shekspir 1616 yil 23 aprel kuni (o‘zining tug‘ilgan kunida!) dunyo bilan vidolashdi. Undan bir kun oldin Madridda ulug‘ adib Servantes jon taslim qilgan edi. Don Kixot va Hamlet, Sancho Pansa va Makbet singari o‘lmas obrazlarni yarata olgan ikki siymo shunday qilib yorug‘ dunyoni deyarli bir vaqtda tark etdilar.
Shekspirning vafotidan bir necha yillar o‘tgach, 1623 yilda uning aktyor do‘stlari Shekspir asarlarining bir qanchasini to‘plab, kitob shaklida nashr qildiradilar. Shekspir pesalarining ushbu ilk to‘plami adabiyot tarixiga “The First Folio” (“Birinchi Folio”) nomi bilan kiradi.
Oradan to‘rt yuz yilga yaqin vaqt o‘tdi. Shekspirning nomi insoniyat tarixidagi eng mashhur nomlardan biriga aylandi. ( “Shekspir” so‘zi inglizchada – “nayza o‘ynatayotgan”, “nayza o‘ynatuvchi” degan ma’nolarni anglatadi). Uning asarlari jahondagi barcha tillarga o‘girilgan bo‘lib, deyarli barcha taraqqiy topgan mamlakatlarning teatr sahnalarida o‘ynalmoqda. O‘tgan yillar ichida turli mamlakatlarda nashr qilingan bir necha minglab maqolalar, kitoblar, tadqiqotlar ham Shekspir ijodi insoniyatning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotini qanchalik chuqur va keng qamrab olganligiga yorqin misol bo‘la oladi. Uning ijodi shu qadar keng ko‘lamliki, so‘nggi yillarda hatto “Shekspir va tarix”, “Shekspir va yurisprudentsiya”, “Shekspir va gullar”, “Shekspir va ko‘nchilik” (ya’ni, teri ishlab chiqarish sanoati) degan mavzularda tadqiqotlar amalga oshirildi. Uning asarlaridagi obrazlar soni ikki mingdan ziyodroqni tashkil etadi.
Bugina emas, Shekspir ijodi ingliz tili leksikonidagi juda faol ishlatiladigan 20-25 mingdan ziyod so‘zni qamrab oladi. Bu ijod qanday muhtasham salohiyatga ega bo‘lgan aqlu tafakkur ila yaratilganini quyidagi birgina taqqosdanoq bilib olsa bo‘ladi – olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, unga zamondosh bo‘lgan ulug‘ faylasuf Frensis Bekon asarlarida ishlatilgan so‘zlar 9-10 mingta birlikni tashkil etar ekan. Vaholanki, hozirgi kunda eng savodli ingliz kishisining ham kundalik turmushda ishlatadigan so‘z boyliklari (leksikoni) – to‘rt mingta so‘zdan nariga o‘tmaydi. Dunyoning eng muhtasham lisoniy loyihalaridan biri – “Oksford lug‘ati” xodimlari Shekspirning ingliz tili leksikoniga uch ming ikki yuzta yangi so‘z qo‘shganligini ibrat qilib ko‘rsatadilar. Bu esa dramaturgga zamondosh bo‘lgan barcha adiblarni birga qo‘shib hisoblaganda ham Sheskpir ijodichalik boy va rang-barang emasligidan darak beradi. Xullas, Shekspir ismli daho ijod qilib o‘tmaganida edi, ingliz tili dunyo tillari orasida bugungidek ilg‘or mavqega erisha olarmidi-yo‘qmi, degan xayollarga ham boradi, kishi.
Shekspir pesalari, sonetlari uning adabiyot sohasidagi yuksak salohiyatini ko‘rsatibgina qolmay, balki tarix, jo‘g‘rofiya, boshqa turli fanlar, chet tillar bo‘yicha ham bilimlari beqiyos bo‘lganligini, qomusiy ilmga ega ekanligini ham ko‘rsatadi. Uning shaxsiy hayoti qanday kechganligi borasida shekspirshunoslar izlab topgan ma’lumotlar unchalik ko‘p emas. Otasi Jon Shekspir qo‘lqopchi usta bo‘lganligi, 1568 yili o‘zlari yashab turgan shaharchaga hokim (mer) etib saylanganligi ma’lum. Shekspir Stratforddagi maktabda olti yil o‘qiydi. 18 yoshida u Enn Xetueyga uylanib, bu nikohdan Syuzanna ismli qiz, Hamnet va Judit ismli egizak farzandlari dunyoga keladi. 1579 – 1588 yillar oralig‘ini shekspirshunoslar “yo‘qotilgan yillar” deb atashadi, negaki, aynan mana shu yillar oralig‘ida bo‘lajak dramaturgning nima ishlar bilan shug‘ullangani ma’lum emas. Taxminan 1587 yil Shekspir o‘z uyini tark etib, Londonga ko‘chib keladi va teatr sohasidagi faoliyatini boshlaydi. 1594 yil u Richard Berbej rahbar bo‘lgan “Lord-kamerger xodimlari” truppasida hissador bo‘lib faoliyat yuritadi. 1599 yildan boshlab esa o‘zining yangi “Globus” teatrini tashkil etadi. 1612 yil Londondan yana Stratford shaharchasiga ko‘chib keladi va shu yerda vafot etadi. Shekspirdan o‘z qo‘li bilan yozilgan na biror xat, na bir qo‘lyozma, na bir qator yozuv qolgan. Faqat besh o‘rinda bitilgan imzolarigina bizgacha yetib kelgan, xolos, bu imzolar ham Shekspirniki bo‘lgani bilan, ular besh xil ko‘rinishga ega, lekin hammasi ham mayda harflarda bitilganligi e’tiborni tortadi. Hayoti borasidagi shu kabi chalkashliklar, ma’lumotlarning kam saqlanib qolganligi, faktlarning mujmalligi yoki noaniqligi Shekspir ismli shaxs qanday umr kechirgani, uning asarlarining haqiqiy muallifi kimligi haqidagi ko‘pdan-ko‘p taxminlarni keltirib chiqardi, hatto turli mish-mishlarning urchib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu xil noaniqliklar, mujmallik va chalkashliklar ayniqsa, XIX asrda avj ola boshladi. Zigmund Freyd, Charlz Dikkens, Genri Jeyms, Ralf Emerson, Mark Tven, Uolt Uitmen singari mashhur adib, mutafakkir, ziyoli insonlar bu masalaga ikkilanib, shubha bildira boshlagach, bu muammo “oloviga yog‘ quyildi”. “Qanday qilib olti sinflik ma’lumotga ega bo‘lgan, bilimi sayoz qishloqlik bir yigitcha shunday yuksak darajadagi asarlarni yarata oladi?” degan ma’nodagi shubha-gumonli maqolalar, e’tirozli fikrlar ko‘paydi. Shekspirning ijodi atigi 30 ta pesa (bular tarixiy xronikalar, komediyalar va tragediyalardan iborat) hamda yuksak she’riyat namunalari bo‘lgan 154 ta sonetni tashkil etsayu, Britaniya madaniy tarixidagi eng qomusiy daho hisoblanmish insonning shunday asarlar yarata olishiga shubha bilan qarashsa?! Xullas, bunday tushunchadagi kishilarning shubha-gumoni bolalagandan bolalayverdi, shubha-gumonlar bir mamlakat sarhadlaridan oshib boshqa qit’alarga ham yoyildi. Ularning fikricha, nima emish – Uilyam Shekspir merosi ajoyib ustomonlik ila uyushtirilgan mistifikatsiya emish! “Uilyam Shekspir” deganlari to‘qima nom emishu, boshqa bir odam yoki bir necha kishilardan iborat guruh mana shu taxallus ostida ijod qilgan emish! Hattoki Uilyam Shekspir degan odamning o‘zi ham bundan xabardor bo‘lgan emishu, uning nomidan boshqa birovlar asarlar yaratishiga sira qarshilik qilmagan emish… Shu tariqa ingliz adabiyotida “aksilstratford” harakat tashkil topa boshladi ( bu – Stratfordga, ya’ni Shekspir tug‘ilgan shaharga qarshi degani). Yillar o‘tishi bilan esa Shekspir asarlariga da’vogarlik ehtimoli bo‘lgan mualliflar nomining doirasi kengaya boshladi. O‘tgan ikki asr mobaynida Shekspir yozgan pesalarning ehtimoliy muallifi qilib ko‘rsatilgan qalam sohiblari orasida kimlar yo‘q deysiz, mana “da’vogarlar”ning nomlari: Frensis Bekon, Kristofer Marlo, dengiz qaroqchisi bo‘lgan Frensis Dreyk… Hatto qirolicha Yelizaveta ham “Shekspir nomidan asar yozgan muallif shu emasmikan?” degan gumon ostiga olindi. Butun bir mualliflar jamoasini “Shekspir nomidan ish ko‘rganlar” degan g‘alati versiyalar paydo bo‘ldi. Bu kunga kelib Shekspirga “asar yozib bergan bo‘lishi mumkin” deb gumon qilinayotganlar soni 30 nafardan oshib ketdi. Bu borada esa hali-hanuz bir qarorga kelinganicha yo‘q. Yaqin orada ham bu haqda yagona, hal qiluvchi fikrga kelish qiyin ko‘rinadi, to‘g‘rirog‘i, yagona bir fikrga kelinmasa ham kerak. Ammo jahon bo‘ylab Renessans (Uyg‘onish) davrida yashagan daho dramaturgning ijodiga qiziqish ila qarab, “falon asarini sahnaga qo‘ysam”, “falon rolini o‘ynasam” degan rejissyoru aktyorlar endilikda ko‘paygandan ko‘payib bormoqda.
Shekspirning juda ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bu tarjimalar Cho‘lpon, Maqsud Shayxzoda, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Mirzakalon Ismoiliy, Asqad Muxtor, Qodir Marmuhamedov, Yusuf Shomansur, kabi taniqli ijodkorlar qalamiga tegishli. O‘tgan asrning 70-yillarida o‘zbek tilida Shekspir asarlarining 5 jildlik to‘plami nashr qilingan edi. Yaqinda Shekspir asarlarining 3 jildlik to‘plami tarjimon Jamol Kamol tomonidan nashr ettirildi. Mazkur tarjimon mehnatini alohida qayd etishimizning sababi shuki, taniqli shoirimiz ushbu tarjimalarni bevosita ingliz tilidan amalga oshirgan.
O‘zbek teatri tarixida ham Shekspir pesalari oltin sahifalarni tashkil etadi. Turli yillarda o‘zbek teatrlari sahnalarida Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Romeo va Juletta”, “Yuliy Sezar”, “Qirol Lir”, “Richard III”, “Koriolan”, “Veronalik ikki yigit” kabi asarlari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi. O‘zbek sahnasining yulduzlari Abror Hidoyatov, Sora Eshonto‘rayeva, Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov va boshqa san’atkorlarning ijodiy faoliyatlarida bu asarlar mahorat maktabi, pillapoya vazifasini o‘tadi. Qator aktyorlar nafaqat bosh rol ijrochisi sifatida, balki ikkinchi darajali rollarni talqin qiliboq tomoshabinlar tiliga tushganligini aytib o‘tish joiz.
Atoqli ingliz rejissyori Piter Bruk ta’biriga ko‘ra, Shekspirning “Hamlet” fojeasini har o‘n yilda yangidan sahnalashtirib turgan ma’qul. Uning fikricha, har o‘n yilda jamiyat o‘zgarib turadi. Bu o‘rinda rejissyor teatr san’atining ifoda vositalari ham har o‘n yilda o‘zgarib-yangilanib turishini nazarda tutadi. Binobarin, insonlar jamiyatining yangi avlodi har gal Shekspir asarlarini uqib anglab olish uchun o‘zida ehtiyoj sezadi. Shekspir ularning ushbu umidlarini oqlaydi ham. Jahon teatrlarida Shekspir asarlarining qo‘yilish tarixi – uning asarlarini har gal yangidan talqin qilinishi, yangidan anglanishi demakdir. Yigirmanchi asrga kelib faqat teatr sahnasida emas, balki kinematografiya sohasida ham Shekspir asarlariga murojaat qilish mayli avj oldi, uning asarlarini freydizm, oriyentalizm, absurd va shafqatsizlik teatri nuqtai nazaridan, psixologik drama nuqtai nazaridan talqin qilishga e’tibor kuchaydi. Natijada esa sahnaga olib chiqilgan asar asliyatdan tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan holatlar ham yuz bera boshladi. Shekspir tragediyalari motivlari asosida yangi pesa va fojealar yozish urf bo‘la boshladi (masalan, T.Stoppard qalamiga mansub pesa asosida suratga olingan “Rozenkrants va Gildensternlar o‘lganda” nomli kinofilmni eslang).
Xullas, ulug‘ Gyotening “Shekspirning nihoyasi yo‘q!” deb qilgan xitobi bugungi kunda ham dolzarbligicha qolayotir. Daho dramaturg asarlaridan yangi va yangi ma’no-mazmun ilib olishda vaqtning o‘zi kishilik jamiyatiga peshkash turibdi.
1964 yili Shekspir tavalludining 400 yilligi nishonlab o‘tilgan edi. O‘shanda muborak tavallud kunini nishonlash maqsadida jahonining qariyb 150 mamlakatidan kelgan vakillar London shahridan Stratford manziliga safar uyushtiradi. Elchilar Shekspir qabriga guldasta qo‘yish uchun necha saotlab navbat kutishlariga to‘g‘ri kelgan. Buning bari ulug‘ ingliz dramaturgiga bildirilayotgan izzat-hurmatning in’ikosi edi.
Kelasi 2014 yilda bu zot tavalludiga 450 yil to‘ladi. Jahon madaniyati tarixidagi ushbu unutilmas sanani o‘zbekistonlik teatr shinavandalari ham munosib nishonlashlariga shubha yo‘q.
Eldor Muxtorov, san’atshunoslik fanlari, doktori
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son