Bahodir Karim. Iqboli kulgan ko‘ngil shoiri

U talabalik yillaridayoq shoir bo‘lib tanildi. Nomining matbuotda ilk bor paydo bo‘lganiga o‘ttiz yildan oshdi. Men uni sal kam o‘ttiz yildan beri bilaman. Birinchi muloqot, birinchi taassurot va tanishuv xotira devoriga bir umrga muhrlangan edi. XX asrning 90-yillari talabalari hayotining dolg‘ali davri – yaqin moziyning o‘ziga xos murakkab sahifasi. Hurlikka tashnalik, o‘zbekning o‘zligi, milliy “men” qadri, xalqona urf-odatlar va qadriyatlar, ayniqsa, o‘zbek tilining davlat maqomi uchun kurashlar milliy or-nomus va g‘urur bilan uyg‘unlashgan davrlar edi. Uch-to‘rttamiz Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetidan Qo‘qon pedagogika institutiga, talabalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan olimpiadaga bordik. Bilimlar bellashuvi, o‘zaro bahs-munozaralar bo‘ldi. Keyin adabiy gurung – mushoiraga, she’rlar o‘qishga navbat yetdi. Vujudidan o‘ktamlik yog‘ilib turgan yosh yigit o‘rtaga chiqdi; harakatlariga mos shaxd bilan dadil she’r o‘qidi:

Ayri tilli ilon,
G‘ayri dilli ilon
Dermish:
“Bir til bilan
Qanday yashar inson?..”
Ayri tilli ilon…

Bu Farg‘ona davlat universiteti talabasi Iqbol Mirzaaliyev edi. She’r mazmunan Iqbolning ovozi – nidosi, ijtimoiy voqelikka nisbatan hujumi va himoyasi edi. Ilonning hayrati zaminida kinoya bor; ramzli besh satr zamon kechimini anglash va fikrlash uchun yetarli adabiy sarmoya edi. Bu shiddat, shijoat va she’r davrani o‘yga cho‘mdirdi. Barcha uzun-qisqa nutqlar mazmuni, chaqiriq va shiorlar mohiyati shu kichkina she’rda mujassam edi go‘yo. Iqbolning she’ri bilan ovozini shunda tanidim. So‘ng u poytaxt adabiy muhiti bilan bog‘landi. Buvaydalik shoir Shuhrat Ne’mat (rahmatli) bilan adabiy davralarga kirib keldi. Muxlislar orttirib, tabiiyki, ijodkorlar ehtiromiga erishdi… “Sharq yulduzi”da bosilgan bir turkum she’rlariga professor Umarali Normatov oq yo‘l yozganini eslayman. Iqbol universitetni bitirib, Toshketda ishlay boshladi. Shundan beri qancha suvlar oqib o‘tdi, necha bor gullar ochildi, qancha tandir nonlar yopildi – asr almashdi.
Iqbol hamon o‘sha-o‘sha, hanuz uning she’riy kayfiyati, topqirligi, hozirjavobligi o‘zgargan emas. O‘zbek she’riyati osmonida yangi bir yulduz charaqladi; o‘ziga xos ovoz egasining bu maydondagi zafarli yurishlari boshlandi. To‘g‘risi, iqboli kulgan yaxshi bir shoir tug‘ilgani chin edi.
Izma-iz “Yurakning shakli”, “Ko‘ngil”, “Seni sog‘inaman” kabi ixcham to‘plamlari bosildi. So‘ng o‘ndan ortiq kitoblari chiqdi. Oshiqlik, ishq motivi – Iqbol ijodining ilk bosqichiga xos. Shunday she’rlarida uning ko‘ngli, yuragining shakli, sog‘inchi namoyon bo‘ladi.
Inson tafakkuri tiniq, ruhi salomat bo‘lmasa, o‘tkinchi dunyoning shafqatsiz taloto‘plari ichra izsiz yo‘qolishi, bamisoli charxpalakdek tez aylanayotgan tirikchilik tegirmonida maydalanib ketishi hech gapmas. Zero, ishq-muhabbatni kuylagan, shu orasta tuyg‘uni qadrlagan she’riyat go‘zal bo‘ladi. Chunki odam farzandi “hamisha bir hisga asir ekan” (Abdulla Oripov ta’biri). Haqiqatan, muhabbat inson vujudidagi bebaho gavhardir. Jahon adabiyoti, umuman, insoniyat yaratilgandan to hozirgacha har kim uchun eng latif, qiziq va eng hayajonli mavzu bu – muhabbatdir. Muhabbatdan ayro asar – kemtik, ishqdan ayro ko‘ngil – yetim. Ishq yonida hijron, visol va sog‘inchlar ham bor.

Elkamga yuk tashladi osmon,
Bu azoblar qo‘ygaymi omon?!
Tushun, seni sog‘indim yomon,
Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas.

Yor sog‘inchi qalbga tirik­lik suvini olib kiradi; hissiz yurak tosh qotadi. Rivoyat qilish­laricha, bir ulamo shahar ahlini jamlab, amri ma’ruf, nahyi munkar qilayotgan ekan. Izdihom orasidan bir kimsa asta qo‘lini ko‘tarib, o‘rnidan turib, olimga yuzlanib: “Hazrat, shu yerda butun shahar ahli yig‘ilibdi. Sizdan iltimos, kecha mening eshagim yo‘qolgandi. Shuni to‘plangan odamlardan surishtirib, topishga yordam bersangiz”, debdi umid va iltijo bilan. Olim unga o‘tirish ishorasini qilib, so‘zida davom etibdi. Dunyo va dindan, zamin va zamondan, yaxshi va yomondan, bezovtalik va xotirjamlikdan uzoq so‘zlab, gapini ishq-muhabbatga, uning kuydirguvchi a’mollariga, telbakezar shamollariga borib bog‘labdi. Keyin odamlardan: “Qani, aytinglar-chi, orangizda muhabbat javhari qalbiga kirib bormagan kimdir bormi?” mazmunida savol so‘rabdi. Biri qo‘lini ko‘tarib: “Uzr, shu tuyg‘u hech ham qalbimda mehmon bo‘lmadi. Ishq ne, muhabbat ne – hech anglamadim. Birovni sevganimni eslay olmayman”, debdi mazmunan. Ikkinchi kimsa o‘rnidan turib: “Men ham ishq-muhab­bat dardini boshdan kechirganim yo‘q”, deya haligi kimsaning gapiga qo‘shilibdi. Uchinchi kishi yeridan turib, u ham o‘z holi o‘shalarga o‘xshashligini aytibdi. Ulamo: “Hoy, eshagini yo‘qotgan odam! – deb murojaat qilibdi va: – Hali nima degan eding?! Eshak yo‘qoldi deganmiding. Atigi bitta eshakmidi? Mana, marhamat, senga uchta eshak”, degan ekan.
Ishq dardiga yo‘liqqan odam holini ta’riflash qiyin, tavsifiga so‘z topib bo‘lmaydi. Bag‘ri kuygan ham, yuragi xun bo‘lgan ham o‘sha-­o‘shalar. Ammo Oshiq Mashrab ta’biricha: “Bu dardni bedavo derlar”. Oshiq bola hijron azobida kuyib kul bo‘lishi, gul ishqida sayroqi bulbul – shoirga aylanishi mumkin. Shu ma’noda Iqbolning “Unutma” degan iltijosi ham boshqacha:

Bir tola sochingni aylagan tumor,
Bo‘ylaringdan mastu bo‘yingga xumor –
Kim bo‘lsa, o‘shani unutma zinhor,
Bag‘ri qon, yuragi xunni unutma!

Sevgi satrlari – Iqbol she’rlarining o‘qildizi. Ayniqsa, yoshlikning qaynoq pallalarida yozgan har bir she’rida ayni mavzu badiiy talqin etiladi. Umid va e’tiroz, o‘pkalanish va chorlov, ikkilanish va quvonish, dadillanishu duduqlanish – bularning barchasi ishq dardiga mubtalo odam ko‘ngil holatining kontrast sifatlari. Mavlono Abdulla Qodiriyning nurli qahramoni Mirzo Anvar fikricha: “Ishq davomi, avom o‘ylagancha, vasl emas – hajrdir. Zero, vasl ishq o‘tini so‘ndirguvchi, hajr esa kamolatka erishdirguvchidir”. Iqbol Mirzo o‘sha tuyg‘uni qat’iy qilib:

Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib,
Chaqmoq – sog‘inchlarning oydin gulimi?
Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib:
Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi,

deb yozadi. Ushbu banddagi bulutlar to‘qnashuvi va uning oqibatida yalt-yult chaqmoqning gulga tashbehi ham juda o‘rinli va go‘zal.
Iqbol Mirzoning har bir kitobidagi she’ri fikrga undaydi; yurakni zavq-shavqqa to‘ldiradi. Qo‘limdagi kitobining istalgan bir sahifani ochdim: “Kosa”. O‘qib kelib to‘xtadim:

Oyog‘im ostida kuldirgichim bor,
Bitta joyni bosib turolmayman hech.
Axir, yo‘llarimda Xiva intizor,
O‘shdaman saharda, Mo‘ynoqdaman kech.

Bu tinib-tinchimangan odamning holi. El xizmatiga kamarbasta, ertayu kech chopib ishlayotgan odam suvrati. Bitta “kuldirgich” so‘zi bandga zeb berib, mazmunni oyday yoritib turibdi. So‘zning tasavvurda akslanib, yoyilishi – assotsiatsiyasi o‘qiyotgan odamda bir olam xotira uyg‘otadi. Ulg‘aygan odam hech qachon chopag‘on bo‘laman degan o‘yda oyog‘i ostiga “kuldirgich” hasharotini surtmaydi. Bizda uni “oliguluk” deydi. Mayda tuproq uyumining shakli ayrim odamlar yuzidagi kuldirgich chuqurchasiga o‘xshagani uchun vodiyda uni “kuldirgich” deydi. Muhammad Sharifning “Kuldirgich” degan yaxshi hikoyasi bor. O‘qib bolalikning o‘rpongli chang ko‘chalarida chopgan edim. Shu sabab Iqbol she’ridagi mitti “kuldirgich”ga duch kelib taqqa to‘xtadim. Va yana bolalikka qaytdim. “Kosa” she’ri Nukusdagi Savitskiy muzeyida saqlanayotgan kosa uchun teridan tikilgan bitta buyum – g‘ilofga ko‘zi tushgan shoirning shu bir lahzada paydo bo‘lgan taassuroti mahsuli. Bu she’r g‘ilof to‘g‘risida emas, inson qalbining g‘ilofi – inson ko‘ngil kosasi va uning himoyasi, osmon shaklidagi o‘tov, uning ichkarisida yashaydigan oila-chang‘aroq to‘g‘risida. Qizig‘i shundaki, Savitskiy muzeyiga men ham borganman, g‘aroyib eksponatlarni ko‘rib hayratga tushganim ham rost. Ammo Iqbol minglab eksponatlar ichidan bitta kosa va uning g‘ilofini ko‘rgan hamda shu detal asosida o‘zbek bilan qoraqalpoq do‘stligini, boshida qalpog‘ini asrlar bo‘yi asrab kelayotgan qoraqalpoqdek bir millat udumlariga doir qarashlarini ajoyib tarzda bayon qilibdi…
Kitob mundarijasidan “Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar” bag‘ishlov-marsiyasini izladim. Iqbol uni Milliy universitetning kichik zalida bo‘lib o‘tgan bir uchrashuvda o‘qigan edi. Qaysi yil ekani esimda yo‘q, ammo ma’no-mazmuni, ritm-ohangi hamon yodimda.

Uchib-qo‘nib, uchib-qo‘nib shom-saharlar,
Nafis san’at sahnasida poyga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Kapalaklar uchmaydigan joyga ketdi.

Besh bandli she’r. Har bandning uchinchi misrasida haligi alam va iztirobga to‘la so‘roq qo‘yiladi. Odamning yuragini larzaga soladigan savol. “Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar” – shoir odamlarga tajohili orifona murojaat etadi. Holbuki, o‘zining “Chiroq yonib o‘chmaydigan joyga ketdi”, “Yolg‘on qasam ichmaydigan joyga ketdi”, “Tuhmat toshi tushmaydigan joyga ketdi”, “Osoyishta uxlaydigan joyga ketdi” kabi tayyor javoblari bor. Bunday alamli yo‘qotish­larni ifodalagan ta’sirchan she’r o‘quvchining fikriy oqimini ushbu foniy, uch kunlik g‘animat dunyoga kelish va ketish mohiyatini anglash tomonga yo‘naltiradi. Shu motivdagi – Shavkat Rahmon, Oxunjon Madaliyev, Muhammad Yusuf vafotiga bag‘ishlangan “Akalarimga” she’ri ham e’tiborli. Uch marta aylangan “ajal qamchisi” uchta yulduzni “falakdan uzib” ketgani, shoir jigarida “uchta tig‘ izi” qolgani – uch yo‘qotishning obrazli bayoni, albatta.
Ko‘ngil ko‘shkiga joylashgan yaqinidan ajralish – og‘ir yo‘qotish. “Qo‘qon shamoli” qirq ikki yoshida boqiy dunyoga safar qilgan, o‘zidan ajoyib she’rlar qoldirgan rahmatli A’zam O‘ktamga bag‘ishlanadi. She’rda shamol ramzi jonlanib, misoli mahaktosh vazifasini bajaradi. Shamol yaxshini yomondan, to‘g‘rini o‘g‘ridan, haqni nohaqdan ajratadi. Bor-yo‘g‘i uch kun shiddat bilan guvillab esadigan shamol dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qiladi.

Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yo‘qni yo‘q qilib berguvchi.
Boshingga zo‘r savdo tushmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvchi!

Yashash qanday yengil – shamoldan keyin,
Ajib bir xushhollik, bir ajib surur.
G‘uborsiz havolar ipakdek mayin.
Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!

Shamol imtihonidan o‘tish – saodat. Men bilgan A’zam O‘ktam yoru birodarlari, uzoq-yaqinlariga – “kimning kimligi”ga sinovchan nazar soladigan inson edi… She’r matnidagi “shamol”ning metaforik tabiatiga parallel ravishda tasavvurda pokiza bir inson qiyofasi paydo bo‘ladi. Inson va tabiat, tabiat va jamiyat – kengqamrovli tushunchalar. Ular shoirning qanotli yuragiga o‘rnashsa, parvozi baland bo‘ladi…
Dunyodagi hech bir baliqchi o‘rgimchak to‘ri bilan baliq tutmaydi. Faqat shoirgina “O‘rgimchak to‘rini daryoga”, “Tillo baliq tutib ziyoga” solishi mumkin. Bunday ingichka va oydin tafakkur tarzi faqat shoirlargagina in’om qilingan ne’matdir…
Shoir she’rlarida goho “shamoyil” yonida “shamol” o‘ynaydi; “o‘tinchi” bilan “o‘tkinchi” qatorida “o‘kinch” paydo bo‘ladi; “andalib” esa “aldanib”ga uyg‘unlashdi. Bir tovush o‘yini yoki o‘rin almashinuvidan ixtiyorsiz hayratlanasan. Qoyil qolib, boshingni chayqaysan. “Bir oh ursak, har oshiqdan ko‘ra oshiq ohimiz bor” – bu ham tajnisli go‘zal misra. “Qumdan qurgan qo‘rg‘onim qani?” kabi savol poydevoriga bevafo umr qo‘yiladi. “Palakni daraklab kapalak halak” – har bir so‘z qofiyali, ohangli, ma’nili va, eng muhimi, shoir umrning o‘tkinchi va bevafoligini yana bir – boshqacha yo‘sinda lo‘nda ifodalaydi.
Quyidagi parchalarda ham original satrlar bor:

Kipriklaring poyloqchi,
Kokillaring ayg‘oqchi.
Hamsoyangman ham soyang,
Jismim boru hushim yo‘q.

Yoki:

O‘sha kun men mast edim,
Mast edim – menmas edim.
Bormas edim sog‘ bo‘lsam,
Sevaman demas edim.

Iqbolning bunday poetik san’atlarni mahorat bilan qo‘llagan yaxshi she’rlari esda qoladi. U kapalak obraziga ko‘p murojaat qiladi. “Kapalak tutgandayin Nigohing tutib oldim” – ajib topildiq. Bunday ko‘rkam misra she’rning ustuni-o‘rasi, to‘rasi, umurtqasi, aurasini tashkil etadi. Yana kimgadir: “Sen – ninachi kabi o‘ynoqi. Sen – kapalak kabi beg‘ubor”, deb tavsif beradi. Ninachi, kapalak – tabiatning juda nafis, latif, ingichka, rangpar hasharotlari. Ulug‘lar ta’biricha, birorta inson zoti aqalli ninachiyu kapalakning singan nozik-mayda qanotini tuzatishga qodir emas. Demak, “nazokatni qaydan olgan kapalak” – shoirning o‘ylanishi o‘rinli.

Sindirmaydi yillar kimni,
Tuyg‘ularin silliqlaydi,
Har ko‘rganda yuragimni
Kapalaklar qitiqlaydi.

Iqbol Mirzo she’rlarida sevgi yo‘lida uchib borayotgan bu kabi nazokatli kapalak yoki o‘ynoqi ninachi, yuzi qizargan atirgul, tuyog‘idan tillo sochadigan jayronlar uchraydi. Bunday lirik obrazlar biri ikkinchisini to‘ldirib, shoir she’rlarining umummanzarasini, yuragining mahobatli suvratini namoyon qiladi.
Iqbol she’rlari haddan tashqari murakkab emas. Ularni anglab, tushunib, his etib turasiz. Sizni zavqlantiradi, yurakni ko‘pirtirib, hayajonga soladi. Ammo tizginsiz tuyg‘ularga qanot bag‘ishlagan she’r sirini topish qiyin. Chunki shoir shunday bir lahzada borliqni “xayol ko‘zi” bilan ko‘rib, “lazzatga g‘arq bo‘lib” yashaydi. Shoir yopirilib, to‘lib-toshib kelgan xayol in’omini qog‘ozga ko‘chiradi. Bu ijod jarayoni haqidagi bizning sodda tasavvur. Aslida she’r va shoirlik ijod psixologiyasining eng murakkab mavzusidir. Chunki she’riy ifodalaridan ba’zan shoirlarning o‘zi hayron bo‘ladi, gohida tasavvur tasviriga o‘zlari ham ojiz qoladi. Cho‘lpon nadomat bilan “Shu ojiz holimda shoirmanmi men?” deb yozg‘irgani rost. Ko‘pincha har qanday odam go‘zallikni ko‘rib, sezib, anglab, zavq oladi. Ammo uni so‘z bilan ifodalashga qiynaladi. Chin iste’dod egasi shu tuyg‘uni moddiylashtiradi; Shayxzodaga o‘xshab she’rda esayotgan shamolni suvratlantiradi.
Iqbol Mirzoning she’rlarida ochiq e’tirof­lar, achchiq haqiqatning rost ifodalari bor:

Davrangizga kira olmayman,
Kirsam, ko‘nglim yora olmayman.
Sizga talant bera olmayman,
Meni yomon ko‘rgan odamlar.

Sizga uka, aka, jo‘raman,
Duoingiz qilib yuraman.
Men sizlarni yaxshi ko‘raman…
Meni yomon ko‘rgan odamlar.

Uning lirik qahramoni – shafqatsiz; o‘zini fosh etishdan, iqrordan qo‘rqmaydi: bolaligi va beg‘uborligini, g‘o‘rligi va zo‘rligini eslaydi. Bunisi – yaxshi. Ammo har o‘qiganimda “Oldim shoir degan tavqi la’natni” misrasi menga negadir tahrirtalab ko‘rinaveradi.
“So‘zda sehr, she’rda hikmat bor”, deganlaridek, Iqbol Mirzoning keyingi davrda yozilgan she’r­lari hayotiy hikmatlar bilan bezatilgandir. Biroq bu xil falsafiy bitiklar uning yoshlik davridagi she’rlarida ham uchraydi:

Bu dunyoga kelganim –
U dunyoga safarim.
Bu dunyoni yengganim –
U dunyoda zafarim.

Qo‘yma, qisqa va har qanday odam hayotining tarxi-eskizini o‘zida akslantiradigan misralar. Band qarshilantirish san’ati asosiga qurilibdi. “Men” she’rida ikki nuqta aro jismi muallaq muallif o‘zini yer bilan osmon orasida ko‘radi. “Qaldirg‘ochdek ikki joyda manzili” bor shoir “dayr aro sayr”ning muvaqqat ekanini yaxshi biladi. Bunday hayotiy real falsafa she’rga teranlik bag‘ishlaydi. Iqbolning butun boshli she’rlari, “Yig‘lasam, holimga o‘zim kulardim”, “Asaldayin zaharim”, “Muzlar quchog‘ida isindi vido”, “Ey yaqinim, olisim”, “Sizni yomon yaxshi ko‘raman” kabi o‘nlab misralari tazodli.
Shoir ijodining katta bir sahifasi el-yurt, o‘zbek xarakterining tavsifi, mamlakatning tarixiy shaharlari va shaxsiyatlari to‘g‘risida yozilgan she’rlardan iborat. “Aytgil, do‘stim, nima qildik, Vatan uchun” – juda o‘rinli tergov, talab va so‘rov.

Boshing egib, ta’zim ayla, shukrona ayt,
Seni guldek erkalagan chaman uchun.
Osmonlarda yurgan bo‘lsang, tuproqqa qayt,
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

Shoir agar bobolarining faqat isminigina sanasa ham, tabiiyki, katta bir doston bo‘lishi mumkin. O‘zbek – dunyo tamadduniga ulkan ulush qo‘shgan xalq. Uning nomiga or-nomus, ibo va hayo ma’nodosh. Shu e’tibordan “O‘zbek” she’rida millat va mamlakat tarixi bayon qilinadi.

Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam,
Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar Enasoylaring, o‘zbek.

Nazarimda, Iqbolning bu she’ri o‘zigacha shu yo‘lda yozilgan “O‘zbekiston”, “O‘zbegim” kabi she’rlar qatoridan o‘rin olishga loyiqdir.
Adabiyotshunoslikda ijodiy taraqqiyot, mavzular almashinuvining ilmiy-nazariy talqiniga nisbatan “evolyutsiya” tushunchasi ishlatiladi. Bunda muayyan adibning badiiy ijod namunalari, mavzular yoki zamon xronologiyasiga ko‘ra tahlil qilinadi. Shu e’tibordan, Iqbol avval o‘ynab va so‘zlarni o‘ynatib yozar edi, hozir o‘ylab va odamlarni o‘ylatib yozadi. Avvalgi she’rlarida “men” kuchli, keyingi davrda qamrovi ke­­ngayib, milliy va umumbashariy mavzularning adabiy-falsafiy muhokamasi kuzatiladi. Biroq uning she’rlariga xos samimiyat, shiddat, shaxd, jo‘shqinlik, jinday piching, qochirim, ozgina erkalik va erkinlik hamon o‘sha-o‘sha – navqiron yoshlik pafosida. She’rlaridan taralgan ovoz hali-hanuz o‘sha-o‘sha – navqiron yoshlikning sadosi. Aslida, iqboli kulgan ko‘ngil shoirining ijodiy baxti ham shudir.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son