Baxtiyor Isabek. Buyuk qomusiy olim

Tilshunos olim sifatida buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asarini qayta-qayta o‘qiyman. Qizig‘i, bu asar bilan qancha ko‘p shug‘ullansangiz, shuncha ko‘p ilmiy haqiqatlar, yangi xulosalarga duch kelasiz va buyuk olimning ilmiy salohiyati, o‘tkir zehni, keng mushohadasidan hayratga tushasiz. Tilimizning salkam ming yil oldingi holati va bugungi shakli haqida muayyan qiyosiy to‘xtamlar chiqarish imkoniga ega bo‘lasiz. Shu munosabat bilan qadim tilimizning rivoji yo‘lida olamshumul xizmat qilgan olimning ilmiy izlanishlari haqida ayrim mulohazalarimni muhtaram jurnalxonlar bilan o‘rtoqlashsam.

* * *

Milodiy IX asrdan XVI asrgacha bo‘lgan uzoq muddat tariximizning madaniyat va ilm-fan taraqqiy etgan ajoyib davri edi. Bu davrning ulug‘ allomalari qatorida Mahmud ibn al-Husayn ibn al-Muhammad Koshg‘ariyning alohida o‘rni bor. Bu ulug‘ bobomizning bizgacha yetib kelgan yagona asari “Devoni lug‘atit turk”dir. Lekin mana shu bir asarning o‘zi bilanoq Mahmud Koshg‘ariy jahon tilshunosligi, xususan, turkologiyada eng yirik, iste’dodli olimlar qatorida yetakchi o‘rinni mustahkam egalladi. Yana shunisi e’tiborliki, asar yozilganidan keyin oradan 800 yil o‘tib, jahon ilm ahliga ma’lum bo‘lganiga qaramay, turkologiya fanining keyingi taraqqiyotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. “Turkologiya” deganda faqat tilshunoslik bilimini emas, turkiylar tarixi, etnografiyasi, adabiyoti, og‘zaki adabiyoti, tarixiy geografiyasi, kartografiyasini tushunsak, Mahmud Koshg‘ariyning ilmiy xizmat ko‘lamini ancha ravshan ko‘ra boshlagan bo‘lamiz.

O‘rta asrlarda yuzaga kelgan arab tilshunosligi zamonasining eng ilg‘or tilshunosligi bo‘lib, uning o‘rganish ob’ekti, asosan, arab tili bo‘lgan, boshqa tillarga ikki va ko‘p tilli lug‘atlar tuzish jarayonidagina, ya’ni ularning faqat leksikasiga e’tibor berilgan. Bunday lug‘atlarda arab tiliga nisbatan alohida hurmat, uning lug‘aviy qudratini kuchaytirib ko‘rsatish tamoyillari kuchli bo‘lgani holda, Mahmud Koshg‘ariy birinchi bo‘lib, turkiy tilni arab tili bilan teng qudratli til sifatida ko‘rib, “bu ikki tilni musobaqa qilib chopishayotgan ikki uloqchi ot”ga mengzaydi. Olim o‘sha davrda arab tili siyosatda, ilmda hukmron mavqega ega bo‘lishiga qaramay, o‘z vatandoshlari va hukmron saltanat a’yonlariga turkiy til tuzilishi: fonetikasi, grammatikasi, so‘z yasalishi, leksikasini o‘rganishni ilk bora boshlab berdi. Mana shunday tushuncha asosida olim arab tilli insonlarni “turkiy tilni o‘rganib, hukmdorlar iltifotiga sazovor bo‘lish”ga undaydi.

Shunday qilib, aslida amaliy maqsadda yozgan asari bilan Mahmud Koshg‘ariy Yassaviy va Navoiylardan ham oldin turkiy til insoniyat hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun, uning qo‘llanish doirasi kengayishi uchun, turkiy til sofligi uchun kurashning yetakchisiga aylandi.

Agar hozirgi zamon filolog olimlari ham turkiy tildagi singarmonizm hodisasini unlilar cho‘ziqligi bilan chalkashtirib, ba’zilari faqat unlilar uyg‘unligi bilan chegaralab yurgan bo‘lsa, bundan ming yil oldin bu fonetik hodisani soddagina qilib: “k” tovushi qo‘llangan masdarda o‘tgan zamon va hozirgi zamon (fe’llari) yumshoq, “q” tovushi qo‘llangan so‘zlarda qalin bo‘lishi doimiy va asosiy qoidadir”, deyish bilan, birinchidan, unlilarning cho‘ziq yoki qisqa bo‘lishi singarmonizmga aloqasi yo‘qligini ilmiy isbotlagan bo‘lsa, ikkinchidan, til bilimiga doxil kishilarga singarmonizm so‘zdagi barcha tovushlarga (unlilar va undoshlarga) birdek tegishli ekanligini isbotlab berdi. Bu fikr hozirgacha “turkiy tillarda undoshlarning yumshoq va qattiq variantlari bormi-yo‘qmi” kabi dolzarb savollarga ham javob edi.

Mahmud Koshg‘ariy aslida ongli tarzda turkiy tillar qiyosiy grammatikasi va leksikologiyasini yaratdi, turkiy tillar lahjalaridagi tovush mosliklari, unlilar singarmonizmi, turkiy tillar morfemalarini ajratib ko‘rsatib, ularni sinchiklab tahlil qildi. Afsuski, o‘z g‘oyalari bilan davridan ilgarilab ketgan bu asar, tilshunoslikning taraqqiyotiga o‘z vaqtida ta’sir o‘tkaza olmadi, chunki u faqat 1912–1915 yillardagina kashf qilindi.

Mahmud Koshg‘ariy ilmiy metodi bilan, qiyosiy-tarixiy metod asoschilaridan biri hisoblanmish Yakob Grimm metodini solishtirib ko‘raylik. Chunki Grimm ham bir til oilasi doirasida ilmiy ishlar olib borgan. N.A.Kondrashov: “Grimm alohida olingan hind-ovrupo tillari tarixini o‘rganishda til faktlariga amaliy yondoshishi bilan boshqa tillar tadqiqotchilariga mislsiz ta’sir ko‘rsatdi. “Nemis grammatikasi” asarida Grimm tilshunoslikning umumiy qoidalarini yaratish yoki dadil bir fikrlarni ilgari surish yo‘lidan bormadi. U qarindosh tillarni o‘rganishga tarixiy yondoshib, german tillarida grammatik shakllar o‘zgarishining haqiqiy manzarasini aks ettirdi. Grimmning yana bir tamoyili faktlarni sinchiklab o‘rganishga intilishi edi. Hind-ovrupo bobo tilidagi “bh”, “dh”, “gh” tovushlari german tillarida: “b”, “d”, “g”ga; hind-ovrupo tilidagi “b”, “d”, “k” tovushlari esa “p”, “t”, “k”ga o‘zgarishini ko‘plab til faktlari asosida isbotlab berdi. Bu fonetik qonunlarning dastlabki namunasi bo‘lib, istalgan hozirgi zamon tili tarixi ana shuni e’tirof etish va anglashga tayanadi”.

XIX asrda Ovrupoda vujudga kelgan qiyosiy-tarixiy tilshunoslik bilan XI asrdagi Mahmud Koshg‘ariy ijodi orasidagi farqni aniqlab xulosa chiqarishni biz o‘quvchilarimizning o‘zlariga qoldiramiz va buning uchun “Devon”dan ayrim faktlarni keltiramiz:

“o‘g‘uzlar va qipchoqlar (qoraxoniylar lahjasidagi – davr adabiy tilidagi. – B.I.) “n” o‘rniga “q” qo‘llab, “g‘” ni tamoman tushiradilar. Bu tizimli bir qoidadir”;

“…“b” tovushi bilan “t” tovushi, “n” tovushi bilan “l” tovushi almashinishi va boshqa almashishlar doimiydir”;

“Bilginki, bu tilda fe’llar buyruqdan yasaladi. Buyruq shakli o‘zak bo‘lib… fe’l shakllari buyruq oxiriga turli qo‘shimchalar qo‘shish bilan yasaladi”.

Bulardan tashqari, turkiy tillar (aniqrog‘i lahjalar, chunki Mahmud Koshg‘ariy qarashicha, turkiy tillar hozirgi tushunchadagi qarindosh tillar emasligi, balki bir-biriga nisbatan lahja, sheva maqomida ekanligi aniq ko‘rinib turadi)ni o‘rganishni osonlashtirish uchun ham qiyosiy qoida, ya’ni o‘ziga xos metod qo‘llaganini ta’kidlaydi: “…asarning qiymatini oshirish, foydalanuvchilarga osonlik tug‘dirish… (maqsadida) har bir qabila tili xususiyatlariga ko‘ra qiyosiy qoidalar tuzdim”.

Koshg‘ariy mazkur asarda faqat qarindosh tillarning (geneologik) qiyosigagina emas, boshqa tillarning ham (tipologik) fonetik va grammatik xususiyatlarini qiyoslagan. Olimning arab tilidagi old qo‘shimchalar bilan turkiy tildagi o‘zakdan keyin qo‘shiladigan qo‘shimchalar vazifasi birligi haqidagi qarashi quyidagi ko‘chirmada aks etadi: “…bu xil so‘z oxiridagi “k//g” qo‘shimchalari arabcha fe’l oldiga qo‘shilib, qurol oti yasovchi “m”ga o‘xshaydi”.

Arab tili bilan turkiychani mukammal o‘zlashtirgan olim turkiyda “uluk” so‘zining “ulush” shakli ham borligi haqida fikr yuritib, bu o‘rinda “k” tovushi “sh”ga aylanishi hodisasini arab tilidagi bir misol bilan qiyoslaydi va “bu har ikki tilda “k”li shakl dastlabki, “sh”li shakl keyingi” ekanligini aytib o‘tadi. Garchi “Devoni lug‘atit turk”da bobo tilni tiklash maqsadi bo‘lmasa-da, bu jarayonda tilda tabiiy o‘zgarishlar, tarixiy taraqqiyot bo‘lganini qayd etadi.

Shu o‘rinda Mahmud Koshg‘ariy arab tilshunosligi ta’sirida turkiy tildagi so‘zlarni morfologik jihatdan uch turkumga (ism, fe’l, yordamchilar) ajratgani haqidagi qarashga oid ayrim mulohazalarni bildirib o‘tsak.

Yaqin-yaqingacha “Mahmud Koshg‘ariy o‘rta asrlar arab tilshunosligi va tili ta’sirida turkiy tilda ham hozirgi tilshunosligimizdagi ot, sifat, son, olmosh, ravishlar o‘rnida bitta so‘z turkumi – ismni ajratib ko‘rsatib, uni arab tili qolipiga tiqishtirgan” degan noxolis xulosalar mavjud edi. Koshg‘ariy mazkur asarda nima uchun turkiy tilda faqat uchtagina so‘z turkumi bor deb hisoblagan? Bu savolga quyidagi asoslar orqali javob topish mumkin:

1) turkiy tillarda (o‘sha davrda ham, hozir ham) ism deb atagan so‘z turkumlari (ot, sifat, son, olmosh) orasida shakliy farq yo‘q, mazmun farqlari esa morfologik ajratish uchun asos bo‘la olmaydi;

2) ismlarning turlanishida bir-biridan farq qiladigan jihati yo‘q, ya’ni begona tillardagi kabi har bir so‘z turkumi o‘zining turlanish tizimiga ega emas. Fe’l (uning biz hozir fe’lning vazifadoshlik shakllari hisoblaydigan sifatdosh va harakat nomining ayrim turlarini olim asosli ravishda ism toifasiga kiritadi) va yordamchilardan boshqa hamma so‘zlar turlana oladi;

3) ism deb atalgan bir turkum so‘zlar ikkinchi turkumga hech qanday morfologik o‘zgarishsiz o‘ta oladi. Biz buni asossiz tarzda “otlashish” deb atadik, holbuki, tilimizda faqat otlashish emas, sifatlashish (taxta ko‘prik), ravishlashish (yaxshi gapirdi) kabi hollar borligini sintaktik o‘lchovlar bilan o‘lchashga majbur bo‘ldik. Umuman olganda, turkiy tilda so‘z turkumlarining biridan ikkinchisiga o‘tishi Mahmud Koshg‘ariy belgilaganidek, ular bir katta – ism atalmish so‘z turkumi bilan bog‘lanishini ko‘rsatadi;

4) turkiy tilda ismlar bilan fe’llar orasida ham ba’zan chegara yo‘qolishi, bu tilning boshqa tillardan ajratib turadigan muhim jihatidirki, hozirgi o‘zbek tilidagi misollar buni to‘la tasdiqlaydi, ya’ni ismlar hech qanday morfologik tayyorgarliksiz tuslana oladi: odamman, odamsan, odam// odammiz, odamsiz, odam // yomonman, yomonsan, yomon// yomonmiz, yomonsiz, yomon// kimman, kimsan, kim// kimmiz, kimsiz(lar), kimlar//ozman, ozsan, oz// ozmiz, ozsiz, oz. Bu tuslanish fe’lning o‘qiyman, o‘qiysan, o‘qiydi// o‘qiymiz, o‘qiysiz, o‘qiydi tuslanishi bilan aynan ekanligi isbot talab qilmas haqiqatdir.

Yuqoridagi qarashlardan kelib chiqib, Mahmud Koshg‘ariy arab tili, arab tilshunosligi ta’sirida emas, balki turkiy tilning tabiiy xususiyatlari va morfologik o‘ziga xosliklaridan kelib chiqib, turkiy tildagi so‘z turkumlarini uchta deb belgilaydi, deb xulosa chiqarish ilmiyroqdir.

Bundan tashqari, biz rus tilshunosligi vositasida Yevropa tilshunosligidan kirib kelgan – analogiya, metonimiya, metafora kabi ilmiy tushunchalar bizning tilshunosligimizda bundan 800 yil muqaddam Koshg‘ariy qayd etgan misollarda mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, turli tillarning o‘zaro munosabati masalasida ham Mahmud Koshg‘ariy o‘z zamonasidan ancha o‘zib ketgan edi. U turkiy tillar uchun “h” tovushi yot ekanligi haqida so‘z yuritib: “xo‘tanlilar so‘zida bu tovush uchraydi, chunki bu hind tilining ta’siridir”, deydi. Menimcha, bu misolni jahon tilshunosligi tarixida qo‘shni yashagan xalqlar tili bir-biriga faqat leksik emas, fonetik tomondan ham ta’sir etishi masalasida keltirilgan dastlabki ilmiy dalil sifatida qabul qilish mumkin.

Mahmud Koshg‘ariy ota tilining mantiqiy til ekanligini anglab, bu bilan faxrlanganini biz doim yodda tutishimiz va u zotga tilimizga munosabat masalasida ergashishimiz kerak. Masalan, tilimizda kishini uncha xursand qilmaydigan bir qayta o‘zlashma bor: ruslar “Gora s goroy nevstrechayetsya, chelovek s chelovekom vstrechayet”, deydi. Biz uni “Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi”, deya tarjima qilganmiz. Holbuki, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asari kashf qilingach, bu maqol “Tog‘ tog‘ bilan qovushmas, kishi kishi bilan qovushur” shaklida o‘z maqolimiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Gap bu yerda maqol haqida emas, balki tildagi mantiqiylik haqida ketmoqda. Koshg‘ariydagi “qovushmas” so‘zi ruslarda “uchrashmas” shaklida noto‘g‘ri olingan. “Uchrashmoq” fe’lini esa toqqa nisbatan qo‘llash noto‘g‘ri. Chunki tog‘ jonli mavjudotlar kabi harakatlanish qobiliyatiga emas. Ana shuning uchun ham Koshg‘ariy masalaga to‘g‘ri yondashgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, Mahmud Koshg‘ariy bu asari bilan turkiy til bilimdoni sifatida o‘z ona tili qudrati, jozibasining dunyo miqyosida tan olinishiga ulkan hissa qo‘shdi. Tilshunosligimizning tamaltoshini qo‘ygan qomusiy olim sifatida ham uning xizmatlari bebaho. Bundan-da muhimi, tilshunos bobomiz ona tilining taqdiri uchun jonkuyarlik qiluvchilar safida ham ilg‘ordir.

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 5-son