Adabiyot inson ma’naviyati, dunyoqarashi va tafakkur doirasini kengaytirishga xizmat qilsa, uning ajralmas qismi bo‘lgan bolalar adabiyoti kelajagimiz egalarini tarbiyalaydi. Yoshligidan kitobga, adabiyotga mehr qo‘ygan bola mustaqil fikri, keng dunyoqarashi va bilim doirasi bilan boshqa bolalardan ajralib turadi. O‘zbek xalqining “Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar” maqoli kitobning inson hayotidagi o‘rni naqadar beqiyos ekanligini yana bir karra namoyon etadi.
O‘zbek bolalar adabiyoti ijodkorlaridan biri Qudrat Hikmat qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da, bolalar shoiri zimmasidagi ishlarni qilishga ulgurdi. Vafot etganiga yarim asrdan ortiqroq vaqt o‘tganiga qaramay, kitoblari qayta nashr etilmoqda, she’rlari maktab darsliklari sahifalaridan tushmaydi. Buning asosiy sababi, shoir asarlari tarbiyaviylik, ma’rifatparvarlik, vatanparvarlik, ona tabiatni sevish kabi tuyg‘ular bilan boyitilganida.
Qudrat Hikmat qalbida she’riyatga muhabbat maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq tug‘ilgan. Ustoz Quddus Muhammadiy yosh qalamkashning adabiyot olamiga kirib kelishiga sababchi bo‘ldi. Qudrat Hikmat she’rlari oynomalarda chop etila boshladi.
“Urushdan keyingi og‘ir yillar… Oybekning O‘zbekiston yozuvchilariga rahbarlik vaqtlari. Kunlarning birida yozuvchi kabinetiga ustida yirtiq ko‘ylak, boshida eski do‘ppi, oyoqyalang bir yigit kirib keldi. Shimining cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘ozni olib: “Eshiting, Oybek aka, she’r o‘qiyman”, dedi. “O‘qing, o‘qing”, dedi Oybek. Yigit she’r o‘qidi. She’rni o‘qib bo‘lib u adibdan o‘zining asari haqida biron narsa eshitgisi keldi. Lekin Oybek hech narsa demadi. U she’rni ehtiros bilan o‘qib bergan bu yigitga boshdan oyoq razm solib qaradi va sekin o‘rnidan turib, uni ergashtirib litfond raisining oldiga olib kirdi. Yigit yanagi safar bu idoraga kelganida yangi kostyum-shimda edi…”[1]. Qudrat Hikmat Oybekdan shu tariqa birinchi yo‘llanmani olgan. 1947 yilda baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘liga adabiy kotib sifatida xizmat qilishi she’riyatga bo‘lgan intilishning yanada kamol topishiga yordam berdi. 1950 yilda “Mening vatanim” nomli ilk she’riy to‘plami nashr etildi. Shundan so‘ng uning “Baxtli bolalar”, “Tinchlik-obodlik”, “Do‘stlik”, “Uch o‘rtoqning sovg‘asi”, “Nabira mehri”, “Onaxonim”, “Alisher va kitob”, “Toshbaqalar hujumi”, “Soatjonning soati”, “Daydi bola”, “O‘g‘lim bilan suhbat”, “Chirchiq farzandi”, “Ilonshoh va uning amaldori ari haqida ertak” kabi yigirmaga yaqin kitoblari bosmadan chiqdi.
Qudrat Hikmat hajviy janrga mansub bir qator asarlar ham yozdi. “Hayron qoldirar”, “Yaxshi emas”, “Tolib so‘laqmon”, “Dangasa”, “Bo‘lgan ekan…”, “Erkatoyim hali yosh”, “Tantiq”, “Men “ikki”dan qanday qutuldim?” kabi she’rlar shular jumlasidan. “Tantiq” she’rida ota-onasining arzandasi Vahob ismli bolaning xarakteridagi manmanlik, dangasalik, o‘qishga beparvolik, ayyorlik kabi kamchiliklar fosh etilgan. “Yaxshi emas” she’rida yangi poyafzal kiyib loy kechadigan, egnidagi kir xalatini yechishga erinadigan, hattoki boshidan tushgan do‘ppini olib kiyishga yaramaydigan Isoq kabi erinchoq, landavur bola obrazi tasvirlangan. “Tolib so‘laqmon” she’rida mehnatdan qochadigan, dangasa, bezori, ozodalikka hushi yo‘q, “ikki”chi bolaning kirdikorlari ko‘rsatilgan. Kattalar ish buyurganda bahona qidiradigan, ko‘chada “tegmaganga tegib, tekkanga kesak otadigan”, egnidan kir ko‘ylakni yechmaydigan, hatto qo‘y-qo‘zilar undan qochadigan Tolibning nima sababdan “Tolib so‘laqmon”ga aylanganligi hikoya qilingan. Ushbu asarlar tilining soddaligi, xalqonaligi, voqealarni tasvirlashda tabiiylikka erishilgani bilan o‘ziga xosdir, ular kitobxonni ozodalikka, saranjom-sarishtalikka undash bilan birga go‘zallik va nafosat bilan bog‘liq ma’naviy-axloqiy tushunchalarning shakllanishiga hissa qo‘shadi. Bu she’rlarni o‘qigan kitobxon o‘ziga tegishli xulosalarni chiqarib oladi.
Ma’lumki, hajviy asarlarda dangasalik, chaqimchilik, ayyorlik, yalqovlik kabi illatlar barobarida “ikki”chilik ham qattiq tanqid qilinadi. Bolalar adabiyotida insonga tenglashtirilgan jonivorlar, predmetlar juda ko‘plab uchraydi. Jonlantirishga asoslangan bunday kulgili holatlar esa, o‘z navbatida bolalarni fikrlashga chorlaydi. “Men “ikki”dan qanday qutuldim?” she’ri ham ma’joziy xarakterda. Bu asarda mumtoz adabiyotimizdagi tashxis san’atidan foydalanilganini ko‘rish mumkin: “ikki” bahoning ishshayishi, o‘chakishishi, sho‘ppayishi, qochishi, duduqqa o‘xshab turishi, o‘quvchining ketidan chopishi. Umuman, dars qilmaydigan o‘quvchi, “ikki”dan qutulishning har xil yo‘llarini o‘ylab topadi, afsuski bu yo‘llar ichida kitob o‘qish, dars qilishdek asosiy vazifalar yo‘q. Muallif o‘quvchi bilan “ikki”ni xuddi tirik odamlar bir-biri bilan quvlamachoq o‘ynayotgandek tasvirlaydi. “Ikki”dan qutula olmagan o‘quvchi, ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib, alam bilan uyga kirib, bosh ko‘tarmasdan kitob o‘qiydi va shuning natijasida “ikki” bilan boshqa uchrashmaydi. Aslida, muallifning asosiy maqsadi ham shu, o‘quvchilarni turli bahonalar qidirmasdan ilmli bo‘lishga chorlash. Bunday satirik asarlar nafaqat adabiyotda, balki bolalar adabiyotida ham o‘zining o‘rniga ega. Demak, kulgi vositasida ham yosh avlod qalbiga go‘zallik urug‘ini sochish, uni his etishni o‘rgatish mumkin.
Qudrat Hikmat asarlarida lirik qahramonning ko‘rinishlaridan biri shoir qiyofasida namoyon bo‘ladi. “Bola edik”, “Oybek”, “Oybeknikida…”, “Shoir”, “Qo‘msash”, “Shoir va she’r”, “Mening yuragim”, “Do‘st achitib gapirar…” kabi she’rlarida yuksak fidoyilik, vatanparvarlik his-tuyg‘ulari yarq etib turadi.
Olmos mening yuragim, / Tolmas mening yuragim,
Kim aytadi she’rimda, / – Qolmas mening yuragim[2].
Ushbu to‘rt misradan iborat she’r zarrada osmon aks etgani singari o‘zida juda katta ma’noni mujassamlashtirgan. She’r tilining soddaligi, ravonligi, qofiyasining pishiqligi, takror san’atidan mohirona foydalanish tufayli o‘quvchi xotirasida tez saqlanib qolishi bilan ham o‘ziga xos. To‘rtlik misralari o‘zaro qofiyalanib, she’rning musiqiy ohangi yanada jozibador bo‘lishiga erishilgan.
Qudrat Hikmat tabiatan adolatparvar, haqgo‘y inson edi. Haq gapni shartta gapirishi barchaga ham xush kelavermasdi. Shoir fe’lidagi bu jihatni ayrimlar kamchilik deb bilar va unga dakki berar edi. Qudrat Hikmat “Do‘st achitib gapirar…” nomli she’rini shunday insonlarga javoban yozgan. Shoir adolatsiz, mansabparast, xalq manfaatidan o‘z manfaatini ustun qo‘yadigan kimsalarga nisbatan befarq emasligini jo‘shqin satrlarida bayon qilgan. She’r tilining soddaligi, qofiyasining to‘qligi, so‘z boyligi bilan ham o‘ziga xos, asarda ishlatilgan dag‘al, serzarda, qovog‘idan qor yog‘ish, tajang, ta’bni xira qilish kabi ma’nodosh so‘zlarning qo‘llanilishi yosh kitobxon so‘z boyligining ortishiga xizmat qiladi. Asarning yana bir muhim jihati shoir haqiqatning, inson hayotini bezashini, an’anaviy xalq maqollari bilan emas, balki o‘zining badiiy ijod mahsuli bo‘lgan “Haq so‘z hayot naqshidir” aforizmi bilan yakunlagan. She’rni o‘qigan kitobxon haqiqiy do‘st bilan soxta do‘stning orasidagi farqni tushunib yetadi.
Shoir tabiat manzaralarini benihoya go‘zal va jonli tasvirlagani bois bu ijod namunalari hanuzgacha o‘ziga xosligi bilan bolalar adabiyoti xazinasida o‘zining mustahkam o‘rniga ega. Hozirgi o‘zbek bolalar adabiyotining taniqli vakili Tursunboy Adashboyev “har bir misra ustida ishlash va kartina yaratish san’atini ustoz Qudrat Hikmatdan o‘rganganman” deb bejiz e’tirof etmagan. Qudrat Hikmatning tabiat manzaralari aks ettirilgan she’rlarini o‘qigan kitobxon ko‘z o‘ngida sinchkov musavvirning sehrli mo‘yqalami yaratgan turfa xil yorqin ranglar namoyon bo‘ladi. Shoirning “Bahor” she’riga e’tibor beraylik:
Uchib yurar mayin shamollar, / Yelpib-elpib anhor yuzini.
Qirg‘oqlarda soyabon tollar / Oyna-suvda ko‘rar o‘zini.
Tong yellari o‘ynoqlab sekin, / Jiydazorga kirib yo‘qolar.
Maysa o‘tlar tebranib sekin / Orqasidan kuzatib qolar.
Shoir jonlantirish san’atidan juda ustalik bilan foydalanganini esayotgan shamolni anhor yuzini yelpiyotganga, tollarni soyabonga o‘xshatib tasvirlashida yaqqol ko‘rish mumkin. Anhorning ko‘zguga o‘xshatilishi, tolning suvda aksini ko‘rishi qizlarning o‘z go‘zalliklarini ko‘zguga solishlariga qiyoslangan. Bu esa yosh kitobxon qalbida go‘zallikka oshnolikni yanada kuchaytiradi.
Muxtasar qilib aytganda, XX asr o‘zbek bolalar adabiyotining taraqqiyotiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan hassos shoir Qudrat Hikmat ijodi mavzu ko‘lamining kengligi va rang-barangligi bilan o‘ziga xosdir.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 5-son
[1] Qo‘shjonov M. Onaga ta’zim, bolaga mehr. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1983. – B. 60.
[2] Q.Hikmat. Mening yuragim. Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1986. – B.24