Habibulla Qodiriy «Otam haqida» kitobida Abdulla Qodiriyning «Jinlar bazmi» asari to‘g‘risida: «…bu hikoya dadamning aytishlaricha, 1916 yilda yozilgan. Lekin birinchi bor 1921 yilda «Sharq chechagi» jurnalida bosiladi», deb ma’lumot beradi. Bu bolalar jurnali maorif komissarligiga qarashli bo‘lib, birinchi soni o‘sha yil bahorida «Bolalar dunyosi» nomi bilan chiqqan. Ikkinchi sonidan jurnalning nomi «Sharq chechagi», deb ataladi. Unda Sanjar Siddiq, Elbek, Cho‘lpon va boshqalar faoliyat yuritadi (Ziyo Sayd. Tanlangan asarlar. T., 1974, 84-bet). Julqunboy unda «Jinlar bazmi» hikoyasi bilan qatnashadi.
Hozirda biz o‘qib yurgan hikoya adibning qalami charxlangan, yozuvchilik mahorati oshgan davrida yozilgandek taassurot qoldiradi. Aniqroq aytganda, kitobxonlar orasida ommalashgan «Jinlar bazmi» 1936 yilgi nusxa asosida nashrga tayyorlangan. Hikoyaning 1921 yilgi jurnal varianti qanday? Undagi mazmun-mohiyat keyingi nashrlarda to‘la saqlanganmi? Farqlar — kiritma yoki qisqartmalar, tahrir, o‘zgartishlari yo‘qmi?
To‘g‘risi, hikoyaning bolalar jurnalida bosilgan ilk nusxasini izlab topishning imkoni bo‘lmadi. Ammo o‘sha sanaga yaqin, ya’ni 1923 yili Elbek tomonidan tuzilib, 1925 yilda bosilgan “Go‘zal yozg‘ichlar” adabiy to‘plamiga kiritilgan «Jinlar bazmi» 1936 yilgi nusxa bilan qiyoslanganida bir qancha farqlar ko‘rindi.
Hikoya hajmi keyingi nusxada bir oz kengayib, bog‘dorchilikka tegishli atamalar, bir qancha realistik tasvir unsurlari bilan boyitiladi. 1923 yilgi nusxasida tasvirlar nisbatan sodda. Unda qahramonning bog‘dan chiqib ketish holatlari, bog‘ atrofidagi maydon va chakalakzor, «o‘tkir nur sharpasi»ning ko‘rinishi batafsil berilmaydi; «Hamdam xumdonchining chakalagi», «Hamdam xumdonchining maydoni» ta’birlari ham uchramaydi. Demak, Abdulla Qodiriy badiiy tasvirni teranlashtirish, voqelikka jon bag‘ishlash uchun chakalakzor maydonni maxsus nom bilan ataydi.
Ikki nusxada bosh qahramon ismi ikki xil beriladi. Avvalgi nusxadagi «To‘g‘onboy aka»ni adib keyingi nusxada «O‘sar aka»ga o‘zgartiradi. Aslida o‘z qahramonlari uchun original ismlar qo‘yadigan, ismlarni personaj tabiatiga mos so‘zlatadigan Qodiriy tanlagan har ikki ism ham e’tiborga molikdir. Chunki jinlarga uchragan odam allaqanday bir to‘g‘onga, g‘ov-to‘siqqa duch kelgan bo‘ladi. Shu ma’noda hikoya qahramoni uchun «To‘g‘onboy» ismi juda mos keladi. Adib bu ism zimmasidagi yukdan qoniqmaydi chamasi, uni keyingi nusxada «O‘sar aka»ga almashtiradi. Bizningcha, boshidan o‘tgan hodisani ta’sirchan so‘zlayotgan kishi mulohaza qilayotgan, fikriy jihatdan o‘sayotgan odamdir.
Qiyosda hikoyaning «Shunday jinlarga yo‘liqtirma», deb qo‘yar edim» gapiga 1936 yilgi nusxasida «Meni ham shunday jinlarga yo‘liqtirma», deb Tangriga yolborib qo‘yar edim» tarzida bir-ikki so‘z qo‘shilgani kuzatildi.
Hikoya syujetiga ko‘ra, yangi kelgan mehmon oldiga dasturxon yozishdan avval jinlar To‘g‘onboy akani birgalikda bazm qilishga undashadi. «Men ham ko‘nganligimni bildirdim». Ushbu rizolik gap keyingi nusxada: «Mening qornim och bo‘lsa ham, mehmonligim vajhidan uning fikriga qo‘shilishdan boshqa choram yo‘q edi» ko‘rinishiga keladi.
Hikoyaning ikki nusxasi qiyoslanganda «choqda — vaqtda, og‘ochlik —daraxtlik, kuchsiz — zaif, yurak — ko‘ngil, yarali — majruh, kuch — majol» kabi ko‘plab so‘zlar, shuningdek, «og‘ochlarg‘a ponarlar osilg‘on — daraxt shoxlariga chiroqlar osilgan», «cholg‘ular to‘g‘rilandilar — sozlar sozlandilar», «borlig‘img‘a issig‘liq yugurdi — vujudimga hayot suvi yugurdi» kabi so‘z birikmalari tahrir qilingani ma’lum bo‘ldi.
Aslida, madrasa tahsilini ko‘rgan Abdulla Qodiriy uchun o‘zbek adabiy tilining tarkibida juda faol ishlatilgan forscha va arabcha so‘zlar borasida muammo yo‘q edi. «Go‘zal yozg‘ichlar»dagi «Jinlar bazmi» va boshqa adabiy manbalarda ko‘proq o‘zak-negizi sof turkiy so‘zlarni qo‘llash tamoyili seziladi. Bu tamoyilga majmuani tuzuvchi Elbek amal qiladi. Zero, to‘plam «Tuzguvchi» so‘zboshida «…bu kitobga ko‘pgina materiallari bilan kirmak istagan Cho‘lpon, Botu, Jo‘lqunboy va Vadud Mahmudiy va Said Alixo‘ja kabi o‘rtoqlardan, bu olingan narsalaridagi bo‘lgan qaysi bir o‘zgarishlar»i uchun o‘zini uyaltirmasliklarini so‘raydi. Shuningdek, tanlangan matnlarda «bolalarning ruhig‘a qarab qaysi bir o‘zgarishlar» qilinganini yozadi.
E’tirofiga ko‘ra, Elbek so‘zlarni almashtirgan, bola ruhiyatini inobatga olib, tahrirlar ham kiritgandir. Biroq hikoyadagi «To‘g‘onboy aka» yoki «Hamdam xumdonchi» kabi nomlarga uning daxl qilishi ishonchsiz ko‘rinadi.
Albatta, hikoyada jiddiy va juz’iy o‘zgarishlar bor. Lekin uni mahkam ushlab turgan o‘q ildizi, ya’ni To‘g‘onboy akani jinlar avrashi, dasturxon atrofiga kelganida chalg‘itib, fotiha o‘qishga yo‘l qo‘ymagani har ikki nusxada deyarlik bir xilda saqlanadi: «Ular meni o‘z ixtiyorimga qo‘ymasdan sudrab, tortib to‘rga chiqardilar. Odatda majliska kirgach, fotiha o‘qilur edi. Biroq ularning turli so‘rog‘ va muomalalari bilan ovora bo‘lub fotiha o‘qush ham esimdan chiqibdir”. Ma’lumki, jin va shayton Olloh nomi zikr etilgan joyda o‘z amallarini bajara olmay qoladi. Bu tushunchaga doir mo‘tabar manbalarni Abdulla Qodiriy juda yaxshi bilgan. Ikkinchidan, avvalgi nusxada: «Men bog‘dan chiqg‘onda xufton bo‘lub qolg‘on edi», degan gapga keyingi nusxada «Qosh qorayib, qorong‘i tushgan paytda arang poya ishidan qutuldim. Yuz-qo‘llarimni yuvib, salla-choponimni kiyganimda obdon qorong‘i bosgan edi… Men bog‘dan chiqg‘anda xufton bo‘lmasa ham shunga yaqinlashib qolg‘an edi…” deb juz’iy o‘zgartirish kiritadi. Muallif voqelik yuz bergan vaqtni jinday oldinga — shom tarafga qarab suradi. Shom bilan xufton oralig‘ida esa jinlar bazm qiladi. Shaytonlar quyosh botgandan to tun zulmati cho‘kkuncha qo‘yib yuborilishi haqida hadis bor. Tasvirga olingan har bir detalga, har bir so‘zga jiddiy e’tibor beradigan hikoyanavis o‘z qahramonini jinlarga xufton bilan shom orasida yo‘liqtiradi. «To‘g‘onboy aka» hikoyasini: «Qop-qorong‘i maydon. Bir arig‘ ichida yotibman…”, «O‘sar aka» esa: «Qop-qorong‘i maydon, bir ariq ichida turibman…», deb tugatadi. Adib jinlarning bazm vaqtiga qo‘shimcha ravishda makonini ham asosli ko‘rsatadi. Chunki jinlar «ariq ichi» kabi chuqur joylarda ham yashaydi. «Go‘zal yozg‘ichlar»da hikoyaning umummatni quyidagicha yakunlanadi: «Men otamning bu voqeasini muallim afandiga so‘zlagan edim, ishonmadi. Quruq xayol, dedi. Shundan beri bu to‘g‘rida boshim qotdi.
— Chindan ham bunday ish bo‘lardimi? Yoxud muallim afandining aytganlaricha quruq xayolmi?
1936 yilgi nusxada yakuni bir oz boshqacha ko‘rinishga ega: «Men otamning bu ko‘rgan hodisasini muallim afandiga so‘zlagan edim, kuldi:
— Vahima, xayolot! — dedi.
— Chindan ham vahimmi, vahim bo‘lsa kishida qanday voqe’ bo‘ladi? — deb so‘ragan edim, afandim:
— Kelasi juma bolalar o‘rtasida bu to‘g‘rida ma’lumot beraman, sen ham shu majlisda hozir bo‘lsang, vahimning qanday voqe’ bo‘lishini bilib olasan! — dedi.
Men, albatta, juma kuni maktabga borib, afandimizdan vahimning kishida paydo bo‘lishini eshitaman. Vaqtingiz bo‘lsa juma kuni siz ham boringiz». Ikki nusxaning oxiri shunday farqli. Biroq har ikkovida ham, eng muhimi, muallif hodisaning «quruq xayol» yoki haqiqat ekani yuzasidan hukm bermaydi, masalani o‘quvchi muhokamasi, fikrlab izlanishi uchun ochiq qoldiradi. Bunday original xotima sababli o‘quvchi tasavvurida hikoyaning ikkinchi umri boshlanishi tabiiy.
«Jinlar bazmi»ni Abdulla Qodiriy qayta ishlaganmi? Qaysi bir o‘zgartirishlar muallifga va qaysilari Elbekka tegishli? Yoki yozuvchi oxirgi nusxa (1936 yil) nashrida oraliq nusxani (1923 yil) ilk nusxa (1921 yil) holiga qaytarganmikin?
To‘g‘risi, hozircha topishning iloji bo‘lmagan «Sharq chechagi» jurnalini o‘qib, bunday savollarga tugal javob olish mumkin. Ammo dalil shuki, bugun qo‘limizda Abdulla Qodiriy «Jinlar bazmi» hikoyasining matniy jihatdan o‘zaro farqli ikki nusxasi (1923, 1936) mavjud.
Demak, biz bugun o‘qib yurgan «Jinlar bazmi»dan boshqa, hatto hikoyaning bosh qahramon nomi o‘zgargan nusxasi bor ekan, adabiy manbani qiyosiy o‘rganish va, albatta, avvalgisini variant sifatida kelgusida tayyorlanadigan adibning mukammal asarlari to‘plamining ilova qismiga kiritish lozim.
Eskartma: Qiziq bir tasodifni qarangki, bilibmi-bilmaymi, o‘sha hikoyanavis bolaning oxirgi taklifini 1998 yili Berlinga borganimda Gumbold universiteti muallimasi Zigrid Klaynmixel takrorladi. U talabalari bilan «Jinlar bazmi»ni o‘qishmoqchi ekan: «Vaqtingiz bo‘lsa, juma kuni «Jinlar bazmi» muhokamasiga siz ham boring», deb mashg‘ulotiga taklif etdi. Bordim. Talabalar hikoyani o‘qib, nemis tiliga tarjima qilib, filologik nuqtai nazardan imkonlari darajasida tahlil qilardilar. Ora-orada «bardi», «istak», «poya» kabi so‘zlar izohini mendan ham so‘rab turishdi. «Jinlar bazmi»ning ikki nusxasini chog‘ishtirish mahali o‘rinlimi-o‘rinsizmi, bilmadim, o‘sha xotirani ham eslab o‘tishni ma’qul ko‘rdim. Asar dunyo hikoyachiligining sara namunalari qatoridan o‘rin olishga loyiqdir, desak adibning bir «go‘zal yozg‘ichi» — o‘tkir qalami, mahorati to‘g‘ri baholangan bo‘ladi.
Bahodir Karim,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 14-son