O‘zbek milliy nasri tarixida favqulodda muhtasham adabiy hodisa bo‘lgan “O‘tkan kunlar” romanining mukammal matni, tabdili va tili masalasi hamon bahs-munozaralar tug‘dirmoqda. Boz ustiga asarning adib o‘z qo‘li bilan bitgan qo‘lyozmasi mavjud emas. Bu hol ham muammoning dolzarbligini anglatadi. Romandan bir parcha 1923 — 1924 yillarda, 1925 yilda esa birinchi bo‘limi kitob holida chiqqani ma’lum. Biroq alohida nashrdan Abdulla Qodiriyning ko‘ngli to‘lmagan.
Kitobi chop etilgan vaqt yozuvchining Moskvada o‘qigan davriga to‘g‘ri kelgan. Shu bois “O‘tkan kunlar”ning ilk bo‘limi tuzatilib, 1926 yili qayta bosilgan. Demak, 20-yillarda asar birinchi bo‘limining bir oz farqlanadigan uchta nusxasi mavjud edi. Ikkinchi va uchinchi bo‘limlarining esa bittadan varianti bor. Adibning ko‘zi tirikligida, ya’ni 1933 yili uchta bo‘lim birlashtirilib, bir muqovaga jamlangan navbatdagi nashr amalga oshiriladi.
Ma’lumki, XX asrning 60 — 90-yillarida asarning o‘zbek adabiy tili qoidalariga nisbatan moslangan nusxasi o‘qildi. 1992 yilda “O‘tkan kunlar”ni zahmatkash tabdilchi Xondamir Qodiriy 1925 — 1926 yilgi nusxa asosida izoh va ilovalari bilan chop ettirdi. Bugun shu nusxa ommalashgan. Biroq kitob oxirida 1925 — 1926 va 1933 yilda bosilgan roman matnida tegishli farqlarning bir qismi ko‘rsatilgan, xolos. Holbuki, ikki nashrga oid katta-kichik tafovutning soni besh yuztadan oshadi. Bugungi takliflar va zaruratdan kelib chiqib, romanning uyg‘un matnini, nafaqat bu ikki nusxa, balki 1923 — 1924 yilgi jurnal nusxasidan ham foydalanib amalga oshirish kerak, deb o‘ylaymiz. (Qarang: jurnal nusxasi bo‘yicha “O‘zAS”ning 2013 yil 12-19 aprel sonlarida ushbu muallifning “O‘tkan kunlar”ga qaytib…” nomli maqolasida bir qancha mulohazalar aytilgan —Tahririyat.)
Asos nusxa masalasi
Xo‘sh, to‘liq bosilgan ikki nusxaning qaysi biri “O‘tkan kunlar” uchun asos bo‘ladi?
Aslida manbashunoslik tajribalariga ko‘ra, adibning ko‘zi tirikligida bosilgan oxirgi nusxa barcha nashrlar uchun zamin bo‘lishi lozim. Biroq qiyoslardan ma’lum bo‘ldiki, “O‘tkan kunlar” romanining uyg‘un matnini hozirlash jarayoni o‘sha qoidani istisno etadi. Demoqchimizki, garchand 1933 yilgisi oxirgi nusxa bo‘lsa ham, romanning tugal matni uchun asos bo‘la olmaydi. Buning bir qancha jiddiy sabablari bor.
O‘zbek adabiy tilining orfografik qonunlari 20 — 30-yillarda ham turg‘unlashmagan edi. Bitta so‘zni turlicha yozishlar, tildagi singarmonizm hodisasini bor holicha adabiy tilga tadbiq qiluvchi va uni inkor etuvchi ziyolilar guruhi mavjud edi. Shu bois “O‘tkan kunlar”ning 1925 — 1926 yilgi nashriga qiyosan keyingi nashri tilida jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. Albatta, bundagi fonetik o‘zgarishlar, ayrim tovushlarning qo‘shiluvi yoki tushirib qoldirilishi romanning umumestetik mazmun-mohiyatini o‘zgartirgan emas. 30-yillarga kelib 20-yillarda tuppa-tuzuk yozilib turgan va hatto bugungi adabiy tilga mos tushadigan ayrim so‘zlar imlosida notabiiy o‘zgarishlar bo‘ldi (masalan: beri — berli, hamma — hama, Andijon — Anjan va boshqalar).
Roman matnidagi “shundoq”, “shundog‘”, “qandog‘” kabi so‘zlar ham yuz foiz “shunday” va “qanday”lashtirildi. Holbuki, hozirgacha o‘sha so‘zlarning har ikki shakli ham og‘zaki va yozma nutqda faol qo‘llanadi. Aslida, bunday so‘zlarni adabiy matn ritmi, ichki saj’, muallif va qahramonlar nutqiga qarab o‘rni-o‘rni bilan aralash qo‘llash ham mumkin. Nazarimda, uyg‘un matn uchun aynan bugungi adabiy til leksikasiga mos bo‘lgan va, eng muhimi, romanning har uchala nusxasida uchraydigan so‘zlardan foydalanish tamoyili yaxshi samara beradi.
Masalaning boshqa bir jihati shundaki, Abdulla Qodiriyning ayni nusxa korrekturasini o‘qiganiga ishonib bo‘lmaydi. Chunki tasavvurimizcha va xotiralarga ko‘ra adib — tatbiqotiga endi-endi ikki-uch yil bo‘lgan — lotin yozuviga asoslangan xatni o‘qishga qiynalgan. Haqiqatdan ham orfografik nuqsonlar 1933 yilgi nusxaning boshidan oxirigacha minglab so‘zlarda sochilib yotibdi. Yana bir jihati shuki, o‘sha paytlarda lotin yozuvida kitob bosishning texnik-uskunaviy imkoniyati kengroq bo‘lgani uchunmi, hartugul, roman 1933 yili xorijda chop etilgan. Muallif nazorat qila olmagani uchun ham kitob imloviy xato, qo‘pol stilistik kamchiliklar bilan bosilgan. Ba’zida olimlar “O‘tkan kunlar”ning yangidan hozirlanadigan nashri uchun ana shu nusxa asos bo‘la olishini aytishadi… To‘g‘risi, 1933 yilgi nusxani sinchiklab o‘qigan odam bu tasavvurning ancha nisbiy va sayoz ekaniga amin bo‘ladi. Chunki “Mehrobdan chayon” romani ustida ishlayotgan, so‘ngra “Obid ketmon”ni yozish kayfiyatida yurgan Qodiriyning birinchi romaniga takror ishlov berishga fursati bo‘lgan emas. Qolaversa, she’rday quyilib, ilhom bilan yozilgan “O‘tkan kunlar”ni qayta silliqlashga zarurat ham bo‘lmagan.
Uyg‘un matn uchun tovush tanlash
To‘g‘ri, asarning uyg‘un nusxasini adib nazaridan o‘tgan matnlar asosida nashrga tayyorlash maqsadga muvofiqdir. Meningcha, bunda 1925 — 1926 yilgi nusxa markazda turishi va 1923 — 1924 hamda 1933 yilgi nusxalardan yordamchi manba sifatida foydalanish lozim. Bunday uyg‘un matn uchun har uchala nusxadagi zamonaviy adabiy tilga mos ifodaga e’tibor beriladi. Masalan, 1925 — 1926 yilgi nusxada Otabek portreti: “Og‘ir tabi’atlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit” tarzida yozilgan bo‘lsa, bu tasvir 1933 yilgi nashrda quyidagi shaklga keltirilgan: “Og‘ir tabiatli, ulug‘ gavdali, ko‘rkam va oq yuzli, kelishgan, qora ko‘zli, mutanosib qora qoshli va endigina murti sabz urgan bir yigit”. Demak, romanning boshqa o‘rinlarida ham “-lik”, “-liq” so‘z yasovchi qo‘shimchalar yuqoridagi misolga o‘xshab, asosan “-li” affiksi bilan almashtirilgan va talaffuzi nisbatan oson hamda adabiy tilga muvofiq bunday o‘zgarish asar o‘qilishini yengillashtiradi.
Juda ko‘p o‘rinlarda “o‘tishka”, “tushishka”, “ishka”, “shariatka” singari so‘zlarga qo‘shilgan jo‘nalish kelishigining “-ka” qo‘shimchasi 1933 yilgi nusxada “-ga” shakliga o‘tkazilgan. Ayni damda avvalgi nusxadagi ko‘p so‘zlar tarkibidagi o‘zaro moslashgan tovushlar (masalan, 1925 — 1926 yilgi nashrda: “Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim”) keyingi nashrda “Otabekga”, “marg‘ilonliqg‘a”, “burchakga”, “sariqg‘a”, “qayoqg‘adir”, “ozroqg‘ina”, “chiqg‘an”, “to‘xtamoqg‘a” kabi oldingi tovushga moslanmagan (masalan, 1933 yilgi nashrda: “Oq sutimni oqg‘a, ko‘k sutimni ko‘kga sog‘dim”) holatga keltirilganki, albatta, bunday talaffuzi qiyin tomonga o‘zgargan tovushlar asar tilini og‘irlashtiradi. Shu bois bunday o‘rinlarda moslangan variantlari qabul qilingani ma’qul.
Tovush va qo‘shimchalarning o‘zgartirilishiga oid yana bir muhim mulohaza shuki, barcha so‘zlarga qo‘shilgan “-dek” va “-dirgan”, “-dirg‘an” shakl yasovchi qo‘shimchasi o‘rniga 1933 yilga kelib, qariyb yuz foiz “-day” (Otabekdek — Otabekday, o‘rdadek — o‘rdaday, ishonmag‘andek — ishonmag‘anday, jonlang‘andek — jonlang‘anday) va “-turg‘an” (“qiladirg‘an — qila turg‘an”, “oladirg‘an — ola turg‘an”, “uylantiradirgan — uylantira turg‘an”) shakl yasovchi qo‘shimchasi qo‘llanadi. Holbuki, ularni asardagi voqealar kechimi, matn ruhi va ohangiga ko‘ra ko‘pincha avvaligisini, ba’zan o‘zgargan shaklini ham qo‘llash mumkin.
To‘g‘risi, romanning o‘zak matni, ya’ni muallif bayoni-nutqi kompleks ravishda uyg‘unlashtirilgani holda adabiy manba tarkibida kelgan maktublar tili va qahramonlar nutqini o‘z holicha qoldirish moziy koloritiga mos keladigandek tuyuladi.
“Jonso‘z”mi “jonsiz”?
Romanning ikki nashri taqqoslansa, ko‘plab so‘zlar farqiga duch kelinadi. Ikki xilda yozilgan so‘zlarning aksariyatiga loqaydlik tufayli yo‘l qo‘yilgan imloviy xato, deb qarash o‘rinlidir. Bunday xato yozilgan so‘zlar tovushini o‘z vaqtida kitobxonlar o‘nglab, maxrajini joyiga qo‘yib o‘qiganlar, albatta. Gap bu haqda emas…
Asarning keyingi nusxasida roman matnining badiiy takomiliga yordam beradigan bir qancha so‘zlar bor. Masalan, Mirzakarim qutidornikiga Ziyo shohichi bilan Hasanali sovchi bo‘lib kelgan kechki payt… Bu mahalda To‘ybekaning uxlayotgani avvalgi nusxada: “To‘ybeka bo‘lsa o‘zining o‘choq boshi yonidagi uychasini titratib xurrak otar edi”, deb tasvirlanadi. Keyingi nusxada ushbu “titratib” so‘zi nisbatan xalqona so‘z birikmasi bilan almashtiriladi: “To‘ybeka bo‘lsa o‘zining o‘choq boshi yonidagi uychasini boshig‘a ko‘tarib xurrak otar edi”. Boshqa bir sahifada O‘zbek oyim kayfiyati bayon qilinar ekan, avvalgi: “Bir yillardan beri ichiga yig‘ib kelgan kinasini to‘kib berdi”, gapiga ikkita yangi so‘z qo‘shiladi: “Bir yillardan beri ichiga yig‘ib kelgan kinasini bir varakay to‘kib berdi”. Bu o‘zgarish qahramon tabiatida kechayotgan bezovta ruhiy holatni teranroq tasavvur qilishga yordam berishi tabiiy. Keyingi nusxada “yonig‘a-qotig‘a-qoshig‘a”, “bitta toqchada – toqchalardan birida”, “buvi – acha”, “o‘nda-so‘nda – onda-sonda” kabi o‘nlab o‘rinli tahrirlar mavjud. Deyarli barcha epizodlarda Kumush va Saodatning ko‘zi tavsifida “shahlo ko‘z” “ohu ko‘z”ga almashtiriladi. Yozuvchi mahalliy xalq bir oz istehzo bilan qaraydigan “shahlo”ni keyingi nusxada o‘zgartirishni ma’qul topadi. Bunday so‘z tanlovlari badiiy matn fazilatini oshirgan, adibning so‘z ma’nolariga diqqatini namoyon etgan.
Romanning “Eson bo‘lsaq ko‘risharmiz” nomli faslida kunlar sanog‘i bilan bog‘liq juda muhim bir tahrir bor. Marg‘ilondan Toshkentga kelgan quda mehmonlar uylariga qaytishmoqchi… Kumushni o‘zi bilan olib ketish uchun har kimga bir iltijo qilib, niyati ijobat bo‘lmagan Oftob oyim mahzun holatda o‘tiribdi. Shu oxirgi kechada ona-qiz yolg‘iz. Suhbat asnosida Kumush onasiga qarab o‘rinsiz iljayadi. Bundan Oftob oyimning achchig‘i chiqadi.
“—Manim holim senga kulgimi, qizim?
— Yo‘q! — deb yana kulimsiradi Kumush, — bir-ikki kundan beri siz aytadirgan…
— Nima men aytadirgan?
— Axir… — deb qizarindi Kumush, — ko‘nglim aynar edi, deb aytar edingiz-ku…”.
Xushxabardan Oftob oyimning achchig‘i tarqab, birdan yuzi yorishadi.”
Ushbu fasl 1925 — 1926 yilgi nusxada shunday boshlanadi: “Toshkandga kelishning yigirmanchi kunidan Qutidor Marg‘ilong‘a qaytish fikriga tushdi”. 1933 yilgi nusxada bu yerdagi sanoqqa yana yigirma kun qo‘shilib, qirq kunga yetkaziladi: “Toshkandga kelishning qirqinchi kunidan Qutidor Marg‘ilong‘a qaytish fikriga tushdi”. Nazarimizda, bunday juda muhim tahrir Kumushning “ko‘ngil aynishi” holati, vujudida homilaning shakllanish vaqti bilan bog‘liq. Shu fiziologik holatga monand ayni faslning keyingi o‘rinlarida ham adib O‘zbek oyimning: “Nega muncha shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy bo‘lsin… Marg‘ilon degan yurtdan ot-otlab, tuya qumlab kel emish-da bir oyg‘ina turmay ket emish!”, degan gapidagi, shuningdek, Zaynabning: “Qaytar emishsizlar, deb eshitdim. Bir oy ham turmas ekansizlar-da!”, gapidagi “bir oy”larning “ikki oy”ga o‘zgarishi har jihatdan juda tabiiy va o‘rinlidir. Taassufki, romanning hozirgacha bosilgan, hatto eng oxirgi nashrlariyu rus va nemis tiliga tarjima qilingan (rus tilida: “Cherez dvadtsat dney posle priyezda v Tashkent kutidar stal sobiratsya domoy v Margelan», 1984, 300-bet; nemis tilida: “Zwanzig Tage nach seiner Ankunft in Taschkent begann der Kutidar zur Heimfahrt zu rusten”, 1968, 317-bet) nusxalarida ham bu muhim tahririy nuqta inobatga olingan emas. Uyg‘un nusxa ana shunday muhim tahrirlar bilan boyitiladi.
“O‘tkan kunlar” nusxalarining qaysi birida ma’nosi to‘g‘ri, badiiy jihatdan ta’sirchan va ma’qul ko‘ringan so‘zlar bo‘lsa, ularni uyg‘un matn uchun qabul qilish kerak.
Adibningqo‘llagan so‘zlari yuzasidan muhokama yuritish og‘ir ish: odam istihola qiladi va har xil andishaga boradi. Aslida Qodiriy ishlatmagan biror so‘zni matnga kiritish o‘zini oqlamagani ustiga beadablik hamdir. Yusufbek hojining o‘g‘li bilan jiddiy ijtimoiy mavzudagi suhbatida: “Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishg‘a hozirlangan biz itlar Yaratg‘uvchining qahriga albatta yo‘liqarmiz!” gapidagi “to‘ng‘izxona” so‘zi 1933 yilgi nashrida “oyoq osti qilishg‘a” deb ancha yumshatiladi. Aslida shu ikki so‘zdan birini tanlash lozim. Biroq romanning 1980 yilgi nashrida bu so‘z “kofirxona qilishga” tarzida kiritilganki, bunday o‘ylanmay qo‘llangan keskin ifoda Abdulla Qodiriy fitratiga muvofiq kelmaydi.
1925 — 1926 yilgi nashrda “jon o‘rtovchi, azob beruvchi” ma’nosidagi “jonso‘z” so‘zi 1933 yilgi nashrning barcha o‘rinlarida “jonsiz” keladi. To‘g‘ri, roman tilida “jonsiz” so‘zi qo‘llangan. Biroq bu ikki so‘z yozilishida farq bor. Eski o‘zbek yozuvida “jonsiz”ga nisbatan “jonso‘z” tarkibida bitta tovush orttiriladi. Adib roman boshlanishida “…uning yuzini to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib jonso‘z bir suratga kirgizdi”, deb Kumush qiyofasini tasvirlagan ekan, ayni so‘z “jonsiz” bilan almashib kelsa, bu epizoddagi tasvir ham jonsizlanib, xiralashib qoladi. “Xat haqiqatan jonso‘z edi” — bunda Kumushni hushidan ketkazgan soxta taloq xatining vaziyatga mos xususiyati nazarda tutiladi.
Roman nusxalarini qiyosiy o‘rganish jarayonida juda ko‘p muammolar, yuzlab farqlarga doir mulohazalar, joy nomlari, atoqli otlar imlosida yoki oddiy so‘zlarni yozish va tanlash yuzasidan bir-birini to‘ldiruvchi, o‘zaro teng kuchli va hatto inkor qiluvchi fikrlar paydo bo‘ldi. Biroq bir maqola doirasida ularning hammasini aytish va oxirgi yechimini topishning imkoni yo‘q, albatta.
Aslida, “O‘tkan kunlar”dek noyob poetik obidaning uyg‘un nusxasi jonkuyar adabiyotshunos va tilshunoslardan iborat maxsus hay’at nazaridan o‘tkazilsa, barcha o‘zgartirishlar bayonnomalarda aks ettirilib, tarixiy fakt sifatida hujjatlashtirilsa, har jihatdan ma’qul ish bo‘lardi.
Ayrim takliflar
Nusxalar orasida romanning kompozitsion qurilishi, syujeti, obrazlar tizimi va g‘oyaviy motivi kabi qator masalalarda favqulodda o‘zgarishlar yo‘q. Demak, juz’iy o‘zgarishlarga jiddiy qarash kerak bo‘ladi. Eng katta muammo tildagi singarmonizm hodisasi bilan bog‘liq aslida. Tasavvurimizcha, asar maydonga kelgan davrda o‘zbek adabiy tili orfografiya qoidalarida oxirgi to‘xtamga kelinmagan edi. Har bir vaqtli matbuot nashrlari va nashriyotlarda o‘z ta’biga muvofiq imloda yozish va so‘z qo‘llash urfga kirgan edi. Bu jarayon o‘n yillarga cho‘zilgan ekan, demak, “O‘tkan kunlar” romanining yangidan tayyorlanadigan uyg‘un nusxasi tiliga 20 — 30-yillar o‘zbek adabiy tili namunasi sifatida qarash o‘rinli bo‘ladi. Shunga monand roman matnidagi eski o‘zbek imlosidan tabdil qilingan “adim”ni “odim”ga, “onglamoq”ni “anglamoq”qa, “sihr”ni “sehr”ga, “egilik”ni “iygilik”ka o‘tkazib o‘qish va yozish xato sanalmaydi.
Romandagi ayrim fasllar uchun adib tomonidan, deylik, “Bizda kim ko‘b yig‘laydir?” o‘rniga “Qaro kunlar”, “Unutolmasa nima qilsin” o‘rniga “Sayoq yo‘lda” degan boshqa sarlavhalar tanlanganki, albatta, bunday qayta nomlash ham bejiz emas.
Qayta bosiladigan uyg‘un nusxaga “O‘tkan kunlar”ning birinchi bo‘limi oxiriga ilova qilingan “Ro‘mon deb sizga taqdim qilingan bu narsa dunyog‘a kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi” jumlasi bilan boshlanuvchi “Uzr”ni kiritish shartmas. Chunki o‘z vaqtida vazifasini bajarib tugatgan bu uzrnomani muallif asarining 1926 yili tuzatilib qayta bosilgan birinchi bo‘limiga ham, 1933 yilgi nashriga ham kiritmagan. Adibning o‘zi voz kechgan “Uzr”ni yangilik sifatida romanning hozirgi nashrlarida berilishi o‘zini oqlamaydi. Ammo uning roman tadqiqotchilari uchun muhim ilmiy manba ekanini e’tibordan qochirib bo‘lmaydi…
Xulosa qilib aytganda, “O‘tkan kunlar” romanining Abdulla Qodiriy nazari tushgan nusxalar asosida hozirgi adabiy tilga yaqin bo‘lgan, o‘quvchilar zavq-shavq bilan sevib o‘qiydigan va, tasavvurimizcha, takomillashgan uyg‘un matnini tayyorlashga zarurat bor.
Bahodir Karim,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 28-son