Oldingi maqolamizda (“O‘zAS”, 2013 yil 1-fevral soni) Farhodning Yunon mulkiga safari chog‘ida to‘rt manzildagi g‘ov-to‘siqlarni yengib o‘tishi va Suqrot bilan uchrashib, undan majoziy va haqiqiy ishq ta’limini olib, yurtiga qaytshi haqida fikr yuritgandik. Shu tariqa Farhod xoqonlik xazinasida saqlangan sirli ko‘zgu tilsimini ochishga muvaffaq bo‘ladi.
Navoiy ta’rifiga ko‘ra, ko‘zguda aks etgan dasht oddiy dasht emas, balki ishq dashti. Unda dardli sevgi ko‘katidan boshqa narsa ko‘rinmaydi, ko‘katlari zanglagan nishtarni eslatadi, nargis gullari taqvo ahlini mast va behush aylash uchun sharob piyolasini tutadi. Bu dashtni o‘rab olgan tog‘lar o‘zgacha salobat kasb etgan, ular etagida odamlar ariq qazish bilan mashg‘ul. Bir guruh otliq qizlar orasida kelayotgan Shirinni va ariq qaziyotgan o‘z timsolining hushdan ketganini ko‘zguda ko‘rib turgan Farhodning taniga titroq kirib, behol bo‘lib yerga yiqiladi.
Ko‘zgu — ko‘ngil timsoli ekanini aytgan edik. Suqrot ta’kidlaganidek, tilsim siri ochilganidan keyin Farhod majoziy yor suratini ko‘radi. Aslida, haqiqiy mahbubni ko‘rishning aslo iloji yo‘q, uning mavjudligini faqat mazhar va vosita orqali tasavvur etish imkoni bor, xolos. Navoiy majoziy ishq talqinida haqiqiy mahbubga yetishda oshiq qalbi kuyish va o‘rtanish orqali qay tarzda poklanishini ko‘rsatadi. Ishq yo‘liga tushgan oshiq Farhod kabi to‘rt manzildagi to‘siq-g‘ovlarni yengib o‘tib, ko‘ngil ko‘zgusini poklay olsagina majoziy ishq oshiqni mazhar va vosita — majoziy yor visoliga yetkazadi.
“Farhod va Shirin” dostonida ifodalangan ishq-muhabbatni navoiyshunoslikda uzoq vaqt odatiy, ya’ni avom ishqi sifatida talqin va tavsif qilib kelindi. Holbuki, Farhod va Shirin sevgi-muhabbati iztirobini avom ishqi talabi asosida tahlil etilsa, Farhodning to‘rt manzilda uchragan to‘siq-g‘ovlarni yengib o‘tishining asar syujetiga olib kirilgani tushunarsiz bo‘ladi. Shu bois “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” tipidagi dostonlarning ichki qatlami va mohiyatida aks ettirilgan majoziy ishqni nafsi havodan poklanmagan avom sevgisi zamiridagi ishq turidan ajratib olish qiyin kechadi. Zero, Farididdin Attor “Mantiq ut-tayr” dostonida surat va ma’ni ahli haqida so‘z yuritib, har ikkisi ham so‘zim shaydosi, ammo ma’ni ahli sirlarimning haqiqiy egasidir, xoslar ham, avom ham undan ma’naviy lazzat va huzur oladi, deya ta’kidlaydi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, “Farhod va Shirin” dostonidan avom ham, xoslar ham baravar o‘zlariga kerakli ma’naviy oziq oladilar. Avom asarning zohiriy tomoniga ahamiyat bergan holda zavq va huzur tuysa, ma’ni ahli uning ichki qatlamiga joylangan ma’no durlarini teradi.
Mumtoz sharq poetikasiga oid “Miftoh ul-ulum”, “Talxis” kabi kitoblarda majoz hamda haqiqatning lug‘aviy, istilohiy, fiqhiy, urfiy va boshqa ma’nolari xususida ilmiy-nazariy sharhlar berilgan. Shularga asoslanib aytadigan bo‘lsak, majoz bir narsaning zohiriy qatlamini anglatsa, haqiqat shu majoz orqali yetib boriladigan botiniy qatlam, ya’ni asos-mag‘izni tashkil etadi. Uzoq vaqt dardni vujudida ko‘tarib yurishi va dard bag‘rida unmay turgan ishq chechagining qobiqni qay tarzda yorib chiqish jarayonini Farhodning Yunon safari va undan keyingi dengiz safarida boshidan kechirgan sarguzashtlardan ham bilib olsa bo‘ladi. Jaloliddin Rumiy majoz va haqiqatni tushunish masalasiga shunday izoh beradi: “Bir danakni qobiqsiz holda eksang, ko‘karmas, qobig‘i bilan ekkaning vaqtda unadi va ulkan daraxtga aylanadi”. Danak sirtini majoziy qatlam desak, shu qatlamdan o‘tmay turib, mag‘izga yetish ilojsiz. Tabiat hodisasiga ko‘ra, muayyan harorat tufayli danak ustidagi qobiq bo‘rtib ochilganidan keyingina uning ichidagi mag‘iz nish uradi. Shirin suratini ko‘zguda ko‘rgan Farhod qalbidagi dard xuddi harorat yetgan danak holiga tushib, o‘zligini namoyon etadi. Shu bois Farhodda ro‘y bergan bu jarayonni ko‘pchilik tushunmaydi: “Muni bilmayki, qilg‘och ishq bedod, Bo‘lur yuz aqlu donish rasmi barbod”.
Farhod taniga tushgan ishq cho‘g‘ini har qancha sir tutishga urinmasin, uni oshkor etmaslikning iloji yo‘qligi uy ichiga tushgan olovga qiyoslanadi. Bunday uydan dud chiqmagan taqdirda ham uy ichi yonib, oxir-oqibat yorilishi muqarrar. Farhodning o‘z ruhiyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishni oshkor etmaslikka harakati esa naqshbandiylik ta’limotining “Dil ba yoru dast bakor” dasturilamali bilan bog‘liq ekanini alohida qayd etish lozim. Navoiy naqshbandiylik ta’limotining mohiyati, yo‘l-yo‘riq va qoidalarini o‘z ijodida san’atkorona aks ettirgan. Navoiyshunos olim Yoqubjon Ishoqov naqshbandiylik ta’limotining paydo bo‘lish tarixiga e’tiborni qaratib, yassaviylik tariqatida “zikri aloniya” asosiy o‘rin tutsa, naqshbandiylikda “zikri xufiya” asosiy ahamiyat kasb etishi va uning mumtoz adabiyotimizga ta’siri masalasida o‘z ilmiy xulosalarini beradi. Shu ma’noda aytish mumkinki, naqshbandiylik o‘z davrining ilg‘or ta’limoti sifatida mumtoz adabiyotimizda haqiqat sir-asrorini majoziy shakl va bo‘yoqlar vositasida tasvirlashga asos bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Demak, Farhodning dastlab o‘zi mubtalo bo‘lgan ishqni hech kimga bildirmasligi, shu tufayli qattiq iztirob va dardu g‘amga duchor bo‘lishining tasviri bevosita naqshbandiylik qarashlariga hamohang:
Xiradning pardasig‘a qayda yoro, Yoshurmoq ishq o‘tin aylab madoro. Quyoshni zarra yoshurmoq bo‘lurmu, Hubob ichra tengiz turmoq bo‘lurmu?Xoqon o‘g‘lining dardiga chora ilinjida hikmat ahli va tabiblarni huzuriga chorlaganda ular Farhodning ilm yo‘lida riyozat chekib qiynalgani, to‘rt manzilda ajdaho va Ahriman dev bilan olishib toliqqani, uni dengiz o‘rtasida joylashgan so‘lim va bahavo orolga olib borilsa, darddan forig‘ bo‘lishini maslahat berishadi.
Dengiz safariga otlanish ramziy ma’noda Farhodning ishq olamiga qadam qo‘yishidir. Bu olamda u duch keladigan xavf-xatar, mehnat-mashaqqat va ularni yengib o‘tishning og‘ir kechishi dostonda badiiy ifodalangan. Dengizda ko‘tarilgan xatarnok shamol hakim va tabiblar tavsiya etgan shifo tadbiri ishq dardiga davo bo‘lolmasligini anglatadi. Farhod o‘tirgan qayiq sinib, u bir parcha taxta ustida zo‘rg‘a jon saqlab qoladi. Dengizda suzib borayotgan tujjorlar hushdan ketgan Farhodni kemaga chiqarib olishadi. Kemada Shopur bilan do‘st tutinib, dardu g‘amini bayon etganida musavvir Shirin suratini chizib ko‘rsatadi, Arman yurtiga boshlab borishga va’da beradi. Bu kabi tafsilotlar ishq yo‘lida oshiq ortiqcha vosita va choralardan ko‘ngil uzishi lozimligiga ishoradir. Farhod Shopur bilan Arman yurtiga yetib kelganida ko‘zguda namoyon bo‘lgan dasht, tog‘ kamarida qiynalib ishlayotgan toshqazarlarni, ularning og‘ir mehnatida unum yo‘qligini ko‘rib achinadi.
Guruhi erdi dardu dog‘ ichinda, Ariq qazmoqqa shog‘il tog‘ ichinda. Aningdek xorani kesmakda ojiz, Ki ko‘rmay kimsa andoq ojiz hargiz. Ikki yuz xorabur ilgida tesha, Urub ul tesha tosh uzra hamesha. Va lekin o‘yla qottiq erdi xoro, Ki gar yuz tesha tegsa bemadoro. Kesilmay bir naxudcha tosh chog‘liq. Naxudcha demakim xashxosh chog‘liq.To‘rt qasr talqinida Farhodning bunyodkorlikda faol ishtirok etib, bu ishlarni nafs ochligidan qutulish maqsadida amalga oshirganini sharhlagan edik. Qurilish tugagach, xoqon bilan aylanib, qasrlar ichidagi nozu ne’matlar o‘zini darddan xalos etolmasligini tushunib yetgan Farhod to‘rt qasrni va undagi lazzat omillarini tark etishdan boshqa chora topmaydi. Havoyi nafs istagidan qutulgan Farhod Arman yurtida tog‘da ariq qazib, suv o‘tkazish, toshhovuz barpo etish va muhtasham qasr bunyod etishni endi nafs ochligidan xalos bo‘lish maqsadida emas, balki ko‘zguda surati jilvalangan majoziy yor – Shirin va uning xohish-istagi uchun amalga oshiradi. Shu maqsadda Farhod “Aynul hayot” bulog‘idan suvni “Nahrul hayot” arig‘i orqali ”“Bahrun najot” hovuziga yetkazib boradi. Ikki yuz toshqazar uch yilda amalga oshira olmagan qazish ishlarini Farhodning bir kunda tugatishi Mehinbonu va Shirin e’tiborini o‘ziga tortmay qolmaydi. Farhod kelmasdan oldin Shirin amriga ko‘ra amalga oshirilgan ishlarda ishq, zavq-shavq va ishtiyoq yo‘qligi bois unum va samara bo‘lmaydi. Farhod kelishi bilan bu ishlar jadallashib, samarali tus oladi.
Farhodning afsonaviy qahramonlardek tesha va metinda tog‘u toshni qo‘porib, chopib uzoqqa uloqtirishi va yigitlarni qariyaga aylantirgan og‘ir mehnatda toshqazarlar mushkulini yengil qilishi kabi tafsilotlar mohiyatiga diqqat-e’tibor qaratsak, majoziy ishq oshiqqa quvvat bag‘ishlaganini anglaymiz. Mehinbonu bilan Shirin bu g‘aroyib insonni ko‘rishga borganda Farhod majoziy ma’shuq – Shirin yuziga qarashga sabr-toqati yetmasdan hushdan ketadi va uni izzat-ikrom bilan qasrga olib borishadi. Bir-ikki kunda o‘ziga kelgan Farhod yana teshasini olib, ariq qazish uchun toqqa yo‘l oladi. Farhod diliga yor siymosi muhrlanganidan keyin qo‘lini mehnat bilan band etishi, aytib o‘tganimizdek, “Dil ba yoru dast bakor” dasturilamalining badiiy ifoda va ramzlar asosida yaratilgan talqinidir.
Mehinbonu Farhodni qasrda o‘zgacha iltifot ko‘rsatgan holda kutib olishdan tashqari unga o‘z taxtini taklif qiladi. Mehinbonu Farhodning havoyi nafsdan pok va ma’sumligiga ishonch hosil qilgandan keyin unga shunday baho beradi: “Malakdur kelgan inson suratida, malakvashliq mubarhan hay’atida”. Shirin esa Farhodning boshidan bir taboq gavhar sochib, uning mehnatini munosib taqdirlaydi. Shu ma’noda oshiq-ma’shuq uchrashuvi, Farhod, ya’ni dard Shirin, ya’ni husn bilan o‘zaro duch kelishi tufayli bu ikkisining hosilasidan ishq yuz ochadi. Yor yuziga pok nazar bilan qaray olishga o‘zida quvvat hosil etgan oshiq uchun husn majoziy ishq o‘tini avj oldirish vositasi bo‘lishdan tashqari, uning ruhini toblab, chiniqtirishga xizmat qiladi. Majoziy ishq qalb va ruhni haqiqiy ishqqa tayyorlashning o‘ziga xos jarayoni, uning omili esa dard va husn ekanini unutmaslik kerak. Dard shu husn ta’sirida danakdek o‘z bag‘rida yotgan ishq chechagini namoyon etadi. Shundan bilamizki, majoziy ishq avom ishqi bilan haqiqiy ishq o‘rtasidagi o‘ziga xos qatlam, taqdiri azal majoziy ishq yo‘lini tutgan oshiq ahliga sinov va imtihonlarni hozirlagan. Qaysi oshiq bu bosqichdan eson-omon o‘ta olsa, majoziy ishq hosilasi va samarasi sifatida haqiqiy ishqning zavq va lazzatiga yetishadi. Farhodning ariq qazish ishlarini tugatib, toshhovuz bo‘yida Shiringa atab qasr qurishi, u yerda uyushtirilgan ziyofatda Shirin tutgan qadahdan mast bo‘lish tasvirlari majoziy ishq zavqini tuyishi, visol damlari sarxushligi, yorga yetish quvonchi va fayzidan bahra olishi ramziy ma’no kasb etadi. Darvoqe, qasrdagi bazmda Mehinbonu, Farhod va Shirin ichgan may va sharobni oddiy ichimlikdan farqlash kerak. Tasavvuf istilohida may va sharob ma’naviy quvvat, ilohiy sir-asrordan voqif bo‘lish va uning zavq-shavqi kabi bir qancha ramziy ma’noga ega. Biroq majoziy ishq sharobida zavq va lazzat mavjud bo‘lsa-da, ammo uning o‘tkinchi va muvaqqat ekaniga dostonda shunday izoh berilgan:
Ikki hol ul may ichra hosil erdi, Kim ham hayvon suyi, ham qotil erdi.Hayot odamzotga har qancha lazzat va sarxushlik ato etmasin, uning nihoyasi achchiq ekani haqiqat. Teranroq mulohaza yuritsak, majoziy ishq odamzotga tiriklik va o‘lim mayini tottiradi. Navoiy bu ikkisining hosilasi o‘zlikdan voz kechish va uning g‘amidan qutulish tashvishini chekish ekanini bildirgan holda, o‘z qahramoni Farhod erishgan darajani shunday tasvirlaydi:
Vujudi naqshi ko‘nglidin yo‘yuldi, Ko‘ngil nangi vujudidin qutuldi. Qilib o‘zni xalos o‘zluk g‘amidin, Ne o‘zluk, balki yo‘qluq olamidin.Farhod butun hayoti davomida sinov-imtihon, mashaqqat va azob-uqubatlar evaziga majoziy ishq chechagi taratgan muattar bo‘ydan bahra oldi. Ammo bu ishq chechagi haqiqat quyoshi qarshisida so‘lishga va iforini boy berishga mahkum. Farhod va Shirin yetishgan visol firoq va hajrga o‘rin bo‘shatib berishi darkor. Farhod va Shirinni majoziy ishq zavqi va lazzati ma’nan va ruhan sarxush aylash barobarida, har ikkisini ishq o‘tida tobladi, tarbiyaladi va haqiqiy ishq olami sari yo‘l olishga hozirladi. Majoziy ishqning haqiqiy ishqqa o‘rin bo‘shatib berishi alohida bosqich va jarayon ekanini dostonning keyingi boblarida ko‘rish mumkin.
Bobomurod Eraliyev,
tadqiqotchi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 22-sonidan olindi.