Bugungi adabiyotshunoslik adabiy matnga juda yaqin keldi. Bu mavzudagi muhokamalar tiniqlik va aniqlik tomon o‘zgardi: endi tovush va ranglar, struktura va semiotik belgilar, matn va intermant ustida fikrlashish davri-mavridi boshlandi. Aslida, filolog mutaxassis uchun bag‘oyat muhtasham ob’ekt sanalgan adabiy matn mayda unsurlar yig‘indisidan bino bo‘ladi.
“Alif”mi yoki “ayn”?
Avval she’r matniga e’tibor bermagan ekanman. Yaqinda bir juft xonanda ijrosida Maxtumquli bilan Durdi shoir o‘rtasidagi “Xabar ber — Shundaydir” aytishuvini eshitdim. Ovoz yaxshi, musiqa yoqimli, savollarga javoblar ham ma’nili.
Ammo xonandalardan birining: “U nimadir bir-biridan a’lodir?” savoliga ikkinchisi: “U oy-kundir bir-biridan a’lodir”, degan javobi meni o‘ylantirdi. Maxtumquli hazratlarining o‘zbek tilida bosilgan to‘rtta tarjima kitobini qo‘lga olib qiyosladim. O‘tgan asrning 60-yillarida Jumaniyoz Sharipov tarjimasidagi bir tovush saktaligi keyingi barcha tarjimalarga aynan ko‘chib o‘tibdi. Holbuki…
Beixtiyor turkman tilidagi nashrlariga qiziqib, esimni tanigandan beri otamdan eshitib yurgan she’rning aslini izladim. Topdim: Maxtumqulining 1957 yili Ashxobodda bosilgan kitobi 398-betida, 1992 yilda chiqqan uch jildli she’rlar kitobining 1-jildi 214-betida, mustaqillik davrida — 2013 yili chop etilgan ikki jildli asarlari to‘plamining 1-jildi 121-122-betlarida. O‘qidim:
— O nemedir, dervezesiz galadыr?
O nemedir, penjiresiz binadыr?
O nemedir, bir-biriden aladыr?”
Shaxыr bolsa, shondan bize xabar ber!
— Ol ko‘ngildir, dervezesiz galadыr,
Ol gabыrdыr, penjiresiz binadыr,
Ol Ay-Gundur, bir-biriden aladыr,
Bizden salam bolsun, jovap sheyledir.
Mavzu muhokamasi uchun ushbu bandlarning uchinchi, ya’ni tarjima matnidagi “U nimadir bir-biridan a’lodir?” — “U oy-kundir bir-biridan a’lodir” misralar muhim. Oy-kundan nechuk a’lo bo‘lsin? Bu “a’lo”lik qanday ma’noga ega? Zo‘rma-zo‘raki sharhlansa, deylik, “oy-kun bir-biridan yaxshi bo‘ladi”, degan ma’no chiqadi va bu ma’no bir muncha mujmal. Maxtumquli o‘quvchi anglashi qiyin bo‘lgan bunday majhul, pala-partish misralar yozgan emas. Gap oy(mesyats) va kun(den)ning “a’lo” degan sifati ustidami yoki osmondagi Oy bilan Kun-Quyoshning bir-biridan nimadir “olishi”ga doir harakat xususidami?
Bizningcha, shoir she’rida vaqt ma’nosidagi oy-kun yoki osmondagi Oy bilan Quyoshning bir-biridan a’loligini nazarda tutayotgani yo‘q. Turkmanlar “ma’zur”ni “magzur”, “ma’lumot”ni “maglumat” deyishadi. “A’lodir” turkmanchada “agladыr” tarzida yoziladi. Yuqoridagi matnda esa so‘z qurilishi bundoq emas.
Ushbu qiyos va asos-dalil bilan ham ko‘ngil to‘lmadi. 1983 yilda bosilgan Maxtumquli she’rlarining arabiy imlodagi tanqidiy matniga qarashning imkoni topildi. Arab tiliga asoslangan imloda “a’lodir” va “aladir” so‘zlari tarkibi “ayn” harfi evaziga farqlanadi. Xo‘sh, “a’lo” bo‘lsa, bu so‘z “ayn” ishtirokida yozilishi kerak edi. Kitobni varaqladim. 470-bet: eski arabiy yozuvdagi “aladir” yon-verida “ayn” topilmadi. Ikkilanishlar tarqab, ishonch qat’iylashdi. Maxtumquli hazratlari oy-kunning bir-biridan a’lo yoki yaxshi-yomonligidan bahs yuritmayotgani oydinlashdi.
Mulohaza shuki, ushbu misraning to‘g‘ri tarjimasi “U Oy-Kundir bir-biridan oladir” tarzida bo‘lib, bundagi tushuncha vaqtga emas, osmondagi Oy va Quyosh jismlariga oid. Fikr oqimi Oyning Quyoshdan nur olishi tomon yo‘naltirilsa, she’rdagi ma’no “a’lo”lik qatnashgan mavhumlikdan ko‘ra mantiqan chuqurlashadi va misra asl matnga moslashadi.
Xullas, yangi nashrlarda shoirning “Xabar ber — Shundaydir” she’ri tarjimasidagi “a’lodir” so‘zi bir tovush evaziga o‘nglanishi lozim. Shunda xatoga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Sod”mi yoki “se”?
Ma’lumki, arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar tarkibidagi ayrim tovushlar bugungi imloda bitta harf shakli bilan ifoda etiladi. Deylik, “ze”, “zot”, “zo” uchun birgina “z” harfi, “to”, “te” uchun bitta “t”, shuningdek, “sin”, “sod”, “se” tovushlari uchun yolg‘iz “s” harfi qabul qilingan.
Arabchadan o‘zlashgan bunday tovushlar qatnashgan so‘zlar izohida ba’zan chalkashliklar kelib chiqqani kuzatildi. “Proza” ma’nosini anglatuvchi “nasr” so‘zi bilan bog‘liq shunday muammo uchradi. “Nasr”(proza)ni izohlashda u “arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, “ko‘mak”, “zafar”, “yordam” ma’nolarini bildirishi” ta’kidlanibdi. Atamaning istilohiy izohiga e’tiroz yo‘q, biroq so‘z lug‘aviy tarafdan bir tovush evaziga islohga muhtoj. Chunki arab tilida uch turli “s” (“sod”, “se”, “sin”) bilan yoziladigan uchta “nasr” so‘zi uch xil ma’noni anglatadi. Agar “nasrun” “sod” bilan yozilsa “yordam, ko‘mak”, “soqov se” bilan yozilsa “sochish, sochib tashlash”, agar “sin” bilan yozilsa “burgut” degan ma’nolarni bildiradi. Shu sabab “proza”ga muqobil “nasr”ni lug‘aviy jihatdan “ko‘mak, yordam” tarzida emas, balki “sochish, sochilgan” deb tushuntirish to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuningdek, izohli yoki entsiklopedik lug‘atlarda o‘zbek tiliga arab va fors tilidan o‘zlashgan ayrim so‘zlarning arabiy imlodagi original shaklini qo‘shib yozish ma’no chalkashliklarini bartaraf qilishga yordam beradi.
“Ы”mi yoki “I”?
Bir magistrant yaxshi dissertatsiya yozdi: hammasi joyida, ma’qul, binoyidek, savodli, xatosiz, talab darajasida. Biroq rus va o‘zbek olimlarining nomlari qayd etilgan sahifadagi bir familiya e’tiborimni tortdi: “Rыkov”. O‘zbek alifbosida “ы” — “oltmish bir” bormi? Yo‘q! Alifboda aks etmagan tovush belgisi o‘zbek tilidagi matn ichida nega adashib yuribdi?..
Bizning “o‘”, “q”, “g‘”, “h” tovushlari qatnashgan ism-familiyalarimizni xorijliklar ham aynan shunday yozisharmikan?
Radiodagi bir boshlovchi qiz har kuni ertalab o‘z ismini ajnabiycha talaffuz qiladi. Shunday go‘zal gullola ismidan uyaladimi, qo‘poldan-qo‘pol tarzda ismini buzib aytadi. Aslida oddiygina o‘zbekcha talaffuz qilsa, hammasi gulolagul. Berlinga borganimda, bir muallima qizning ismini “Ayfer, Ayfer” deyishdi. Chin olmoncha ism bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yurdim. Keyin bilsam, asli o‘zimizning qavmdan va ismi ham — “Oypari” ekan.
Xorijlik bir tadqiqotchining ism-familiyasi matbuot va adabiy nashrlarimizda bir necha marta “Ыng Yong” tarzida yozildi. Bu boshqa millat vakiliga hurmatmi yoki o‘z tilimizga e’tiborsizlik oqibatimi? Og‘rinib bo‘lsa ham, keyingisini tasdiqlashga to‘g‘ri keladi. Minglab o‘quvchilar o‘sha “ы”ni indamay tabiiy qabul qildi, shekilli. Birov lom-mim demadi…
Bir tovush ustida talashib, tovushlarga e’tiborli bo‘lish kerakligidan bahs yuritishimiz bejiz emas. Chunki birgina semiotik belgi — tovush yo nuqtaning o‘zgarishi “nodir”ni “nor”, “ko‘z”ni “ko‘r”, “bozor”ni “mozor”, “bo‘ladigan”ni “o‘ladigan” qiladi. Oqibatda adabiy matn ma’nosi mutlaqo teskari yoki boshqa tomonga ketib qolishi mumkin.
Bahodir Karim, filologiya fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 42-son