Muhammadjon Xolbekov. Dante Aligeri va uning “Ilohiy komediya”si

Buyuk italyan shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Dante Aligeri (1265 – 1321) O‘rta asrlar va Renessans (Uyg‘onish) davri oralig‘ida yashab ijod qildi. Shu sabab uni o‘rta asrning so‘nggi va Renessans davrining birinchi ulkan shoiri deb atashadi.

Darvoqe, shoir tug‘ilib o‘sgan yurt – Florentsiya qadimdan Sharq va G‘arb iqlimini bir-biriga bog‘lab kelgan savdo yo‘llari ustida joylashgan bo‘lib, XII-XIII asrlarda hunarmandchilik sanoati gullab-yashnagan “mustaqil shahar”lar sirasiga kirardi. Qadim yunon-rim tsivilizatsiyasi va islom madaniyati an’analari ta’sirida gumanizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan falsafa, adabiyot va san’at namunalari ilk bor Florentsiyada shakl­landi. Renessans madaniyatining ilk daholari florentsiyalik shoir Dante Aligeri va musavvir Jotto di Bondone (1266 – 1337) edilar.

Dante Aligeri 1265 yilning may (aniq kuni ma’lum emas – M.X.) oyida dvoryan toifasiga mansub oilada dunyoga keladi. Uning otasi Florentsiyadagi hukmron partiyalar sirasiga kiruvchi “gvelflar” (Rim papasi tuzumini qo‘llab-quvvatlovchilar) diniy uyushmasi faollaridan edi. Balog‘at yoshiga yetgach, Dante ham mazkur partiyaning tibbiyot xodimlari va ijodkor ahli sho‘basiga a’zo bo‘lib kiradi. Shoir dastlab o‘rta asr sxolastika ta’limi dasturidagi maktabda bilim oladi, frantsuz va provansal tillarini qunt bilan o‘rganadi, qadimgi Rim shoiri Vergiliy she’riyatini mutolaa qilib, undan poeziya sirlarini o‘zlashtiradi. Va nihoyat, Dante ustozi Vergiliy yo‘lidan borib, ishqiy she’rlar yoza boshlaydi.

O‘n sakkiz yoshida Dante hayotida ilk bor katta ruhiy iztirobga duch keladi. Shoir bolaligidan ko‘ngil qo‘ygan, ilk muhabbati sohibasi go‘zal Beatricheni badavlat dvoryanga turmushga berib yuboradilar. 1290 yil Beatriche bevaqt olamdan ko‘z yumadi. Bu musibat yosh shoir Dante ijodida keskin burilish yasaydi. U o‘zining birinchi she’riy to‘plami “Yangi hayot” (1292 – 1293) kitobini Beatriche xotirasiga bag‘ishlagandi.

Dante ishq va ayriliq iskanjasidan forig‘ bo‘lish niyatida keyingi hayotini ilm olishga bag‘ishlaydi, teologiya (ilohiyotshunoslik), falsafa va astronomiya kabi fanlarni chuqur o‘rganadi, o‘rta asr sxolastik (diniy) ta’limotini o‘zlashtiradi. Xullas, u o‘z davrining zukko va nuktadon kishisi bo‘lib yetishadi. Ayni paytda shoir Florentsiyaning siyosiy hayotida ham faol ishtirok eta boshlaydi. O‘ttiz besh yoshida Florentsiya shahrining olti priori (lotin. “prior” – birinchi, yetakchi), ya’ni oqsoqolidan biri etib tayinlanadi. Tez orada Dante a’zo bo‘lgan gvelf­lar partiyasi “oqlar” (shaharliklar) va “qoralar” (dvoryanlar)ga bo‘linib, o‘rtada katta nizo kelib chiqadi. Shoir “oqlar” tarafida turib, shaharlik hunarmand va kosiblarni himoya qila boshlaydi. “Oqlar” partiyasi siyosiy kurashda g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, papa Bonifatsiy VIII “qoralar”ni qo‘llab-quvvatlaydi va frantsuz qiroli Karl Valuaga “oqlar” ustiga qo‘shin tortishga fatvo beradi. 1301 yili frantsuz qo‘shini Florentsiyaga kirib, “oqlar”ni mag‘lub etadi. Natijada Dante ham ta’qibga uchraydi va Florentsiyadan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng shoirning vatandan yiroqda, darbadarlikdagi hayoti boshlanadi. Dante uzoq yillar Florentsiyaning “qoralar” zulmidan ozod bo‘lishini, Italiya hududidagi viloyatlarning birlashib, qudratli qirollik davlatiga aylanishini orzu qilib yashadi.

Dante hayotining so‘nggi yillari- da Ravennada, knyaz Gvido da Polenta saroyida yashab, ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi. Shoir tug‘ilib o‘sgan yurti Florentsiyaga qaytishni, o‘z asarlarini vatandoshlari tarafidan sevib o‘qilishi, ardoqlanishini juda-juda istagan edi. Afsus, unga vataniga qaytish, Italiyani qudratli davlat sifatida ko‘rish nasib qilmadi. Dante 1321 yilning 14 sent­yabrida Ravennada vafot etadi. Taajjubki, keyinchalik florentsiyalik­lar bir necha bor o‘z farzandi, buyuk shoir xokini qaytarib olish uchun ravennaliklarga murojaat qilganiga qaramay, yakkash rad javobi olindi.

Buyuk Dante o‘z ijodini lirik shoir, provans trubadurlari (lotin. “trobar” – topqir shoirlar) an’analarining Italiyadagi davomchilaridan biri tarzida boshlaydi.

1307–1313 yillar oralig‘ida sho­ir­ o‘zining ilmiy va falsafiy mu­sho­­hadalari hosilasi bo‘lmish ilmiy risolalarini yaratadi. Shu orada u nasroniylar faylasufi Boetsiy (480 – 524) ta’limotini, uning mashhur “Falsafiy ko‘nikmalar” risolasining maqsad va mohiyatini o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ayni paytda unga taassub qilib, o‘zining “Ziyofat” (1304 –1307) nomli ma’rifiy-falsafiy mazmundagi risolasini yozadi. Dante ta’rificha, u o‘rta asr diniy va ma’rifiy ta’limotini o‘zida aks ettiruvchi qomusiy asar bo‘lishi lozim edi. Bu yerda adib inson aqlining chegaralanganini, u faqat ilohiy e’tiqod tufayligina yuksak fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Asarni “oddiy javdar noni yeb kun kechirayotgan avom xalq ham o‘qiy bilsin” degan niyat bilan uni italyan tilida yozadi. Vaholonki, O‘rta asr an’analariga ko‘ra ilmiy va falsafiy risolalar faqat lotin tilida bitilardi. Darvoqe, lotin tilidan chekinib, jonli italyan tilida yozish bilan Dante yangi zamon – Renessans davriga ilk qadam qo‘ygan ijodkor ham edi. Bu bilan shoir ayni paytda xalq jonli tili – italyan tilini himoya qilib chiqdi va tilshunoslik ilmiga asos soldi. Uning 1305 yil nashr qilingan “Xalq jonli tili haqida” risolasi bu sohaga zamin hozirlaydi. Risolada muallif roman tillarining kelib chiqish tarixi, tasnifi va poetik xususiyatlari haqida ilk bor fikr yuritib, g‘arb tilshunosligi ilmiga asos solgan olim sifatida ham gavdalanadi. Ayni paytda u italyan tili shevalarining umumlashmasidan iborat yagona ital­ya­n­­ adabiy tilini ham yaratish vaqti keldi, degan g‘oyani ijodkor ahli orasida targ‘ib qiladi. Shoir 1313 yil e’lon qilgan “Monarxiya haqida” risolasida esa Italiyada yagona tuzum va qonunga asoslangan qirollik davlati tuzish rejasini ishlab chiqadi. Uning maqsadi Rim papasi izmidan xoli bo‘lgan qudratli imperiya o‘rnatish edi. Xullas, umrining bu davrida Dante o‘z dunyoqarashi, boy tajribasi va badiiy mahoratini jamuljam etib, mashhur asari “Ilohiy komediya” (1308 – 1321) ni yaratishga kirishadi.

Bu buyuk asarida adib O‘rta asr g‘arb va sharq adabiyotini, qadimgi Yunon va Rim madaniyatini sintez qilib, yangi zamon – Renessans adabiyotiga yo‘l ochdi, eski dunyodan yangi dunyoga o‘tish ko‘prigini qurib berdi. Shuningdek, bu asari bilan u davrining ilg‘or faylasufi, olimi, siyosatdoni, publitsisti va nihoyat ulkan shoiri sifatida gavdalandi.

Muallif asarni oddiygina qilib “Komediya” deb atagandi. Sababi, O‘rta asr adabiyotida boshlanishi xayrli va oxiri qayg‘u bilan tugagan har qanday asar “tragediya” deb baholansa, qayg‘uli voqealar bilan boshlanib, xayrli yakun topgan asarlar “komediya” deb atalgan. Sarlavhadagi “Ilohiy” sifati esa Dante vafotidan so‘ng, XVI asrga kelib paydo bo‘ldi. Danteshunoslarning qayd qilishicha, bu so‘z asar syujetidagi ilohiy mavzuga nisbatan qo‘llanilmagan, balki uning tugallangan, mukammal, badiiy yuksak qomusiy kitob ekanligiga ishora tarzida qo‘shib yozila boshlagan.

“Ilohiy komediya” yozuvchining boshqa asarlari kabi aniq, puxta o‘ylangan kompozitsiya asosida yaratilgan. Poema asosiy uch qism (“kantik”)dan iborat, ya’ni u boqiy dunyoning uch makoni – “Do‘zax”, “A’rof” va “Jannat”ga bo‘linadi. Har bir bo‘lim 33 qo‘shiqdan iborat. Darvoqe, poe­maning “Do‘zax” qismida “Prolog” o‘rnida birinchi qo‘shiq o‘rin olgan. Qo‘shiqlarning jami miqdori 100 taga boradi. Ulardagi satrlar uch misrali band (tertsina) rusumida joylashtirilgan. Asarning matnida boshidan oxirigacha 3 va 9 ramziy raqamlarining qo‘llanishi uning syujetiga nasroniy dinidagi “troitsa”, ya’ni uch ilohiy kuch g‘oyasini singdirish hamda foniy dunyo voqeligiga nisbat berish alomatidir. Yana bir muhim jihat, har uchala kantik bir so‘z, ya’ni “yulduz” so‘zi bilan yakun topadi. Bu esa payg‘ambar Iso Masih nomining faqat o‘zi bilan o‘zi qofiyalanib kelishiga ishoradir. Umuman, asarning “Do‘zax” qismida Iso Masih va Bibi Maryam ismlari tilga olinmaydi, ular yulduzlar timsolida namoyon bo‘ladi.

Asardagi yana bir muhim jihat, aslida zamon ruhiyatini aks ettirish g‘oyasi bo‘lsa-da, uning mazmunida O‘rta asr sxolastik ta’limot va ilohiy kuch-qudratning ta’siri katta bo‘lgani sezilib turadi. Sababi, O‘rta asr Sharq va G‘arb teologiya ilmi va badiiy adabiyotida boqiy dunyoning mavjudligini ulug‘ avliyolar tushida vahiy bo‘lgan voqealar bilan uyg‘unlikda ta’riflash odati yetakchi an’ana tusini olgandi. Shu bois, danteshunos olimlar “Ilohiy komediya”ning yaratilishida muallif avvalo o‘rta asr sharq adabiyotidagi “tushda ayon bo‘lish”, ya’ni, boqiy dunyoning Do‘zax, A’rof va Jannatida kechayotgan hayot manzaralarining tasviri asosiy turtki bo‘lgan, degan fikrni bildiradilar.

“Ilohiy komediya”ning yaratilishida qadim yunon-rim madaniyatining ta’siri ham katta bo‘lganini ta’kidlab o‘tmoq joiz. Ayniqsa, Dante o‘z asarini yozishda rim shoiri Vergiliy (mil. avv. 70-19 y.) qalamiga mansub “Eneida” dostoni mavzusiga ko‘p bor murojaat qilgani ko‘zga tashlanib turadi. Masalan, muallif “Ilohiy komediya”da “Eneida” dostonidagi ayrim syujetlardan foydalanibgina qolmasdan, balki ustozi Vergiliyni asardagi asosiy obrazlardan biri tarzida kiritishni lozim topgan. Hatto poema syujetida Vergiliy o‘rta asr adabiyotida “tushda ayon bo‘lish” janrida yaratilgan asarlardagi farishtalar, avliyolar qiyofasida ham gavdalanadi. Shuningdek, Dantega qadar o‘tgan shoirlar ijodida, asosan, insonni bu dunyoda chekkan azob-uqubatlari u dunyoda rohat-farog‘at bilan almashinuviga ishontirish targ‘ib qilingan bo‘lsa, “Ilohiy komediya”da odamlarning bu dunyodagi qilmish-qidirmishlari u dunyoda adolat tarozisida o‘lchanajagi xususida aytilib, mavjud dunyoda halol yashashga, maqsadli va e’tiqodli bo‘lishga undaydi.

Dante asarning “Do‘zax” qismida hayotda yashab o‘tgan turli toifaga mansub mashhur insonlar shaxsiyatiga murojaat qiladi. Aniqrog‘i, O‘rta asr Yevropa adabiyotida birinchi bo‘lib inson surati va siyratini badiiy obrazlar vositasida talqin etadi, ularning bu dunyodagi a’molini u dunyoda baholashga harakat qiladi.

“Do‘zax”ning uchinchi qo‘shig‘ida Dante Vergiliy yetakchiligida Do‘zax darvozasi oldida paydo bo‘ladi. Vergiliy Dantega “Yalqov hamda pastkash kimsalar jazo tortayotgan Do‘zax ostonasini ko‘rsatadi”. Ikkovlon Do‘zax daryosi Axeronga yaqin keladilar. Shu on zilzila sodir bo‘lib, yashin chaqnaydi. Dante behush bo‘lib yiqiladi. U hushiga kelganda, o‘zini Do‘zaxning birinchi doirasi – Limbada ko‘radi. Bu yerda nasroniy diniga mansub bo‘lmagan Eney, Hektor, Sezar, Katon, Sulton Salohiddin, Aflotun, Suqrot, Demokrit, Diogen kabi buyuk zotlar va cho‘qintirilmagan odamlar yengil jazoga mahkum etilgandi. Ular orasida Sharq donishmandlari ibn Sino va ibn Rushd ham bor edi:

Hisobdon Evklid, Batlimus, Galen,
Gippokrat, ibn Sino, ibn Rushd paydo –
Yangi g‘oyalarni targ‘ib etgan chin.
 (Abdulla Oripov tarjimasi)

Vergiliy va Dante aylanib tushgan pastdagi ikkinchi doira – Limba qopqasida Do‘zax hakami – Minos o‘tirgan bo‘lib, bandalarga gunohlariga yarasha jazo tayinlardi. Va nihoyat, Do‘zaxning to‘qqizinchi doirasida (32–34-qo‘shiqlar) eng razil kimsalar – vataniga, do‘stlariga, ustozlariga xoinlik va sotqinlik qilganlar azobga mahkum etilgan bo‘lib, ularga nisbatan Dantening nafrati nihoyatda kuchli bo‘lgani ko‘rinib turadi. “Do‘zax”dagi hayotni shoir mavjud dunyodan uzib tasvirlamaydi, balki foniy dunyoni bu mavjud dunyodagi hayotning davomi tarzida talqin qiladi. Shu bois, Do‘zaxda ham, mavjud dunyoda bo‘lgani kabi, “hayot qaynaydi”. Muallif Do‘zaxda azob chekayotgan marhumlar bilan xuddi tirik odamlarday suhbat quradi. Masalan, “Do‘zax”ning o‘ninchi qo‘shig‘ida serviqor gibellin Farinata deli Umberti shoirni suhbatga tortib, bo‘lib o‘tgan siyo­siy mojarolar xususida bahslashar ekan, Farinata gvelflarga nisbatan o‘z dushmanlik nafratini ochiq-oydin bayon etadi.

Sag‘ana qoshiga qo‘ygandim oyoq,
Murda ko‘zlarida chaqnab qat’iyat:
“Kimning avlodisan?” – deb berdi so‘roq.
Ustoz gaplariga aylab itoat,
Zotimni aylovdim oshkora bayon, –
Murda qarashida yondi jiddiyat.
Dedi: “G‘animimdir sizning xonadon,
Muhiblarimga ham erursiz raqib,
Sizni men yengganman ikki bor chandon­”.
Darhol dedim: “Garchi bo‘lsa-da ta’qib,
Ular qaytib keldi ortiga tag‘in, –
Qavming bu borada beiqbol, g‘arib”…
U yana suhbatni boshlab aytdikim:
“Men uchun qavmimning chorasiz holi
Do‘zax azobidan battar g‘am balkim”…
(Abdulla Oripov tarjimasi)

Dante realizmining ustuvorligi, uning raqiblari hayotda qanday bo‘lgan bo‘lsa, boqiy dunyoning Do‘zaxida ham qilmishlariga yarasha jazoga tortilganini o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib tasvirlashida namoyon bo‘ladi. Masalan, shoir Brunetto Latini yuzi do‘zax olovi taftida jizg‘anak bo‘lgan qiyofada, Forezo ochlikdan tinkasi qurib, qoqsuyak holatda tasvirlanadi. “Do‘zax”dagi eng mudhish ko‘rinishlardan biri graf Ugolino Do‘zaxning to‘qqizinchi qavatida, o‘zini xoinlikda ayblab qamoq jazosiga hukm qilgan arxiyepiskop Rujerini tutib olib, bo‘ynini g‘ajiyotgan holatda tasvirlanishidir.O‘ttiz uchinchi qo‘shiqda Ugolinoning Dantega so‘zlagan hikoyasi qayg‘uli tus oladi. Arxiyepis­kop Rujeri hiylasi tufayli otasi bilan birga qamoqqa tushgan grafning to‘rt farzandi qal’ada birin-ketin ochlikdan vafot etadi. O‘zi ham ochlikdan sillasi qurib, oqibatda o‘g‘illarining murdasini yemoqqa tutinadi. Qissadan hissa – Dante sotqin odamning ruhi hali vujudi sovub ulgurmasdanoq Do‘zaxga tushishiga shama qiladi.

Xullas, “Ilohiy komediya”dagi voqealar tasviri, ayniqsa “Do‘zax” qiynoqlarini ayanchli ko‘rinishda tasvirlangani hatto asar matni stilistikasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazganining guvohi bo‘lamiz. Muallif bu yerda oldingi asarlaridagi “serjilo xushta’b uslub”dan chekinib qat’iy, siqiq va ta’sirchan kayfiyatga mos til unsurlarini tanlaydi. Bu unsurlar asar matni ta’sirchanligini oshiradi, asarning o‘qimishli bo‘lishini ta’minlaydi. “Ilohiy komediya”da foniy dunyoda yashayotgan insonning real hayotiy kechinmalari boqiy dunyoda ham ro‘yirost, aniq tasvirlanishi muallifning Renessans g‘oyalariga yaqinlashganligidan dalolat bersa, asar syujetidagi allegorik obrazlarning harakati shoirning O‘rta asr adabiyoti tamoyillaridan hali qutulib ulgurmaganidan darak beradi.

“Ilohiy komediya”da Dante bu dunyo­dagi tabiat manzaralarini, ranglar xilma-xilligini u dunyo manzaralariga ham olib kiradi va turfa ranglarda Do‘zax, A’rof va Jannat qiyofalarini ko‘rsatib berishga harakat qiladi. Masalan, Do‘zaxda qora va qizil ranglar noxush kolorit, qayg‘uli kayfiyatni aks ettirib tursa, A’rofda ranglar yengillashib boradi, qora va qizil o‘rnini oq tumanni ifodalovchi rang egallaydi. Unda moviy dengiz va yashil vodiylar ko‘zga tashlanib turadi. Jannatda esa ko‘zni qamashtiruvchi, tovlanib turuvchi oydin ranglar hukmron. Ularda Jannat xush tabiat, sof havo, garmonik qiyofadagi harakat, musiqaviy ohang ramzlarida tasvirlanadi. Masalan, asarning “Jannat qismi”ning 15-qo‘shig‘ida shoir o‘z bobosi Kachchagvida tilidan vatani Florentsiyaning fayzli manzaralarini, oddiy xalq udumlarini, insofli, mol-dunyoga ruju qo‘ymagan oliyjanob ritsarlarning bahodirona qiyofasini ko‘tarinki kayfiyatda tasvirlaydi:

Hanuz tertsa, nona jom urayotgan
Qadimiy tosh devorlar ortida
Hushyor va kamtar Florentsiya hayot
 kechirmoqda.

Qadim devorlar qurshovidagi vatani – ko‘hna Florentsiyani bu qadar maqtovga loyiq ko‘rishi Dantening o‘z xalqiga, avlodlariga ko‘rsatgan hurmat-ehtiromidan dalolat bersa, “Ilohiy komediya”ning mazmun va mohiyat jihatidan xalqchil asar ekanligini ham tasdiqlab turadi. Bu holatni Dantening zamondoshlari ham ta’kidlab o‘tganlar.

Xalq “Ilohiy komediya”ni o‘sha davrdayoq tushunib o‘qidi, uning mazmuni va mohiyatini anglab, muallif nomini qahramonlari bilan hamohang tarzda talqin qildi. Dante vafotidan ko‘p o‘tmay “Ilohiy komediya”ning mazmun va matnini tahlil qiluvchi tadqiqotlar yozila boshlandi. Shoirning izdoshi, mashhur “Dekameron” asari muallifi Jovanni Bokkachcho (1313 – 1375) birinchilardan bo‘lib “Ilohiy komediya” va uning muallifi haqida ma’ruzalar o‘qiydi, poemaning buyukligini tan olib, uni xalq orasida targ‘ib qiladi. Xullas, asar zamonlar silsilasiga dosh berib, davr bilan hamnafas yashab keldi, ba’zida unutildi, ba’zan yana qaddini rostladi. XIX asrga kelib, u jahon adabiyotidagi eng buyuk asarlardan biriga aylandi, yevropa tillarining barchasiga tarjima qilindi. “Ilohiy komediya”ni frantsuz tilidagi tarjimasida o‘qigan A.S.Pushkin uning muallifini “vajohatli Dant” (Dante – frantsuz tilida oxirgi “e” harfi talaffuz qilinmaydi) deb atagan edi. Rus tiliga poemani turli davrlarda D.Minayev, O.Chyumina va M.L.Lozinskiy tarjima qildilar. M.L.Lozinskiy tarjimasi 1946 yili Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Ilohiy komediya”ning birinchi kitobini o‘zbek tiliga “zo‘r mahorat bilan, yuksak shoirona ruhda tarjima qildi” (O.Sharafiddinov). Tarjimonning o‘zi “birinchi kitob”ni (“Do‘zax”) juda katta qiyinchilik va maroq bilan tarjima qilganini eslaydi. “Bu asar o‘zi bitta dorilfunundir… o‘ziga shunchaki yengil munosabatda bo‘lishni ko‘tarmaydi. Unga kishi o‘zini tamomila bag‘ishlashi, uning ichiga kirib ketishi kerak. “Do‘zax”ni tarjima qilgan kezlarim, tushlarimda qo‘limda ketmon bilan odamlarning suyaklarini qazib yurardim”, deydi tarjimon. Sir emas, “Ilohiy komediya”ning ta’siri o‘laroq, Abdulla Oripov o‘zining “Jannatga yo‘l” dramatik dostonini yaratdi. Nihoyat, “Ilohiy komediya” tarjimasini davom ettirib, shoir uning ikkinchi kitobi “A’rof”ning ham to‘qqiz qo‘shig‘ini o‘zbek tilida e’lon qildi.

Darvoqe, atoqli adib va tarjimonlarimiz Oybek “Evgeniy Onegin” romanini, Usmon Nosir “Demon” dostonini, Erkin Vohidov “Faust” fojiasini, Qodir Mirmuhamedov “Iliada” asarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girib, ularga adabiyotimizda boqiy umr ato etdilar. “Ilohiy komediya”ni tarjima qilish taniqli so‘z ustasi Abdulla Oripov chekiga tushgan ekan, bu ulug‘ ishni adog‘iga yetkazishda ul zotga tilakdoshmiz. Shunda Dante ham Homer va Gyote, Pushkin va Lermontov singari o‘zbek kitobxoniga yanada yaqin bo‘lib qoladi.

Muhammadjon Xolbekov,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son