Bahodir Karim. Bir taqriz talqini

Abdulla Qahhor o‘zbek adabiyoti tarixida talabchanligi, adabiy hodisalarga jiddiy munosabatda bo‘lganligi bilan mashhur. U o‘z davrida barcha yoshu keksa adiblar ijodiga doimo yuksak talab va mas’uliyat bilan qaragani ma’lum. Adib o‘zini shunga haqli sanagani aniq. Zeroki, ustoz o‘z ijodiga ham xuddi shu zaylda shafqatsiz qaragan.

Abdulla Qahhor “Hayot haqiqatidan badiiy to‘qimaga” degan maqolasida: “Men hammasi bo‘lib saksonga yaqin hikoya yozganman, lekin 1957 yilda chiqqan tanlangan asarlarim to‘plamiga shulardan faqat 26 tasini kirgizishni loyiq ko‘rdim, xolos. To‘plamga kirmagan hikoyalarimning bir qismi yozuvchilik faoliyatimning dastlabki davrida yozilgan, usta ko‘rmagan shogirdning mashqlari, bir qismi o‘zimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bo‘sh, juda bo‘sh chiqqan”, deb yozadi. Adabiy-estetik qarashlari ma’lum darajada shakllangandan keyin ijodining ilk davriga, xususan, «Olam yasharadi» to‘plamiga nihoyatda jiddiy tanqidiy munosabatini bayon etadi. Kitobdagi ko‘pgina hikoyalarning “ilhomsiz, dardsiz” yozilganini tan oladi. Zotan yozuvchining o‘zi aytmoqchi: “Nima bo‘lib ilhomsiz yozib qo‘ygan yozuvchi, o‘zini bilsa, yozganidan pushaymon, xijolat bo‘ladi”.

1932 yilda nashrdan chiqqan “Qishloq hukm ostida” degan kitobining noyob bir nusxasi hozirda Abdulla Qahhor uy-muzeyida saqlanadi. Kitobga “noyob” sifati berilishiga bois shuki, unda Abdulla Qahhop qo‘lining izlari bor, unda adibning nazari, nafasi seziladi. Eng muhimi, uni varaqlagan kishi adibning o‘z ijodiga, so‘zga naqadar talabchan ekaniga guvoh bo‘ladi. Kitob sahifalari tahrirdan lolazorga aylangan va oxirgi sahifaga aynan 1932 yil sanasi yozib qo‘yilgan. Alabiyotshunos O.Sharafiddinov garchand: “Qishloq hukm ostida” qissasining eng muhim tomonlaridan biri shundaki, asar hajman kichkina bo‘lsa-da, unda kollektivlashtirish jarayonidagi sinfiy kurash tasviriga keng o‘rin berilgan”, deya andisha bilan mulohazalar aytgan bo‘lsa-da, asarning jiddiy kamchiliklari borligini, xususan, badiiy saviyaning yuqori emasligi, qahramonni “bevosita harakatda ko‘rsatish o‘rniga ko‘proq o‘rinlarda uning haqida oddiy axborot berilgani” kabi nuqsonlar ustida to‘xtaladi. (O.Sharafiddinov. Abdulla Qahhor. 1988 yil. 158 — 159-betlar). Bizningcha, o‘sha “Qishloq hukm ostida” va “Olam yasharadi” kitoblariga eng odil va eng to‘g‘ri baho — bu adibning o‘z munosabatida, ya’ni ularni keyingi o‘ttiz yillik ijod davrida qayta nashr etishini ravo ko‘rmaganida namoyon bo‘lsa ajab emas.

Adabiyot maydonida maza-matrasiz, badiiyati sayoz, mazmuni g‘arib asarlarning urchib ketishi adibga ma’qul kelmaydi. A.Qahhor bu masalada eng avvalo o‘zini o‘zi taftish, ayovsiz tanqid qilib, tergab turgan edi. Ayni chog‘da boshqa qalamkashlar ijodiga yozgan taqriz-maqolalar mohiyatida ham shu holni kuzatish mumkin. 1940 yilda Said Ahmadning “Tortiq” nomli hikoyalar to‘plamiga, 1948 yilda esa yozuvchi va jurnalistlarning asarlari jamlangan “Tortiq” kitobiga taqriz yozadi.

Abdulla Qahhorning adabiy-ilmiy merosida, xususan, taqrizlari ichida Ma’ruf Hakimning “Hayot qo‘shig‘i” hikoyalar to‘plami xususidagi mulohazalari muhim. Taqriz-maqolaning hajmi katta va eng muhimi, unda adibning adabiy-nazariy qarashlari o‘z ifodasini topgan. Bu maqola “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1940 yil 27 sentyabr sonida, shuningdek, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” jurnalining 5-sonida ikki marta nashr qilinadi. Maqolaning qisqartirilgan, davr taqazosiga ko‘ra tahrirdan chiqqan nusxasi 1968 yili “Yoshlar bilan suhbat” kitobida ham bosiladi. Abdulla Qahhorning 1987 yilda chop etilgan besh jildlik asarlari to‘plamining beshinchi jildiga Kibriyo Qahhorova maqolaning 1940 yilgi nusxasini qayta nashrga tayyorlab kiritadi.

Abdulla Qahhor adabiy manbalarni tekshirganda ham adabiyotning foydasiga, so‘zning ma’no-mazmuniga e’tibor bergani aniq seziladi. Adibning uy-muzeyida Ma’ruf Hakimning 1939 yilda nashr qilingan “Hayot qo‘shig‘i” nomli hikoyalar to‘plami bor. Ushbu to‘plam shu nomda yozilgan taqriz uchun asos — manba bo‘lib xizmat qilgan. Bu noyob kitob nusxasi A.Qahhorning o‘zi yozmoqchi bo‘lgan maqolasi ustida qay tarzda qunt bilan jiddiy ishlaganini, muhokama qilinayotgan adabiy-nazariy masalaning ko‘lami kengayib, jahon adabiyoti namunalari bilan qiyoslashga o‘tib borganini ko‘rsatadi.

Bizning tasavvurimizcha, A.Qahhor o‘sha to‘plamni kamida uch marta o‘qib chiqqan. Chunki kitob hoshiyalarida qizil qalamda, yashil va siyoh rangli ruchkalarda qo‘ygan turli belgilari, yozuvlari muhrlanib qolgan.

Abdulla Qahhop maqolani qo‘l uchida, yo‘ligagina yoki allaqanday o‘tkinchi majburiyat ostida yozgan emas. Unda o‘ttiz yoshdan endigina oshgan ijodkorning adabiy-estetik kontseptsiyasi aks etgan. Taqriz-maqola ana shu nuqtai nazardan ahamiyatlidir.

A.Qahhor kitobni chizib o‘qigan; paydo bo‘lgan dastlabki fikrni o‘sha sahifa chekkasiga yozgan. Shu ma’noda “Hayot qo‘shig‘i” kitobida chizilgan o‘rinlar, turli belgilar, so‘zlar, so‘z birikmalari, gaplar, ayrim hikoyalarning hoshiyalarida, boshi yoki oxirida fikr-mulohazalar, ba’zan ruscha, o‘zbekcha, ba’zida arabiy yoki lotin imlosida yozib qo‘yilgan.

“Hayot qo‘shig‘i” kitobiga “Hayot boshlanishi”, “Rashk”, “Hayot qo‘shig‘i”, “Yashasin do‘stlik”, “Uchrashuv”, “Qahramonning o‘limi”, “Nazir”, “Bo‘ta” nomli yettita hikoya kiritilgan bo‘lib, mundarijadagi belgilarga ko‘ra ulardan ikkitasi — “Bo‘ta” bilan “Rashk” taqrizchiga nisbatan ma’qul kelgan (ularning to‘g‘risiga qo‘shuv alomati qo‘yilgan), uchtasi — “Hayot boshlanishi”, “Yashasin do‘stlik”, “Qahramonning o‘limi” ma’qul kelmagan (bular to‘g‘risiga ayirish alomati qo‘yilgan), qolgan ikkita hikoya to‘g‘risiga yarim qo‘shuv alomati qo‘yilganidan o‘rtacha munosabatda bo‘lganini anglash mumkin.

Abdulla Qahhor taqrizida hikoyalarni sanasiga ko‘ra tarzida tahlil qilmaydi. Avval “Qahramonning o‘limi”ga e’tibor beradi. M.Hakimning birinchi hikoyasi ekanini aytadi. Bu hikoyaning birinchi ekanini A.Qahhor qayerdan bilgan? Hikoya oxirida yozilgan yili ko‘rsatilgan emas. Ammo sarlavha tepasida qalam bilan lotin alifbosida “Shu hikoya birinchi yozgan hikoyam” degan bir yozuv bor. Xo‘sh, bu kitobni muallifning o‘zi yozuvchiga taqdim etmaganmikin? Balki shundaydir. Ammo kitobda muallifning dastxati yo‘q. Avvalgi betlaridagi belgiga ko‘ra “Signalniy” degan muhrdan keyin yana rasmiy ruxsatlar uchun qo‘yilgan ikkita muhr, keyingi betda esa “Lichnaya biblioteka Abdulla Kaxxara №544” degan yozuv bor. Biroq dastxat yo‘q. Fikrimizcha, kitobning “Signalniy” nusxasini adibga muallifning o‘zi olib kelib bergan ko‘rinadi.

A. Qahhor kitobni jiddiy o‘qiydi. “Hayot boshlanishi” hikoyasi ko‘p chizg‘ilangan emas. O‘qish jarayonida “Vozmojno”, “Lyubov”, “Nu!” kabi yozuvlar qo‘yilgan. Bir joyda (8-betda) mantiq buzilganini sezgan Qahhop “doktor iflos, xotinni uyni toza tutish uchun oladi! (Postoronniy fakt)”, deya yozib qo‘yadi. Doktor Murod bilan Dinor o‘rtasidagi munosabatlarni tasvirlayotgan M.Hakim doktor uyidagi “suprindi”ni, Dinor uyining pokizaligini tasvirlaydi. Yuqoridagi taqqosni “postoronniy fakt” degan gapni A. Qahhor shu g‘ayritabiiy tasvirdan kelib chiqqan holda aytadi. Hikoyaning oxirgi sahifasida “Novaya jizn. Lyudi novogo tipa”, “Hayot zanjirining bir halqasi bo‘lish — qonun. Avtor buni o‘zi bilmaydi. Yangi odamlar to‘g‘risida yozdim deb o‘ylasa kerak!” degan yozuv bor. A. Qahhor qahramon tabiati bilan tasvir o‘rtasida ziddiyatni ko‘radi. Shu bois “Avtor o‘z qahramoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuhmat qilyapi”, deb yozadi taqrizda.

Badiiy detal hikoyada “ishlashi”, yozuvchining asosiy g‘oyasiga xizmat qilishi lozim. A. Qahhor Murodning tabiatiga to‘g‘ri kelmaydigan badiiy detallar uchun yozuvchini tanqid qiladi. Aslida adib aynan mana shu hikoya misolida tanqidni yana kuchaytirishi mumkin edi. Bunga misollari ham bor edi. Masalan, Dinorning otasi hikoyaning bir-ikki joyida yo‘taladi. Ammo yo‘tal hikoya uchun xizmat qilmaydi. Shuni sezib turgan A.Qahhor “Chexotka! Zachem?” deb yozadi. Ammo bu faktni taqrizda ishlatmaydi.

M.Hakimning “Rashk” hikoyasi sarlavhasi yoniga “Sinash” so‘zi yozilgan. Demak, A. Qahhor bu hikoyani shunday nomlash ma’qul degan fikrga borgan. Ammo taqriz-maqolada uni “Baxillik” deb atash to‘g‘ri bo‘lar edi, degan gapni aytadi. Chunki ikki yosh o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, sevgiga o‘xshash narsaga rashkmi, baxillikmi aralashadi. Voqelikni hikoya qiluvchi yigit qizning muvaffaqiyatini ko‘ra olmaydi. Shu bois u: “Meni butunlay aqlimni olgan, g‘azablantirgan narsa — rashk va baxillik o‘ti edi”, deydi. Pokiza tuyg‘uli qilib tasvirlanayotgan qiz bunday pastkash yigitdan voz kechadi. Shu xususda maktub yozadi. A. Qahhor M. Hakimning g‘oyaviy maqsadi noaniqligini aytadi. Agar adibning maqsadi aniq bo‘lganida, go‘zal bir qiz timsoli tasviri, uning ma’naviy tozaligini bundan ham ta’sirliroq qilib bergan bo‘lardi. Chunonchi, A. Qahhor aytmoqchi: “Maqsad aniq bo‘lmagani uchun hikoya ham xiraroq bo‘lib chiqadi. Haligi qizning ba’zi bir qilmishlari baxil yigitga “ko‘p vaqt mendan uni-buni so‘rab, o‘z ishini bitkazayotgan ekan-da”, deyish huquqini beradi va shunday deydi ham. Bu qiz obrazini buzadi; unga mehr qo‘ygan kitobxonni xafa qiladi”. Qiz obrazining teranligiga yigit tomonidan berilgan ana shu yordam ortiqcha. Zeroki, Chexovdan ta’lim olayotgan A. Qahhor ortiqcha detallarni, tafsilotlarning zararini ham yaxshi anglaydi. O‘sha joyda Chexovning quyidagi fikrlarini keltiradi: “Bir parcha marmardan kishining yuzini yasash uchun shu yuzga aloqasi bo‘lmagan biron bo‘rtiqni ham qoldirish kerak emas — hammasini tarashlab tashlash kerak”.

Bu hikoya, garchand A. Qahhorga nisbatan ma’qul kelgan, ayrim betlar hoshiyasiga “yaxshi”, “xorosho” sifatlarini yozib qo‘ygan bo‘lsa-da, hikoyadagi kamchiliklarni yuqoridagi tarzda ko‘rsatib beradi. Tildagi no‘noq jumlalarni ham tanqid qilib o‘tadi. Hikoya oxirida “Xoroshiye ispitaniye chelovecheskoye kachestvo. Novoye v lyubvi”, degan so‘zlar yozilgan. Hikoyada kamchiliklar bor. Biroq qaysidir ma’noda hikoya adibga ma’qul kelganini anglash mumkin.

Abdulla Qahhop to‘plamga nom qilib olingan “Hayot qo‘shig‘i” degan hikoyani o‘qish jarayonida juda ko‘p chizgilamaydi. Hikoyaning o‘zi ixcham. Unda Qipchoq otaning o‘lim to‘shagida yotishi tasvirlanadi. Xayoli paxta rejasini bajarish bilan band. Bunga raisning yordam berishi, otboqarning ot bermasligi, o‘g‘illarining choyxonada ekanligi, doktorni aytib kelish kabi hodisalar ilova qilinadi. Qahhop bu tafsilotlar hikoyaning qurilmasini buzgan, deb hisoblaydi. Hikoyaning tahlili uchun avvalgi o‘qishida bir og‘izgina qilib “Sut v chyom?” deb yozib qo‘yadi. Keyingi o‘qishida esa “Ideyasi aniq emas” yozuvidan keyin raqamlar bilan uchta narsaga diqqat qiladi. “1. Chol plan olib alahlaydi. 2. Kampir borib aytmaguncha hech kim yordamga kelmaydi. 3. Otboqar doktor olib kelgani ot bermaydi (bu nimani ko‘rsatadigan fakt)”. Qahhop tomonidan hikoyani o‘qigandan keyin yozib qo‘yilgan muhim belgilar shu. Ammo bu fikr-mulohazalar taqriz-maqolada har biri alohida ahamiyat kasb etadi. Bu faktlar o‘ziga xos nazariy mohiyat bilan so‘zlaydi. Qahhop nazarida o‘lim to‘shagida alahsirab yotgan Qipchoq otaning holati ishonarli tasvirlangan emas. Hech kim uni ko‘rgani ham kelmaydi, birov bu kasalga nima bo‘ldi ham demaydi. “Holbuki, — deb yozadi taqrizchi, — Qipchoq otaning juda og‘ir ahvolda yotgani haqidagi xabar muallifning tili bilan aytganda “Uch kundan beri yog‘ayotgan qorday bir tekis butun qishloqqa tarqaladi”. Birov xabar olish u yoqda tursin, doktorga borgani ot so‘ralganda kolxoz otboqari bermaydi. Hikoya g‘oyasini ochishda otboqarning ot bermaslik faktining qanday ahamiyati bor? Buni avtor nima uchun kirgizgan?” Bu savolning o‘zida javob ham bor.

Eng muhimi, voqelikni tasvirlayotganda muallif ishonarli qilib, haqiqatni yozishi lozim. Yolg‘on yozsa, birov ishonmaydi. Qolaversa, “adabiyotda yolg‘onning katta-kichigi yo‘q. Hammasi ham baravar zararli”, deb yozadi Qahhor ushbu taqrizda.

Yozuvchi mazkur hikoyalar to‘plami hoshiyalariga, har bir hikoyaning oxiriga yoki avvaliga yozib qo‘ygan fikrlarni kengaygan tarzda, albatta, maqolada o‘z maqsadi yo‘lida ishlatgan.

M.Hakim “Yashasin do‘stlik” hikoyasini “novella” deb atagan. Bunday atama A.Qahhor nazaridan chetda qolgan emas. Hikoyaning sarlavhasi tepasiga shunday jumlalar yozilgan: “Hikoya ekaniga o‘zi ham shubha qiladi. Novella deb qutulmoqchi. Novella Dekameron hikoyalari ma’nosida bo‘lsa, to‘g‘ri kelmaydi. Hozir novella hikoyaning o‘zi”.

Qahhor bu hikoya tahlilida ham asosli mulohazalar bildiradi. Muallifning bir qator kamchiliklarini aytadi. Uning maqsadi aniq emas. Ayrim savollar ochiq qolgan. Bunga na muallifning o‘zida va na kitobxonda javob bor. Muallif hikoyadagi noaniqliklarni unga “Novella” deb yozib qo‘yish bilan javob bermoqchi bo‘ldi. A. Qahhor taqrizida yuqoridagi fikrni kengaytirib yozadi: “Go‘yo novella degan bilan unga bir ma’no kiradi. Go‘yo kitobxon: “E, bu novella ekan, novella shunaqa bo‘lsa kerak”, deb qo‘ya qoladi”. Muallifning hikoyani novella deb atagani A.Qahhorda boshqa jiddiy nazariy gaplarni aytishga ham turtki beradi. Jumladan yozadi: “Novella nima? Hikoya emasmi? G‘arbiy Yevropa adabiyotida bu termin bizdagi hikoya ma’nosida yuritiladi. Chexov, Mopassanning hikoyalari novella emasmi? Gorkiyning, masalan, “Chelkash”i novella bo‘lganidek, Bokachcho, Genrining novellalari hikoya, Gorkiy hikoyalari bilan, masalan “Bahori donish” hikoyalari bir-biridan farq qilar ekan, uning biri novella, biri hikoya emas. Bu farq konkret tarixiy sharoit, adabiy stillardan kelib chiqadi. Yozuvchi nima deyayotganini o‘zi bilmay chuldirasa, novella chiqmaydi”. Xullas, M. Hakim hikoya janrini “novella” deb nomlashining o‘zi A. Qahhorda bir dunyo fikr-mulohaza aytishiga turtki bo‘lgan. Uning jiddiy mulohazalari yosh yozuvchiga saboq berishga qaratilgan.

A.Qahhor M.Hakimning boshqa hikoyalarini ham jiddiy tekshiradi. Ayniqsa, hikoyalar tilidagi qusurlarni ko‘rsatishga katta e’tibor beradi. Ayrim o‘rinlarda matndagi so‘zlar o‘rniga – masalan, «mayin shamol» birikmasi yoniga «el, shabada» variantlarini, «yuzini to‘sdi»ning tagiga chizib, tagiga «berkitdi» so‘zini, ikki joyda «Exe…Exe» degan yo‘talni anglatuvchi tovush o‘rniga «Kxe!» variantini yozib qo‘ygan.

Adib shu tarzda hikoyalardagi kamchiliklarni batafsil ko‘rsatadi. Taqrizning xulosa qismida esa quyidagilarni yozadi: «Hayot qo‘shig‘i»ni hozir maydonda bo‘lgan ko‘p hikoyalarga taqqoslab, qiyosiy baho beradigan bo‘lsak, bugun aytilgan gaplarning oxiriga kattakon bir «ammo» qo‘yib, ancha maqtashimiz ham mumkin edi. Ma’ruf Hakim bunday mulohazalarga, qiyosiy maqtovlarga muhtoj emas. Uning kuchi bor, lekin yetilgan emas, u ishlay oladi, lekin bir oz erinchoq». O‘sha 40-yillarda «yosh, talantli, umidli» deb qaralgan Ma’ruf Hakimning adabiyotimiz tarixidagi xoli barchaga ma’lum…

1937 yilda “Sarob”ga mukofot berilishi munosabati bilan adib Ittifoqni kezib chiqish imkoniga ega bo‘lgan edi. Shunda Moskvadan olti qutida jahon adabiyoti namunalarini olib keladi. Bu kitoblarning jiddiy mutolaasidan keyin adib o‘z ijodiga ham, “Hayot qo‘shig‘i” kabi to‘plamlarga ham shu mezon va talablar bilan qaradi. Shu bois taqriz avvalida, Goncharov, Dobrolyubov, Chexov va L.Tolstoylar tilga olinadi. Taqqoslash o‘rni kelganida Jek London va uning qahramonlariga murojaat etadi.

Umuman aytganda, yuqoridagi dalillar A.Qahhorning nihoyatda talabchanligini, hatto oddiy bir taqriz yozish uchun manbani naqadar chuqur o‘rganganini ko‘rsatadi. Yozuvchi M.Hakimning ushbu “Hayot qo‘shig‘i” to‘plami bahonasida badiiy asar g‘oyasi, hikoya janrining xususiyati, badiiy asar tili, tasviriy vositalar, badiiy tasvirdagi haqqoniyat, badiiy detallarning hikoyadagi o‘rni, muallif, qahramon va kitobxon munosabatlari, dalillash, shuningdek, “yozuvchilik mahoratining eng muhim jihati” (A.Qahhor ta’biri) bo‘lgan psixologik sahnalar yuzasidan qimmatli adabiy-nazariy fikr-mulohazalarni bayon etadi.

Abdulla Qahhorning ushbu taqriz-maqolasidagi qarashlar faqat yosh yozuvchilarga emas, barcha adabiyot muxlislari uchun ham so‘z san’ati mohiyatini tushunish va uni avaylash yo‘lida saboq beruvchi mo‘tabar hujjat bo‘lib qolaveradi.

 «Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son