Damin To‘rayev. Sizif rivoyati o‘zbek adibi talqinida

Qadim yunon mifologiyasi xazinasidan olingan afsona, rivoyat, masallar jahon madaniyati tarixida juda ko‘p adiblar, shoirlar, rassomlar, bastakorlarga ilhom bergan. Yunon miflari asosida yozilgan Gomerning “Iliada” va “Odisseya”si, Ovidiyning “Metamorfozalar”i, Vergiliyning “Eneida”si, Esxilning “Zanjirband Prometey”, Sofoklning “Shoh Edip”, “Antigona”, “Elektra”, Evripidning “Medeya” asarlari, Bokkachchoning “Dekameron”i tarkibidagi ayrim hikoyalarni, Apuleyning “Oltin eshak” qissasi va boshqa asarlarni eslaylik.

Irland adibi Jeyms Joys ham yunon mifologiyasi asosida Gomerning “Odissey” dostoni ijodiy yo‘nalishiga o‘xshash “Uliss” romanini yaratdi. “Uliss sarguzashtlari” qahramonlari yahudiy Leopold Blum Odissey, uning xotini Molli Penelopa, Stiven Telemak deb ham ataladi. Kitobxon bu asar Gomer dostoni voqealari bilan uyg‘unligini va ayni paytda o‘ziga xos rang-barang voqealar talqiniga egaligini payqaydi. Xususan, Gomer qahramoni olis diyorlar, ummonlarni kezib, vatani va oilasiga qaytishga intilgan bo‘lsa, Joys qahramoni Leopold  Blum butun roman davomida bir xonadonda uch-to‘rt qadam bosib, boshqa xonaga “sayr” qiladi. Xotini Molli erining qaytishini 20 yil kutgan vafodor Penelopaga, o‘g‘li esa otasini izlab, olis yurtlarda mashaqqat tortgan sodiq o‘g‘il Telemakka o‘xshamaydi. Shunga qaramay, g‘arb adabiyotshunoslari, akademik Akmal Saidov iborasi bilan aytganda, “ba’zilar o‘lgudek yomon ko‘radigan” bu romanni rosa maqtashdi, uning muallifini Shekspirga, Servantesga tenglashtirishdi. Ancha keyin yozilgan Dyula Ieshning “Prometey jumbog‘i” romani ham badiiy va tarixiy haqiqatni ifoda etgan buyuk asarlar qatorida shuhrat qozondi. Unda Zevs, Gerakl, Prometey munosabatlari mantiqiy izchillik bilan tasvirlanadi.

XX asr boshlarida o‘zbek adabiyotida ham mif, folklor unsurlaridan foydalanilar hamda asarlar yaratilardi. Xususan, Abdulhamid Cho‘lpon “Yorqinoy” dramasini yozishda folklor motivlaridan, A.Fitrat “Qiyomat”ni yozishda Sharq mifologiyasidan foydalandi. Taniqli shoir Asqar Qosim Esxilning “Zanjirband Prometey” asarini tarjima qilish bilan mifologik asosda “Samo sirlari” dramatik dostonini yozdi.

Milliy istiqlol yillarida o‘zbek adiblari ham uslubiy izlanishlarida jahon mumtoz adiblari tajribasiga ergashib, mifologik syujetdagi asarlar yoza boshladilar. Xususan, Xurshid Do‘stmuhammad bugungi o‘zbek badiiy nasrini yangi shakliy-uslubiy va tasviriy izlanishlari bilan boyitayotgan yozuvchilarimizdan. Yozuvchi hikoya va qissalarida rang-barang uslublar jilosini, o‘ziga xos ifoda va talqin yo‘sinini ko‘ramiz. Bunday xususiyat falsafiy mushohadaga undovchi “Bozor” romanida ham namoyon bo‘lgan edi.

Yozuvchining navbatdagi romanida mashhur Sizif rivoyati talqin etiladi[1]. Adibning “Donishmand Sizif” romani yunon mifologiyasi asosida yozilgan, uslub jihatidan romantizm, fantastika va realizm tamoyillarini o‘zida birlashtiradi, shu jihatdan Dyula Ieshning “Prometey jumbog‘i” romaniga yaqin turadi. O‘zbekiston televideniyesida adabiyotshunos va yozuvchilar Ulug‘bek Hamdam, Mahkam Mahmudov, Bahodir Karimov “Donishmand Sizif” romani haqida dastlabki fikrlarini aytdilar. Ularning fikricha, Xurshid Do‘stmuhammad yangi romanida romantizm va realizmni uyg‘unlashtiradi, o‘zbek nasrini falsafiy roman shakli bilan boyitadi. U Sizif haqidagi qadim yunon mifini aslicha keltirmay, o‘z ijodiy g‘oyasiga muvofiq qayta ishlaydi. Faqat oxirgi qismda Sizifning jazolanish jarayonini mufassal, realistik tafsilotlari bilan tasvirlaydi. Sizifning jazolanishi mifda aniq-ravshan ko‘rsatilgan. Xurshid Do‘stmuhammad o‘z romanida qahramoni qaysi qilmishlari uchun jazoga tortilganini aytmaydi, sir tutadi. Qahramon ma’budlarning qonunlariga qarshi chiqqani haqida so‘z boshlab qo‘yadi: “U haqda uchiga chiqqan ta’magir – muttaham, afsungar – tovlamachi degan ovozlar shamolday tarqaganini, rivoyatlar, ertaklaru dostonlar to‘qib-bichilganini tushunolmaydi, hamon tushunmaydi. Ma’budlar ma’budidan o‘pka-ginasi o‘z yo‘liga, illo, kechagina o‘zi qatori yurgan duppa-durust odamnusxa uvrindilar sharmandalarcha bong urishida shovvozlik ko‘rsatganlaridan yomon mutaassir bo‘ldi Sizif. Ub-ba, bachchag‘arlar-ey, ub-bba yuvuqsizlar-ey, deya miriqib kuldi”. Bu so‘zlar chuqur ma’nolarga egaligini fikrchan o‘quvchi yaxshi anglaydi.

Afsonaviy Sizif haqidagi gap-so‘zlar, uni qoralovchilar, bizningcha, xalqimiz tarixidagi qatag‘on yillari manzarasini eslatadi. Roman bir qarashda modernizm va postmodernizm adabiyoti vakillari J.Joys, A.Bekket, A.Kamyu asarlaridagi kabi: deyarli syujetsiz, konfliktlarsiz, faqat bosh qahramonning ruhiy kechinmalaridan iborat. Ba’zi sahifalarda qahramon o‘ylari bilan adib-muallifning ko‘nglidan kechganlari aralashib, birlashib ketadi. Bizga ma’lumki, yozuvchi voqealar rivoji, xarakterlararo to‘qnashuvlar, hatto kulminatsiya va yechimni qahramonlar kechinmalari orqali ko‘rsatib berish tajribasiga ega.

Qadim Yunoniston yuksak fan-madaniyat beshigi bo‘lsa ham, Suqrotday buyuk donishmand ig‘vogar, hasadgo‘ylar tomonidan o‘limga hukm qilinadi. Bu hukm yuksak madaniyat ham yetuk, buyuk insonlarni qatag‘on qilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Manbalarda aytilishicha, Suqrotning shogirdlari orasida Aflotun, Ksenofont, Perikl, Alkiviad, Demosfen kabi buyuk olimlar, davlat arboblari bo‘lishgan. Ammo, Suqrotni dinsizlikda ayb­lashib (u ko‘pxudolikni tan olmagan edi) o‘limga hukm etishgan paytda, bu shogirdlari yo‘q edi va bundan foydalandilar. O‘sha vaqtda hokimiyat ma’rifat emas, jaholat, ig‘vo, hasad tarafida bo‘ldi.

Sizif haqidagi yunon mifida u donishmand emas, balki ma’budlarni aldovchi, ayyor, xudbin, firibgar deb ko‘rsatiladi. Xurshid Do‘stmuhammad qadimiy rivoyatni mutlaqo o‘zgartirib yuborgan. U qahramonini kaltabin zamondoshlari ustidan kuluvchi, Faust kabi o‘zini barchadan baland va dono biluvchi o‘jar inson qilib tasvirlaydi. Bunday xarakter asarda ruhiy tahlil orqali ochiladi: “…O‘zlarini erkin his qila bilmagan erkaknusxalar qanchalar oliftalik qilmasinlar muqarrar nafratga loyiqdirlar…” Sizifning o‘zi jasoratli qilmishlari haqida odamlar nima deb o‘ylashlarini bunday eslaydi: “Ahmoqona qahramonlikni ko‘ngli tusab qoldi, tentak, deganlar bo‘ldi, u haqda. Sizif esa hech bir vaysaqi tarqatgan issiq-sovuq mish-mishga ortiqcha ajablanmadi, mo‘ysafid o‘tmish uchun buning hech bir ajablanarli joyi yo‘q, hamisha shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qolajak, deya xulosa yasadi o‘zicha bosiqlik bilan”. Muallif bu yerda qahramoni kechinmalari orqali uning dunyoqarashini ham ko‘rsatadi. Roman boshlanishidayoq muallif Sizifning xarakterini, qanday odamligini tarixiy xotirasida, o‘tmishga munosabatida aks ettiradi.

Tarixda chindan ham ko‘pchilik podshohlar, vazirlar xushomadgo‘y, laganbardorlarni atrofiga yig‘ib olgan, haq so‘zni aytuvchilarni quvg‘in qilgan. “Donishmand Sizif” romani qahramoni ham o‘ta aqlli mansabdorlardan bo‘lgani uchun Zevs va boshqa ma’budlar uni afsungar, tovlamachi, ta’magir, muttaham deb ayblaydilar. Sizif buni adolatsiz ayblov, adolatsiz jazo deb biladi. Sizif olis va yaqin kechmishini qayta-qayta xayolida tiklab, o‘zini-o‘zi taftish qilishga urinadi: “Kimga muttahamlik qildi u, kimning mulki – amlokiga ko‘z olaytirdi, kimni xiyonatkorona aldab-suldadi… Kimga nohaqdan-nohaq zulm o‘tkazdi… ”

Sizif haqidagi mifda aytilishicha, u ham ma’budlar qatorida bo‘lgan. Uning otasi bo‘lsa shamol ma’budi edi. Sizif o‘zi bunyod etgan Korinf shahar-davlati hukmdori bo‘lgan. U o‘zini barcha podshohlar (hatto, ma’budlar)dan aqlli va a’lo sanar, buni ko‘rsatib qo‘yish uchun juda ko‘p xazina yiqqan, zeb-ziynat ichida hayot kechirardi. Hatto, o‘lim ma’budi Tanat kelganida ayyorlik bilan uning qo‘l-oyog‘ini kishanlab, qamab qo‘yadi. Shundan so‘ng yer yuzida insonlar o‘lmay yashaydigan bo‘lishgan. Ma’budlarni ulug‘lovchi, ularga mo‘l-ko‘l qurbonliklar qilinuvchi dabdabali marosimlar yo‘qoladi. Bundan ma’budlar norozi bo‘lishgach, Zevs urush ma’budi Aresga “ayyor” Sizifni jazolashni buyuradi. Ares Sizifni yengib, o‘lim ma’budi Tanatni kishandan ozod qiladi. Sizifni esa marhumlar mamlakatiga yuboradi. U yer osti dunyosi podshohi Aidni ham aldab, “meni bir kunga hayotga qaytarsang, xotinimga “marhumlar podshohiga juda ko‘p mol-qo‘y va noz-ne’matlarni qurbonlik qilgin”, deb buyuraman va tez qaytib kelaman”, deydi. Bu va’daga ishongan Aid Sizifni bir kunga hayotga qaytaradi. Sizif xotiniga Aid uchun qurbonliklar qilishni buyurmaydi va yana bazmu jamshidda rohatlanib yashayveradi. Bundan g‘azablangan Aid yana Tanatni jo‘natadi. Bu gal Tanat aldanmaydi. Sizif marhumlar olamiga yuboriladi va narigi dunyoda og‘ir toshni tog‘ cho‘qqisiga dumalatib olib chiqishga mahkum etiladi. Ko‘rinadiki, o‘zbek adibi qadimgi yunon mifini o‘z ijodiy g‘oyasiga muvofiq o‘zgartirib yuborgan. Ayni vaqtda yunon asotirlaridan juda yaxshi foydalangan.

Xurshid Do‘stmuhammad romanida Sizif narigi dunyoda emas, bu dunyoda jazoni o‘taydi. Bu juda muhim. Chunki nasroniylik va islom kelgunicha, yunonlar tasavvuricha inson o‘lganidan so‘ng Yer osti olamida yashaydi. Romanning asotirdan yana bir farqi shuki, Sizif ma’budlardan biri emas, balki jamiyatning yuqori tabaqasiga mansub zodagonlardan biri. Ayyor, makkor, hatto o‘lim elchisini aldovchi Sizif romanda oqil inson sifatida gavdalanadi.

Shunisi ham borki, real voqelikda ayyor, hiylakor odamlar aqlli, aqlli odamlar esa, ko‘pincha ayyor va hiylakor bo‘ladi. Mifda Sizifning shu sifatini Zevs boshliq ma’budlar qoralaydilar. Shunisi qiziqki, Zevs juda ko‘p gunoh, zino ishlar qiladi, ayollarni aldab, ularni toptaydi. Troya urushi qahramonlaridan biri Uliss (Odissey) ham aqlli va ayyor. Uning hiylasi sababli yunonlar Troyani egallab, shaharga o‘t qo‘yadilar. To‘g‘ri, Odissey ayollarga axloqsizlik qilmaydi. U xotini Penelopaga sadoqatli. Xotini ham unga vafodor, u daraksiz yo‘qolgan Odisseyni umrbod (poemada 20 yil) kutadi. Chaqirilmagan mehmonlar – “oshiq”larni rad etadi. Ya’ni Odissey bosh ma’bud Zevsga nisbatan toza va sof vijdonli. Shu yerda mantiqiy savol tug‘iladi: Aldov va ayyorlik Zevsga ayb emasu Sizifga ayb va jinoyat ekan-da.

Xurshid Do‘stmuhammad yaratgan Sizif tabiati mif qahramoninikiga nisbatan ancha murakkab. Endi u mifdagi kabi faqat ramz, timsol (ayyorlik timsoli) emas, balki jonli inson. Roman syujeti anchayin jo‘n, ammo qahramon xarakteri jonli, real insonlarga xos murakkablikda. Muallif mifning faqat bir qismini olib, boshqa bir asarga – yarim mifologik, yarim realistik asarga aylantiradi. Asotirning botiniy ma’nosiga ko‘ra, Sizif rostdan ham donishmand bo‘lib, ehtimol, tib ilmida o‘lmay, uzoq yashash yo‘llarini topgandir. Yunon podshohlari biror tilak, maqsadiga yetish uchun muqaddas ibodatxonalarda bir kunlik ibodat vaqtida minglab jonliq so‘ygan, hatto tabiiy ofatni qaytarish uchun kelgindilarni ham qurbonlik qilgan. Donishmand  shoh Sizif o‘z mamlakatida bunday vahshiyona rasm-rusumni yo‘q qilgan, ehtimol.

Sizif shunday fikr yuritadi: “Nahotki, u yovuz, mal’un kimsa sifatida badarg‘a qilinmoqda? Nahotki, endi u o‘zini, sha’nini himoya qilolmaydi”. Shunisi muhimki, romanda Sizif   faqat o‘zini emas, xalq taqdirini ham o‘ylaydi. “Ulug‘ zotlardagi aqliy evrilish xalqning evrilishiga – fikran-shuuran ulg‘ayishiga qanot bag‘ishlaydi, shu to‘lqinda juda ko‘p haqiqatlarga oydinlik kiritiladi”. Jahon xalqlari miflari, folkloshunoslar fikricha, qadimgi xalqlar ongi, diniy e’tiqodi, ijtimoiy, siyosiy, estetik qarashlarini aks ettiradi. Folklorshunos M.I.Steblin-Kamenskiyning yozishicha, romantizm shoirlari va olimlari qadimiy miflarni o‘rganishda yangi sahifalar ochdilar. Ular nazarida miflar tabiat va jamiyatdagi qudratli kuchlarning turlicha ifodasidir[2].

Ba’zi romantizm tadqiqotchilari fikricha, miflar poetik xayolot mahsuli bo‘lganida ham voqelik, ijtimoiy hayot haqiqatlarini aks ettiradi. Sizif haqidagi mif ham ramziy ma’noda: Inson har qancha aqlli, donishmand bo‘lsa-da, O‘limni yo‘qotishga urinishi behuda, hayot toshi baribir  pastga dumalaydi, Mangu hayotni hech kim va hech qachon Mangu toshdek cho‘qqiga chiqarib qo‘yolmaydi. Yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad o‘z romanida qadim yunon mifidan ijodiy niyatidan kelib chiqib foydalanadi. Insonning oliy idealga sadoqati, har qancha mashaqqatli bo‘lsa ham, saqlanmog‘i kerak, ezgu maqsadga sabot-matonat bilan intilish zarur, degan fikr mufassal va real tasvirlarda ifodalanadi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 6-son

________________

[1] Xurshid Do‘stmuhammad. “Donishmand Sizif”. –Toshkent, “O’zbekiston” NMIU, 2016.

[2] M.I.Steblin-Kamenskiy. Mif. L., Nauka, 1976. – S.10.