Abdulhamid Cho‘lponning: «Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen» singari otashin misralaridagi hurlikka da’vat va beqiyos poetik joziba salkam bir asrdan buyon badiiy so‘z muhiblarini o‘ziga maftun etib keladi. Shunga monand cho‘lponshunoslik ham shoir ijodi bilan basma-bas darajada boy tarixiga ega. Zero, tarix yakrang, silliq va tekis bo‘lmaganidek, bu olqishlar va tanqidlar, chalkashlik va murakkabliklar, qayta anglash va estetik talqinu qiyosiy tadqiqlar ham o‘ziga xos tarixdir.
Ma’lumki, o‘tgan asrning 90-yillarida Cho‘lpon ijodini xolis, adabiy-estetik mohiyatiga mos tarzda o‘rganish jarayoni boshlandi. Bu jarayonda ko‘pchilik qatnashdi. Ularga sardor sifatida, Cho‘lpon ijodining yuzaga chiqishida jonbozlik ko‘rsatgan olimlar ro‘yxatining avvalida esa Ozod Sharafiddinov nomi turadi. Aslida olimning faoliyati mustabid sho‘ro zamonida ham Cho‘lpon ijodiga murojaatdan, she’riyati ruhidan ajralgan emas. Ayrim maqolalari, «Tirik satrlar» kitobi, shu bilan birga, norasmiy davralarda, talabalar auditoriyasida Cho‘lpon she’rlarini yod aytganiga oid xotiralar fikrimizga dalildir.
Shu ma’noda Cho‘lpon asarlari ommaga qayta taqdim qilinayotgan pallada Ozod Sharafiddinov taqdimso‘z, so‘zboshilar yozdi. Cho‘lpon ijodini yangicha tamoyillar asosida o‘rganish natijalari sifatida «Cho‘lpon», «Cho‘lponni anglash» kitoblari, «Adabiyot yashasa – millat yashar» tadqiqoti yuzaga keldi.
O‘z vaqtida Ozod Sharafiddinov Cho‘lponning lirik merosini, «favqulodda iste’dodga ega bo‘lgan shoir» ruhiyatini, she’riyatining individual, poetik, publitsistik va ijtimoiy-estetik mohiyatini teran tushuntirdi. Jahon she’riyati namunalari bilan yonma-yon turadigan «Go‘zal», «Binafsha», «Qalandar ishqi» kabi qator she’rlariga xos badiiy san’atlarga, ritmiga, qofiyasi, vazn tizimiga e’tibor berdi. Ayni chog‘da, Cho‘lponning zamonga moslashgan she’rlari haqida ham xolis fikrlarni yozdi: «Haqiqiy she’riyatni oltinga qiyoslash mumkin bo‘lsa, zamonasozlik bilan yozilgan she’rlarni usti zarhallangan, lekin asli oltin bo‘lmagan narsaga tenglash mumkin. Afsuski, Cho‘lponning 30-yillardagi ba’zi bir she’rlarida biz hayot haqiqatining susayishi bilan badiiyatning ham, she’riyatning ham susayganini ko‘ramiz». Ammo bunday o‘rinlarda «bir sapchib tushib, uning nomiga malomat toshlarini otishga shoshmaslik kerak». Aksincha, shoir kayfiyati, holati, insonligini tushunish yo‘lidan borish lozimligini ta’kidlaydi olim.
Shoir «muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon» bo‘lib porlab turgan 20-yillarda uning she’rlariga nisbatan to‘g‘ri baho berilgan maqolalar ham bosilgan edi. Biroq O.Sharafiddinov bu maqolalarni tahlil qilarkan, shunday xulosaga keladi: «…bu taqrizlar har qancha xolisona yozilgan bo‘lmasin, ularning hammasidan ham yangi chiqqan shoirga nisbatan mehr va e’tibor har qancha barq urib turmasin, ularni biz Cho‘lponni anglash yo‘lidagi biron-bir jiddiy yutuqlar deb atay olmaymiz. Ular juda yorlaqaganda Cho‘lpon yuksakligiga olib boruvchi ulkan zinaning birinchi pillapoyalari edi, xolos». Darhaqiqat, olim ta’kidlaganidek, garchand bu maqolalarda Cho‘lponni «xalq shoiri emas, ziyolilar shoiri» degan tanqidlar yozilgan bo‘lsa ham, bu sifat siyosiy ayb sanalmas edi. Shoirdagi bir kayfiyat, o‘ziga xos bir xususiyat deb qaralardi.
Olim cho‘lponshunoslikdagi navbatdagi bosqich Aynning «O‘zbek yosh shoirlari. Cho‘lpon» maqolasi bilan boshlanganini uqtirib, uni batafsil tahlil etadi. Bu o‘rinda uning uslubidagi xolislik va kenglik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, «Ayn» — Olim Sharafiddinovning adabiyot maydonida tasodifiy odam emasligini, Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlab kitob yozgani, ko‘ngillilar qatorida urushga ketib, jangda vafot etganigacha yozadi. Tabiiyki, bunday faktlar ijodi tahlil qilinayotgan insonga nisbatan ehtirom alomati. Maqoladagi ayrim ijobiy fikrlarga to‘xtalgan Ozod Sharafiddinov adabiyotga «sinfiylik ko‘zoynagi»dan qaragan maqola muallifi bilan bahsga kirishadi, e’tirozlarini bayon etadi. Bu bahs va e’tiroz nafaqat Ayn, balki adabiyotni jo‘nlashtirgan, badiiy ijodni bir “qolip”ga solgan va ijodkorlar ustidan siyosiy hukmronlik qilgan o‘sha davrning mafkuraviy hayotiga ham to‘la taalluqlidir. Adabiyot bo‘stonini vayron etgan bu tamoyil ustida chuqurroq mulohaza yuritilsa, bir talay savollar paydo bo‘ladi: «Darhaqiqat, Pushkinni qaysi sinfning vakili desa bo‘ladi? Dehqonlar sinfidanmi? Dvoryanlar vakilimi? Yoxud shaharda yashovchi hunarmand-kosiblar shoirimi? Alisher Navoiy-chi? U kimning vakili bo‘ladi? Hukmron ekspluatatorlar manfaatini ko‘zlaganmi? Yo boshqa biron sinf vakilimi? Ko‘rinib turibdiki, masalani bu tarzda qo‘yadigan bo‘lsak, adabiyotning mohiyatini buzuvchi, shoirni masxara qilishdan boshqa narsaga yaramaydigan xulosalar kelib chiqadi». Ozod Sharafiddinov badiiy adabiyotga noto‘g‘ri, g‘ayriestetik, g‘ayriilmiy yondashuv tamoyillari oxir-oqibat ijodkorni badnom qilishga, biryoqlamalikka va tuturuqsizlikka olib kelishini ta’kidlaydi.
Cho‘lpon otilgandan keyin ham, «ulug‘ millatlar otasi» o‘lgandan so‘ng ham shoir ijodiga munosabat deyarli o‘zgarmagan edi. Uning asarlari bosilmadi, nomi iste’dodli shoirlar qatorida tilga olinmadi. 50-yillardan Cho‘lpon asarlari qayta nashr etila boshlangan 90-yillargacha o‘tgan davr hodisalariga Ozod Sharafiddinovning o‘zi guvoh bo‘ldi. Mustabid tuzum davrida yozilgan «Yillar va yo‘llar» maqolasidagi fikrlar, domla muharrirligi ostida chop etilgan «Tirik satrlar» o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Professor U.Normatov xotirlashicha, «Muznoma» muqovasiga o‘rab sotilgan «Tirik satrlar» «vaqtida o‘zining tarixiy missiyasini a’lo darajada» bajargan edi. Bu xizmatlarni Cho‘lponga muhabbatli olimning, dovyurak noshirlarning kishanlangan hurlikni ozod etish yo‘lidagi ulkan jasorati sifatida baholash lozimdir.
Ozod Sharafiddinov tabiatida katta olimlarga xos bag‘rikenglik va mardlik bor edi. O‘zini-o‘zi taftish qila olish, hatto chigitday kamchiligi bo‘lsa-da, uni ochiq tan olish maqomiga hamma ham ko‘tarila bilmaydi. Ayniqsa, dunyoqarashlar evrilishga yuz tutgan, alg‘ov-dalg‘ovli bir pallada «nega men e’tiqodimni o‘zgartirdim», deya o‘ziga savol berish uchun odam, avvalo, mard bo‘lishi kerak. O‘z ilmiy maqola yoki kitoblarida yozib qo‘yilgan, o‘z vaqtida to‘g‘ri tuyulgan, vaqt o‘tishi bilan o‘zgargan fikrlar haqiqatini tan olish ham chinakam jo‘mard olimga xos fazilatdir. Ozod aka ijodiga nazar tashlangada bunday ibratga munosib o‘rinlar yaqqol ko‘rinadi. Xususan, «Adabiyot yashasa — millat yashar» maqolasida Cho‘lponning «Sho‘ro hukumati va sanoye nafisa» maqolasini shoirning «inqilobni ijobiy kutib olganining dalili» sifatida, «daho»ning «ayrim asarlari ta’sirida yozilgan» asar degan taxminni ilgari surganini, yangi manbalar bilan tanishgandan keyin esa fikri o‘zgarganini ochiq-oydin yozadi. Holbuki, bu faktlarni birov so‘ragan emas, kimdir buni topib tanqid ham qilgan emas. Mabodo, shunday bo‘lgan taqdirda ham Ozod aka emin-erkin: «Ey birodari aziz, borib falon maqolamni o‘qigin…», deya maslahat bergan bo‘lardi. Zotan, o‘zining yozgan maqolasidagi past-baland gaplarni olimning o‘zidan ko‘ra yaxshiroq biladigan odam yo‘q. Ozod aka o‘zi mansub avlod olimlari, xususan, Hamzayu Fitratlar ijodini o‘rganganlar o‘z ijod yo‘llariga bir nazar tashlashlari foydali bo‘lishini bilgani bois bir maqolasida: «Nima ham deyish mumkin – hech kimni majburlab tavba-tazarru qildirib bo‘lmaydi, bu ish har kimning vijdoniga havola», degan bag‘oyat o‘rinli va ibratli fikrni yozgan edi.
Nazarimda, Ozod Sharafiddinov yuksak bir sodda uslubga erishgan, o‘quvchi tushunadigan tilda yozadigan, matnni o‘rinli-o‘rinsiz atamalar bilan “bezash”ni xush ko‘rmaydigan olimlar toifasidan edi. Agar olimning cho‘lponshunos sifatida yozgan asarlariga uslubiy nuqtai nazardan qaralsa, jo‘shqin ehtiros, o‘quvchi bilan muloqot yoki unga murojaat, kirish so‘z va ta’kidlarni, ba’zan bayonida grammatik shaxs qo‘shimchalarining birlik-ko‘plik sonda almashib kelish hollarini ko‘rish mumkin. Masalan, matn ichidagi «Hoy, birodarlar! Nima qilayapsizlar?», «Siz, birodar, ko‘p hovliqavermang…», «Ie, shoshmang, axir…», «Endi o‘zingiz tasavvur qiling…», «Ko‘ryapsizmi…», «Bir lahza o‘ylab ko‘raylik…», «Shaxsan men…», «Men qat’iy aminmanki…» kabi iboralardan o‘quvchi tuyqus sergak tortadi yoki ilmiy muhokamalardan toliqqan asab tolalari bir lahza orom oladi. Ayniqsa, maqolalari tilidagi «qorong‘i kechalarning tongi otmadi», «to‘rga ilingan baliqday», «quyosh charaqlab turgan osmonda to‘satdan momaqaldiroq gumbirlagandek bo‘ldi» kabi o‘xshatishlar, «eski hammom, eski tosligicha», «bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur», «behuda urinish belni sindirar», «etti uxlab tushiga kirmagan» kabi xalqona hikmatlar, frazeologik birliklar olimning maqolalarini o‘qishli qiladi, mazmun-mohiyatini bezaydi. Shuningdek, Ozod Sharafiddinovning asarlarida iste’dod tabiatiga, umumadabiyotga, san’atkor yoki munaqqidga tegishli «Haqiqat yo‘lida aytilgan otashin So‘z mangu yashaydi», «Haqiqiy iste’dod egasi hech qachon jo‘ngina formulaga tushadigan yuzaki odam bo‘lmaydi», «Bunaqa munaqqidlar yoxud «olimlar» nog‘orachining bachasiga o‘xshaydi – hali nog‘oroning tak-tumi eshitilmasdan, nog‘orachi cho‘pini qo‘liga olishi bilanoq muqom qilib, yo‘rg‘alay boshlaydi» kabi xotirada muhrlanib qoladigan quyma fikrlar ham talaygina.
Cho‘lpon she’rlarida kishan bilan hurlik tazodi ko‘p uchraydi. Ozod Sharafiddinov cho‘lponshunoslar sardori sifatida Cho‘lpon ruhiyatini, murakkab davrning ziddiyatlarini, shoir qalbidagi hurlik istagini chuqur angladi, teran tushuntirdi. Cho‘lponshunoslikdagi bu jarayonlar, ya’ni asarlarini tadqiq qilish, adabiy matnlarni qiyoslash, turli vaqtli matbuot nashrlaridan she’rlarini izlab topish va, eng muhimi, kelajakda mukammal asarlar to‘plamini nashrga tayyorlash — Ozod Sharafiddinov boshlab bergan sharafli ishlar davom etadi, albatta.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 9-son