Davron Ulug‘murodov. Shoir qismati

Sho‘ro davrining mudhish qatag‘oni ko‘plab ziyolilarimizning boshiga yetdi, oson qutulganlari sarson-sargardonlikka mahkum etildilar. Shulardan biri yozuvchi, shoir, dramaturg va adabiyotshunos olim Shukur Yolqindir.

Shukur Yolqin haqida O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti kutubxonasida saqlanayotgan, arab alifbosiga asoslangan uyg‘ur tilida “Shinjon xalq nashriyoti”da 2005 yili bosilgan, Xitoydagi Millatlar universitetida o‘zbek adabiyotidan dissertatsiya yoqlagan olim Hikmatjon Fikrat va Qodir Akbar hammuallifligida yozilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobida tegishli ma’lumotlar bayon etilgan. Kitobda yozilishicha Abdushukur Muhiddin o‘g‘li Yolqin 1918 yil 8 noyabrda Toshkentda, ma’rifatparvar tabib oilasida tug‘ilgan. Otasi Muhiddin hoji arab, fors, urdu tillarini yaxshi bilar, uyida tez-tez adabiy kechalar tashkil qilib turar edi. Oila muhiti yosh Abdushukurda adabiyotga qiziqishni kuchaytiradi, u arab imlosidan lotin imlosiga o‘tish davridagi munozaralarda faol qatnashib, bir maqola e’lon qiladi. Abdushukurning Orif Ayyubi ismli ziyoli qarindoshi bu maqolani o‘qib: “Sen bir o‘t-yolqin ekansan-ku, bundan keyin taxallusing “Yolqin” bo‘lsin”, deydi.

Abdushukur otasining ta’sirida Navoiy, Fuzuliy, Abdurahmon Jomiy, So‘fi Olloyor ijodiga oshno tutinadi. Shu bilan birga, o‘z davrining yozuvchi va adiblari ijodi ham uni befarq qoldirmaydi. Ayniqsa, uning Abdulla Qodiriy ijodiga ixlosi baland edi. Xotiralarida shoir shunday yozadi: “1932 yil bo‘lsa kerak, Toshkentning obod bozori — Chorsuda bizning bir tuqqanimiz (qarindoshimiz — D.U.) gazet-jurnal sotardi. Bir kuni shu tuqqanimizning qoshlariga borgandim, Abdulla Qodiriy bilan uchrashib qoldik. Biz u vaqtlarda adibning “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini taloshib-tortishib o‘qurdik. Ularni yoddan bilardik, desam mubolag‘a bo‘lmas… Men adibga: “Biz sizning kitoblaringizni ko‘p o‘qiymiz, lekin biror kitob bermadingiz”, dedim. Abdulla Qodiriy: “Rost, shundog‘ bo‘ldi, ha”, deganicha sumkasini axtarib: “Men tahrirlagan kitobni bersam bo‘ladimi?”, dedi. Men: “Mayli, mayli, qandoq kitob bo‘lsa ham bo‘laveradi”, dedim. Adib sumkasidan hajmi oncha cho‘ng (katta — D.U.) bo‘lmagan bir kitobni olib, ichiga kirondosh-qalam bilan: “Ukamiz Abdushukurga taqdim, Abdulla Qodiriy”, dep yozip berdi. Qarasam, bu frantsiya yozg‘uvchisi Ferdinand Dyushening “Tamilla” nomli ro‘moni ekan. Bu asarni o‘zbekchaga O‘zbekistonda yashab ijod qiladigan Zarif Bashiriy degan tatar yozg‘uvchisi tarjima qilg‘on bo‘lup, tahrirligini ­Abdulla Qodiriy qilg‘onakan. Bu ro‘mon 1928 yili, Toshkentta ko‘hna o‘zbek yozuqida nashr ­qiling‘onidi”. Shukur Yolqin adib sovg‘a qilgan, o‘zi uchun juda qadrli bu kitobni doimo yonida olib yurgan. Xotiralarida ushbu ­kitobni yo‘qotib qo‘yib, oradan 50 yil o‘tgach, 1986 yili ­Qirg‘izistonning Bishkek shahriga kelganda tasodifan topib ­olganini yozadi. Afsuski, ­Abdulla Qodiriyning tabarruk dastxati bitilgan sahifa adib nomi qoralangan vaqtlarda ­yirtib tashlangan ekan.

Abdushukur maktabni bitirgach, Moskvadagi Pedagogika institutiga o‘qib, rus va jahon adabiyoti namoyandalari ijodi bilan tanishadi. Bu orada sobiq sho‘ro tuzumi xalq ziyolilarini qatag‘onga duchor eta boshlagan edi. Ilmli, ma’rifatparvar Muhiddin hoji ham bu “nasiba”dan bebahra qolmaydi. U oilasi bilan Shinjongga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Shukur Yolqin ham Moskvadan Toshkentga emas, Shinjongga keladi va bu yerda “Hiloli Ahmar” (“Qizil oy”) jamiyatida kotib bo‘lib ishlay boshlaydi. Tog‘asi Miryusuf Mirzohidov ilmli inson bo‘lib, uning fors, turk, o‘zbek, rus adabiyoti namunalari jamlangan besh mingga yaqin kitobdan iborat kutubxonasi bor edi. Shukur Yolqin ana shu kitoblarni chanqoqlik bilan o‘qishga ­kirishgan bir paytda otasi va tog‘asi qamoqqa olinib, qatl etiladilar, kitoblar musodara qilinadi. Shundan so‘ng u G‘o‘ljaga ketadi va oilasini boqish uchun savdo-sotiq bilan shug‘ullana boshlaydi. 1944 yili nohaq ayb bilan hibsga olinib, Urumchi qamoqxonasida 11 oy yotadi va gunohsiz topilib ozod qilinadi. Shukur Yolqin 1945 – 1955 yillarda Shinjon Pedagogika institutida o‘qituvchi, Shinjon xalq nashriyotida muharrir, 1957 yildan Shinjon Yozuvchilar uyushmasining poeziya va dramaturgiya bo‘limi mudiri bo‘lib ishlaydi. 1957 yili yana tuhmatga uchrab, qamaladi. Biroq haqiqat kech bo‘lsa-da qaror topib, ozodlikka chiqadi. “Bu voqitta adibning yoshi 60 tin oshqonidi”, deb yozadi H.Fikrat va Q.Akbar. “2002 yil 10 dekabr Shinjong Uyg‘ur rayonlik dextirxonasida taqdirning turlik buron-chopqinlari qaddini bukolmagan xizrsipat bir oqsoqol bu poniy dunyo ­bilan mangulikka ­xushlashdi”.

Adib hayoti va ijodi, u yaratgan asarlar o‘rganishga, tadqiq etishga arzigulikdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 51-sonidan olindi.