(o‘zbek-qozoq adabiy aloqalariga doir)
O‘zbek-qozoq xalqlarining do‘stligi, adabiyotlarining ruhiy yaqinligi haqida gap borganida beixtiyor G‘afur G‘ulomning “Qozoq elining ulug‘ to‘yi” she’ridagi quyidagi misralar yodimizga tushadi:
Ming yillarga bar tutqazmas
Qardoshlik tariximiz.
Ikki boshga bir manglayday
Yarqiroq taqdirimiz.
Donishmand shoirimiz xo‘p topib aytgan. Zero, alloma adibimizning ushbu o‘xshatishida ikki qondosh, yelkadosh xalqning azaliy birdamligini aks ettiruvchi muazzam bir doston ko‘lamidagi ma’no aytilgan. Sobit Muqonovning “Yaylovda molimiz, to‘shakda boshimiz qo‘shilgan” degan so‘zlari yoki Shol oqinning:
“O‘zbekning unib-o‘sgan yeri – gul-da!
O‘zbekdan o‘tadigan el bormikan
Do‘stlik, mehr, sadoqat, shirin tilda! –
kabi so‘zlari bu qardoshlikning yana bir tasdig‘idir.
Daryolar irmoqlardan quvvat olib, to‘lib-toshib teranlashganidek, adabiyot ham, ayniqsa, tili, dili bir xalqlarning adabiyotlari ham o‘zaro hamkorlik jarayonida bir-biridan quvvat olib, yuksalib boradi. O‘zbek-qozoq adabiyotlaridagi ijodiy hamkorlik jarayonini atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov shunday ta’riflagan: “XX asr boshlarida o‘zbek adibi Abdulla Qodiriy yaratgan romanlar qozoq yozuvchilari uchun ham adabiy maktab bo‘lgani haqida Muxtor Avezov ko‘p yozgan… Qozoq adabiyotidagi epiklik, xalq og‘zaki ijodiyotiga moyillik kabi xislatlar asosan mumtoz adabiyot an’analari ruhida shakllangan o‘zbek adabiyotini yanada yorqin ranglar bilan boyitishga munosib hissa qo‘shdi. Ikki xalq adabiyoti vakillarini bamisoli egizakka o‘xshatish mumkin, zero, Muxtor Avezov va Oybek, G‘afur G‘ulom va Sobit Muqonov, Abdulla Tojiboyev va Mirtemir, Abdulla Oripov va O‘ljas Sulaymonovlar adabiyot maydonida bir-biriga hamnafas bo‘lib qalam surdilar…”
Adabiy aloqalarning ijodiy samarasini XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan qozoq yozma adabiyotining asoschisi, buyuk mutafakkir shoir Abay ijodida yorqin namoyon bo‘lganini kuzatish mumkin. Adib ko‘p asrlik tarixga ega sharq mumtoz adabiyoti, uning buyuk namoyandalari Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Hofiz Sheroziy, shuningdek, Alisher Navoiyni o‘ziga pir tutib, ularning ijodidan ruhiy madad olganini o‘n to‘rt yoshidayoq bitgan quyidagi to‘rtligida bayon etadi:
Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy,
Navoiy, Sa’diy, Firdavsiy,
Ho‘ja Hofiz – bu hammangiz,
Madad bering – qilmangiz osiy.
Abay o‘zining “Naqliya”larida o‘zbek xalqini ko‘p jihatdan o‘rnak qilib ko‘rsatadi, hurmat bilan tilga oladi, o‘zbeklardan chiqqan allomalarni ulug‘lab, xalqimizning ziroatda tengsizligini ta’kidlaydi.
Qozoq va o‘zbek adabiyotidagi ijodiy hamkorlik, ayniqsa o‘tgan asrda yuksak nuqtaga yetdi. Adabiyotshunos olim Qoldibek Seydanovning ta’kidlashicha, 1935 yilda Saken Sayfullin, Ahmad Boytursunov, Mirjaqip Dulatov, Sultonmahmud To‘rayg‘irov, Sobit Do‘nantoyev, Mag‘jon Jumaboyev, Asqar To‘qmag‘anbetov kabi atoqli qozoq shoirlarining she’rlari Uyg‘un va Mirtemir tarjimasida “Qizil yaylov” nomi bilan Toshkentda chop etiladi. 1938 yilda G‘ayratiy she’rlari, Abdulla Qahhor hikoyalari Abdulla Tojiboyev tomonidan qozoq tiliga o‘giriladi.
1945 yili qozoq xalqining ulug‘ shoiri Abay tavalludining yuz yilligi munosabati bilan oqinning tanlangan asarlari Mirtemir, Uyg‘un, G‘ulom Shodi tarjimalarida ilk bor o‘zbek tilida nashr etiladi. Shundan buyon Abay asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda, turli mualliflar tomonidan tarjima qilinayotir. Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha 2018 yil 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi. Bu hujjat o‘zbek-qozoq adabiy aloqalari yangi bosqichga ko‘tariladigan davr kelganidan dalolat, deyish mumkin.
O‘zbek-qozoq adabiy aloqalarining mustahkamlanishida qozoq adabiyotidan qilgan ko‘plab tarjimalari, shuningdek, qozoq ijodkorlari bilan samimiy do‘stona munosabatlari bilan “O‘zbek-qozoq xalqining oltin ko‘prigi” degan faxriy e’tirofga sazovor bo‘lgan ustoz adib Nosir Fozilovning xizmatlari beqiyosdir. 1953 yilda yosh adib Nosir Fozilov atoqli qozoq yozuvchisi Sobit Muqonovning “Hayot maktabi” nomli avtobiografik romanini, 1956 yilda esa G‘abiden Mustafinning “Qarag‘anda” romanini o‘zbek tiliga o‘girib, nashr ettirdi. O‘tgan asrning 50-yillari oxirida Muxtor Avezovning “Abay yo‘li” tetralogiyasi Zumrad tarjimasida o‘zbek tilida nashr etilishida Nosir Fozilovning xizmatlari katta bo‘lgan, ya’ni u ustoz Mirtemir bilan hamkorlikda asar tarjimasining tahriri ustida faol ishtirok etgan. 1958 yilda Qalmaxon Abduqodirovning “Hojimuqon” qissasi ham Nosir Fozilov tarjimasida o‘zbek tilida nashr etiladi. Afsonaviy shuhratga ega bo‘lgan qozoq pahlavoni Hojimuqon siymosi o‘zbek xalqiga ham suyukli bo‘lgani tufayli mazkur qissa O‘zbekistonda olti marta nashr etildi. A.Nurpeisovning “Qon va ter” epopiyasi ham o‘zbek kitobxonlar orasida mashhur.
1978 yilda Nosir og‘a Sobit Muqonovning “Cho‘loq polvon” qissasini tarjima qildi. Millatning oriyati, qadri uchun kurashda jonini qurbon qilgan polvon haqidagi qiziqarli qissa O‘zbekistonda uch marta, Qozog‘istonning “Mektep” nashriyotida o‘zbek tilida bir marta nashr etildi. G‘abit Musrepovning “Qozoq soldati”, Sobit Muqonovning “Cho‘pon bolasi” romanlari, Abayning tanlangan asarlari Mirtemir, Nosir Fozilov, Saidahmad Xudoyberganov, Razzoq Abdurashidov tarjimasida o‘zbek o‘quvchilariga yetib bordi.
O‘zbek tomoshabinlari qozog‘istonlik adiblarning ko‘plab dramatik asarlaridan bahramand bo‘lishgan. Jumladan, Muxtor Avezovning “Abay”, G‘abit Musrepovning “Ipak qiz”, Abdulla Tojiboyevning “Ko‘tarilgan gumbaz”, Shaken Aymanovning “Abay – el farzandi”, Quvondiq Shang‘itboyevning “Jon qizlar”, Oltinsoch Jahonovaning “Hazrati ayol” dramatik asarlari mamlakatimizning qator teatrlarida sahnalashtirilgan. Shuningdek, Dulat Isabekovning “Eski uydagi ikki uchrashuv” dramasi, “Bir haykal mojarosi” tragikomediyasi, “Bonapartning uylanishi”, Sofi Smatayevning “Boyvuchcha, to‘qol degandek…” komediyalari, Qaltoy Muhammadjonovning “Biz farishtamizmi?”, Ersin Qo‘yboqarning “Bola va tilanchi”, Rahimjon O‘tarboyevning “Sulton Beybars”, “Men sizni sotmaganman” tragediyalari hamda “Uylanish osonmi?”, “Qiyofadosh” komediyalari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
So‘nggi besh yilda Janubiy Qozog‘iston viloyatining Chimkent shahridagi o‘zbek teatrida atoqli adib Muhammad Alining “Navoiy va Boyqaro” dramasi, Saylovboy Jumag‘ulov, Mirpo‘lat Mirzo va Erkin Xushvaqtovning pesalari ham sahnalashtirildi.
To‘qsoninchi yillarda qozoq adibi Sobit Do‘sanovning “Qalbimdagi dardim mening”, “Arvona” qissa va hikoyalari Nosir Fozilov va Muzaffar Ahmad tarjimasida, adabiyotshunos olim va yozuvchi Qulbek Ergobekning Sobit Muqonov ijodiga bag‘ishlangan “Yozuvchi ijodxonasida” nomli ulkan monografiyasi, qozoq shoiri va esseisti Esong‘ali Ravshanovning “Qushlar – bizning do‘stimiz” to‘plami, Sobit Do‘sanovning “Qashqir uligan tun” romani Mehmon Islomqulov tarjimasida o‘zbek tilida nashr etildi.
Taniqli shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo ellik nafar qozoq shoirlarining she’rlarini “Qozoq she’riyati antologiyasi” ruknida “Sayra do‘mbiram” nomida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyida, qozoq adiblarining nasriy asarlari Nosir Fozilov, Saidahmad Xudoyberganov, Rahimjon Otayev, Husan Ro‘zimatov tarjimasida “Tiriklik qo‘shig‘i” nomi bilan “Sharq” nashriyotida bosilib chiqdi. 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb nomlanishi munosabati bilan shoir va tarjimon Yangiboy Qo‘chqorov tashabbusi bilan o‘zbek kitobxonlariga Abaydan boshlab zamonaviy qozoq she’riyatining iste’dodli namoyandalari asarlaridan iborat “Ko‘ngildagi qirq qo‘shiq” to‘plami taqdim etildi.
2013 yilda “Jahon adabiyoti” jurnalining o‘ninchi soni to‘lig‘icha qozoq adabiyoti va san’atdagi yirik namoyandalari asarlariga bag‘ishlangan edi.
Qozoq-o‘zbek adabiy aloqlariga katta xizmati singgan o‘zbekistonlik uch nafar adibimizning ijodiy mehnatlari Qozog‘istonda e’tirof etilib, yuksak qadrlandi. Atoqli adib, zahmatkash tarjimon Nosir Fozilov Qozog‘iston Prezidentining “Tinchlik va ma’naviy hamjihatlik uchun” mukofoti bilan taqdirlandi. Shoir Mirpo‘lat Mirzo “Alash”, yozuvchi Mehmon Islomqulov “Alash” hamda “Arg‘umoq” adabiy mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Qozog‘istonda ham Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasi Aben Sotiboldiyev tarjimasida, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi va hikoyalari Ko‘bey Seydaxonov tarjimasida, Asqad Muxtorning “Opa-singillar”, Said Ahmadning “Ufq” romanlari, Uyg‘un, Mirtemir, Zulfiyaning she’riy kitoblari Quvondiq Shang‘itboyev tarjimasida, Nosir Fozilovning bolalar haqidagi hikoyalari, “Oqim” qissasi Aben Sotiboldiyev, “Ayni yoz” qissasi Ko‘pey Seydaxonov tarjimasida nashr etilgan.
Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasi Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston Davlat Akademik drama teatrida ko‘p yillardan beri namoyish etib kelinmoqda. Shuningdek, shu teatrda Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” asari asosida yaratilgan spektakl O‘zbekiston xalq artisti, iste’dodli rejissyor Olimjon Salimov tomonidan muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilgan.
2015 yilda “O‘zbekiston” nashriyotida Abay Qunonboyevning 170 yilligi munosabati bilan Qoldibek Seydanov va Muzaffar Ahmad tahriri ostida buyuk shoirning she’r, doston va proza asarlaridan iborat “Yorqin yulduz” nomli yangi to‘plami nashr etildi.
O‘zbekistonda bir milliondan ortiq qozoq qardoshlarimiz umrguzaronlik qilishadi. Ular orasida ko‘plab iste’dodli shoirlar, yozuvchilar, dramaturglar bor. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida Qozoq adabiyoti kengashi ish olib bormoqda. Kengash faollaridan iste’dodli shoir Mahkamboy O‘marov Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasiga ham a’zo, Navoiy viloyatidan Oytuar Sobirov, Navro‘zboy Jarbo‘sinov, Jarasqan Nurboyev, Aqchagul To‘laganova, Toshkentdan Qoldibek Seydanov, Serik Usenov, G‘ulomzokir Yusupov, Axan Tashmetov, Abdulla Rustamov, Lola Junusova, Bo‘ron Qidirov, Oysuluv Axan qizi, Anor Naliboyeva, Ergash Abduvalitov, Tursunmat Qalboyev, Anorgul Qoldibekova, Quttibek Basharov, Tursunali Ahmedov, Oydona Bozorboyeva kabi iste’dodli qozoq ijodkorlari kengash ishida faol ishtirok etishmoqda. Ushbu kengash tashabbusi bilan ellik olti nafar O‘zbekistonda yashab, qalam tebratayotgan shoir va yozuvchilarning qozoq tilida “Shug‘lali elding shabiti” (“Nurafshon o‘lka ilhomlari”) nomli Vatanimiz istiqloliga bag‘ishlangan nazmiy va nasriy asarlari to‘plami chop etildi. 2017 yilda esa O‘zbekiston va Qozog‘iston respublikalari istiqlolining 25 yilligiga bag‘ishlab kengash tomonidan bir yuz ellik nafar shoirning she’rlari jamlangan “O‘zbekistonlik qozoq shoirlari antologiyasi”, shoir va nosir Bo‘ron Qidirovning “Zamon” tarixiy romani qozoq tilida nashr etildi.
Ushbu yil ham noshirlar, teatr san’ati ijodkorlari o‘zlarining yangi tuhfalari bilan qardosh qozoq adabiyoti va san’ati muxlislarini xushnud etadilar.
Mehmon Islomqulov,
Adhambek Alimbekov
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son