Vaqt shiddat bilan o‘tib borar ekan, inson umrning qadriga yetishni o‘rganadi va o‘zidan atrofdagilarga manfaat yetadigan xayrli ishlar qoldirishni istaydi. Ana shunday ezgu niyat egalarigina tanlagan sohalarida yuksak natijalarga erishadilar, o‘zlarida sabr, qat’iyat, poklik kabi xislatlarni tarbiyalay oladilar. Ulg‘ayib kelayotgan avlod esa bunday insonlardan ibrat oladi, ularga o‘xshashni istaydi. Shu ma’noda, atoqli adabiyotshunos olim, Beruniy mukofoti laureati, ustoz Yoqubjon Ishoqovning ilmiy faoliyati barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘la oladi. Biz ustoz siymosida ilm mashaqqati va rohatini his qilgan, ruhiyati va hayotida ilm sharafi aks etgan olim timsolini ko‘rishimiz mumkin. Olimning har bir ishida ilmiy aniqlik, mantiqiy xulosalar, voqelikning mohiyatini teran anglash namoyon.
So‘nggi yillarida adabiyotshunosligimizda tasavvuf ta’limotining badiiy adabiyotga ta’siri bilan bog‘liq ko‘plab maqola va tadqiqotlar yaratildi. Lekin, e’tirof etish kerakki, ularning aksariyatida chalkash fikrlar, mavhum xulosalar, bir-birini inkor qiluvchi farazlarga duch kelamiz. Yoqubjon Ishoqovning «Naqshbandiya ta’limoti va o‘zbek adabiyoti» tadqiqoti esa aniq va birlamchi manbalarga asoslanganligi, hodisaning mohiyatini to‘liq anglab fikr yuritilganligi, eng asosiysi, mantiqiy va izchil xulosalarga ega ekanligi bilan alohida diqqatga molikdir.
Yana bir muhim jihati, olim bu tadqiqotni yaratishga katta ilmiy tayyorgarlikdan so‘ng kirishgan. Tadqiqotda, dastavval, konkret masala qo‘yiladi, so‘ng uning yechimiga doir faktlar manbalari ko‘rsatilgan holda keltiriladi.
Olimning adabiyot nazariyotchisi sifatidagi faoliyati «Navoiy poetikasi», «So‘z san’ati so‘zligi» tadqiqotlari hamda ko‘plab maqolalarida yorqin namoyon bo‘ladi. Xususan, ustoz birinchi asarida Alisher Navoiy poetikasining ikki muhim jihati: Navoiy lirik janrlari poetikasi va badiiy tasvir poetikasini tadqiq qiladi.
Navoiy lirikasini tahlil etish jarayonida buyuk shoir ijodiga forsiy tildagi adabiyotning ta’sirini hisobga olish lozim. Yoqubjon Ishoqov Navoiy ijod qilgan janrlar, xususan, g‘azal janri taraqqiyoti haqida fikr yuritar ekan: «Alisher Navoiyning buyuk xizmati shundaki, u o‘zbek lirikasini, jumladan, g‘azal janrini yuqori bosqichga, yuksak darajaga ko‘tarish uchun kurash jarayonida faqat milliy an’analar bilangina qanoatlanib qolmay, ko‘pasrlik tajribaga ega bo‘lgan fors g‘azalchiligining katta yutuqlarini ham qunt bilan o‘rganib, uning ilg‘or traditsiyalarini o‘zbek she’riyati taraqqiyotiga xizmat qildirdi», degan asosli mulohazani o‘rtaga tashlaydi. Bu alohida adabiy-estetik hodisa hisoblanib, shoirning beqiyos iste’dodi mevasi sanaladi.
Yo.Ishoqov Navoiy lirikasining xarakterli janrlaridan bo‘lgan g‘azal, qit’a, ruboiy, soqiynomalarni tahlil etish asnosida ularning mavzui, kompozitsion qurilishi, tasvir printsiplari, semantik strukturasini g‘oyat batafsil va izchil bayon qiladi. Olim tadqiqotning badiiy tasvir poetikasiga doir bobida shoir lirikasida qo‘llanilgan badiiy san’atlarni o‘nta katta guruhga bo‘lar ekan, asosiy e’tiborni ushbu san’atlarning shoir g‘oyasini aks ettirishga qay darajada xizmat qilganligiga qaratadi.
Musulmon Sharqi adabiyotining muhim jihati, har bir shakliy vosita muayyan mazmunning ifodasi uchun mutanosib ekanligidadir. Bu, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodida fenomen darajasiga ko‘tariladi. Zero, buyuk mutafakkirning shakl va mazmun uyg‘unligiga asoslangan estetik pozitsiyasi uning barcha asarlari, xususan, lirikasida butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi: «Navoiyning u yoki bu san’atga munosabati uning asosiy estetik printsiplari bilan to‘la mutanosiblikka ega: har bir sheriy usul muayyan bir maqsad asosida yuzaga kelgan bo‘lib, aniq fikr va g‘oyaning yorqin badiiy ifodasi uchun xizmat qilishi lozim. Mazmunning (yoki «ma’no»ning) yorqin ifodasi uchun monelik qiladigan har qanday san’at yoki usul haqiqiy ijodkor nazdida qimmatga ega emas». Shu ma’noda, Yoqubjon Ishoqovning yuqoridagi fikrlari she’rlarda qo‘llanilgan badiiy san’at yoki vaznlarni quruq sanashga asoslangan ba’zi «ilmiy ishlar» uchun chinakam ibrat maktabi bo‘la oladi. Chunki faqat badiiy tasvir vositalarining miqdorini aniqlash, shoir lirikasida istifoda etilgan vaznlar sonini hisoblab chiqishning o‘zi maqsadni ifodalamaydi, balki she’rshunoslikning bosh vazifasi ularning mazmun bilan uyg‘unligini yoritib berish, shakl mazmunga xizmat qilganligini tahlil qilish bilan bog‘liqdir.
Olimning badiiy san’atlar tahliliga bag‘ishlangan «So‘z san’ati so‘zligi» risolasini o‘ziga xos tadqiqot, deb baholash mumkin. Risolada badiiy san’atlar ularga berilgan ta’riflar hamda mumtoz va qisman zamonaviy adabiyotimizdan olingan misollar vositasida tasniflangan. E’tiborli jihati, dastavval tahlil etilayotgan badiiy san’atlarning nazariy manbalari tanishtiriladi, so‘ng mohiyati ifodalanilib, namunalar keltiriladi. Ularning lug‘at tarzida tartiblanganligi esa foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratadi.
Risolaning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri, zamonaviy she’rshunosligimizda kam tahlil etilgan yoki deyarli e’tibor qaratilmagan badiiy san’atlarga ham batafsil to‘xtalingan. Xususan, kalomi jomi’, tag‘yir, aqd, ibhom kabi zamonaviy kitobxonga uncha tanish bo‘lmagan badiiy san’atlarning ta’riflari berilib, ularning mohiyati misollarni tahlil etish orqali yoritib berilgan. Masalan, ibhom san’ati haqida gapirilganda, uning ma’naviy san’at turiga mansub ekanligi qayd etiladi va so‘zning lug‘aviy ma’nosi (yopiq so‘zlash, yopib o‘tmoq, berkitmoq) berilgach, uning manbasi sifatida «Tarjumon ul-balog‘a» va «Jam’i muxtasar» asarlari keltiriladi. Rashididdin Vatvotning fikri ham ilova qilingach, bevosita badiiy san’atning mohiyati bir necha ta’riflarni umumlashtirish orqali yoritib beriladi: «Shoir shunday tuzadiki, uni o‘qiganda bir-biriga zid bo‘lgan ikki xil ma’no yuzaga keladi. Albatta, bunda misrani tashkil etgan gap bo‘laklarining tartibi asosiy rol o‘ynaydi. Binobarin, ikki qarama-qarshi ma’noda har birini yuzaga chiqarish uchun misrani muayyan ohang bilan o‘qish talab qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, birinchi ma’nodan ikkinchi mazmunga o‘tganda gapdagi bo‘laklarning (asosan, bosh bo‘laklarning) vazifasi o‘zgaradi (ega kesimga aylanadi yoki aksincha)». So‘ng «Taashshuqnoma» dostonidan quyidagi bayt keltirilib, fikr isbotlanadi:
Qachonkim la’lingiz bo‘lsa shakarxand, Nabot erning qoshinda suv bo‘lur qand.Bunda ikkinchi misradagi ega va kesim o‘rni almashtirilsa, ikki xil ma’no anglashiladi: novotdek labing oldida suv qandga aylanadi — bu birinchi ma’no, bunda «suv» ega vazifasida kelmoqda. Ikkinchi ma’no: novotdek labing oldida qand suvga aylanadi — bunda «qand» so‘zi ega vazifasida kelib, «suv» kesimga aylanadi.
Shu tariqa, olim mumtoz adabiyotimizdan Alisher Navoiy, zamonaviy adabiyotimizdan Erkin Vohidov qalamiga mansub baytlarni misol sifatida keltiradi. Natijada o‘quvchi mazkur san’atning tub mohiyatini chuqur his qilish asnosida ushbu badiiy san’atni qo‘llash ijodkordan yuksak poetik mahorat talab etishini anglab oladi.
Umuman, Yoqubjon Ishoqov mazkur risolada keltirilgan har bir badiiy san’atning mohiyatini keng va batafsil izohlash orqali o‘quvchida she’riyatdan estetik zavq olish ko‘nikmasini shakllantiradi.
Yo.Ishoqovning adabiyot tarixchisi sifatidagi faoliyati mumtoz adabiyotimiz tarixiga oid yaratilgan ko‘plab ilmiy maqolalarida namoyon bo‘ladi. E’tiborga molik jihati shundaki, olimning mustabid tuzum hukmronlik qilgan yillar, xususan, 70-yillari yaratilgan aksariyat maqolalari mafkuraviy bosimning ta’siridan xoli tarzda yozilgan. Jumladan, besh jildli «O‘zbek adabiyoti tarixi»ning (1977) birinchi jildidagi Pahlavon Mahmud va Xorazmiy kabi ijodkorlarning hayot yo‘li va faoliyatiga doir bo‘limlar bevosita ustoz olimning izlanishlari samarasidir. Kitobning Pahlavon Mahmudga bag‘ishlangan bo‘limida Pahlavon Mahmudning hayot yo‘li, taxalluslari, yashash tarzi, ijodida tasavvufning javonmardlik (futuvvat) yo‘nalishi g‘oyalari aks etganligi, adabiy merosi, tazkiralarda eslanishi bilan bog‘liq ma’lumotlar keltiriladi.
Mumtoz adabiyotni o‘rganishda hamisha asl matn masalasi tadqiqotchilar uchun eng dolzarb va diqqat qaratish zarur bo‘lgan masala bo‘lib qolaveradi. Chunki muayyan davrga tegishli bo‘lgan asar tadqiq etilar ekan, uning joriy alifbodagi nashri bo‘lgan taqdirda ham, mavjud asl nusxalar bilan tanishish, ularni qiyoslash, qo‘lyozmani mutolaa qilish ilm uchun alohida ahamiyatli hisoblanadi. Asosli ilmiy xulosalar chiqarishda asl manbaga suyanish olim uchun foydadan bo‘lak narsa emas.Shu nuqtai nazardan olganda ustoz Yoqubjon Ishoqov bu borada ham biz, shogirdlariga ibrat bo‘ladi. Olimning mumtoz adabiyotga doir har bir ilmiy-tadqiqotida tanlangan ob’ektning asl manbasiga murojaat etilganiga guvoh bo‘lamiz. (Shu o‘rinda ustozning Alisher Navoiyning ilk lirikasi tadqiqiga bag‘ishlangan dastlabki yirik monografiyasi Saltikov-Shchedrin nomidagi davlat xalq kutubxonasida saqlanayotgan 564-raqamli qo‘lyozmani o‘rganish va tahlil qilish asosida yaratilganligini eslab o‘tish kifoya.) Bu esa, u kishi muallifligidagi har bir tadqiqotning qimmatini, ahamiyatini oshirgan. Shuning uchun ham ustozni yetuk matnshunos olim sifatida e’tirof etsak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yaxshi insonlar hayoti boshqalar uchun go‘zal bir ibratdir. Yaxshi olimlar faoliyatini o‘rganish, ularning ilmiy qarashlarini tahlil qilish shu yo‘lga kirgan yoshlar uchun yangi tushunchalarni kashf etishga, ilmning hikmatini anglashga yordam beradi. Sharqda ustozlik maqomi yuksak ekanligi ham shu bilan izohlansa, ajab emas. Shu ma’noda, Yoqubjon Ishoqov kabi zabardast olimlar faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini o‘rganish, tahlil qilishga har tomonlama burchlimiz.
Dilnavoz Yusupova,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 3-son