O‘zbek nasrining benazir namoyandalari Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Abdulla Qahhorlar badiiy ijod san’atiga doir sirlar haqida fikr-mulohaza yuritar ekanlar, R.Tagor, A.P.Chexov, L.Tolstoy kabi daholar ijodiga qayta-qayta murojaat qilganligi ma’lum. Abdulla Qodiriyning “Kichik asarlar”, “Ijod mashaqqati”, Cho‘lponning “Adabiyot nadir?” to‘plamlarida, Oybek asarlarining 9-jildida bu dunyoviy adiblarning yuksak mahorati haqida ko‘pdan-ko‘p dil so‘zlarini uchratamiz.
O‘tgan asrning 30–40-yillaridayoq o‘zbek shoirlari va yozuvchilari Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Oybek, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Shayxzodalar jahon adabiyoti bilan yaxshi tanishish orqali ijod cho‘qqilariga ko‘tarildilar. Ustoz adiblarimizdan Abdulla Qodiriy badiiy asar, shu jumladan hikoya o‘quvchilar ommasi uchun tushunarli tilda va o‘ziga xos uslubda yozilishi zarurligini ta’kidlaydi. U rus mumtoz adibi A.P.Chexovning qahramonlar xarakterini hajviy til bilan ochish mahorati xususida to‘xtalar ekan, Lev Tolstoy bergan yuksak bahoni keltiradi: “Chexovning impressionistlarga o‘xshagan o‘ziga xos shakli bor… Yaqindan qarasak, go‘yo har bir to‘g‘ri kelgan va bir-biriga aloqasi bo‘lmagan bo‘yoqlarni farq qilmasdan ishlatganga o‘xshaydi, ammo uzoqroqdan qarasang, bu bo‘yoqlardan ajoyib bir manzara vujudga kelganini ko‘rasan”. Tolstoyning bu bahosi Chexovning o‘z so‘ziga juda mos keladi. U deydi: “Tabiatni tasvir qilishda mayda bo‘laklar olish va bularga shunday tartib berish kerakki, o‘qib ko‘zingni yumganingda ko‘z oldingga bir manzara kelsin”.
Sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriy “O‘qish, o‘rganish” nomli mazkur maqolasida hikoyada muallifning o‘zi asar voqeasini juda ko‘p so‘zlar bilan tushuntirish o‘rniga, qahramonlarning o‘zini gapirtirsa va qahramonlarning gapi ularning xarakteriga mos bo‘lsa, xarakterlar yaxshi ochilishi haqida bunday deydi: “Hikoyani “sersuv” (ko‘p so‘zli) qiladigan narsalardan biri ko‘rsatish o‘rniga so‘zlab berishdir. Agar Ochumilovning “buqalamun” ekanini uning so‘zlari orqali ko‘rsatilmasa, avtor tomonidan ta’riflansa, dunyo-dunyo so‘z ketar edi. Chexov buni o‘zi aytib bermasdan, Ochumilovning o‘z so‘zi bilan ko‘rsatadi”.
Abdulla Qodiriy jahon adabiyoti tarixida hikoyanavis sifatida mashhur bo‘lgan A.P.Chexov asarlaridagi dialoglarga to‘xtalar ekan, bu dialoglarning voqealarni harakatlanishida, asar qahramoni Ochumilovni ta’riflashini alohida qayd etadi. Aytish kerakki, Abdulla Qodiriyning o‘zi ham hajviy hikoyalarida (“Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”) qahramonlar orqali ularning xarakterlarini ochishdan tashqari, zamon, davr ruhini, eskilik sarqitlari bilan ilg‘or hodisalar o‘rtasidagi keskin ziddiyatlarni ko‘rsata olgan.
Mashhur o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhor Gogolni o‘zining “Birinchi domlam” deya ta’riflar ekan, uning barvasta va baquvvat, temir irodali va dushmanga beomon bo‘lgan Taras Bulbasi ba’zi hikoyalaridagi xarakterlarni yaratishda ilhom manbai bo‘lib xizmat qilganini quyidagicha yozgan edi: “Vatan urushi yillarida yozilgan “Asror bobo” hikoyasini yozishda men “shu yerda turib Berlinga o‘t qo‘yayotgan” Asror bobo Taras Bulbaning O‘zbekistondagi o‘rtog‘i bo‘lishi kerak, deb qo‘limga qalam olgan edim”.
Atoqli adib Oybek jahon mumtoz adabiyotining boshqa eng yaxshi namunalarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida buyuk san’atkorlarning tili va uslubiga doir mahorat sirlarini o‘rgandi hamda boshqalarning ham o‘rganishiga yo‘l ochib berdi. U antik davr adabiyoti xrestomatiyasini, Rim shoirlari – Lukretsiy, Sitseron, Plavt, Vergiliy, Goratsiy, Ovidiy asarlarini mohirona tarjima qildi. Oybekning ilmiy tadqiqotlarini o‘qigan kitobxonlar uning Sharq mumtoz adabiyotini, Navoiy ijodini, undan avval va keyin o‘tgan Atoiy, Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Jomiy va boshqa forsigo‘y daho shoirlar – Sa’diy, Hofiz, Xusrav Dehlaviy ijodini yaxshi bilishiga komil ishonch hosil qiladilar. Oybek o‘z zamondoshlari va do‘stlari bilgan boshqa adib va shoirlarga ham jahon adabiyoti daholari ijodini yaxshi o‘rganishga da’vat qilar edi. “Drujba narodov” jurnalining 1966 yil avgust sonida Oybekning “Adabiyot, tarix, zamonaviylik” sarlavhali suhbati e’lon qilingan. Ana shu suhbat maqolada Oybek Sharq mumtoz she’riyati bilan qanday tanishgani haqida bunday yozadi: “Maktabdagi yillarimda Sharq klassikasi bilan tanishdim. Hirotlik buyuk Navoiy va ajoyib lirik, ozarbayjon adabiyotining buyuk siymolaridan bo‘lgan Fuzuliyga ko‘ngil qo‘ydim. Menga she’riyatdan ilk saboqni shular berdilar”.
Oybek shu suhbat davomida turk mumtoz shoirlari Yahyo Kamol, Rizo Tavfiq, Abdulhaq Homid haqida fikrlar aytganidan keyingina, Leningrad (Sankt Peterburg)da o‘qish vaqtida A.Blok va A.S.Pushkin ijodi bilan tanishganini aytadi: “Rus poeziyasi bilan tanishligimni gapirganimda, Pushkin haqida lom-mim demaganligim rus kitobxonlariga g‘alati tuyulishi mumkin. Shuni e’tirof qilishim kerakki, men Pushkinni o‘zim uchun chinakamiga ko‘p vaqt o‘tgandan keyin kashf qildim. Bu 1936 yilning yozida, Pushkin vafotining 100 yilligi arafasida bo‘lgan edi. Biz bir necha yozuvchi – Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Maqsud Shayxzoda va men Chimyonda turardik… Men o‘shanda “Evgeniy Onegin”ni tarjima qilardim. Asarning birinchi bobidagi quvnoq va dabdabali bandlar, “gde ya stradal, gde ya lyubil, gde serdtse ya poxoronil” singari mungli misralar kishiga shunchalik to‘liq tasavvur baxsh etar, tasvirdagi aniqlik va mahorat kishining ko‘ziga yosh keltirardi”.
Shu suhbatida Oybek 1936 yili Chimyonda A.S.Pushkin asarini tarjima qilish zavqi, sururi va mashaqqatlarini aytar ekan, o‘zi ham “Chimyon daftari” she’rlar turkumini bunyod etgani, unda Pushkin haqida she’rlari ham borligini bildiradi. Keyinroq, 1949 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Oybek “Yigirma besh yil mobaynida o‘zbek sovet poeziyasi” mavzuida qilgan ma’ruzasida ham mumtoz she’riyatdan jiddiy farqlanuvchi yangi o‘zbek she’riyatidagi ijodiy izlanishlar haqida so‘zlar ekan, davr mafkurasi talabi bilan yana rus adabiyotidan qilingan tarjimalarni esga oladi: “Rus klassik va hozirgi zamon adabiyotining eng yaxshi asarlarini (ta’kid bizniki – D.T.) o‘zbek tiliga tarjimasining ahamiyati va (ularning o‘zbek adabiyoti) badiiy zaminini tarbiyalashdagi roli chuqur tekshirishlarga sazovordir”. Oybekning o‘zbek adabiyotshunos olimlari, tanqidchilari oldiga qo‘ygan bu muhim vazifani ancha yillar keyin Jumaniyoz Sharipov, Ozod Sharafiddinov, G‘aybulla Salomov, Ninel Vladimirova, Najmiddin Komilov, Ibrohim G‘afurov, Asil Rashidov, Mahkam Mahmudov, Saydi Umirov, Ortiqboy Abdullayev, Mahmud Sa’diy, Muhammadjon Xolbekov, Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar amalga oshirdilar. Xususan, J.Sharipov o‘z tadqiqotlarida Xorazm tarjimachilik maktabi, Ozod Sharafiddinov Dante va Gyote asarlari tarjimasi, G‘aybulla Salomov tarjimaning nazariy muammolari, Asil Rashidov atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov asarlari, Ibrohim G‘afurov, Mahkam Mahmudovlar Shekspir, A.Isaakyan, Stendal asarlaridan qilingan tarjimalar, M.Xolbekov frantsuz adabiyotidan qilingan tarjimalar haqida ilmiy maqolalar, tadqiqotlar yaratdilar.
Oybekning ushbu ma’ruzasi ancha jiddiy xarakterda edi. Ma’ruzada u daho shoirning hayoti va ijodining asosiy bosqichlari, uning erkparvar dekabristlarga, mazlumlarga, ozodlik istovchilarga yaqinligini, monarxiya, istibdod, yakka hokimlik, tiraniyaga qarshi faol ijodiy kurashganligini teran yoritib berar ekan, o‘zining quyidagi asosli fikr-mulohazalarini bayon qiladi: “Pushkin rus xalqiga xos hamla bilan qisqa muddatda… ajoyib yirik polotnolar, bir-biridan go‘zal, mukammal, sehrgar poemalar yaratdiki, bu asarlarning hatto biriyoq shoir dahosini ko‘rsatishga, uni ulug‘ shoirlar qatoriga qo‘yishga qobildir. Rus adabiyotining hamma genial va buyuk talantli yozuvchilari, shoirlari, dramaturglari Pushkin maktabida, uning dahosi quyoshila tarbiya topmishdirlar”.
Oybek Pushkinning “Erkinlik” qasidasini, “Qishloq”, “Chaadayevga atab” she’rlarini tahlil qilar ekan, uning dehqonlarni qul qilishga, jabr-zulmga asoslangan mavjud siyosiy tartibga qarshi nafrat bilan sug‘orilgan o‘tkir she’rlari uchun janubga surgun qilinganini, shoir uchun dunyoda eng oliy narsa (ideal) – ozodlik, (inson qadr-qimmati, shaxs erkinligi) ekanligini, shoir adabiyotda realizm-haqqoniylik uchun kurashganligini ta’kidlaydi.
Oybek rus adibi A.P.Chexov ijodini ham xalq hayotini, bechora, ezilgan, “kichik” odamlarning baxtsizligini realistik, haqqoniy tasvirlagani uchun sevardi. U o‘zbek adibi Abdulla Qahhor hikoyalarida Chexovning ijodiy ta’siri haqida so‘zlaganda ham adibning realistik qudrati oshib borayotganidan quvongan edi.
Oybek 1944 yilda buyuk rus adibi A.P.Chexov vafotining qirq yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining sessiyasida rus tilida ma’ruza qiladi. Bu ma’ruzada Oybek Chexov ijodida xalq hayoti bezab-bo‘yalmay, realistik tasvirlangani bilan XX asr jahon adabiyotiga, jumladan, o‘zbek adabiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganligi haqida so‘zlaydi: “Hozirgi o‘zbek prozasi rus, G‘arbiy Yevropa realistik prozasi ruhida va uslubida parvarish topmoqda. O‘zbek yozuvchilari o‘z ijodlari bilan jahon adabiyotini boyitgan prozaning ulug‘ san’atkorlaridan so‘z mahoratini o‘rganmoqdalar”. Bu o‘rganish, Oybekning fikricha, ko‘proq hikoyachilik rivojida, Abdulla Qahhor ijodida ko‘rinadi. U, rus adibi Chexovning ijodini ulug‘lash bahonasida o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhorning ham hikoya janrining ustasi ekanligini ta’kidlaydi.
Chindan ham Abdulla Qahhor hikoyalarida, o‘zi aytganiday, rus realist adiblari N.V.Gogol va A.P.Chexov ijodining, shuningdek, Amerika mumtoz hajvchisi O“Genri hikoyalarining ijodiy ta’siri seziladi. Bu ijodiy ta’sir, Oybek to‘g‘ri ko‘rsatganidek, Abdulla Qahhorning kichik hikoyada katta mazmunni ifodalay olish mahoratida, undagi realistik ruh va gumanizm – insonparvarlik ruhining teranlashganida ko‘rinadi. Oybek yuqorida aytilgan ma’ruzasida o‘tgan asrning 40-yillaridayoq Abdulla Qahhorda hikoyachilik mahorati yuksalganini, undagi badiiy mukammallikning umumjahon realistik nasri saviyasida ekanligini qayd etgan edi. Haqiqatda ham A.Qahhorning “Millatchilar”, “Munofiq”, “Adabiyot muallimi”, “San’atkor” kabi hikoyalaridagi obrazlar talqinida, syujet va kompozitsiya tuzilishida, eng muhimi, tilning ixcham va oddiyligida Chexov an’analari sezilib turadi.
O‘z navbatida bu kabi hikoyalarning maydonga kelishida Chexovning “muborak ko‘zoynaklari” va uning “Yovuz niyatli kishi” asaridagi Denisning betakror xarakterini yaratishdagi uslubi yordamga kelganini adib qayta-qayta e’tirof etgan edi.
Abdulla Qahhor ijodining hassos tadqiqotchisi, ustoz Ozod Sharafiddinov o‘z kuzatishlarida “Sarob” romanidagi obrazlar talqinida mashhur amerika yozuvchisi Jek Londonning “Martin Iden”iga yaqinlik holatlarini qayd etadi. Ustozning kuzatishlari asosli deyishimizga sabab, Abdulla Qahhor 1944 yilda yoshlar bilan qilgan suhbatida Jek London asarlarining g‘oyasi unga ijodiy yordam berganligini o‘zi alohida e’tirof etgan edi. Haqiqatdan ham har ikki adib asarlarini o‘qigan kitobxon ustozning kuzatishlariga qo‘shiladi.
Albatta, ijodda mahorat sirlari birdan egallab bo‘lmaydi.Har bir yozuvchi o‘z ijodi jarayonida klassiklar ijodiyoti mohiyatini tushuna bilishi va ijodiy o‘zlashtirish orqali undan oziqlanadi.
Istiqlolning dastlabki yillarida atoqli yozuvchimiz Shukur Xolmirzayev “Adabiyot o‘ladimi?” nomli maqolasida adabiyotning asosiy maqsadi-muammosini insonni tasvirlash, u o‘z yashash jarayonida yangicha ijodiy islohotlarga duch kelishi mumkin, u o‘lmaydi, adabiyotligicha qoladi, degan fikrni aytgan edi.
Haqiqatan ham, azaldan badiiy adabiyotning muvaffaqiyatini belgilab kelgan asosiy omil – voqea-hodisalarga mos, kitobxonni o‘ziga jalb etadigan tasvir usullarini topish, davr va tarixni, insonni aks ettirishdagi o‘ziga xoslikdir. Bugungi nasrimizda tasvir usullarining jahon adabiyotidagi ilg‘or an’analar bilan uyg‘unlashib borishi evaziga rang-barang badiiy talqinlar bo‘y ko‘rsatayotgani bunga dalildir.
Damin To‘rayev, filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 9-son