XX asr rus adabiyoti jahon ma’naviyati tarixida alohida o‘rin egallaydi. U bir tomondan XIX asrning oxirgi choragidagi buyuk shoir va yozuvchilar avlodining davomi sifatida noyob asarlarning dunyoga kelishini ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan buyuk iste’dodlarning ko‘pchiligi uchun fojia keltirgan oktyabr to‘ntarishi tufayli tanazzulga qarab ketdi. O‘sha davrda bir guruh buyuklar ijod qildiki, ularning asarlari jahon adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Darhaqiqat, Sergey Yesenin, Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Osip Mandelshtam, Mixail Bulgakov singari o‘z boshidan qatag‘onli yillarni kechirgan buyuklar hozir ham jahon kitobxonining sevimli adiblaridir. Ular orasida Nobel mukofoti laureati, buyuk shoir, nosir va tarjimon Boris Leonidovich Pasternak alohida o‘rin egallaydi.
Boris Pasternak 1890 yilning 10 fevralida ziyoli, san’atkor oilasida dunyoga keldi. Rassomlik san’ati, musiqa, adabiyot oilaning hayot yo‘lini tashkil etardi. Borisning otasi Leonid Osipovich Pasternak akademik, mashhur rassom, shu bilan bir qatorda badiiy grafikachi ham edi. Avval Odessadagi san’at bilim yurtini, keyinchalik esa Myunxen badiiy akademiyasini tamomlagan Leonid Pasternak XIX asrning 90-yillariga kelib, rus san’ati olamida salmoqli o‘rinni egallagandi. U uzoq vaqt Moskvadagi badiiy tasvir, haykaltaroshlik va me’morchilik bilim yurtida professor sifatida faoliyat yuritdi. Uning eng yaqin do‘stlaridan biri Lev Tolstoy edi, zero, uning Tolstoy romanlariga ishlagan bir qancha ajoyib illyustratsiyalari allaqachon xalqning nazariga tushib ulgurgandi. Ulug‘ adib tez-tez do‘stining uyiga tashrif buyurar, bo‘lajak shoirning onasi – iste’dodli pianinochi ijrosidagi musiqalarni tinglashni xush ko‘rardi. Oila davrasidagi musiqa oqshomlari, mehmonlar o‘rtasidagi qizg‘in suhbatlaru bahs-munozaralar kichik Borisda katta taassurot uyg‘otardi. Ayniqsa, u Lev Tolstoy va Nikolay Gening suhbatlarini diqqat bilan tinglar, ularga ich-ichidan havas qilardi. Boris Pasternak ana shu muhitda tarbiya topdi.
Bilim yurti binosiga tutashib ketgan bir asrlik jo‘ka daraxtlarini soatlab tomosha qilish, Myasnitskiydagi suratlar galereyasi, gimnaziya, dala hovlidagi quvonchga to‘la onlar, an’anaviy diniy bayramlar, Peterburg va xorijga sayohat, badiiy ko‘rgazmalar va ular atrofidagi bahs-munozaralar, konservatoriyadagi kontsertlar, musiqadan saboqlar, chet tillarini o‘rganish ustidagi tinimsiz mashg‘ulotlar – g‘ayratli va ta’sirchan moskvalik o‘smir ana shu jo‘shqin hayot ummonig tortib ketardi.
Leonid Pasternakning qadrdon do‘stlaridan sanalmish ulug‘ rus kompozitori Aleksandr Nikolayevich Skryabin, Borisning hayotida muhim iz qoldirgan insonlardan biri edi. Skryabinning yaratgan musiqalari Pasternakni nafaqat hayajonga solar, balki hayratda qoldirardi ham. Ana shu sabab, Boris butun vujudi-yu, mehrini musiqaga baxsh etishga, kelajakda albatta ustozi kabi mashhur kompozitor bo‘lib yetishishga ahd qildi. Pasternak olti yil ana shu ishtiyoq bilan yonib yashadi, tinimsiz mashqlar tufayli bir qancha muvaffaqiyatlarga erishib, ustozining olqishiga sazovor ham bo‘ldi. Ammo oradagi qiynoqqa soluvchi gumonlar, ikkilanishlar sabab, u musiqadan voz kechishga majbur bo‘ldi. Pasternak bu hodisani unda mutlaqo eshitish qobiliyati yo‘qligi bilan izohlagan.
Pasternak Moskva universitetining tarix va filologiya fakultetining falsafa bo‘limida tahsil olgan kezlarida, ko‘proq neokantchi faylasuflarning ma’ruzalarini tinglaydi. Ammo, bir kuni u faylasuflar “Makka”si qadim olmon shaharchasi Marburgda joylashganligi haqida eshitib qoladi. Pasternak o‘quv yurtidagi yozgi ta’tildan foydalanib, (Marburg universitetida esa o‘qish hali davom etardi) 1912 yilda onasi tomonidan berilgan mablag‘ evaziga Marburgga qarab yo‘l oladi. Ammo universitetda olmon neokantchilaridan biri sanalmish eng keksa va katta obro‘ga ega bo‘lgan professor Kogendan eshitgan ma’ruzalari uni umuman qoniqtirmaydi va saboqlar qisqa fursatda o‘z nihoyasiga yetadi. Chunki endi falsafa Pasternakni fan sifatida mutlaqo qiziqtirmasdi. O‘zini anglamagan holda u ich-ichidan shoirga aylanib ulgurgandi. Vaqti-vaqti bilan Pasternak she’rlar qoralab turar, ammo negadir ularga u qadar ahamiyat bermasdi. Marburgdagi ishqiy sarguzashtlar o‘smirni o‘z kelajagiga yangicha qarashga, faylasuflik istiqbolidan voz kechishga majbur etdi. Va u ilm bilan shug‘ullanmaslikka ahd qildi.
Tez orada Pasternak Marburgni tark etadi va bor mablag‘ini Italiyaga sayohat qilish uchun sarflaydi. U Uyg‘onish davri san’atiga “boshi bilan sho‘ng‘igan” holda g‘aroyibotlarga to‘la Venetsiya va Florentsiya shaharlarini sayr qiladi. O‘sha davrning buyuk rassomlari tomonidan yaratilgan polotnolar, me’morchilikning ajoyib namunalari shoirning xotirasida bir umrga muhrlanib qoldi.
Pasternak Moskvaga musiqachi ham, faylasuf ham emas, balki shoir bo‘lib qaytdi. Universitetdagi imtihonlar unga shunchaki bir rasmiyatchilik edi, xolos. 1913 yilda universitetni bitirgan Pasternak Stolbov temiryo‘l bekatiga yaqin yerda joylashgan Molodyax dala hovlilaridan birida o‘zining “Bulutlar orasidagi egizak” nomli ilk she’riy kitobini yozib tugatadi. Asar 1914 yilda chop etiladi.
Pasternak tez orada yana ikkita asar yaratadi. Ulardan biri – tasodifan yo‘qolib, boshqa topilmagan she’rlar turkumi bo‘lsa, ikkinchisi – 1917 yilning yozida yozilgan “Hayot – mening hamshiram” nomli kitobi edi. Ushbu asar oradan besh yil o‘tib dunyo yuzini ko‘rdi.
1917 yilgi to‘ntarish arafasida u futuristlar bilan aloqa o‘rnatib, ularning ta’siri ostiga tushib qoladi. Biroq u boshqa futuristlardan farqli o‘laroq, o‘tmish va “eski” madaniyatdan yuz o‘girmay, XIX asr rus va olmon falsafiy lirikasi an’analarini davom ettiradi. “Hayot – mening hamshiram” she’rida Pasternak she’riyatining muhim xususiyatlaridan biri – tabiat, hayot bilan uzviylik ilk bor ko‘zga tashlanadi.
1920 yillardan boshlab Pasternak “To‘qqiz yuz beshinchi yil”, “Leynetant Shmidt” kabi dostonlarida lirik tafakkurdan epik tafakkurga o‘ta boshlaydi. U urush va inqiloblar davridagi inson taqdiriga bag‘ishlangan “Samoviy yo‘llar” (1924-33) nasriy asari hamda “Sikorskiy” she’riy romanida voqeiy syujetga qarshi o‘laroq, tabiat va muhabbat bilan bog‘liq syujetni o‘rtaga tashlaydi. Pasternak bu asarlarida inqilobiy zulm va zo‘ravonlikni keskin inkor etadi.
1930 yillarning oxirlariga borib, turli sabablarga ko‘ra Pasternak ijodida to‘xtash kuzatiladi. U so‘zsiz ravishda o‘zining ijodiga ziyon yetkazgani holda, tarjimachilik ishlariga “sho‘ng‘ib” ketdi. Biroq u ko‘plab rusiyzabon o‘quvchilarga gruzin romantizmining buyuk namoyandasi Nikolay Baratashvili va boshqa gruzin shoirlarining she’rlari hamda Shekspirning bir qator dramalarini taqdim etdi. Pasternak Shekspir dramalarini tarjima qilar ekan, rus tarjimachiligida shu vaqtgacha ko‘zga tashlanmagan darajadagi mahoratni namoyon etdi. Pasternak tarjimasida Shekspir butun go‘zalligi va faylasufligi bilan namoyon bo‘lgan. Ayniqsa, “Hamlet” fojiasining tarjimasi hozirgi kunda ham eng namunaviy tarjima asar sifatida bizni hayratga soladi.
O‘sha kezlarda Pasternakning she’rlari matbuotda kamdan-kam chop etilardi. Bu esa shoir ijodining ancha uzoqqa cho‘zilishidan darak edi. Faqat Ikkinchi jahon urushining dastlabki yillaridagina Pasternak o‘z ijodiga qaytdi va obrazlar tizimini soddalashtirib, rus klassiklariga xos uslubda yoza boshladi.
Urushdan keyingi o‘n besh yil davomida Boris Pasternak matonat bilan, qat’iy reja asosida ijod qiladi. U Shekspir asarlarini tarjima qilishda davom etadi. Buyuk venger shoiri Shandor Petefining bir qancha she’rlarini hayratlanarli darajada, yuksak mahorat bilan rus tiliga o‘giradi va she’riy to‘plamining chop etilishida ishtirok etadi. Keyin esa u ulkan bir ishga qo‘l uradi – Gyotening ikki qismdan iborat “Faust” asarini tarjima qilishga bel bog‘laydi va 1953 yilda uni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Bu vaqt oralig‘ida Pasternakning biror-bir she’ri matbuotda ko‘zga tashlanmaydi. Zero, uning butun diqqati tarjimachilik va nasriy asar yaratishga qaratilgan edi.
Pasternak bir necha yillik (1945-1955) mashaqqatli mehnatdan so‘ng, 1955 yilda “Doktor Jivago” romanini yozib tugatadi. Romandan parchalar ilk marta Polshaning «OPINIE» jurnalida chop etiladi. Bu voqea hukumat rahbarlarida xuddi Kremlga bir bomba kelib tushgandek taassurot uyg‘otadi. Pasternakni zudlik bilan partiya Markaziy qo‘mitasining madaniyat bo‘limiga chaqirishadi va qamoqqa olishlarini po‘pisa qilib, asarning xorijda chop etilishini to‘xtatish kerakligini aytishadi. Shuningdek, polyak noshirlari va tarjimonlari Severin Pollak va Anna Kamenskayalarni ham shoshilinch ravishda Moskvaga chaqirtirishadi. Ularga qattiq tanbeh beriladi va tazyiq ostiga olinadi: ijodkorlar uzoq yillar mobaynida ishga joylashishdan mosuvo bo‘lishadi.
“Doktor Jivago” romanida adib shaxsiy hayot bilan ijtimoiy borliq o‘rtasida arosatda qolgan Sergey Sikorskiyga qondosh rus ziyolisining obrazini yaratgan. Zero, sho‘ro hukumatining dastlabki yillarida Pasternak oktyabr inqilobiga V.Bryusov, A.Blok, V.Mayakovskiy singari ijobiy munosabatda bo‘ladi. Lekin totalitar tuzum kirdikorlarini anglab yetgach, o‘z fikridan qaytadi. U “Inqilob ruslar tomonidan amalga oshirilgan eng katta xatodir” degan xulosaga keladi. Aynan ana shu qarash “Doktor Jivago” romanining g‘oyaviy asosini tashkil etgandi. Roman, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, totalitar tuzum tomonidan tazyiq ostiga olingan. Shunga qaramay, asar 1957 yilda Milan shahrida nashrdan chiqqan va Nobel mukofotiga tavsiya etilgandi.
Biroq Sho‘ro hukumati Pasternakka Nobel mukofotini borib olishga ruxsat bermaydi. Unga “Yo Nobel mukofoti, yo Rossiya!” degan shart qo‘yiladi. Buyuk vatanparvar shoir Rossiyani tanlaydi va Nobel mukofoti berilgan 1958 yil 24 oktyabr kuni Peredelkinodagi uyida Pasternak to‘rt kishi bo‘lib mukofotni nishonlaydilar…
Anvar Sher
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son